Yulduzday jimirlar hayot ziynati

0
53
marta ko‘rilgan.

“Kazarmada yozilgan she’rlar” daftaridan

 

Alibekni yaxshi bilaman. U adabiyot qadrlanadigan oilada o‘sib ungan. Bobosi va otasi filologiya fanlari doktorlari – taniqli odamlar. Shu sabab bu yigitning adabiyotga mehr qo‘yishi meni ajablantirmagan. U ilk she’rlarini menga ko‘tarib kelganiga ham to‘rt-besh yil bo‘ldi. Bu bosiq, kamgap yigit she’r­lari haqidagi fikrlarimni jiddiy, og‘rinmay, dars olayotganday sidqidildan tinglagani menga ma’qul bo‘lgan.

Uning sizga tavsiya qilinayotgan she’r­lari mening qo‘limga kelib tushishiga esa Alibekning aloqasi yo‘q. Jurnaldagi ukalarim “bir askardan she’rlar kelgani”ni, uni o‘qib ko‘rishimni so‘rashdi. Ular muallif bilan tanishligimdan tamoman bexabar ekanlar.

She’rlarini o‘qidim. Alibek shoir sifatida o‘sibdi. Yurakdagi his-hayajonni so‘zga ko‘chirishni uddalay boshlabdi. Satrlar erkin, tabiiy. Zo‘riqish yo‘q. Endi uning she’rlarini jurnalxonlarga bemalol tavsiya etsak bo‘ladi. Alibek izlanish va o‘qib-o‘rganish bir umrlik ish ekanligini yodda tutsa bo‘ldi. O‘zini o‘zi rad etib ijod qilish ham unga hamisha yo‘ldosh bo‘lishini juda istar edim. Chunki ijodkor shu tarzda yangilanadi.

Usmon AZIM,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

 

***

Kutubxonachi qizga

 

Quroldan bo‘shagan qo‘llarim horg‘in,

Sekin taqillatar eshigingizni.

Mayin jilmayasiz. Boqasiz yorqin.

Ko‘rganday bo‘lasiz qo‘shig‘ingizni.

 

Men alik olaman. O‘taman to‘rga,

Javonlar tirilar – entikar sassiz.

Barcha kitoblarni yog‘duga burkab,

Qarshimda olovday yonib turasiz.

 

Tokchadagi qizil – gul emas, hayo,

Nafosat sirpanar qadamingizda.

So‘zlasam, mo‘rchalar yugurar go‘yo,

Chinning chinnisiday badaningizda!

 

Qarang, sahifalar aro go‘zallik!

Mana, mening chala qolgan izhorim!

Mana, umrim uchun buyuk afzallik:

Qalbimni poyiga eltganim – yorim!

 

Varaqlar ichidan taralar ifor,

Mangu yashillikda tovlanar visol.

Faqat muhabbatni tan olgan bahor

Yo‘limga to‘shalar poyandoz misol.

 

Yo‘q! O‘lib bo‘lmaydi bunday farahda,

Sevinchlar karvoni ketmaydi izsiz.

Mening ko‘nglim shu bir parcha varaqda,

Bir qoshiq qonimdan keching, oyimqiz!

 

 

Tush

 

1.

Tun. Kazarma. Jimlik. Yuz yetmish to‘shak.

Yuz yetmish xil orom. Yana shuncha tush.

Jonim, o‘ngimizda ayriliq beshak,

Faqat tushda kelar yo‘llarimiz duch.

 

Zinhor o‘lchay olmas “Sog‘inch” degan so‘z,

Adog‘siz tuyg‘umning qulochlarini.

Topolmam choralar aro tashlab ko‘z,

Uyg‘onmay yashashning ilojlarini.

 

Safdoshlar qolipdan ko‘chgan g‘isht misol,

Yuz yetmish xil orom. Yana shuncha tush.

(Ular tush ko‘rishni bilmas, ehtimol)

Men-chi, kaftlaringdan tutaman baxtxush.

 

2.

Tugmaday yechildi bedor hislarim,

Ko‘nglimni ko‘tardi lahzalik epkin.

Saboday o‘ynaydi soching islari,

Kipriging yuzimni siypalar sekin.

 

Na qadar tirildim! Behibo‘yginam,

O‘ngimdan ortiqdir bu tush qiymati.

Sening ko‘zlaringda, mushfiqro‘yginam,

Yulduzday jimirlar hayot ziynati.

 

Nelar so‘ylaganim qolmagan yodda,

Ammo tabassuming chiqmas esimdan.

Sening ohang kabi diltortar, sodda

Lutfing mehr bo‘lib cho‘g‘lanar zimdan.

 

Mana, o‘zimizning qadrdon anhor!

O‘q yanglig‘ otilar yomg‘ir oqimga.

Yomg‘irpo‘sh ostiga chekingan izhor

Iforday qo‘shilib ketar ruhimga!

 

3.

Tun. Kazarma. Jimlik. Jami quroldosh

Go‘yo qo‘rib yotir laziz tushimni.

Kulgiching sehriga berolmay bardosh,

Tushda ham yo‘qotdim aqlu hushimni.

 

Dudoqlar jo‘r bo‘lar shu on navoga,

O, qo‘shiq! Kechirgil… yurak qonmadi.

…Posbon qichqiradi: “Vzvod, Trevoga!!!”

Uyg‘onishdan boshqa choram qolmadi!

 

 

***

 

“Payqamaydi”, deb o‘ylar shamol,

Ko‘z yoshimga turtinib o‘tdi.

– U sezmaydi, – dedi, – telbahol. –

Jiyda gullar iforin tutdi.

 

“She’r yozaylik”, – imlar bulutlar:

“Ko‘z yoshingga bo‘lay qofiya…”

Guldiraklar ko‘nglimni qutlar,

Ufq lavhida siniq hoshiya!

 

– Meni sez! – der keskin manzara,

Savalanar bir chetda yalpiz.

– Meni sez! – der lablari yara, –

Sezganimdek men seni yolg‘iz.

 

Tarnovlardan oqqan tarona,

Mungiga jo‘r bo‘lmog‘im istar.

Yuragimga anduh parvona,

Qog‘oz-qalam olmoqqa qistar.

 

Bir sidraga sizilar borliq,

Bir martaga poklanar qalbing.

Men ketaman boshimni olib,

Men ketaman, lahzalar… qalqing!

 

Men ketaman, hayrat hududi,

Turgil ortda qolmoqlikka shay!

Men ketaman, labingdan xuddi

Hech narsani payqamaganday!

 

 

Intervyu

 

Bu sigaretning yarmini

shamol chekdi.

Bu orzuning yarmiga

armon tegdi.

 

Bu tushlarning yarmini

hijron ko‘rdi.

Bu davronning yarmini

sog‘inch surdi.

 

Bu o‘yinning yarmidan

boshladi qismat,

Bu umrning yarmini

yashadi g‘aflat.

 

Alibek ANVARIY

 

1994 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universtining jurnalistika fakultetini tamomlagan. She’rlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan “Biz istiqlol farzandlarimiz” nomli yoshlar bayoziga kiritilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.