Zarb

0
101
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

(Davomi.)

Ota-onam uzoqda

– Hoy bola, kimsan? Bu yerda nima qilyapsan?

– Mashq qilyapman.

– Qachon to‘garakka a’zo bo‘lding? Seni avval ko‘rmaganman-ku.

– A’zo bo‘lmoqchiydim, Rustam aka ruxsat bermadilar.

– Nega?

– Ota-onamning roziligi kerak ekan.

– Ular norozimi?

– Ota-onam uzoqda. Juda uzoqda.

– Usti-boshingga qaragan odam boyvachcha deb o‘ylaydi. Anavi ot ham senikimi?

– Ha, meniki. Unchalik kambag‘almasmiz. Faqat otam…

– Qo‘yaver. Agar rostdan bokschi bo‘lmoqchi bo‘lsang, Rustam akani o‘zim ko‘ndiraman. Har kungi mashqdan tashqari kechki payt alohida shug‘ullanaman. Xohlasang, ertaga shu mahalda kel. Birga mashq qilamiz.

– Isming nima? Meniki Tohir.

– Azizman. Kel, mashqni boshladik. Avval besh chaqirim yuguramiz. Chigilyozdi uchun.

– Bokschi bo‘lish uchun ham yugurish kerakmi? Otda chopsam bo‘lmaydimi?

– Hazilkash ekansan, otda chopsang uloqchi bo‘lasan. Raqib ringni tashlab qochganda yetvolish kerak, to‘g‘rimi?

– Ha, chopdik unda!

 

He, qovunchi!

Tug‘ruqxona hovlisida xushxabar kutib turgan Alixon ovchi qo‘lidagi ikki yashar chamasidagi bolakayning ilkis qo‘ltig‘idan tutib, imkon qadar o‘zidan uzoqlashtirdi:

– I-i-i, ana-a, ha bola bo‘lmay… siyg‘oq! – Kulimsirab qarab turgan Rustam, No‘mon va Hidoyatga arzihol qildi, – bunaqa sumakchalardan uyda yana ikkitasi o‘tiribdi. Shu turhatimni miltiqdosh og‘aynilarim ko‘rib qolsa bormi? Bir umrga mushakvozlik bo‘ladi-da o‘ziyam. Ha, nima deysan, Alixon ovchi “lalay-lalay” qilib tug‘uruqxona yonida kichkinasini to‘sib o‘tiribdi. – Ovchi bolani o‘ng qo‘ltig‘iga olib, chap kafti bilan peshonasiga shapillatib urdi. – Ammo-lekin, xotin bechora bu churvaqalarni qanday eplaydi, men hayron. Bir yilcha oldin vey, xotin, dedim, ha, dadasi, dedi, miltiqchilarni qatorlashtirib tashlading, rahmatu, ammo-lekin o‘zinggayam qo‘lingdan supurgingni oladigan bitta qizaloq tug‘ib olsang-chi, dedim, xo‘p bo‘ladi, dadasi, dedi, meni armonda qo‘yma, dedim, kimsan Alixon mergan degan nomim bor-a, dedim, tikka aytdim, yana xo‘p, dadasi, dedi. Qani ko‘ramiz, va’dasida turadimi-yo‘qmi… Lekin, avvalo, poshsho – Egam… – Keyin ko‘mak kutib Hidoyatga yuzlandi, – singil, buni ishtonchasini almashtirish kerakmikan-a? Yaxshiyam ehtiyot shart qaynonam qo‘ynimga quruqrog‘ini tiqib qo‘ygandi…

Hidoyat “ho‘ppisim-yey”, deb bolakayni qo‘liga olib, ishtonchasini yechayotganda tug‘uruqxona eshigi ochilib, hamshira Rustamni chaqirdi:

– Siz keling.

– Menmi?

– Ha, siz.

– Men emas, otasi – buyoq.

– Siz kiring, sizda ish bor.

– Tushunmadim?

Rustam jiddiy tortgan xotiniga xijolatomuz bir qarab qo‘yib, ichkariga kirdi.

– Do‘stingizning ayoli qiz tug‘di, – deb gap boshladi hamshira. – Izillab yig‘layapti. Uchinchi qizi ekan-u.

– Qizam farzand, nimaga yig‘laydi?

– Shuni do‘stingizga o‘zingiz ayting.

– Nega men? Iya, to‘xtang, o‘zidan suyunchisini olmaysizmi?

– Avvalgisida do‘ppisini yerga urib baqirib bergan ekan. Xuddi biz aybdorday. Nima eksa, shuni o‘radi-da.

Rustam tashqariga chiqib, bir muddat taraddudlanib qoldi.

– Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – dedi No‘mon peshonasi tirishib.

– Farzand muborak, do‘stim, – uni bag‘riga bosdi Rustam. – Umri bilan, rizqi bilan bergan bo‘lsin!

No‘mon uning quchog‘idan siltanib chiqib, qattiq tikildi:

– Gapirasanmi? Yo o‘zim so‘raymi?

– Nima dey? – Rustam bir oz sukut saqlab, davom etdi. – Tabriklayman.

– Eson-omon qutulib oldi-ku, Xudoga shukur, – taskin bergan bo‘ldi gap nimadaligini anglagan Hidoyat.

Kutaverib toqati toq bo‘lgan Alixon ovchi boloxonaning o‘rtancha derazasini mo‘ljallab baqirdi:

– Ho‘v tepadagilar! Biror yangilik bo‘ladimi, yo‘qmi? Bu yerda enasini kutib osmonga termilgan yetim kaklik jo‘jaday turaveramizmi? U yoqda qozonga juftta qashqaldoqni qaynatmaga tashlab kelganmiz. Qozonga tirmashib, qoqmoch bo‘p ketgandir!

No‘mon ovchi tomonga parishon qarab qo‘ydi-da:

– Qizmi? – dedi bo‘shashib.

– Shunaqa. Holva.

– Balki yanglishishgandir. O‘zim kirib so‘rab ko‘ray-chi. – No‘mon eshik tomon yura boshladi.

– Nega yanglishadi? Qirqta chaqaloq tug‘ilgani yo‘q-ku.

– Obbo, o‘g‘il kutgandigu. – No‘mon do‘ppisini yechib, kaftiga urdi. – O‘g‘il!

– Endi, og‘ayni, qiz ham farzand. Noshukur bo‘lma. Uchta qiz katta qilgan jannati bo‘ladi.

– Akamniyam o‘g‘li yo‘q. Uchta qizi bor. Dadam hovliga chiqib: “Bu hovlining egasi bormikan, yo bizdan keyin savatboshlarga qolarmikan?..”, deb nola qip qoladi.

– Kimdadir shuyam yo‘q. Tirnoqqa zorlar qancha, – dedi Rustam ezilib.

– Masalan, biz… – Hidoyat shunday deb gap boshladi-yu, tilini tishladi. Xijolat chekib, beixtiyor mashina yoniga borib, eshigini ochdi.

Ikkinchi qavat oynasi taraqlab ochilib, durrasini qiya o‘ragan doya pastga qarab shang‘illadi:

– Salimaxonni xo‘jayini! Hov Salimaxonni eri! Sizmi? Ha, suyunchini qiyiqqa o‘rab buyoqqa otavering, o‘g‘il bo‘ldi, o‘g‘il!

No‘mon er-xotinning yarasiga tuz sepgandek aybdorona sarosimaga tushib qoldi:

– Rustam… Haligi… Yuvish kerak endi!

Rustam indamay ulov tomon yurdi. Oynasini tushirib, nima qilishini bilmay turgan No‘monni chaqirdi:

– No‘mon, chiq, o‘tir!

– O‘zim ketarman.

– Qizlaring yolg‘iz qolgan.

– Yolg‘izmas, qo‘shni chiqib qarab turadigan bo‘lgan.

– O‘tir degandan keyin o‘tirgin-da, – dedi do‘q aralash Rustam. So‘ng birdan yumshab kulimsiradi. – He, qovunchi!..

 

Echki suti shifo

– Kecha biznikida qolgan bolalardan kichigini kasali jiddiy. Kechasi bilan kolxozni qo‘yiga o‘xshab yo‘talib chiqdi. Xuddi ko‘kso‘vga o‘xshaydi, – dedi achinish bilan Rustamning otasi.

– Ko‘kso‘v? – taajjublandi Rustam.

– O‘pka kasali, ko‘k yo‘tal ham deyishardi.

– Hech eshitmagan ekanman.

– Hidoyating juda kuyunchak, bolajon-da. Ertalabgacha shu bolaning boshida o‘tirib chiqdi-ya. Xuddi o‘zini bolasiday.

– O‘zim ham hayron bo‘luvdim. Shamollash bo‘lsa, tez o‘tib ketardi. O‘pkakasal deng?

– Akasiga tayinlab tushuntirdim. Bu dardga echki suti shifo. Lekin ko‘pchilikni orasida yursa, boshqalargayam yuqishi mumkin.

– O‘zi bir kelib, bir kelmayotgandi. Kelsayam tuzalmabsan deb mashg‘ulotlarga qo‘ymayotgandim.

– To‘g‘ri qilibsan.

– Shu aka-ukalarga mehrim tushgan edi-da, dada.

– Nega o‘tgan zamonda gapiryapsan? “Mehrim tushgan”, de. Otasini o‘tib ketganini eshitib, meniyam ko‘nglim ezildi.

– Dada, shularni uyga butunlay ko‘chirib olib kelib qarasak bo‘lmaydimi? Qo‘shni Shahobiddinni echkisiyam bor.

– Shahobiddindan yorug‘lik chiqishi qiyinu, bozor to‘la sog‘in echki. Sotib olarmiz. Faxriddin dallolga tayinlab qo‘yaman.

– Dallolni o‘g‘li menga qatnayapti aytgancha. Ancha qoruvli bola.

– Ha, unday bo‘lsa, yaxshi. Dallol unchalik aldamaydi.

 

 

Qaytar dunyo bu

– Javlon bola, xo‘roz parrandani poshshosi! Bilasanmi nimaga? Ana, bilmaysan. Nimagaki, xo‘rozni boshida toji bor! Xo‘pmi? Toj kimda bo‘ladi? Yashab tashla! Poshshoda bo‘ladi!

– Rasul aka, sassiqpopishakni ko‘rganmisiz? Undayam…

– Men parranda dedim shekilli, Javlon bola?

– Parrandadan tovusdayam toj bo‘ladi. Keyin, g‘ulg‘ulidayam…

– I-ye, sen xo‘roz tarafmisan yo sassiqpopishakmi? Issig‘ida xayrlashamiz shekilli…

– Men ataylab shunaqa savol beraman, o‘zim bilvolay deyman-da, jon aka. Har xil yuvuqsiz ishkallar bor, ilmoq tashlab qolishi mumkin. O‘shanda hozir sizdan  ilashtirgan gaplar bilan anjirini chiqarib tashlayman. Ustozsiz-da, Rasul aka!

– Jo‘jasanu, pixini yorgansan, Javlon bola! Ha, bo‘pti, buyoqqa qara! Mana bu – erta bahorgi birtepar, buni tuxumini Marg‘ilondan obkelib bostirganman. Ikkitasi makiyon chiqdi.

– Menga qarang, Rasul aka, ba’zi tuxumfurushlar kurk tovuqqa bostiraman, aslzoda, zotdor nasl kerak, desangiz, tuxumni qaynoq suvga bir botirib, artib-surtib tutqazvorarkan. Undan qirq yildayam jo‘ja ochib chiqmaydi. Shunaqalarniyam ko‘rgandirsiz?

– E, ko‘pini ko‘rganmiz. Har xil janaslar bor. Eng yomoni, o‘tgan yili Chichqonqishloqda bo‘ldi. Eshitgandirsan, Ro‘zi o‘risni mahallasidagi Muhiddin shilta nimadan o‘lganini?

– Eshitdimu, anig‘ini bilmayman. Hamma har xil gapiradi.

– Anig‘i shuki, falon pulga buyurtma qilib Kolumbiyadan jangari xo‘rozni bir juft tuxumini samolyotlarda opkeltirsa, kurk tovuqni topib kelguncha, xotini pishirib yeb qo‘yibdi. Keyin… shilta… alamiga chidolmay… og‘ilga kirib… – Rasul qo‘li bilan bo‘yni atrofini bir aylantirib, oyoq uchida turib o‘ng qo‘lini osmonga cho‘zdi, – arg‘amchini galstuk qivoribdi.

– Yo‘g‘-ye, cho‘ntagida olib yurmagan ekan-da? Ha esiz tuxumlar-a? O‘ziyam nosqovoqday ajabtovur bo‘lsa kerag-a? Rasul aka, manavi xo‘roz juda boshqacha-ya? Buyam Amerika-pamerikadan kelmaganmi?

– Didingga qoyil, Javlon bola! Xo‘rozni erkagi – shu. Amerika tugul Anjanni urishqoqlariniyam jilpillatib qo‘yadi. Maqsud Dangalni tarbiyasini olgan. Ha, manavinisi – tullak. Bu uch yillik. Ikkalasiniyam yangi so‘yilgan qo‘chqor jigari bilan boqqanman. Biror marta qochmagan.

– O‘zingizga o‘xshaganakan-da, aka?

– To‘g‘ri. Bizam hech qachon qochmaganmiz. Xo‘-o‘p, qoratomoshaga qaysi birini oboray? Ha, akangni xo‘rozlari! Qiyqiriq!

– Farqi yo‘q. Baribir sizniki yutadi.

– Folchimisan? Qayeringga qarab fol ochyapsan?

– Shep aytdi. Qo‘shni viloyatda dong‘i chiqqan xo‘rozvozni dakani o‘tgan hafta o‘n ming ko‘taribdi. Bu gal hamma o‘sha xo‘rozga tikadi. Shep o‘sha xo‘rozvozni xo‘rozini vaqtincha karaxt qiladigan dori ichirishga ko‘ndirib qo‘yibdi. Sizniki yutadi, uyam teng sherik.

– Ie, unga zarar bo‘lyapti-yu.

– Keyingi gal siz yutqazib berasiz. Maqsad – ko‘proq qimorbozlarni jalb qilish, ko‘proq soqqa yig‘ish, shov-shuv ko‘tarish.

– E, shepga qoyil! Shu odam bilan tanishganimdan beri oshig‘im olchi.

– Bir marta Rustam chempiondan yeganimizni hisobga olmasak.

– Qaytar dunyo bu. Bizdayam reja bor. Xudo xohlasa, bir kuni pat tiqib uchiramiz.

 

Qani, ko‘zimga qarang-chi

Tug‘ruqxonadan mahallagacha churq etmay kelgan Rustam No‘mon apil-tapil rahmat aytib mashinadan tushib qolgach, murosasoz ohangda gap boshladi:

– Hidoyat, haligi gap og‘zimdan bexos chiqib ketdi-da. O‘zimizni nazarda tutmayotuvdim.

– Menam No‘mon akani tinchlantirish uchun aytuvdim. Qadriga yetsin-da. Keyin, gapim sizga tegib ketdimikan deb qo‘rqdim.

– Menam sening ko‘nglingni og‘ritib qo‘ydim deb xijolat bo‘ldim.

– Biz bir-birmizni to‘g‘ri tushunamiz-ku, a?

– Bo‘lmasam-chi. Siz uydan uzoqda yurgan paytlaringizda ham, og‘ziga kuchi yetmaydiganlar baland-past gap tarqatishganda ham men doim sizni tushunishga harakat qilganman.

– Men ham olislarda seni mehringni his qilib yurganman.

– Lekin bildirmagansiz.

– Nega? Kelganimda ko‘zlarim aytmasmidi?

– So‘zlaringizdan eshitgim kelardi. Ayol kishi ko‘zi bilan emas, qulog‘i bilan sevadi degan gap bor.

– Erkak kishi-chi?

– Ko‘zi va oshqozoni bilan.

– Yolg‘on. Yuragi bilan sevadi. Masalan, men… To‘g‘ri, biz o‘zbeklar hadeb izhori dil qilavermaymiz. Boshqalar sevaman deb onasigayam, bolasigayam, xotinigayam kunda yuz marta aytsa, biz assalomu alaykum deganimizda, ko‘rishganimizda hamma tuyg‘uni ifodalagan bo‘lamiz.

– Qani, ko‘zimga qarang-chi, qo‘lingizni bering-chi.

– Mana, yaxshilab o‘qi.

– Rus tilini bilasan, yuzta tilni bilasan, ko‘z tilini bilmaysan, sho‘ring qursin oyimqiz, degan qo‘shiq bor-a?

– Birinchi eshitishim.

– Menam hozir to‘qidim.

 

Sen ham borasanmi?

Ko‘chada to‘p bo‘lib yugurib ketayotgan bolalar qo‘shtegirmonlik aka-ukalarning yoqavayron yig‘lamsirab kelayotganini ko‘rib taqqa to‘xtashdi. Aka-ukalar qarshilaridan xayrixohlik bilan yugurib kelayotgan bokschi akaxonlarini ko‘rib, o‘pkalari rosmana to‘lib ketdi.

– Velosipeding qani? – deb so‘radi bolalardan biri hansirab atrofga alanglarkan.

– Kim urdi? – dedi ikkinchi bola aka-ukaning yuzidagi ko‘kargan-shilingan jarohatlarga ko‘zi bilan ishora qilib.

– Voy, yomon yasashibdi-yu, – dedi boshqa bir bola achinib.

– Yo‘lda bolalar tutib olib urishdi. Velosipedimizniyam olib qo‘yishdi, – dedi aka-ukalar birinma-ketin hiqillab.

