Ena bo‘ri

0
61
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda.)

Ayol qiyalik etagidagi keksa archa ortidan manglayi terchib, hadikda esa-da, ammo ko‘zlari o‘zgacha chaqnab, shatanglab chiqib kelgan bolaga zimdan boqarkan, o‘g‘lining bu holatidan ich-ichdan mamnun bo‘ldi. Negaki, yaylovda uni biror marta bu qadar shod, bu qadar quvnoq ko‘rmagan, doim ketarman odamday, yurakni qon qilib, sumrayib yurardi-da. Shunga ko‘ra, bolaning qoyaga chiqib tushganidan boxabar bo‘lsa-da, xuddi bexabardek, bu haqda bir og‘iz churq etmadi – qaytanga bundan yanada quvonib qo‘ydi. Axir quvonmay bo‘ladimi, kechagina yaylovdan juftakni rostlash o‘yida o‘zicha vaj qidirib, merovsirab yurgan bolasi dabdurustdan bugun qoyaga tirmashib qoldi.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi?
Ayol nazarida, bu – bola qalbida tog‘u toshlarga nisbatan mehr paydo bo‘lganini bildiradi. Bunday paytda bolalar favqulodda faollashib, oyog‘iga ming tushov urib qo‘ysang-da, bir yerda tek o‘tirolmay qoladi va boshi oqqan tomonga uloqib ketaverib, onalar uchun g‘irt daxmazaga aylanadi.
Faqat Saragulga o‘xshagan ayollar uchun emas.
Chunki o‘g‘li tengi vaqtida uning o‘zi ham, qiz bolaman-ku, deb turmagan, sho‘rlik onasini doim xavotirga solib, tog‘ning hali u o‘rida, hali bu o‘rida daydib, tizza va tirsaklarini toshlarga sidirib, boshini butalarga ildirib, uchragan kavakka bosh suqib, turli jonzodlarga duch kelib, o‘z mayl-havasida tentirab yurgan. Saldan keyin esa bunga ham qanoat etmay, otda sang‘ishni odat qilgan. Ayolning daydishlari oldida bolaning arzimagan bir qoyaga tirmashishi nima bo‘pti, ayol ta’biri bilan aytganda, hech nima.
Saragul shularni xayolidan o‘tkazarkan, dili nimadandir g‘ash tortib turganini his qildi va bir muddatdan so‘ng buning sababini topdi – ovoz berishi bilanoq bolaning zing‘illab quyiga enganidan norozi edi u. Bejizga emas, agar o‘g‘li o‘rnida o‘zi bo‘lganida bormi, osmon boshiga qulab tushsa-da, qoya ortidagi yerlarni bir sidra aylanib chiqmasdan turib, ortiga qaytmagan bo‘lardi. Boisi, ayolning aqidasiga ko‘ra, tog‘u toshlar ro­yish fe’ldan ko‘ra, o‘rlikni xush ko‘radi, sarkash va tirishqoq odamgagina bag‘rini ochib, u bilan so‘ylashib, kuylashadi.
Ayol har sang‘ishidan so‘ng, onasi Sojida xola tomonidan butaning ho‘l novdasi bilan “siylansa”-da, hech qachon ortga chekinmagan, yalang‘och boldiriga paydar-pay chirsillab tushayotgan xivich zarbidan dod-faryod qilish o‘rniga naridagi cho‘ng qoyalarga, beridagi archali o‘ngirlarga boqqan. Nazdida, cho‘ng qoyalar, bardam bo‘l, deya sho‘xchan ko‘z qisib, archali o‘ngirlar o‘z bag‘irlariga chorlayotgandek tuyulgan. Bundan Saragul kuch olgan, quvvat olgan. Kuyunchak Sojida xola esa o‘ziga royishli qiz o‘rniga o‘rgina qiz berganidan Xudodan nolib-nolib, uni xipchinlashda davom etardi.
Xudo onasi orzulagan o‘sha qizni, mana, o‘ziga berdi.
Barno ayolning g‘irt aksi – go‘dakligidan umri yaylovda o‘tib kelayotgan esa-da, haligacha hozir ukasi chiqib tushgan qoyaga biror marta tirmashmagan, tabiiy, qo‘shni vodiylarga ham bosh suqmagan – o‘tovdan nari ketmay, tongdan shomgacha qo‘li yumushdan bo‘shamay, g‘imirlab yuraveradi. Ayol qizning bu qadar o‘troqligi bilan hech qachon qiziqsinmagan, fe’li shu – qadalib o‘tirganga, nechun qimirlamaysan, tek turmasa, nega tek o‘tirmaysan demaydi – barini bor holicha qabul qilib, kerak-nokerak yerga tumshuq tiqavermaydi. Barno qizi ish kuyasi bo‘lmoqni ixtiyor etibdimi, shundan ko‘ngli chog‘mi, marhamat, kuyaligini qilaversin yoxud kuz adog‘igacha bir emas, ikki juft gilam to‘qimoqni maqsad qilibdimi, mayli, niyatiga yetsin. O‘z navbatida, qiz ham onasi e’tiboriga loqayd, har shom oldi o‘rmakdagi gilamning shu bugun to‘qilgan qismini qarichlab o‘lcharkan, gar to‘qigani mo‘ljalidan kam bo‘lsa, noxush tortib, ortiq bo‘lsa, qiyiq ko‘zlari quvonchdan porlab, bug‘doyrang chehrasi tabassumdan jilvalanib, hadaha boshi bilan kechki yumushga sho‘ng‘ib ketadi.
Kecha Ena bo‘ri bahonasida qo‘noqqa kelgan Jovli, cho‘pon qizining ayni shu fe’li uchun suyib qolganini ayol yaxshi biladi. Hafta burun oshiq yigit yurak sirini yolg‘iz o‘z enasiga bayon etgan esa-da, bu gap zumda qanot qoqib, Saragulning qulog‘iga yetib kelgan. Qiziq jihati, cho‘ponlar qo‘nalg‘asi bir-biridan ancha-muncha yiroqda joylashgan bo‘lishiga qaramay, bu xildagi gap-so‘zlar qandaydir yo‘llar bilan birpasda barchaga ayon bo‘ladi-qo‘yadi. Hattoki Jovli cho‘ponning quyidagi: “Yolg‘iz ugina yoqamni oqartirib, umr yo‘limni nurga to‘ldiradi, ena!” – degan o‘tli e’tirofidan ham ayol boxabar edi. Darvoqe, shu o‘rinda yana bir gap: Jovli cho‘pon, qizga oshiqligimni onamdan bo‘lak o‘zga jon bilmaydi, deb o‘ylaganidek, Barno qiz ham shu fikrda. Ayol esa, aksincha, bari-baridan xabardor. U yigitning butun avlod-ajdodini azaldan yaxshi bilgani uchun ham kechagi o‘ziga xos g‘aroyib diydorlashuvga monelik qilmadi. Aks holda, otini tezaklatmayoq, Jovli cho‘ponning dumini tukkan bo‘lardi.
Xullas, ayol qizining ishlariga huda-behudaga aralashavermaganidek, kelganidan beri o‘zicha tumshayib, o‘zicha diltang tortib yurgan bolaga ham tirg‘almaydi, loaqal, yigitday bo‘p, senam bunday tevarak-atrofni aylanib kelsang-chi, qoshimda sumrayib turmasdan, demaydi. Bu kabi xohish-istaklar bolaning o‘zida tug‘ilmog‘ini istaydi. Bugun esa hech kutilmaganda ayolning istagi ro‘yobga chiqdi – o‘g‘li o‘z ixtiyori bilan qoyaga chiqib tushdi, shunchaki chiqib tushmadi, yanoqlari alvonlanib, ko‘zlari olovlanib tushdi. Bil’aks, bu ishga atay unnatilganida bormi, bola qoyani qalbi bilan emas, jismi ila zabt etgan bo‘lardi. Saragul shuni yaxshi biladiki, agar har bir ishda kishi jismini qalb boshqarmas ekan, chetdan bo‘lgan barcha urinishlar behuda.
Saragul shu xayolda qo‘lbola oq surp soyabon ostida gursillatib o‘rmak to‘qiyotgan qiziga shunchaki birrov ko‘z tashlab qo‘yib, so‘ngra chinni kosadagi chalopni yutoqib simirayotgan bolaga asta yuzlanarkan, dedi:
– Otangga tushlik tashlab kelmaysanmi, ulim?
Bu gapni aytish asnosida bolaga sinovchan boqdi. Mana, hozir bolaning birgina holatidan ko‘p narsa ayonlashadi: agar chehrasi tundlashib, ko‘zlarida malollanish alomati zuhurlansa, demak, barcha umidlari puchga chiqib, erta quvongani ma’lum bo‘ladi. Ayolning baxtiga, bolaning yuzida norozilik alomati aks etmadi, aksincha, chalob yuqi nimpushti lablari orasidan quyidagi so‘z misli qaldirg‘ochday yengil parvoz qildi.
– Mayli.
Ayol hayallamay ikkinchi sinov o‘qini otadi.
– Ukang bilan koptogingni tepkilab tura tur, ungacha men…
Bola o‘tov qavatida turgan to‘pga shunchaki bir qarab qo‘ydi-yu, lekin, onasi kutgandek unga intilmadi. Qaytanga, yaylov tomonga yuzlanib, nigohi ila otasi suruvi qayerdaligini qidirmoqqa tushdi.
Ayol bundan behad quvondi.
Ayol ilk bor la’nati koptokdan bolani qizg‘anmadi.
Ayol bu taklifi nechun bolaga ma’qul kelganini bilmadi.
Magar bu yumush kuni kecha aytilganida bormi, bolaga malol kelmog‘i tayin edi. Bugun esa ahvol boshqacha – bo‘ri bolasiga beqiyos darajada havasi ketgan va endilikda uni tezroq qo‘lga kiritish ishtiyoqida yonayotgan bolaga bu yumush, tom ma’noda, ayni muddao edi-da. Mana endi, tushlikni otasiga tashlab, iziga qaytishida “darvoza” orqali qo‘shni vodiyga o‘tadi va bemalol bo‘ri inini qidiradi. U bolaligiga borib, bu ishni o‘ta jo‘n deb o‘ylamoqda edi. Sababi, kecha tongda Ena bo‘rining o‘tov yonidan behadik, bamaylixotir yo‘rtib o‘tishi hamda u haqdagi kechdagi gurung va bugun qoyadan turib ko‘rganlari jamlanib, bolaning bu jonivorlar to‘g‘risidagi burungi tasavvurlari keskin o‘zgarib, “jondor” deb atalmish yirtqich ortiq ko‘ziga dahshatli ko‘rinmay qolgandi.
Saragul tushlikni atay o‘ylab topgandi.
Barcha cho‘pon-cho‘liqlar kabi yemagini o‘zi bilan olib yuradigan Chori cho‘ponga tushlikning hojati yo‘q. Ayolning maqsadi – momosining erkasi bo‘lmish o‘g‘lini tezroq tog‘u toshlarga ko‘niktirish edi. O‘tgan yili ko‘klamda shu niyatda uni otasi qabatiga qo‘yib ko‘rdi. Biroq bolaning rang ochmay, sumrayib yurishidan g‘ashi kelgan Chori cho‘pon uchinchi kuniyoq uni qaytarib yubordi. Buni qarangki, bu gal hech kutilmaganda bolaning o‘zi “uyg‘onib” qoldi va undan izn so‘rab o‘tirmay, to‘satdan qoyaga tirmashdi. Shu bois Saragul sinash uchun tushlikni o‘ylab topdi. Bola quloq qoqmay rozi bo‘ldi.
Ayol, tog‘u toshlarga o‘g‘limning mehri iydi, deya o‘zicha baxtiyor edi.
Bola esa kutilmaganda o‘ziga tortiq etilgan erkinlikdan shod edi.
Bugun kechga tomon birinchi gilamni tugallash arafasida turgan Barno har ikkisidan ham ko‘ra baxtiyorroq edi.
Kunda uch mahal dasturxondagi ushoqlar qoqiladigan yerda – butazor girdidagi kaftdek sayhonlikda g‘imirlab yurgan bir juft dala sichqoni va boshqa turdagi mayda jonivorlar ham baxtiyorlikda ulardan qolishmasdi. Bu jimitdek jonzotlarning bor baxti shunda ediki, Saragul o‘tov tevaragini makon tutgan bu kabi ushoq jonzotlarning tinchligini o‘ylab, tabiatan mushukka mehri baland bo‘lmish Barno qizning ra’yiga qarshi o‘laroq, o‘tovda mushuk asratmasdi. Bu-ku mayli, hattoki onda-sonda o‘tovga o‘rmalab kirib qoladigan ilonlarga ham o‘zga birovni qotintirmas, o‘zi asta dumidan tutib, nariga olib borib tashlardi. Tag‘in qiziq bir gap – ayol biror qimmatli chinni idishi sindirilganda g‘ing demasligi mumkin, biroq o‘sha chinnini sindirgan bola ermakka ninachi yoxud chigirtka qanotini yulqulab o‘ynasa, kaltagi tagida qolishi aniq edi.
Xullas, tabiat qo‘ynida ko‘z ochib, yillar davomida bu olamga ham qalban, ham jismonan singib va singishib ketgan ayol o‘zini uning bir bo‘lagi sifatida his qilganidek, o‘zga tirik mavjudodlarni ham shu qatorda ko‘rardi. Qisqasi, ayol tevaragida mavjlanib turmish bu yovvoyi olamni haddan ziyod sevar, bugun esa ushbu olamga nisbatan o‘g‘limning munosabati o‘zgardi, degan xayolda o‘zida yo‘q baxtiyor edi.

* * *
Tunda ovi yurishmagan Ena bo‘ri tongda shimoliy dovon belidan to‘g‘ri Burmali vodiyga enarkan, yerteshar jonivorlar mo‘l bo‘lmish dara bo‘yidagi yalanglikka yetganda, to‘satdan bolaning temir isiga qorishiq hidiga duch keldi. Zero, qo‘y-qo‘zilar tumshug‘i tegmagan bo‘liq o‘t-o‘lanli sayxonlikda shusiz ham turli hidlar haddan ziyod bisyor edi: mana, maysalar oralab ketgan ingichka so‘qmoqdan azonda tulki yugurgilab o‘tibdi, yarim qurigan pakana buta tubidan tovushqonning o‘tgan kungi isi hanuz to‘la arib bitmagan, yaqinda qazilgan indan taralayotgan yertesharning mazali bo‘yiga basma-bas holda sayxonlik chetidagi xarsanglar tomondan qandaydir o‘laksa isi anqir, toshlardan biri yag‘rinida esa qirg‘iyga o‘lja bo‘lgan qush patlari to‘zg‘ib, sochilib yotardi. Bularning bari Ena bo‘ri uchun odatiy holat va o‘rgamchik hidlar edi.
