Huquqiy ong avvalo oiladan boshlanadi

0
71
marta ko‘rilgan.

Xabaringiz bor, 2019yil 22dekabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonOliy Majlis Qonunchilik Palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar yuqori kayfiyatida otkazildi. O‘ylaymizki, xalqimiz o‘zi­ning odil va tanti farzandlarini qo‘llab-quvvatladi. Albatta, saylovlarning natijasi o‘laroq, Parlamentga el-yurt manfaati yo‘lida xizmat qiladigan fidoyi shaxslar saylandi. Xalqining rag‘bati bilan Rasul Kusherboyev Oliy Majlis Qonunchilik Palatasiga ikkinchi marotaba deputatlikka saylandi.

Avvalo, Rasul Xidraliyevichga el-ulus katta ishonch bildirdi. O‘ylaymizki, u saylovoldi dasturidagi vazifalarni ado etadi va bu yo‘lda ko‘pchilikga namuna bo‘ladi. Rasul Xidraliyevichni tahririyatimizga chorlab, undan shakllantiriladigan yangi Parlament haqidagi o‘y-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdik.

 

– Rasul aka, avvalo, xalq ishonchi o‘laroq deputat sifatida saylanganingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar bugun “Yangi O‘zbekiston” qiyofasida umumlashmoqda. Mana, kuni kecha, Parlament saylovlari ham bo‘lib o‘tdi. Nima deb o‘ylaysiz: yangi Parlament yangi O‘zbekiston qiyofasini to‘laqonli aks ettira oladimi? Shu ma’noda saylov natijalaridan ko‘nglingiz to‘ldimi? Yaqin kelajakdagi yangi Parlamentning besh yillik faoliyatini qanday tasavvur qilasiz?

– Saylovlarni oldingilarga nisbatan demokratroq bo‘ldi, deb ayta olaman. Albatta, kamchiliklar yo‘q emas. Demokratroq deyishimga sabab, ommaviy axborot vositalari orqali siyosiy partiyalarning ochiq-oshkoralik asosida chiqishlarini va hatto unga o‘z fikrlarini bildirish imkoniyati chekka hududlargacha yetib bordi. Shaxsan o‘zim chinozlik dehqon ham, kosib ham partiyalarni kuzatib borgani, ayrim masalalarda partiyalar fikriga qo‘shilmasligini ta’kidlashganiga guvoh bo‘ldim. Ular bizga ochiqchasiga erta bularni qila olasizlarmi-yo‘qmi, degan talabni ham qo‘yishdi. Xalqning siyosiy jarayonlarni kuzatib borayotganidan, albatta, xursand bo‘lasiz. Yana bir jihat – odamlarda talabchanlik juda ortgan. Davlat uchun xalqdan kattaroq kuch yo‘q, uning xohishi, irodasi har doim hal qiluvchi bo‘lishi shart. Shundan kelib chiqib, Yangi Parlament yangi O‘zbekiston uchun nima qilib bera oladi, degan savolga men bu xalqning talabchanlik ruhining tushmasligi bilan bog‘liq, xalq o‘zi saylagan vakildan talab qilsa, uni tinch qo‘ymasa, deputatlar ham ishlaydi, ishlolmasa, o‘zi bu yerni tark etadi, deb javob bergan bo‘lardim.

Yangi Parlamentga saylanganlar saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ustida ishlasa, xalqqa bergan va’dasini bajarishga, uning ishonchini oqlashga harakat qilsa, o‘shandagina o‘zgarish bo‘ladi. Yangi Parlamentda biz xalqning o‘zi saylagan vakili qaysi masalaga qanday fikr bildiryapti, nimani qo‘llab-quvvatlayapti – ana shularni bilib turishi uchun texnik imkoniyatlar yaratishga urinyapmiz.

Hozirgi ishlash jarayoni odamlarni qoniqtirmayapti. Bu haqiqatni tan olishimiz kerak. Biz odamlarning talab darajasida ishlolmayapmiz, ochiqlik-oshkoralik, so‘z erkinligi yangi bosqichga chiqsa, uzoq vaqt xalqni qiynagan muammolar dangal aytilsa va qo‘yilsa, Parlamentda ko‘rib chiqilsa, ana shunda ishimiz ko‘rinadi. Bularning yechimini topish – bizning asosiy vazifamiz. Agar odamlarda ishonch yo‘qolmasin desak, ularning xohish-irodasi yo‘lidan boradigan bo‘lsak, Parlament yangicha ishlash bosqichiga o‘tishi shart va o‘tadi ham. Parlament jamiyat lokomotivi bo‘lishi kerak. Davlatning barcha organlari xalqning o‘ziga hisobdor bo‘lishi kerak. Hisobdorlik, avvalo, uning vakillari oldida kerak. Agar shunday bo‘lsa, yangi Parlamentning qiyofasi ana shu bo‘ladi.

