Sevilmoqlik uchun keldik dunyoga…

0
320
marta ko‘rilgan.

OTAMGA

 

Ko‘ksimga g‘alati bir dard cho‘kadi,

G‘alati tuyular shoirligim ham.

No‘noq shoirlikdan ko‘ra yaxshiydi,

Otamning ketmonin ko‘tarsa yelkam.

 

Onam ortidanmas qizaloq paytim –

Sizning ortingizdan ergashib yurdim.

Lekin bo‘lolmadim sizdayin hotam,

Sizday mo‘minlikka yetmadi qurbim.

 

Bir chetda mung‘aygan ketmoningizdek

Cho‘kib qolganmiyo dunyoning qaddi.

Ota, qo‘llarimga tutqazgan qalam –

Sizga loyiq farzand bo‘lmoq umidi.

 

Otajon, ko‘ksimni bir dard ezadi,

Bir qayg‘u ko‘ksimni yanchiyveradi.

Qandoq farzand bo‘ldim: beburd, beqadr –

Kuragimning tagi sanchiyveradi.

 

Ketmoningiz kafti baxt oynasimi?

Iymon suratimi poshnangiz izi?

Uning rizoligin ololmay hargiz,

Qavarib boradi dunyoning tizi.

 

Ko‘ksimni g‘alati bir dard ezadi…

 

KO‘RGAZMADA

 

Ko‘zimga judayam issiq ko‘rindi,

Vatan suratiga o‘xshaydi xuddi.

Betakror tasvir bu:

Gavjum bozorda

Beshik olayotgan ota, serxayol.

Undan-da go‘zaldir,

Boqiy asar –

Tong.

Dunyoni unutib,

Malaklar kabi

Go‘dagin emizib o‘tirgan ayol.

 

Bu surat qoshida

Xayol to‘zg‘ir zum

Va dunyo to‘xtaydi aybdorday jim.

Tizzasin quchoqlab

So‘ngsiz mung‘aygan,

Ko‘ksi to‘la alam, faryod-u vola,

Egasin qaddidek

Munkaygan so‘ri,

Sog‘inch qotib qolgan ko‘zida jola.

Ishkomda

Ming yilki zor kutaverib,

Mayizga aylangan g‘amdan uzumlar.

Yuraklari siqib olingan anor

Tokchada

 anduhdan qonab ezilar.

Yolg‘izoyoq yo‘lga

Yuragin ekkan,

Ko‘zlari teshilgan g‘arib ostona.

Urushdan qaytmagan bolasin kutib,

Yo‘llarga hasratli

Termulgan ona.

Bu surat qoshida

Yurak to‘xtar zum…

 

 

BIZ SeNI ASRAGAYMIZ JON BILAN, O‘ZBeKISTON!

 

Yo‘li oydin, oq, buyuk safarga chiqqan vatan,

Polvonlari dunyoni mushtida yiqqan vatan,

Tulporlari poygada zafarga chiqqan vatan!

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Tuproqlari ganj yurtim, har cho‘ping hikmat, hadis,

Dunyoga eshik ochgan, tafakkurda mudarris,

Tushimga kirib-chiqar jasur onam To‘maris,

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Ipagi duolardan onalar tortgan qatim,

Yaproqni bol qilgan el, sopolni chinni, qadim,

Basharning tinchligiga muhofiz bu kun yurtim,

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Jahon ko‘zini olgan oltin, javohirimsan,

Kuragi yer ko‘rmagan polvon, bahodirimsan,

Ko‘z tikmasin bir g‘anim, mangu barqarorimsan,

 Bobolar olgan erkni qon bilan O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Hurligingga qo‘riqchi burgutlaring, sorlaring,

Joningda qad ko‘targan atiqa, osorlaring,

Jahongashta Boburing, Furqat sog‘inch, zorlari,

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Tishlarin g‘ijirlatgan qashqirlar bilib qo‘ysin,

O‘z yurtini sotguvchi basirlar bilib qo‘ysin,

Go‘rlarida tik turgay, tik pirlar bilib qo‘ysin,

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

Ortga qaytmaydi o‘zbek, bor jasur xaloskori,

Mard sarboni ortida xalqi – alp najotkori,

Kim vatanni asragay, Ollohdir madadkori,

Bobolar olgan erkni qon bilan, O‘zbekiston,

Biz seni asragaymiz jon bilan, O‘zbekiston!

 

 

MeNI QO‘RQITADI…

 

Bir qiz ketib borar namozshom aro

Ko‘zlarida yonar telba bir chaqin.

Quturgan ummonga qasdma-qasd go‘yo –

O‘zin urayotir bir oqqush betin.

Neni istaydi u?!

Hayotmi, o‘lim?

Qalbin muhabbatdan etmoqni xalos?!

Balki, o‘qimoqchi

Hijronga hukm,

Bevafo sevgidan olmoqchi qasos?!