Biroq temir isiga omuxta bola bo‘yiga ro‘baro‘ kelgach, u tevarakdagi boshqa hidlarni zumda unutdi va xuddi o‘t-o‘lanlar orasida o‘z ko‘yida g‘imirlab yurgan dala sichqoniga bexos ko‘zi tushib qolgan tulki yanglig‘ bo‘yin qayirib, shu holda bir muddat haykalday turib qoldi. Ke­yin tarang tortgan dumini hali u yon, hali bu yon bejo bilang­latib, toptab o‘tilgan maysalarga avval tepalab, so‘ng qiyalab boqdi va bu tanish hid – bola hidiga o‘tgan tongda o‘tov yaqinida duch kelganini darrov esladi.
Ena bo‘rining barcha yovvoyi jonivorlarga xos g‘aroyib fe’li – har gal o‘tovni yonlab o‘tarkan, tevarakdagi son-sanoqsiz hidlar orasidan, albatta, birinchi galda, hamisha o‘tov ahli hidini tuvanlar va so‘ng shunga qarab, notanish keldi-ketdi islarni aniqlab olardi. O‘sha kuni qo‘tondan o‘ta-o‘ta, avvaliga yerdagi g‘irt begona is – bola hidini tuygan, so‘ng o‘tov qoshida o‘zini ko‘rgan, turgan gap, undan zig‘ircha cho‘chimagan, qaytaga notanish hid egasining kim qanaqaligini aniqlab olganidan ko‘ngli darrov xotirjam tortgandi. Ayni damda esa butun vujudida buning aksini his etib turardi. Boisi – bola hidiga etni junjiktiruvchi temir isi qorishiq edi. Ena bo‘ri o‘z tajribasidan shuni yaxshi biladiki, qorishiq hid – inson va temir isi hech qachon yaxshilikdan darak bermaydi – uning ortida doimo biror xavf-xatar pinhon yotadi. Axir So‘poq davrida bu xil omuxta hidlarga, ya’ni ovchilar tomonidan g‘oyatda ustakorlik bilan qo‘yib ketilgan shafqatsiz “temir maxluq” – qopqonlarga necha bor duch kelmagan. Shunga ko‘ra, bexosdan oyoqqa og‘iz soladigan qo‘ng‘ir-qoramtir tusdagi dahshatli “g‘anim” – qopqonni ko‘z o‘ngida gavdalantirib, beixtiyor irilladi. Irillash asnosida, odatiga ko‘ra, tevarakka sergak ko‘z yugurtirib qo‘yishni ham unutmadi. Keyin esa har ehtimolga qarshi panjalarini yerdan uzmagan ko‘yi toptalgan maysalarga tag‘in tumshuq cho‘zdi va bir ondan so‘ng qorishiq hid bir yerda uyalashmay, har ikki yonga – vodiyning sharqiy qismidagi mayda tepaliklar hamda “darvoza” sari cho‘zilib ketganini darrov sezdi. Jonivor hech ikkilanib turmay, hidga ergashib, tepaliklar tomon jildi. Qorishiq hid tepaliklar biqinidagi katta-kichik xarsanglarni yonlab o‘tib, keskin dara tarafga qayrilgan va so‘ng jarlik yoqalab, “darvoza” tarafga qarab ketgandi.
Ena bo‘ri hid olib-hid olib borarkan, saldan so‘ng bola tomonidan o‘tkir pichoqda shunchaki ermakka, ammo o‘ta hafsala bilan kavlangan sayoz va namchil chuqurchaga to‘qnash keldi. Chuqurcha dara labidan uch-to‘rt odim berida qazilgan bo‘lib, quyida esa haliga qadar tinib ulgurmagan jo‘shqin soy loyqalanib oqardi.
Kutilmagan bu holdan battar tahlikaga tushgan Ena bo‘ri ko‘zlarini chuqurchaga tikkancha, lol turib qoldi. Nega deganda, ajal hidi – temir isi gupurib turgan namchil chuqurchaning turishi va shakli shafqat bilmas “temir maxluq” ko‘milgan yerga aslo o‘xshamasdi. Odatda, “temir maxluq” yer yuzalab – mayin tuproq yoxud chirigan xas-xashaklar ostida po‘sib yotardi-da. Buning ustiga, chuqurcha tevaragida dimoqqa o‘ta xush yoquvchi xo‘rak ham ko‘rinmasdi.
Unda bu nima?
Ana shunda Ena bo‘ri qavatida sobiq jufti So‘poq yo‘qligidan juda o‘kindi. Agar shu tobda jufti yonida bo‘lganida bormi, birpasda bu jumboqning tagiga yetgan va magar chuqurcha tubida “temir maxluq” biqinib yotgan bo‘lsa, orqa panjasi bilan tuproq sochib, bir lahzada uning jag‘ini yopgan bo‘lardi.
So‘poq to‘daboshi sifatida nihoyatda omilkor edi. Ayniqsa, “temir maxluq”larni adashmay aniqlash va ularni zararsizlantirish borasida juda ustasi farang edi. Odam bolasi “temir maxluq”ni nechog‘li ustakorlik bilan bekitib, temir isini yo‘qotmoq uchun unga ne bir gird-balolar surgan bo‘lmasin, So‘poq zumda uni aniqlar va aniqlashi bilanoq ko‘ksining tub-tubidan bo‘g‘iq irillab, bu balodan to‘da a’zolarini ogoh etardi. U shartli ohangda irillashi bilan sheriklari bir zumda turgan joylarida toshqotar va barining e’tibori to‘daboshiga qaratilardi. Bu xil qaltis onlarda So‘poq nechundir hamisha o‘ziga nisbatan alohida diqqatni talab etar va qachonki, barcha yirtqichlar nigohi o‘zida ekanligiga to‘la ishonch hosil qilgandan so‘nggina, mana, ko‘rib qo‘yinglar, deganday andak viqorlanib, goh qopqon ko‘milgan yerga, goh sheriklari tomonga bir-bir nazar tashlab, ko‘pda oshiqmay “temir maxluq” ko‘milgan yerga orqa o‘girardi-da, ko‘pincha o‘ng panjasini ishga solib, avval sekin, so‘ng shiddat-la tuproq sochmoqqa kirishardi. To‘daboshining yirik va o‘tkir tirnoqlari yerga botib ulgurmayoq, quloqlari ding to‘da a’zolari o‘sha tanish “shilq” etgan tovushni betoqat kutar va bu noxush sas havoga qalqishi bilan dastlab bir-bir seskanishib, keyin darrov jonlanishardi: biri o‘zicha botirlanib, yopilishi zabtida silkinib yuzaga tepchib chiqqan “temir maxluq”ni iskab ko‘rar, biri yaqin bormoqqa o‘zida jur’at topmay, turgan yerida ohista ingillab qo‘yar, biri, endi hech hojati bo‘lmasa-da, So‘poqning qilig‘ini takror etmoqqa urinar, biri esa bir parcha tayyor xo‘rakni ilib ketish payida bo‘lardi. Biroq So‘poq bunga izn bermasdi, tuyqusdan g‘azabkor irillab, xo‘rakka peshob oqizib, uni bulg‘ab tashlardi. Bu – uning qopqon egasiga nisbatan o‘tli nafrati belgisi edi. Afsuski, to‘daboshi sifatida u har qancha ziyrak va hushyor bo‘lmasin, loqaydlik va ayniqsa, nafs yo‘rig‘ida qopqonga tushib qoluvchi yirtqichlar hamisha uchrab turardi. “Temir maxluq” – ajal, uning changaliga tushib qolgan jonga hech bir kuch, jumladan, o‘ta baquvvat jag‘ sohibi bo‘lmish So‘poq ham ko‘mak berolmasdi. Ena bo‘ri ana shunday ayanchli voqea­lardan biri – yosh va o‘yinqaroq bo‘ri – Oqdum fojeasini haligacha unutolmaydi.
O‘shanda o‘zicha to‘dadan ilgarilab ketgan va endi ayni shu qilig‘i uchun So‘poqdan boplab ta’zirini yeyishi lozim bo‘lgan Oqdum undan qochaman deb, archalar oralab ketgan so‘qmoqqa qo‘yilgan qopqonga tushib qolgandi. Bu yo‘nalish to‘daning eng sinashta yo‘llaridan biri esa-da, So‘poq hech qachon shu so‘qmoqdan beparvo o‘tmas, birorta jondorning o‘zidan oldinga yo‘rtmog‘iga izn bermas va hatto to‘daning eng suyukli erkatoyi bo‘lmish Ena bo‘ri ham bu yo‘riqqa hech bir moneliksiz bo‘ysunmoqqa majbur edi. O‘shanda So‘poq darrov ko‘makka oshiqmagan, go‘yo yo‘riqni buzganiga achchiq qilgandek, dod-voy qilgancha, jon-jahdi bilan qopqon zanjirini g‘ajimoqqa tushgan Oqdumning harakatlarini kuzatib, bir chetda cho‘nqayib turavergan. Qolgan yirtqichlar bu orada Oqdum atrofida aylanishgan-o‘rgilishgan, ba’zi birlari zanjirga og‘iz solib ko‘rishgan va oxir-oqibat, nima qilamiz endi, deganday to‘daboshiga iltijoli boqishgan. So‘poq ko‘rinishidan arazda esa-da, aslida ne qilarini bilmay boshi garang edi. U shu holda bir necha muddat toshqotib turgach, oshiqmay o‘rnidan qo‘zg‘olgan va borib zanjir xalqalarini tishlari orasiga olgan. Avvaliga irillab-sirillab chaynagan, so‘ng qattiq pishqirib, zanjirning ikkinchi uchidagi ko‘milgan g‘o‘lani kavlab olgan. Biroq bu chora emasdi. Zero, shundan bo‘lagiga So‘poqning chog‘i ham yetmasdi. Keyin oldingi so‘l panjasi iskanjaga tushgan Oqdum, o‘rtada, qopqon va g‘o‘lani zo‘r-bazo‘r sudrab, qolgan jondorlar esa uni tevaraklab, nariroqqa yo‘l tortishgan – imkon va iloji boricha uzoqroq ketmoqqa urinishgan. Ammo izlaridan qopqon egasi – yaroq tutgan otliq tushganini sezishgach esa Oqdumni taqdir izmiga tashlab, archalar orasiga biqinishgan va keyingi dahshatli jarayonga bevosita guvoh bo‘lishgan. Qisqasi, dumi uchidagi bir tutamgina oqi to‘q kulrang kelbatiga sira mos tushmagan yosh jondorning ayanchli qismati Ena bo‘ri xotirasida mahkam muhrlanib qolgan. Shunga ko‘ra, u oyoqdan olmoqqa hoziru nozir holda pusib yotadigan “temir maxluq”dan doimo hazir bo‘lishga tirishadi – uni yaroq tutgan ovchiga nisbatan xavfli deb biladi. Mana endi, ajal hidi anqib turgan chuqurchaning neligi va uning ne vajdan qazilganiga aqli yetmay, boshi qotib turardi.
Ena bo‘ri hali nami arimagan chuqurchaga goh u yonlab, goh bu yonlab, goh tikkalanib va tiklanib boqarkan, oxiri temir isining kuchli anqishiga qarab, o‘sha ko‘rinmas balo chuqurcha tubida degan qarorga keldi. So‘poqning amalini qo‘llamoqqa jazm qildi. U tevarakka yana bir karra sarasob solib, ortiga qayrildi-da, boshda so‘l, so‘ng o‘ng panjasi bilan bir chetda uyulib yotgan toshu tup­roqni chuqurcha ichiga sochqilashga tushdi. Ammo chuqurcha avval yarimlab, so‘ng bo‘g‘ziga qadar toshu tuproqqa to‘lib-toshsa-da, u kutgan tanish “shilq” etgan sasdan darak bo‘lmadi. Bu holdan Ena bo‘rining hayrati ortdi, o‘z navbatida, chuqurchadan ortiq hayiqmay qo‘ydi. Ammo chuqurchani shu holida tashlab ketmadi – So‘poq kabi nafrat-la ustiga choptirib, so‘ng uni tark etdi, ya’ni hid bo‘ylab tag‘in yo‘lida davom etdi.
Qorishiq hid uni to‘g‘ri “darvoza”ga boshlab bordi.
Bu yerda u kesishgan izlarga ro‘baro‘ bo‘ldi.
Kecha Burmali vodiyga qadam qo‘ygan bola dastlab etakdagi do‘ngliklar yoqalab tentigan va so‘ng dara tomonga yurib, bir maydon u yerda uymalashib, keyin dara zihi bo‘ylab ortiga qaytarkan, “darvoza”da kirgan izini kesib o‘tib, Suvliqsoy vodiysi girdidagi do‘nglik yoqalab, Ena bo‘riga qadrdon ermish o‘tov tomon ketgandi. Biroq bu holdan jondorning ko‘ngli zig‘ircha taskin topmadi, qaytaga hadigi battar kuchayib, adadsiz shubha-gumonlar og‘ushida qoldi. U o‘ziga tanish bo‘lmish bolani o‘ta ushoq bilib, uni xavfli g‘anim sifatida qabul etmaslikka harchand urinmasin, biroq bola hidiga esh bo‘lmish la’nati temir isi undagi bu ilinjni jiddiy inkor etgani bois, bolapaqir jonivorning ko‘z oldida goh yaroq tutmoqqa qodir azamat yigit qiyofasida, goh doimo jondorlar yo‘liga qopqon qo‘yib yuradigan – jufti So‘poq davrida uni bir necha bor ko‘rgan, shuningdek, Oqdumning boshiga ham shu yetgan – o‘rta bo‘yli, qoruvli ovchi kelbatida gavdalanib, battar yuragini ezardi. Axir, o‘tgan tongda ko‘ziga chalingan bolada biron-bir yomonlik alomati yo‘qligini u o‘sha zahotiyoq darrov fahmlagan edi-ku.
Unda bu sinoat nedur?
U beixtiyor bola izidan o‘tov tomon yurdi.
Shu o‘rinda, quyidagi savolning tug‘ilishi tabiiy, nechun jonivorning tinchini buzdi?
Bor gap shundaki, bola uning iniga yaqin yerda o‘ralashgandi, bu – bir. Ikkinchidan esa bu qorishiq hid shu kezgacha xavfsiz sanab kelingan o‘tovga bog‘liq edi. Endilikda bu baloni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha, neligiga to‘la ishonch hosil qilmaguncha, ya’nikim, hudud egasi sifatida ushbu jumboqning tagiga yetmaguncha uning ko‘ngli tinchimasdi. Bu – yirtqich uchun hayot-mamot masalasidek bir gap edi.
Ena bo‘ri o‘tovga yaqin qolganda, shartta o‘ngga burilib, qiyalikdagi archazorga sho‘ng‘idi va ko‘p o‘tmay o‘tov tepasida paydo bo‘ldi. U qiyalikda kecha tongda bola tomonidan qoldirilgan hidni tuygan esa-da, ortiq chalg‘imay, bor diqqatini jamlab, o‘tkir ko‘zlarini quyidagi o‘tovga tikdi.
O‘tov, odatdagidek, tinch va osoyishta edi.
