“Umidlarning etagiga osildim”

0
29
marta ko‘rilgan.

Yer yuzida bir shoir tug‘ilsa, Xudoning bir chirog‘i yoqilganday bo‘ladi, bir shoir dunyodan o‘tsa, bir chiroq o‘chganday bo‘ladi. Ammo, chiroqning nuri qoladi. Suzib yuraveradi. O‘sha nurga ruh parvonaday talpinaveradi. Tilak Jo‘ra hayotligida ham unga talpinar edik, o‘tgandan keyin ham talpinyapmiz. Uning she’riga, uning beg‘uborligiga, uning darveshligiga, uning bu dunyoning odami emasligiga… Tilak Jo‘rani eslasang, ko‘ngling yorishib ketadi. Bu o‘sha chiroqning nuri.
Suyumli shoirimizning o‘g‘li Orif ko‘p yillardan buyon otasi haqidagi yodnomalarni yig‘ib keladi. Har bahor Toshkentdagi tahririyatu nashriyotlarning eshigi oldida uchrataman: “Yaqinda dadamning tug‘ilgan kuni, biror narsalarini chiqaraylik”. Ko‘zlariga tikilaman – bolalarcha sodda, hayratlarga to‘la, ishonuvchan Tilak Jo‘ra qarab turganday. Xotiralar, dil so‘zlarini to‘playveramiz. Vaqt shafqatsiz. Yodnoma yozganlarning ayrimlari haqida bugun yodnomalar bitilmoqda. Masalan: Muhammad Yusuf, Sadriddin Salim Buxoriy, Omon Muxtor, Said Shermuhammedov…
Hayot chog‘larida Tilak Jo‘raga talpingan, bugun o‘z nuriga bizni talpintirayotgan ruhiyat chiroqlaridan biri – Ma’ruf Jalil. Tilak akani “Mening ukam, do‘stim, rahnamom” deb alqagan, e’tirof etgan shoirimizning yodnomasini “Yoshlik” jurnali o‘quvchilariga havola etyapmiz. Ilohi, bir-birini e’zozlab, qo‘llab-quvvatlab yashagan marhum ustozlarimizni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin!

Aziz Said

Uni ko‘rgan odam “Armoni yo‘q yigit” derdi. Chunki doim kulib, hammani kuldirib yurardi. Quvnoq edi. Uni ko‘rgan odam “Boladay ko‘ngli pok, buloq suviday beg‘ubor” derdi. Birovdan noliganini, gina qilganini hech kim eshitmagan bo‘lsa kerak.
Uni ko‘rgan odam “Tilak beg‘am, beparvo. Hech tashvishi yuq” deb o‘ylardi. Lekin uning g‘ami, tashvishi ko‘p edi. Lekin hech kimga bildirmasdi. Ko‘p odamlarning dardi-hasrati tilidan har lahza, duch kelgan davrada, huda-behuda otilib, sochilib turadi. Tilak esa bir gapirib, besh kulardi. Kulganda ham daf’atan shag‘al to‘kilganday emas, buloqning jildirashiday quvnoq va samimiy kulardi. Ba’zilar yolg‘ondan kuladi. Tilakning kulgusi shu qadar samimiy, beg‘ubor va toza ediki, uni ko‘rgan odam beixtiyor maftun bo‘lardi.
Uning bu kulgusi odamlarni chalg‘itardi. Bu bir go‘zal niqob edi. Uni sodda va beg‘am ko‘rsatuvchi niqob edi. Ko‘plar uni hayotga jiddiy qaramaydigan, chuqur fikrlamaydigan chapani, beg‘am deb o‘ylardi. Lekin yaqindan bilgan, tushungan odamlar uning qanchalik nozikfahmligini, ta’sirchan ko‘ngli borligini yaxshi bilardi. U duch kelgan joyda dardini dasturxon qilib yozmasdi, chuqur o‘ylardi. “Umidlarning etagiga osildim” deb boshlanadigan she’rining shu birinchi misrasiga e’tibor bering. Shoir nima demoqchi? Bola onasining etagiga osiladi. Nima uchun? Erkalik qilib osilishi mumkin. Bir narsadan qo‘rqqanidan yoki xavotirdan bo‘lishi mumkin. Ona uning uchun himoyachi. Tayanch, mehribon, u eng ulug‘, eng sadoqatli, eng ishonchli, eng saxovatli bir zot. Shuning uchun unga talpinadi, undan ayrilishdan qo‘rqadi. Yolg‘izlik, umidsizlik nimaligini bilmasa ham, tabiiy bir sezgi tufayli uning yomonligini tuyadi. Shoir katta ijtimoiy fikrlarni, kechinmalarni shunday ixcham va bir qarashda juda beozor qilib ifodalaydi. Bu soddalik oddiy bir tuzoq, she’rni yuzaki tushunadigan odamlar uchun oddiy bir narsa.
Shu she’r yozilgan davrni bilgan, shoirlar ahvolini tasavvur qilgan odam uning tagiga (mohiyatiga) yetishi mumkin. Dorilomon zamonda, ko‘pchilik shoirlar “Baxtiyorman!” deb hayqirib yurgan zamonda, nega u “Umidlarning etagiga osildim” deb turibdi. Chunki mustamlaka tuzu­mi eng gullagan davrda haqiqatni aytish mumkin emasdi. Shiorlar, qonunlar boshqa-yu, amaldagi turmush boshqa edi. So‘z bilan amal bir emasdi. Shoir yaxshi zamonlar umidi bilan yashardi. Haqiqat yuzaga chiqishini, bosqinchilar oyog‘i ostida toptalgan Vatan bir kun ozod bo‘lishini istardi. Shuning uchun nochor qolganda umid unga dalda, taskin berdi. Shuning uchun hasrat, alam bilan: “Umid­larning etagiga osildim”, deydi.

