Adabiyot – kuchga aylansa…

0
112
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlari­ning madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishi­ning oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuv­ning jilovi bizning emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifodalash muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izla­nishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy maho­rat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztirob­lari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

  1. Kitobni yopib qo‘yganingizda ham quloqlaringiz ostidan ketmay dukillab eshitilib turgan badiiy asarning yuragi bu milliy ruhdir. Faqat bu yurak ovozini eshita bilmoq uchun ham yurak kerak. Bu ruhni so‘zlab kimningdir ongiga, tahrir qilib kimningdir asariga majburan singdirib bo‘lmaydi. U jonda, qonda oqadi. Globallashuv shamoli ko‘ksiga tekkan asarlarni men N.Dumbadzening “Abadiyat qonuni”dagi – asli maymun bo‘lib odam qiyofasiga kirishga urinayotgan, bir qaraganda uni na maymun, na inson deb bilish mumkin bo‘lgan obrazga o‘xshataman.

Ayrim asarlarni o‘qir ekanman sanoqli kunlar o‘tgach, o‘sha asarning na nomi, na mazmuni, na muallifi yodimda qoladi. Boshqalarda ham menikiga o‘xshash holat bo‘lgandir. Bunda men xotiramni koyib yurgandim. Balki bunday asarlar muzeyda qotirilgan – ko‘rinishi bor-u, ammo uchib sizga zavq bera olmaydigan ruhsiz kapa­laklarga o‘xshaydigan “nimarsa”lardir…

Yaqinda Nazar Eshonqulning hali e’lon qilinmagan “Farishta” hikoyasi qo‘limga tushdi. Muallifning oldingi asarlari beradigan kayfiyatga kayfiyatimni moslab mutolaaga kirishdim. Ammo bolamga-da chalg‘ishga yo‘l qo‘ymagan bu asar meni o‘z ichiga tortib oldi. Keling, milliy ruhni ifodalagan detallarga to‘xta­lib o‘tirmay-da, yakun – muallifning “oh”iga urg‘u beraqolay. Keksalikka faqatgina qiyofasini boy bergan “Sancho” – bolalik dunyosini tark etmagan, bolalarcha o‘ynaydigan, bolalar bilan yashaydigan cholbola. Shaharda o‘sgan, kompyuter o‘yinlariga berilib ketgan nabira ilk bora “tentak bo‘lib tentakka”, bola bo‘lib bolaga o‘xshamaydigan bobo­sini, uning xatti-harakatlarini hayrat bilan kuzatadi. Uning qishloqlik tengdoshlari bilan o‘ynayotgan “chillak”, “o‘g‘ri”, “bekinmachoq” kabi o‘yinlariga qo‘shila olmaydi. Bobo ham har qancha urinsa-da, bola yoshidagi nabirasini bu beg‘ubor olamga kiritolmaydi. Axiyri hammasidan zerikkan shaharlik ularga kompyuter o‘yini “Supermen”ni o‘ynashni taklif qiladi. O‘yin shartiga ko‘ra kim ko‘p o‘ldirsa, o‘sha ko‘p jon yig‘adi va g‘ordagi maxluq (bobosi)ni o‘ldirishga haqli bo‘ladi (bunda qurollar – shoxlardan, qonlar – bo‘yoqdan). O‘yin so‘ngida bobosi uning hujumlarini qaytaravergach, berilib jazavaga tushgan nabira payt poylab “qurol”ini bobosining qorniga tiqadi. G‘alaba zavqidan mag‘rurlanib qiyqiradi. Bobo esa jon taslim qiladi.

Mana sizga ildiz, o‘tmish, milliylik – bobo; zamonaviy dunyoqarashga ega bo‘lgan, o‘z davrining “supermen”i bo‘lishga, “bobo”sini yo‘q qilishga intilayotgan nabira esa – bugunimiz, kelajagimiz, ma’lum ma’noda globallashuv.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, zimmamizdagi vazifaga ko‘ra adabiyotimizda “nabira” o‘z “bobo”sini o‘ldirishga urinishiga jim qarab turmasligimiz lozim. Shundagina asar tirik qoladi!

 

  1. “Ijtimoiylikning qahramonlar ruhidagi evrilishlari” va “zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar” nuqtai nazari va savoli bilan qarasam, o‘qiyotganlarim roman, qissa va hikoyalarda parcha-parcha akslarini ko‘raman. Chunki ijtimoiylik va zamon ruhi deb bizga o‘rgatilgan, biz ko‘nikkan tu­shunchalarning o‘zi ham parchalanib, har bir parchasi alohida adabiy nom olib boryapti.