– Qayerda, kim urdi?

– Ko‘rsat bizga ularni!

– Solishishga boramizmi?

Bolalar bir-birini turtkilay ketdi:

– Sen borasanmi?

– Qayerga?

– Urishishga-da.

– Jim, bolalar! Hammamiz borolmaymiz. Ustoz sezib qoladi. Uzumzorning yonidan yugurib o‘tib ketdik, qaytib o‘tmasak bo‘lmaydi, – dedi birinchi bola. So‘ng aka-ukalarga yuzlandi. – Ular nechta edi?

– To‘rtta.

– Xo‘p, kim-kim boradi?

– Men boraman!

– Menam boraman!

– Sen-chi? Borasanmi?

– Albatta, ertalab amakim so‘kuvdi, qo‘lim qichib turibdi. Azim bilan Abdulniyam olib ketaylik.

– Aziz, sen ham borasanmi?

– Boraman.

– Qo‘y, tag‘in et-beti ko‘karib, lat yesa, musobaqaga boradigan bola…

– Ha, musobaqasi bor, – deb uning gapini ma’qulladi ikkinchi bola. – Aziz, sen bularga bosh bo‘lib tur. Yo‘qligimizni bildirmanglar. Mening sigirim paykalga kirib ketibdi. O‘shani quvlab, qolib ketdim. Tushunarlimi?

– Meni bir nima dersizlar. Bahonadan ko‘pi bormi? Misol uchun, yurakburma bo‘lib, makkapoyaga kirib ketdim. Qani, bo‘lmasa, surdik!

Bolalar yugurishda davom etishdi. “Jangovar guruh” esa aka-ukalarning kattasi yetovida boshqa tarafga chopib ketdi.

 

Kichkinasi ko‘z oldimdan ketmayapti

– Aka-ukalar ko‘rinmay ketdimi? Bugun ham kelishmadimi?

– Yo‘q, kelishmadi. Menam xavotirdaman.

– Borib surishtirib kelish kerakmikan?

– Bir o‘tib kelasizmi o‘zingiz? – dedi Rustam kesatgannamo.

– Mayli. Kichkinasi ko‘z oldimdan ketmayapti, – javob berdi Hidoyat kesatiqni tushunmay.

– Unda… darsdan keyin birga o‘tib kelamiz.

– Yaxshi bo‘lardi. Aytmoqchi, bugun majlis bo‘larkan-ku. Menimcha, shogirdlaringiz masalasi ham ko‘riladi.

– Shunaqami?

– Boksingiz o‘qishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganmish.

– Demak, zarbalarga tayyorlanib borishim kerak ekan-da.

– Nima ovqat qilay?

– Dadamdan so‘ra. Bizga maktabda qalampir sho‘rva tayyorlab qo‘yishganga o‘xshaydi.

– Qumortqi…

– Nima u?

– Tilimizni bilmaysiz-a? Qalampir sho‘rva “Qumortqi” deyiladi.

– Shevadami?

– Ha, albatta. Boshqa yerda bir qozon qilib qalampir qaynatib hech kim ichmasa kerak. Lekin viruslarni o‘ldiradigan turkana dori-da…

­– Puli kuygan qari qiz qizil qalampir chaynabdi, degan gapdan ma’lum… Men ketdim, maktabda qumortqi tayyorlab kutib o‘tirishgandir.

 

Qang‘illatib solaman!

Bezorilardan o‘ch olish ishtiyoqida ildam chopib borayotgan bolalarni Qodirjon “Stop! Stop!” deb to‘xtatdi. Chang yerga qo‘nib, odam odamni taniydigan sharoit paydo bo‘lgach, jabrdiyda shosha-pisha uqtira boshladi:

­­– Nozim aka, aytib qo‘yay, ularning orasida oq-sariqdan kelgan novchasi bor. Juda gapga usta ekan, odamni gangitib tashlaydi.

– Biz gaplashib o‘tirmaymiz. “Dang‘” etkizib…

– Yo‘q, u dang‘illatishingizga qo‘ymaydi, masalan, yaxshimisiz, deb mayin ovozda so‘raydi. Hol so‘rab turgan odamga dabdurustdan musht otvormaysiz-ku, to‘g‘rimi?

– Xo‘p, tezroq gapir, nima qilish kerak?

– Keyin, siz, yaxshiman, deysiz. U kimga yaxshisiz, ayangizgami yo qassob amakigami, deb so‘raydi. Siz ayam uchun yaxshiman-da, deysiz. U, demak, qassobga yomonsiz, to‘g‘rimi, deb so‘raydi. Siz ha, desangiz, yolg‘onchilikda ayblaydi, agar bilmayman, desangiz Bilmasvoy ekansan-da, qayerda turasan o‘zi, deb so‘raydi. Siz, masalan, To‘g‘inchi mahallada turaman, deysiz. U anchadan berimi, deydi. Siz ha, o‘n besh yildan beri, nimaydi, deysiz jahlingiz chiqib. U yana yolg‘on gapiryapsan, deb o‘dag‘aylaydi.

– Obbo! Qodir, seni bekorga urmagan ekan-da, qornim dam bo‘p ketdi, uka, tezroq maqsadga o‘taqol!

– Xo‘p, nega yolg‘on gapirarkanman, jaqqa javob, deysiz. U, nima, sen simyog‘ochmiding, shuncha yildan beri mahallada turasan, deb turtib yuboradi.

– Shu xolosmi? U turtguncha iyagini mo‘ljallab qang‘illatib solaman!

– To‘xtang, u yana nechinchi yil tug‘ilgansan, deb so‘rab qolishi mumkin.

– Obbo, nima balo, biz mushtlashgani ketyapmizmi yo vayankamatga ko‘rikdan o‘tganimi? To‘qson ikkiman, deyman!

– Ana-a! – Qodirjon turgan joyida bir sak­rab, chapak urdi, – baloga qoldingiz, qarmoqqa ilindingiz. Agar to‘qson ikkinchi yil tug‘ilgan bo‘lsang, demak, yoshing ikki mingga yaqinlashib qopti-da, ko‘rinishingdan ancha yosh ko‘rinasan, Pifagor senga akacha, Ibn Sino ukacha ekan-da, balki Xudoyorxonga o‘zing so‘ska tutgandirsan, deb masxaralaydi. O‘shan-chun mobodo so‘rab qolsa, tug‘ilgan yilingizni to‘liq ayting.

– Bu bola bizni viloyat olimpiadasiga olib ketyaptimi deyman?

– Eng yomoni, la’nati sariqmoshak laqab qo‘yish­ga juda usta ekan. Shunaqa qo‘yadiki, yangi oq ko‘ylakday yarashadi qoladi.

– Bo‘ldi, ketdik, laqab qo‘yishni men unga o‘rgataman!

Bolalar yana yugura ketishdi. Qodirjon saf boshiga chiqib, orqamachasiga yugurib borarkan, yana raqibni ta’riflay ketdi:

– Meni birinchi ko‘rgandayoq “Ha, so‘piltiriq, qinjir quyonni bozorga opketyapsanmi?” deb so‘radi.

Bolalar Botirjonning ozg‘in jussasini, shalpangquloqlarini ko‘z oldiga keltirib, yugurishdan to‘xtab, qorinlarini ushlab qolishdi.

Qumortqi

– …Ayniqsa, 6-“A” sinfdagi Ulug‘bek Ahmedov, Davlat Mamatxo‘jayev, Aziz Rahmonovlar o‘qishga qiziqmay qo‘yishdi, bo‘yingdan akang. Masalan, adabiyotga umuman befarq. O‘-qish-may-di! Na Pushkinni, na Tolstoyni, na Repinni o‘qishmaydi…

­– Domlajon, Repin rassom shekilli? Tarix kitobida rasmiyam bor.

– Repin deb eshitdingizmi? Bu yaramas to‘polonchilar dastidan boshlar aylanib, xotirayam ayron bo‘p ketdi. Rekin dedim shekilli? Ukrainlarda shunaqa shoir bor. Uncha mashhurmasu, menga yoqadi. Xullas, 6-“A”ga faqat boks bo‘lsa bo‘ldi! O‘rtoqlar, o‘rtoqlar, o‘zaro hurmatni saqlaylik. Bularning kundaliklarini tekshirib, keyin mashg‘ulotlarga qo‘yish kerak o‘zi, aslida.

– Bo‘ldimi? Yana kim fikr bildiradi? – dedi maktab direktori qoshlarini baravar ko‘tarib.

– Hozir biz tovuq o‘g‘irlagan tulki qolib, gilos cho‘qilagan olaqanotni quvalab yuribmiz, – deb gap boshladi mehnat o‘qituvchisi, – hozir asosiy masala, meni nazarimda, bolalarni paxtaga chiqarmaslik. O‘zimizni gulday umrimiz g‘o‘za oralab o‘tdi. Savodsizligimiz, ramaqijonligimiz, qo‘rqoqligimiz sho‘roning paxta siyosatiga borib taqaladi. Moskovni aytib o‘tirmay, Tbilisi, Yerevan, hatto Olmaotada o‘quvchilar to‘qqiz oy o‘qirdi-yu, biz sho‘ring qurg‘urlar uch oy nari-berisida bilim olardik. Maktab dasturi esa hammaga bir xil edi…

­– Ha, endi, Nazarjon Nazirovich, hozir darsdan keyin ixtiyoriy ko‘makka chiqishyapti. Buni nimasi yomon? Mehnatdan hech kim o‘lgan emas, – direktor negadir eshik tomonga bir qarab oldi.

– Ixtiyoriy, deymiz-ku, lekin uyma-uy quvalab yuramiz. Nega shu masalani ko‘tarmaysiz, domlajon? – Nazarjon Nazirovich bir muddat javob kutgandek Mirkomil domla tomon engashdi, – hozir zamon boshqa. Bola bechora qishlog‘imizdan odam chiqaraman deb harakat qilsa-yu, siz bunga to‘g‘anoq bo‘lsangiz. Sizda adolat bormi, janob… domla?

– Odam chiqishiga qarshimasman. O‘sha odam o‘qimishli bo‘lsin deyman, xolos, bo‘yingdan akang. Taniqli ziyolilar ko‘paysin, deyman.

– Agar qishlog‘imizdan shoir chiqarish niyatingiz bo‘lsa, xavotir olmang. Chiqadi shoir ham. ­– Musiqa o‘qituvchisi stolni barmoqlari bilan pianino qilib xattaxtaga qarab bir maromda so‘zlay ketdi. – Avvalamboshi, san’at uchun sharoit birlamchi. Qora mehnat iste’dodning dushmanidir, degan edi Nodir Jonuzoq. Qadimda shoirlarning she’r yozishlari uchun qulay sharoitlari bo‘lgan ekanmi? Bo‘lmagan albatta. Lekin mehnat ko‘ngilli bo‘lgan. Zavqiy domla Chopdorga kelib yer o‘zlashtirib, qovun ekkanini hamma biladi. Shu yerda g‘azallar ham bitgan. Nega? Chunki hech kim boshida qamchi o‘ynatib turganmas…

– Siz aytgan iste’dodni o‘ldiradigan mehnatni qilib, ijodni ham do‘ndirib, mashhuri zamon bo‘lganlar o‘zimizdayam ko‘p, bo‘yingdan akang. Ana, Soyib Mirzo butun boshli Toshkentda cho‘nglardan biri bo‘lib yuribdi. O‘shayam o‘zimizni qoradaraxtlardan.

– O‘ktam Hamro-chi, O‘ktam Hamro? Qishloqni to‘ylarini bir o‘zi gullatadi, azamat. Isroil Bekmirzani to‘yida so‘z olib, o‘sha yerni o‘zida tikkalay “Isroil akam rais”, deb she’r to‘qivordi. Qistir-qistir bo‘p ketdi. O‘zimizdayam talantlar ko‘p.

– Sizam o‘ldirdingiz, “Isroil akam rais, Obkeladi mayiz, Obkeganda mayiz, Yemaganlar dayis…” shuyam she’rmi? Zohid Ne’matniki boshqa gap…

– Meni bitta savolim bor, – qo‘l ko‘tardi geografiya o‘qituvchisi. Direktor iyagi bilan tasdiq bergach, davom etdi. – Boya familiyalari aytilgan bolalar avvallari a’lo o‘qirmidi?

– Yo‘q, bo‘yingdan akang.

– Demak, hech nima yo‘qotmabsiz. Loaqal, bolalarning bo‘sh vaqti foydali mashg‘ulot bilan to‘ldirilibdi. Ochig‘ini aytsam, siz sanagan bolalar geografiyadan yaxshi o‘zlashtirishni boshlashdi.

– Hay-hay, ko‘z tegmasin, astaroq gapiring, Zamiraxon.

– Bironta mamlakat poytaxtini to‘g‘ri ko‘rsatib bera olishadimi?

– Albatta. Faqat avval u yerda boks bo‘yicha biron-bir musobaqa bo‘lib o‘tishi kerak. Buyam natija.

– Men gapirsam maylimi? – deb o‘rnidan turdi kimyo o‘qituvchisi. – Avvallari o‘sha 6-“A” sinfidagi Ahmedov Ulug‘bekni hech tinchlantirib bo‘lmasdi. Judayam to‘polonchi bola edi. Hozir faqat tanaffuslarda tomosha ko‘rsatadi.

Mirkomil domla pixillab kuldi:

– Tanaffuslarda deng-a? Qoyil!

– To‘g‘ri, o‘zgargan, – deb gap qo‘shdi davradagilardan ikki-uchtasi.

– “Darsda uxlab qolib shovqin sololmaydi”, deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi.

– Yerning tortish kuchi bo‘lganidek, partaniyam tortish kuchi bo‘ladi. Boshingizni o‘ziga tortganini bilmay qolasiz. O‘zimizam o‘quvchi bo‘lganmiz. Shovqin solib o‘tirganidan uxlaganiyam durust.

– Ana-ana!

– Sport bilan shug‘ullangan boladan yomonlik chiqmaydi.

– Mana, masalan, Ulug‘bek Ahmedov faqat sportga qiziqadi, deyish noto‘g‘ri. Uning chizgan rasmlarini ko‘ring siz.

– Quyonni rasmini chizsa kerak-da.

– Domla, shogirdlarimni yerga uravermang, – dedi sabr kosasi  to‘lgan Rustam o‘tirgan joyida bo‘ynini cho‘zib. – Eshik oldida uchala bola turibdi, qaysi birini chaqir desangiz chaqiraman. Ko‘pchilikning oldida bitta she’r aytib bersa tinch qo‘yasizmi?

– Chaqiring, – amr qildi direktor. Keyin Mirkomil domlaga qaradi:

– Domla, qaysi birini chaqirishsin?

– Farqi yo‘q… – g‘udrandi domla joyiga o‘tirarkan.

Rustam Azizni boshlab kirdi.

– Xohlagan she’rini aytaversinmi?

– Aziznimas, boshqasini chaqiring.

– Farqi yo‘q edi-yu.

– Aziz Muqimiyning “Sayohatnoma” she’rini biladi. O‘shani aytadi. Boshqasini chaqiring. Masalan, Ahmedov Ulug‘bekni. U ikki dunyoda she’r yodlay olmaydi.

Rustamning buyrug‘i bilan Aziz tashqarida turgan Ulug‘bekni chaqirdi.

– Ulug‘bek xohlagan she’rini aytaversin, agar bilsa. To‘rtlik aytsayam mayli.

– To‘rtlik? – hayron bo‘ldi Ulug‘bek ko‘zlarini jovdiratib.

– To‘rtlik to‘rt qator bo‘ladi, – dedi Mirkomil domla barmoqlarini ko‘rsatib. – Haligi mashhur bo‘lgan qo‘shiqlarni she’rini aytib bersangam mayli. “La’lixon”nimi, a, bo‘yingdan akang!

– Xalq og‘zaki ijodidan namunalar! – Ulug‘bek tomog‘ini qirib she’r aytishga chog‘landi.

– Namunalar? Qani, eshitaylik-chi. Kesakdan chaqmoq degani shudir-da!

– Boshla. Parcha-parcha bo‘lsayam ayt.

– Van, van, van,

Senga berdim tan!

 

Tu, tu, tu,

Ay lav yu!

Bolapaqir direktor tomonga xavotir aralash ko‘z tashladi. Rahbar taqir boshini silab, ingliz tili muallimasiga qarab jilmayib turganidan ko‘ngli tinchib, yanada ovoziga erk berdi:

Sri, sri, sri,

Go‘zallardan biri!

 

Fo, fo, fo,

Ko‘zlari… voy-bo‘!

 

Fayv, fayv, fayv,

Boshqa gap hayf!

 

Siks, siks, siks,

Hammayoq tekis!

 

Sevn, sevn, sevn,

Gap otsam, sevin!

 

Angrayib qolgan Mirkomil domla o‘qituvchilarning hiring-hiringidan o‘ziga keldi.

– Yana bormi xalq og‘zaki ijodingdan, Ahmedov? – direktorning savolini rag‘bat o‘rnida qabul qilgan Ulug‘bek shiftga qarab, deyarli qichqirib davom etdi:

 

– Bozorga bordim,

Echki oldim.

Echki o‘lgur po‘choqxo‘r.

Baqirmagan cho‘-cho‘…

 

– Bo‘ldi! Bas! Yetadi! – direktor kaftini qalqon qilib vajohat bilan Ulug‘bek tomon oshiqdi.

– Yaxshi ketayotuvdi-da. Bekor to‘xtatishdi!