* * *
Shu so‘zlarni yozib o‘tiribman-u, xayolimga bir voqea keladi. Bir kuni Tilakning Sog‘bon ko‘chasidagi hovlisiga bordim. Avgustning o‘rtalari edi, shekilli. Darvozani taqillatdim. Tilak chiqdi. Quchoqlashib, ko‘rishib ketdik. Men qishloqda bir yilcha yashadim. Shu orada ko‘rishmagan edik. Hovliga kirdik. Chorpoyada to‘rt-besh yosh shoir o‘tirardi. Tilakning tengdosh do‘stlari. Quyuq ko‘rishdik. Ilgari ham ularni  ko‘rib yurardim.
Tilakning ko‘ngli keng. Shuning uchun bo‘lsa kerak, do‘stlari ko‘p. Doim darvozasi ochiq, dasturxoni yozilgan. Uyidan mehmon arimasdi. Hamma uni yaxshi ko‘rardi. Xotini ham bunga ko‘nikib ketgandi. Hech og‘rinmay xizmat qilar, erini xijolatga qo‘ymasdi. Ikkovining tuprog‘i bir yerdan olingan, bir-biriga mos edi. Dasturxon tuzar, ovqat pishirar, choy damlab uzatar, lekin hech qachon mehmonlar yoniga kelib o‘tirib olmasdi. Bu jihatdan u juda ko‘p kelinlarga, shoirlarning xotinlariga ibrat bo‘larlidir.
Xullas, o‘sha kuni yoshlar mendan qishloqda shuncha vaqt nima qilganimni, u yoqda nima yangiliklar borligini so‘rashdi.
– Yegan-ichganingiz o‘zingizga tan, ko‘rgan kechirganingizdan gapirib bering, – dedi Tilak.
– Aytadigan qiziq gap yo‘q. U yerdayam ahvol shu yerdagiday, – dedim.
– Siz to‘g‘ringizda xotira yozganda kerak bo‘ladi, – dedi Tilak.
– Go‘sht, sut, tuxum solig‘idan shikoyat qilib kelganlar bo‘ldi. Odamlar shoirni katta amaldor deb biladi, shekilli, – dedim.
Qisqasi, men qirq yoshdan oshgan, ular hali o‘ttizga ham bormagan edi. Bevafo dunyodan umidlari ko‘p edi. Hech kim o‘lishni istamasdi. Xayoliga ham keltirmasdi. Hammalari sog‘lom, baquvvat yigitlar edi. O‘sha kuni davrada Abdulla Matyoqubov  ham bor edi. Oradan yigirma yildan oshiq vaqt o‘tibdi. Qolganlarini eslolmadim. Abdulla ham olamdan o‘tdi. Tilak soppa-sog‘ edi, biror joyim og‘riyapti, kasalman, deganini eshitmagandim. Kasalxonaga tushganini, yuragi xastaligini eshitib, rost,  hayron bo‘ldim. Doim kulib, sho‘xlik qilib yuradigan, alam, iztirob nimaligini bilmaydigan odamning ham yuragi xasta bo‘ladimi? O‘shanda ham kasalligini bildirmas, quvnoq kulgusi bilan dardini yashirib yurarkan.
U men haqimda xotira yozmoqchi edi, bilmadim, nimalarni yozgan bo‘lardi, nasib qilmagan ekan. Juda erta ketdi. Juda yosh ketdi. Ko‘p yaxshi ishlar qilmoqchi, bolalarini o‘qitib, tarbiyalab, uyli-joyli qilmoqchi, rohatini ko‘rmoqchi edi. Faqat to‘ng‘ich qizi Nodirani universitetga o‘qishga kiritdi-yu, uning bitirganini ham ko‘rolmadi. O‘g‘illari, Orif bilan Nozim bo‘zlab qoldi.
Men yosh ketgan ukam, do‘stim haqida yozib o‘tiribman. Ko‘p o‘yladim. Nimadan boshlashni bilmay qiynaldim. Tilakni taniganimga yigirma besh-o‘ttiz yil bo‘lgandir-ov. Shu yillar ichida boshimizdan ne-ne voqealar o‘tmadi. Ularning qaysi birini yozsam ekan?
U sadoqatli do‘st edi. Men uni birinchi marta Toshkent davlat universiteti gazetasi tahririyatida ko‘rgan edim, shekilli. Aniq esimda yo‘q. Lekin gazeta tahririyati joylashgan ikkita xona g‘ira-shira esimda. Talabalar shaharchasidagi binoning ikkinchi qavatida edi. Eshikdan kiraverishdagi xona sigaret tutuniga to‘lib ketgan. Bir yigit tik turibdi, ikkinchisi ustolda o‘tirib, qo‘lda yozilgan qog‘ozdagi she’rni o‘qiyapti. Bir qo‘lida sigaret, dam-badam chekib, kulib qo‘yadi. Bo‘yi o‘rtadan pastroq, peshonasi keng, qop-qora sochi to‘zigan.
– Bo‘ladi, – dedi she’rni o‘qib bo‘lib, –  chiqaramiz.
Tik turgan yigit xursand bo‘lib chiqib ketdi. O‘tirgan yigit meni ko‘rib,  o‘rnidan turdi. Hali bir-birimizni tanimas edik.
– Tilak Jo‘ra, – deb qo‘lini uzatdi.