Ena bo‘ri dastlab tonggi yumush – qo‘tonni supur-sidir qilib yurgan Barnoga razm soldi. U qizdan hayiqmas, uning misli kapalakday beozor va beziyonligini yaxshi bilardi. Shuning­dek, ayni shu payt o‘tovdan chelak ko‘tarib chiqib kelgan Saraguldan ham cho‘chimas, qaytaga uni juda xush ko‘rardi. Shunga ko‘ra, ayolga ko‘zi tushishi bilan, go‘yo uzoq safardan qaytgan egasini sog‘inib qarshilagan itday, beixtiyor ingrashib, g‘ingshindi. Qani endi, ayni shu tobda itning o‘rnida bo‘lib qolsa-yu, o‘g‘ri mushukdayin archa novdalari orasida biqinib yotmay, quyiga ensa, bir maydon ayolni chir aylanib-o‘rgilsa, so‘ng, meni silab-siypalab qo‘y, deya to‘rtala oyog‘ini dast ko‘tarib, yerga chalqancha tushib yotib olsa, qorni va bo‘ynini silab-siypayotgan ayolning huzurbaxsh iliq kaftini butun tanida his qilsa. Zero, u chalqancha tushib erkalanishni azaldan yoqtiradi. Bunday damlarda, Tarxashning aksi o‘laroq, So‘poq undan sira mehrini ayamasdi – boshdan-oyoq yalab-yulqalardi. Tarxashga kelsak, uning bu xil nozik mayllarga javob berolmas, g‘o‘rligi sabab, o‘zgani erkalashdan ko‘ra, aksincha, o‘zini erkalashlarini xush ko‘rardi.
Ayolga ilk bor to‘qnash kelgan kuniyoq, uning botinidan balqiyotgan iliq taft ta’sirida, Ena bo‘ri, bir lahzaga bo‘lsa-da, ayni shu istakni tuygan va bu holdan taajjublanib, ohista ing­rashib qo‘ygandi. So‘ng archazor qiyalikka o‘rlarkan, nechundir yo‘lda ayolning iliq kaftini ich-­ichidan qayta qo‘msab, qayta ingragisi keldi. Ayolning sirli va sehrli taftiga oshuftalik keyinchalik ham jonivorni tark etmadi – har safar o‘tovni yonlab o‘tarkan, shu istak vajidan vujudi bir damga bo‘shashib, ko‘zining osti bilan ayolga erkalanib boqadi. Biroq o‘rtadagi ko‘z ilg‘amas “chiziq”dan hatlamoqqa haddi yetmaydi. Ayol esa, go‘yo jonivorning ichidan ne o‘tayotganini sezganday, har gal erkalab, tergab qo‘yishini sira kanda qilmaydi. Ayolning beg‘araz koyinishi zamirida o‘ziga nisbatan mehr va xayrixohlikni his qilgan Ena bo‘ri esa xuddi yuvvosh itday, beixtiyor dum silkiganini sezmay qoladi. Agar buning evini topganida bormi, ayol qoshida bir muddat to‘xtagan va ko‘zlariga termulgancha, ko‘p emas, atiga bir necha lahzaga chuqur tin olgan bo‘lardi. Ming afsuski, bu mumkin emas, negaki, inson va bo‘rilar orasida loyi “hadik”dan qorilgan shunday bir mustahkam devor bo‘ylanib turardiki, bu devorni mensimaslik tabiat qonuniyatiga mutloqo zid edi. Qisqasi, Ena bo‘ri o‘tov sohibasini qanchalik o‘ziga yaqin olmasin va ayni shu holat ayol xatti-harakatida nechog‘li aks etmasin, mavjud qonuniyatni buzmoqqa hech birining yuragi chopmas, ya’ni masofa saqlab “muomala” qilmoqdan nariga o‘ta olishmasdi.
Bu tiriklik dunyosida, aslida, ushbu “muomala”ning o‘zi ham o‘ta noyob hodisa sanaladi. Inson va yirtqich o‘rtasida bu kabi “do‘stlik” kamdan-kam ro‘y beradi. O‘z navbatida, u shu qadar mo‘rt bo‘ladiki, xiyolgina noo‘rin xatti- harakatdan zumda yo‘qlikka yuz tutishi mumkin.
Bugun aynan shu hol epkinlangan bo‘lib, Ena bo‘rini o‘tov sari yurishga undagan asosiy sabab­lardan yana biri – shu edi. Qorishiq hid shu damgacha o‘zi “do‘st” deb bilgan o‘tov ahlidan biriga tegishli bo‘lib chiqqanining o‘ziyoq yirtqich yuragida shubha hissini tug‘dirgan, nazarida, o‘tovda o‘ziga qarshi qandaydir xatar paydo bo‘lgandek edi. U o‘sha xatarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va aniqlash qasdida edi. Ena bo‘rining o‘ziga qolsa-ku, birgina qo‘rquv yo‘rig‘iga bo‘ysunib, ayoldan bet o‘girishni, ya’ni o‘tovning xavfli nuqtalardan biri sifatida bilib, undan chetlanishni aslo istamas, bundan keyin ham ayolga “erkalanib”, vaqt-bevaqt o‘tov yonidan bemalol o‘tib-qaytib turish istagida edi.
Ena bo‘ri quyuq archa novdalari orasidan tonggi quyosh nuridan sekin-asta fusunkor tus ola boshlagan tevarakka ora-sira ko‘z tashlab qo‘yishni unutmagan holda qorishiq hid egasini qidirmoqda edi. Ammo hozircha u hech qayerda ko‘rinmasdi.
Ena bo‘rining baxtiga hid egasi ko‘p kuttirmadi.
O‘tovning qo‘shtabaqali, pastak, ko‘rimsizgina eshigida hali ko‘zlaridan uyqu arib bitmagan bola paydo bo‘lganida, yirtqichning nigohi Saragulda edi. Bolani ko‘rgach, birdan sergak tortib, butun diqqatni unga qaratdi. U lippasini tutgan ko‘yi naridagi qoyatoshlar tomon zing‘illagan bola ortidan hayron qarab qolarkan, temir isi bois, xayolida xavfli g‘anim yo‘sinida gavdalangan hamda o‘zini tahlikaga solgan bu ushoq jonning hech bir xatarli jihati yo‘qligini, tevaragida sayrab turadigan kakliklardek beozorligini zumda idrok etdi. Bu esa to‘satdan quyidagi voqeani esiga tushirdi.
O‘shanda o‘zga bir armon mayllik ko‘rsatgani uchun So‘poqdan arazlab, to‘dani tark etgan Ena bo‘ri yerbag‘irlab o‘sgan quyuq archa poyida ko‘ngli qorong‘i tunday zimiston tortib yotgandi. Boshiga tushgan bu savdoga toqat qilmoqqa bardoshi yetmay, yotgan joyida imi-jimida o‘lib qo‘ya qolgisi kelardi. Biroq u biqingan archa yonidan o‘tgan so‘qmoqda o‘tin yuklangan eshagini oldiga solib kelayotgan novcha, qorato‘ri bolaning tuyqusdan paydo bo‘lishi jonivorning g‘am to‘riga haddan ziyod o‘ralib-chirmalmog‘iga yo‘l qo‘ymadi. Tabiiy, Ena bo‘ri boladan zarracha cho‘chimadi, yuragida unga nisbatan qahr tuyg‘usini ham his etmadi, ulovini haydab tezroq qabatidan o‘tib ketishini kutib, archa butoqlari orasida dimini chiqarmay, pusib yotaverdi. Odam bolasi ko‘radi, ammo hid bilmaydi, degan ichki yovvoyi aqidaga amal qilib, ilgari ham bu usulni bir necha bor qo‘llab ko‘rgandi. Ammo bu gal bolaning oldida kelayotgan uzunquloq eshak, barcha jonzotlar kabi har qanday xatarni oldindan seza bilish qobiliyatiga ega ekanini xayolidan mosuvo etgandi. Ana, archaga yetishiga bir archa bo‘yi qolganda, uzunquloq maxluq taqqa-taq to‘xtab, joyida toshday qotdi. Eshagi ortidan parvoyi falak kelayotgan bola ne gapligini o‘ylab ham turmay, avvaliga “xix”lab ko‘rdi. Qani endi, eshak joyidan jila qolsa. Shundan so‘ng, bolaning g‘azabi qaynab, qo‘lidagi silliq xalacho‘p bilan uni ayamay savalashga tushdi. Kaltakka eshak chidash berdi-yu, ammo shundoq ko‘z oldidagi tasir-tusirga toqat qilmoqqa Ena bo‘rining bardoshi yetmadi. Archa tagidan asta sirg‘alib chiqdi-da, so‘qmoq bo‘ylab yo‘rtib qochmoqqa tushdi. Ammo ulov egasi g‘irt nodon bola ekan, shunchaki yo‘liga qochgan Ena bo‘rini qo‘rqoqqa chiqarib, bundan g‘ayrati jo‘shib, o‘tin bog‘lamlari orasidan kichik boltani qo‘liga olib, “to‘xta, enag‘ar”, deya izidan quvlashga tushdi. Ena bo‘ri andishaga bo‘ysunib, “ana qaytar-mana qaytar”, deya biror oltmish odimcha yo‘rtib bordi. Biroq qarasaki, bola tiyiladigan emas, shunda u shartta ortiga qayrildi-da, toshingni tersang-chi, deya so‘yloq tishlarini namoyish etgancha, yarim ovozda shunday bir irillab berdiki, buni aslo kutmagan bolaning qo‘lidan boltasi tushib, ishtonini ho‘llagancha, boyayoq juftagini rostlagan eshagi ortidan ura qochishga tushdi.
Bolaning qorasi o‘chgach, Ena bo‘ri so‘qmoq chetida yotgan bolta yoniga borib, uni qiziqsinib iskab ko‘rdi. Ajal hidi – qorishiq hid egalaridan biri zumda qochib qolgani, ikkinchisi esa shundoqqina tumshug‘i tagida xor bo‘lib yotganidan hayrati toshganday, bolta tepasida picha cho‘nqayib turdi-da, so‘ng oshiqmay boshi oqqan tomonga yo‘rtib jo‘nadi.
Bu voqea favqulodda esiga tushgach, bugun ham xuddi shunga o‘xshash qorishiq hidga duch kelganini fahmlab yetgan Ena bo‘ri birdan yengil tortdi-da, bolani ortiq e’tiboriga arzitmay, tag‘in ayolga chalg‘idi. Bu orada qozon tagiga o‘t yoqqan Saragul kul to‘la tog‘orani biqinida tutgancha, qo‘tondan naridagi, soylikdan beridagi kichkina kultepa tomon yurdi. Ana shunda Ena bo‘ri diqqatini soylikning keng sahnida g‘imirlab yurgan yumronqoziqlar o‘ziga jalb etdi. Tarxash ovlashni juda xush ko‘radigan jonivorlarga bu safar Ena bo‘ri nafsi ochilib qaradi. Ammo birozdan so‘ng ularni ayoldan sira hayiqmay, qaytaga unga yaqinroq kelishga urinayotganini sezgach, ayolga nisbatan rashkka o‘xshash g‘alati bir tuyg‘uni his qildi. Biroq bu hol uzoq davom etmadi. Nafsi rashkdan ustuvor kelib, u tumshuq yalab, tamshandi, tamshanib, tumshuq yaladi. Qani endi, manavi semizgina maxluqlardan bir nechtasini tutib, paqqos tushirsa! Qorni och esa-da, qo‘rada kavsh qaytarib yotgan jonliqlarga qiya boqmagan yirtqich yumronqoziqlarni juda-juda tutib yegisi kelardi. Aslida, tunda ovi barordan kelmagani tufayli, tongda yemak dardida Burmali vodiysiga engan, yertesharlar jonivorlardan ikki-uchtasini tutsa tutdi, tutolmasa, zax kavaklardan birida saqlanmish zaxirasiga borib qotinish niyatida edi. Agar qorishiq hidga chalg‘imaganida, hozir bolalari yonida tinchgina orom olib yotgan bo‘lardi.
Ko‘ngli butunlay joyiga tushgan Ena bo‘ri bir necha muddatdan so‘ng qoya osha asta iziga qayta boshladi.

* * *
Kechadan beri o‘zini to‘la erkin his eta bosh­lagan bola – holbuki uning erkinligini hech kim cheklamagan – bugun jondor inini, albatta, qidirib topish umidida, nonushtadan so‘ng, bu ishga hozirlanib, o‘tov ichida g‘imirlab yurarkan, keragada, miltiq qavatida osig‘liq turgan, kecha otasiga tushlik olib borayotib, yashirincha qo‘yniga solib chiqqan qoramtir charm qinli, suyak sopli uzun pichoqqa qo‘lini cho‘zgan yerida, go‘yo to‘satdan nimadir esiga tushganday, bir muddat xayolchan turib qoldi. Bir qarashda, tig‘ni so‘roqsiz olmoqqa istihola qilayotgandek esa-da, aslida bu daf’a pichoqni qo‘yniga bekitib emas, shu yerning o‘zidayoq kamariga taqib chiqishni o‘ylayotgan edi. Boisi kecha o‘tovdan andak uzoqlab, yo‘lda uni kamariga taqib olganida, o‘zini juda bo‘lakcha – tog‘ni ursa talqon qiladigan alp yigitday his qilgan edi-da. Qani endi, bu istagiga onasi monelik qilmasa-yu, tig‘ni bobosi kabi o‘ng yoniga emas, xuddi shamshirdayin so‘l yoniga osib, o‘tov eshigidan qomat kerib chiqsa!
Bola shu kabi o‘y-xayollar og‘ushida qoramtir qinli pichoqni kamariga taqarkan, belida oddiy tig‘ emas, rostakam shamshir osilib turganday, o‘zini ko‘zguga solib ko‘rgisi keldi. Biroq butun boshli o‘tovda Barno opasining kattaligi o‘rtacha likopchaday, yashil gardishli oynasidan bo‘lak ko‘zguning o‘zi yo‘q edi.
Bola tevarakka alanglab, eshik tepasida, bezakli qizg‘ish tuzma ortiga qistirib qo‘­yilgan ko‘zguni tezda topib, uni qo‘liga oldi. Ko‘zguni o‘zidan uzoqlatib va yaqinlatib, yaqinlatib va uzoqlatib boqdi. Keyin bunga qanoat etmay, uni beliga tutib boqdi. Qizg‘ish mayda naqshlar ila bejalgan pichoq qini qora kamariga g‘oyatda mos tushganini ko‘rib, dimog‘i behad chog‘landi: “U-u, qani endi, shu turishimni ovuldagi jo‘ralarim bir ko‘rsa edi!..” – deya totli xayollarga berildi. Keyin qomatini yanada g‘oz tutarkan, belidagini chinakam shamshir o‘rnida tasavvur etib, uni shartta qinidan sug‘urib, qayta qiniga tiqdi. Bu qilig‘ini uch-to‘rt bor takror etgach, to‘satdan o‘rligi qo‘zib, pichoqni kamaridan yechmay, shu holicha to‘g‘ri Burmali vodiyga yo‘l tortmoq istadi. U shu sarkash o‘yda o‘tovdan bosh chiqarib, tishga nazar tashlarkan, har tongdan onasi tomonidan band etiladigan o‘choqboshini bu safar bo‘m-bo‘sh ko‘rgach, dadil tashqariga intildi. Ovulda momosining ko‘zini shamg‘alat qilib, ko‘chaga otilganidek, bu daf’a lip etib qiyalikdagi archazorga o‘zini urmoqchi bo‘ldi.