Ulug‘bek xuddi parvoz qilmoqchidek, ikki yelkasini baravar ko‘tarib, xayrixohlik ko‘rsatgan ingliz tili muallimasiga bir qarab olib, avjga chiqdi:

 

– Bog‘im boru bog‘im bor,

Bog‘imda anorim bor.

Hech kim qizini bermasa…

– Stop! Bo‘ldi-ye! – direktor Ulug‘bekning bilagidan mahkam ushlab, majlis ahliga xijolatli iljaydi, – tag‘in “O‘tirgan – o‘poq…”niyam she’r deb aytvormasin, a, domla?

– Menga yoqdi, lekin. Birinchi boshlagan she’riy parchalari shiru shakar bo‘pti. Har holda, ingliz tilida sanashni bilarkan.

– Vey, Ikromjon, o‘zimizam “Rapa-rapa, rapatam,O‘ris meni opatam!” deb ashula aytib yurardik-a? Bularnikiyam zamonga mos. Ohangini qarang, hih! – musiqa o‘qituvchisi zavqlanib qarsak chaldi.

– Oxirgi marotaba ogohlantiraman, – dedi direktor jiddiylashib Rustamga qarab. – Yana shikoyat tushsa, boks mashg‘ulotlaringizni to‘xtatasiz.

– Qanaqasiga oxirgi marotaba bo‘ladi? Oldingi safar ham oxirgisi edi-ku! – norozilandi Mirkomil domla.

– Bu eng oxirgisi. Keyingi safar eng oxirgisining oxirgisi bo‘lmaydi. Tushunarlimi?

– Tushunarli.

– Sen-chi, tushundingmi? Ustozingni yuzini yerga qaratmaysanmi? Seni deb ustozing maktabdan ketadi. Uqdingmi?

– Uqdim!

– Nima deyish kerak?

– Rahmat, boshqa qaytarilmaydi! – dedi Ulug‘bek qaddini g‘oz tutib.

 

Voy-bo‘, shunaqa zo‘rmisiz?

– I-ye, i-ye, mulla so‘piltiriq, quyonni sotib, o‘rniga oshqovoq sotvoldingmi? Voy-bo‘, o‘ziyam dashtda bo‘gan tomoshaqovoqlardan ekan-da!

– O‘zingga qara, sariq so‘piyon!

– Dirdovqo‘zi… – Nozim bezorilar sarkorining diqqatini o‘ziga tortmoqchi bo‘lgandi, u yana Qodirjonga qarab bamaylixotir savol yog‘diraverdi:

– So‘piltiriq, manavi do‘ngpeshanani ariqchadan tutvoldingmi?  Qoqbaliqni ko‘zida ma’no boru, bunikida sirayam ko‘rinmaydi-yu, a? Voy, so‘piltiriq, Afrikadan qarindoshlar kelishgan deb bir og‘iz aytib ham qo‘ymaysan-a? Mana bunisi Muhammad Alini jiyanimi deyman-da, burnini yapasqiligini ayt, eshikni ochgani qo‘lini ishlatmaydimi buning? Nima? Bokschiman deysanmi yo ho‘kizchaman deyapsanmi? Ha, bo‘shalib ketib dalama-dala yuribsanda shataloq otib dumingni xoda qilib…

Shu joyga yetib Nozimning tahdidli savoli raqibning “ilhom oti” jilovini tortdi-yu, beixtiyor iljayib qolgan bolalar o‘ziga keldi:

– Velosiped qani? – deb so‘radi xunobi oshib Nozim.

– Eshak bor, bo‘lmaydimi?

– O‘zingni taklif qilyapsanmi?

– Kimni eshak deyapsan, taka?

– Taka seni familiyang. Hozir kallangga bitta qo‘yaman, shoxingam o‘sib chiqadi!

– Voy-bo‘, shunaqa zo‘rmisiz? – dedi mahalliy bezorilar sardori ovozini mazax ohangida o‘zgartirib. 

– Yakkama-yakka chiqsang, bilvolasan, shipirinqi!

– Yakkama-yakka jang seni boksingda bo‘ladi, pashmak! Bizda hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun! Qani, sol, bolalar bachajishlarni!

Olatasir mushtlashuv boshlandi. Raqiblar mo‘r-malaxday yopirilib, bokschilarni yerga yotqizib, tepkilay ketdi. “Mehmon”larning baxtiga qishloq kattalari shu tomonga baqir-chaqir qilib kela boshladi. Ularning orasida alpang-talpang chopib kelayotgan melisani ko‘rib, hamma to‘g‘ri kelgan tomonga tumtaraqay qochdi.

Qodirjon yo‘l chetida yotgan velosipedni minib, poygachilarday cho‘nqaygancha tepkini tinimsiz aylantirib, birpasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sheriklari ham bor kuchlari bilan uning ortidan chopishdi. Paxtazorga yondosh tuproq yo‘lda chang g‘ubori tumanday muallaq qoldi, xolos.

 

Uyda o‘tiruvdim g‘amsiz…

– Ustoz, yordamga keldik.

– O‘zimiz tashib olamiz. Ovora bo‘lmanglar. Tag‘in birov ko‘rsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilyapti deb yurmasin. O‘zi, kechagi majlis ham yetadi. Qani, marsh! Jo‘nanglar! Saldan keyin menam boraman.

– Bir amallaylik, uka, – uzilib qolgan suhbatni uladi qishloqdosh.

– Toshkentga borgandan keyin o‘zimni giloslarimniyam sotishga vaqtim bo‘lmaydi. Musobaqaga ketyapman, aytdim-ku.

– Ko‘tarasiga berib yuborarsiz.

– O‘zimnikini shunaqa qilaman haliyam.

– Biznikiniyam ola keting. Bor-yo‘g‘i to‘rt yuz kilo.

– Aka, bo‘ynimga ololmayman. Xafa bo‘lmang, sizni ishontirib olib ketsamu, uyog‘i o‘xshamay qolsa… Eng yomoni, birovning omonati…

– Sizga ishonaman, o‘xshamay qolsayam da’vo qilmayman.

– Sotolmayman, meni qiynamang, aka. Menga qarang, xaridorlar o‘zlari qishloq kezib yuribdi-yu. O‘shalar bilan kelishing.

– Be, g‘unajinning ko‘ziday giloslarimni firibgar talonchilarga nosvoy puliga tutqazgandan ko‘ra olaqanotlarga talatganim yaxshi. Xo‘sh, o‘zingiz-chi? O‘sha qaroqchilarga ixtiyoriy aldanasizmi? Mana, Toshkentga olib ketyapsizu?

– Men ish bilan ketyapman. Biryo‘la…

Rustam uchun o‘ng‘aysiz bu suhbatni shogirdi Madaminning tomdan tarasha tushgandek murojaati buzdi:

– Ustoz, sizni Oxunjon aka chaqiryaptilar.

– Nimaga?

– Bilmadim. Melisa Baxtiyor akayam bor.

– Yo‘g‘-e. Baxti melisani menda nima ishi bor ekan? Uyda o‘tiruvdim g‘amsiz… Yur, boraylik-chi… Uzr-da, aka, buyog‘i zarilga o‘xshaydi.

 

Endi qaytish yo‘q

– Menga qara, ov, ovsar! Anavi yutgan bolani yashash joyini aniqlab, o‘zing borib ota-onasini rozi qilib kel. So‘raganini ber! Ko‘rdingmi aylanib tepishini. Haqiqiy karatechi shunaqa bo‘ladi. Xo‘rozni o‘zi-ya!

– Xo‘p bo‘ladi. Borizga shukur, shep. Nihoyatda kuchli jamoa yig‘dingiz, – olqishladi uni shotiri. – Kecha zo‘r kurashchilarni ham chertib-chertib tanladingiz. Endi hamma jang san’atini omuxta qilib dars o‘tadigan davr ham kep qoldi-yov.

– Lekin bizni musobaqada baribir boksni o‘rni katta. Xalqaro janglarda yutganlarning aksariyati boks bilan shug‘ullangan.

– Endi nima qilamiz?

– Rustam akang bilan yana bir raund gaplashishga to‘g‘ri keladi shekilli.

– Men yoningizdaman, shep!

– Sen… ha, yonimdasan, ja ko‘nglim to‘q. Xudogayam rahmat…

 

Bu odam kim?

– Nima gap o‘zi, amaki?

– Nega birovni bolasini urasiz?

– Birovni bolasi? – o‘shqirdi Gerakl. So‘ng Tohirni siltashga tushdi. – Kimni bolasisan, o‘v? Men senga nima degandim? Shu la’natilarni oldiga bormagin, demaganmidim?!

Tohir karaxtlanib, yerga qarab jim qoldi.

– Amaki, o‘ylab gapiring! – dedi Aziz tutaqib. – Biz nega la’nati bo‘larkanmiz?

– Sen aralashma, gishchumchuq!

– Tohirni qo‘yvoring!

– Tur, yo‘qol!

Gerakl o‘g‘lini mashina tomon sudrab borib, bo‘ynidan ushlab egib, majburlab ichkariga tiqdi. Bolalar g‘uj bo‘lib ulov yo‘lini to‘sdi. Gerakl ketma-ket signal berdi. Hech kim yo‘l bermagach, noiloj tushdi. Umidvor Tohir ham oynadan mo‘raladi.

– Tohir, bu odam kim bo‘ladi senga? – dedi Aziz Geraklga ishora qilib.

– Dadam… – dedi Tohir yutinib.

Shundan so‘ng bolalar jimgina yo‘l bo‘shatishdi. Hammasining mushti tugilgan, ko‘zlarida g‘azab olovlanardi…

 

Bo‘lar ekan-ku

– O‘rtoqlar, e’tibor bering, bolalarga qasddan tan jarohati yetkazilgan. Beshta bolaga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Deyarli hammasining ko‘zi ko‘kargan, burni qonagan. Yetib kelganimizda qochib qolishdi azamatlar.

– Moddiy zarar ham yetkazilganmi? – deb so‘radi mahalla oqsoqoli Oxunjon aka.

– Yo‘q. Moddiy zarar yetkazilmagan. Buning iloji ham yo‘q – mushtlashuv dala yo‘lida yuz bergan.

– Tut-putni ag‘darib, ariqchani ko‘mib tashlashmaganmi ishqilib?

– Sizga o‘xshagan maslahatchilari bo‘lmagan-da afsuski, – hudud nozirining avzoyi aynidi. – Sizni familiyangiz nimaydi? Aha, Rossiyada uch yil zim-ziyo bo‘p ketgan Nozim bo‘yoqchining dadasimidingiz? Hozir qayda u? Nima ish bilan band? Ketmay turing, sizga alohida gap bor.

– Men aytardim-a oqibati yaxshi bo‘lmaydi deb, – xonaga xalloslab, hovliqib Mirkomil domla kirib keldi. – O‘zi bezori bo‘lishsa-yu, tag‘in ularga urishishni o‘rgatishga balo bormidi?!  – Shu payt ko‘zi Rustamga tushib, bosh irg‘ab salomlashgan bo‘ldi. – Mana, endi melisavozlik!

– Xo‘p, Baxtiyorjon, bunday qilsak, qo‘shni qishloqdagilar bilan o‘zim gaplashsam. Arizalarini qaytarib olishsa, aybdorlarni o‘zimiz jazolasak… – dedi Oxunjon aka tarafdor qidirgandek atrofdagilarga qarab.

– Ariza-pariza yo‘q. Shikoyat ham qilishmagan. Kim urganiniyam mardlarcha aytishgani yo‘q. Qishlog‘ingiz bolalarining dong‘i ketgani uchun to‘g‘ri shu yerga keldik.

– Balkim u bizni bolalarmasdir, – dedi Rus­tam umidlanib va o‘tirgan joyida bir qo‘zg‘alib qo‘ydi.

– Tutolmagan bo‘lsak ham ko‘rganmiz-ku. Topdik o‘sha o‘zimiz quvlagan bolalarni.

– Balki o‘xshatgandirsiz?

– Ana ko‘zlariyam ko‘karib yotibdi, – nozir bolalardan birini barmog‘i bilan ko‘rsatdi.

– Bir yilda ko‘zing necha marta ko‘karadi? Akangga ayt-chi, – dedi Rustam shogirdiga.

– Bilmadim. Ko‘p.

– Musobaqalarda, mashqda tez-tez musht tushib turadi. Bu bokschilarda tabiiy hol. Agar shuni asos deb hisoblayotgan bo‘lsangiz, yanglishasiz.

– Agar kerak bo‘lsa qo‘shni qishloqdan arizalaram yozdirib kelaman.

– Endi, ukam, bo‘lmasam ga-ap bunday, bizni butun tumanga sharmanda qilmasdan bularni o‘zimizga qo‘yib bering. Boplab ta’zirini beraylik.

– Shunga keldim o‘zi. Qanday chora ko‘rasizlar? Bilsak bo‘ladimi?

– Eng keskin va og‘ir jazo beramiz. Ota-onalarini chaqiramiz. Hamqishloqlari oldida uyaltiramiz.

– Boks seksiyasini yopamiz! – deb gapga qo‘shildi Mirkomil domla.

Hamma birdan Rustamga qaradi.

– Agar mening bolalarim shu ishni qilishgan bo‘lsa, aybim katta. Ularga yetarlicha tushuntirmagandirman. Lekin… boks seksiyasini yopmaylik.

– Boshqa iloji yo‘q, – dedi oqsoqol kucha­yib. – Tag‘inam bu ukamiz kelib o‘zimizga imkon beryaptilar. Agar keskin chora ko‘rmasak, bu ish rasmiylashtirilsa, bardamalab ketib, oqibati yomon bo‘ladi. Nafaqat maktabimiz sha’niga, butun qishlog‘imizga dog‘ tushadi.

– Agar chora ko‘rilsa, meni da’voyim yo‘q. Ishni rasmiylashtirmayman.

– Boks seksiyasi yopildiyam deylik. Unda tuman markazidagi sport maktabiga borib ishlayman. Ishga taklif qilib yotishibdi. Lekin qishloqdagilar boksni unutishadi deb o‘ylaysizmi?

– Yo‘q, bu bolalar endi sizni etagingizni hech qachon qo‘yvorishmaydi. Tuman markaziga qatnab bo‘lsayam boks bilan shug‘ullanaverishadi, – dedi sartarosh iyagini siypalab.

– Ertaga viloyat chempionatiga Aziz Rahmonovni olib ketishim kerak. Balki kelganimdan keyin yana maslahatlasharmiz.

– Hech qanaqa musobaqa-pusobaqa yo‘q endi. Keyin yana boshqa gap topiladi. Yopmaylik deysiz. Chempion bo‘ldi-ku deysiz, – dedi norozi ohangda Mirkomil domla.

– Viloyat chempionatiga chiqdimi shogirdingiz? – qiziqsindi nozir.

– Ha, chempion bo‘lishiyam mumkin.

– Rapqonni televizorda gapirmasayam mayli. Hechqisi yo‘q. Shundog‘am dovrug‘imiz doston bo‘ldi, bo‘yingdan akang.

– Yomonmi gapirsa? Men hakamlik qilgan jang­larni sharhlashganda qayerdan, qaysi qishloqdan chiqqanimni aytib o‘tishadi. Agar Aziz viloyat chempioni bo‘lsa-yu, Rapqonni tilga olishsa yomonmi?

– Ko‘pchilik nima desa shu. Seksiya yopilishi aniq. Yo musobaqadan oldin yo keyin, – dedi Mirkomil domla ovozi bo‘g‘ilib. So‘ng nozirga qaradi. – Bularni o‘zlashtirishlariyam yomon.

– Bo‘ldi-da, domla, endi yana she’r ayttirishingiz qoluvdi.

– Faqat mening darsimdangina emas, boshqalaridanam bo‘sh. O‘ta bo‘sh.

– Viloyat birinchiligida har kimam qatnashavermaydi, – Rustamni qo‘lladi nozir, – respublikaniki qachon?

– Iyulda.

– “L”sidami, “n”sidami? – peshona tirishtirdi Mirkomil domla.

– “L”sida, iyulda, – domlaning yuziga qaramay javob qildi Rustam.

Chekkada turgan Aziz adabiyot o‘qituvchisiga qarab gap qo‘shdi.

– Agar she’r aytib bersam ruxsat berasizmi? Men hech qayerga urishishga bormaganman.

– Fizikadan savollarga javob bersangam qarshiman. Eshitdik kecha senga o‘xshagan bittasini she’rlarini.

– Bu bola to‘polonda qatnashmagan bo‘lsa, unga da’voyim yo‘q. Qolaversa, musobaqaga borishiga ota-onasidan boshqa hech kim qarshilik qilolmaydi.

– Iya? Hozirgina jazo talab qilayotgan sizmidingiz, – peshonasi tirishdi domlaning.

– Aynan bu bolaning aybi yo‘q ekan-ku. Unga imkon berish kerak. Menimcha, to‘garakni bir kun-yarim kun kechroq yopsak ham osmon uzilib tushmaydi.

– Nima? Balki bu jo‘jaxo‘rozlarga rahmatnoma ham e’lon qilarmiz, bo‘yingdan akang?

– Yo‘q. Tushuntirish xati yozib berishsin kechirim so‘rab. Ma’lum bir vaqtgacha boks bilan shug‘ullanishni taqiqlaylik. Agar seksiya yopilsa, boya aytganlariday, bolalar murabbiylarining ketidan tuman markaziga qatnashlariyam mumkin. Yo‘lda bir nima bo‘lsa-chi, kim javob beradi? Mayli, she’r aytsin. Eshitaylik. Yaxshi aytsa, borsin musobaqasiga. Buyam bir imtihon.