Men otimni aytdim. Sirtdan o‘qirdim. Imtihon paytlari edi. O‘sha kuni Tinchlik ko‘chasidagi Tilak turadigan hovliga bordik. Keng, shinam hovli ekan. Mevali daraxtlari ko‘p.
Bu hovlida Abdulla Sher, Muhammadali Qo‘shmoqboy, Sa’dulla Ahmad, Ergash Muhammad,  yana kimlardir birga ijara turisharkan. Xonalari ko‘p. She’r­xonlik bo‘ldi. Kitoblar haqida, adabiyot, she’r haqida qiziqarli suhbat bo‘ldi. Juda bilimdon, o‘ziga ishongan bolalar ekan. Menga yoqib qolishdi. Tilak tufayli men ular bilan tanishdim, do‘stlashdim. Hali-hanuz o‘sha do‘stlik, ixlos davom etadi.
Yaxshiga do‘st bo‘lsang, do‘sting ko‘payarkan. Oilaviy hayotimda mushkulliklar paydo bo‘lgani sababli to‘rtinchi kursdan o‘qishni tashlab yuborgandim. Boshingga tashvish tushmasin. Bir tashvish tushsa, oyog‘ing toyib ketsa, yo yiqilasan, yoki toyib ketaverasan. Shunday paytda bir iliq gapga, bir yaqin do‘stga muhtoj bo‘lasan. Hamma ham yaxshi gapning gadosi. Lekin o‘zing ichdan ezilib, o‘z yog‘ingga qovrilib yuragingda, sen do‘st deb, taskin izlab borganingda, u senga malomat toshini otsa, boshingni qayga urasan?! Ba’zi do‘stlarni qora qilib borganimda ko‘nglim cho‘kib, borganimga pushaymon bo‘lib qaytardim. Tilak bilan ko‘chadami, ishxonadami uchrashsam, butun dilxiraliklarim tarqab, o‘zimni yengil his qilardim. Unga dardu hasratlarimni aytmasdim. U mening xafaligimni bilganday nuqul yaxshiliklardan gapirar, qiziqchilik qilib she’rlar o‘qirdi. Ko‘ngil og‘ritadigan, hamiyatingga og‘ir botadigan hazil qilmasdi. Beozor hazillashardi. Shuning uchun ham, balki, ko‘pchilik yaxshi ko‘rgandir uni.
Tilak uylanib, Sag‘bon ko‘chasidan torgina bir hovli sotib olgandan keyin bir kuni uyiga taklif qildi. Borsak, onasi ham kelgan ekan. Meni “akam” deb tanishtirdi. Onasi biram mehribon, biram dilkash ayol ekan.
Bu hovliga tez-tez borib turadigan bo‘ldim. Tilak mening uchun eng aziz, eng samimiy do‘st, tug‘ishgan jigarimday yaqin edi. Onasini onamday, Tilakning bolalarini tug‘ishganday hurmat qilardim. Bu xonadonda hamma bir-biriga mehribon, hech qachon achchiq-tiziq gap, janjal bo‘lganini ko‘rmaganman. Haqiqatan, havas qilsa arzigulik oila. Bu ularning dili pokligi, bag‘ri kengligidan bo‘lsa kerak. “Uy tor bo‘lsa ham, har kuni mehmon boshlab kelaverasiz. Uyda nima bor, nima yo‘q, deb so‘ramaysiz. Bularning oldiga nima qo‘yaman”, deb janjal qilardi boshqa xotin bo‘lsa. Chunki faqat Tilak ishlab, maosh olardi. O‘qituvchi, yosh o‘qituvchining maoshi haminqadar. Qo‘li barakali, uddaburon, sabr-qanoatli xotin erini xijolatga qo‘ymas, baholi-qudrat bir ovqat tayyorlab, dasturxonga keltirardi.
Yuqorida ilgaridan Tilakning ijara uyiga borib yurganimni aytdim. O‘sha kunlarning birida mening o‘qishni tashlab ketganim haqida gap ochilib qoldi. Diplom kerak, o‘qishni davom ettiring, deyishdi. Oradan olti-yetti yil o‘tib ketdi. Birov qayta tiklasa bo‘ladi, desa, boshqasi ko‘p yil o‘tibdi, bo‘lmaydi, dedi. Oxiri universitetga bordim. Maqsadimni aytdim. U yerda: “Oradan ko‘p yil o‘tibdi. Bir yil, ikki yil bo‘lsa, rektor hal qilardi. Endi oliy ta’lim vazirligiga uchrashing. Vazir ijozat bersa, tiklanasiz”, deyishdi. Bular hammasi Tilak sababli. U gap ochdi. “Diplom kerak”, deb. Xullas, universitetga tiklandim. To‘rtinchi kursdan (sirtdan) o‘qiy boshladim. Bitirib, diplom oldim, Tilak Jo‘ra sababli. Shundan keyin unga yana ham mehrim oshdi. Tilak: “Yaxshilik qil, suvga tashla, baliq bilar. Baliq bilmasa, Xoliq bilar”, deguvchi odamlar toifasidan edi.  Lekin bu maqolni Tilak biror marta ham aytganini eshitmaganman.

