Oppoq orzu kabi otib borar tong

0
184
marta ko‘rilgan.

***

Katta bo‘lish naqadar qiyin,

Katta bo‘lish naqadar oson.

Senda dard yo‘q degandim, birdan,

Uvvos solib yig‘lading, osmon.

 

Men tog‘ni tog‘ desam bir qara,

Ko‘ksi to‘la muz,  qorligini.

Osmon, qaydan bilay men senda

Osmon qadar dard borligini?!

 

* * *

Demak, mayda odammasman men,

Hayot mayda dardlar  bermadi.

Tekkizmasdan o‘tdim qoshimga,

Qancha-qancha gardlar bermadi.

 

Mashaqqatli yo‘llarda hamon,

Na zerikdim, charchadim, toldim.

Chunki sendan yutqazganda ham,

Yutganimdan ko‘p narsa oldim.

 

***

Menga dakki berganlar haq –

Ulg‘aysam ham  boladayman.

Ko‘p adashib so‘qmoqlarda,

Ba’zan oqni qora deyman.

 

Gohi sinab, gohi siylab,

Hayot ancha yo‘lga soldi.

Qanchasida ko‘nglim qolib,

Qanchasidan ko‘nglim qoldi.

 

Xalqqa eltar, haqqa eltar,

Dildan qilsam duo dedim.

G‘olib bo‘lib Xudo dedim,

Mag‘lub bo‘lib Xudo dedim.

 

Nur deb borsam nigohlarning

Tub-tubida xatar sezdim.

Hidoyatsiz kimsalarda

Xiyonatdan xabar sezdim.

 

Pokiza bir Ishq tiladim,

Dunyo, muhabbatga to‘lgin.

Ayo, Tangrim yuborgan baxt,

Adashmasdan kelgan bo‘lgin.

 

Tong

 

Osmon yechib tashlar qop-qora to‘nin,

Qiru adirlarga sachrab ketar nur.

Yangi g‘unchalarda yangi hayajon,

Maysalar bo‘yniga taqib olgan dur.

 

Hayqirar hayrixoh xo‘rozlar bunda,

Soatlar baxt uchun urmoqdadir bong.

Zero, mana shunday tunning ortidan

Oppoq orzu kabi otib borar tong.

 

***

Vodiy tomonlarni eslamay bo‘lmas,

Ishqni qon-qoningga qorib boradi.

Quva tomonlarda meni sog‘inib,

Anorlar ko‘ksini yorib boradi.

 

Silkitar yelpig‘ich yaproqlarini,

Majnuntollar kutib, ko‘zlari tolgan.

Kuz. Qishloq. Shahardan bolam kelar deb,

Tilla yaproqlarga burkanib olgan.

 

Ukamga o‘xshaydi – suyunchi so‘rab,

Qancha darvozaga yugurgan shamol.

Ammo sezilmadi senga tashrifim,

Yo balki, ko‘rishmoq keldimi malol?!

 

Nahot indamasdan yuraversang jim,

Eski suratimni bag‘ringga bosib.

So‘ng chiqib ketaman araz qilganday,

Safar sumkani tez yelkamga osib.

 

Xullas, aytilmadi birgina izhor,

Ko‘ksim chok-chokidan so‘kilar edi.

Qolgin, deb poyimga huv daraxtlarning

Tilla yaproqlari to‘kilar edi…

 

Ammo to‘kilmadi ko‘ksingdagi so‘z.

 

Bu uyda

 

Bu uyda sen uchun bari muhayyo,

Yashasang bo‘lgani betashvish, beg‘am.

Ammo ko‘zlaringni shift tomon qadab,

Qaysi xotiralar qo‘zg‘atar  alam?

 

Barini o‘qib ol, mana yuragim,

Katta dard emasmi, axir, dardsizlik.

Tushingin, bu uyda haddan tashqari

Zeriktirib qo‘yar muhabbatsizlik.

 

***

Yaqin tutib ko‘nglimga,

Bobom ekkan deb keldim.

Ko‘pni ko‘rgansan foydang

Elga tekkan deb keldim.

G‘animlarmas ko‘nglimni

Men o‘zim ham yeb keldim.

Kaftdaygina soya ber,

Do‘st bo‘lamiz, daraxtjon.

 

Bosib o‘tgan yo‘limning

Xatolari yo‘q emas.

Adolatsiz kunlarning

Adolari yo‘q emas.

Kuygan qulga Xudoning

Atolari yo‘q emas.

Kaftdaygina soya ber,

Do‘st bo‘lamiz, daraxtjon!

 

Xalqning Haq deb bong urgan

Sadosidan ber xabar.

Odamshunoslar ko‘p, lek

Odamlardan bexabar.

Osmonlarda nima gap?

Yer ostidan ne xabar?

Kaftdaygina soya ber,

Do‘st bo‘lamiz, daraxtjon!

 

Aytgin-chi, ko‘zlarimdan,

Yomg‘irlar tinmaydimi?

Savol bersam qalbingda

Bir g‘ashlik unmaydimi?

Faqat, sening shoxlaring

Boshimda sinmaydimi?

Kaftdaygina soya ber,

Do‘st bo‘lamiz, daraxtjon!

 

Shohsanam NISHONOVA

1995 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Birinchi kitobimloyihasidaIqrornomli she’riy kitobi chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.