 

– Jamiyat ahlining huquqiy savodxonligi, huquqiy ongi bevosita shaxsiyat bilan, uning madaniy-ma’naviy saviyasi bilan bog‘liq. Bu galgi saylovlarning yoritilishida nisbatan oshkoralik, shaffoflik kuzatilgani uchunmi, ayrim fuqarolarning o‘z huquqlarini anglamasligi, bu jamiyatimizdagi eng katta kamchilik ekani yaqqol ko‘rinib qoldi. Biz yurtning ravnaqi uchun o‘zini mas’ul deb biladigan, o‘z huquq va burchlarini ongli ravishda his qiladigan fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida qanday qadam tashlayapmiz? Bu borada o‘z qarashlaringiz va shaxsiy tashabbuslaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

– Haqiqatan, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi qay darajada ekanligini ko‘rsatadigan belgilardan biri bu huquqiy ongdir. Agar jamiyat a’zolari davlat hayotiga befarq bo‘lishsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘lmaydi. Aslida eng yomoni ham shu. Jamiyatning orqaga ketishiga harakat qilish, buzg‘unchilik qilish shartmas, befarq bo‘lib tursa bo‘ldi. Oqibatda davlatni o‘z manfaatini o‘ylaydigan bir guruh korchalonlar egallab oladi va shu bilan xalqning manfaatlari ko‘rinmay qoladi. Bizda huquqiy ong deganda yana bir muammo bor: kimga qanday masalada murojaat qilish kerakligini bilmaymiz. Bizni qiynaydigan narsa shuki, hokimlikning vakolati yoki sudning vakolatiga kiradigan ishlar bo‘yicha ham bizga murojaat qilinadi. O‘z-o‘zidan uni hal qilishga bizning vakolatimiz yetmaydi. Masalan, sanitar holat obodonlashtirish masalasi bo‘lishicha Oliy Majlis deputati emas, mas’ul tashkilotlar hal qilishi kerak. Individual xususiyatga ega bo‘lgan, barchaga tatbiq etib bo‘lmaydigan masalalarni javobgar tashkilotning o‘zi hal qilishi lozim. Biror huquqiy vakolatga ega shaxs qilishi lozim bo‘lsa xalq o‘sha hududdan saylangan deputatning vakolati ekanligini anglab olishi kerak.

Yana bir misol, biz sudning mustaqilligini haqida ko‘p gapiramiz. Aslida, sudning ishiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Sud bilan bog‘liq masalani sudning o‘ziga murojaat qilib yechish kerak. Buni boshqa tashkilotlarga murojaat qilgan bilan ish yana sudning o‘ziga topshiriladi. Bunday ovoragarchilikning oldini olishda ham huquqiy ong muhim ahamiyatga ega. Bizdagi ko‘p muammolar mana shu bilan bog‘liq. Huquqiy ongi darajasi, anglash yuqori bo‘ladigan jamiyatda rivojlanish bo‘lishini kuchli mamlakatlar misolida ko‘rib turibmiz. Mahalliychilik, tanish-bilishchilik degan illatlar ham bo‘lmaydi va davlat xalq bilan hisoblashadi. Kimdir o‘z huquqini anglamaydigan bo‘lsa, majburiyatiga kiradigan organlar ham uni bildirmasdan chetlab o‘tib ketishga harakat qiladi. Huquqini bilmasa, boshqa tomon uning huquqini buzish orqali nimagadir erishmoqchi bo‘ladi. Boshqa odamning huquqiy erkinligi boshlangan joyda ikkinchi odamda shu erkinlik to‘xtaydi, degan gap bor.

 

– Xo‘sh, o‘sha huquqiy ongni qanday shakllanti­rish mumkin?