* * *
Badiiy adabiyot nashriyotining she’riyat bo‘limida muharrir bo‘lib ishlardim. “Navoiy, 30”da. To‘rtinchi qavatda. Bir kuni Tilak Jo‘ra bo‘limimizga kirib keldi. Hamishagiday quvnoq. Yonida ikki kishi bor edi. Tilak tanishtirdi. Biri G‘aybulla Salom, ikkinchisi Najmiddin Komilov ekan. Ularning gazeta, jurnallarda bosilgan maqolalarini o‘qigan, lekin o‘zlarini ko‘rmagan edim. Ular – Tilakning ilmdagi ustozlari.
“Seni o‘ylab” degan she’riy to‘plamim bosmadan chiqqan edi, dastxat yozib berdim. Bu oqibatli, bilimdon olimlar bilan shunday tanishganman.
Oradan ikki hafta o‘tib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetida o‘sha to‘plamimga kattagina taqriz bosildi.
Qarasam, G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Tilak Jo‘ra imzolari. Hamma ham o‘z kitobi haqida iliq so‘z eshitishni istaydi. Hamma ham “Nima deb yozishgan ekan”, deb qiziqadi. Men ham ichki bir titroq bilan o‘qib chiqdim. Xursandman. Do‘stlarim tabriklashdi. O‘sha kuni ham Tilakning uyiga bordim. Odatdagiday uy to‘la mehmon. Mazmundor taqriz bilan tabriklashdi. So‘ng yana she’rxonlik, kitoblar va shoirlar haqida odatdagiday qizg‘in, qiziqarli suhbat boshlandi.
Tilak Jo‘ra universitetda, tarjima kafed­rasida ishlardi. Boshlig‘i – G‘aybulla Salom. Tilak Nozim Hikmat ijodi, umuman, turk she’riyatining ashaddiy muxlisi edi. Shu mavzuda nomzodlik ilmiy tadqiqotini olib borardi. Husayn O‘zboy, Ali Oqbosh kabi turk olim va shoirlari haqida, ular bilan uchrashganlari to‘g‘risida faxrlanib, hayajon bilan gapirardi. Shayxzoda, Mejelaytes, Uitmen, Mayakovskiy ijodini yaxshi ko‘rar, o‘rganar, tarjima qilar edi. Dog‘larjaning ko‘p she’rlarini tarjima qilgandi.  O‘sha yillari G‘aybulla aka tashabbusi bilan “Tarjima san’ati” bayozi tashkil qilindi. Har yili chiqadigan bo‘ldi. Borib-borib, uni jurnalga aylantirib, har ikki-uch oyda chiqadigan qilishmoqchi edi. “Tarjima san’ati”ning bir necha kitobi bosilib chiqdi. Bu o‘zbek tarjimachiligi tarixida birinchi, tabarruk ish edi. Tez og‘izga tushdi. O‘qiladigan bo‘ldi. Uning to‘plovchisi Tilak Jo‘ra edi.

