Pasayish

0
66
marta ko‘rilgan.

Nikolay kichrayib borayotganini anglab yetgan kundan boshlab, uning yangi hayoti boshlandi.

Dastlabki oylar u doktorlardan umid qildi, ammo ular inson tabiatiga oid konservativ qarashlarini o‘zgartirishni istamay unga yordam bergilari kelmadi. U buni ko‘rib, sira tortinmasdan, ularga rasmana arzi dod qildi, shundan so‘ng doktorlar picha sarosimaga tushdilar, uning gaplariga gumonsirab quloq tutdilar. Nikolay shunday paytlarda xayolan eshikni taraqlatib yopganicha shu zahoti ular huzuridan chiqib ketdi.

Uyga kelgach, eshik kesakisiga suyangancha bo‘yini o‘lchash usulini topdi. Qizil qalam bilan bo‘yining pasayish joyiga belgi qo‘ya boshladi.

Ota-onasi uning bu harakatini o‘zlaricha tushundilar. Ular uylariga kelgan har bir kishiga faxr va g‘urur bilan o‘g‘illarining qanchalik o‘sganligini eshik yondoridagi belgilarni ko‘rsa­tib maqtandilar.

Nikolay, agarda bir oyda uch millimetrdan yo‘qotadigan bo‘lsa, Isoning yoshiga kelib, sirkda o‘ynashi ham mumkinligini chamalab qo‘ydi. O‘ylab-o‘ylab, Nikolay endi bir yuz oltmishdan pastga tushmaslikka ahd qildi. Keyin uning yana bir imkoniyati bor edi – ixtiyorida ulg‘a­yish oldi bo‘lajak ajoyib besh yil turardi.

Harbiy xizmatga chaqiruvchi yigitchalar yechinib olganlaricha qo‘llarida raqam va kartochka bilan u stoldan-bu stolga o‘tib yurardilar. Ozg‘in hamda qiltiriq o‘spirinlar ketma-ket va osongina to‘siqlardan o‘tib, joylarini egallab borardilar. Barzangilari esa nogironliklarini rasmiy­lashtirish uchun toqat bilan kutib o‘tirardilar.

Birinchi turdan o‘tgan Nikolay va boshqa o‘spirinlarni shahar tibbiy komissiyasiga harbiy xizmatga chaqiriluvchilardan birining onasi – oriqqina xotin ham keldi. Ayol o‘g‘lini Gordeyev deb chaqirdi. Yo‘lda Nikolay ayolning gaplariga quloq tutib keldi, aytishicha, armiya oilasidagi bari erkaklarini tortib olibdi. Eri harbiy saboq payti jon beribdi.

To‘ng‘ich o‘g‘li Afg‘onistonda bedarak yo‘qolibdi. Ona boshini adl ko‘targanicha so‘nggi Gordeyevni qurbonlikka olib kelmoqda edi.

–… Boshmoqlaring hali bus-butun, kelasi hafta Shumilinlarnikidan kelib opketishadi…

Ona bilan o‘g‘ilning poyabzal haqidagi gaplari beixtiyor Nikolayning miyasiga harbiycha kiyim berilganda, “gavdasining o‘sishini” nazarda tutib, o‘z o‘lchamimdan kichikrog‘ini olishim kerak, degan fikr keldi. Biroq komissiyada o‘tirgan doktorlardan birining ilgari Nikolayni dardidan qilgan shikoyatlari esiga tushdi-yu, u harbiy xizmatga yaroqsiz, deb topildi.

Nikolay ko‘chaga chiqdi, bir yil mobaynida o‘z dardi bilan andarmon bo‘lib yuraveribdi, endi bu hodisalar uni tark etganday, atrofida bo‘shliq paydo bo‘lganday sezdi o‘zini.

– Zo‘r-ku! – dedi quvonchi ichiga sig‘may Yul­ya. – Demak, chorshanba kuni festivalga borarkanmiz-da. Bo‘lmasa tekinga olib kiraqolgin, deb Rudikdan iltimos qilmoqchi bo‘lib turuvdim. – U hurpaygan malla sochlarini tuzatganicha oynadan o‘girilib, unga qaradi: – Ha-ya, ertaga nima qilmoqchi edik? Dala-hovliga borishimiz kerak edi-ya. Biz onam bilan ketamiz, sen ham birga borasan. Yer kovlashvorasan.