Bola shu jahdda oyoq uchida ildam jilarkan, bir necha odim otmay, sira kutilmaganda o‘tov ortidagi yalanglikda g‘imirsib, o‘rmakni yangilayotgan Barnoga qarashayotgan onasining jiddiy, sinovchan nigohiga duch keldi. U bu rejasi puchga chiqqanini fahmlagach, belidagi pichoqqa onasining ko‘zi tushib qolmaslini uchun o‘ng yonlab turib oldi-da, o‘zicha tevarakka alahsigan bo‘ldi. Keyin, menda biror ishingiz yo‘qmi, degan ma’noda onasiga bir qarab qo‘yib, sekin olg‘a yurdi. Biroq o‘zini tutishi hamda qovushiqsiz xatti-harakati bilan nimanidir yashirishga urinayotganini yaqqol sezdirib qo‘ydi.
Buni bir zumda payqagan Saragul avvaliga ajabsindi, so‘ng fe’liga xos o‘ktam ohangda so‘radi:
– Ha, yo‘l bo‘sin, ulim?
Bu hukmona ovozdan joyida qotgan bola, o‘zi sezmagan holda, beixtiyor, onasi tarafga o‘girildi. Ana shunda ayolning ko‘zi o‘g‘lining belida shopday osilib turgan pichoqqa tushdi. Agar shu tobda Saragul o‘rnida boshqa bir ayol bo‘lganida bormi, darrov sannashga tushmog‘i tayin edi. To‘g‘ri, bolaning bu qilig‘i dastlab ayolga juda erish tuyuldi. Ammo o‘zining yoshligi birdan esiga tushgach, aksincha, bu holdan juda mamnun bo‘ldi, bolasi tushmagur halitdan er yigit bo‘lgisi kep qoptimi, deya ichidan sevindi.
Bu yoshida ayolning o‘zi ham hech qachon yaroqsiz yurmagan. Qora qinli, o‘tkir tig‘li ingichka pichoqchasini jigarrang nimchasining so‘l astariga o‘zi atay tikkan maxsus cho‘ntakka solib, onasi Sojida momo aytmishli, xuddi halakini itiday o‘rma-o‘r rosa sanqirdi. Ayol qo‘ynidagi tig‘ni biror-bir yovvoyi jonivorga zarar yetkazish o‘yida emas, shunchaki og‘zini yopsang, burni bilan gapiradigan sergap, matalchi momosining: “Toqqa chiqsang, yarog‘li chiq, yolg‘iz chiqma, tanho chiqma, hamroh-la chiq”, – degan o‘gitiga amal qilib, doimo o‘zi bilan olib yurardi. Qo‘ynida yarog‘i bo‘lsa, hamisha o‘zini tetik va bardam sezardi.
Ayol pichoq taqqan bolaga pinhona g‘urur bilan qayta nazar tashlarkan, nazarida, o‘g‘li yigitlik sarhadiga vaqtdan burun yetib bormoqqa juda-juda oshiqayotgandek tuyulib, tanglayini taqillatib qo‘ydi.
Bunday paytda o‘g‘il bolaning shahdini sindirish, ko‘klab turgan niholni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashdek bir gap ekanini bilgani bois, rizolik alomati sifatida oq sariqqa moyil bodomqovoq chehrasini endigina tabassumga to‘ldirmoqchi ham ediki, birdan sayrga otlangan bu “yigit”da yana bir muhim hamroh – zarang tayoq yetishmasligini dabdurust­dan payqab qoldi.
Zarang tayoq ayolning eng ishongan hamrohi edi. Bilgan odamga kaltak ishonchli sherik – tepaga o‘rlashda ko‘magi tekkanidek, goho yo‘l-po‘lda uchrab qoladigan ilonlardan himoyalanishda juda asqatadi. Buni necha bor o‘z boshidan kechirgan ayol o‘tovning tashqi bog‘ichiga qistirib qo‘yilgan ikki podatayoqdan birini, nisbatan kalta va yo‘g‘onrog‘ini sug‘urib oldi-da, go‘yo sirtiga o‘tirib qolgan changini sidirganday, uni kafti bilan silab-siypalab, bolaning qo‘liga tutqazarkan, uloqib qayerga ham borardi, juda nari borsa, yaylovni bir aylanib keladi-da, degan o‘yda jiddiy dedi:
– Hazir bo‘l, ko‘pam uzoqlab ketma!
Bor xavotiri belidagi pichoqda bo‘lgan bola bu gapdan misli qushday yengil tortdi va o‘z nav­batida, jindek o‘kinib qo‘yishni ham unutmadi: “Eh-h, shu turishimni jo‘ralarim bir ko‘rganda edi-ya!” Buni qarangki, ayni shu tobda odamzodga xos yana bir qusur darrov bo‘y ko‘rsatdi – onasi pichoqqa izn bergach, bolaning xohish-istagi yanada ko‘pchib, shartta iziga qayrilgisi va o‘tovdan qo‘shog‘iz miltiqni yelkasiga ilib chiqqisi keldi. U hatto ushbu istak mayliga bo‘ysunib, beixtiyor ortiga o‘girildi ham. Haytovur, so‘nggi lahzada aqli ishlab, o‘z vaqtida o‘zini tiya bildi. Aks holda, onasidan ko‘radiganini ko‘rardi. Bu xavfli yaroqqa Chori cho‘pondan bo‘lak kimsaning qotinishini jinidan battar yomon ko‘radigan ayol bunday damlarda shunchaki koyish yoxud xivichlash bilan kifoyalanib qolmay, sendaychikin bolaning boridan yo‘g‘i yaxshi, deya zumda kovushini to‘g‘rilab qo‘yishdan ham qaytmasdi. Ayni kezda bu bolaga aslo ma’qul emasdi – xayolini tamomila zabt etgan bo‘ri bolalaridan birini qo‘lga kiritmasdan turib, yaylovdan ketishni endi hatto xayoliga ham keltirmasdi.
Bu kamdek, bu o‘ta xavfli ermak unga juda xush yoqib qolgandi.
Kecha otasiga tushlik olib borarkan, ushbu “xavfli ermak” ta’sirida, ilk bor tegrasidagi yashil olamga o‘zgacha bir nazar bilan boqqan va shu vaqtga qadar g‘oyatda tussiz, viqorli tog‘lar bu gal ko‘ziga butunlay bo‘lakcha ko‘ringan, qandaydir bir kuch o‘zini bu olamga mahkam bog‘lab turgandek tuyulgan.
Bu kuch – qalbidan o‘rin olib, allaqachonoq tasavvurida yashay boshlagan o‘sha sho‘x va o‘ynoqi bo‘rivachcha edi. Zero, uning xayolidagi bo‘rivachcha ovuli shimolidagi dala-dashtda yoxud janubidagi past-baland qirliklarda emas, aynan ushbu olam quchog‘ida edi-da. Bolaning nazarida, qachon meni olib ketasan, deya ini og‘zida yo‘liga ilhaq termilib turgandek edi go‘yo. Qani endi, suyukli bu jonivorni tezroq qo‘lga kiritsa-yu, tor dara o‘zaniga tushivolib, ovuli tomon o‘qdek uchsa! Xullas, kechadan buyon aqli-hushini o‘g‘irlab qo‘ygan o‘sha mittivoy tufayli ko‘m-ko‘k o‘tloq jilvakor, sokin tog‘lar pirviqor, betdagi ko‘m-ko‘k archalar o‘ta go‘zal, quyidagi yashil butalar g‘oyatda sirli ko‘rinmoqda edi, ko‘ziga.
Bola shunga o‘xshash tuyg‘uni o‘tgan ko‘klamda Elyor jo‘rasi bilan tulki inini qidirib topgan kezda ham aynan his qilgandi. O‘shanda juda vahimali Kattajar ko‘ziga go‘zal va tarovatli ko‘ringan. Tesha bilan jarlik poyidagi uyani kavlab va kengaytirib, bir talay tulki bolalarini dag‘al qopga joylab, izlariga qaytishganida esa, u xushhol kuzatib qolgandek tuyulgandi. Biroq Kattajar tomonidan “xushhol kuzatib” qolingan bolalar uyda noxush qarshilagan: Oynagul momosi, voy, mengina o‘lay, bolalari izidan kelmish tulkilar endi uyginamni kuydirib, tovuqlarimni bitta qo‘ymay qirib bitiradi-ku, deya vahima ko‘targan, oqish soqolini tutamlab, ochiq qopda qo‘rquvdan ko‘zlari javdirab, bir-birlarining pinjiga suqilib, g‘uj bo‘lib turgan tulki bolalariga xayolchan termilib turgan Rayimqul bobosi bolani maqtash va olqishlash o‘rniga, o‘ziga o‘zi gapirganday, asta to‘ng‘illab, “uvol” degan, “gunoh” degan va so‘ng birdan jonlanib, har ikkisining ham yumshoq yeriga bir-bir qamchi izini qoldirib, “qani, qopni ko‘tar, izimdan yur” degan va nevarasini otga mingashtirib, tulki bolalarini to‘g‘ri Kattajarga olib borgan, endigina ovdan qaytib, bolalarini qidirmoqqa tushgan va ularni ko‘rishlari bilan naridagi tikanaklar orasiga bekingan ona tulkining ko‘z o‘ngida qopdagi jonivorlarni, xuddi piyoz yoxud kartoshkaday yerga ag‘darib, sekin ortlariga qaytarkan, boyagi achchiq qamchi uchun uzr so‘ragan ohangda, bobosi degan: “Kuching kep-kep, tulkiga yetdimi? Tulki o‘rniga ayiq tutib kel, jondor tutib kel. Ana undan so‘g‘in men seni, er jigit, deb maqtayin­.”
Bobosining hazil yo‘sinda aytgan bu gapi bolaning xotirasida mixlanib qolgan emasmi, o‘z xayolida, bugun qo‘lga kiritishi lozim bo‘lgan bo‘ri bolasi bobosi tomonidan hech moneliksiz qabul qilinishi hamda bu ishidan o‘zida yo‘q suyunishiga ishonardi. Axir shu paytgacha ovulda hech kim uyiga tirik bo‘ri ko‘tarib bormagan-da. Darvoqe, bir talay tulki bolalarini ham birinchi bo‘lib ovulga u olib borgan, Elyor jo‘rasi shunchaki qarashgan. Bu ishi bobosiga yoqmagan esa-da, lekin ovulda rosa gap bo‘lgan. Ertasi esa jo‘ralari qutqusi bilan tag‘in Kattajarga yo‘l olishgan. Ammo tulkilar bolalarini allaqachon boshqa joyga ko‘chirib ulgurishgan ekan, ikki qo‘lini burunlariga tiqib, quruq qaytishgan.
Bola shularni xayolidan o‘tkazar ekan, mittigina bo‘rivachchani hovli yuzida lo‘mbillab yurishini, qadami uzilmay qolgan ovul bolalarining havas va hasaddan o‘tdek chaqnagan nigohlarini ko‘z oldiga keltirib, quvonchi ichiga sig‘may, irg‘ishlab borayotgan esa-da, yo‘l-yo‘lakay, belidagi pichoqni – Chori cho‘pon uni olib qo‘yishi aniq edi – beridagi xarsanglardan biri yonida qoldirishni unutmadi.
Xullas, bola qo‘lidagi tugunni, ey-ya, tushligim bor edi-ku, deya hayron bo‘lgan Chori cho‘ponga tutqazib, o‘zini tevaraklab kelgan suruv itlari bilan picha andarmon bo‘lgan, so‘ng esa onam ko‘p hayallamagin degan edi, deya yolg‘onni do‘ndirib, ortiga qaytgan. Yaylov markaziga yetgach esa o‘sha poyonsiz rangin tuyg‘ular og‘ushida Burmali vodiy tomonga burilgan. Biroq “darvoza”ga yetgan joyida, ko‘p emas, atiga bir necha soatgina burun vodiy ichkarisida bo‘rining elaslangan qorasini ilg‘agani esiga tushib, beixtiyor qadamini sekinlatgan. Buni qarangki, xayol bilan bo‘lib, boya yo‘lda qaytadan beliga taqib olgan pichog‘i paqqos yodidan ko‘tarilgan ekan, uni qo‘liga olishi bilan yuragiga qayta quvvat inib, o‘zicha tig‘ni tengsiz bir qurol deb bilgan. Ko‘ngli ichkarida hech bir zog‘ yo‘qligini sezib turgan esa-da, Chori cho‘ponning to‘n kiyishgan do‘sti Xoldor temirchi tomonidan shunchaki emas, hafsala bilan, nisbatan uzunroq ishlangan pichoqni, xuddi shamshirday, har yon sermab, olg‘a jilishda davom etarkan, mabodo jondor zoti shu atrofda bo‘lsa, bu xatti-harakatimdan hayiqadi, degan umidda, yo‘l-yo‘lakay bo‘liq maysalar boshini ayovsiz ravishda chopqilab, uchragan yakkam-dukkam buta novdalarini chirt-chirt uzib borgan.
Bola shu sozda, ertalab Tarxash birrovga ko‘lankalangan tepaliklar etagiga yetarkan, tevarakka qaytadan zehn solib, biror-bir shubhali qorani ilg‘amagach, uchragan kavakka, xarsanglar oralig‘idagi tor va keng tirqishlarga hadik-la birma-bir mo‘ralab, ularda biror jon asarini uchratmagach, jahdi bo‘shashib, dara tomonga qayriladi va baribir bolaligiga borib, quyidagi jo‘shqin soyga tikilgancha turib qoladi. Qorli tog‘lar bag‘ridan boshlanib, yo‘l-yo‘lakay katta-kichik irmoqlardan kuch olib, o‘zida yo‘q darajada quturib, Suyliqsoy kunbotishdagi cho‘ngqoyalar majmuasining janubiy tomonidagi tor o‘zanda shiddati haddan ziyod zo‘rayib, qo‘shni vodiy kengligiga yetganda esa hovuri birdan pasayib, bir necha tarmoqqa bo‘linib ketadigan irmoqqa nisbatan ilgari bolada hech bir qiziqish yo‘q edi. Endi esa o‘ynoqi to‘lqinlar mavjini maroqlanib kuzatarkan, uni beixtiyor ovuli yonidan oqib o‘tadigan sokin soyga qiyoslab, o‘zicha shu xulosaga keladi, yo‘q, bu suvga esini yegan odamgina tushishi mumkin. So‘ng goh soyga, goh quyosh nuridan yal-yal tovlanib, g‘oyatda fusunkor tus olgan borliqqa alahsib, daraning pichoqda kesilgandek, tik va silliq qarshi betiga, janubiy dovon o‘ngirlaridagi quyuq archalarga, “darvoza” tarafdan turib qaralganda, Burmali vodiysining to‘ri bo‘lmish, yuqori qismi qoyatoshlardan iborat, o‘rtacha balandlikdagi uzun do‘nglikka, vodiy shimolidagi dovonga, bag‘ri chuqur jarliklar bilan tilimlangan beridagi pala-partish tizmalarga, ushbu tizmalar etagidagi – hozirgina o‘zi borib-qaytgan – katta-kichik tepaliklarga, yam-yashil o‘tloqlarga qiziqsinib razm solar ekan, tegrasidagi ajabtovur olamni to‘la-to‘kis qamrashga nigohi ojizlik qilayotgandek, ketma-ket qovoqlarini uqalaydi.
