Shunchalar yaqinsan yurakka…

0
53
marta ko‘rilgan.

* * *

Charchamadi cho‘zilgan yomg‘ir,

Qaray-qaray ko‘zlar toldilar.

Nafas olib og‘irdan og‘ir,

Eshikka suyanib qoldilar.

 

Kun bo‘yi, kunbo‘yi, ku-unbo‘yi

Charchamadi cho‘zilgan yomg‘ir.

Tun kuyi, tunkuyi, tu-unkuyi

Achchiq chog‘ir va sochiq, sag‘ir.

 

Kun bo‘yi, kunbo‘yi, ku-unbo‘yi

Derazadan boqdim ochunga.

Ko‘z to‘ldi top-toza, yam-yashil,

Gultuvakda o‘sgan tutunga.

 

Kun bo‘yi, kunbo‘yi, ku-unbo‘yi

Deraza yonida o‘tirdim.

Tun kuyin, tunkuyin, tu-unkuyin

O‘zbek tiliga o‘girdim.

 

Yurak

 

Nechuk bog‘ bu? Nechuk bunda

Qushlar tunda sayraydi?

Nechuk tog‘ bu? Nechuk tunda

Toshni qayroq qayraydi?

 

Nechuk diyor, nechuk o‘lka,

Nechuk vatan, nechuk yurt,

Nechuk bunda hamma o‘lgan

Yonar oxirgi gugurt.

* * *

Yetishmaydi ba’zan olov,

Ba’zan gugurt, ba’zan o‘tin.

Suv izlaydi ba’zan birov,

Ulov izlar kimdir, lekin…

 

Ba’zan yo‘llar o‘ydim-chuqur,

O‘zgaradi turmush sekin.

Hali kimdir qilmas huzur,

Kimdir kamroq kular, lekin…

 

Tushunmaydi ba’zan havo,

Ba’zan tushunmaydi ekin.

Ba’zan suvga oqar davo,

Kechikadi darmon, lekin…

 

Lekin hali ufqlarda

Jannat kabi kunlar kutar.

Gullar kular sovuqlarda,

Qushlar hali tilla yutar.

 

Farzandlarim bol yeydilar,

Gulda suzar qora yerlar.

Buni aziz yurt deydilar,

Buni aziz Vatan derlar.

 

 

 

* * *

Ko‘nglimning yonidan oqmoqda hayot,

Sevgining yonida titraydi dilim.

Umrimni siz uchun qilmadim bunyod,

Hatto “yoqasiz” deb aytmadim, gulim.

 

Boshqa yurak emas, chigal tugun bu,

Sizni yashirganman, uni yechmayman.

“Yaxshi ko‘raman”, deb aytmayman, lekin

Hech qachon, hech qachon sizdan kechmayman.

 

Qoshingiz qaro yo‘l, oq barmoqlarim

Hech qachon bu yo‘ldan yurib o‘tolmas.

Tinchu titroqlarim atrofingizda,

Sizni qurshaganlar gul yo qush emas.

 

Sizga qizig‘i yo‘q. Qiziq gaplardan

Saodat sachratib kula boshlaysiz.

Mening sho‘rimgami yonginangizda

Kimdir sevishini bilmay yashaysiz.

 

 

* * *

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Go‘yo tugab qoladi umrim.

Dunyo menga kerak emasday,

O‘n ikkida o‘rnimdan turdim.

 

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Soqol o‘sar ikki kun erkin.

Hurriyatga hali ko‘nikmay,

Erk ham tugab qoladi sekin.

 

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Erta yomg‘ir, bugun qor yog‘ar.

Hech kim kelmas meni ko‘rgani,

Pochtalar ham keltirmas xabar.

 

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Uxlayotgan olovlar, jim shon.

Bir-birining qo‘lidan ushlar

Guzar, gulzor, hammom va do‘kon.

 

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Pichan chaynar shamol – ko‘k otim.

Kulbaning bir kunjida nonday

Sinib yotar bo‘ron – qanotim.

 

 

 

* * *

Nahot, yana sog‘inayapman…

Yuragimda yugurar titroq.

Tun yarmida uyg‘onayapman…

Ko‘zlarini uqalar chiroq.

 

Ko‘ylagingning gulin tush ko‘rib,

Qo‘llarimdan tortqilar ko‘ylak.

Izlaringda yugurib, yurib,

Eshigimga suykalar yo‘lak.

 

Dunyo – tun yo chiroyli qafas,

Havasim, sen qayoqqa uchding?..

Nahot, yana yonimga emas…

Nahot, yana yodimga tushding.

 

Hayhot, mana… jonimga tushding.

 

 

Barmog‘ing uchi

 

Uchirma qilasan qoshingni,

G‘avg‘oga qo‘yasan boshingni.

 

Qaydansan, bunchalar issiqsan,

Qay bog‘dan – bunchalar tansiqsan?

 

Barmog‘ing chiziqdan yurmaydi,

Kulgiching kulgida turmaydi.

 

Noziksan – o‘rikning gulidek,

Beqaror – qoqigul kulidek.

 

Ba’zida shamolsan, ba’zida

Yuzimga suykalgan shabada.

 

Yurasan bir tomon og‘gandek,

Sevgining mavjida oqqandek.

 

Bilaging tutgan ishq – uzukmi,

Ko‘zlari shaydoyu suzukmi?

 

Sirg‘alar yulduzdek sirg‘alar,

Har ko‘cha, burchakda tirg‘alar.

 

Sochingga kechaning ranglari,

Ranglarning nurchimol zanglari.

 

Lablaring chetida yonar dur,

Barmog‘ing uchidan tomar nur.

 

Shunchalar yaqinsan yurakka,

Shunchalar uzoqsan tilakka.

 

Salim ASHUR,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 

 1964 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan.

“Yashil giyoh”, “Atirgul”, “Siz ertaga kelasiz”, “Kechikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz”, “Darz”, “Kelajakka qadam”, “Ona tilim”, “Mashinalar karvoni”, “Muhabbat kitobi”, “Titroq” nomli she’riy to‘plamlari nashr

etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.