Temurvoyning adasi

0
260
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Asli ilgari ham pildirab yurardi. Endi bolalar o‘yinchog‘i – pirildoqday pirillay ketdi. Bir joyda ketini bosib o‘tira olmay qoldi. Ishini chala tashlab, tamaki tutatgani chiqib kelaveradi. Mijozlari og‘zini lang ochib, jag‘lari og‘rib, intizor kutadi uni. Yana deng, bari katta odamlar yoki ularning oila a’zolari. Shunday oliymaqom shifoxonaga ishga kirguncha ham og‘zidan ona suti anqigan. O‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lsa-da, qo‘li yengilligi bois uncha-muncha do‘xtirday ishga aralashib, u-bu kimni davolay bosh­ladi ham. Bemorlar atayin uni so‘rab keladigan bo‘lishdi. O‘ziga yarasha obro‘ qozondi. Katta joyning kichkina imtiyozlaridan foydalanishga o‘rgandi. Yolg‘iz erkatoyini kazo-kazolarning arzandalari qatnaydigan oliymaqom bog‘chaga bazo‘r joylashtirdi.

Tong saharlab o‘g‘lini uyqusini chala qilib uyg‘otadi-da, xotini og‘ziga ul-bul tutadimi-yo‘qmi – hay, mayli, bog‘chada kasha yeya qolar, bolani po‘rim kiyintirgach, ko‘tarib chopqillaydi. To‘rtinchi qavatdan tushguncha o‘pkasi kelib og‘ziga tiqiladi. Shap-shap qadam tovushlaridan qo‘shnilar ham biladiki, Temurvoy kallai saharlab bog‘chaga ketyapti. Bu paytda do‘mning bolalari ayni shirin uyquni olayotgan bo‘ladi. Hovliga chiqishi bilan o‘g‘lini pastga tushiradi, qo‘lidan yetaklab bekat tomon oshiqadi. Ikki sumkasini burnog‘i yili kesib tashlangan azamat chinorning keng-mo‘l to‘nkasiga joylashtirib, “Mo-lo-koo!” deb baqirishga chog‘lanib, tomoq qirgancha ovoz paychalarini sozlayotgan sutchi xotinga bosh irg‘ab salom beradi go‘yo. Juvon ham ko‘zlarini pirpiratib ketayotgan bir burdagina erkakka emas, pichinon kavshab borayotgan bolakayga qarab jilmayadi. Xushi kelsa, “Ha, bog‘chagami?” deyishi mumkin. Javobi o‘zi bilan. Xudo urib uyqu kuchlilik qilsa-yu, kechroq uyg‘onsa, sutchining oldidan shamolday uchib o‘tadi. O‘g‘lini ham ko‘tarib oladi, yerga qo‘ymaydi. Halitdan zil-zambil, tengqurlariga qaraganda bo‘ydorroq. Xotini bolasining sochini silab, istarali yuzlaridan o‘pib, “Tog‘alariga tortgan-da!” deyishdan charchamaydi. Bu bo‘lsa bahslashib o‘tirmaydi. Ichini mushuk tirnamasayam kerag-ov. Hech qursa, o‘g‘limni o‘zimdan o‘zdirish uchun, ana, hukumatning bog‘chasiga joylashtirib qo‘yganman, hali suzishga, hali kurashga olib yuguraman, desa bo‘lardi. Lekin dimi chiqmaydi. Tarbiyasi shunaqami…

Mana shu avtobusga ilinmasa, keyingisi yigirma daqiqada keladi, ishga kechikishi aniq. Shu uchun suloqmonday o‘g‘lini ko‘targancha bekatga qarab yugurgilaydi. Avtobus hali tirband emas, oyna tomondagi bo‘sh joyga o‘rnashib, Temurvoyni tizzasiga oladi, o‘zining kichkina jussasi ko‘rinmay ham qoladi. Uzoqdan qaragan kishi bir o‘rindiqda ikki bolakay o‘tirvolibdi, deb o‘ylashi hech gap emas. Avtobus shahri azimning qishloqdan ko‘chib kelganlar yashaydigan bu chekkasidan markazga yetib borguncha ko‘p bekatlarda to‘xtaydi, odam tushirib, odam oladi. Bu bo‘lsa miq etmay ketaveradi. Ko‘cha manzaralariga ma’nosiz boqib boraveradi. O‘g‘li bir nimalar so‘rasa, ja zehni o‘tkir qurmag‘urning, bilganicha javob beradi. Ko‘pincha bolaning o‘zi dadasining javobini tuzatib qo‘yadi.