Biroq ko‘p o‘tmay, yashillik azbaroyi joniga tekkanidan, ko‘ngli o‘zga ranglarni istab, yalang‘och qoyalarga, qoyatoshlarga, ko‘m-ko‘k tiniq osmonga, tog‘lar boshidagi momiq paxtadek oppoq daydi bulutlarga termiladi va ayni shu asnoda o‘zicha o‘ta muhim sirni – olam yashillikdan emas, turfalikdan go‘zal ekanini, bir tusdagi rang, har qancha jozibador bo‘lmasin, tezda badga urishini kashf etgan bo‘ladi, ya’ni ilk bora anglab yetadi. Ovuliga qaytishi bilan bu haqiqatni bayon etib, avvaliga Oynagul momosini, so‘ng bunaqangi sir-asrorlarni hatto xayoliga keltirmaydigan jo‘ralarining boshini qotirmoqni diliga tugadi.
Bola ovuli va o‘rtoqlarini eslashi bilan, tevarak ne chog‘li tarovatli bo‘lmasin, oyog‘i ostidagi yashil yalanglik o‘rnida jo‘ralari bilan ertadan-kechgacha to‘p suradigan chang-tuproqli taqir maydon bo‘lib qolishini orzulab, chuqur xo‘rsinadi. Bir ozdan so‘ng esa xayoli yana boshqa tomonga og‘ib – boya otasining yashil do‘ngsada misli ming qo‘yli boyday bahuzur yonboshlab yotganiga havasi kelgan emasmi – qalin maysalar ustiga cho‘zilib, jindek tin olmoq xohishini tuyadi. Bola ushbu istakka bo‘ysunib, tizza bo‘yi o‘t-o‘lanlar ustiga endigina yonboshlagan ham ediki, asosiy maqsadidan xiyol chalg‘igani birdan esiga tushib qolib, go‘yo ertalab ko‘ziga chalingan jondor shu yaqin o‘rtada, quyuq o‘t-o‘lanlar orasida zimdan o‘zini kuzatib yotgandek tuyulib, ilkis qaddini tiklab, tevarakka ko‘z yugurtiradi. Biroq atrof shu qadar tinch, shu qadar osoyishta ediki, bu haqda o‘ylashning o‘zi juda kulgili edi. Bu orada bola fe’lida mavjud qusurlardan biri – tekturmasligi qo‘zib, o‘tirgan joyida boshda bir parcha yerni o‘t-o‘lanlardan tozalagan bo‘ladi, so‘ng bunga ham qanoat etmay, qo‘lidagi tig‘ning nechog‘li o‘tkirligini sinab ko‘rmoqchidek, tozalangan yerni kovlashga tushadi.
Bolapaqir o‘zi umid qilgan yerda jondor ini va u yerda bir-birini quvlab, lo‘mbillab o‘ynab yurgan bo‘ri bolalarini uchratmagach, bu yog‘iga nima qilarini bilmay, boshi garang edi. Ammo ko‘ngli xuddi nimadir sezganday, vodiyning o‘rli va jarli qismiga qiya boqmagan holda to‘rdagi do‘nglikka tez-tez ko‘z tashlab qo‘yarkan, negadir, ichki bir kuch tinmay uni o‘sha tomonga undamoqda edi. Biroq bu yerlarning nosinashtaligi tufayli, yuragi chopmay, o‘z navbatida, o‘tgan yili ko‘klamda oddiy bir tulki inini qidirib topmoq nechog‘li qiyin kechgani va bu ishga bir necha kun vaqt sarflashiga to‘g‘ri kelgani yodiga tushib, birinchi kundan uzoq daydishim yaxshi emas, deya o‘zini bazo‘r tiyib turardi. Qisqasi, nechundir bugun o‘ziga erkinlikni ravo ko‘rgan onasining ishonchiga zaxa yetkazib qo‘ymaslik vajidan, suyukli Oynagul momosining quyidagi iborasini tilga olib, xudoyimning ertasiyam bor-ku, deya imi-jimida iziga qaytadi.
Mana endi, qo‘lida silliq zarang tayoq, belida shopday pichoq, oshiqmay yo‘lida davom etarkan, bugun, kechagidan ko‘ra, o‘zini yanada tetik his etmoqda edi. Bu safar Burmali vodiy to‘ridagi do‘nglikdan oshib o‘tish niyatida edi. Bolaning ko‘ngli aynan shuni istayotgandi unchaga-bunchaga sir beravermaydigan otasidan juda xafa edi.
Bola kecha oqshom bekor turmagan, onasi nedir yumush bilan tashqariga chiqishi bilan jondor inining qaysi o‘rda-go‘rdaligini taxminan bo‘lsa-da, aniqlash umidida fe’lidagi yana bir qusur – quvlikni ishga solib, ataydan anqovlanib, otasi oldiga ushbu savolni ko‘ndalang qo‘ygan:
– Ota, jondor ham tug‘adimi?
Bu gapdan ota qolib, Barno qiz piq etib kulgan. Odatdagidek, qoshiqqa qanoat etmay, kosadagi sho‘rvani ko‘tarib ichayotgan Chori cho‘pon esa bir-biriga tutashib ketgan quyuq qoshlari ostidan, bolaga emas, avvaliga suyak shimib o‘tirgan kenja o‘g‘liga boqqan, chunki bu qadar ahmoqona savolni faqat boladan kutish mumkin-da. Keyin kosani dasturxon chetiga qo‘yib, nimadir deganday bo‘ldingmi, deganday o‘g‘liga yarim yuzlanib, o‘ziga o‘zi gapirganday, to‘ng‘illab cho‘pon degan:
– Ha, xuddi itday…
– Xuddi itdayin, – deya shosha-pisha xatosini to‘g‘rilagan bo‘ladi bola, – jondorlar ham ko‘p bolalaydimi demoqchi edim…
– Itdan battar… – deydi bu safar Chori cho‘pon andak zarda bilan.
– Ular uyasida tug‘adimi? – deydi o‘smoqchilab bola. – Yo daydi itday duch kelgan yerga bolalab ketaveradimi? Ishqilib, ularning in-pini bormi?
Chori cho‘pon nazarida, bu endi juda jiddiy savol edi.
Barchaga ma’lum oddiy bir haqiqatni o‘g‘li bilmaydimi, demak, bu o‘rinda bola emas, padar sifatida o‘zi aybdor. Agar shu tobda Chori cho‘pon andak farosat qilganida bormi, qo‘shni otarlik Jovli cho‘pon tashrif buyurgan o‘tgan kechda, ayni shu mavzuda gurung bo‘lganini, Ena bo‘ri urug‘ini quritmoq o‘yida, uning inini so‘rab-surishtirgan qo‘noq yigitni, yuzing-ko‘zing demay, koyib tashlaganida, o‘g‘li shundoqqina o‘ng biqinida, ko‘zlari allanechuk yonib-yolqinlanib o‘tirganini xotirlagan bo‘lardi. Biroq aksariyat otalarga xos bir illat – davrada o‘tirgan bola ahlini kattalar qatorida ko‘ra bilmasligi pand berib, o‘sha kechdagi gurungni eslay olmadi. Mabodo, bu ahmoqona savol shu gurungni katta yoshdagi ishtirokchilari – Jovli cho‘pon yoxud Barno qizga tegishli bo‘lganida edi, Chori cho‘pon taxminan shunday degan bo‘lardi: “Nima, quloqdan qolganmisan, axir tunov kunigina bu to‘g‘rida rosa gurunglashgandik-ku.” Boz ustiga, odatdagidek, bugun ham tongdan shomga qadar yaylovda yolg‘iz o‘zi mum tishlab yurgan emasmi, bolaning savoli bahona o‘shaning hissasini chiqarmoqchi bo‘ldi va naridagi qizg‘ish baxmal bolishlardan birini biqiniga tortib, bu yorug‘ olamda barcha turdagi jonzotlar, jumladan, taqir dashtdagi chumolidan tortib, tog‘dagi qo‘pol ayiqlargacha o‘z inlariga ega bo‘lishi haqida chorak soatdan ziyod “ma’ruza” o‘qib, oxiri gapini shunday yakunlaydi:
– Xullas, bu dunyoda insiz, uyasiz jonivor zotining o‘zi yo‘q.
Asosiy maqsadga yetishmog‘iga bir bahya qolganini sezgan bola, ichidan misli to‘fondek jo‘shib kelayotgan hayajonini zo‘rg‘a bosib, tomoq qirib-tomoq qirib, deydi:
– Unda… tunov kuni o‘tovimiz yonidan o‘tgan jondorniyam uyasi bor ekan-da, a, ota?
Chori cho‘pon bolaning soddaligidan o‘zicha kulgan bo‘lib, deydi:
– Emasam-chi.
– Qayerda? – deydi bolaning ko‘zlari o‘tdek chaqnab.
– Nima qayerda? – Chori cho‘pon sergak tortadi.
– Uyasi?.. – qovun tushirganini fahmlagan bola, qoshiqdagi yemakni og‘ziga olib boradi.
– Bu senga nechun kerak bo‘p qoldi? – Chori cho‘pon qovoq uyadi.
– Shunchaki o‘zim… – bola shoshib og‘ziga solgan va o‘zi o‘lgudek yomon ko‘radigan dumba bo‘lagini liqqa yutib yuboradi. – Qiziq-da…
– Qiziqmaganing durust… – deydi Chori cho‘pon qovog‘ini ochmay.
– Qiziqsam, nima bo‘pti? – endi otasidan gap ololmasligini payqagan bolaning ensasi qotadi.
Chori cho‘pon gapni yanada kalta qiladi.
– Chatoq bo‘ladi!
Shu dam eshikda Saragul paydo bo‘ladi-yu, bolaning dami ichiga tushib, butunlay uni o‘chadi. Negaki, onasi o‘ta sezgir – kosa tagidagi nimkosani zumda payqaydi. Oqibatda, otasidan o‘pkalanmoqdan bo‘lak chorasi qolmaydi.
Bolaning xafaligi Burmali vodiysiga qadam qo‘yganda ham arimadi.
U “darvoza”dan Burmali vodiyga kirarkan, bu safar belidagi pichoqni xuddi kechagiday, shamshir yanglig‘, u yon-bu yon sermamadi, hattoki uni qo‘liga ham olmadi, ich-ichidan otasiga iddao qilib, aytmasangiz aytmang, sizsiz ham o‘zim topaman jondor uyasini, deya vodiy to‘ridagi do‘ngni qora tortib borardi.
Bola juda dadil edi. Zero, esini tanishi bilan dala-dashtga intilib, qir-adirlar bag‘rida emin-erkin kezinmoqning hadisini olgan emasmi, mana endi, ushbu tajribasi bovar kelib, kechagidan ko‘ra, bugun o‘zini juda tetik sezardi. Miyasida, ini qayerdaligini tusmollay olsam bas, so‘ng nima qilishni o‘zim bilaman, degan sarkash o‘y misli quyundek charx urgani sayin o‘zini ulg‘ayib qolgandek his etardi.
Haqiqatdan bola nisbatan xiyla ulg‘aygandek edi – masalan, kecha bo‘ri bolasini tezroq qo‘lga kiritish ishtiyoqida, o‘zida yo‘q darajada hovliqib, turfa xomxayollar girdobida junbushga kelgan bo‘lsa, bugun, aksincha, xatti-harakatlarida sovuqqonlik alomatlari zuhurlanib, ancha jiddiy tortgandi. Ammo ichidagi otash zarracha susaymagan, qaytaga, besh battar alangalardi.
Bola, shu alanga ta’sirida, vodiy to‘ridagi do‘nglikdan berida oyoq ilib, tog‘u toshlarning miridan-sirigacha biladigan tajribali sayyodlardek, oshiqmay do‘nglik poyidagi siyrak butalarga, yuqoridagi turli qoyatoshlaru yakkam-dukkam archalarga diqqat-la ko‘z yugurtirarkan, birdan halizamon yuz ochishi lozim bo‘lgan do‘nglik ortidagi notanish olamni tezroq ko‘rish istagi jo‘sh urib, bundan yuragi bir qalqib tushdi. Bu tuyg‘u bolaga yaxshi tanish bo‘lib, yolg‘iz o‘zi yoxud biror jo‘rasi bilan ovul janubidagi qir-adirlarda kezingan kezlarida, yo‘liga ko‘ndalang bo‘lgan har bir do‘nglik ortida ne borligi bilan juda qiziqsinar, do‘ng beliga o‘rlagach esa, qarshisida namoyon bo‘lgan manzara qoshida entikish-la turib qolardi. Bola, momosi aytmishli, koptok jinnisiga aylangunga qadar, dala-dashtda sang‘ib, olisdagi tog‘larga tutashib ketgan qirliklarning ma’lum bir qismini hamda ular bag‘ridagi o‘ru jarliklarni mana shu tarzda – “o‘zga olam” yo‘sinida birma-bir “kashf etib” chiqqandi. Biroq koptokka butunlay mehr qo‘ygach, boladagi bu xususiyat zavolga yuz tutgan va u “o‘zga olam”ga ortiq qiziqmay qo‘ygandi. Bugun esa shu fe’li tuyqusdan qayta jonlanib, endilikda do‘nglik ortidagi “o‘zga olam” bilan tezroq betlashish ishtiyoqida yuragi yonmoqqa tushgandi, turgan gap, bo‘ri inini xayolidan zig‘ircha mosuvo etmagan holda.
Bola ko‘pda hayallamay, tezroq yuqoriga tirmashmoq o‘yida nigohi ila do‘nglik belidan o‘ziga mosroq joy qidirarkan, xiyol o‘tmay dara bo‘yi­dagi torgina ko‘zdan panalab joyni daf’atan ilg‘ab qoldi-da, to‘g‘ri o‘sha tomon yurdi.
