Senga zikr-u shukurimni kecha-kunduz farovon qil

0
4
marta ko‘rilgan.

* * *

O‘zingdan o‘zgaga, ey yor, mani begonalardan qil,

Jamoling nuriga tun-kun mani parvonalardan qil,

 

Firoqing dardida ko‘nglim chekar har lahza dard-u g‘am,

Nazar tashlab qulinga bir, mani giryonalardan qil.

 

Yonarman dardi ishqingda, ki bag‘rim tah-batah qondir,

Najot istar ko‘ngil sandan, yo‘lim mayxonalardan qil.

 

Talabgoring erurman chin kuyar ishqingda bu jonim,

Yaqin aylab jamolinga mani so‘zonalardan qil.

 

Ayondir, rahmati ishqing, hayot baxsh aylagay menga,

Borar yo‘lim sengadir, yor, mani mardonalardan qil.

 

Malohat birla ko‘nglimga muhabbat jomini tutding,

Labim yetsin ki poyinga mani ostonalardan qil.

 

Tilab Mahmud rizoyingni turar hajringdakim behol,

Panoh-u sarvarim sensan, mani hamxonalardan qil.

 

 

* * *

Xudoyo, har zamon har on borar yo‘lim charog‘on qil,

Senga zikr-u shukurimni kecha-kunduz farovon qil.

 

Bu besh kunlik hayot ichra o‘tar umrim gunah ichra,

Savob ishlarni qilmakka qulinga vaqti imkon qil.

 

Agar rozi bo‘lar bo‘lsang, menga har mushkul osondir,

Karam birla O‘zing, Tangrim, nazargohim guliston qil.

 

Sinov dunyosida, ko‘nglim sezar har dam aro xavfni,

G‘animlar hamlasidan sog‘-omon chiqmakni oson qil.

 

Zaifman, har nafas har dam najotkorim O‘zing yolg‘iz,

Shayoton makridin asrab, ki nafs ayshini yakson qil.

 

Yorug‘ yuz birla bormaklik huzuringga saodatdir,

Ki, Mahsharda Rasululloh shafesin nuri Rahmon qil.

 

O‘zingdin o‘zgadin hargiz najot yo‘qdir iki olam,

Etib holimni mahmud Sen, borar joyim nurafshon qil.

 

 

* * *

Topdi ko‘nglim ishqi Haqni senga, ey yor, yuzlanib,

Angladim botinda shavqni senga, dildor, yuzlanib.

 

Istadim mayxona ichra husni ahvolingni, yor,

Shavqi mastlik ichrakim vaslingga bedor yuzlanib.

 

Sun qadah, soqiy, sharobing jilva qilsin dil aro,

Zoti pokinga etay men o‘zni izhor yuzlanib.

 

Yor, visoling istabon hech dahri dunda topmadim,

Turgamen ranj-u alamlar ichra bemor yuzlanib.

 

Matlabim vasli jamoling ishtiyoqi ichradur,

Qismatim zikringni qilsam, yor, takror yuzlanib.

 

Gar labingdin istaram bir xush kalom dard ichrakim,

Bu qazo, zikringni, ey yor, qilsam takror yuzlanib.

 

Yor, labingdin istaram bir xush kalom dard ichrakim,

Bu fano dayrida yolg‘iz senga xummor yuzlanib.

 

Ishq jafosi vasliga vosil erur, ey, Mahmudo,

Ajrini topsang ajabmas, yorga zor-zor yuzlanib.

 

 

* * *

Yorini topgaymi oshiq hajrida sadporasiz,

Kim yetar vasliga chekmay g‘am-alam avvorasiz.

 

Izlagan topgay degaylarkim mashoyixlar azal,

Shavq bo‘lmas ishq elining ko‘nglida favvorasiz.

 

Mubtalolar dardidan olam muhabbat ichradur,

Aylanur erdi zimistonga magar dildorasiz.

 

Ishq-la olam munavvar, kavkabistondir falak,

Nur socharmi bir nafas olam agar ruxsorasiz.

 

Tiynatidan borliq ichra fayz erur, bilgil, bad,

Hech amal bo‘lgaymi borliq ichrakim nazzorasiz.

 

O‘n sakkiz ming olam ahli yori dardi ichradir,

Yetmagay vasliga hargiz ishq eli dilporasiz.

 

Mahmudo, vaslini istab tomadim deb chekma g‘am,

Qudrati oldida, boqqil, qolmadi kim chorasiz.

 

 

* * *

Ey Diloro, borligimga Sen sabab, hijron sabab,

Tun-u kun bedorligimga Sen sabab, hijron sabab.

Aql-u hushdan ayrilib, devona bo‘ldim shunchalar,

Dard aro bemorligimga Sen sabab, hijron sabab.

Sham’i dil ravshanligi sendin erur, ey mahliqo,

G‘am aro abgorligimga Sen sabab, hijron sabab.

Topmadim hargiz o‘zingdan o‘zgani ochun aro,

Dahr aro xummorligimga Sen sabab, hijron sabab.

Ahli husn ichra Qamarsan ham Quyosh tanho o‘zing,

Vaslinga zor-zorligimga Sen sabab, hijron sabab.

Osmoni ishq aro sen porlagaysan, men xarob,

El aro bu xorligimga Sen sabab, hijron sabab,

Ey Nigoro, yor azobi aylagay Mahmud azal,

Ishq aro shahvorligimga Sen sabab, hijron sabab.

 

 

Ismoil MAHMUD

 

1947-yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Shu’la”, “Kelajakka ishonib”, “E’tirof”, “Ishq saodati”, “Gulzor qilur” she’riy kitoblari chop etilgan.

 

2022/6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.