Xazarula

0
52
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

O‘n to‘rt yoshimda birinchi marta daraxt bilan suhbatlashganim esimda. U olma daraxti edi, xuddi buvim singari allaqachon oltmishdan oshgandi. Odamlar uni Xazarula deb atashardi.

Ilgari buvim har qishda Xazarula olmalaridan Tbilisiga olib kelardi. Ertalabki birinchi poyezdda shahar vokzaliga tushar, u yerdan to‘g‘ri biznikiga yo‘l olardi. Buvimdan qishloqning xushbo‘y, yoqimli hidi ufurib turar, meni ko‘ksiga mahkam bosib quchoqlab, keyin yotarjoyimga mushtdan kattaroq ko‘rimsiz olmani tashlardi:

– Ma, ol, nena1, hovlimizdagi Xazaruladan senga sovg‘a, xuddi Dapinoga o‘xshab burishib ketgan bo‘lsa ham, bundan yaxshi olma yo‘q. Ye, bolam, ha, dardingni olay-a, bolajonim-a.

Olma chindan ham juda mazali edi.

Urush boshlanganidan so‘ng men qishloqqa – buvimnikiga ko‘chib keldim va bu yerda Xazarula bilan shaxsan tanishdim. Daraxtning ba’zi joylarini qurt yegan, lekin hali baquvvat va ko‘rkam bo‘lib, sersoya shoxlarini keng yoyib turardi. Shoxlariga osilgan cho‘mich, xumcha va ko‘za daraxtga o‘zgacha chiroy bag‘ishlardi. Lekin, bilishimcha, Xazarulamiz endi gullamay qo‘ygandi.

Qirq ikkinchi yil bahorining boshlari edi. Bir kuni buvim meni erta tongda uyg‘otdi. Uning qo‘lida qilichdek o‘tkir, yaltiroq bolta bor edi.

– Ha, buvi, meni chopmoqchimisiz? – dedim jo‘rttaga yig‘lamsirab va ko‘rpaning ichiga berkindim.

– Maynavozchilik qilma, tentak! – baqirdi buvim jahli chiqib. – Qulog‘ingdan tortib sudramasimdan o‘ringdan tur… Tur, ishingni boshla…

– Erta tongda qanaqa ish? – achchiqlandim men. – Yana nima baloni o‘ylab topdingiz?

– Meni pisand qilmayapti, erkak kishining qo‘lini his qilib ko‘rsin, – to‘ng‘illadi buvim chimirilib.

– Buvi, kim haqida gapiryapsiz?

– Hah, mutruki2, hazil-mazaxdan boshqa narsani bilasanmi? Tur, dedim!

– Mana, turyapman. Faqat kim haqida gapirayotganingizni ayting, – dedim men va kiyina boshladim.

– Kim bo‘lardi, Xazarula haqida gapiryapman-da. Yaramas, uyati ham, vijdoni ham yo‘q. Shunaqayam yuzsizlik bo‘ladimi? Ayni ocharchilik paytida-ya?!

– Daraxt haqida… gapiryapsizmi?.. – hayratdan tilim gapga kelmay qoldi.

– Ha, daraxt haqida, daraxt haqida.

– Olmani aytyapsizmi? – hanuz quloqlarimga ishongim kelmasdi.

– Axir, mevasiz daraxt ham daraxt­­mi?

– Xo‘p, men nima qilishim kerak? Uni kesishim kerakmi?

– Yo‘g‘-ye, nega birdaniga kesarkanmiz. Oldin qo‘rqitib ko‘ramiz, foydasi bo‘lmasa, keyin kesib tashlaymiz.

Buvim menga Xazarulani qanday qo‘rqitishim zarurligini tushuntirib, boltani bosh tomonimga suyab qo‘ydi va eshik tomon yurdi.

– U meni eshitadi deb o‘ylaysizmi? – tirjaydim men.

– Agar zig‘ircha aqli qolgan bo‘lsa, eshitadi.

– O‘zingiz qayerga ketyapsiz?

– Sizlar yolg‘iz gaplashishlaring kerak, – dedi buvim va tashqariga chiqib ketdi.

O‘rnimdan turib, boltani yelkamga qo‘ygancha marani3ning ustiga chiqdim va Xazarulaning ro‘parasiga kelib to‘xtadim. Uning tagidagi nam tortgan yer chopishga tayyor bo‘lgandi. “Qiziq, daraxt xaqiqatan ham odamni eshitarmikan”, deb o‘yladim va kulib qo‘ydim. Keyin boltani oldim-da, kuch bilan daraxt tanasiga tiradim.

