Muqarrar

0
109
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

“Odam o‘ldirilgan!”

Mahkama xizmatchisi tilidan aytilgan bu so‘z butkul o‘zga xayolda darvozaxonaga monand uzun kutish yo‘lagida diltang turgan uch kishini tamoman dovdiratib qo‘ydi. Ular tagiga suv ketishidan zax naq ikkinchi qavatgacha ko‘tarilib zangtus olgan bu ko‘hna dargohga o‘z yumushimizga ko‘ra keldik, deb xayol qilishgan, shuncha yil yashab jinoyat sodir etishdan mudom o‘zlarini tiyib kelgani bois dastlab xizmatchi shunchaki hazillashyapti, deb o‘ylashdi.

– Sovuq hazil qilarkan, – dedi shifokor. U yurak xastaligini davolashda tengsiz, mahkama boshlig‘i esa zalvorli vazifada bo‘lgani, shu bahona kursida qimirlamay ishlagani oqibatida yu­ragini yog‘ o‘rab borar, aksiga olib harakatga emas, zahar-zaqqum doriga zo‘r bergandi – huzuriga kirsam, tongda, yaxshisi, qosh qorayganda yugu­ring, boshqa hech iloji yo‘q, demoqni ko‘zlab turgandi doktor. Odatda uni o‘zlari olib ketishar, shu sabab ishining, avvalo, o‘zining qadrini yuqori sanab yurardi. Nufuzli kishilar, ayniqsa, mana bu amaldorlar xizmatidan esa bo‘yin tovlamasdi. Tovlab, tovlanib bo‘lmasdi ham.

 – Hali yosh bo‘lsa kerak, – dedi tillarang gardishli ko‘zoynagini olib ko‘zini ishqagancha advokat. – Ha, yangi. Uni avval uchratmaganman. Yoshlarning dimog‘i baland bo‘ladi, katta ishga o‘tsa, o‘zlaricha shunday dimog‘dor bo‘lib qolishadi.

– Ammo-lekin hazillashayotganga o‘xshamaydi, – ko‘nglidagini aytdi Mujovul – egnida kulrang to‘n, qo‘lida do‘ppi tutgan, qattiq hayajonda ekanini soqqasining har tomoniga borib kelayotgan qorachiqlari aytib turardi.

– Hozirgi urf, – dedi advokat beparvo ohangda. Tor darvozaxonada turish uni asabiylashtirardi, qolaversa, ne bo‘lganda ham qonun-u inson himoyachisi, manavi do‘xtir-u allaqanday Mujovulning oldida mulzam bo‘lib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmayotgandi. – Avval obdon kuttirishadi. O‘zlarining qadrini oshirishadi. Asabingiz tamom bo‘lgach, har qanday shartga ko‘nib ketaverasiz. Bu eskirgan uslubdan tergovchilar ko‘p foydalanadi. Jinoyatda gumon qilinganni chaqirib, eshi­gi oldida soatlab kuttiradi. Boyagi bechora aybi bo‘lmasa ham papiros chekaverib, o‘ylayverib, adoyi tamom bo‘ladi. Keyin tirkalgan aybni ham osongina bo‘yniga oladi-qo‘yadi. Agar chindan ham jinoyatchi bo‘lsa, uzoqqa bormaydi – birdani­ga fosh etish mumkin.

Unga faqat Mujovul e’tibor berar, qonun vakilining har so‘zini astoydil ma’qullab turardi. Doktor esa bir olam ishi qolib ketayotganidan alag‘da, shu sabab bir joyda turolmasdi. Qo‘lini avval shimining, keyin baxmal tusli kostyumi­ning cho‘ntagiga solar, bo‘ynini qisib qorday oq ko‘ylagining yoqasiga ishqardi. Advokatning gaplari uni asabiylashtirayotgandi.

– Sizni yaxshi tanishadi, bir surishtirib ko‘rmaysizmi, – dedi u advokatga. – So‘rang-chi, nimaga chaqirishibdi? Hammamiz ishli odammiz, vaqt ketyapti… Kasallar kutib qoldi…

Qonun vakili bu paytda o‘zini jon-dili bilan eshitishga tayyor odam topilganidan xursand holda ayblanuvchi va tergovchi psixologiyasi haqida gapirardi. “Jinoyatchi bo‘lasizmi-yo‘qmi, tergovchi ishni qo‘pollikdan boshlaydi. Sensiraydi, so‘kinadi, haqoratlaydi. Ya’ni… avval ruhan sindiradi. G‘o‘ddayib turgan odamni tilidan ushlash qiyin-da… Ruhi cho‘kkan odamni esa qayirib olsa bo‘ladi. Cho‘ntagingiz to‘la aqcha bo‘lsin – o‘zingizga ishonch ortadimi? Ortadi. Sariq chaqan­giz ham bo‘lmasa, bu ishonch susayib, muttasillik asnosida hatto yo‘qolib ketadi. Shunday ahvolga tushasizki, tergovchi bayon qilgan tafsilotlarni hech narsa bilan inkor etolmaysiz. Shuning uchun ichkariga kirsangiz tergovchining bu taxlit muomalasidan hayron ham, xafa ham bo‘lmang. O‘zingizni bosib, bemalol javob qayta­ring. Menimcha, sizda hech qanday gunoh yo‘q… ”