– Siz oldin eshitib ko‘ring buning she’rlarini. Kechagidaqasidan bulargayam ayt, bu yerda ayollar yo‘q-ku.

– Boshqachasini aytsam-chi?

– “Sayohatnoma”dan boshqa she’r aytsang, kundaligingga yakuniy “besh” qo‘yaman. Keyin boks bilan shug‘ullanishingga umuman qarshilik qilmayman. Xohlasang, cho‘milayotgandayam qo‘lqoplaringni yechma.

– Musobaqaga-chi, boramanmi?

Hamma bir-biriga qaradi.

– Umuman olganda, men qarshimasman. Melisa ukamiz ham rozi-ku, a? – dedi oqsoqol.

– Albatta, roziman.

– Tavba, maktabdagilari yetmaganday bu yerdayam she’rxonlik bo‘larkan-da.

– Domla, siz adabiyot o‘qituvchisimisiz? Muncha she’rga tixirlik qilasiz? Qani, Aziz, ayt!

Xuddi kinoga kirgan tomoshabinlarday hamma joylashib o‘tirib oldi.

Aziz ikkala kaftini shimining cho‘ntagiga bosgancha she’r boshladi.

– Muhammadqodirga!

 

Boburdan merosmi ko‘zingdagi cho‘g‘,

Ey sen mushti qattiq, ko‘ngli bo‘sh bola?

Yashil o‘rmonlarda ulg‘ayganing yo‘q,

Sening ham ko‘z ochib ko‘rganing dala.

 

O‘zi yayramagan seni yayratib,

Otang sahar kelib, ketgan saharda.

Onang paxta tergan seni uxlatib

Tollarga osilgan belanchaklarda.

Baxtiyor bolalik kechagi ertak,

Yuragi uvishgan, ko‘zi achishgan.

Sening ham qo‘lingga berishib etak,

Sening ham ustingdan dori sochishgan.

 

Asl chempion har o‘zbek bo‘lolgan,

Daladir dunyoda asli katta ring.

Dehqonning qo‘liga kishanlar solgan,

Millat dushmanlari sening raqibing.

 

Zarbingdan qalqisin kulayotganlar,

Yumshoq o‘rnidan bir turib qo‘ysinlar,

“O‘zbekning ishi”ni o‘ylab topganlar,

O‘zbekning mushtini ko‘rib qo‘ysinlar!

 

Kurash to‘ylarga ko‘rk, sayilda ermak,

Bilaklarga berdik xirmonlarda tob.

Yaponning egnida bizlarning yaktak,

Paxtamiz Muhammad Aliga qo‘lqop.

 

Bizning ustozimiz imon va ixlos,

Asli-ku maqtanish emas bizga xos.

O‘n ikki yoshida ko‘zlari chaqnab,

Bobur yo‘lbars bilan olishgani rost.

 

Kimlardir bizlarni qo‘shmasdi safga,

Mushtingda millatning nomusi jodir.

Qay raqibni yiqsang, ular tarafga

Bir kulib qarab qo‘y, Muhammadqodir.

 

Dengiz bo‘lib jo‘shgin, daryo bo‘lib qalq,

Ketsin ko‘ngillardan ranjlar ozori.

Sening suyanchig‘ing ortingda bir xalq,

Sening murabbiying – millat sardori.

 

Qadoq bitgan panja zarbi shunaqa!

Ketmon tutgan panja zarbi shunaqa.

Habashmisan, farang, tur, ey og‘ayni,

O‘zbekning anjancha zarbi shunaqa!

 

Hayot asli kurash, hayot asli jang,

Yangi zafarlarga yo‘llasin seni.

To‘n kiyib qachonki maydonga chiqsang,

Pahlavon Mahmudlar qo‘llasin seni!

 

Men bulbul emasman, men bir jaydari,

Ko‘nglimga sig‘inib bir qalam surdim.

Xudodan so‘rayman, sening singari

Qodir o‘g‘lonlari ko‘paysin yurtning!

 

Mirkomil domla mijjalarini kafti bilan artib, Azizga quchog‘ini ochib, tebrangancha kelaverdi:

– Beriroq kel, bolam. Peshonangdan bitta o‘pay!

– Bo‘lar ekan-ku! Yashavor! She’rni kim yozganini ham bilasanmi?

– Ha.

– Bunaqa o‘g‘il bola she’rni Muhammad Yusuf yozadi-da, – deb uning o‘rniga javob berdi Rustam to‘lqinlanib. – Qani duo qiling, oqsoqol.

– Iloyim, g‘olib bo‘lib, yorug‘ yuz bilan qaytishni nasibi ro‘z aylasin, omin!

– Muhammadlar qo‘llasin seni!

 

G‘alamis ham ko‘p-da

– Ustoz, ustoz!..

– Kechasi ringimizni yoqib ketishibdi…

– Eshitdim, dadam aytdi. Tezroq yuringlar!

Maktab yonidagi qo‘lbola mashg‘ulot maydoni tutab yotibdi. Ring arqonlari uzilgan. Qoziqlari yonib bitgan. Olov atrofdagi maysazorni ham anchagina egallab, kuydirgan. Yirtilib yotgan mashq qoplari shabadada bir qo‘zg‘alib, yana yerga yopishadi.

– Qaysi ablahning ishi ekan bu? Kimga kerak ekan? – dedi Rustam o‘ziga o‘zi gapirganday.

Shu payt maktab qorovuli paydo bo‘ldi:

– Yarim tunda shovqin eshitganday bo‘ldim. Ha, endi, o‘spirinlar to‘ydan qaytishayotgandir-da, deb yotaveribman. A’zam Quyqiy uylandi-yu. Nahorgi oshda ko‘rinmadingiz? Tavbangdan ketay, o‘zini to‘yida ashula aytgan odamni endi ko‘rishim. Kayfi bormi yo? Ha, mayli. Oshdan chiqib kelsam, bu ahvol. Tavba, astofirullo… G‘alamis ham ko‘p-da.

Rustam sillasi qurib, og‘ir xayollarga cho‘mgancha yerga o‘tirib qoldi. Biroz vaqt o‘tib, tizzasiga bir musht urdi-da, o‘rnidan turib, yong‘in qoldiqlarini qo‘li bilan tozalay boshladi. Shogirdlari va maktab qorovuli ham yumushga qo‘shildi.

 

Nima qilsak ekan?

– Aytsam ishonmaysiz. O‘sha kundan beri tuz totgani yo‘q bolam bechora. Xonasidan chiqmaydi. – Ayol birdan piqillab yig‘lab yubordi. – Bir narsa bo‘p qolsa…

– E, ovozingni o‘chir! Hech narsa qilmaydi…

– O‘zingiz kirib bir ko‘ring. Keyin bilasiz.

Gerakl uf tortib o‘rnidan turdi-da, Tohirning yotoqxonasiga kirib, chiroqni yoqdi. Yuztuban yotgan Tohir miq etmadi.

– Ey bola! Biror joying og‘riyaptimi seni?

Tohir javob bermadi. Gerakl birdan tutaqib, o‘shqirdi:

– Tur o‘rningdan, o‘v! Hozir pachag‘ingni chiqaraman!

Otaning guldurakdek vahshati bolaga ta’sir qilmadi.

Birozdan so‘ng Gerakl bo‘shashdi. Tohirning yoniga o‘tirib, bilagidan ushlagan edi, u qo‘lini zarda bilan tortib oldi.

– Xayriyat, tirik ekansan-ye!

Tohir otasiga ters o‘girilib, devorga qaragancha yotaverdi…

Er tashqariga chiqib, betoqat kutayotgan xotiniga yaqinlasharkan, murosa ohangida gap boshladi:

– Munir, rostdan bu yog‘i jiddiyga o‘xshaydi. Nima qilsak ekan?

– O‘zingiz-da! He yo‘q, be yo‘q boksdan ajratib oldingiz. Qatnasa qatnabdi-da, ko‘chada bema’ni sang‘igandan ko‘ra. Oxiri, zerikib o‘zi tashlab ketardi boksini.

– E-e, bu yerda boshqa gaplaram bor-da sen bilmaydigan… Mayli, borsa-borsin. Lekin men ruxsat berganimni aytma. Go‘yo men bilmayman. Balki, sen aytganday tuzukroq musht tushsa, tavbasiga tayanar. Tushunding-a? Xuddiki mendan yashirincha sen ruxsat beryapsan unga…

 

Hamma to‘plandimi?

– Assalomu alaykum! Ustoz, bugun mashg‘ulot bo‘ladimi?

– Qanaqa mashg‘ulot? Yana ochiq dalaga boramizmi?

– Yo‘q, o‘zimizning joyda.

– Kultepadami?

– Yo‘q, ustoz. Oldingidan ham yaxshiroq ring qurib berishdi.

Rustam hayron bo‘lib, telefonini chap qulog‘idan o‘ngiga oldi.

 – Qurib berishdi? Kimlar?

– Mahalla.

Rustam jonlandi:

 – Toshkentga borib kelgunimcha-ya? Ikki kunda-ya? Mashq qoplari-chi?

– O‘zimiz yasadik. Qopga qipiq aralash qum soldik.

– Hamma to‘plandimi?

– To‘plandi.

– Qo‘shtegirmondan qatnaydigan aka-ukalaram kelishdimi?

– Yo‘q.

– Kelishgani yo‘q, de. Mayli. Ishlari chiqib qolgandir-da. Yo ukasini yana mazasi yo‘g‘mikan? Bir sog‘ayib qoladi… Bir… Bo‘pti, qolgan gapni maydonda gaplashamiz.

Telefonini o‘chirib, yon cho‘ntagiga soldi.

 

 

Nasihat

– To‘y shu-da, bolam, hammani birday rozi qilib bo‘lmaydi. Mehmon serobgarchilik bo‘ldi, desa, mezbon isrofgarchilik bo‘ldi, deydi. Ishqilib, bizniyam to‘ylarga yetkazsin! Bola yosh, qishloqqa qaytib, ustozlik yo‘lini tutganinggayam to‘rt-besh yil bo‘p qoldi…

Rustam dadasi gapni qaysi tomonga burayotganini fahmlab, zarur bo‘lmasa-da, yon oynasini ko‘tarib-tushirdi.

– Dada, to‘yxona ko‘chasida tomosha ko‘rsatayotgan zangvozlarni siz ko‘rmadingiz-da! Besh yasharcha bola shunaqa akrobatlik qildiki, og‘zingiz ochiladi. Yana, birov pul uzatsa, to‘ppa-to‘g‘ri ishtonini ichiga tiqadi. Rosa kulgi bo‘ldi.

– Ilohim, ana o‘shanaqa sog‘lomu chapdast farzandlardan ato etsin sengayam. Ko‘nglingga olmaginu, xotiningni bir do‘xtirga ko‘rsatmading-da.

Rustam duv qizarib oldi-da, yo‘l bermay kelayotgan “Jiguli”ga ustma-ust signal berib, yonidan o‘tib olgach, sipo javob qaytardi:

– Ko‘ringanmiz, dada. Soppa-sog‘sizlar, kuting­lar, deyishgan.

– E, bola yosh, kutgan bilan bir ish chiqarmidi? Harakat qilish kerak bundog‘.

Rustam otasiga ajablanib qaradi.

– Hech esimdan chiqmaydi, ayang “sariq kasal” bo‘lib, Qo‘qondagi shifoxonaga tushganda tog‘ang qatnashga qulay, deb ishxonasiga tegishli ko‘pqavatli uydan ijarajoy topib bergandi. Ikki hafta adabimni yeganman. Kunduzi metin “zindon”ning issig‘i yurakni siqsa, kechqurun devorqo‘shni er-xotinlarni qirpichog‘i qoningga tashna qiladi. Endi uyquga yotishing bilan taraqa-turuq, bir narsalar singan, dod-voy, chinqiriq… Qiyomat qoyim qo‘pdi-yov, deysan. Birinchi kuni ularni vahmasidan qo‘rqib pastki qavatdagi eshik og‘asiga yugurib tushibman. Shunday-shunday, o‘n to‘rtinchi xonadonda vaziyat chatoq, hozir yo xotin, yo er aniq o‘ladi, “So‘yib go‘shtingni tuzlayman!” deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim, desam, pinak buzmay, “Qo‘yavering, mehmon, har kuni shu ahvol, ularga jin ham urmaydi, turmush tarzi shunaqa”, deb qo‘l siltab qo‘yaqoldi. Ertalabgacha quvalashib, yumalashib chiqishdi baraka topgurlar. Eshikni buzib kiray desam, begonaman, eshitib yotaveray desam, bilib-sezib turib qotillikni oldini olmadingmi, degan so‘roq-savolni o‘ylayman. Bir balo qilib tong ottirvoldim. Ertaman qaysi ko‘z bilan ko‘rayki, eshik ochilib, bashang kiyingan er-xotin hech narsa bo‘lmaganday bir-birlarini yalab-yulqashib, qo‘ltiqlashib chiqib, men bilan asal-shakar salomlashib, ko‘chaga xush-xandon chiqib ketishdi. Devorga suyangancha angrayib qopman. Yo xudo, shunaqayam oila bo‘ladimi? Bundan ko‘ra tinchgina orani ochiq qilib, o‘z yo‘lingdan ketmaysanmi?

– Keyin-chi?

– Nima keyin? Keyin o‘rganib qoldim. Ularni bo‘lgan bo‘tasi shu ekan. Tog‘angga aytsam, “E-e, parvo qilmang, qiziq odamlar, sevishib turmush qurishgan. Agar ajralasan, desangiz, o‘sha zahoti o‘zlarini o‘ldirishadi. O‘rtaga tushganning qanchasi ahmoq bo‘p ketdi. Quda-anda bularni janjali sabab yuzko‘rmas, o‘zlari bo‘lsa yana boyagi-boyagi, oshiq-ma’shuq. Har xil odam bor-da, pochcha”, deydi. Yigit tog‘angning kallali shogirdi ekan, yaqin tortib, keyinchalik hovli-joy qilib, biz tarafga ko‘chib keldi… Bola yosh, ha, ro‘zg‘orni qolipi bo‘lmaydi. Nega iljayib qolding? Ha, sezding-a? Bugungi to‘y egalari o‘shalar bo‘ladi. Tog‘angni to‘y egasi bo‘lib gerdayib turishini ko‘rding-ku. “Haligi hunarlardan haliyam bormi?” deb so‘rasam, “Farzandli bo‘lib, tekin tomoshaniyam bas qilishgan, kechasi-yu kunduzi bir xilda – Layli-Majnun”, deydi tog‘ang. 

– Ha-a, qiziq, – deb qo‘ydi Rustam nima deyishini bilmasdan.

– Qiziqligini qo‘y, bola yosh, bunday qil: nima ko‘p – tevarakda aziz avliyolarning mozorotlari ko‘p. Bekordan-bekor shuncha odam chiroq yoqib qurbonlik atab yurmasa kerak. Shohimardongami, Poshshopirimgami ixlos qilib borib kelinglar onang uchoving.

– Siz-chi, dada? Siz bormaysizmi?

– Bunaqa ishlar xotin-xalajga yarashadi.

– Ko‘ryapsizmi? O‘zingiz ham ishonmaysiz.

– Ha, endi, sendan nima ketdi, bolam. Bo‘sh vaqt topib borib kelaver – ham ziyorat, ham sayohat. Hech bo‘lmasa miyang dam oladi. Buvaydada so‘lim joylar ko‘p. Lekin yerga dumalab, mozorni shayxini qamchisini yeb yurma.  Hammasiga chidaymanu, ana shu irim-sirimiga kelganda kulgim qistaydi. Balki, bundayam bir hikmat bordir, kim bilsin.

­– Ko‘pi xurofot, dada. Bizni taraqqiyotdan ajratgan, qoloq va qo‘rqoq qilgan narsa ana shu mayda-chuyda irim-sirimlar, Alloh bir chetda qolib, qabrlarga, toshlarga, odamlarga sig‘inib yurish eng katta ahmoqlik, deganingiz qulog‘imda turibdi.

– Shunaqa deganmidim? Odam qarib qolgandan keyin… Lekin gaping to‘g‘ri. Hamma narsa Yaratganni irodasiga bog‘liq. Bo‘pti, Allohdan so‘rashdan to‘xtama, lekin o‘zingam qimti…

 

Bobolarga munosib bo‘l!

– Bolalar, umuman olganda, buyuk bobolar tarixiga qiziqishingiz meni qanoatlantirdi. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q, deydilar. Qanday ulug‘ ajdodlarning avlodi ekanini bilgan odam hech qachon past ketmaydi. Beruniy, al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy, Bobur Mirzo… Bolalar, bolalar, diqqat menda, menga qaranglar, madomiki shunday buyuk zotlarning qonlari tomirimizda oqayotgan ekan, nega endi bizning oramizdan ularga munosib izdoshlar chiqmayapti? Kim javob beradi? Kim?

Shu payt eshik ochilib, kollej direktori bilan Rustam kirib keldi. “Hurmat!” deb xitob qildi o‘qituvchi. O‘quvchilar o‘rinlaridan turib, qo‘llarini ko‘kislariga qo‘yib salom berishdi.

– Hurmatli o‘quvchilar, biz bir jiddiy masalada kirdik. Azizbek Rahmonov, bu yoqqa chiqing-chi!