– Kesaymi, kesmaymi? – deb so‘radim bir necha marta baland ovozda.

Nihoyat uzoq o‘ylanishdan so‘ng boltani pastga tushirdim va shunday baralla gapirdimki, meni Xazarula tugul, toshlar va yerda ko‘milib yotgan ko‘za ham eshitdi.

– Mayli, bilganingni qilaver, – deb ogohlantirdim so‘ng, – yana bir yil kutaman, shundayam meva qilmasang, o‘zingdan ko‘r. Tag-tuging bilan ko‘chirib tashlayman.

Xullas, buvimning topshirig‘ini qo­­yilmaqom qilib bajardim. Ammo Xazarula pinagini ham buzmas, xotirjam edi. U endigina chiqayotgan quyosh nurlarida isinmoqchi bo‘lgandek, butun tanasi bilan yuqoriga intilayotganga o‘xshardi.

Bu safar endi buvimning ustidan emas, o‘zimning ustimdan kuldim. Boltani yerda yotgan to‘nkaga zarb bilan sanchdim-da, ortimga qaytdim.

– Qalay bo‘ldi? – so‘radi buvim.

– Uni o‘lgudek qo‘rqitdim. Ko‘rmayapsizmi, bechora haliyam qaltirayapti, – deb javob berdim va buvimni daraxtga qarashga undadim.

Shunda men ovoz chiqarib kulib yubordim – Xazarulaning tanasi rostdan ham titrayotgan edi!..

Sharq tomondan shamol esardi.

 

Tog‘larga katta odimlar bilan bahor keldi. Gubazauz o‘rmonidan bir nazar tashladi-da, to‘g‘ri hovlimizga kirdi. Xuddi qiyiq qizga o‘xshab etagini sal ko‘targancha yashil o‘tloqlarni bosib-bosib o‘tdi. Hamma-hammani – mol-hol, qushlar, o‘simliklarni ham aqldan ozdirdi. Hayot qaynay boshladi.

Buvim meni yana saharda uyg‘otib, Xazarulaga qarashimni so‘radi.

Oq-pushti libosdagi salobatli Xazarula biz tomonga istehzo bilan qarab turardi.

– Senga aytgandim-ku! – buvimning sevinchi ichiga sig‘masdi.

– Nahotki, aqlga sig‘maydi-ya! – deb ajablandim men.

Xazarula chaman bo‘lib gullagan edi. Unga har yoqdan asalarilar kelib qo‘nardi. Vaqt o‘tishi bilan shoxlar son-sanoqsiz meva tugdi. Olmalar asta-sekin to‘lishib, pisha boshladi. Xazarula yil bo‘yi bizni va qo‘shnilarimizni olma bilan ta’minlab turdi. Olma chaynayverib hatto mollarning ham tishi qamashib ketdi. Bir kuni savat to‘la olmani Teofan Dugladzening sigiriga olib borganim yodimda.

– Bo‘ldi, bas qil, sigirni tinch qo‘y! – haddan tashqari g‘amxo‘rligimdan Teofanning jahli chiqdi. – Bu ketishda hademay sut o‘rniga olma sharbat sog‘ib olamiz.

– Qanday qilib butun qishloqni lol qoldirding, Xazarula? – so‘radim qish arafasi daraxtning uchidagi qush cho‘qigan olmani olayotib.

– Mevali daraxt bo‘lsang, buning ustiga, olma bo‘lsang, shunday qilishing kerak! – dedi u qarigan bo‘g‘imlarini g‘ichirlatib.

Bu yil uzoq vaqtgacha yodimizda qoldi: Xazarula qaytib meva bermadi. Uni qanchalik qo‘rqitmay, qanchalik do‘q urmay, hatto yalinib ham ko‘rdim – foydasi bo‘lmadi. Xazarulaning xazarulaligi yo‘qoldi.

Ikki yildan keyin, xumdan musallas olayotganimizda buvim to‘satdan osmonga, so‘ngra Xazarulaga qaradi va bosh chayqab, menga xuddi begonaga gapirayotgandek dedi:

– Bugun qor yog‘adi, o‘tinimiz esa tugagan. – Uning ovozi titrar edi. – Sovuqdan tamom bo‘lamiz, Xazarulani kesish kerak.

– Yana bir yil kutaylik, buvijon, keyin kesarmiz, – yalindim men. – Uni yana qo‘rqitib ko‘raman…

– Uning kuni bitgan, nena, hech narsa bilan qo‘rqitolmaysan.