– Huquqiy ong, avvalo, oilada shakllanadi. Biz kundalik turmushimizda duch keladigan qonun-qoidalar bor. Masalan, voyaga yetmagan bolasiga do‘kondan sigaret yoki spirtli ichimlik olib kelish buyuradi. Qonunan olganda, sotuvchi unga bu mahsulotlarni sotishga haqqi yo‘q. Lekin bunga befarqlik oqibatida odatiy hol sifatida qaraladi. Yoki yo‘l harakati qoidalarini olaylik, ota-onaning o‘zi o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘rinda qoidani buzadi. Uni ko‘rgan bola bundan keyin to‘g‘ri harakatlanadimi? Bola uchun ota-ona hamisha ideal namuna hisoblanadi. Demak, huquqiy ong oiladan boshlanishi kerak.

Bolaning dunyoqarashi shakllanishida, ertaga mustqil qaror qabul qilishida ham ular namuna bo‘lishi kerak. Farzandni urish mumkin emasligi, erkakning ayoliga qo‘l ko‘tarishi kabi holatlar tarbiyaga ham, huquqiy ongga ham ta’sir ko‘rsatadi. Huquqni o‘rgatish faqat ta’limga tashlanmay oilada ham olib borilsa, oson va yaxshi natijaga erishiladi. Yana bir masala – maktablarda davlat va jamiyat huquqi bilan bog‘liq fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kerak. Faqat nazariy kitobda chiroyli gaplarni aytavergan bilan u quruq ma’lumot bo‘lib qoladi. Menimcha, bu borada mutaxassis – amali­yotchilarni ham ko‘proq jalb qilish kerak. Palament haqida mavzu bo‘lyaptimi, o‘quvchi shu bosqichdan o‘tgan, amaliyotni o‘tagan kimdir bilan ko‘rishishi kerak. Nazarimda, hech qaysi davlat idorasi vakili bu uchrashuvlarni rad etmaydi, chunki bugun vaziyat shuni taqozo qilyapti.

Ta’limda ham, boshqa sohalarda ham eksperimentlarimiz ko‘payib ketdi. Aslida, bu fundamental asoslar o‘zgarmasligi kerak. Uning atrofidagi talablar o‘zgarsa ham, mustahkam poydevorni o‘zgartirmaslik kerak. Biz ta’limni real hayot bilan to‘la bog‘lab olmaganmiz. Masalan, darslikni o‘qigan abituriyent, test savollarining darslikdan farqliligini yaxshi biladi. Demak, o‘rganilayotgan va amal qilinadigan ishlar o‘zaro muvofiq bo‘lishi lozim.

Yana bir tomoni jamiyatning barcha qatlami bir-biriga namuna bo‘la olishi lozim, u mahalla raisimi, hokimmi, o‘qituvchi yoki shifokormi. Agar hokimning og‘zidan rahbarlarga nomunosib so‘zlar eshitilsa, bu faqat unga emas, barcha shu soha vakillari haqidagi salbiy tasavvurni shakllantirib qo‘yadi. Rivojlanish sekinlashuvining asosiy sababi biz haliyam qoliplardan chiqolma­yapmiz. Bu psixologiya bilan bog‘liq, tarbiyamiz, jamiyatning befarqligi, manmanlik ham sabab.

 

– Suhbatimiz o‘z-o‘zidan yoshlarga borib taqaldi. Bu yilgi saylovlarda yoshlarning ovozi nisbatan ko‘proq bo‘ldi. Bu esa yoshlarning ijitimoiy-siyosiy hayotimizda muhim o‘rin tutishidan dalolat. So‘ngi yillarda yoshlarga oid turli qonun va qarorlar qabul qilindi. Xo‘sh, bularning ijrosi qay darajada? Bugun yoshlar bilan bog‘liq muammolarga yechim topishda Parlamentning o‘rni qay ahvolda? Siz sohada yana qanday ishlarni amalga oshirish kerak deb bilasiz?