* * *
“Tarjima san’ati” tufayli Tilak nashriyotga tez-tez keladigan bo‘ldi. Undan avval ham goh-goh kelib turar, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Omon Matjon kabi shu yerda ishlaydigan shoirlar bilan gurunglashib ketardi.
Shunday kunlardan birida Tilak biz ishlab turgan xonaga keldi. Hamma o‘z qadrdonini ko‘rganday bir iliq gap aytib, quvonib salomlasha ketdi. Keyin Tilakni yonimdagi o‘rindiqqa o‘tiring, deb chaqirdim.
– Tayyor to‘plamingiz bormi? Yangi she’rlardan…
– Bor. Topamiz, – dedi.
– Kelgusi yil rejasi tuzilyapti. Tezroq to‘plamni olib kelib topshiring. Hozir direktor nomiga ariza yozing. Keyin to‘plam mavzusi, mazmuni haqida yarim bet maqsadingizni ham yozib bering, – deb toza qog‘oz bilan qalamni oldiga surib qo‘ydim.
U nima yozarini bilmay,  qalamni ushlab, o‘ylanib qoldi.
Shoirlar she’ru dostonlar yozishga qiynalmaydi-yu, ariza yozishga qiynaladi.
– To‘plamning  nomi nima? Shundan boshlang, – dedim.
– Hali, nomini o‘ylamagan edim.
Siz sarbastchi shoirlarni, modernchilarni yaxshi ko‘rasiz-a, “Yulduzlar tabassumi” deb qo‘ysangiz nima bo‘ladi?
– Mana shu bo‘ladi. Yulduzlar tabassumi. Yaxshi, – dedi-da, o‘rnidan turib, sigaret chiqardi. Cheksa, fikr harakatga keladi.
O‘sha to‘plam bosilib chiqdi. Tilak sarbast she’rlar yozadigan shoirlarni, Yevropa modernchi shoirlari ijodini yaxshi ko‘rar, o‘qirdi. Lekin o‘z she’rlarida mutlaqo ularga ergashmasdi. Mutlaqo deganim uncha to‘g‘ri emasdir. Shaklda sarbast she’rlari bor, faqat shaklda. Mazmunda, ifodada uning she’rlari juda milliy. Tashbehlar ham, qayroqi gaplar ham oddiy, mazmundor, o‘zbekona.
“Yurak” degan she’rida yozadi:
Zahil bo‘lgan qovunday
Ko‘p ham berkinma
mening bag‘rimga
Bu yorug‘ dunyoda
Alamlar berkinar
Armonlar berkinar
Darmonlar berkinar
Sen vatansan bariga,
Axir, vatan qanday
berkinar?
Ko‘p ham berkinma
mening bag‘rimga.

