86 marta körilgan

Seni yaxşi kördim hammadan, biroq…

Jamşid Haqberdi

Bilmaysizmi?!

Bilmaysizmi, işq nimadir,

Sevgi nima, hijron nima?

Bilmaysizmi,

bir gulnigoh

Dilga bergan darmon nima?

Bilmaysizmi, köngil degan

Har kimning-da zör qozisi.

Iymon degan, vijdon degan

Çin insonning tarozisi.

Bilmaysizmi, adolatning,

Qalbi uyğoq bölişini.

Bilmaysizmi, adovatning,

Yöli toyğoq bölişini.

Bilmaysizmi, yolğon şirin,

Rost sözning talx bölişini.

Bilmaysizmi, mendek ğarib,

Işqparast xalq bölişini.

Bilmaysizmi, mazlumlarning

Jonida jo jurʼatini.

Sizga çizib berdim, mana

Yuragimning suratini!

Bilmaysizmi?!

Dilim tuşdi

Aşʼorima yurak zohir,

Ham köngil, ham tilak zohir,

Işq domiga tuşib oxir,

Ğam şahriga yölim tuşdi.

Tangrim, abad sitammi ul,

Körsatmading bir yoruğ yöl,

Köklaringga çözgandim qöl,

U şalvirab qölim tuşdi.

Jonim dilga quçib böldim,

Tildan tilga köçib böldim,

Dunyosidan keçib böldim,

Boşimga bir ölim tuşdi.

Yomonimdan yaxşim köpdir,

Könglimga boq, naqşim köpdir,

Işqim çeksiz, raşkim köpdir,

Faqat senga dilim tuşdi.

Örgansinlar

Men işq dedim, qalbi omon – omon böldim,

Işq elining dardlariga tovon böldim,

Dil yuksalib, ruhi ravon – ravon böldim,

Işqni mendan örgansinlar, işqparastlar.

Yomğirlaring nima dunyo, yoşim köpdir,

Azoblarda ölmagan ming boşim köpdir,

Zaynablaring oğulagan oşim köpdir,

Işqni mendan örgansinlar işqparastlar.

Tong istadim, qoldim zimistonlaringga,

Qizğaldoqday botdim qizil qonlaringga,

Işqim, raşkim tegib bir kun jonlaringga,

Işqni mendan örgansinlar işqparastlar.

Iztiroblar yuragimda dutor çalar,

Öynagaydir armon degan xumorçalar,

Yasab olib izlarimdan tumorçalar,

Işqni mendan örgansinlar işqparastlar!

* * *

Sentabrning sönggi kunlari –

Bandidan çirt uzilgan bir barg.

Zavol bilmas boğlarga yana,

Köz soldimi kuzak juvonmarg.

Sentabrning sönggi kunlari,

Tökilaman yaproqday duv-duv.

Sentabrning sönggi kunlari,

Yuragimda alam va qörquv.

Sentabrning sönggi kunlari,

Nimadandir qilyapti ogoh.

Sentabrning sönggi kunlari,

Tanib qoldim özimni nogoh!

Sentabrning sönggi kunlari…

Sen qaydan bilasan

Sen qaydan bilasan, har tun tegramda,

Azoblar qaytadan rostlagaylar qad.

Yuragim eng yoniq satrga töla,

Va lekin qölingda ğijimlangan xat.

Sen qaydan bilasan ğamgin kunlarning

Har bir lahzasidan ungaydir soğinç.

Qismat – bor aqlini yöqotgan bola,

Soğinç gullarini qöymagaydir tinç.

Sen qaydan bilasan, tuğilganimni,

Dilga kiprigingni botirgan paytda.

Endi ölişim ham heç gapmas, axir,

Yurak oğulanib eng gözal baytdan.

Sen qaydan bilasan, firoqlar qator

Köçamdan toş otib ötayotganin.

Sen qaydan bilasan, xavotir – ajdar,

Mening bor umrimni yutayotganin.

Sen qaydan bilasan, şeʼrlarim ğamgin,

Göyo menga sira yaraşmas kulgi.

Yaxşiyam bilmaysan, Xudoga şukur,

Bilsang, qiziği ham qolmasdi balki.

