Sharof Rashidov

0
20
marta ko‘rilgan.

Buyuk Temur hukm surgan qadim tuproqda

Kimlargadir mute bo‘lmoq osonmas aslo.

Bu kun sizni esladim men – qalbim titroqda,

Sharof ota, yurt sarvari, sharafli siymo!

 

Ezgulikni niqob qilgan noqis saltanat

Diyonatdan jar solganda dunyoga butun,

Donishmandning irodasi kerakdir faqat

Riyolardan o‘z sha’ningni asramoq uchun.

 

Bilardingiz, qalbingizning tubida edi

Erk, hurlik deb shahid ketgan yurtning gullari.

Yana ne-ne insonlarning bag‘rini ezdi

Muz yurakli mustabidning qonli qo‘llari.

 

Saodatga eltar yo‘llar turli va turfa,

Balki gohi oliy baxtga siz ishondingiz.

Biroq qorli egatlarni kechgan kech kuzda

Yupun elning holin ko‘rib ichdan yondingiz.

 

Yuho yurtga, u muqaddas emasdi garchand,

Hatto Makka ko‘rmagan ganj, tillolar oqdi.

Lek xalqimga takabbur taxt boqib bepisand,

“Tillaparast” degan tavqi la’natni taqdi.

 

Bir kun sizni kuzatdi el yig‘lab, oh urib,

Mashhur maydon mehrobini oshyon etdingiz.

Biroq siz bu qabrdan bir kechasi turib,

Chig‘atoyga tomon asta yurib ketdingiz.

 

Fidoyi zot o‘lmas aslo, yashagay omon,

Bashariyat ardog‘ida bo‘lgay mard erlar.

O‘zingniki lek ko‘ksingdan itarsa yomon,

O‘zingniki o‘zagingni uzgaydir, derlar.

 

Ne baxt, yurtning ufqlaridan tarqadi tuman,

Samolardan yuraklarga yog‘di tag‘in nur.

Ko‘rdi xalqim dilda ajib hayajon bilan

Sizning aziz siymongizni – xoksor va mag‘rur.

 

Olqish aytar sha’ningizga osmon g‘uborsiz,

Ushbu ayyom ruhingizni shoyad shod etgay.

Siz ulug‘lar qatorida har qachon borsiz,

Nomingizni hur nasllar mangu yod etgay!

 

Mirpo‘lat MIRZO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.