– Yo‘q, – dedim men, – uni kesa olmayman.

– Nega?! – buvimning jahli chiqdi. – Mening gapim senga bir pulmi?

– Yo‘q, buvi, unday emas… Baribir uni kesolmayman.

– Voy, nega? – ajablandi buvim.

– Axir, o‘zingiz aytmaganmisiz, daraxt hamma narsani eshitadi deb?!

– Odam qariganda nimalar deb aljiramaydi. Yaxshilab quloq sol. Ba’zan bir daraxtni deb odam odamni eshitmaydi… Frontda esa odamlar bir-birini o‘ldirib yotishibdi. Men o‘shanda hazillashgan edim, uni esingdan chiqar.

– Yo‘q, – qattiq turib oldim men. – Bunday qilolmayman. Menimcha, daraxt eshitishdan tashqari ko‘rishi ham mumkin. Qarang, u bizga ters o‘girilyapti.

– Yo tavbangdan ketay! Nimalar deydi-ya bu bola?! Bunaqa gaplarni eshitgandan ko‘ra kar bo‘lganim yaxshi edi, – yig‘ladi buvim va jahl bilan peshanasiga shapatiladi. – E-e, bor-ye, sendan foyda yo‘q. Sen xomkallani boplab laqillatgandim. O‘zi bir adabingni berib qo‘yish kerak. Hoy qo‘shnilar! Hoy yaxshilar! Bu bola esidan og‘ib qopti! Zanjirga bog‘lash kerak buni! Adoyi tamom bo‘pti! – U endi bor ovozi bilan hay-haylashga tushgandi.

– Ey Kalandadzening bevasi! Boladan nima istaysan? – qichqirdi uning dod-voyiga javoban chetan devorlar orasidan ketib borayotgan Ananiya Salukvadze va hovlimiz tomonga burildi.

– Eh, Ananiya, o‘zing o‘ylab ko‘r, avvalgi yili nabiramni meva bermaydigan Xazarulani qo‘rqitib qo‘yishga ko‘ndirgandim. Endi esa uni kesib tashlashini so‘rab yalinsam ham, unamayapti. Bilasanmi, nimaga? Daraxt hamma narsani ko‘rib, eshitib turarmish… He, o‘rgildim! – dedi buvim achchiqlanib va mehmonga bir stakan vino uzatdi.

– Salom alaykum. Xudo quvvat bersin, – buvimni duo qildi Ananiya Salukvadze va musallasni shunday zavq bilan ichdiki, ko‘rib og‘zimning suvi keldi.

– Ko‘radi… Eshitadi, degin? – takrorladi Ananiya tovlanib turgan sarg‘ish soqolini silab.

– Shuning o‘zigina emas, bu ahmoq daraxt gapirishi mumkinligiga haliyam ishonadi, – nolidi buvim. – Lekin uning aybi yo‘q, men o‘zim uning miyasini aynitganman. Endi, mana, shu ahvolga tushib o‘tiribman.

– Nabirang mabodo ertalabda vino-pinodan tatib ko‘rgani yo‘qmi?

– Ha, bir-ikki stakan ichvoganga o‘xshaydi, – javob qildi buvim: unda to‘satdan umid uchqunlari paydo bo‘ldi.

– Unday bo‘lsa, musallasingdan menga yana bitta quy-chi, Darejan, – jilmaydi Ananiya. – Bolani sen yoki vino aqldan ozdirganini aniq aytib beraman.

Buvim stakanni to‘ldirdi. Ananiya uni bir ko‘tarishda bo‘shatdi.

– Menimcha, Darejan, – deb gap boshladi u uzoq to‘xtamdan so‘ng, – ikkalangiz ham uni aqldan ozdirgansiz: sen ham, vino ham. Lekin oxirgi qarorimni aytishim uchun yana bir stakan quy.

Buvim yana musallas quydi, ammo o‘sha paytda Ananiyaga shunday ko‘z bilan qaradiki, agar uning o‘rnida bo‘lganimda, idishga lab tekkizgani ham qo‘rqqan bo‘lardim. Lekin Ananiya hech narsa bo‘lmagandek uchinchi stakanni ham ichib bitirdi. Bu safar u o‘z hukmini darhol aytdi.

– Bolaning nima uchun aqldan ozgani menga hoziroq ravshan bo‘ldi, – dedi u musallasni ko‘rsatib. – Daraxt hamma narsani ko‘rib turishiga ishonasan-a, to‘g‘rimi?..