Aziz hayron bo‘lib, shoshilmasdan xattaxta yoniga chiqdi. Hamma nafasini yutib, ko‘ngilsiz voqeaga shaylandi.

– Bizni qishloqdan ko‘plab taniqli odamlar chiqqan. Ular orasida bitta kolxoz raisi, bir nafar tuman gazetasi muxbiri, qariyb ikkita katta fermer, bitta dongdor pillachi, xushovoz xonanda Erali Esonaliyev hamda ustoz murabbiy Rustamjon Majidovlar bor. – Direktor shu yerga kelganda bir tomoq qirib, taraddudlanib oldi. – Ha, endi, meni yaxshi taniysizlar. – Dabdurustdan o‘zi qarsak chalishni boshlab yubordi, keyin boshqalar ham qo‘shildi. – Rahmat, rahmat! Qatorimizdan bugun sizning kursdoshingiz Azizbek Rahmonov ham joy oldi. – Birdan yuzlar yorishib, “Xayriyat-ye, yaxshilikka ekanu” degan ovozlar eshitildi, poyma-poy qarsak yangradi. – Ertaga Azizbek O‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha respublika birinchiligida qatnashadi. Biz unga tolmas iroda va omad tilaymiz. Ishonamizki, Azizbek poytaxtda bizning qishlog‘imiz va kollejimiz sharafini munosib himoya qiladi. Oq yo‘l senga, o‘g‘lim! – Direktor ko‘zida yosh bilan Azizni quchoqladi.

– Azizbek, bobolarga munosib bo‘l, bobolarga! Bilib qo‘yki, seni Rapqon kutadi!

Aziz qizarib-bo‘zarib sinfdoshlariga qaradi. Ko‘zlari Nurxonning ko‘zlari bilan uchrashdi. Nurxon iymanib, sekin ko‘zini olib qochdi.

 

Bo‘ladigan bola

– Shogirding oltmish to‘rt kilolikmidi? – so‘radi Shavkat Bo‘tayev.

– Ha.

– Bo‘ladigan bolaga o‘xshaydi. Oldingi jang­larda uchinchi raundga o‘tkazmadi-yu birortasini. Muskullariyam irg‘ayning ildiziga o‘xshaydi. Necha yildan beri shug‘ullanadi?

– Besh yildan oshdi.

– Viloyatda chempion bo‘lgan shogirdlaring bor edi, a, bundan boshqayam?

– Bor. Lekin respublikada yutisholmagan.

– Attang-a! Bu bolangda shans boru, ammo…

– Nima ammo? Hali jang boshlanmadi-yu?

– Oltmish to‘rtdagi ikkinchi bokschi… – Bo‘tayev avval atrofga bir o‘g‘rincha alanglab oldi-da, kafti bilan og‘zini panalab, shipshidi.

– Yo‘g‘-ye?!

Bo‘tayev gavdasini xiyol orqaga tashlab, boshini qiyshaytirib, zaruratsiz burun tortdi:

– Bervorishadi yutuqni. Yakka-yu yagona arzanda o‘g‘li. Endi, to‘g‘ri, nokaut qilib yotqizib qo‘ysa, avliyosiyam yordam berolmaydi. Lekin bu qiyin masala.

– Bo‘lmasa chalpak qilamiz-da. Qo‘limiz toshni orasida emas-ku.

– Omadingni bersin!

Rustam o‘ylanib qoldi. Keyin shoshib yo‘lakka chiqarkan, raqibning mansabdor otasi shotirlari bilan kerilib kelayotganini ko‘rdi. Ro‘para kelgach, shotirlardan biri oyoq ostiga “chirt” etkazib namoyishkorona tupurib, tirjayib o‘tdi. Rustam mushtini tugun qilib u tomon bir odim qo‘ydi-yu, arang o‘zini bosib, kiyinish xonasiga burildi. Bir muddatdan so‘ng xonaga mo‘ralagan Azizni qo‘li bilan imlab chaqirdi:

– Yaqinroq kel! Hakam bokschi bilan panada uzoq gaplashib turishi mumkin emas. Gaplarimni yaxshilab eshit. Raqibingni murabbiylari bizni mensishmayapti. “Rapqonga qopqoq yopamiz, qaytib bokschi chiqmaydi” deyishdi.

– Qo‘lqopim bilan og‘ziga bir urib, tishini o‘ziga sanataymi?

– Ochkolar hisobidan yutolmaysan. “Hakamlar bizga yonbosadi, hokim to‘radan qo‘rqishadi”, deb katta ketishyapti-yov.

– Siz ham hakamsiz-u. Hurmatingizni qilib halol baholashar.

– Qaniydi?.. Bizga faqat nokaut kerak. Zarbalarni aniq va kuchli ber. Ochko to‘plashga qiziqma. Payt poyla. Charchat. Faqat nokaut! Tushundingmi? Boraqol… To‘xta! Raqibing “Azizni yeb-ichib yuboraman” dedi. O‘zim eshitdim.

Aziz zo‘raki kuldi:

– Oshirvordingiz. Shundog‘am yutaman. Xavotir olmang. Faqat nokaut!

Aziz qo‘lqopni bir-biriga urishtirdi.

– Ag‘daramizmi?

– Ag‘daramiz! – o‘ng qo‘lqopi bilan Rustamning o‘ng qo‘liga yengil mushtladi.

 

Bizgayam yuqsin!

Rustamning dadasi “Yo pirim-yey”, deb oynai jahon yoniga bordi va sharhlovchining hovliqqan ovozini pasaytirdi:

– Nosirjon, kelganlaring yaxshi bo‘ldi-da. Bunaqa katta musobaqalarni ko‘plashib ko‘rgan durust. Zavqi boshqacha bo‘ladi. Nima deding, No‘monjon? – chol toqatsizlanib, goh o‘tirib, goh yonboshlayotgan No‘monning javobini ham kutmay, so‘zini davom ettirdi, – Hamma onalar bir xil-ye, tavba. Bizni Rustamjon ringga chiqqanda ham onasi televizorga qarashga yuragi betlamay ayvonga chiqib ketardi.

Nosirjon hayajonda do‘ppisini yechib, qayta kiyar, iyagini ko‘tarib, tomog‘ini qashlardi:

– O‘zimizam shu… – No‘mon tomonga yarim o‘girildi, – sigaret-pigaret yo‘qmi mabodosiga?

– Sizni tashlagan deb eshitib hayron bo‘lgandim akaxon gulday hunarni nega tashlaydi deb. Aytganday, kashandalar haqidagi latifani eshitganmisiz?

– Azbaroyi rangiga urib ketganidan Munkar-Nakir eski o‘lik ekan, deb qabridan chiqib ketganinimi? Yuz marta eshitganman. Shunaqa paytlarda xumori tutadi-da.

– Xumoriga o‘t tushsin! – Chol televizor ovozini ko‘tardi. – Jim! Boshlanyapti. Ana, Azizni chaqirishdi.

Sharhlovchi Azizni tanishtira ketdi:

– Qizil kiyimdagi bokschi Aziz Rahmonov oldingi janglarini raqiblari ustidan yaqqol ustunlik bilan yakunlagan. Ustozi mashhur bokschi Rustam Majidov.

Jang boshlanishi bilan Azizning onasi eshikni ochdi-yu, bosh suqib, yana qayta yopdi.

No‘mon hayajondan xirillagan tovushda g‘ururlandi:

– Hozir qanchadan-qancha odam o‘zimizni Azizbekka termilib o‘tiribdi-da, a?!

– Gap qo‘shmay o‘tir!

Sharhlovchi jo‘shib ta’rif etardi:

– Aziz bugun ringga o‘zining texnikasini namoyish qilish uchun chiqqan ko‘rinadi. Zarba ham o‘tkazayotgani yo‘q. Hozir Rapqon qishlog‘i ahli bu jangni to‘lqinlanib tomosha qilayotgan bo‘lsa ajab emas.

– Ha, bo‘lmasam-chi! – deya ota televizor yonini silab qo‘ydi.

– Yashavor, bolam! Mo‘ljallab ur! Ko‘rib qo‘ysin o‘g‘il bolaning zarbasi qanaqa bo‘lishini!

– Bodom atala ichadigan qip tashla!

– O‘pkani bosing-ye, No‘monjon! Raqibiyam o‘zimizning qorako‘zlardan, uyam birovni bolasi. Gohida raqibni dushman bilan adashtirib qo‘yamiz-da o‘zi.

Aziz ketma-ket kuchli zarbalar yo‘lladi. Ayniqsa, oxirgisi qansharga aniq tushib, raqib arqonga suyanib, avval chapga, keyin o‘ngga sirg‘alib, mehmonnavozlikdan toliqqan qo‘noqday asta yonboshladi-qoldi. Bahs bunday tez yakun topishini kutmagan referi najot istab tevarakka qararkan, atay cho‘zib, sekin sanay boshladi.

– Ana endi xohlasang kechgacha sanamaysanmi? – Rustamning quvonchi va xavotiri ana shu so‘zlarda jam edi.

– Nokaut! – Aziz qo‘lqoplarini bir-biriga urishtirib, oyoq uchida sakrab-sakrab ring burchagiga borib, ustoziga ko‘z qisib qo‘ydi.

Referi ko‘magida o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan raqib kutilmaganda yana gangib, ringdan pastga – yugurib kelgan otasi va uning shotirlari oyoqlari ostiga taloplab tushdi.

– Ha, sumalanmay o‘l! Esiz, shuncha harakatu xarajat! Bir musht bilan elovlab qolding-a! – g‘azab bilan pishqirdi otasi. So‘ng yonidagilarga qaradi, –  buni suv-puvga pishib, o‘ziga keltiringlar. Uyda chilyosin qilamiz…

Mag‘lub ringga qaytib chiqavermagach, tomoshabinlar qiyqirig‘i ostida Azizning qo‘li azot ko‘tarildi. Rustam arqonlar orasidan chaqqon o‘tib, shogirdini quchoqlab, gir aylantirib qutladi.

– Bilardim yutishini! Aziz – chempion!

Azizning otasi sekingina ko‘zyoshlarini artib, xo‘rsinib qo‘ydi. No‘mon o‘rnidan tura kelib, uni qo‘lidan tortib turg‘izdi. Quchoqlab, dast ko‘tarib aylantirdi:

– Yuqsin, yuqsin! Bizgayam yuqsin!

– Otangga rahmat-ye, otangga rahmat!

– Ustoziga ming rahmat!

Chol derazani taraqlatib ochib, hovliga alangladi:

– Kelin, hov, kelin! Kelavering endi! G‘alaba muborak!

 

Shu havodan nafas olyapsanmi?

– Ha, Rustamjon, kayfiyat yo‘q?

– Tumandan kelyapman. Majlisdan.

– Ha-a, tushunarli. Majlisdan chiqqan odamni kayfiyati bundan boshqacha bo‘lmaydi. Bir kuni deng, Rustamjon, miltig‘ingni hujjatini yangilab qo‘y deb qolishdi vallamatlar. Bir ko‘nglim “miltiq meniki bo‘lsa, o‘qni pulimga olsam, senlar nega yuvuqsiz tumshug‘ingni suqasan? He, otib bergan quyoningni qulog‘iga!” degim ham keldi. Ammo-lekin, ke, shular bilan teng bo‘lib pachakilashib o‘tiramanmi, men ovchi odamman, ertaga “pang‘” etkizsam, bir balolarni bo‘ynimga ilvorishmasin, zamon nozik, deb o‘ylab, xo‘p bo‘ladi, katta aka, deb qo‘ya qoldim. Shunday qilib, hokimlikka bordim. Borsam, odam borki, bir narsadan quruq qolayotganday guras-guras ichkariga uryapti. Shu, oqim meniyam o‘rab-chirmab to‘g‘ri majlislar zaliga obkirib tashladi-yu.

– Alixon aka, qiziq gapirasiz-da. Hamma ovchilar lofchi bo‘ladi o‘zi. Tabiatni muhofaza qiluvchilarni majlisiga taklif qilishgandir-da?

– E-ye, men erkin ovchi bo‘lsam, tushovim tizzamda. Qaysi mard meni Uchuydagi Ivanni uyidan topib keladi. Telpon tutmayman – tinchlik kerak. Endi churrakka miltiqni to‘g‘rilagan payting “Tez yordam”ga o‘xshab “Ti-tu, ti-tu!” qilib vahima solib qolsa… Xullas, o‘z oyog‘im bilan bordim. Bordim-u, ammo-lekin xashaki rahbarlaringga qoyil qolmadim. Masala yo‘lchiroqlarni to‘sayotgan daraxtlarni shox-shabbalari ekan. Tavba, bizni tumanda bir juftgina yo‘lchiroq bo‘lsa… uyam hokimlikni ro‘parasida yaydoqda turibdi. Biror marta chirog‘iga rang kirib, ko‘z qisib ishlaganini bandasi ko‘rgan emas. Yana, maktab direktorlarini yig‘volgan. Nuqul so‘kish, haqorat, dag‘dag‘a. Tepada o‘tirganlar og‘ziga kelgan gapni qaytarmay, ayolmi, erkakmi yoppa sochmaga tutyapti. Ikki soatiga zo‘rg‘a chidadim. Yonimda o‘zini o‘zi achomlab uxlab yotgan domlanamo kishini turtib “Yana qancha davom etadi bu tomosha”, desam, bamaylixotir “Endi boshlandi-yu, hali tag‘in uch-to‘rt soat  cho‘zishadi”, deb yana pinakka ketdi. Vey, majlisam odamni tinkasini quritib, botqoq kechganday qivorarkan-da. Yana har zamonda ikkita sochi qirtishlangan davangir qo‘y sanaganday barmoq bilan davomatni tekshirganiga o‘laymi? Keyin shart turib eshikka yo‘rg‘aladim. Majlisboshi: “Ha, aka taqsir, bir joyda bosi-ib o‘tirolmaysizmi? Yo bavosil bigiz urib qoldimi? Ja gijinglab qoldingiz qishki baytalga o‘xshab? Tinchlikmi, aka taqsir?” deb so‘roqqa tutib qoldi. Ovchi emasmanmi, meni javobim tayyor o‘qlangan turadi, bilasiz. “O‘sha yo‘lchiroqni to‘sib, tarvaqaylagan daraxtni bir sug‘orib kelay, zahartang bo‘p ketdim, katta aka”, degim ham keldi-yu, ke endi, shular bilan jiqqa-musht bo‘lib o‘tiramanmi, menga yarashmasa kerak, degan xayolda “Xo‘jayinjon, bir daqiqaga ta’til bering, iltimo-os”, dedim. Vajohatimdan cho‘chidimi, yo xudo insof berdimi, “Ha, shoshib borib sekin qaytadigan joygami? Ishingni tez bajaru qayt, asosiy masalaga endi o‘tamiz”, dedi. Bir ko‘nglim “Asosiy masalangga nosqovog‘imni popildirig‘i! Kim bo‘psanki menga muhlat berasan, tirraqi?” demoqchi bo‘ldimu, ke, shulardan tezroq qutulay degan ma’noda “Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayinjon”, deb tikka Mehnatobodga mang‘ivordim. Qalay?

– Aka, siz oson qutulibsiz, bizniki boshqa masala. Rahbar begonamas, tog‘amiz bo‘ladi. Yaqinda ishga qayta tiklangan, xabaringiz bordir. O‘zini ko‘rsatgisi keladimi, sportchi bolalarniyam paxtaga opchiqasan deydi.

– Nima dedingiz?

– Nima derdim, o‘zim chiqaman, ayolim chiqadi, kerak bo‘lsa opangizam chiqar, lekin mayda bolalar chiqmaydi, dedim.

– U nima dedi?

– Nima derdi, arizangni yoz dedi.

– Siz-chi?

– Arizamni sizga yozmayman, meni soham bo‘lak, dedim.

– U-chi?

– Shu tumanda yashaysanmi, shu havodan nafas olyapsanmi, bolalaring ham shu tumanda ro‘yxatda turadimi, teradi paxtani, boshqa gap yo‘q, dedi.

­­­– Indamadingizmi?

– Chempionlarni zax, loy dalaga haydab nima topasiz? Bo‘lajak farg‘oniylar, ulug‘beklar, navoiylar bod kasaliga chalinib, mayib bo‘lib o‘tsinmi? Umuman, kelajakni majruh qilmoqchimisiz, dedim.

– Indamadimi?

– Nega indamaydi? Bu – siyosat, deydi. O‘ynashma bola, deydi. Oqibati yomon bo‘ladi, deydi.

– Siz ham indamay ketmagandirsiz?

– Aytdim, bunaqa siyosat yo‘q dedim. Kerak bo‘lsa fermerlar o‘zlari tervolishsin hashar qilib dedim. U zamonlar o‘tib, u daraxtlar kesilib ketgan dedim.

– So‘kmadimi?

– So‘ksin-chi, dadamga aytarman. Tog‘am har holda. Cho‘chisa kerak.

– Cho‘chiydi, dadangizdan cho‘chiydi. Dadangiz Gdlyanni odamlariniyam qopqonga tushgan quyonday qip qo‘ygan. Haqiqatchi-da, haqiqatchi! Haq bo‘lsang qozi rozi, deyishadi. Agar yana paxta-maxta deb birortasi boshingizni og‘ritsa, tikka meni yonimga kelavering. Xo‘pmi?

– Xo‘p. To‘g‘ri Uchuydagi Ivanni uyiga, a? Qorayog‘ zibirni bo‘yidan topamanmi?

 

Bu nima deganingiz?