Mujovul bu damda tinmay “Aslo!.. Zinhor!.. Xudo saqlasin…” deb takrorlardi. Doktorning da’vatidan og‘ringan advokat shunchaki odam emasligini ko‘rsatib qo‘yishi kerak edi. Harqalay, doktor ishi ko‘pligi vajidan emas, advokatdan ko‘p gapirmay amalda nimadir qilishni talab qilayotgandi.

Qonun vakili bu tor joyda tovushi kimgacha yetib borishini chamalab ko‘rdi. Bu taxlit imoratlar tarhidan ayonki, yaqin o‘rtada hech kim ularni eshitmaydi. Nariroqdagi asosiy binodan tushib kelib kerakli gapni yetkazishadi. Shuning uchun advokat ayni chog‘da chorasiz edi.

– Tushishsin, keyin aytamiz, – dedi u “Nima, hech kim yo‘qligini ko‘rmayapsizmi?” degan ohangda. – Do‘xtir ko‘p-ku, kasallar faqat sizga mahtal bo‘lib qolmagandir?

Keyin xuddi qonun vakili ekani esiga tushib qolganday daf’atan so‘radi:

– Nimaga asabiylashyapsiz o‘zi? Yo…

Doktorning endi chindan ham jahli chiqdi:

– Tilingizga erk beravermang!.. Bilib turibman qanday shubhaga borayotganingizni. Men doktorman, shahardagi birinchi raqamli doktor. Sohamda menga teng keladigani yo‘q, buni hamma biladi… Meni ayblashga hech kimning haqi yo‘q. Ayniqsa, sizning…

Qo‘rs javob advokatni esankiratib qo‘ymadi. Qaytaga xotirjam torttirdi. Har holda kimningdir tizzasi qaltirayaptimi, o‘shaning bo‘ynida bir illat bor.

– To‘g‘ri, birinchi raqamli bo‘lishingiz mumkin, – dedi advokat. – Bu degani aybingiz yo‘q degani emas.

– Qo‘ying, advokat buva, – oraga kirdi Mujovul. – Gumon iymondan ayiradi, deydilar. Chindan ham, bu kishi taniqli do‘xtir, bunday odamlardan shubha qilish durust emas.

– Bo‘lmasa nega siz xotirjam turibsiz? – dedi advokat zaxdan nuragan devorga qo‘lini tirab. – Aybingiz yo‘q, bilasiz. Shuning uchun ko‘nglingiz to‘q.

U gapini davom ettirolmadi:

– Ey, birodar, ishim ko‘p dedim-ku. Kasallar kutib qoldi. – Doktor shunday deya kostyumi­ning tugmasini bo‘shatdi. Uning asabiy harakatlari va oldinga turtib chiqqan qorni advokat e’tiboridan chetda qolmadi. – Yurak kasali bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Tomog‘i yo tishi og‘rigan odam kutib turar, lekin yurak ishning ko‘p-kam­ligiga qarab o‘tirmaydi. Taqqa to‘xtaydi.

Mujovul endi doktorni ma’qullay boshladi: “To‘g‘ri, har kimning rizqi uzilsa, bunga chora yo‘q”. Advokatning esa doktor mavzuni chalg‘itayotganidan xunobi oshardi. Ayni holatda u aybdorni shu yerda aniqlab, o‘zining aybsiz­ligi uchun taraddud ko‘rayotganday edi. Mujovul ham buni sezdi va uning qiliqlariga ortiq e’tibor bermay qo‘ydi.

– Men bir narsaga tushunmayapman, – dedi ancha xotirjam holda doktor. – Mana siz, advokatsiz. Huquq himoyachisi. Lekin nimaga menga yopishib oldingiz, hayronman. Tergovchi emassiz, sud emassiz. Aybim bo‘lsa, javob berarman. Asabiylashyapti emish… Aslida siz ko‘proq jig‘ibiyron bo‘lyapsiz! O‘zingizni tutishingiz noma’qul ish qilib qo‘yib, aybini birovga to‘nkagan yosh bolaning qilig‘ini esga soladi…

– E-e, aqlingiz joyidami? – dedi pinagini buzgisi kelmay advokat. – Nima deyayotganingizni o‘ylab ko‘ryapsizmi? Men shuncha yil qonunni o‘rganib keldim, uni buzishni emas. Kim sizga yopishib olibdi? Shunchaki nega asab buzayotganingizga qiziqdim. Shunga shunchami? Xo‘sh, nimaga jahlingiz chiqyapti?