Qancha samimiyat, armon, alam va lutf bor bu misralarda. Hech kim aytmagan gaplar.
Hech kim Tilakni isyonkor shoir deb o‘ylamagan. Lekin, uning bir qancha she’rlarida isyonkor ruh chaqnab turadi. Masalan, “Atirgulning shoxin qayirib” deb boshlanadigan she’rida bunday misralar bor:

Men ko‘ksimda
armonni emas,
Ko‘tarmog‘im kerak isyonni…

“Ona niyati” she’rida bunday yozadi:

Ot choptirib chiqding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim,
Qo‘lingdagi jiloving kabi
Erking bo‘lsin o‘zingda doim.

Tilak Jo‘raning she’rlari o‘ziga xos. Xalq qo‘shiqlari yo‘lida yozgan she’rlari ham, sarbast shaklidagi she’rlari ham o‘zbekona ruhda.  Buloq suviday tiniq. Fikr, mazmun aniq. Lekin sodda va teran ma’noga egadir. 1994 yil oktyabr oyida shoir Miraziz A’zam bilan Istanbulga, Fuzuliy tavalludining besh yuz yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun bordik. Men Turkiyaga birinchi borishim edi. Bunga ham Tilak Jo‘ra sabab bo‘ldi. “Unda Tilak Jo‘ra yo‘q edi-ku. Olamdan o‘tgan edi. Qanday yordam berishi mumkin?” dersiz. Ha, azizlar, yaxshi odam o‘limidan keyin ham yaxshilik qilishi mumkin. Gap shundaki, Istanbuldagi anjumanga taklifnomaning biriga Tilak Jo‘ra nomi yozilgan edi. Ular Tilak Jo‘raning vafot etganidan bexabar bo‘lishsa kerak.
Tilak Jo‘ra o‘rniga men bordim. Bizni kutib olgan Husayn O‘zboy bilan Ali Oqbosh Tilak Jo‘rani so‘rashdi. Biz uning bevaqt vafot etganini aytdik. Ular ko‘p afsuslanishdi. Tilak bilan uchrashganlari, suhbatlarini eslashdi. Uch kunlik ilmiy kengashdan keyin bizni Turkiya bo‘ylab sayohat qildirishdi. Istanbul, Anqara, Bursa, Ko‘nyo, Balikesar kabi olti viloyatga bordik. U yerdagi hayot, yozuvchilar, noshirlar bilan tanishdik. Osori atiqalarni, ajoyib manzaralarni ko‘rdik. Tilak qancha orzular bilan yashardi. Turk shoirlari she’rlarini tarjima qilganda, Nozim Hikmat ijodi ustida tadqiqot olib borganda necha marta xayolan Turkiyaga borgan ekan: dengizlar, kemalar, saroylarni ko‘z oldiga keltirgan ekan. Bu ham uning qalbida armon bo‘lib ketdi.