– Yoshlar Parlamentda qancha ko‘p bo‘lsa, bu ular uchun shuncha yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Ammo bu har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermas ekan. Parlamentda yoshlar ham qatnashadi. Lekin yoshi katta vakil ham men faqat kattalarni o‘ylayman, yoshlar bilan ishim yo‘q, degan qarashda bo‘lmaydi. Yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topib olishida ma’lum bir vaqtda ularga imtiyozlar, sharoit kerakdir. Aynan, sen 29 yoshda bo‘lsang bunday imkoniyating bor, 30 kirsang bunday degan ajratish to‘g‘ri emas. Bu tabaqalashishga ham olib keladi. Ko‘proq yoshlar ishlashi kerak bo‘lgan soha yoki yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar bor. Parlamentda yoshlar komissiyasi bor, shu komissiyaning vakolatlarini oshirib berish kerak, shuningdek yoshlar bilan ishlayotgan boshqa tashkilotlar ham bor. Shu tashkilotlar yoshlarni qiynayotgan muammolarni yig‘ib hukumat oldiga qat’iy qo‘yishi kerak. Masalan, ayni paytda yurtimizda 32000 nafar talabaga turar-joy yetishmaydi. Nega shu muammo ko‘ndalang qo‘yilmaydi. Bu masala bitta xat yozish bilan bitmaydi. Bu katta ijtimoiy masala. Ayni shu yetishmovchilik ortida talabalarning qanchadan qancha ijtimoiy muammolari bor.

Yana bir holatni aytmoqchiman, stipendiyalarning bir xillashtirib qo‘yilishi ham noto‘g‘ri. Bunda o‘tish bosqichi, sifat kafolati bo‘lishi kerak edi. O‘sha 32000 nafar talabani turar-joy bilan ta’minlab, keyin bu ish qilinganda ham, xarajat kamaydi, talabaning ahvoli yaxshilandi, deyish mumkin edi. Talabaning to‘lagan shartnoma mablag‘i hisobidan o‘qituvchining oyligini oshirish, bu holatda talabaning o‘qituvchiga nisbatan qarashi qanday bo‘ladi? Biz bir necha marta shu masalada murojaat qildik. Lekin natija bo‘lishi qiyin kechyapti. Bu talabni shaxsan o‘zim Vazirlar Mahkamasiga qayta-qayta murojaat sifatida olib chiqdim. Afsuski, bu Parlamentning vakolatiga kirmaydi. Bu vakolatni Parlamentga qaytarib olishimiz kerak. Ta’limga oid qonunlarni faqat Parlamentning ruxsati bilan qabul qilish tizimiga o‘tishimiz lozim. Ammo bu ishni qilish uchun faqatgina deputat yosh bo‘lishi shartmas. Shunga xohish-irodali deputat bo‘lishi kerak. Yoshlarga oid qanday masala borki, marhamat qilib, xalq saylagan vakillar orqali amalga oshirilsin.

Bizda, afsuski, haliyam jazolanish richaglari qolgan. Haqiqatni aytgan talaba talabalar safidan chiqariladi, bahosi qo‘yilmaydi. Marhamat, bu bilan Parlamentning Yoshlar komissiyasi shug‘ullansin, xolislik yo‘lga qo‘yilsin. Shundagina ularning ijtimoiy ahvoli yengillashadi.

 

– Keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarining faoliyatidagi jiddiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Tom ma’noda OAV to‘rtinchi hokimiyat sifatida shakllanishga harakat qilyapti desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy fikrga ta’sir etishda, internet tarmoqlari keng o‘rin olayotganini ham e’tirof etishimiz kerak. Ammo baribir OAVning faoliyati ko‘rsatilgan sharoit, berilgan imkoniyat darajasida emasday. Sohani yanada rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarur? Bu borada yangi Parlament o‘z zimmasiga qanday vazifalarni olishi kerak deb o‘ylaysiz?

– Ommaviy axborot vositalari haqida davlat tomonida aniq bir pozitsiya belgilanishi kerak. Bozor sharoitida maishiy va oldi-qochdi mavzularni yoritayotgan nashrlarning yashab qolishi aniq, ammo ijtimoiy muhim bo‘lgan, kelajak uchun kerak bo‘lgan ayrim nashrlarga davlat byudjet hisobidan bo‘lmasa ham, grantlar, fondlar orqali amaliy yordam berishi kerak. Agar biz ularni o‘zi kurasholmayapti, yo‘qolib ketaversin, deydigan bo‘lsak, yana ko‘p narsani boy bergan bo‘lamiz. Maqsadi tijorat emas, ilm-ma’rifatga xizmat qiladiganlarini davlat ajratib olishi va qo‘llab-quvvatlashi kerak. Agar nodavlat nashr ham shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, unga ham yordam berilsin. Umumiy talablarni e’lon qilib, shu talab asosida kim ishlay olsa, davlat ko‘magidan foydalansin. Lekin chegarani belgilab olishimiz kerak. Agar shunday qilmasak, biz ko‘plab ma’naviy tarbiya berishi mumkin bo‘lgan nashrlarni qo‘ldan boy beramiz. Axir, bu nashrlarning maqsadi kelajak avlodga yaxshi asarlarni yetkazish, dunyoqarashini kengaytirish, fikrlashini oshirish-ku?! Kelajakda odamlar o‘zlari uchun bu nashrlar kerakli­ligini bilganda bu masalalar yana joyiga qaytishi mumkin. Lekin hozir hukumat, Parlament bunga yordam berishi kerak.