– Ha! – tasdiqladim men.

– Tosh-chi?

– Tosh ham.

– Daryo-chi?

– U ham…

Ananiya mening haqqimga duo qildi, so‘ng buvim tomonga o‘girildi:

– Ha, ana, hammasi tushunarli, Darejan. Aytaylik, sen daraxtsan… Aytaylik, ana shu Xazarulasan. Agar sen, nevarang aytganidek, ko‘rsang, eshitsang… menga o‘xshagan, bolta ko‘targan kishini darrov payqamasliging mumkin emas. Odam senga yaqinlashadi va chopmoqchi bo‘ladi. Tushun­yapsanmi? Chopmoqchi bo‘ladi. Hammasini ko‘rib, bilib turasan-u, lekin qochib ketolmaysan. Bunday paytda aqldan ozish hech gapmas-ku, to‘g‘rimi? – dedi Ananiya va bo‘sh stakanni uzatdi, ammo buvim bu safar negadir shoshmadi. – Quysang-chi, tezroq! – deb qichqirdi Ananiya. – Senga aytishim kerak bo‘lgan narsalarning ko‘pi hali oldinda.

Buvim stakanni to‘latdi.

– Sen-chi, bolakay, shaharlik bo‘lsang ham, – deb menga yuzlandi Ananiya, – bizning qishloqcha hikmatlarimizni o‘rganib olishing kerak. Dehqon uchta narsani qo‘l ostida saqlab turmasligi zarur: nasl qoldirmaydigan hayvonni, meva bermaydigan daraxtni va farzand ko‘rmaydigan… – shu yerga kelganda u buvimga tikilganicha ikkilanib qoldi.

– Menga baqrayib qarama, Ananiya, – kuldi buvim. – Gapingni oxirigacha ayt, uyalma. O‘g‘lim bo‘lmaganda qayerdan nevara ko‘rardim?

– Gaping to‘g‘ri… Xullas, uchinchisi – farzand ko‘rmaydigan xotinni… Buving Darejanning yetti farzandi bo‘lgan. Ha, shunaqa…

– Mendan nima istaysiz, Ananiya tog‘a? – so‘radim undan.

– Nega daraxtni kesmayapsan? – savolga savol bilan javob berdi u.

– Unga rahmim kelyapti.

– Demak, bolakay, daraxtga achinyapsan. Sen tengqur bolalar frontda tanklar tagida yotibdi, sen bo‘lsang…

– Ha, davlatimizga og‘ir. Bunaqa og‘zidan ona suti ketmagan go‘daklar bilan Hitlerni yengib bo‘larmidi?

– Yo‘q, bunaqa gaplarni gapirma, Darejan, – Ananiyaning birdan jahli chiqdi.

– Gapirmay bo‘ladimi? O‘lar holatda bo‘lmaysanmi, bu bola tovuq tugul, hatto jo‘jayam so‘yib bermaydi. Ana, daraxtni kesmay o‘tiribdi, rahmi kelayotganmish. Kezi kelganda aytay, ikki yil oldingi Yangi yilda bir jonliqning bo‘g‘ziga pichoq tortgandi. Bechora jonivorni bu yili Intabuyetida topishibdi. Bo‘ynida pichoq lo‘killab turganmish. Shuyam ishmi endi? E-e… – deb zorlandi buvim.

– Buving rost gapiryaptimi, jiyan? – deb so‘radi Ananiya.

– Ha, rost, Ananiya tog‘a. Faqat menga behuda nasihatgo‘ylik qilmang, baribir Xazarulani kesmayman.

– Rahming kelyaptimi, bolakay?

– Nima, rahmim kelmasinmi?

– Bilganingni qil, rahmdil! Yana bir stakan quy, Darejan. Ertaga ertalab Xazarula yerga ag‘nab yotgan bo‘ladi. O‘zim ertagayoq kesib tashlayman: buguncha qo‘lim tegmaydi.

Ananiya buvim quygan musallasni ichdi.

– Darejan, senda mabodo gazak topilmaydimi? – yo‘l-yo‘lakay so‘radi u.

– Gazakka tayoq yeyishni xohlamaysanmi? – dedi buvim kesatib.

Ananiya indamay hovlidan chiqdi va qishloq yo‘li bo‘ylab sekin yuqoriga keta boshladi.

– Ey, Ananiya, u yoqda nima qilasan? – qichqirdi buvim. – Pastga ketayotgan eding, shekilli.