– Soppa-sog‘siz, aka.

– Soppa-sog‘man, to‘g‘ri, do‘xtir.

– Endi kelinni olib kelib ko‘rsatasiz.

Rustam o‘qraydi:

– Kimga?

– Men emas, ayol mutaxassislarimiz tekshirib ko‘rishadi. Keyin uzil-kesil xulosa qilamiz.

– Keliningiz ham soppa-sog‘ bo‘lsa-chi?

– Ba’zan shunaqasiyam bo‘ladi. Er-xotin ikkoviyam sog‘lom bo‘lishi mumkin. Yaratganning o‘zi bermasa, biz hech narsa qilolmaymiz. Sizniyam to‘g‘ri tushunaman. U kishiga aytish osonmas. Ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqasiz.

– Gap shunda-da! – jonlandi Rustam.

– Bizga keladigan bemorning dardi deyarli aniq. Masalan, siz bilan bemalol gaplasha olaman, chunki siz otdaysiz. Lekin dardmandlar bilan ko‘ngliga qarab, avaylab gaplashamiz. Sizgayam maslahatim – yotig‘i bilan tushuntiring.

– Bemorlarga yordam berolmay qolgan paytlaringiz ko‘p bo‘ladimi?

– Agar bemor o‘zi ishonsa, aniq tuzalib ketadi. Ixlos – xalos degan gap bor.

– Rahmat, do‘xtir. Qo‘l haqi nima bo‘ladi?

– Bu nima deganingiz?! – Shifokor qattiq ranjigandek ko‘zlarini qisib, yovqarash qildi, –  biz haqimizda shunaqa fikrdamisizlar hali? Nahotki men sizga ta’magir bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lsam? Kassaga to‘ladingiz-ku! Hisob! – Keyin kutilmaganda yumshab, muloyim tortdi, –  ha, endi, suyunchi masalasi boshqa gap. Himmatingiz qimmatingizni belgilaydi, deydi-ku faylasuflar…

Rustam shifoxonadan chiqib ketayotganda tuyqus No‘monga ro‘para keldi. Navbat kutib turgan do‘sti uni ko‘rdi-yu, qochgani joy topolmay qoldi.

– Ie, qayga borsam, shunda paydo hazratim, deganlari siz ekansiz-da!

– Shu desang, o‘rtoq, anchadan beri qovug‘im og‘riydi. Samovar qurg‘ur tez-tez qaynab ketadi. Bir-ikki joyda xijolatli ish ham bo‘ldi, – dedi dovdirab No‘mon kamarining to‘qasini siypalarkan. Rustam qattiq qarab turganini ko‘rib qo‘l siltadi. –  Obbo, sendan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Ko‘zlaring rengenga o‘xshaydi-ya. Gapni to‘g‘risi, o‘g‘il ko‘rmoqchiman. Shunga o‘zimni bir ko‘rsatay deb keldim.

– Ha, kimdir tirnoqqa, kimdir barmoqqa zor… Gulday qizlaring bor, havasim keladi. Mayli kirib chiq, men kutib turaman.

No‘mon eshik tutqichini tutib, quymichini ushlab qayrilib qaradi:

 – Ukol urmasmikan ishqilib?..

 

Palaxmon toshi

– Bo‘ldi-da, xolajon, men bilan ikki marta ko‘rishdingiz-ku, – Nurxonning hazil aralash aytgan bu so‘zlaridan xonadon bekasi battar dovdiradi.

– Voy qizlarim-yey, kutilmaganda kelib toza xijolatga qo‘ydilaring. Shoshmanglar, hozir dasturxon yozaman.

Sevinch ichkaridan chopqillab chiqib kelib, hamma bilan quyuq hol-ahvol so‘rashdi. So‘rida gazeta o‘qib o‘tirgan dadasi ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib, o‘rnidan turdi va qizlar bilan yoppa salomlashib, ichkariga kirib ketdi.

– Obbo, asal qizlarim-yey, dugonalaringni sog‘inib kebsizlar-da.

– O‘n kundan beri o‘qishga bormaydi, sog‘inamiz-da. Hali o‘qituvchilarimiz ham kep qolishsa kerak… sog‘inib.

– O‘qituvchilar? Yo‘q-yo‘q, ovora bo‘lishmasin, aytib qo‘y.

Birdan Nurxon onani savolga tutib qoldi:

– Ayajon, shunday qizingizga achinmaysizmi? Rahmingiz kelmaydimi?

– Voy, nimalar deyapsan? Bitta-yu bitta qizimga jonimni beraman.

Nurxon ikkala kaftini ko‘tarib, bir-biriga navbat bermay chuvillashayotgan qizlarni tinchlantirdi, – Sevinch, o‘qishga birga bormoqchiydig-a institutga?

– Ha, shifokor bo‘lmoqchiydik… Men buvimni davolamoqchiydim.

– Endi-chi? Ro‘zg‘or bilan o‘ralashib o‘qiy olarmikansan?

– Endi… qizaloqlarim, qiz bola uchun birinchi navbatda oila, ro‘zg‘or turadi. Qiz bola – palaxmon toshi, xo‘pmi, – ona vaqt g‘animat ekanligini fahmladi, – ota-ona rozi – Xudo rozi degan gap bor.

– Palaxmon toshi ekan deb, istagan payt istalgan tarafga qaratib otaverar ekan-da?

– Menga qara, Nurxon, o‘zingni taqdiringni bilasanmi? Seni kimga uzatishmoqchi, xabaring bormi o‘zi?

Nurxon birdan bo‘shashdi:

– Yo‘q… Kimga ekan?

– Ayang bilan dadang seni allaqachon Xolmat savdogarni o‘g‘liga atab qo‘yishibdi-ku! Sendan so‘rashmabdi-da bir og‘iz…

Qizlar yana ini buzilgan ariday juvillay ketdi:

– Voy, kim u? Qaysi bola? Oti nima?

Ona g‘olib qiyofada qo‘llarini biqiniga qo‘yib, atay urg‘u berib ta’kidladi:

– Jav-lon! Yaxshi taniysizlar. Doim kollejlaring atrofida girdikapalak emish-ku.

Nurxon sekin, lekin qat’iy ohangda “Hech qachon!”, dedi-da, bitta-bitta qadam bosib ko‘chaga chiqib ketdi.

 

Sovg‘a

– Mana, darsimizni yakunlab ham oldik. Uyga vazifa hammaga tushunarli bo‘ldimi? Yaxshi-i. Endi kichkinagina taqdirlash marosimini o‘tkazamiz.

O‘quvchilar ustozlariga taraddudlanib qarab qolishdi:

– Ustoz, kimning tug‘ilgan kuni ekan?

– Tug‘ilgan kun emas, – o‘qituvchi xabarning qadrini yanada oshirish uchun atay vaqtni cho‘zardi. – Tug‘ilgan kun emas, – deb takrorladi yana bir marta. So‘ng o‘quvchilariga birma-bir qarab chiqib, quvonchli tovushda shosha-pisha bayon etdi, – kursdoshingiz Aziz Rahmonov respublika chempioni bo‘lganini hammamiz bilamiz. Televizorda ko‘rdik. Azizbekni tumandan ham kelib tabriklashdi, maktab jamoasi ham qutladi.

– Biz ham tabrikladik, opoy, – dedi oxirgi qatorda o‘tirgan Azimjon.

– Kursdosh sifatida yana bir bor tabriklasak ham yarashadi. Bugun qizlarimiz tashabbus bilan chiqishdi. Ko‘p o‘ylandik, nima sovg‘a qilsak ekan, deb. Nihoyat, bir ovozdan mana shu sovg‘ada to‘xtadik, – qo‘lidagi o‘rog‘li qutisimon narsani ko‘rsatdi.

– Ko‘ylakmi, opoy, ko‘ylakmi? – dedi Zokirjon do‘rillab.

– Ko‘ylak eskiradi, bu eskirmaydi. Aksincha, es kirdiradi. Azizbek, chiq bu yoqqa.

– Shartmasidi, ovora bo‘psizlar-da…

–  Biz ovora bo‘lganimiz yo‘q, senga yoqsa bo‘ldi.

O‘qituvchi sovg‘ani boshi uzra ko‘tarib ko‘z-ko‘z qildi-da, Azizga qo‘shqo‘llab tutqazdi. Qizlar jo‘r bo‘lib “Tab-rik-lay-miz! Tab-rik-lay-miz!” – deb sinf oynasini zirillatishdi. Maktab hovlisida daraxt oqlab yurgan Mamaziyo qorovul shovqinni eshitib, xona derazasidan ko‘zlarini qisib qaradi-da, “Tushunarli”, deganday bosh irg‘ab, nari ketdi.

Aziz sovg‘ani ochdi. “Boburnoma”ni ko‘rib, yuzi yorishib ketdi.

– Rahmat, rahmat!

– O‘qib tushunish qiyin-ku buni, – dedi Mo‘min sal g‘ayirligi kelib.

– To‘g‘ri, tili og‘irroq, – uni quvvatladi Davlatjon.

– Olimlarimiz sizlarni mo‘ljallab, bugungi tilga tabdil qilib chiqqan. Aslini keyinchalik o‘qiysizlar. Qiziqib qolgan odamga qiyin tuyulmaydi. – Muallima Azizga yuzlandi, –  har qanday sovg‘aning ma’no-mohiyati bo‘ladi. Tushungandirsan?

– Tushundim.

Qo‘ng‘iroq chalindi.

– Ana, tanaffus ham bo‘ldi! Ertagacha xayr!

O‘qituvchi chiqib ketishi bilan, bolalar g‘ala-g‘ovur qilib tashqariga yo‘l oldi. Sinfdan chiqib ketayotgan Nurxon bir muddat Azizning yonida to‘xtadi. Qo‘l berib tabrikladi.

– Sovg‘ani kim tanlaganini bildim.

Nurxon jilmayib chiqib ketdi.

Quvonchdan sarmast Aziz deraza yoniga kelib, qo‘llarini keng yoyib yubordi:

–  Eh!

 

Yoppasiga mehmonga

Adirning o‘rkachiga monand yastangan uzumzor yonida Rustam mashinasini to‘xtatdi. Peshonasini chitdurra bilan tang‘igan, belbog‘iga tokqaychi osgan otasi o‘g‘liga peshvoz chiqib keldi.

– Assalomu alaykum, dada, hormang.

– Va alaykum assalom, bor bo‘l. Yaxshi keldingmi?

– Keldim. Shaharda picha ishim bor edi. Shunga ushlanib qoldim.

– Ha, bolalar aytishdi. Boksni qishloqda hamma maza qilib ko‘rdi. Rosa xursand bo‘ldik. Umringdan baraka top, bolam.

– Abdullaning burni oz-moz jarohatlangandi, uydagilari to‘polon qilib chiqishmadimi?

– Yo‘q, endi chiqishsa kerak-da, – kulib qo‘ydi ota, – seni kutishayotgandir.

– Shunaqa payt oldinroq jo‘natib yuborgan yaxshi-da. Kelgunimcha jahldan tushib, sal sovib turishadi.

– Charchab kelgandirsan. Hovlida hech kim yo‘q.

– Iya, qayoqqa ketishdi?

– Ayang xolangni uyiga qidirib ketgandi. Pochchang yangi traktor olganmish.

– Traktori bor edi-ku?

– Eskisini O‘ktam Hamroga sotarmish.

– Yangiliklar katta-ku. O‘ktamboyning ham biqini chiqib qopti-da!

– Jiyaning G‘ayrat ham Avstraliyaga borib kelmoqchi. Fermani kengaytirish rejasi bormish. Tuyaqush boqaman, deydimi-yey.

– O‘ziyam G‘ayratingiz uncha-muncha qushni tuya qilib yuboradi. Dada, menam maktabni sotib olsammikan-a? Keliningiz bilan maktabdor bo‘lib yurardik.

– Ha, shunaqa qil… Kelin sening yo‘qligingni bildirmay shogirdlaringni yugurtirib olib o‘tib ketgandi. Hozir qaytib o‘tishsa kerak.

– O‘ziyam yugurib yuribdimi?

– Yugurgan odam baxtga tezroq yetvoladi, deyishadi-ku, bola yosh…

Ota va bola yo‘lga qarashdi. Uzoqdan avval velosiped mingan No‘mon ko‘rindi. Keyin maykachan bolalar to‘dasi ko‘zga tashlandi. Nihoyat, shogirdlar to‘pi Rustamning mashinasiga yaqinlashgan payt adirning nishab tomonidan Hidoyatning ovozi keldi:

– Orqada qolmanglar! Oz qoldi!

No‘mon Rustamning kaftiga kaft urib o‘tib, chol bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.

Rustam adir ungiriga qarab yurdi. Bolalar ustozini ko‘rib qolib, xursand bo‘lganidan tezlashishdi. Dam olib o‘tirgan Hidoyat qo‘lidagi sekundomeriga qaray-qaray, qizarinqirab salom berdi. Qo‘shtegirmonlik aka-ukalar jo‘rovoz bosh egishdi:

– Assalomu alaykum, ustoz.

– Vaalaykum assalom. Iya, ertalabdan keladigan odatlaring yo‘q edi-ku.

– Kecha bizni uyda qolishgan, – izoh berdi Hidoyat aka-ukalarning orasiga kirib.

– Uylaringdagilar xavotir olishadi-yu.

– Qo‘ng‘iroq qilib, biznikida qolishlariniyam aytib qo‘ydim, – Hidoyat aka-ukalarning boshini siladi.

– Sizga har doimgiday og‘zakidan besh! – dedi Rustam og‘zining tanobi qochib.

– Qani, biznikiga yoppasiga mehmonga! Tushlik vaqtiyam bo‘p qoldi, – No‘mon o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, cholga alohida takalluf ko‘rsatdi. – Keliningiz osh damlayotuvdi, tagini opketmasin!

Chol uzumzorga bir nazar tashlab, negadir bosh chayqab qo‘ydi-da, yo‘l boshladi.

 

Hayot qanday go‘zal!

Kollej hovlisidagi qarag‘ay yonida hovuzdagi nilufarga termilib o‘y surayotgan Nurxonning yoniga Sevinch kelib, mahkam quchoqlab oldi.

– Voy, tinchlikmi, Sevinch? Yuragimni yording-ku!

–  Tinch-lik, tinch-lik! To‘y qoldirildi!

– Yo‘g‘-ye?

– Yo‘g‘-ye, bor-ye! Bilib turibsan-u… O‘zing bosh bo‘lib quda tarafga boribsan-a men uchun! Hammalarini ko‘ndiribsan-a o‘qishimga!

– Bir men emas, butun kurs…

– Yaxshiyam deyman maktabga bir yil oldin kirganing. Bo‘lmasa, sen bilan kursdosh bo‘lmasmidim. Yig‘lab-yig‘lab erga tegib ketgan bo‘larmidim…

– Kuyovbola xafa bo‘lmadimi, ishqilib?

– Yo‘q. O‘ziyam o‘qimoqchi. Bir joyga topshiramiz. Eh, hayot qanday go‘zal! Sen qanchalar yaxshisan-a, Nurxon!

 

Bo‘yga yarasha aql

– Sa’dulla amaki! Sa’dulla amaki!

Ichkaridan ayol kishining “Huv, hozir!” degan ovozi eshitildi va zum o‘tmay darvozaxonada Nurxonning onasi paydo bo‘ldi.

– Keling, Javlonjon. Tinchlikmi?

– Ertalab bozorda Sa’dulla amakimni ko‘rgandim. Yassi ekranli televizor qidirib yurgan ekanlar. Men, tanishlarimda zo‘ridan bor, o‘zim uyga oborib beraman, deb va’da bergandim. Mana, o‘sha televizor. Yaponlarniki.

– Voy, aylanay, Javlonjon. Bozordayam ishlayapsizmi?

– Ha, aya. Dadamga qarashyapman.

– Qani, yuring ichkariga, – mulozamat qildi ona va hovliga qarab o‘g‘lini chaqirdi. – Abdullajon! Hoy Abdullajon! Tezroq chiq, bolam, Javlon akang keldilar. – Abdulla shoshib chiqib, Javlonning qo‘lidagi qutini olib, ichkariga kirib ketdi. Ona esa uy tomonga qarab qiziga buyurdi, – Nurxon! Tez choy qo‘yvor! Javlon akang sen aytgan televizordan opkepti.

Javlon jonlanib hovliga kirdi, alanglab Nurxonni qidirdi:

– Mayli, bir piyola choy bo‘lsa…

Abdulla qaytib chiqib, supa chetiga o‘tirdi. Ona dasturxon yozib, non ushatdi. Javlon takalluflarga bosh irg‘ab, ko‘zi bilan oshxonadan Nurxonni izlashda davom etdi.

– Ishlar yaxshimi, Javlon aka?

– Zo‘r!

– Televizor necha pulga tushdi?

– Arzon.

– Ha-ya, esim qursin, pulini so‘ramabman ham.

– Pulini qo‘yavering. Amakim bilan kelishvolganmiz.

– Choy ham qaynab qolgandir. – Ona ichkariga kirib, choynak ko‘tarib chiqdi. Javlonning hafsalasi pir bo‘ldi.

– Aytgancha, aya, meni bozorda kutishyotgandi. Uzr-a, choyni keyingi safar icharmiz.

Javlonni kuzatib qaytayotgan Abdullaga peshvoz chiqqan Nurxon ijirg‘andi.

– Ketdimi anavi?

– Ie, nega “anavi” deysan? Bir chiroyli oilaning farzandi. Bo‘y-bastiga odamning havasi keladi.