 

– Adabiyot barcha davrlarda ijtimoiy hayotga jiddiy ta’sir qilib, millat dardini, xalqning irodasini aks ettirib kelgan. Siz o‘zingiz ham adabiyotga, ijodga begona emassiz. Shu ma’noda bugungi adabiy jarayon bilan qanchalik tanishsiz? Bugungi zamonaviy o‘zbek adabiyoti haqida qanday fikrdasiz?

– Bundan o‘n-o‘n besh yillar oldin o‘zbek adabiyotida kuzatilgan bir xavotir – proza yo‘nalishida oqsoqlik bor edi. Lekin so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni ko‘ryapman, o‘zbek adabiyotida ham barakali ijod qilayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Bu juda quvonchli holat. So‘nggi yillarda yozilgan asarlar­ning jahon adabiyoti darajasida tenglasha oladiganlari ham bor: o‘zimizning Markes, o‘zimizning Aytmatovlarimiz. Nazarimda, bizda asosiy muammo o‘zga tilga tarjima qilinishi, bunga yetarli saviyadagi tarjimonlar kamligi. Yaxshi asarlarimizning inglizcha, ruscha, nemischa variantlari, albatta, bo‘lishi kerak. Ular ham o‘zbek adabiyotidan xabardor bo‘lsin.

Avvalo ijodkorga sharoit kerak. Uni boshqa tashvishlardan qutulib, yaxshi ijod qilishi uchun davlat ham ko‘mak berishi lozim. Masalan, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasi ham davlatning ko‘magi bilan qilinmoqda. Faqat bir savol tug‘iladi: yoshlar bundan to‘g‘ri foydalanyaptimi? Kitoblar javonlarda turib qolma­yaptimi? Adabiyotga ilk qadam qo‘ygan yosh ijodkorlarni xalq bilan yuzma-yuz qilish kerak. Elga tani­tish lozim. Shu ma’noda elektron kitoblarni ham ko‘paytirishimiz kerak. Uz domenidagi tizimda o‘zbek adabiyoti sonini oshirish lozim ayniqsa, o‘zbek tilidan tarjima qilinganlarni. Shunda boshqalarni ham adabiyotimiz bilan tanishish imkoniyati oshadi. Atoqli adiblar nomi bilan ijod maktablarining ochilganligi ham adabiy jarayonni yaxshilashga xizmat qiladi.

 

– Qozoq adabiyotidagi ertaklarni o‘zbek tiliga tarjima qilgansiz ular kitob holida nashr etildi. Ushbu ishlarga ustoz Mahmud Sa’diyning ham sizga bergan qat’iyat, qistovlari bor. Judayam band odamsiz. Bunga qanday vaqt topgansiz?

– Hech qachon alohida vaqt topib bo‘lmaydi. Faqat kuchli istak bo‘lishi kerak. Biror bir ta’masiz bajarilishi kerak. Bu ishlar kelajak avlod tarbiyasi, xalqlar bilan o‘zaro munosabatda ma’lum bir darajada hissa qo‘shadi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek o‘quvchilarini yangi manbalar bilan tanishtirish mas’uliyati kechalari uyqudan kechib ishlashga undagan. O‘zaro do‘stlikni mustahlamlash, tariximiz birligi xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda bu kabi tarjima asalarning o‘z o‘rni bor. Nasib qilsa, men ham shu birlikni mustahkamlash uchun o‘z ijodiy ishlarimni davom ettiraman.

– Vaqt ajratib, suhbat qurganingiz uchun rahmat. Bundan bu­yog‘iga ham shijoat va g‘ayratingiz so‘nmasin deb qolamiz.

Husan MAQSUD, Dilnoza Rustamova suhbatlashdi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.