Leonardo da Vinchining ijodiy sirlari

0
55
marta ko‘rilgan.

Leonardo da Vinchi deganda ko‘z oldimizga birini galda rassom keladi. Biroq bu buyuk shaxsning hayoti va faoliyatidan xabardor kishi uning ixtirochi, me’mor, matematik, yozuvchi, olim kabi qator qirralari borligini, u bu sohalarda ham muvaffaqiyat qozona olganini yaxshi biladi.

Ijodiy iqtidorni kamol toptirishga qaratilgan qator kitoblar muallifi Maykl Gleb ulug‘ olimning hayotini o‘rganib, “Da Vinchining echilgan kodi”, “Leonardo da Vinchi kabi fikrlash va tasvirlash: mahorat sari etti qadamasarlarini yozdi. Bir qancha tillarda nashr etilib, bestseller bo‘lgan ushbu kitoblarda muallif ulug‘ olimning qo‘lyozmalarini tadqiq etib, mahorat sirlarini aniqlashga uringan. Quyida ijodiy etuklikka etaklovchi ana shu jihatlar bilan tanishasiz. U sizga ham ko‘mak bersa ajab emas.

 

Qiziquvchanlik

Qiziquvchanlik odamning tabiatiga xos. Ayniqsa, bolalar haddan tashqari qiziquvchan bo‘ladi. “Osmon nega ko‘k?”, “Nimaga yomg‘ir yog‘adi?”, “Nimaga barglar sarg‘ayadi?” kabi savollarni yog‘dirib tashlaydi. Aniqlanishicha, bola besh yoshgacha o‘ta so‘rovchan bo‘ladi. U shu orqali olamni idrok etadi.

Ammo, Glebning fikricha, bola maktabga borgach, savollardan ko‘ra javoblar muhimroq ekanini anglaydi va undagi yuqori qiziquvchanlik so‘nadi. Buyuklarda esa bu xususiyat bir umr saqlanib qoladi.

Savol berishdan charchamang. Javob qidirish insonni olg‘a yetaklaydigan muhim jihatdir.

 

Mustaqil fikrlash

Kishining tafakkuri oshgani sari o‘z qarashlari shakllanadi. Bu juda ahamiyatli. Biroq ba’zida uning salbiy ta’siri ham kuzatiladi. Odam boshqa xil fikrlarga e’tibor bermay qo‘yadi.

Glebning fikricha, ijodiylik uchun turli ko‘z qarashlariga ega bo‘lish, masalaga har tomonlama yondasha olish zarur.

 

Yangilikka intilish

Noma’lumlik qo‘rqitadi. Odamlar yangilik qarshisida ko‘pincha xavfsiraydi. Chunki yangi vaziyatda o‘zini qanday tutish ko‘nikmasiga hali ega emas. Ammo noaniqlik holatida ham o‘zini yo‘qotmaslik, ishonch bilan harakatlanish ijodiy jarayonning muhim qismidir.

Glebning fikricha, ijodning mohiyati hayratdadir. Odam o‘zi uchun yangi narsani kashf qilgani sari hayrat-hayajoni ortib boraveradi. Har kuni bir xil ish qilishga odatlangan, yangilikka intilmaydigan odam ijod sohasida muvaffaqiyat qozonishi amrimahol.

 

Fikrlar shajarasi

Glebning so‘zlariga ko‘ra, fikrlashning umumiy tizimini mayda bo‘lak­lar asosida tashkil etish yangi g‘oyalar tug‘ilishiga katta turtki beradi. Ya’ni asosiy tushunchani unga yaqin tushunchalar asosida anglash, ular orasidagi bog‘liqliklarni topish orqali yangi xulosalarga kelinadi. Bunday fikrlash tizimi xuddi shajara xaritasini eslatadi.

 

Hassoslik

Eng nozik nuqtani his eta bilish shaxsdagi iqtidorning darajasini belgilaydigan omillardan biridir. Ijodda arzimasday ko‘rinadigan mayda detallarga ham e’tibor qaratish zarur. Chunki ayni shu mayda detallar masalaning mohiyatini ochib berishi mumkin. Bu xususiyatni rivojlantirishning eng maqbul yo‘li esa ko‘p fikrlash, his qilishga urinishdir.

 

Mantiq va tasavvur

Tadqiqotlarga ko‘ra, miyaning o‘ng yarimshari ijodiylik, chapi esa tahliliy tafakkur maydoni. Ko‘pincha, kishilarda u yoki bu jihat rivojlangan bo‘ladi. Ammo yangi g‘oyalar yuzaga kelishi uchun ikkala yarimshar ham birday ishlashi kerak.

Glebning fikricha, xayolga keladigan fikrlarni qog‘ozda chizib ko‘rish, uni shu orqali ifodalashga harakat qilish zarur. Yangi g‘oya o‘ylash va uni hayotga qanday tatbiq etishni tahlil qilish miya faoliyati samaradorligini oshiradi.

 

Ong va vujud muvozanati

Leonardo da Vinchi jismoniy baquvvat kishi bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi. U Florensiyaning eng kuchli kishilaridan biri sanalgan, tajribali qilichboz va chavandoz bo‘lgan.

Glebning fikricha, ijod – katta energiya talab qiluvchi intellektual mashqdir. Jismoniy zaif kishida ijodga kuch bo‘lmaydi. Shu sababli sport bilan shug‘ullanish, badanni tarbiya qilib borish ijodiy faoliyatning ajralmas qismi bo‘lishi zarur.

 

Ulug‘ olim va mutafakkirlarga, jumladan, Leonardo da Vinchiga xos bo‘lgan yana bir jihatga alohida e’tibor berish zarur: yangi tug‘ilgan g‘oyalar yoki miyada yarq etgan fikrlarga ishonchsizlik bildirib, ularni yarim yo‘lda tashlab ketish ularning zavolidir. Aksincha, g‘oyalarni muttasil rivojlantirib borish kerak.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.