– Shu bo‘yga yarasha aql ham berganda qaniydi…

 

Hazratim nima deydilar?

– No‘mon, No‘mon, ilgarigi pivalar boshqacha bo‘larmidi? Bunisini bizdan oldin ham kimdir ichganga o‘xshaydimi?

– Doim shunaqasan-a, O‘ktam. Yettinchi kurujkadan keyin aynishni boshlaysan. Hamma piva – bir. Eshshakni…

Shu vaqt kostyum-shim kiyib olgan, soqoli qirtishlangan Qobil davraga yaqinlashdi.

– Ie, iye, jamoat jamu…

– Bitta siz kam, Qobilboy aka. Keling-keling, – joy ko‘rsatdi O‘ktam.

– O‘ktam, farosating yo‘q, desam, xafa bo‘lasan. Bu kishim kimsan mulla Abdiqobil-ku. Yerga urib Qobil deysan, – O‘ktamga ayyorona ko‘z qisdi No‘mon.

– Qobil deyaveringlar. O‘zlaringni Qobiljonlaringman-da.

– Gunohga botmaymizmikan? Hazratim qaydalar?

– Xayr-ma’zurni nasiya qivordi jipiriq, – ensa qotirib osmonga bir qarab oldi Qobil.

– Qayga ketdi?

– Bu yerdan ko‘rinmaydi.

– Aytgancha, Abdiqunduz qayerda?

– Uyam katta bo‘p qoldi. O‘ziga yoqadigan ishni qilaversin. Menga nima?

– Abdiqobil, kontrol kerak, kontrol!

– Muzdaymikan? – Qobil kaftining orqasini kurujkaga tekkazib, yutinib qo‘ydi.

– Quysinmi?

– Agar malol kelmasa… ko‘pirtirmasdan.

– Ey o‘rtaq, bir kuni safimizga qaytishingni bilardim. Kel, bitta o‘pay. Aylanay, aylanay o‘zimni Abdiqobilimdan. O‘zing eriysan-da bugun, – O‘ktam quchog‘ini ochib talpingancha qoldi. Qobil bo‘shagan kurujkalarni ko‘tarib do‘kon ichiga yo‘rg‘aladi.

 

O‘zbekchasiga “Hotamtoy” bo‘ladi

Izzat aka chap kaftini ko‘ziga pana qilib, o‘choqqa yorqachoq – payraxa qalab, olovni jo‘nashtirib yubordi. Qozon ichidagi to‘g‘ralgan dumbadan yog‘ silqib, oqish tutun asta taraldi.

– Rustamjon ukam, tikoyoq turib qolding, uzr-da endi, o‘choqboshida o‘tirish taomilda yo‘q, bilasanu…

– E, boyaka, bundan ortiq maroqli tomosha bormi? O‘zi, chaman ochilgan paxtani ko‘rganda, keyin zirvak paytida haqiqiy o‘zbek boshqacha yayraydi.

Yog‘ ichida kahrabo tus olgan jizzaning bir kattaroq bo‘lagi “chivv” etib havo chiqardi-yu, qozon bo‘ylab shitob suza boshladi. Izzat aka kapgir bilan jizzani bir qo‘zg‘ab oldi.

– Rustamjon, sen dunyo ko‘rgan yigitsan, bir narsaga yoqa tutaman, qayga borsang birinchi navbatda qorin g‘ami, yemak-ichmak. Choyxonaniyam o‘zing ko‘rib turibsan, oyoq qo‘ygani joy yo‘q. Televizorni yoqsang, hamma kanalda befoyda maslahatlar: ikkita qoqvosh ovqat pishirishni o‘rgatayotgan bo‘ladi. Vey, agar ikki kilo qo‘y go‘shti bo‘lsa har qanday pandavaqi o‘zi biladi qanaqa pishirib yeyishni.

– Boyaka, jizza kuyyapti.

Izzat aka sopol tovoqni olib jizzaning yog‘ini silqitib, suzib olarkan:

– Kuyib qayoqqa borardi, kuymaydi, kuymaydi, – deb ming‘irladi.

– Chetdayam shu ahvol, odamzod birinchi galda tomoq dardi bilan band. Ularniyam ko‘rsatuvlari asosan jinoyat xabarlari, futbol, keyin masxarabozlarning sahnalashtirilgan bahs-shoulari.

– Vey, Rustamjon, – dedi Izzat aka qozonga bozillatib suyak tashlarkan, – bir kuni o‘risni ko‘rsatuvida kurkani ichiga bir juft olmani bo‘laklab tiqib, orqasidan bir shisha qizil vino quyvorsa-ya! Obbo dayus-yey, zakuskasi o‘zi bilan ketdi zang‘arni, dedim.

Izzat aka chapdastlik bilan sopol tovoqdagi jizzaga bir chimdim tuz sepib, bir siqim sabzi va halqa piyoz sochib, Rustamga tutdi.

– Bu deyman, ming xil ovqat boru, hammasi palovxonto‘rani oldidan o‘taversin, Rustamjon. Vey, xorazmcha oshniyam yeganmisan? Samarqandnikini-chi?

– O‘zimizni Chimyondayam o‘shanaqa qovurmasdan “sofaki” osh qilishadi.

Izzat aka qo‘ng‘irtob ko‘rinishga kelgan bir juft ilikli suyakni olib, qozonga “boz-buz”latib bir kosa piyoz tashladi.

– Parhez osh-da. To‘ylarda nahorga berishadi.

Qozonga bir lagan maydalangan “qorakesak” qo‘y go‘shti tushdi. Izzat aka tutun va hovurdan beixtiyor ko‘zlarini qisib, hafsala bilan kapgirni ishga soldi. Go‘sht bir-biridan ajrab, rang ola boshlagach bir tutam sabzi tashlab, qovurishda davom etdi.

– Bunda nima hikmat bor? Sabzini birato‘la tashlamadingiz?

– Hikmati shuki, Rustamjon, – Izzat aka kutilgan savoldan mamnun bo‘lib bir qad rostlab oldi-da, sirli ohangda izoh berdi, – go‘sht yumshoqroq pishadi… Buni rishtonliklaram bilishmaydi, – deb “ishonaver, biz bilamiz-ku” deganday chap ko‘zini chala qisib, og‘zini bujmaytirib, quruq burun tortib qo‘ydi.

– Menam choyxona solmoqchiman. Dehqonchilikdan ko‘ra shu osonroqmi deyman. Maktabdayam yozda ish yo‘q. Ta’tilda bekorchilik. Shunga, choyxona qursam, harna yoz kunlarida besh-o‘n so‘m kep turarmidi, – Rustam choyxonachiga sinovchan tikildi.

Izzat aka kutilmaganda shapaloq yegan odamday bir qalqib tushdi.

– Hm-m… Enangni it tepgur Isroilni sabzisi erkak ekan, boshqa mushak sabzi opkeltirdim… Shunaqa degin-a? Lekin hozir choyxonaga keluvchilaram kamayib ketgan. Tag‘in, xarajatingga kuyib qolmagin, ukaginam, – jon tortgan bo‘ldi Izzat aka.

– Kelishadi. Narxini sizning choyxonangizdan ko‘ra arzonroq qilib qo‘yganimdan keyin, albatta, kelishadi. Men suvni bo‘yiga – Bachqirariqqa mindirib quraman, salqin bo‘ladi. Ko‘proq xarj qilganlarga bitta aroq tekinga beraman. Shaharda shunaqa ekan.

– Omadingni bersin, – deb norozi ohangda to‘ng‘illadi choyxonachi. – Lekin hamma ishni o‘z egasi, piri bor, tag‘inam bilmadim…

– Hazillashdim, boyaka. Choyxonani g‘ovg‘asiga menda toqat bormidi?

Choyxonachining chehrasi yorishdi:

– Shunaqa do‘stdan yana bitta bo‘lsa, dushmanga ish qolmaydi.

– Boyaka, sizning obro‘yingiz baland. Bokschilarimga homiylik qilsangiz, ta’siri boshqacharoq bo‘lardi. Bir o‘zim yonimdan sarflab yuraversam, “Rustam tentak topganini begona bolalarga sarflaydi”, deydiganlar yana ko‘payadi.

– Keyin ikkita tentak bo‘lamiz-da. Shundaymi? Esh-qo‘sh bo‘lib-a?

– Boyaka, bir rivoyat bor. Ketadimi?

– O‘choq boshida juda ketadi-da. Sharmandasidan bo‘lmasa bo‘ldi.

– Yo‘g‘-ye, ibratlisidan. “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan”ini tashlab aytaveraman-da. Xullas, bitta sizga o‘xshagan gurillagan boy bor ekan. Sizga o‘xshamagan jihati, qistalaq, xudo urgan xasis ekan. Shunchalik ziqna ekanki, havoni ko‘proq shimirib, kamroq chiqarishga urinarkan…

– O‘bba qizpurush-yey! Mabodo moskovchi Nuriddinni opadadasimasmikan?

– Alqissa, o‘sha boy bir sandiq duru javohirlarini o‘zimizning Jiydaliga o‘xshagan joyga payt poylab dafn qilibdi.

– Juda o‘xshatvorasan-da, Rustamboy, “dafn qipti”, demasdan “ko‘mib qo‘yibdi”, desang-chi!

– Boyaka, odatda jonsiz jismlar ko‘miladi, boyning nazarida xazinasi farzandiyu otasidan, onasidanam qadrli jigarbandi bo‘lgandan keyin dafn etgan bo‘ladi-da. Iltimos, rivoyatni orasiga otashkurak tiqmay turing. Shu desangiz, har o‘n yilda bir borib yarim tunda yerni qazib, sandig‘idan xabar olib, yana dilxush yashayverarkan. Navbatdagi o‘nyillik yakunida borib “Ke, qirq yildan beri javohirlarimni ko‘rmadim, qachongacha sandiqni siypalab qaytaman”, deb zanglagan qulfni tosh bilan urib ochib qarasa, xazina o‘rnida bir juft binoyiday tappi bir-biriga mingashib turgan emish. Boy “do-od!” deb peshonasiga bittani uribdi-yu, alchayib hushidan ketibdi. Bir mahal mol bozoridan qaytayotgan Xo‘roz buva boyni bu tahlit topib, u yoq-bu yog‘iga urib o‘ziga keltiribdi. Falokat sababini eshitgach, “E, boyaka, ajoyib odamsiz-da, bunday qiling, tappi qolaversin, qulfni joyiga iling, sandiqni ko‘mib, xuddi xazinangizga it ham tegmaganday gerdayib yuravering, axir bu boylik sarf bo‘lmasa, ehson qilinmasa, birovga foydasi tegmasa, bas, tillo nima-yu, tappi nima?!” deb boyning orqasiga bitta shappatlab qo‘ygan ekan.

– Va-xa-xa-xa, yomon yopishtirding-u, Rustamboy, – dedi Izzat aka tutundanmi yoshovsiragan ko‘zlarini kafti bilan artib.

– Xullasi kalom, boy degani ozgina qo‘li ochiq bo‘lishi, har zamonda dunyoviy ishlargayam chiqim qip turishi kerak. Bundaylarni chetdagilar “metsenant” deyishadi. O‘zbekchasiga “Hotamtoy” bo‘ladi.

– Qilib yurgan ishlaringga ba’zan hayron qolaman, – dedi Izzat aka iyig‘i chiqqan eski do‘ppi bilan qaynab turgan chovgum dastasidan tutib qozonga suv quyarkan, – to‘g‘ri, savob ham kerak. Ammo-lekin tutuming Afandining tuxumfurushligiga o‘xshaydi… Men unaqa Hotamtoylik qilolmayman.

– Boysiz-u!

– O‘zing-chi?

– Sizdan o‘tib qayoqqayam borardim. Sizning homiyligingizni yaxshi tarafi – bolalar chetdan biron-bir sovg‘a olishsa boshqacharoq tatiydi. Qolaversa, sizgayam savob kerag-u. Bilasizmi, bokschilarimga homiylik qilsangiz, qancha savobga qolasiz.

– Qancha?

– Musobaqaga borganida qishlog‘imizning sha’ni uchun urgan har bir zarbasidan sizga savob yoziladi.

– Ol-a! Boplading, – choyxonachi chap ko‘zi bilan osmonga ishora qilib gapida davom etdi. – U yoq bilan kelishib qo‘yganmisan?

– Viloyat birinchiligida yutib kelsa, butun tuman duo qiladi. O‘sha duolardan sizgayam tegadi-da.

– Respublikada qatnashganlarga homiylik qilsam, millionlab odamlarning duosiga qolarkanman-da, – choyxonachi yoyilib kuldi, so‘ng birdan jiddiy tortib savol tashladi, – yutqazgan tarafning qarg‘ishiga kim qoladi?

– Kim qolardi, ustozi-da.

– Topqirsan, Rustam. Gapni topib gapirasan. Pulni rozi qilib olishni bilasan.

– Pulingiz ko‘paysin, Boyaka!

O‘choqboshiga alanglab kirib kelgan Faxriddin dallol qozonga suqlanib qaragancha Rustamga qo‘lining uchini berdi:

– Hormanglar!

– Keling, Faxriddin aka.

– Iya, “Tayson”ni otasi-ku. Adhamjonning dadasisiz-a? Keling, keling, – choyxonachi qo‘shqo‘llab so‘rashdi.

Dallol odob saqlab qo‘l qovushtirdi:

– Ha, keldik, rahmat! Bu yog‘i shadovur palov ekan-da… – kekirdagini o‘ynatib “g‘o‘ld” etkazib yutinib qo‘ydi.

– Bu kishini farzandi nasib qilsa hali katta musobaqalarga boradi. Kelajagi bor shogirdlarimdan.

– Rahmat, Rustamjon! O‘g‘limizga ancha mehnatingiz singdi. Unutmaymiz. Shu o‘g‘lim bilan bi-ir rasmga tushib qo‘ymabsizlar-da. Esdalik bo‘p qolardi.

– Esdalik?.. Tinchlikmi?

– Tinchlik. Ko‘chadigan bo‘p qoldik. Endi shaharda boksni davom ettirar. Tashlamaydi, Xudo xohlasa.

– Dab-durustdan shaharga ko‘chib ketaverasizlarmi? Birov xafa qildimi? Yo niyat bormidi shunaqa? – dedi Rustam ranjiganini berkitmay.

– Niyat bor edi. Ish topildi. Uy tayin bo‘ldi. Yaxshi-yomon gapirgan bo‘lsak, rozi bo‘larsizlar… Taqdir-da, Rustamjon, bordi-keldi qip turamiz…

Faxriddin uzoq xayrlashib, qozondan ko‘z uzol­may, ikkilanibroq eshik tomon yurarkan, ostonada to‘xtab yana bir marta:

– Bo‘pti bo‘lmasam, oshlaring shirin chiqsin, xayr, – deb eshikni qiya yopdi.

– Sengayam osonmas, mehnatingga achinyapsan-a?

– Ilyos akaning o‘g‘liyam armiyaga ketadigan bo‘pti. To‘rt yil boksni o‘rgatganim bir yildan keyin nima bo‘larkin…

– Armiyadayam sport bilan shug‘ullanishadi-ku. Unutvormas.

– Unutishga unutmas, lekin o‘zida ishtiyoq qolarmikan? – Rustam xo‘rsinib qo‘ydi. – Kech bo‘p qoldi. Men endi boray.

– Ie, vey, tayyor oshni tashlab-a?! Cho‘ng‘araning devzirasidan toptirib keltirdim-ku sen uchun, boshqaga hayf!

– Rahmat. Uydayam ishlarim boridi.

– Aytgancha, haligi gaping hazil edi-a? Choyxona to‘g‘risidagi…

– Yo‘q, chin. Rostdanam choyxona ochmoqchiman.

– Unda men boks maktabi ochaman, – ikkovi ham kulib yuborishdi.

– Soddaligingizam bor-da. Choyxonani boshimga uramanmi?

– Mayli, tegishingni tovoqqa solib uyingga kiritvoraman. Faqat tovoq qaytsin, xo‘pmi?

 

Uying bormi seni?

– Menga qara, ey mullavachcha, nechchi marta aytish kerak senga? Vaqting tugadi! Uying bormi seni? Soat o‘n bir bo‘ldi-yu! Bo‘ldi, yopaman! – boshqaruvchi kompyuterxona pardalarini tortayotib o‘ziga o‘zi javradi. – Tavba! Bu bolani ota-onasi tirikmikan? Bolam qayda, kim bilan yuribdi, dunyoqarashi rivojlanyaptimi-yo‘qmi, mafkuraviy immuniteti qay darajada deb qiziqmasa-ya. Axir butun dunyoda globallashuv jarayoni ketyapti, axborot xuruji avjiga mingan, tavbangdan ketay. Mana fojia qayda?!

Abduqunduz o‘chirilgan kompyuter yonida birpas ko‘zlarini ishqalab o‘tirdi, boshqaruvchi zarda bilan yengidan tortib ko‘chaga ravona qilayotganida engashib paypog‘i ichidan g‘ijimlangan ming so‘mlik chiqazib, uning qo‘liga tutdi. Boshqaruvchi pulni oldi-yu, yon cho‘ntagiga tiqib, “Bo‘pti, to‘loving qabul qilindi, lekin ertalab sakkizda kelasan, joying birovga berilmaydi”, deb mijozi bilan qo‘rs xayrlashdi.