– Albatta…

– Biror nima dedingmi?

Bundan ikki yil muqaddam, endi uchrasha boshlaganla paytlar, Yulyaning o‘zidan bo‘yi balandligi unga sira ta’sir qilmasdi. Jillaqursa, landavur o‘spirinlar ko‘rganlarida ularni qo‘llarini mayna qilib ko‘rsatmasdilar. Nikolay o‘sha paytlardayoq o‘zining qusurini bilar, shuning uchundir ayollar poshnalarini ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Ustiga-ustak, Yulya o‘sish bobida favqulodda qobiliyatini tobora namoyon qilmoqda edi. Qiz Nikolaydan farqli o‘laroq, o‘z yutuqlarini qayd qilib bormasdi, lekin buningsiz ham ushbu muvaffaqiyatlar, ayniqsa, pasayib borayotgan sherigi fonida yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.

– Shoshmay tur, seni sevgilimdan xushtorimga tushirib qo‘ymasammi, – deb hazil qildi to‘satdan Yulya.

Bir kuni Nikolay o‘zida qandaydir tushunib bo‘lmas qat’iyat bilan yur, suratga tushamiz, deb Yulyani olib bordi. Aslida qiz bian birga maydonda suratga tushmoqchi edi, lekin u so‘nggi lahzada fikridan qaytdi va Yulyani xiyobonga sudradi, ular bu yerda maymun bilan birga suratga tushdilar. Shu tariqa ular: Yulya maymuncha bilan; Nikolay birgalikda suratga tushdilar.

Nikolay suratkash bilan savdolashgunicha, Yulya maymuncha bilan o‘ynashdi, unga yong‘oq berdi, silamoqchi bo‘ldi. Quyidagi tasvirdagi surat paydo bo‘ldi: Yulya maymuncha bilan; va Nikolay.

Nikolay kichrayishiga bosqichma-bosqich nazar solib chiqarkan, badanida faqat bitta oqish dog‘dan boshqasini ko‘rmadi.

Bu hali xastalik endi boshlanayotgan damlar edi. Doktorlar bu borada bari umidni bemor­ning ruhiyatiga bog‘ladilar va yordam berishga ojizligini bildirdilar va so‘nib borayotgan umid chora izlab, tepasida charx urib aylandi.

Endi Nikolayning so‘nggi umidi diplomli hamkasabalari haydab solgan, yaqin-orada bu­zilajak shahar kasalxonasiga yondosh binoda bemorlarini qabul qilayotgan ekstrasens Lyubov Aleksandrovnada qoldi. Ekstrasens ayol Nikolayni shaffof kleyonka solingan stolga yotqizdi, badanida turgan qo‘lini ushladi-da, chakralar1 haqida so‘zladi. Faqat shu ayolgina Nikolayning gaplarini oxirigacha ham ishonqiramay, inkor qilishga intilmay, gap qo‘shmay quloq tutdi.

Bu holatdan minnatdor Nikolay sog‘a­yib ketishi bilan ekstrasensni siylashga ham tayyor bo‘ldi. Ammo uchinchi seansga kelib, shu narsani anglab yetdiki, u endi vujudida chakralar­ning tozalanishini emas, balki faqat xaloskori­ning qaynoq qo‘llarini his eta boshladi.

Endi Nikolayga Lyubov Aleksandrovna, uning energetikaga bo‘lgan ehtiyojidan emas, balki bemorning bolalarga xos bo‘lmagan ni­gohidan o‘ng‘aysizlanayotganligi tufayli juda ko‘p gapirayotganday tuyuldi.

– Bukchayma, to‘g‘ri o‘tir! – unga tanbeh berdi otasi. – Necha marta aytish kerak axir. Kelishgan yigitsan, qara, engashsang, ishtoning xalta bo‘lib, bujmayib qolyapti!