– Ana Temur bobom! – bolakayning har kungi xitobi shu. Xiyobon o‘rtasidagi haykalni ko‘rsatib, ismi bir xilligidan g‘urur tuyadi. Bu bo‘lsa doimgiday siniq jilmayib, chakkalaridan sochlari to‘kilayozgan boshini ohista irg‘aydi.

Avtobus nikolay g‘ishtin bino qarshisida to‘xtaydi. Ota-bola yo‘lovchilar orasidan sitilib, tanish bekatga tushgach, bu yog‘iga sekin salobat bilan (agar shu salobat deyilsa) qadam bosadilar. Bog‘cha yaqinida hali inomarka mashinalar ko‘rgazmasi boshlanmagan, bitta-ikkita mers-pers, prado-sradoni hisobga olmasa. Temurvoy ko‘ringan avtomobilning markasiyu modelini aytib boradi, dadasi bosh silkib qo‘yaveradi.

– Sizga bunaqasidan! Oyimga anavinaqasidan, faqat rangi qizil bo‘ladi. Oyim qiz bola-ku! – shaharda tug‘ilgan-da, oyi, ada deyishga o‘rgangan. Shunisi tuzuk, o‘ziga yaxshi, ena, ota deb o‘rtoqlarining oldida mulzam tortmaydi. – O‘zimga esa Muhammadqodirning dodasining moshinasidan olaman! Kotta bo‘lsam, pulim ko‘p bo‘ladi…

Otasi bolakayning doimgi gaplariga parvo qilmaydi. “Kashangni ye! Hech kim bilan urishma!” deya qayta-qayta uqtirgancha bog‘cha darvozasidan kirib boradi. Hali bolalar kelmagan bo‘ladi. Temurvoyning ko‘cha kiyimlarini yechib, javoniga iladi, ichkari kiyimlarini kiydirib, oyog‘iga shippagini beradi. Bog‘cha opasiga topshiradi. “Mayli…” deydi yerga tikilgancha. O‘g‘li kelib quchoqlaydi: “Derazadan qarayman!” deydi. Bu hovliga chiqqach, ikkinchi qavat oynasidan Temurvoyning qo‘l silkiyotganini ko‘radi. Darvoza ostonasidan hatlayotib, yana ortiga o‘griladi. Endi o‘g‘lining nigohi tirbandlasha boshlagan ko‘chada, inomarka mashinalarda, qo‘lida bir nimalar ko‘tarvolgan o‘rtoqlarida bo‘ladi. Uning ko‘zidagi mung aralash havasga ortiqcha e’tibor qilmay, chunki hamishagi holati shu, ishxonasiga shoshadi. Boshliqlar kelguncha, u yoq-bu yoqqa qarab qo‘yishi kerak…

– O-o-oy!… – ayolning jon achchig‘ida baqirgan ovozidan hushi joyiga qaytib, darhol uskunani o‘chirdi. Xayol bilan chalg‘ib, bemorning sog‘ tishini o‘yib yuborishiga sal qolibdi-ya. Birpasda farroshdan tortib bosh shifokorgacha hamma shu yerda hozir bo‘ldi: xayrixoh qaragan, zaharxanda iljaygan, ma’nosiz boqqan qiyofalar…

– Kechiras… kechiras… – tilidan shu so‘z tushmaydi, bemorning atrofida girdikapalak aylanadi.