* * *
Yana bir voqea esimdan chiqibdi. Tilak Jo‘raning uyi yonib ketibdi. Men Toshkentda yo‘q edim,  kelgan kunim eshitdim. Raufmi, Shavkatmi, bittasi aytdi. Hozir aniq esimda yo‘q. O‘sha kuni Sag‘bondagi hovlisiga bordim. Yaxshi odamning hamkorlari ko‘p. Hamma unga yomon kunda yordam bergisi keladi. Uning do‘stlari o‘zi kabi shoirlar, talabalar edi. O‘shanda ham turmushi judayam farovon emasdi. Shoir bilan talabaning esa moddiy ahvoli yomon. Qanday yordam berishi mumkin?! Uy qurib berishga mablag‘ yetmasdi. Lekin hamma nima bilandir yordam berishni istar, hamdardlik bildirardi. Boloxona kuygan edi. Men borganimda ko‘plashib, ancha tartibga keltirishgan ekan. Tilak Jo‘ra odatdagiday quvnoq, yong‘in haqida gapirib, askiya qildi. Xudo yorlaqab, Al-Xorazmiy mavzesidan Tilak Jo‘raga yangi qurilgan uydan joy berishibdi. Ular ko‘chib borishdi. Men ham ularga qo‘shni uyga ko‘chib o‘tdim. Har kuni, kunora ko‘rishar, dardlashib, suhbatlashardik. Ko‘p o‘tmay men u yerdan ko‘chib ketdim. Anchadan keyin Tilakning kasal bo‘lib shifoxonaga tushganini eshitdim. Yangi ToshMI shifoxonasida ekan. Borib xabar oldim. Rangi-ro‘yi tuzuk, lekin xastaligi bilinib turardi. Keyingi borganlarimda o‘g‘li Orifni ko‘rdim. Otasidan xabar olib turarkan, baraka topkur. Lekin Tilak Jo‘ra ozib ketibdi. “Umid­larning etagiga osildim” degan o‘sha she’rini yana esladim. Xudo shifo beraman desa, hech gap emas. Kasal bo‘lgan odam o‘laveradimi, degan xayol ko‘nglimdan o‘tdi. Keyin “Tilak kasalxonadan chiqibdi: qishlog‘iga ketganmish” degan xabarni eshitib, rosti, bezovta xayolim taskin topganday bo‘ldi. Ammo bu uning qishlog‘iga oxirgi safari ekan. Ko‘ng­limda xotiralarim ko‘p. Tilak bilan uchrashgan, so‘zlashgan har kun haqida bir kitob yozsam arziydi. U mening ukam, do‘stim, rahnamom edi. Do‘stlarim ko‘p. Mard, sadoqatli… Lekin Tilakday ko‘ngli ham, qo‘li ham ochiq, o‘zi kambag‘al bo‘lsa ham, saxovatga boy, tanti odam dunyoda bo‘lmasa kerak.

Ma’ruf Jalil
(1936–2004)

1936 yili tug‘ilgan.
Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan.
“Men sizni sevardim”, “Rahmat, odamlar” (1970), “Seni o‘ylab” (1973), “Notanish yo‘llar” (1975), “Qo‘shiq ishtiyoqi” (1979), “Men suv ichgan daryolar” (1981), “Parizodam” (1984), “Daryoni izlar shamol” (1987), “Baxtimga sen borsan” (1989),  “Saylanma” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.
2004 yili Toshkent shahrida vafot etgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.