Shom kiyar oq-qora to‘n…

0
95
marta ko‘rilgan.

* * *

Barchasi menga yaqin,

Barchasi mendan uzoq.

Yangi oy – ko‘kka tumor,

Yangi oy – yerga tuzoq.

 

Nomozshom cho‘kkan soyga –

Parilar bazmi qizir.

Qaydandir tiniq ohang

Qaygadir kirar sizib.

 

Rangidan kechib ranglar

Shom kiyar oq-qora to‘n.

Salqinlab baqachalar

Yo‘talar o‘qtin-o‘qtin.

 

Nimadir yana olis

Va nedir yaqin shuncha.

Men bo‘lib ulgurdi shom

Siz tong bo‘lib kelguncha.

 

 

 

* * *

Bu kecha ham chalg‘itib arang,

Chayib oldim uyqu yuzini.

Xasta nurlar bir-bir egilib

Nigohimdan yuksalar zina.

Derazangga urildi shamol,

Sochlarimni o‘rganida oy.

Yulduzlarning qarashi sirli –

Sen ham uyg‘oq eding hoynahoy.

Ko‘zlarimni yumsam mumkinday,

Ko‘zlaringga qarab turishim.

Ba’zan alam qiladi bunga

Kechalarning guvoh bo‘lishi.

Xasta nurlar va o‘sha zina

Chiqish, tushish qolmaganday farq.

Faqat yerda kutadi meni

Yuzlarini yuvmagan shafaq.

 

 

* * *

Bir tong kelar bedor bo‘lib

Izhor bo‘lib, ham xor bo‘lib

Hislaridan to‘yib, to‘lib

Bir tong kelar…

 

Chinmi qulab ketmaganim

Yetmaganim, bitmaganim

Kutib-kutib kutmaganim

Bir tong kelar…

 

Yashirinib o‘z rostidan

Ko‘z ostidan, so‘z dastidan

Shu egasiz jon qasdida

Bir tong kelar…

 

Munisa A’zamova,

Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari ishtirokchisi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.