Yoshi qaytib, yuziga ajinlar uya sola boshlagan ayol o‘ng yoniga egilgan ko‘yi tufdonga qayta-qayta tuflaydi. Hamshiralar tutgan qog‘oz sochiq bilan lab-lunjini artadi. Bu bo‘lsa uning yelkasiga yengilgina qoqib, uzrini aytmoqqa shaylanadi-yu, qimmatbaho svetiriga barmoq tekkizishga botinmaydi. Qo‘li havoda qoladi. Bemorni shashtidan tushirib, otang yaxshi, onang yaxshi, deb ko‘nglini ovlab, bir amallab kuzatishgach, hamma yengil nafas oladi. “O‘zi, oliy ma’lumoti yo‘q, bu yer esa hukumat shifoxonasi, tish davolashni kim qo‘yibdi unga…” degan pisandalarga quloq qoqmay, ko‘zini pirpiratib turaveradi. Xudo urgan bandasini payg‘ambar ham hassasi bilan turtibdi deganlaridek, unga hamkasblarining munosabati birdan o‘zgaradi. Bir-ikki odamshavandasi ichi achiganday qaraydi, xolos. Hatto hamishabahor hamshiraoy ham mensimasdan: “Glavrach chaqirvotti…”, deb ketadi chimrilib. “Kuningni ko‘rsatishadi endi”, degan iddao sizib turadi gapirish ohangidan.

Xonasida tek qotib o‘tirgan edi, nima qilarini bilmay. Bundan ko‘ra tepib-tepkilashgani yaxshiydi. Bosh shifokorning chaqirtirganini eshitib, bir hisobda sal yengil tortdi ham. Zum o‘tmay qabulxonada paydo bo‘ldi. Kotibaga aybdor-aybdor mo‘ltiradi. Qoraqosh xonim pardoz oynachasidan birrov ko‘z uzib, “Qancha kutish mumkin? Imillamasang-chi!” degannamo o‘qraydi, ichkariga ishora qilib bosh likillatdi. Bu bo‘lsa shundan keyin ham biroz taraddudlanib turdi. Hashamdor eshikni ohista ochib, muhtasham xonaga bosh suqdi. Rahbarning qovog‘idan qor yog‘adi, lekin ko‘zlarida vajohat sezilmaydi. Sal dadillashib, bir qadam oldinga tashladi. Eshik o‘zi kelib, tirq etib yopildi. Qo‘lini qovushtirib, xo‘jayinning og‘zini poyladi.

– Kallangni yeb qo‘yibsan san bola. Kimlarga xizmat qilishimizni esdan chiqardingmi?! Haliyam uncha injiq emas ekan. O‘g‘liga aytsa, sanga qo‘shilib, maniyam oyog‘im osmondan bo‘lib ketadi-ya… – Boshliq ko‘pni ko‘rgan odam, inson taqdiriga daxldor masalada yetti o‘lchab, bir kesish kerakligini yaxshi biladi. Ustiga ustak, shu musichaday yigitni oshirib jazolashga ham ko‘ng­li bormaydi. Bu bo‘lsa burnini tortib, qo‘lini qovushtirib, yelkasini tirishtirib, ko‘zini pirpiratib turaveradi. Ko‘rgan odamning ichi achiydi, ko‘ngli yumshaydi. – Biror gap bo‘lsa, ayt. Qo‘ldan kelsa, yordam qilamiz. Oxirgi paytda g‘alati bo‘p qolding, o‘zi…

Xo‘jayinning muloyim gapidan ko‘zida yosh g‘iltilladi. O‘zining ishda qolishini emas, o‘g‘lining bog‘chada qolishini o‘ylab ko‘ngli to‘liqdi. Xayrixoh tikilgan bosh shifokorga vaziyatni tushuntirishga urinib g‘uldiradi. Rahbar hech nimani anglamayotgandi, bu bo‘lsa hammasini aralash-quralash qilib tashladi:

– Yomonlikka olsa, haydatvoradi, dedila… Shu navaralarini juda yaxshi ko‘rar ekanla… Bog‘chaga o‘zlari mashinada olib kelib, tashlab ketarkanla… Birgina shapati… – o‘zining yuziga asta urib ko‘rsatdi.

Boshliq uzoq vaqt angrayib turdi. Masalaning tagiga yetib, bu notavon xodimining holiga achinishini ham, achinmasligini ham bilmay qoldi. Arzimagan narsadan shunchalik vahimaga tushish mumkinmi odam? Atrofidagilar har nima deb hovliqtirib qo‘yibdi-da.