Zarang daraxtini dara tarafidagi torgina oraliqdan o‘tishi bilan uning qarshisida qalin o‘t-o‘lanli, uzun enli yo‘lak paydo bo‘ldi. Qo‘sh otliq bemalol sig‘arli uzun yo‘lakning o‘ng yonida chuqur dara, so‘l yonida qiyalanib tushgan do‘nglik, adog‘ida esa yashil yalanglik va qandaydir qoyatoshlar ko‘zga tashlanib turardi. Bu – g‘aroyib ko‘rinishga ega bo‘lgan yo‘lak sir-sinoatga to‘la olamga eltuvchi afsonaviy yo‘ldek tuyuldi unga. Shu bois yo‘lak og‘zida hayrat va hayajon og‘ushida bir muddat anqayib turib qoldi. Biroq har qancha hayajonda bo‘lmasin, o‘t-o‘lanlar oralab ketgan ingichka so‘qmoqni nazaridan qochirmadi – jondor yo‘li, degan xayolga bordi. Bundan yuragiga hadik indi. Biroq dara yoqalab, bir tekisda cho‘zilib ketgan sirli yo‘lakni bosib o‘tish istagi shu qadar kuchli ediki, ayni paytda hech narsa uni bu yo‘ldan qaytara olmasdi.
Bola tevarakka hushyor boqqancha, yo‘lakka dastlabki qadamni qo‘ydi.
Qiyalab tushgan do‘nglik turfa tusdagi tosh qatlamlardan iborat bo‘lib, qatlamlar orasida tikanaklar ko‘klanib, dara labining u yer-bu yerida esa, go‘yo quyidagi soyga qulab tushishdan qo‘rqqandek, pastak butalar qo‘nishib turar, oyoq osti aytarli ravon emas – do‘ngdan dumalab tushgan katta-kichik toshlar deyarli har odimda uchrardi.
U, chamasi, ikki yuz gazcha masofani bosib o‘tib, yo‘lak adog‘idagi chog‘roq yashil sayhonlikka yetarkan, ko‘zi so‘lda, do‘nglik ortidagi g‘oyatda g‘ayritabiiy manzaraga – doirasimon chuqur havzaga tushdi. Kaftdek tekis tubi archa hamda boshqa turdagi tog‘ o‘simliklari bilan qoplangan havzaning umumiy maydoni olti tanobdan ziyod, ya’ni bir yarim gektarcha bo‘lib, rangdor qirg‘oqlari tik, qoq markazida esa xuddi nayza uchidek, bolaning ta’biri bilan aytganda, taomlikka yaramaydigan erkak sabzidek, bir juft qoya ko‘kka bo‘y cho‘zib turardi. Bu havza mahalliy cho‘ponlar tilida jo‘ngina tarzda “toshoxur” deb yuritilardi. Darvoqe, sirli yo‘lak mazkur toshoxur baralla ko‘zga tashlanib turgan shu yashil sayhonlik bo‘yida yakun topib, nariga o‘tishning sira iloji yo‘qdek tuyulsa-da, ammo sinchkov nigoh yalanglikning u chekkasidagi qoyatoshlaru turli dov-daraxtlar bag‘riga singib, toshoxurning sharqiy qanotida joylashgan qator o‘ngirlar tomon misli ilon izidek bilanglab ketgan ingichka so‘qmoqni ilg‘amasdan qolmasdi. Biroq bola hozir yoni-veriga razm soladigan ahvolda emas – endi jondor inini paqqos unutgan ko‘yi, bu g‘aroyib manzara qarshisida tamomila lolu hayron turib qolgandi. Holbuki, kechadan beri u qidirayotgan bo‘ri ini shundoq yaqinida, toshoxurdan keyingi birinchi o‘ngirda joylashgandi.

* * *
Bu safar bolalarini zahiradagi ozuqa bilan yemaklantirishga majbur bo‘lgan Ena bo‘ri o‘ngirning duyarli nimchorak qismini egallagan silliq, ko‘kishtob tosh chetida, kundalik betizgin qiliqlari – sho‘xliklari bilan ovora bolalari harakatini kuzatib, o‘z navbatida, naridagi qoyatosh soyasida bag‘rini yerga bergan ko‘yi, jarohatlangan o‘ng oyog‘ini yalab-yulqab, ora-sirada xuddi norasida jonivorday araz-la g‘ingshib qo‘yayotgan jufti Tarxashga dam-badam ko‘zlarini pes-pes qilgancha, cho‘zilib yotardi, go‘yo sokin orom olmoqda edi. Zohiran shunday, botinan esa, hali-hanuz cheksiz qahru g‘azab og‘ushida edi u.
Ena bo‘ri bejizga quturmagandi.
Bugun tongda ko‘ngliga hadik va qo‘rquv solgan qorishiq hidning kim va nimaligiga to‘la-to‘kis aniqlagach, qiyalik tepasidagi qoyadan oshib, yo‘lda hech qayoqqa chalg‘imay, to‘g‘ri ini sari yo‘rtarkan, toshoxur bo‘yiga yetganda, janub tomondagi ingichka, o‘ta qaltis so‘qmoqdan quyiga engan va uning markazida bo‘ylanib turgan qo‘sh qoyadan biri poyidagi zax kovakda, bugungidek omadsiz kun – qora kunga asrab qo‘yilgan ozuqasining yarmidan ko‘prog‘ini Tarxash jig‘ildoniga urib ketganidan ogoh bo‘lgandi. Bu holdan Ena bo‘ri avvaliga esini yo‘qotar darajada quturgan esa-da, so‘ng yo‘liga ilhaq ko‘z tikib turgan och-nahor bolalarini o‘ylab, o‘zini bosgan, nodon va bezbet juftidan qolgan etu suyaklarni chala chaynab, chala yutib, iniga oshiqqan. O‘ngirda qora berishi bilan bir-birini turtkilab-surtkilab, pildirab qoshiga chiqqan bolalari oldiga qo‘rsog‘idagi yemishni endigina qayd qilib tashlaganida, bo‘lak payt qurib qolganday, ayni shu vaqtda qaysi go‘rdandir sumanglab kelib qolgan Tarxashga tashlanib qolgandi.
U nodon juftining boplab adabini bergan esa-da, ammo bunga to‘la qanoat etmagan – botinida bir-biri bilan ayovsiz ravishda cho‘qishayotgan ikki qarama-qarshi tuyg‘uning qaysi biriga yon bosmoqni bilolmay, shuuri karaxt edi: qahri derdiki: “Bos, yanch, etini nimtala, bu yaramasni!” Aqlli esa zo‘r berib bu yovuz qutquni inkor etmoqqa urinardi: “Yo‘q-yo‘q, aslo g‘azabga erk bera ko‘rma!” Jonivor ushbu ikki o‘t o‘rtasida ayovsiz ravishda qovrilar ekan, baxtiga, xiyoldan so‘ng o‘tgan yillar davomida sekin-asta orttirilgan bor tajribalari bovar kelib, agar g‘azabini jilovlamasa, oqibati xunuk bo‘lishi mumkinligini his etib, andak tinchlandi. Aqli shuni aytdiki: “Yemakka qotinib, o‘zini aybdor sezgani uchun ham Tarxash boya yummatalamog‘ingga qo‘yib berdi. Hozir qayta hamla qilar bo‘lsang, ortiq u qarab turmaydi, o‘tgan galgidek, qurbi yetgancha quturib qarshilik ko‘rsatishga tirishadi va natijada, bundan har ikking ham jiddiy ozor topmog‘ing mumkin.” Bundan Ena bo‘ri darrov hushyor tortdi: “Agar bu jangda bexosdan qattiq yaralanar bo‘lsa, so‘ng qoshida lo‘mbillab o‘ynab yurgan manovu bolalarining holi ne kechadi? Ularning tomog‘iga kim qaraydi?”
Tarxashmi?
Yo‘q, ikki dunyoda ham!
Boz ustiga, ona jonzodlarning jiddiy yaralanishi yoxud bevaqt o‘lim topishi tufayli, har yili bu tog‘u toshlarda necha bir murg‘ak jonivorlar barvaqt nobud bo‘lmaydi. To‘g‘ri, nodon Tarxash norasidalar rizqiga xiyonat qilib, muqaddas yo‘riqni buzdi. Biroq harchand urinmasin, harchand adabini bermasin, baribir unga es kirmaydi – bu qilig‘ini erta bir kun tag‘in takror etadi. Shuning uchun u bilan yoqalashib yurgandan ko‘ra, zahirasiga o‘zga joy topgani ma’qul. Boisi Tarxash “oila tashvishi”ni birga tortadigan avvalgi jufti So‘poq emas, naq kuydirgining o‘zi – na butunlay uzilib keta oladi, na juftlik vazifasini ado etadi. Bugungidek yummatalar bo‘lsa, o‘zicha arazlab, g‘ingishib; indamasa, qiliqlari bilan qoniga tashna qilib yuraveradi.
Ena bo‘ri hanuz jarohatini yalayotgan Tarxashdan irganib, sobiq jufti So‘poqni qo‘msab, beixtiyor uv tortmoq istaydi. Ko‘ksini to‘ldirib, fig‘on qilmoqni istaydi.
Afsuski, bu aslo mumkin emas – ini yaylov yaqinida joylashgan. Yaylov ahli bilan ming ittifoq bo‘lmasin, ichki mayl va tuyg‘ulariga bo‘ysunib, ini joylashgan hududda uv tortmoqqa hozircha mutlaqo haqqi yo‘q.
Bu – yovvoyi olam yo‘rig‘iga sira to‘g‘ri kelmaydi.
Uv tortmoqdan uv tortmoqning farqi bor degandek, uning ham o‘z vaqt- soati bor, ya’ni qachonki, bolalari sog‘-omon ulg‘ayib, inini, o‘tov ahli esa yaylovini tark etgandan so‘ng, oppoq qorga burkangan tog‘u toshlar orasidagi ovullarni qoralab, xohlasa oyga boqib, xohlasa ko‘kka boqib, bas degancha uv tortmog‘i mumkin.
Eng muhimi, nola tortmasa bo‘ldi.
Bundan avvalgi bolalari zilzila tufayli ko‘chki ostida qolib nobud bo‘lganida, Ena bo‘ri alamdan tuni bilan uv tortib – nola qilib chiqqan, so‘ng kutilmagan bu judolikka toqat qilmoqqa bardoshi yetmay, o‘ziga o‘zi ajal chorlagan. Aksiga olib, hech ajalga duch kelmagan, duch kelganida esa, oldi-ortiga qaramay, tiraqaylab qochgan. O‘shanda tog‘ ovullardan biri yaqinida ketma-ket miltiq gumbirlab, bir to‘da it izidan tushgan. Ena bo‘ri ajalni istagan esa-da, ammo uni bir gala it timsolida tasavvur etmagan ekanmi, beixtiyor qochmoqqa tushgan. Qochish asnosida tomirlarida qon yurishib, unda hayotga tashnalik hissi qayta jo‘sh urgan. Keyinchalik Tarxashni uchratib, g‘am-alamlarini butunlay unutgan. Bu yangi juftini xuddi So‘poqdek oqil va mehribon bo‘ladi deya umid qilgandi. Afsus­ki, Tarxash avvalgi juftining g‘irt aksi bo‘lib nodon chiqdi. Bu turishida hali-beri unga aql kiradiganga o‘xshamaydi va kirmasa ham kerak.
Ena bo‘ri cho‘zilib yotgan joyida, qachon senga es kirarkan, nodon, degan yo‘sinda tag‘in Tarxashga adovatla boqarkan, shu asnoda xayoliga kelgani shu bo‘ldi: yo‘q, jufti So‘poq ikki dunyoda ham o‘zini bu tarzda talatib qo‘ymasdi, mabodo, oralaridan olamushuk o‘tib qolar bo‘lsa, Tarxash kabi g‘ingshib, o‘z ko‘yida arazlab yotmasdi, darrov o‘lja qidirib ketardi. Magar o‘lja bilan qaytar ersa, og‘zidagini qanjig‘i oldiga namoyishkorona tarzda uloqtirib, o‘zi narida teskari o‘girilib, g‘uddayib turib olgan, ya’ni oralariga tushgan sovuqlik Ena bo‘ri tomonidan bartaraf etilishini toqat-la kutgan bo‘lardi. Tabiiy, So‘poq o‘lja bilan qaytar bo‘lsa, Ona bo‘ri ortiq o‘rlanmas, jufti yoniga borib, asta suykalmoqni boshlardi. Biroq So‘poq darrovgina eriy qolmas – ich-ichidan halimdek yumshab turgan esa-da, tishida buni aslo sezdirmas – o‘zicha jindek noz qilgan bo‘lardi. Ammo Ena bo‘ri baloning o‘qi edi – uning oldida So‘poq deganlari nima bo‘pti, bor-yo‘g‘i bir issiqjon, kerak bo‘lsa toshni eritmoqqa qodir edi u.
Ba’zan esa buning aksi bo‘lardi.
Ammo, So‘poqdan farqli o‘laroq, Ena bo‘ri tezgina bo‘y bermas, kunlab, gohida haftalab uni obdon sarson-sargardan qilar, gohida esa chinakamiga bo‘zlatardi. Tabiiy, bu hol So‘poq biror-bir o‘zga qanjiqqa ko‘z suzib qo‘ygan kezlarda yuz berardi. Ammo shunchaki arazlashuvlarda tashab­bus hamisha Ena bo‘ridan chiqar – toshga aylangan juftini sanoqli daqiqada misli mumday eritib olardi. Ana shunda mumday erigan So‘poq naq oyoqlari ostida eshilib-erkalanib yotgan arlonini mehr bilan shu qadar yalab-yulqalardiki, bu kabi farahbaxsh damlarda Ena bo‘ri o‘zini go‘yo yettinchi osmonda qalqib yurgandek his etardi. Tarxash esa So‘poqning to‘kilgan bir mo‘yiga ham arzimaydi – o‘z nafsidan boshqasini o‘ylamaganidek, bolalariga otalik ham qila olmaydi. Ana, u yoniga erkalanib borgan bolalaridan biriga, xuddi yetti yot begonaday, irillab berdi. Keyin nimadir esiga tushganday, o‘rnidan ilkis qo‘zg‘oldi-da, kunchiqardagi o‘rliklar bag‘ridagi butazorga sho‘ng‘ib, zumda ko‘zdan yo‘qoldi.
Tarxashning qorasi o‘chgach, go‘yo birdan g‘ami ariganday, Ena bo‘ri boyadan beri tinmay atrofida o‘ralashayotgan bolalariga andarmon bo‘ldi – birini yalab, birini yulqashga tushdi. Shunda naridagi toshlar orasida kalta cho‘pni goh tish­lab, goh tashlab, o‘z maylida o‘ynab yurgan yoniq ko‘z, tiyrak bo‘rivachcha og‘zidagi cho‘pni tashlab, ular yoniga pildirab keldi-da, birodorlarini nari-beri surib, onasining tumshug‘i ostiga, to‘rtala oyog‘ini dast ko‘targancha, chalqancha tushib yotib oldi. Ena bo‘ri pishiq-puxtaligi har bir harakatidan yaqqol sezilib turgan yoniq nigohli bu jimitdek urg‘ochi jonivorning istagini darrov anglab, xuddi bir vaqtlar So‘poq o‘zini suyib erkalaganday, qaynoq tili bilan uning qorni, choti va bo‘yin taglarini hafsala bilan yalashga tushdi. Bu holdan qolgan bo‘rivachchalarning rashki qo‘zib, darhol yoniq ko‘zni turtkilab-surtkilab, nari haydamoqqa tushdilar. Ena bo‘ri fe’li va tusi o‘ziga o‘xshash bu jonivorni azaldan bo‘lakcha suyardi, shuning uchun uni aka-­ukalari hujumidan himoyalab, mehr-la yalashda davom etdi. Boz ustiga, yoniq ko‘z o‘zining bu qilig‘i – tantiq talabi bilan Ena bo‘ri shuurida totli xotiralarni uyg‘otib, endi amalga oshmog‘i dushvor bo‘lgan ba’zi bir xohish-istaklarni qo‘zg‘ab qo‘ygan edi.
