Tog‘lar – buyuk sukunat

0
109
marta ko‘rilgan.

     * * *

…O, tog‘lar,

tog‘lar,

tog‘lar,

kanglumning tubida tog‘lar sirasi.

Kanglumni hamisha yerga bog‘lar

tog‘larning sehrli qirrasi.

 

…O, tog‘lar,

tog‘lar,

tog‘lar,

kanglum siymosida tog‘lar bajosi.

Kanglumni doimo ko‘kka inog‘lar

tog‘larning mo‘jiza ijosi.

 

…O, tog‘lar,

tog‘lar,

tog‘lar…

 

                           * * *

…Tog‘lar – buyuk sukunat,

tog‘lar – sukutga botgan.

Sukunat qa’ri qat-qat –

dardlar,

dardlar tosh qotgan…

 

Oftob yondosh bo‘lsa-da,

oftob shundoq qo‘nsa-da,

oftob mehrin bersa-da,

sukunat qa’ri qat-qat –

dardlar,

dardlar tosh qotgan…

 

               …Asrlar…

               …Asrlar…

               …Asrlar…

 

…Bo‘ronlar yalab o‘tgan,

yomg‘irlar yuvib ketgan

va qorlar quchib yotgan

sukunat qa’ri qat-qat –

dardlar,

dardlar tosh qotgan…

 

Shundanmi,

qa’rin o‘yib,

yoshlari chak-chak tomar?

Daryolari yo‘l bo‘yi

shiddat bilan to‘lg‘onar.

Sukunat qa’ri qat-qat –

dardlar,

dardlar tosh qotgan…

 

               …Asrlar…

               …Asrlar…

               …Asrlar…

 

Tog‘lar – buyuk sukunat,

tog‘lar – sukutga botgan.

Sukunat qa’ri qat-qat –

dardlar,

dardlar tosh qotgan…

 

 

 

 

* * *

…Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                       tog‘larning xislati.

Tog‘larning darkorin so‘roqlar,

so‘roqlar –

                    matlubning vuslati.

 

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                       tog‘larning chizig‘i.

Tog‘larning vojibin qo‘noqlar,

qo‘noqlar –

                     e’timod yozig‘i.

 

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                       tog‘larning payvandi.

Tog‘larning roshida yiroqlar,

yiroqlar –

                  yaqinning dilbandi.

 

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                      qiyalab boylanar.

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                       suyanib aylanar.

 

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar,

so‘qmoqlar –

                       tog‘larning xislati.

Tog‘larning darkorin so‘roqlar,

so‘roqlar –

                    matlubning vuslati.

 

Tog‘larga yo‘l olar so‘qmoqlar…

 

                        

 

 

 * * *

…Kirib kelayotgan ayoz qish fasli

tabiatning yo‘rig‘ –

                                   mo‘ljali doim.

Izg‘irinning zarur qahraton tusli

zamumi birlashib boradi zim-zim.

 

Qish kunlarin qovib qishning tunlari

tog‘lar cho‘qqilarin bag‘riga joylar.

Qalin qorlarning hadsiz unlari

muttasil-muttasil qatlamli oylar.

 

Tog‘lar cho‘qqillarin olar egallab,

qorlar suvratini solib o‘ziga.

G‘izillab kechgaydir sovug‘in yo‘llab,

singdirib havoning qahrin ko‘ziga.

 

Tog‘lar zaminga qorlarni ular,

qorlar zaminga kelar miriqib.

Qorlar tog‘larning siynasin qo‘llar,

sirg‘alib-sirg‘alib borar siriqib…

 

…Qorlar –

                      tog‘larning madadi erur,

tog‘lar qorlarni ko‘tarib turur.

 

Tog‘lar tepasida osmon ustuni,

tog‘lar cho‘qqisida qorlar po‘stini.

 

Singishib-singishib tog‘lar enidan

qorlar tobtoblaydi qishning qinidan.

 

Qorlar daryolarga e’timod mador,

daryolar zaminga bo‘ladi ko‘p kor.

 

Tog‘lar osmonning yelka tasdig‘i,

tog‘lar zaminning baland yostig‘i…

 

…Qorlarning yaxlatar qishning havosi,

mador sabrin boylar vaqtida qorlar…

…Bahorning mehrli, ajib ma’vosi

tog‘larning intizor qorlarin chorlar…

 

                     

 

* * *

…Tog‘larning qirlarin shamollari

tog‘larga yo‘l olib –

                                    yo‘llanar.

Toshlarning mumgin jamollari

tog‘larning sirtiga silanar.

 

Tog‘larning qirlarin giyohlari

tog‘larga bir lahza boylanar.

Giyohlarning ojiz ohlari

tog‘larning dardiga aylanar.

 

Tog‘larning qirlarin qushlari

tog‘larga intiq qanot qoqar.

Qushlarning iltijo tushlari

tog‘larning cho‘qqilariga boqar.

 

Tog‘larning qirlarin shamollari…

 

Tog‘larning qirlarin giyohlari…

 

Tog‘larning qirlarin qushlari

 

                

* * *

…Tog‘lar intiladi samoga,

samo tog‘larga yo‘naladi.

Umidini joylab timoga

borliq tog‘lardan qo‘n oladi.

 

Samoga tutashadi tog‘lar,

ufqlarning chegarasida.

Samo o‘zin bag‘riga bog‘lar

tog‘lar ko‘ksin tutib rasida.

 

Bosh qo‘yadi samo tog‘larga,

tog‘lar dardin samosi bo‘lib.

Asnosini mengzab dog‘larga

jimjit tog‘lar bardoshga to‘lib.

 

Samo tog‘larning qasr-qubbasi,

tog‘larning siynatida samo.

Silaydi,

ulaydi mo‘jizasin

samo,

tog‘lar murodi imo…

               

    

Ikrom OTAMUROD

1951 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Vaqt ranglari”, “Janub qushlari”, “To‘rg‘ayli manzillar”, “Ufqlar orti bepoyon”, “Xaritaga tushmagan joylar”, “Uzoqlashayotgan og‘riq”, “Sopol siniqlari”, “Sen”, “Ichkari va tashqari”, “Ruhimning qayg‘usi”, “Kanglum, o‘zing”, “Tavr”, “Tag‘azzul” she’riy kitoblari chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.