Keyin eshikni qulflash uchun kalit tanlarkan, muk tushib kompyuter o‘ynayotgan yoshroq bolaga yaqinlashib, barmoqlarini taroq qilib, o‘siq sochlarini taradi, – Qo‘zim, bo‘ldi, o‘chiring. Qolganini ertaga o‘ynaysiz. Ayangiz ashsha pishirib qarab o‘tirgandir, qo‘zim…

 

Oshiq og‘zidagi osh

Peshtoqiga “Meliqo‘zi maxsim suppermarkit” deb yozilib, noshudlik bilan turli gullar, meva-sabzavotlar, shishalar rasmi tartibsiz chizilgan qishloq do‘koni eshigiga bir bog‘ isiriq, qalampir, taqa va qo‘ytikan ilib qo‘yilgan. Qizil to‘nli Qorbobo tasviri tushirilib, “Yangi yilingiz bilan!” deb yozilgan oyna tagida kalta ishtonli bolalar cho‘nqayib o‘tirgancha muzqaymoq yalayapti. Do‘kondan qo‘lida xaltacha bilan chiqqan Azizning ko‘zi tomigacha yuk ortilganidan inqillab kelayotgan eski “Moskvich”ga tushdi. Mashina do‘konning eshigiga ko‘ndalang to‘xtadi. Aziz ulovidan bir amallab tushgan xo‘ppasemiz Meliqo‘zi maxsim bilan so‘rashgani qo‘l uzatdi.

– Qarashvoraymi, maxsim tog‘a?

– Bor, ishingni qil, – ters javob berdi maxsim.

– Ha, tog‘a, tinchlikmi? – Aziz hech narsaga tushunmay, hayron bo‘lib maxsimning yuziga qaradi.

– Qishlog‘imizdan bir mard yigit chiqdi, deb suyunsak, bu yog‘i chatog‘-u!

– Nimasi chatoq?

– Og‘zingdagi oshni oldirib o‘tiribsan-u, bundan chatog‘i bo‘ladimi?

– Ochiqroq gapiring, tog‘a.

– Soyib nosvoyning bog‘iga borgin, darrov tushunasan. Ha, chempion!

 

Moskovchi boy

– To‘yga aytishni birinchi bo‘lib sizdan boshladim, Rustamjon. Hurmat bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da, a? – deya taklifnoma tutqazdi hamqish­loq.

– Rahmat, Nuriddin aka.

– Quruq rahmat bilan qutulmaysiz. Xo‘pmi?

– Xo‘p. Bizdan nima xizmat?

– Ha, yashang! Uka degani shundoq bo‘lsa-da. Ota-bobolarimiz davrida to‘y kurashlari bo‘lardi. Bu, qishlog‘imizdagilarga nima bo‘ldi, hayronman. Kim to‘y qilsa, endi bokschilarsiz o‘tmayapti. Tushundingiz-a, Rustamjon?

– Tushundim.

– Eng zo‘r, chayir, urishqoq bolalarni to‘plab olib boring. Bir mazza qilib tomosha qilishsin.

– G‘oliblarga sovg‘a masalasi nima bo‘ladi?

– Sovg‘asiga mana biz turib beramiz-da.

– Boks tushib zarba yeyish og‘ir, zarbani berish undanam og‘ir. Shunga yarasha mukofot qo‘yasiz. Kurash sayillaridayam mukofotlar bo‘ladi, xabaringiz bor.

– Albatta, ukajon. Uyaltirib qo‘ymayman. Ishondim-a.

– Ishonavering, – Rustam qulog‘i ding bo‘lib turgan shogirdlariga qarab qo‘yib, davom etdi, – G‘oliblarga bittadan tuya.

– A?

– Mayli, bittadan qo‘chqor bo‘laqolsin, – Rus­tam bolalarga yuzlandi, –To‘yda yutganlarga qo‘chqor bermoqchi amakilaring.

– Rustamjon, uyimni topolmay qolaman-a.

– Moskovchi boyman deb to‘ylarda pul sochasiz-ku. Iftixorxo‘janing sunnat to‘yida Erali hofizning boshidan bir o‘ram ikki yuztalikni sochganingizni ko‘rib, pul zavodi bormikan akaxonimni deb o‘ylab qolgandim. Savlatingizga qarang, uloqchi ot hurkadi.

– O‘zim bilib beraman, el qatori. Savdolashmaylik.

– Yo‘q, aniq gap ayting. Nasiyaga mushuk oftobga chiqmay qo‘ygan.

– Bo‘pti. Aytdim-ku hamma nima sovrin tiksa, undan kam qilmayman. Ungacha yana ko‘risharmiz. Lekin hozir temir daftarga tirkab qo‘ying. Esdan chiqib to‘y ertasiga bir-birimizga qarab jilmayishib qolmaylik…

– Ustoz, bu to‘yda kimlar boks tushadi? – so‘radi shogirdlardan biri.

– Buni birgalashib kelishamiz. Oldingiday rostakamiga emas, mashg‘ulot paytidagidek tomosha qo‘yamiz. Eng muhimi, hatto to‘yda ham odamlar boksga ishqibozlik kilishyapti. Gap sovrinda, mukofotdayammas, boks ommalashyapti. Menga kerakli tarafi shu.

Bolalar birdan qiyqirib, sakrab yuborishdi. Rustam qayrilib, ortida bir chelak shaftoli ko‘tarib turgan Hidoyatni ko‘rdi. U hammaga ikkita-ikkitadan meva tarqatdi. Oxirida bo‘shagan paqirni to‘ntarib, Botirjonni o‘tqazdi va shaftolining po‘stini archib, unga mehr bilan tutdi.

 

Navbatdagi raund

Rustam hovlisi yonida turgan “Mersedes”ga hayron bo‘lib qaragan edi, ulov ichidagilar u bilan baravar bosh irg‘ab salomlashdi. Darvozadan ichkarilarkan, so‘rida otasi ro‘parasida lo‘labolishga yonboshlagan Elmurodni ko‘rib, ta’bi tirriq bo‘ldi-yu, istar-istamas borib so‘rashdi.

– Rustamboy, ajoyib do‘stlaring bor-da. Mana, Elmurodjon bilan bir soatdan beri qaymoqlashib o‘tiribmiz. Shunaqa azamat yigitlar ko‘paysa, hammaga yaxshi bo‘ladi.

Rustam quruqqina qilib:

– Ha-a… Nimasini aytasiz, – deb qo‘ydi.

– Kim kimligini yoshi ulug‘larimiz yaxshi biladi-da! – dedi zavqlanib Elmurod, –  Tilla bilan misni ajratadigan zargar-da bular.

– Bir soatdan beri o‘tiribsizlarmi? Maktabga odam jo‘natmabsiz-da, dada.

– Seni darsdan qo‘ymaylik deb… Direktoring ham injiq emasmi…

– Men ham shuni aytaman-da, ota. Qayoqdagi direktor-pirektorlarning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirmay, bo‘ladigan ishni qilaylik, deyapman, ota, – Elmurod bo‘shagan piyolaning labiga chertib, Rustamga uzatdi.

– Har kimning rizqi o‘z yo‘lida, deysiz-ku, dada. Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak. Odam bir ish qilsa, behadik, ichi chiqib qilishi kerak, deb tarbiya bergansiz, to‘g‘rimi, dada?

Otasi o‘g‘lining mehmonni xushlamaganini payqab, ikkalasiga ham bir-bir hayratlanib nazar tashlab oldi:

– Ha, mayli, o‘g‘illarim, o‘zlaringni xos gap­laring borga o‘xshaydi. Men bir mol-holga qarab kelay. Sizlar bemalol… – yuziga fotiha tortib, tizzasiga tayanib turib ketdi.

Rustam otasini nigohi bilan kuzatib qo‘yarkan, uzoqlashishi bilan:

– Muddaoga o‘taylik, – deb cho‘rt kesib qo‘ya qoldi.

– Rustamjon, do‘stim, shing‘ovini eshitgandirsiz, o‘zingiz zog‘ yigitsiz. Ochig‘i, yigitlarim besh yildan beri chetga chiqib, ko‘cha janglarida qatnashib keladi. Yutuqlarimiz bor. Mablag‘imiz yetarli. Lekin tajribali mutaxassis topolmayapman. Yaxshi kurashchi, karatechi murabbiylar bor. Ammo ko‘cha jangida boks ham juda zaril ekan.

– Qora tomosha deng? Xo‘roz yo qo‘chqor urishtirishdek gap-da. Qisqasi, qimor-da, to‘g‘rimi?

– Darrov qizishasiz. Endi birinchi raund boshlandi-yu, – Elmurod kuchlanib kuldi, – Biznikiyam sport. Xalqaro darajada. Aytaylik, Taylanddagi jahon birinchiligida o‘zbekistonlik falonchi hammani sindirdi, degan gap obro‘ keltirmaydimi?

– O‘sha obro‘ necha pullik? Maqsad birovning ustidan pul qilish emasmi? Bu dunyoda pulning haloli, haromi degan gaplar bor.

– E, menga qarang, erkak! Muncha pul, pul deb qoldingiz. Pul bu – vosita. Vosita hammaga kerak. Sizga kerakmasmi yo? Hovlingizni ahvolini qarang. Kechirasiz-u, otaxonni mahsisiga qaragan odam sizga rahmat demaydi… Pul bo‘lsa, hozir farzand ham ko‘rish mumkin. Chorasi bor…

Rustam Elmurodga g‘azab bilan tikilib qoldi. Mehmonning ovozi ham, rangi ham o‘chdi.

– Uyimda mehmonsiz, bo‘lmasa… Ha, mayli… Uzr, boqqa chiqmoqchiydim. Bir-ikkita to‘nkalarni qo‘porishim kerak…

Elmurod yasama xushhollik bilan chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:

– Mehmondo‘stlik uchun rahmat. Nasib qilsa, keyingi raundlarda yana ko‘risharmiz. Onaxonni so‘rab qo‘ying.

 

Ha o‘l-a, suzma!

– Ho‘v, Izzat, o‘zingni to‘yingdayam qozonga shuncha go‘sht tashlarmiding? Odam yegan bilan shoxi chiqarmidi? Huzurini makkapoya ko‘radi. Bu seni nasiya choyxonangmas! Tag‘in bu xolavachchamish… Ho‘v boyvachcha, birinchidan, go‘sht odamni qaritadi, ikkinchidan, uyquni qochiradi, xayolni bo‘ladi… – to‘yxona egasi Nuriddin moskovchi shu tariqa oshpazga malomat yog‘dirayotgan payti Rustam bir guruh shogirdlari bilan to‘yxonaga kirib keldi. Moskovchi boy qo‘lidagi bir bo‘lak go‘shtni tog‘oraga qayta tashlarkan, Izzat akaga o‘qraygancha ovoz chiqazmasdan og‘iz harakati bilan yana bir narsalarni darg‘azab uqtirdi-da, yangi mehmonlar istiqboliga tabassum bilan shoshildi.

Xizmat qilib yurgan Nurxon qo‘lqopini bir-biriga urishtirib, yelka tashlab odamlar oralab kelayotgan Azizga imkon qadar yaqinlashib, salom berdi. Aziz uni ko‘rmaganday atay boshqa tomonga qarab birov bilan salomlashgan bo‘lib o‘tib ketdi.

– Aziz do‘stlar! Mana bugun Nuriddinboy elga to‘y beryapti. Iloho, to‘ylari oxirigacha mana shunday tinch, fayzli o‘tsinki, aslo melisavozlikka o‘rin qolmagay! Omin! Kurashchi polvonlarning bellashuvini ko‘rdik. Ana endi davraga bokschilarni taklif qilamiz. Marhamat, Rustamjon!

Davraga Rustam chiqib, mikrofonni oldi-da, birma-bir yosh va vazn toifasiga qarab juftliklarni maydonga chaqira boshladi. Nihoyat, navbat Azizga kelganda raqib topilmay qoldi.

– Qadrli hamqishloqlar, nima qilamiz? Raqib bo‘lmaganidan keyin Azizbekni g‘olib deb e’lon qilamiz-da! Yo boshqa taklif bormi?

Aziz davra chetida qo‘l chalishtirib turgan Javlonga qarab:

– Bizga yoshiniyam, vazniniyam farqi yo‘q. A, Javlon aka? Bir tashlashamizmi? – deb gap qildi.

– Men… bokschimasman-u… Kurash bo‘lganda, boshqa gap edi, – dedi Javlon vaziyatdan silliq chiqib ketganiga yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘lib.

– Bo‘ldi! Tamom! Kurashamiz! – Aziz bu shartga ham rozi bo‘lib qo‘lqoplarini yecha boshladi.

Ikki raqibga to‘n va belbog‘ berishdi. Javlon noiloj belini bog‘lab, davraga chiqdi. Azizning ko‘zi ayvonda qizlar davrasida voqeani hayajonlanib kuzatib turgan Nurxonni qidirib topdi.

Bakovul kurash shartlarini tushuntirib, bellashuvga ruxsat berdi. Davradagilarning “Bekor qildi-da Aziz, Javlon ezib qo‘yadi”, “Boks bilan kurash boshqa narsaligini bilmaydimi bu?”, “Aziz chiniqqan-da, Javlon xomsemiz” kabi gap-so‘zlari quloqqa chalindi. Aziz bel olishi bilanoq “Yo madad!” deb Javlonni bir siltab o‘ziga tortdi-da, oyog‘ini yerdan uzib, yelkasidan oshirib tashladi. Raqibini yerga bosgancha atrofga qaradi. Qiyqiriq, olqishlar, “Halol!” degan hayqiriqlar ketidan “Obbo, po‘k ekanu bu”, “Kiprik qoqquncha qoqib qo‘ydi-ya”, “Kuchli kuchli ekan-da, a?”, “Ha, kuchli kuchli-da!”, “Vey, bu Javloning popiris chekib, hotdog yeb yuravergan ekan-da!”, “Ha o‘l-a, suzma!”, “Sportchi baribir sportchi-da” kabi qizg‘in munosabatlar quloqlarni batang qildi.

Aziz o‘rnidan turarkan, yana nigohi bilan Nurxonni izlab topdi. Nurxon quvonchdan sakrab, qarsak chalayotganini ko‘rib hayronu lol bo‘ldi.

 

Chaqaloqni ismi nima bo‘ldi?

– Gerakl aka, qayga ketyapmiz? Aytmadingiz, – dedi qiziqsinib Abdulla.

– Sen bilan biz hali uzo-o-q manzillarga boramiz. Muhimi, shoshmasdan shoshilish kerak. Og‘ir karvon baland dovon oshadi.

– Aka, mana shu mashina necha pul turadi?

– Ancha, – kulib qo‘ydi Gerakl.

– Ellik ming turar?

– Ellik mingga buni chirog‘iniyam silatmaydi, dagar, – Gerakl bolaning soddaligidan zavqlanib, boshining orqasiga yengil kaft urib qo‘ydi, – Ellikni orqasiga yana bitta nol qo‘yvor.

– Yo‘g‘-ye, yarim millionmi?! Qoyil! Bizgayam nasib qilarmikan?

– Niyatni yaxshi qilaver. Men nihoyatda kambag‘al, nochor oilada tug‘ilganman. Ishonasanmi, o‘n oltita farzand edik. Otam kolxozchi, onam bekorchi edi. Ota-onaga yordam berish kerakmi? Kerak! Qanaqa yo‘l bilan bo‘lsa ham ularni rozi qilish shart, – ko‘rsatkich barmog‘ini havolatdi, – axir ular – ota-ona! Seni dunyoga keltirgan. To‘g‘rimi?

– To‘ppa-to‘g‘ri!

– Haqiqiy o‘g‘il bola ota-onasi nochor, qiynalib turganini ko‘rib, chidab tura oladimi?

– Chidab turolmaydi!

– Bale! Chidab turolmaydi. Men ham chidab turolmadim. Tirikchilik yo‘lini tutdim. Mana, kam bo‘lganim yo‘q.

– Ota-onalaringiz hayotmi?

– Ha… – biroz to‘xtab, so‘ng qo‘shib qo‘ydi, – hayot…

Mashina to‘xtab, tushishdi. Gerakl ro‘paradagi toqqa ishora qildi:

– Ko‘ryapsanmi?

– Tog‘nimi? Ko‘ryapman.

– Sen bilan men mana shu tog‘lardek bardoshli bo‘lishimiz kerak. Qasd qilganlar qiya bo‘lib ketaveradi. Tog‘ga tosh otgan bilan nima bo‘ladi, bilasanmi?

– Tosh dumalaydi.

– Yo‘q, otilgan toshlar hisobiga tog‘ yanayam kattalashadi.

– Farzandlaringiz ham bormi?

– Bitta o‘g‘lim bor. Endi ikkitaga ko‘paydi.

– Tabriklayman. Chaqaloqni ismi nima bo‘ldi?

– Abdulla.

– Ie, menga adash bo‘pti-yu!

– O‘sha bola sening o‘zingsan. Men seni o‘z o‘g‘limday yaxshi ko‘rib qoldim.

– Yo‘g‘-ye… – xursand bo‘lib ketdi Abdulla.

– Ha. Sen og‘zida qulfi bor, tishi tiliga qafas bo‘lgan, ishonsa bo‘ladigan, sotmaydigan, chinakam mard yigitga o‘xshaysan. Menga senday sadoqatli yordamchi kerak. Lekin avval sinovlardan sog‘-salomat o‘tishingga to‘g‘ri keladi.

 

(Davomi kelgusi sonda)

Iqbol MIRZO,

O‘zbekiston xalq shoiri.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.