Shu damda shiftdan bir bo‘lak ohak parchasi ship etib yerga tushdi. Hammaning nigohi unga qadaldi.

– Zaxdan, – dedi advokat. Idora nufuzidan boxabar kishi u joylashgan bino bu qadar putur topib borayotganiga hayron bo‘lishi tabiiy edi. Mujovul shiftga qararkan, devorni urib ko‘rdi. Xuddi shuni kutib turgandek necha asrlardan buyon qulflab tashlanganday va undan hech bir jonzot kirib-chiqmaganday taassurot uyg‘otuv­chi ko‘hna eshikning og‘ir ovozi jarangladi va mahkama xodimi chiqib keldi. Mujovul devorga musht tushirganimni xodim ko‘rmadimikin, deb qo‘lini orqaga yashirdi. Xodim esa uvalanib ketayotgan devorni teshar darajada tikilib, aynan unga so‘z qotdi:

– Siz! Men bilan yuring…

Mujovulning rang-tusi o‘chib, hammaga bir-bir qarab chiqdi. Nimalarnidir pichirlagancha xizmatchiga ergashdi. Qovog‘i soliq xodim zang­lab asl tusi bilinmay ketgan eshik tutqichidan ushlagancha Mujovulning ichkariga o‘tishini kutdi. Doktorning “Bizni nimaga chaqirishibdi, bilmaysizmi?” degan so‘rog‘iga hech qanday javob bermay eshikni qars etib yopdi, yana qum zarralari yog‘ildi.

“Qumdagi ayol…”. Advokat shu nomdagi kitobni o‘qigandi, sochi va yelkasi osha tushgan zarralar o‘sha tanish bitiklarni yodiga soldi.

…kutilmagan tasodif bilan biz ham asir tushgan ko‘rinamiz. Faqat asir oluvchi jonon emas, qovog‘i uyuq xizmatchilar…

Yo‘lakdagi ikkovlon qo‘ng‘irtob-yashil tusdagi temir eshik chiqargan zingillagan tovushga diqqat bo‘lib turisharkan, bu ovoz xuddi Mujovulga o‘qilgan hukmday jarangladi. Sud jarayonlarida ba’zan, hatto aksar hollarda boy berishga o‘rganib qolgan advokatga bu yomon ta’sir qildi: devorga suyangancha xuddi yana yutqazib qo‘yganday xomush bo‘lib qoldi.

– Bizga qanday ayb qo‘yishni bilishmayapti shekilli, – dedi birozdan keyin u hazil qilishga urinib. Uning boyagi beo‘xshov gumonidan doktorning g‘ashligi haliyam tarqamagandi, shu sabab hech narsa demadi.

– Ha, menimcha, bizni birozdan keyin qo‘yib yuborishadi, – gapida davom etdi advokat. – Ang­lashilmovchilik har joyda bo‘ladi. Aybimiz yo‘q, nimasidan qo‘rqishimiz kerak? Mujovulni qarang jim turishini. Kim nima desa ma’qullab turibdi, pismiq. Avval boshdan yoqmagandi menga shu nusxa. Qilg‘ilikni qilib hech narsa bo‘lmaganday turishini ko‘ring buni…

Ayni damda esa Mujovul dim va bo‘g‘iq xonada havo yetmayotgandek pishillab nafas olayotgan xizmatchining cho‘chchaygan og‘ziga ilhaq qarab turar, qimir etmasdan toshday qotgandi go‘yo. Semiz xizmatchi oldida uyulib yotgan qog‘ozlardan bosh ko‘tarmay nimanidir astoydil izlardi.

“Bugunlar topolmasa kerak, – o‘yladi Mujovul. – Bormisan, yo‘qmisan ham demaydi-ya!..”

Tashqaridagi havoga izg‘irin ignalari sochib yuborilgan bo‘lsa, xona issiqqina, xodimlar ham ko‘ylakchan yurar, ovozi pasaytirilgan televizorda qiyshanglagan gavdalar, bir qarashda na erkak, na ayolligini bilib bo‘ladigan nusxalar go‘yo dunyo faqat shulardan tarkib topgan kabi bot-bot ko‘rinar, qizg‘ish javonda nomiga taxlangan qalin kitoblar har qanday hukm o‘ziga qarab chiqarilishini bilganday vazmin turardi. Nihoyat izlagani topildi, shekilli, xizmatchining cho‘chchaygan og‘zi ikki tomonga qarab kamon shaklida yoyildi, keyin qarshisida qaqqayib turgan kishi o‘z xonasiga qanday kelib qolganiga tushunmaganday hayron bo‘lib qaradi.