Ena bo‘ri tumshug‘i tagida chalqancha tushib yotgan bo‘rivachcha o‘rnida o‘zini, o‘zi o‘rnida esa qahr va mehr bobida har qanday jonni bir himo bilan qochiradigan So‘poqni tasavvur etib, bu yumushni o‘zgacha bir shavq bilan ado etarkan, kutilmaganda o‘ng biqinida ayol elaslanib, qaynoq kaftini naq yag‘rinida tuyganday bo‘ldi.
Jonivor ilkis qaddini tiklab, beixtiyor o‘ng yoniga o‘girildi.
Biroq shuurida ko‘lankalangan Saragul sharpasi sarob bo‘lib chiqdi.
Qiziq, axir ayolning qaynoq kaftini naq yag‘rinida aniq his qildi-ku!
Bu ne hol?
Bu ne sinoat?
Bu sir-sinoatga Ena bo‘rining aqli yetmadi. Ammo yag‘rinini siypalab o‘tganday tuyulgan qaynoq kaft ta’sirida, hamisha jismidan tevarakka g‘aroyib iliqlik taratuvchi ayolga nisbatan, holbuki, bugun tongda uni ko‘rgan esa-da, kuchli sog‘inchni his etib, beixtiyor ingrashdi. Qoshida hanuz oyoqlarini ko‘tarib yotgan yoniq nigohni unutgan holda tumshug‘ini kunbotishga cho‘zdi. Saragulning sarxushlantiruvchi tanish bo‘yini qarshisidan esayotgan yengil epkindan ilg‘ab oladigandek, qayta-qayta iskalandi. Ana shunda odam isini tuyganday bo‘ldi.
Biroq bu – u kutgan bo‘y emasdi. Ena bo‘ri birdan hushyor tortdi.
Ena bo‘ri chinakamiga tahlikaga tushdi.
Axir ini joylashgan hududda odam hidini tuyish, uning uchun o‘limdan ming karra dahshatliroq edi-da.
Bu, tom ma’noda falokat edi!
Ena bo‘ri hozircha kim yoxud neligi noayon bo‘lgan bu falokat halizamon tegrasida bamaylixotir o‘ynab yurgan bolalari hayotiga chang solib, bir lahza ichida ularni mavh etadigandek, tani qaltirab, irillagancha, bolalarini uyasiga haydadi. So‘ng o‘zi misli kamon o‘qidek o‘ngir chetiga otildi.

* * *
Xuddi bo‘lak joy qurib qolgandek, chuqur daraga orqa o‘girgancha, ajal komidan bor-yo‘g‘i to‘rt-besh odim berida hayrat og‘ushida hanuz toshday qotib turgan bola ilonizi ingichka so‘qmoqdan emas, toshoxurning janubiy qirg‘og‘i yoqalab, xarsang va butalar oralab, o‘zi tomon soyadek sirg‘alib kelayotgan Ena bo‘rini payqaydigan holatda emas – hali-hanuz qarshisidagi toshoxurning g‘aroyib manzarasiga mahliyo edi. Shu kezgacha tog‘u tosh deganda, Suvliqsoy vodiysi atrofidagi tog‘larni hamda notekis dovon yo‘liga olib chiquvchi tor darani bilardi. Buning ustiga, har safar toqqa tashrif buyurganida, bobosi aytmish­li, xuddi Habib bangidek hardamxayol holda, ya’ni qad­rdon ovulidan ham ko‘ra, eng sevimli ermagi – to‘p surishdan bebahra etishgani uchun barcha-barchadan, hattoki kunduzi quyoshdan, tunda oydan, qo‘yingki, butun olamdan norozi holda kelardi-da. To‘g‘ri, tunov kundan va ayniqsa, bugundan tog‘u toshlarga bir nigoh bilan boqayotgan esa-da, ammo kelbati qorli tog‘lardek cho‘ng, qandaydir afsonaviy odam yoxud odamlar tomonidan atay qazilib, atay zeblangan havzaga birinchi bor duch kelishi edi-da.
U toshoxurning tik qirg‘oqlari, yashil tubi va uning qoq markazida qad rostlab turgan – eni-bo‘yidan tortib, shakl-shamoyiligacha, kishi aqlini lol qoldirarli darajada, bir xilda bo‘lgan egiz qoya – qo‘sh qoyaga boqqani sari hayrati xamirday ko‘pchib, oqibatda, nafaqat jondor inini, balki shundoq ortida og‘zini lang ochib turgan ajal – teran darani ham unutib qo‘ygan edi.
Bolani chandon qiziqtirib qo‘ygan bu qoyalar oralig‘i chamasi o‘n besh gazcha bo‘lib, ular asosini tashkil etgan toshqatlamlar eni hamda rang-tusi ham aynan bir-birini takror etgandi. Magar, shu o‘rinda, qoyalardan birini ko‘zda tutgan holda jindek ta’rifga urg‘u berar bo‘lsak, qoya poyidagi baland qatlam kulrang tusda bo‘lib, undan yuqoridagi qatlam to‘q ko‘kimtir rangda edi. Uchinchi, ya’ni quyidagi to‘q ko‘kimtir qatlam sirtiga qisman taramlab tomir otgan qirmizi qatlam esa, misli qizil belbog‘ yanglig‘, qoya belini chirmab, uni o‘zgacha zeblab turardi. Umuman olganda, rang borasida tabiat qoyalardan o‘z saxovatini aslo ayamagan – qirmizi “belbog‘” kiftiga o‘rnashgan to‘q sariq rangdagi to‘rtinchi qatlam o‘zidan tepadagi oqish tusli beshinchi qatlam bilan uyg‘unlashib, misli tasmadek, ularni bir-biridan ajratib turgan o‘rtadagi qop-qora chiziq – mo‘jaz qatlamni deyarli yutib yuborgandi. Jigarrang tusdagi oltinchi yirik qatlam o‘z yag‘rinidan joy olgan qoramtir – ayrim o‘rinlari ko‘mirdek qop-qora – qatlamni inkor etgan holda ajabtovur ko‘rinish hosil qilgandi. Ayni shu yerda ona tabiat, qoyalar ustidan qah-qah otib kulgandek, qoramtir qatlam ustiga, uning aksi bo‘lmish oqish qatlamni, oqish qatlam yelkasiga esa qizg‘ish, sarg‘ish, och hamda to‘q jigarrang tusdagi enli va ensiz qatlamlarni o‘ta mohirlik bilan paydar-pay terib chiqqandi. Egiz qoyalarning eng yuqori nuqtasi – nayzadek o‘tkir uchlari och kulrang tusda bo‘lib, birini mujraygan yashil archa bezab turardi.
Bolapaqirni hayratga solgan yana bir holat – egiz qoyalardagi mavjud rangli qatlamlar tosh­oxurning tik va baland devorlarida aynan shu yo‘sinda to‘la-to‘kis takrorlangan bo‘lib, toshoxur tubidagi yashillik bu turfa ranglar majmuasini yanada bo‘rttirib, unga ayricha ko‘rk bag‘ishlab turardi. Agar bola geologiya fanidan ozmi-ko‘pmi boxabar bo‘lganida bormi, bu sir-sinoatga qisman esa-da, aqli yetgan va bu qadar hayratga tushmagan bo‘lar edi. Ammo uning bolalik baxti shunda ediki – qoshidagi manzarani ta’rifi yo‘q bir mo‘jiza sifatida qabul qilgandi.
Bor hayratining asil sababi shu edi.
Bu orada nihoyat “toshqotgan” bolaga jon kirdi.
U o‘ng qo‘lidagi zarang tayoqni qo‘liga olarkan, azbaroyi zavqi to‘lib-toshganidan, o‘ng tizzasiga yengil bir shapatiladi. Qani endi, ayni shu damda o‘zidek to‘ptepar jo‘ralari qabatida bo‘lib qolishsa-yu, birga-birga quyiga enishsa, rangdor qoyalar atrofida gir aylanishib, chir aylanishib, obdon ularni tomosha qilishsa, o‘zlarida yo‘q zavqlanishib va shavqlanishib, don talashgan chug‘urchiqlardek rosa chug‘urlashsa, so‘ng bu haqda ovuldagilarga oshirib-toshirib so‘zlab berishsa! Axir momosining xamir qoriladigan sariq sirli tog‘orasidek bir tekisda o‘yilgan, bunisi kamdek, qoq kindigida, bobosining jini sevmaydigan erkak sabzidek ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan qo‘sh qoyali, yo‘q-yo‘q, egiz qoyali bu qadar ajoyib manzarani yana qayerda ko‘rish mumkin?!
Faqat shu yerda!
Aynan shu yerda!
Ena bo‘ri bir paytlar tog‘lar orasidagi so‘qmoqdan ini o‘rin olgan kamar tomon otini yeldirib borayotgan suvoriy qarshisiga to‘satdan lop etib chiqqan So‘poq kabi, toshoxur labi yaqinidagi xarsanglar ortidan yashil yalanglikka sakrab chiqqanida, bola shu shavqli xayollar og‘ushida edi.
Bolaning ko‘zi o‘zidan bor-yo‘g‘i o‘n besh odimcha narida, xuddi osmondan tushganday, tuyqusdan paydo bo‘lgan Ena bo‘riga tushgach, beixtiyor qovug‘i bo‘shashib ketdi. Qo‘lidagi zarang tayoq maysalar ustiga tap etib tushib, belidagi pichoq hatto esiga kelmadi. Qarshisida ko‘zlari misli cho‘g‘dek yonib, tishlari dahshatli tarzda irjayib turgan maxluq o‘tov yonida uchratgan royishli jondorga o‘xshamas, hademay yamlamasdan yutadigan vajohatda edi.
Bola qo‘rquvdan qotib qolgandi.
Ena bo‘ri uning holatini sezgandek esa-da, ammo bundan yuragi tariqcha yumshamadi. Boisi qoshidagi bolaning, tog‘lar orasidagi tanggu tor so‘qmoqda to‘satdan So‘poqqa duch kelgan suvoriy singari orqa-oldiga qaramay, ura qochmog‘ini kutgan va aynan shu niyatda sayhonlikka sakrab chiqqan edi-da. Qarasaki, bolaning juftakni rostlaydigan siyog‘i yo‘q, turibdi serrayib. Bu holdan, bola qo‘rquvdan tosh qotganidek, Ena bo‘ri ham bu yog‘iga ne qilarini bilmay, bir necha soniya taraddudlanib qoldi.
Ena bo‘rining g‘azablanishiga sabab, bola uning iniga juda yaqin kelib qolgandi. Xo‘sh, bu o‘rinda, yirtqich qanday yo‘l tutmoqni o‘ziga ma’qul topdi? Sobiq juftining qilig‘ini aynan takror etib, bolani shunchaki quvib solmoqchi bo‘ldi. Boz ustiga, bu tomonga yaqinlashayotganida, hididanoq bolani tanigan, shunga ko‘ra, hozircha biror-bir yomonlikni o‘ylamagan holda, faqat imkoni boricha tezroq qorasini o‘chirishini istardi, xolos. Aksiga olib, bolapaqir joyidan jilay demas, naridagi xarsanglarday toshqotib turardi.
Ana shunda Ena bo‘ri ikkinchi amalni qo‘llashga ahd qildi va gavdasini xiyol oldinga cho‘zgancha, yo‘qol, deya vahshatla irillab, asta olg‘a yurdi. Shunda birdan bolaga jon kirdi, to‘g‘ri ajal sari – dara tomonga tislana boshladi. Buni darrov fahmlagan Ena bo‘ri to‘xtadi, xavfdan ogoh etganday, bu safar bo‘g‘zida bo‘g‘iq irilladi. Ammo bola, ikki ko‘zi yirtqichda, tisarilishda davom etdi va bir zumdan so‘ng “va-a-a” degancha pastga quladi.
Ena bo‘ri u tomonga oshiqmadi, xavf arib, ko‘ngli oroyish topganidan suyunganday, sayhonlikda picha turib qoldi. Keyin qiziqishi ustun kelib, dara labiga bordi. Bo‘yin cho‘zib, quyiga mo‘raladi. Qarasaki, bola, chamasi, uch-to‘rt gazcha pastda, jar betidan unib chiqqan, jussasi kichik esa-da, tanasi baquvvat archa shoxlari orasida, hozircha hech bir narsani idrok eta olmay, ko‘zlari ola-ko‘la bo‘lgancha, chalqancha tushib yotar, quyidagi jo‘shqin soy esa tezroq uni o‘z og‘ushiga olish ishtiyoqida uyurlanib-uyurlanib, mavjlanib-mavjlanib oqardi.
Bu orada nihoyat bir amallab o‘ziga kelib olgan bola joniqishla archa butoqlaridan biriga mahkam yopishib, soy shovuriga basma-bas, ovozi boricha “Ena-ena”lab baqirib qo‘yaverdi. Bu qilig‘i bilan yirtqichning ko‘ziga yanada ojiz, yanada notavon ko‘rinib ketdi.
Ena bo‘ri tang ahvolda qolgan bolani taqdir izmiga tashlab, asta iziga qayrilarkan, yo‘liga ko‘ndalang tushib yotgan zarang tayoq oldidan beparvo o‘tib ketolmadi, odatiga ko‘ra, uni iskab ko‘rdi va o‘zi sira kutmagan holda kaltakda bola hidi qatori ayolning ham qadrdon bo‘yini tuydi. Bundan sergak tortib, go‘yo ishongisi kelmaganday, zarang tayoqni u uchidan bu uchigacha qayta iskab chiqdi. Bu daf’a g‘oyatda ajabtovur bir holdan – ona-bola hidining bir-biriga yaqinligi va o‘xshashlikdan juda hayratda qoldi. Bu esa yuragida anglarsiz iliq bir tuyg‘uni uyg‘onmog‘iga sabab bo‘ldi. Jondor botinida yuz bergan g‘aroyib bu evrilishdan taajjubga tushib, bir dam tek turib qoldi. Keyin bunga to‘la ishonch hosil qilmoqchidek, zarang tayoqni yana bir karra iskab chiqdi. So‘ng ichki royishga beixtiyor itoat etib, dara labiga qaytdi. Bo‘yin cho‘zib quyiga boqdi. Archa butoqlari orasiga endi joylashib o‘tirib olgan bolaning ahvoli havas qilarli emas, baqirib-chaqirishlari esa ojiz jonzodning nolakor g‘ingshishidek tuyuldi unga.
