Senga qanday yetay, ayt…

0
64
marta ko‘rilgan.

* * *

Ozor berdim nozik ko‘nglingga,

Bilib-bilmay qo‘ydim ranjitib.

Bu og‘riqqa bormikin malham,

Davosini bilarmi “Fit-tib”?

Barham topmas bu arazlashuv,

Bekor bari yozgan xat-nomam.

Bu tun ushbu sevgi qissadan

Bitmoq mumkin “Muhabbatnoma”.

Boshdan o‘tdi ne-ne sarguzasht…

Hamon borsan o‘tli g‘amzada.

Shu firoqni yengib o‘tsak bas,

Joy berilar bizga “Xamsa”dan

 

 

* * *

Yillar – eshilgan ilon,

Fasllar tizim-tizim.

To‘rt tomoning beyaproq,

Umringga bermas to‘zim.

O, bahor – nozli suluv,

Yo‘qlab kelmas bog‘ingga.

Kimlar tosh otar, gulim,

Ko‘nglingga, yaprog‘ingga?

Bu hazonlig‘da yolg‘iz

Kuzak biz bilan birga.

Kel, birga yig‘lashamiz,

Yuvib ketsin yomg‘irlar…

Borgim kelar shamolday,

Hijron o‘tar jon-jondan,

Senga qanday yetay, ayt,

Tinmay bo‘g‘sa ilonlar?!

 

 

 

* * *

Yulduzlarin cho‘g‘latib osmon

Doiradek chertadi oyni.

Sariq surat bag‘rida shodmon

Sho‘x yaproqlar yuzarib o‘ynar

Va silkinar rangin g‘o‘ralar,

Hamroh bo‘lib gullar raqsiga.

Bog‘ tonggacha kuyga o‘ranib

O‘ynar tunning nog‘orasiga…

 

Muhammad Siddiq

 

2000-yili tug‘ilgan.

Toshloq agrosanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.