– Okaxonni kengfe’l deb eshitaman. Shu mushtday bola bilan pachakilashib o‘tirmasa kerak…

– Mushtmas, shapati… – shoshib aytgan izohidan sezildiki, rahbarining gapini tuzuk-quruq tushunmagan edi. Bosh shifokor bunga e’tibor qilmadi, stol chertib biroz o‘ylandi, so‘ng bo‘lari maslahatga o‘tdi:

– Polvonni oling-da, to‘g‘ri oldilariga boring, – endi qadimgiday sizlay boshlagandi. – Shunday, shunday deng. Tushunadilar. Asli buyam shart emas. Ja ko‘nglingiz joyiga tushmasa, deyman-da.

Boshliqning xonasidan qushday yengil bo‘lib chiqdi. Yana deng, muammongizni hal qilvolguncha, ishdan ruxsat berib turamiz, degani-chi. Bog‘cha opalari: “Shaxsan o‘zlari kelib, mudiradan: “Qani, o‘sha zo‘ravonni ko‘rib qo‘yaylik-chi?!” deb so‘rab, qosh chimiribdila…” deyaverganidan keyin o‘g‘lini tobi qochdiga chiqarib, uyda qoldirayotgandi. Kim biladi deysiz, aytib bo‘larmidi, kattalardan har narsa kutish mumkin. Lekin Temurvoy bog‘chaga boraman deb xarxasha qilgani-qilgan. Sahar mardondan turib oladi. Askarlar kuniga bayram bo‘ladi, shunga she’r yodlaganman, deydi. Generel Temurbek Yo‘lyaxshiyev chaqirig‘ingizga binoan yetib keldi, deb qaddini g‘oz tutadi, shu tariqa bayramdagi rolini repetitsiya qiladi. Unga sayin onasi kuladi: general yetib kelmaydi, generalning huzuriga yetib keladilar, deb. Ming qilsa ham ayol-da: “Mana, qarang, o‘g‘limizning ham beti ko‘kargan”, deya erini ishontirishga tirishadi – o‘xshamaydi, surtgan upa-eligini Temurvoy kafti bilan artib tashlaydi. Yo, chindan ham, et-betini sal ko‘kartirib, bog‘chaga oborsakmikan, degan xayollarga beriladi. Lekin bolasiga ichi achiydi.

Ishni ertaga qoldirmadi. O‘g‘lini kiyintira solib, shahar markaziga oshiqdi. Baland oynavand bino poyiga yetguncha hech ikkilanmadi. Yashil formalarni ko‘rib sust bosdi, qadamlari sekinlashdi. “…vich…vich”, deb kalovlandi, ichida o‘ziga o‘zi takrorlab kelgan gaplari faromush bo‘ldi. O‘g‘li esa melisaning kamariga taqilgan qinda chinakam pistolet bormi yo tushlikka yeyish uchun pomidor-bodring solvolganmi, balki nosvoyini shu yerda asrab yurgandir, deb qiziqsinib qaraydi – bilolmaydi. “Yig‘ilishdalar, navbatga yozilgan bo‘lsangiz, kutib turishingiz mumkin”, deya devorga tirab terilgan qator o‘rindiqlardan joy ko‘rsatishadi. Borib o‘tiradilar. Faqat qari-quri, xotin-xalaj… Bir kampir yonidagi cholga har ikki gapining birida: “Bu yil, axir, xalq bilan muloqot yili bo‘lsa”, deb takrorlayveradi. Qora-ko‘k kostyum-shim kiygan, bo‘yinbog‘ taqqan sipta yigitlar shoshib kirib-chiqadi, hali u yoqqa, hali bu yoqqa o‘tadi. Turniket tez-tez chi­yillab, shiqillab turadi.