Buvisi dasturxon atrofiga kelib o‘tirdi. Agarda buvisining xotirasi faromushligini aytmasa, Nikolay unga ishongan bo‘lardi. Buvisi ertasiga bemalol unutishi uchun har qanday sirni oila­ning bari a’zolariga yetkazishga shoshilardi.

Xotirasining zaiflashishi buvisiga faqat noqulaylik tug‘diribgina qolmagandi. Endi buvi urushgacha qadar bo‘lgan do‘lvor samimiyat bilan almisoqdan qolgan oq-qora tasvirdagi “Ufq” suratidan zavq olib kulishi mumkin edi. Buvi uchun har bir kun teatr tomoshasiga aylanardi, besabr bola-chaqalarining dashnomlari esa odatiy hol bo‘lib qolgan edi.

Bundan besh yil ilgari ularnikiga ko‘chib kelgan buvi yana o‘n yil yashashni va’da qilgan va go‘yo kelgusi umrining uzunligiga ko‘ra kampir Nikolay bilan tengqur edi. Buvi xuddi nevarasi Nikolayga o‘xshab hajman kichrayib borayotgan edi. Lekin u o‘z va’dasini yilma-yil hech bir o‘zgarishsiz takrorlagani takrorlagan edi.

Nikolay dala-hovliga ketishini xabar qilishi bilan o‘rtada aytilgan gaplar ko‘p martalab o‘y­nalgan ssenariy bo‘yicha kechdi:

– Ha, sening uyda qiladigan biror ishing yo‘q-da. Uyga faqat qorningni to‘yg‘azish uchun kelasan, – javradi onasi.

– Shu haftada ishga kirasan, – pisanda qildi otasi go‘yo onasining fikrini quvvatlaganday.

Buvisi esa ko‘zlarini ajablanib pirpiratdi, so‘zlay dedi, ammo kerakli so‘zlarni topa olmay uchoviga birma-bir qarab chiqdi.

Nikolay erta bilan saharda uyquga qonmay, o‘rnidan yengil qo‘zg‘aldi. Avtobus yo‘lkirasiga puli yetmasligi hamda hali oldinda elektrpoyezdni kutish borligi va bu manzarani boshdan kechirish uni belgilangan soatdan ancha ilgari uydan quvib chiqardi.

Tramvaylar cho‘chishi mumkin bo‘lgan biror kimsa ko‘rinmagan ko‘chada ovoz berdi. Sariq kiyimli farroshlar ilk yo‘lovchini yo‘l supurib qarshi oldi.

Nikolay odam ichida o‘zi elektrpoyezd bormikin, deb turgan va bunga ishonish qiyin bo‘lgan daqiqaga ulgurgisi keldi. Shamol temir yo‘l shpallari orasida yashnagan maysalarni teb­ratar, kassirning kvadratsimon uycha darchasi tim-tirs yopiq, unda-bunda turgan uyquchan yo‘lovchilar keraksizday tuyulgan bostirma ostida achinarli ko‘rinardi.

Biroq quyosh olis mavze uylari tomlari uzra ko‘tariladi, perron turli-tuman ovozlarga to‘ladi, kassa oynasi ochiladi – shunda elektrpoyezdning paydo bo‘lish ehtimoli yanada oydinlashadi.

Yo‘lovchilar ko‘plashib o‘zaro besabr gapirishadilar, yonida turgan odam qo‘lidagi soatga qarab qo‘yadilar va o‘zlarini go‘yo hozircha hududdan mahrum yagona davlat fuqarolariday his qiladilar.

To‘dalashib turgan odamlarga yaqin tishsiz somsa sotuvchisining paydo bo‘lishi kutishning bari bosqichlari o‘rtasidagi dovonni belgilab beradi. Bu daqiqadan boshlab elektrpoyezdning kelishi muqarrar bo‘lib qoladi.

Yulya onasi bilan poyezd jo‘nashiga yetti daqiqa qolganda keldilar, bu vaqt Nikolayning yuragida ularning kechikishlariga umid tuyg‘usi g‘imirlab qolgan edi.