– Ha, pastda ishim boridi, Darejan, – deb tan oldi Ananiya. – Lekin raisimizning daraxtlari rosa gullabdi. Bog‘bonchilikka esa, bilasan, men kerak bo‘laman.

U qo‘l siltadi.

– Unday bo‘lsa, qadrli Ananiya, Shakroianing qo‘rasiga suyanaqol, – dedi buvim uning qadam tashlashidan xavotirlanib. – Meniki o‘zi zo‘rg‘a turibdi.

U bir hatlab qishloq yo‘liga o‘tdi va Shakroia Mikaberidzening panjarasiga suyanib oldi. Yana yo‘lga tushdi-yu, birdan to‘xtab, menga qaradi:

– Ey jiyan, – deb chaqirdi meni. – Demak, sening Xazarulang ko‘rar ekan-da?.. Sen o‘zi… Xazarulangni hoziroq, – qiqirlab kuldi u. – E, ko‘zim hech baloni ko‘rmayapti-yu.

Ananiya gandiraklagancha ohista qadam tashlab olisladi.

Men haq edim. Churq etmay turgan bargsiz daraxt hammasini ko‘rgan va eshitgandi. Xazarula yarim tungacha o‘yladi. Yarim tunda yuragini qattiq siqimladi, ildizlarini tortdi. Ildizlar qurshovida qolgan xum larzaga keldi. Xazarula buni sezdi va ildizlarini yanada qattiqroq qisdi… loydan yasalgan xumning yonboshi ezildi, lekin sinmadi. Xazarula ildizlarini oldingidan ham mahkamroq qisdi, ko‘zada birinchi yoriq paydo bo‘ldi. Undan qizil suyuqlik sizib chiqib, daraxtning uzun tomirlarini sug‘ora boshladi. Xazarulaning butun tanasini dahshatli titroq bosdi. Lekin asta-sekin bu titroq tushunib bo‘lmaydigan yoqimli qaltiroqqa aylandi. Halokati muqarrar va tashna daraxt ko‘zaga mahkam yopishdi, qizil suyuqlik uning tomirlari bo‘ylab oqa boshladi. U yaqin yetmish yildan beri ildizlari orasida saqlab kelayotgan mo‘jizaviy suyuqlikni shimiy boshladi: o‘tgan shuncha yildan beri hech narsadan xabarsiz daraxt uni hayotbaxsh yerosti shoxlari ichida ardoqlab kelgandi… Uni qanchalar himoya qilib, asrab kelgandi-ya!.. Qizil suyuqlik ko‘zaning yorig‘idan tinimsiz sharillab oqardi. Xazarula ko‘zani yanada qattiqroq siqdi, ajoyib suyuqlikni to‘yib-to‘yib ichdi. Uning g‘alati, yoqimli titroqdan qaltirayotgan tanasi issiqlik va quvonchga to‘ldi. Xazarula dunyodagi jamiki narsani unutib, qayta-qayta ichdi… Oxiri sarxush holga keldi, dunyo ko‘ziga go‘zal ko‘rina boshladi!

Mo‘jiza yuz berdi!.. Kun yorishguncha ko‘za bo‘shadi, Xazarula oxirgi tomchini ichdi, shunda unga odamning va g‘alati suyuqlikning siri ma’lum bo‘ldi. Yo‘q, u endi nega odamlar bir-birini quchoqlashiga, qo‘lida kosa tutgancha yig‘lashiga, bir-birini quvlab, janjallashishiga, kulishishiga, qo‘shiq kuylashiga umuman ajablanmaydi. Odamlar bir-birining qo‘lini tutib uning atrofida raqs tushishi, ko‘zani yaxshilab yuvishi va e’zozlab yana ajoyib suyuqlik bilan to‘ldirishi ham endi uni hayratlantirmaydi. Xazarula barchasini tushundi, shunda uning o‘zi ham o‘lgunicha kuylashni, yig‘lashni, yugurishni, raqs tushishni xohladi… Lekin bularni qanday qilib bajarishi mumkin? Bechora Xazarula, axir u odam emas, daraxtligicha qoldi-ku. Shunda u qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi – ertalabgacha u yoq-bu yoqqa silkinib, guvillab turdi.