Bir payt hammada yengil jonsaraklik bosh­landi. Kelyapti, kelyapti, deb qolishdi. Melisalar qaddini rostlab, qornini ichiga tortib, qo‘lini chakkasiga tirab tek qotdi. Bug‘doyrang yuziga, qisiqroq ko‘ziga, sokin qadam tashlashiga… yana qandaydir harakatlariga, belgi-alomatlariga qarab kishining beixtiyor ko‘ngli yumshardi. Amaldor turniketdan o‘tib, o‘zini mahtal kutayotganlarga ehtirom bilan salom berdi, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qilgan bo‘ldi. Kampirlar yayrab-yoyilib ketdi, chollarning yuzidan ham dard aridi, quruqshagan lablarida tabassum o‘ynadi. Hamma mana shu salomga alik olib, yana yuzlab chaqirim naridagi qishlog‘iga qaytish uchun atayin kelganday xushhollik sezdi. Barcha muammolari o‘z-o‘zidan yechim topganday edi. Amaldor bolakayni ko‘rib, to‘xtadi: yuzida ajabsinish alomati balqidi. Bu bo‘lsa haliyam anqayib turardi. O‘g‘li “Muhammadqodirning dodasi-ku!” deya yengidan tortgach, hushini yig‘voldi. Yonog‘iga sekin urib, “shapati…” dedi, biroq ovozini o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. Amaldor erkatoy nevarasining nomi qulog‘iga chalinib, ular tomon yurdi. Bu bo‘lsa gapni nimadan boshlashni bilmay, g‘udranardi.

– Assalomu alaykum! – dedi Temurvoy dadil, bolalarga yarashmaydigan, kattalarga xos o‘ktam ovozda.

– Va alaykum assalom!

– General Temurbek Yo‘lyaxshiyev chaqirig‘i­ngizga binoan yetib keldi!

Amaldor jilmayib, bolakayning sochini mehr bilan to‘zg‘itib qo‘ydi:

– General yetib kelmaydi, generalning huzuriga yetib keladilar. Xo‘sh, o‘rtoq general, bizga nima xizmat?

Temurvoyning adasi ko‘zlarini pirpirata-pirpirata tushuntira ketdi:

– Shapati… – yana o‘zining yuziga urib ko‘rsatdi. – Nevarangizni… Muhammadqodirjonni… shapati… O‘g‘limiz biroz sho‘x-da…

– Shapatisiga ko‘zi ko‘karibdimi?! – quvligi tutdi amaldorning, dovdiratib tomosha qilgisi keldimi. – Mushtlab tushirganida nima bo‘lardi?! Temurvoy temir musht sohibi ekan-da. Katta bo‘lsa…

– Katta bo‘lsam, dodangnikidaqa moshina olaman, degandim, Muhammadqodir dodam sanga moshinalarini sotmaydila, dedi… Shunga… shunga…

– Yiqqan puling mashinaga yetadimi, o‘zi?!

– Yaqinda sunnat to‘yimni qilamiz, hamma menga pul beradi. Hozircha kam… – bolaning shashti biroz pasaydi.

Amaldor kostyumining ichki cho‘ntagidan besh-oltita qog‘oz pul chiqarib, bolakayga uzatdi. Otasi shoshib qoldi: “Olma! Olma!” deya shipshidi. Temurvoyning esa yuziga tabassum yugurdi:

– Hay, mayli… kattalarning qo‘lini qaytarish yaxshi emas.

Chol-kampirlar kamshik tishlarini qoqshol barmoqlari bilan yashirib kulib yubordi. Melisalar ham oxiri nima bo‘lar ekan deb qiziqsinib, ko‘z qirlarini tashlab turardi. Bolakay pulni bamaylixotir sanab, cho‘ntagiga tiqdi. Minnatdor boqdi yon-yog‘iga.

– O‘rtoq general! Ketishga ruxsat so‘rayman!

Temurvoy bog‘chadoshi Muhammadqodirning bobosiga emas, bayram tadbirida rol o‘ynayotgan tengquriga gapirganday baralla: “Ruxsat!” dedi. Bu bo‘lsa amaldorga yetti bukilib rahmat ayta ketdi.

Ota-bola favvoralar yonidan o‘tib borardi. Temurvoy hovuz ziyidagi marmar hoshiya ustida dikinglab sakraydi. Dadasidan qo‘lini qo‘yib yuborishini so‘raydi. Og‘zida xo‘rozqand: oldin bir-ikki yaladi, so‘ng shima boshladi, oxiri qarsillatib chaynashga tushdi. Lab-lunjidan shira oqib dedi:

– Ada! Siz bu dunyoda hech kimdan qo‘rqmaysiz-a?!

– …

2016

 

Farrux Jabborov

 1985 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Hikoyalari matbuotda va to‘plamlarda chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.