Ena bo‘rida bolaga ko‘mak berish istagi tug‘ildi.
Biroq qanday qilib?
U bolaga boqqancha, shu sozda bir daqiqacha qotib turdi-da, keyin sekin ortiga qaytarkan, tuyqusdan yuragini ilitgan tuyg‘uning tub mohiyatini yanada teranroq anglab yetmoqchidek, tag‘in kaltakni bir sidra iskab chiqdi. Ona-bolaga hidiga sezilar-sezilmas temir isi qorishiq esa-da, bunga ortiq e’tibor bermay, qaytaga, quyidagi jo‘shqin soyning bir zayldagi shovuriga qasdma-qasd qichqirayotganidek, dam-badam nola qilayotgan bolaga go‘yo dalda bermoqchidek, bot iziga qayrilib, pastga mo‘raladi.
Ena bo‘ri o‘z bolalarini har qanday vaziyatda tinchlantirishga qodir edi. Biroq ko‘mak so‘rab, uning nazdida, ovozi boricha tinmay “g‘ingshiyotgan” odam bolasiga taskin bermoqqa juda ojiz edi. Oqibatda, u ikki o‘t o‘rtasida qoldi – ketay desa, yuragini zabt etgan iliq tuyg‘u bunga izn bermas, qolay desa, bundan biron naf yo‘q. Buning ustiga, ona-bolaning o‘xshash hidini o‘zida omuxta etgan zarang tayoq, ketmog‘iga izn bergisi kelmaganday, shundoq yo‘lida cho‘zilib yotardi. Qisqasi, sirtdan qaralganda, Ena bo‘rining hozirgi holati tumshug‘i tagidagi tayyor o‘ljaga ega bo‘lmoqning evini topolmay, behudaga timirs­kilanayotgan noshud jonivorning tentinishiga juda o‘xshab ketardi…
Oxiri bo‘lmadi – bolaning tinmay nola qilishiga ortiq toqati yetmay, tik jarlikda odam bolasi emas, o‘z jigargo‘shalaridan biri omonat ilinib turganday va hademay dara tubidagi tezob oqim bu jonni o‘z komiga tortib ketadiganday, Ena bo‘ri, kaltakka o‘tirib qolgan ayol isi ta’sirida, beixtiyor uv tortib yubordi.
Ena bo‘ri kaltakni hidlab-hidlab, ayolni yo‘qlab-yo‘qlab, ko‘kka boqib-ko‘kka boqib uv tortdi.
Ena bo‘ri archa shoxlari orasida “g‘ingshib” yotgan bolaga qarab qo‘yib-qarab qo‘yib, osmonga tumshuq cho‘zib-tumshuq cho‘zib uv tortdi.
Ena bo‘ri, ming bora beburd bo‘lsa-da, Tarxashning shu tobda qabatida yo‘qligidan ranjib-ranjib uv tortdi.
Ena bo‘ri bunday damda hamisha biror-bir yo‘l-yo‘riq topmoqqa hamisha qodir bo‘lgan So‘poqni qo‘msab-qo‘msab, uv tortdi.
Ena bo‘ri har safar o‘tov yonidan ayol hidiga to‘yinib-to‘yinib o‘tardi, uning iliq taftini butun vujudida tuyib-tuyib o‘tardi. Endi bu suyukli bo‘y zarang tayoqda anqib turardi, bola isi o‘sha yoqimli bo‘yga o‘xshab ketardi va ayni shu o‘xshashlik tufayli yuzaga kelgan iliq tuyg‘u esa jonivorning ketishiga qo‘ymay, tushovlab turardi. U botinida kechayotgan bu ajabtovur hisning neligini halicha to‘la idrok etolmagan esa-da, yuragi va shuuri amriga itoat etgan holda, qish-qirovli qorong‘i tunda yoxud quyuq tumanli kunda sherigini yo‘qlagan jondordek kelishtirib-kelishtirib, uv tortmoqda davom etdi.
Ena bo‘ri kaltakni hidlab-hidlab, ayolni yo‘qlab-yo‘qlab, ko‘kka boqib-ko‘kka boqib uv tortdi.
Ena bo‘ri archa shoxlari orasida chorasiz “g‘ingshib” yotgan bolaga qarab qo‘yib-qarab qo‘yib, osmonga tumshuq cho‘zib-tumshuq cho‘zib uv tortdi…

* * *
Ena bo‘ri ayolning qaynoq kaftini yag‘rinida his qilgan ondayoq xavotir hisi Saragulning qalbiga misli quyundek yopirilib kirgandi.
Ayol dastlab bundan hayron bo‘ldi.
Ayol bezovtalanib, keng yaylovga hadik-la boqdi.
Ayolning xayoli eri va suruvga og‘ib turganida, birdan esiga daydib ketgan o‘g‘li tushib qoldi. Bolani eslashi bilan boshqa ayollar kabi, voy-y, xudoyim, ishqilib, tinchlikmikan, deya sarosimaga tushib turmadi, bu haqda o‘rmak to‘qiyotgan qiziga ham bir og‘iz churq etmadi, xuddi hozir kimningdir shartta yoqasidan oladigandek, yo‘l-yo‘lakay yenglarini himargancha, boyasaroq o‘zi soylik girdiga jildirgan to‘riq otning yoniga urib bordi. O‘ta oshiqqan kezlarida, chap­dast yigitlardek, azaldan otni salt minishga odatlangan emasmi, to‘riqqa egar urmoqni xayoliga keltirmadi, turgan gap, bunga sabri ham yetmasdi. Ayol yerga qoqilgan temir qoziqni jahdla sug‘urdi-da, jundan eshilgan uzun arqonni qoziq tutgan so‘l qo‘liga tezgina yig‘ib, yoshi va to‘laroq jussasiga unchalik mos bo‘lmagan ajib bir chaqqonlik bilan yengil sakrab, to‘riqning yalang‘och yag‘riniga minib oldi. Qo‘lidagi chilvir bilan otning sag‘risiga qarsillatib tushirishdan avval, bolasi tushmagur balki otasi yonidadir, degan umid va ilinjda boshda yaylovni tik kesib, suruv tomon jilmoqchi bo‘ldi. Keyin, tabiatning g‘aroyib bir sinoati – onalar qalbi hech qachon aldamaydi – ichki sezgisiga bo‘ysinib, ot boshini archazor qiyalikka tutash do‘nglik sari burdi. Onasining bu xatti-harakatlaridan ajab­lanib, qoshiga yugurib chiqqan Barno qizning: “Voy-y, o‘lay, yo‘l bo‘sin, ena? – degan savoliga bergan javobi shu bo‘ldi:
– Ochiq lahadga!
Saragul do‘nglik yoqalab otni qichab haydadi.
Yo‘l bo‘yi tevarakka sarasob solib, bolani daraklab, ovoz berib-ovoz berib bordi.
Ko‘nglida sarosar kezinib, yurak-bag‘rini timtalayotgan badgir o‘ylarni la’natlab-la’natlab, ich-ichidan qarg‘anib-qarg‘anib bordi.
Ayol shu yo‘sinda Burmali vodiy “darvoza”siga yetarkan, qulog‘iga bo‘ri uvlashi chalinganday bo‘ldi. Dastlab noxush bu sas go‘yo shuurida aks etgandek, unga e’tibor bermadi. Zeroki, shu yoshgacha ayol jondorning uv tortishini baravj ko‘klam adog‘ida emas, kech kuzda, qahraton qishda eshitgan, kunduzlari emas, qorong‘i tunlarda eshitgan. Ammo etni junjiktiruvchi bu ovoz qayta takrorlangach, hushyor tortgan ayolning onalik qalbi – botiniy tuyg‘usi ot boshini o‘sha tomonga burmoqni amir etdi. U Burmali vodiyga qayrilarkan, miyasiga qo‘yilib kelayotgan badgir o‘ylardan xayoli qochib, quruqsigan lablarini yalab, bolani yo‘qlab, tag‘in ovoz bermoqchi ham ediki, kuchli ichki bir tebranish – to‘lqin: “Bas!” – deganday bo‘ldi. Ayol ortiq tovushlanmay, atrofga sinchkov boqqan ko‘yi, tovani bilan otni niqtalab haydadi. Ena bo‘rining navbatdagi uv tortishidan so‘ng, ovoz kelayotgan manzilni bir lahzada aniqlab, to‘g‘ri do‘nglik adog‘idagi yo‘lak tomon yo‘l tortdi.
Saragul qorli tog‘lar bag‘riga eltuvchi bu yo‘lni yaxshi bilardi. Bir paytlar bola kabi u toshoxurning betakror manzarasi qoshida dong qotgandi. Ayol cho‘pon-cho‘liqlar tilida, “kunchiqar” deb atalmish bu yo‘nalishni, hali turmushga chiqmay turiboq, o‘zidek tog‘u toshda daydimoqni xush ko‘radigan o‘ta xushfe’l Turg‘un amakisi hamrohligida otda bosib o‘tgan bo‘lib, toshoxurdan keyingi barcha o‘ngirlarni, hamda, amakisi aytmishli, katta suruvga torlik qilmish mo‘jaz vodiylarni, tog‘ puchmoqlaridagi do‘ppidek ovullarni, dara boshidagi Kattaqoyani bosib o‘tib, yozning qoq chillasida ham ko‘ksidan qori arimaydigan cho‘ng qoyali tog‘larlargacha yetib borgandi. Chori cho‘pondan bo‘ri uyasi shu atrofda ekanini ham eshitgandi. Ayolning faqat bir narsaga aqli yetmay, garang edi – bu uying kuygir Boybicha nechun kuppa-kunduzi uv tortib qoldi? Bundan aqli tang tortgani sari, qalbi tinmay o‘sha tomon undardi.
Ayol yo‘lak og‘zidagi zarang daraxtini yonlab, tarvaqaylagan novdalari ostidan ot yoliga yopishib – egilib o‘tarkan, xiyoldan keyin tagidagi otning yalang‘och tani avvaliga titrab, so‘ng tinchlanganidan, uv tortayotgan yirtqichga yaqin qolganini va to‘riq zumda uni taniganini sezdi-da, butoqqa ilinib, ensasiga surilib qolgan ro‘molini to‘g‘rilash asnosida yo‘lak adog‘iga oshig‘ich ko‘z tashladi va dara labida yuvosh itday cho‘nqayib, o‘zi tomon tikilib turgan Ena bo‘ri – Boybichani ko‘rdi.
Ana, u ayolning yetib kelishini kutib turmay, asta qaddini tikladi va xuddi nimagadir ishora qilganday, tag‘in bir quyiga, bir unga qarab qo‘ydi-da, so‘ng ortiga qayrilib, naridagi toshu butalar tomon keta boshladi. Ayol jonivorning bu qilig‘i ne ma’no anglatishini fahmlashga ulgurmay, suv shovuri orasidan bolaning elasgina ovozi qulog‘iga chalindi.
– Ena-a-a!
Ayol jonlanib, tovani bilan otning biqiniga niqtab, qo‘lidagi chilvir bilan sag‘risiga ketma-ket tushirib, bor ovozda hayqirdi.
– Berdiqul! Bola-a-am!
Bu safar bolaning ovozi dadilroq jarangladi:
– Ena-a-jo-on!
Ayol yo‘lak adog‘idagi yashil yalanglikka yetgach, otdan sakrab tushdi-da, chilvirni qo‘lidan qo‘ymagan ko‘yi, boya Ena bo‘ri mo‘ralagan yerdan pastga ko‘z tashladi. Archa shoxlari orasida rang-quti uchib o‘tirgan bolani ko‘rdi. Biroq kutilmagan bu holatdan ayol o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Boisi tog‘da o‘sib, tog‘da ulg‘aygan emasmi, bir qarashning o‘zidayoq bolaning joniga ora kirib, uni muqarrar halokatdan asrab qolgan archaning baquvvatligini, o‘g‘li yo‘g‘on va chayir shoxlar orasida omonat emas, mahkam joylashib o‘tirib olganiga to‘la ishonch hosil qilgandi. Shunga ko‘ra, ortiqcha hayajonlanmay qo‘lidagi chilvir uchini otning no‘xtasidan yechib, ikkinchi uchini bolaga tashlarkan, fe’liga xos qat’iy yo‘sinda dedi:
– Belingga mahkam bog‘la! Hovliqma! Mahkamroq bog‘la!
Ayol bolani yuqoriga tortib olarkan, uni dara labidan uzoqlashtirgan holda, bir so‘z qotmay, quloq-chakkasiga boplab bir tarsaki tushirdi.
Bu tarsaki bolaga boldan totli tuyuldi.
Ayol bolani mahkam bag‘riga bosib, shu sozda picha quchib turarkan, so‘ng uni o‘zidan nari itarib, ishqilib, qo‘l-oyog‘ing butunmi, deganday boshdan-oyoq bir sira ko‘z yugurtirib chiqdi-da, bu gal so‘l quloq-chakkasiga tarsaki tortdi.
Bu tarsaki bolaga zahardan achchiq totindi.
Ayol qoshlarini chimirgan ko‘yi, lablarini mahkam qimtigancha, uzun jun chilvirni silkib-siltalab, chaqqonlik bilan so‘l bilagiga o‘rashda davom etarkan, bu hol qanday sodir bo‘ldi, deya boladan so‘ramadi, o‘g‘limga Boybicha hamla qilganov, deya gumonga ham bormadi, bo‘shalishi bilan iziga qayrilib, juftak rostlagan to‘riqni yanib o‘tirmadi – chilvirni yig‘ib bo‘lgach, boshda Ena bo‘ri g‘oyib bo‘lgan naridagi toshu butalarga, so‘ng bir paytlar hayratiga sabab bo‘lgan toshoxurga bir-bir nazar tashladi-da, qoshida gunohkorona bosh egib turgan bolaning ensasiga bir turtib, oldiga soldi.
Burmali vodiydan chiqaverishda, ayolning aytgan birdan-bir gapi shu bo‘ldi:
– Bugunoq bu yerdan izingni o‘chirasan!
Bola, “xo‘p”, demadi, “yo‘q”, deganday yerga boqdi.
Ayol bolani ortiq e’tiboriga arzitmay, nigohi ila yaylov kengligidan to‘riqni qidirarkan, shunda uning ko‘zi yashil o‘tloqni tik kesib, o‘tovi tomon borayotgan ikki otliqqa tushdi.
– Voy-y, o‘lmasam, tag‘in sovchilar bo‘masin bular! – dedi beixtiyor.
Ana endi, oyoqni qo‘lga olmoqdan bo‘lak iloj yo‘q edi.
Ona-bola oldinma-keyin o‘tov sari zing‘illashdi.
Ayol, otliqlar, mabodo, sovchilar bo‘lib chiqishsa, avval ularni o‘tovga joylashtirib, so‘ng bolaning Chori cho‘pon o‘rniga suruvga yuborishni o‘zicha rejalashtirib, shiddatla ilgarilar, to‘p surmoqqa o‘ta chapdast bo‘lgan bola esa, onasiga zo‘r-bazo‘r yetishib borardi…

2017 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.