* * *

Yomğir yoğib ötgan dala, qirlarda,

Maysalar quvnaşib boş kötararlar.

Mening öksib ötgan umrim yurakda,

Aftoda kunlarga toş kötararlar.

Lolalar qöşini qip-qizil olov,

Qip-qizil alanga, qip-qizil yalov,

Rang-röyimga boqib, kipriklariga

Tongdanoq bir dengiz yoş kötararlar.

Hay-huylab ötsam men misoli Maşrab,

Qalbimdan uçqunlar ketsa-da saçrab,

Işq bilmas, beparvo suluvlar bari

Lab burib, köz suzib, qoş kötararlar.

* * *

Dunyo dilsiz tanlaringni ğamga qoray,

Hissiz, tilsiz tanlaringni ğamga qoray,

Işqdan söra, işq darsidan saboq beray,

Men bu yölda Majnuningdan qolişmayman.

Suvga taşla soçlaringni qarmoq qilgin,

Kökka otib kiprigingni yaroğ qilgin,

Işq şikasta, ol, dilimni yamoq qilgin,

Yöqsa, oppoq tonglaringdek yorişmayman.

Erkam, işqqa yuz burib, dil tutişni bil,

Ğamga sabr aylab, baxtni kutişni bil,

Dunyo dema, yuragimga ötişni bil,

Boşingni qöy, kelgin köksi bolişdayman.

Xato ketdim, tutib edim barlaringni,

Yöllarimda paydo qilding jarlaringni,

Dunyo, tamom endi siym-u zarlaringni

Eng toza bir muhabbatga alişmayman.

 

 

* * *

Sinçiklab qarasang, osmon eng yaqin,

Sinçiklab qarasang, eng yiroq osmon.

Köngilning boğlari ruhafzo, salqin,

Köngilning boğlari avji saraton.

Dilqadahda tölib borgani sabr,

Soçim tolasidan köproği ökinç.

Men seni yöqotib qöydimmi, qadr?

Armonga yor bölib tuşdingmi – ötinç!

Nimadir yetmaydi, hamma narsa bor,

Asli bu dunyoning özi tengsizlik.

Endi umrim böyi qilgumdir takror,

Meni ado qilar faqat sensizlik!

Bir xavotir inar dilga muttasil,

(Qaroğ ğussalarga tölib qolmasdan).

Bedor tuyğulardan etma benasib,

Yurak sensizlikka könib qolmasdan!

 

Jurʼatsizlik

Yöllar soğinçlarni yöllab keldilar,

Kunlab, oylab emas, yillab keldilar,

Şundoq kuzlarimda gullab keldilar,

Gulim, faqat sendan darak bölmadi.

Yuragimda qayğu bir töylar qildi,

Kungura peştoqli bir uylar qildi,

Sukutdan sitamkor bir kuylar qildi,

Bu töyda vasllar kerak bölmadi.

Yo majnuntollarning kirdi suqlari,

Jonimdan ötdilar kiprik öqlari,

Asli bu dunyoning bor-u yöqlari,

Muhabbat şunçaki ermak bölmadi.

Sen u yon, men bu yon – örtada firoq,

Soçing böyin tuyub qölimda titroq,

Seni yaxşi kördim hammadan, biroq

Senga aytmoqlikka yurak bölmadi.

Körinmading

Körinmading…

Yorişmadi borliğim tuman,

Yurak oqdi közimdan sizib.

Ğamgin yotar bezori gumon,

Miyamning bir çetida tuzib.

Körinmading…

Boğimdagi nomozşomgullar,

Ketib qoldi qayga yuz burib.

Yöl termulib, yiğladi yöllar,

Toşlariga boşini urib.

Körinmading…

Soğinçlarning tamşanib labi,

Kökka uçdi oliy tilagim.

Suvsiz qolgan çelaklar kabi,

Qaqrab yotar böm-böş yuragim.

Körinmading…

Jamşid HAQBERDI

1976-yili tuğilgan. Toşkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. “Soçlaringga soçilgan soğinç”, “Siz ham meni soğinasizmi?”, “Yuragingga kirib boraman” nomli kitoblari naşr etilgan.

2023/8

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.