Tongda esa… Tongda yonboshiga tegayotgan ovozsiz zarbani his qildi. U sira og‘riq sezmadi, shuning uchun zarbaga e’tibor bermadi… Keyin narigi yonboshida ham xuddi shunaqa zarbani his qildi, lekin bunga ham parvo qilmadi… Uning tanasiga ketma-ket zarbalar kelib tushdi. Oradan bir soatdan oshiq vaqt o‘tdi. Nihoyat, allaqanday kuch uni o‘ngga, chapga og‘dirayotganini angladi. Bosim yanada kuchaydi, cho‘ziq va kuchli g‘irchillagan ovoz eshitildi… Xazarula dastlab sekinlik bilan egildi, keyin to‘satdan bo‘shashganicha o‘zini yerga tashladi. Endi u faqatgina qo‘llari, yelkalarining g‘ichirlashini, bo‘g‘imlari va suyaklarining singan tovushinigina eshitdi… Lekin u zarracha og‘riq tuymadi, ko‘zlarini yumib, chuqur va shirin uyquga ketdi.

– Tur, tur o‘rningdan, toychog‘im! – uyg‘otdi buvim. – Ananiya tong qorong‘isida Xazarulani kesib yiqitdi. Boltani olib, hech qursa shoxlarini buta, – dedi-da, oshxonaga chiqib ketdi.

Buvimning sezgirlik qobiliyati pand bermadi. Kechasi rostanam qor yog‘ibdi. Qishloq xuddi oppoq ko‘ylakdagi kelinchakka o‘xshab qolgandi. Faqat bizning hovli motam tutayotgandek edi go‘yo: maranida novdalari singan, yaqinda kesilgan ulkan Xazarula yotardi. Bu manzarani ko‘rib ko‘nglim ma’yus tortdi. Maraniga ko‘tarildim va shoxlarni butashdan oldin daraxtning kesilgan joyiga kelib o‘tirdim. O‘tirib, sinchiklab qaradim va dong qotib qoldim: kesik tomirlardan qondek qip-qizil suyuqlik tomchilab turardi.

– Buvi! – qichqirdim men.

– Nima deysan? – derazadan bosh chiqarib qaradi u.

– Bir daqiqaga bu yoqqa keling.

– Nima bo‘ldi?

– Keling, o‘zingiz ko‘rasiz.

– Nima bu? – so‘radi buvim hayron bo‘lib.

– Menimcha, daraxtning qoni bo‘lsa kerak, – javob qildim titroq ovozda.

– Bo‘lishi mumkinmas, hozir yanvar-ku, hamma daraxt uyquda bo‘ladi. Faqat fevraldan keyin daraxt tanasiga shira keladi, – dedi buvim.

U suyuqlikka barmog‘ini tekkizdi-da, hidlab ko‘rdi. To‘satdan rangi oqarib menga qaradi.

– Xumni och! – buyurdi menga.

Men darhol yerga ko‘milgan xumning ustidagi tosh va qopqoqni olib tashladim. Buvim ikkalamiz shoshib uning ichiga qaradik. Xum bo‘m-bo‘sh edi!..

– Ey Xudo, o‘zing rahm qil, bizni aqldan ozdirma! – iltijo qildi buvim. Uning ovozi titrar edi. Qo‘llarini yuqoriga cho‘zgancha, yerga tizzaladi.

Sovuqdan dir-dir qaltirayotgan Xazarula ko‘zlarini ochdi. Unga dunyo ostin-ustin bo‘lib ketganga o‘xshab tuyuldi. U ajablandi. Dastlab hammasiga g‘alati qizil suyuqlik aybdor deb o‘yladi. Lekin shu payt boltaga tirsagi bilan suyanganicha, boshini egib o‘tirgan g‘amgin o‘spirinni, sal nariroqda, og‘zi ochiq xumning ro‘parasida, oppoq qorda tiz cho‘kib, qo‘llarini osmonga ko‘tarib o‘tirgan kampirni ko‘rdi-yu, o‘zining jonsiz Xazarula ekanini tushundi va ko‘zlarini yumdi.

Xazarula mangu uyquga ketdi.

 

Nodar Dumbadze

(1928-1984)

Atoqli gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadze o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Uning “Nishonga tegmagan o‘qlar” (“Kukaracha”), “Abadiyat qonuni”, “Qo‘rqmang, onaginam”, “Oq bayroqlar”, “Ellada” (“Hellados”) kabi asarlari allaqachon kitobxonlarning ko‘ngil mulkiga aylangan. Dumbadze ijodiga insonparvarlik, oqibat, mehr-muhabbat tuyg‘ulari singib ketgan.

Rus tilidan

Mirjalol MADVALIYEV

tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.