– Chipta oldingmi? – so‘radi Yulya uning salomlashishiga javoban.

Kassadan sal nari siljishlari bilan elektrpo­yezd ko‘zga tashlandi. Elektrpoyezd uzoqdan ji­mitday, sassiz va yot ko‘rindi. Ana, elektrpoyezd buyoqqa burildi. Endi poyezd vagonlari qatori to‘xtagan lahza eshik ro‘parasida turib olish uchun perrondan joy egallab qo‘yish kerak.

Biroq poyezd ilgariladi-da, vagon eshigi nariga borib qoldi va unga odamlarni itarib chiqishga to‘g‘ri keldi.

Nikolay Yulyani chiqarib qo‘yishga cho‘chidi va tortinganidan zinada qoqilib ketdi.

Keyingi bekatda Nikolay vagonda o‘tirgan ayolga ko‘zi tushdi, uni sinf rahbari Nadejda Georgiyevnaga o‘xshatib yubordi. Ayolni yon tomonidan begona kishilar basharalari to‘sib olganidan u bu ayolni o‘qituvchisimi yoki u emasmi, bilib ololmadi. Nikolay, o‘qituvchisi uni ko‘rib, qara-ya, qanchalik ulg‘ayibsan, deyishini eshitgisi keldi.

– Qayoqqa? – uning kurtkasidan tortdi Yulya. – Joyni egallab olishadi-ku.

– Chekib kelmoqchiman.

– Yigirma daqiqadan so‘ng birga chiqamiz. Tag‘in tushib ketma, Xudo saqlasin, yana boshqa joyda tushib qolasanmi.

Nikolay bu safar Yulyaning onasi qizini bo‘lg‘usi qaylig‘iga qo‘pol muomala qilgani uchun koyiyotganini loqayd tingladi.

Poyezddan tushishga hozirlik ko‘rayotganlarida, oxirida kelayotgan Nikolay yuzi bilan qopga urilib ketdi. Qop orqalab olgan yo‘lovchi, qayerda tushasiz, degan savolga javob beraman, deb, dam o‘ng, dam chapga o‘girildi va qopi bilan o‘tirganlarning boshlariga tegib ketayozdi. Uning keyingi bekatda tushishini bilib, tinchlandi va joyida turib qoldi. Bu paytga kelib, poyezd to‘xtadi.

– Kolya, ey ahmoq, tush! Poyezd hozir yurib ketadi! – qichqirdi Yulya qop orqasidan.

– Tusholmayapman, – dedi u qimirlagan sari guruch donalari to‘kilayotgan yirtilgan qopning to‘r teshigiga qarab.

Poyezd jadalladi. Nikolay, perronda qolgan odamlar kabi hajman kichrayib borayotgan stansiyaning beso‘naqay soyaboni tobora o‘z shakl-u shamoyilini yo‘qotib borayotganini ko‘rdi. Ko‘zi shu lahzada barmog‘ini chakkasiga nuqqan Yulyaga tushdi. Qizning sarosimaga tushgan yuzi xushro‘y ko‘rindi. Nikolay bu chehrani yodida saqlab qolmoqchi bo‘ldi, ammo endi tez orada bu yuz eskirib ketgan suratga o‘xshab faqat xa­yoldagina namoyon bo‘ladi. Aql bovar qilmas mahobatli, mox bosgan, antiqa egri-bugri tog‘lar borgan sari temir yo‘lning chiziq tasmasiga yaqinlasha bordi.

 

1 Ch a k r a – (sanskiritdan so‘zma-so‘z: halqa, nilufar ma’nosida) induizmning ruhiy tajriba­sida inson nafis badanidagi ruhiy energetika markazi, shuningdek, tantrava yoga tajribalarida diqqatni jamlash obyektidir. Chakra konsepsiyasi induizm va buddizmda, aksariyat okkult tizimlar, shuningdek, muqobil tibbiyotning har xil turlarida qo‘llaniladi.

 

Vadim Murodxonov

 

Rus tilidan Ma’suma Ahmedova

tarjimasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.