Qayga ketib borar

Benajot, besar,

Darbadar yo‘llarda, balki, adashgan,

Yo adashtirdingmi, adashgan dunyo,

Ishqning jodusida ko‘zi qamashgan.

Qayga ketib borar, yolg‘iz, bepanoh,

Bir najot istarmi,

Adolat istar?!

Qoshining yoyidan otiladi oh,

Bu yupun dunyodan saodat istar!

Yo‘llarin to‘singiz, daraxtlar, choping,

Gullar gulligini soling yodiga.

Telba to‘lqinlarga bo‘lmasin taslim,

Shamollar, qaytaring ortiga.

Dunyo, qo‘rqmaysanmi qarg‘ish, ohidan,

Maysalar yig‘idan ko‘tarolmas bosh.

Bosib qolmasmi, hey, dunyolaringni

Mahzun ko‘zlaridan yumalagan yosh.

O‘z o‘qidan chiqib ketmasin yurak,

Kiprigida qotib qolgan xiyonat.

Ko‘zlarin yoshiga cho‘kmoqda, yo Rab,

Qo‘llarini qo‘yib yuborma, hayot.

Yulduzlarni qulatmasmi boshimga

Ma’yus nigohingda uvlagan savol,

Poylaringga cho‘kib, baxt ham gullaydi,

Bir hovuch shabnamdek erkam bezavol.

Ortidan yugurib hayqiraman: “Qayt!”,

Ko‘ylagidan tortib shamol cho‘kar tiz.

Meni qo‘rqitadi, dunyodan, hayhot!

Etaklarin silkib borayotgan qiz.

XONZODABeGIM

 

Dunyo g‘azovotdan uvlab turgan chog‘,

Yuraklarim titrab, o‘krab turgan chog‘,

Ko‘nglim bir tozalik tilab turgan chog‘,

Men sizni esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Darvozangni ochma ohkim, Samarqand,

Chiqib ketmoqqa shay mohing, Samarqand,

Ortidan chopmasin ohing, Samarqand,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

To‘lg‘onursiz ipaklar ichinda siz,

Inim deya yuraklar ichinda siz,

Ishq izlarsiz ko‘zingiz uchinda siz,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Bu kun vafo-hayo kun ko‘rmay qo‘ygan,

Qizlar selkillatib soch o‘rmay qo‘ygan,

Opalar iniga jon bermay qo‘ygan,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Qalbingiz yayratib shod edi bir ishq,

O‘chdimi, yanchdingiz dod endi bu ishq,

Ro‘zi mashhargacha faryod endi ishq,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Darvozangdan chiqdi misli asotir,

Uyg‘on, oyoqqa tur, Mavounnahr,

Yog‘iyga ko‘nglini tutgancha asir,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Borarda ko‘ngliga gul ko‘shk na qilsin,

Xonning haramida oshiq na qilsin,

Shayboniyxonda dil, chin ishq na qilsin.

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Ko‘ngil nima bo‘pti?!

Ovutdingizmi?

Dilni muhabbatdan sovutdingizmi?

Yuz ko‘rmaslar qilib yovutdingizmi?!

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Ko‘ndi xon harami ota tengiga,

Chag‘ir toshlar bilan urdi ko‘ngliga,

Qismat libosini kiydi egniga,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Ko‘ksiga xanjarlar ekib borodir,

Baxtin inisi-chun tikib borodir,

O‘t tushgan yuragin yelpib borodir,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Ko‘ngil isingaydir o‘chog‘ingizda,

Talpinadi jonim firog‘ingizga,

Bu dunyo arzimas tirnog‘ingizga,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

Kimni axtardingiz, kimga mahtalsiz,

Yurakka qurilgan Tojimahalsiz,

Xonning saroyiga jo‘nar mahal siz,

Qovrilib esladim, Xonzodabegim,

Ko‘zda yosh qo‘msadim, Xonzodabegim.

 

 

Sevilmoqlik uchun

 

Sevilmoqlik uchun keldik dunyoga,

Ishq, o‘tin bo‘loyin o‘choqlaringga.

 

Bizni yaratgandir qodir Xudoyim,

Ishqning baland dori, sirtmoqlariga.

 

Bu dunyo tuzoqdir, faryod na hojat,

Tushganmiz axir ishq tuzoqlariga.

 

Bizni ishq mulkiga hukm etsin Xudo,

Surgun qilsin abad qiynoqlariga.

 

Ishq, deya qiyomat qadar borurmiz,

Gunohimiz – ishq, deb so‘roqlariga.

 

Ishq magar jahannam bo‘lsa, chorlagin,

Jannat qolib kirgum do‘zaxlariga.

 

Ishqimiz xudoyi, qurbonliq asli,

Jonimiz tikilgan bayroqlariga.

 

Onagul, to‘kilsak qatra nur bo‘lib,

Azal sarkotibin siyohlariga.

 

Enaxon Siddiqova,

O‘zbekiston xalq shoiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.