Demak, bunday asarlar yozilyapti. Lekin uslub o‘zgarganini, zamon va inson qiyofasini ochib berish ramzlarga ko‘chayotganini ham o‘quvchi his qilayotgan bo‘lsa kerak. A.A’zamning “G‘ulistonga safar”ini, X.Sultonovning “Bugungi hikoyalar”ini, E.A’zam­ning “Shovqin”ini, X.Do‘stmuhammadning “Do­nishmand Sizif”ini, N.Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”sini, B.Qobulning “Enayo‘l”ini, I.Sultonning “Genetika”sini, U.Hamdamning savolda eslatilgan “Muvozanat”ini va yana ko‘p iste’dodli yozuvchilarimizning qissa, hikoyalarini bugungi zamon ruhining parchalari aks etgan asarlar deb hisoblayman. Bu parchalarni yaxlit holda ko‘rsatadigan o‘zbek nasri atalmish ko‘zguga qaralsa, bizning ijtimoiy, ma’naviy qiyofamiz va muam­molarimiz manzarasi paydo bo‘ladi. Unda nega bugungi asarlar “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori”, “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi qator mashhur asarlarga o‘xshab shov-shuv bo‘lmayotgani, 50-60 ming nusxada chiqarilib, yutoqib sotib olinmayotganining esa yozuvchilarga bog‘liq bo‘lmagan katta-katta sabablari bor…

 

  1. Keling, ko‘ch-ko‘ronimizni – televideniye, internet, qo‘yingki, barcha texnik mo‘jizalarimizni, zamonaviy qahramon haqidagi yaqin o‘tmishda shakllangan tasavvurlarimizni ham vaqt devori­ning bu tomonida qoldirib, Navoiy bobomiz davriga ko‘chib o‘taylik. Va “adabiyotda zamonaviy qahramonlar kim?” deb savol qo‘yaylik. Albatta Farhod-u Majnun, Iskandar Zulqarnayn, Bahrom Go‘r kabi qahramonlar nomlariga ro‘baro‘ bo‘lamiz. Ulardagi axloqiy, ma’naviy, ruhoniy sifatlar, xalqparvarlik, rostgo‘ylik, halollik, adolatpeshalik, lafziga sodiqlik, mehr-u muruvvat, mardlik, iymon, maqsad yo‘lidagi sobitlik, bir so‘z bilan aytganda komil insonlik fazilatlari ularni zamona qahramonlari, ideallari darajasiga ko‘targaniga guvoh bo‘lamiz.

Yoki buyuk ispan yozuvchisi Migel de Servantes zamoniga mehmon bo‘laylik. Don Ki­xot haqoratlangan va ezilganlarga homiy bo‘lish, dunyodagi zo‘ravonlik va zulmni tag-tomiri bilan yulib tashlash uchun fidokorlik, mardlik va ruhiy ko‘tarinkilik bilan kurashadi. Don Kixot o‘z intilishla­rining olijanobligi, e’tiqodining samimiyligi va qat’iyligi bilan, shu yo‘lda har qanday jasoratga va xavf-xatarga tayyor turishi bilan haqiqiy zamon qahramoniga aylanadi.

Ana shu taxlit qaysi davrga, dunyoning qay bir burchiga ko‘chib o‘tavermaylik, komil inson tushunchasi, zamon qahramoni g‘oyasiga duch kelaveramiz. Chunki inson o‘ziga ruhiy-ma’naviy quvvat ulashguvchi, tiriklikdan maqsadlarini aniqlab berguvchi, mukammal fazl-u xislatlarga ega bo‘lgan najotkorga azal-azaldan ehtiyoj sezib kelgan.

Mana, zamona qahramonining asl sifat-u fazilatlari haqida tasavvurga egamiz. Endi o‘z asrimizda qoldirib ketgan ko‘ch-ko‘ronimiz yoniga qaytaylik. Zamona qahramoniga bugun qaysi o‘lcham bilan qaraymiz? XIX asr rus jamiyatining ma’naviy-ruhiy qiyofasi bo‘lgan Onegin-u Pechorinlar, XX asrning Korchagin-u Tursunoylari esa – o‘tmish.

Seriallar, ijtimoiy tarmoqlar, kliplar, televizor va reklamalardagi “hayotdan lazzatlanib qol” qabilidagi tashviqotlar murabbiyligida voyaga yetayotgan avloddan “kim sening qahramoning?” deb so‘rasak, nimani ko‘z o‘ngiga keltiradi? Aksariyat qismi so‘nggi rusumda kiyim, mashina va dang‘illama uy sohibi bo‘lgan, mo‘maygina daromad keltiruvchi tijorati (halol yo harom ekanligining ahamiyati yo‘q) bor insonni tasavvur qilishiga shubham yo‘q.

Ammo atomdan kuchli bo‘lgan adabiyot orqali biz ana shu adashishni to‘g‘ri yo‘lga sola bilishimiz, bunday qiyofalar muqova ekanligini anglatadigan, bizga sho‘ro adabiyoti o‘rgatib ketgan ishlab chiqa­rish qahramonlari tajribasini takrorlamay, bobolarimiz targ‘ib qilgan ma’naviy fazilatlarga ega qahramonlarimizni yaratishimiz kerak. Unutmasligimiz lozimki, har bir yoshning qalbida zamonasining qahramoni bo‘lish istagi yashaydi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, zamonamiz qahramonini yaratishda Navoiy bobomiz aytganlariday mavjud hayot “olami sug‘ro” (kichik olam), inson qalbi esa “olami kubro” (katta olam) ekanligini kitobxonlarga ham anglatmog‘imiz darkor…

Bibi Robi’a Saidova

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.