– Shu desangiz, tushdan keyin qorin shishib ketadi-da…

Xizmatchining kutilmagan gapi Mujovulni esan­kiratib qo‘ydi. Piching qilyaptimi, yo kinoyami, tushunolmadi. Chindan ham, tashvishda turgan odam birovning qorni haqida qanday o‘ylab ko‘rsin va nima desin?!

– Bilmasam, taqsir. Ko‘p o‘tirib ishlasangiz kerak-da.

– Shu-da, ko‘p o‘tiramiz. Boshqa iloj yo‘q. Manavi qog‘ozlardan qochib qutulib bo‘larmidi? Lekin shu… odamning kuchini olib qo‘yadi-da. Har o‘n-o‘n besh daqiqada divanga cho‘zilmasam bo‘lmay qoldi. Yotsam, bilinmaydi. O‘tirsam, belimdan bo‘g‘zimgacha qattiq bir og‘riq bor.

– Unday bo‘lsa, do‘xtirga ko‘rinmasangiz bo‘lmaydi…

– Siz-chi?.. Do‘xtirmasmisiz?

– Yo‘q, taqsir…

Xizmatchi chiziqsiz, yaltiroq peshonasini biqqi barmoqlari bilan muloyim silab, ozgina o‘ylandi va dedi:

– Menga do‘xtir keldi, deyishgandi… Siz nima qilib turibsiz unda?..

– Chaqirishgan ekan… Anchadan beri eshik tagida kutdik, keyin shu yoqqa boshlab kelishdi…

Endi xizmatchining muloyimligi yo‘qoldi, yuzi qahrli bir tus oldi:

– Ha, bilmaysizlar-a, bilmaysizlar. Qilg‘iliqni qilib, go‘yo hech narsadan xabari yo‘qday tu­rasizlar. Nima, biz begunoh odamni o‘zimizdan o‘zimiz so‘roqqa tutaveramizmi?

– Yo‘q-yo‘q, – hovliqdi Mujovul. U vaziyat chigallashayotganidan xavotirga tushib qoldi va boya advokat uqtirganlarini esdan chiqarganini angladi, tiliga tuzukroq so‘z ham kelaolmadi. Uni mushkul holatdan xizmatchining o‘zi qutqardi:

– Nima ish qilasiz o‘zi?

– Shu… o‘zimizning masjid, qabristonga qarab yuramiz…

– Tutlar kesilib ketdi-a? – so‘radi xizmatchi. – Shohariqning bo‘yidagi tutlarni aytaman. Bir ko‘rganimda ichi g‘orning og‘ziday bo‘lib ketgan ekan. Qurisa kerak deb qo‘ygandim.

Xizmatchi bilan suhbat xuddi shaxmat o‘yiniday edi. Kuttirib-kuttirib, qorni shishganidan so‘z ochadi, jinoyatda gumon qila turib, masjiddagi tutlarni surishtiradi. Bu yoqda birovning joni bo‘g‘zida-yu, nafasi halqumidan zo‘rg‘a o‘tadigan kimsa qandaydir tutning tashvishini qilib tursa. Tanasi boshqa dard bilmas deganlari shu-da. Har holda u gumondor. Biroq xizmatchining tund qiyofasi sal yorishgani Mujovulga ozgina ishonch berdi:

– Yo‘-o‘q, u tutlar hali ko‘p yashaydi… Eskida birovi qo‘porib tashlayman deb buldozer minib qasd qilgan ekan, deng. O‘sha payti tili tortib qolsa-da. Ming yillik tutlar, birovdan osh-non so‘rayotgani yo‘q edi, kamiga soya-salqinini ayamasdi. Shu­ning uchun buldozerchiga hech kim­ning yordam bergisi kelmadi. Qayerdandir qoshiq topib, og‘ziga solishgandi, baribir kor qilmadi…

Buni aytishga aytdi-yu, birdan qayerda va qan­day holda turgani esiga tushdi. “Ha, o‘l-a, – dedi ichida. – Sendan birov shuni so‘rayaptimi? Tili tortib o‘lganmish, hech kim yordam bermaganmish. Shuning o‘zi jinoyat-ku… Tiling bo­shingga yetmasa go‘rga edi. Lekin u voqeaga uzoq yillar bo‘lib ketdi, endi nimaga kerak bo‘ldiy­kin?.. Bunisi mayli, nimaga mendan shubha qilishyapti? Bir aybim – guvohligimmi…”

Xizmatchi boya topgan qog‘ozidan ko‘z uzmay – tabiiyki, Mujovulning o‘ylaridan bexabar edi – osoyishta ohangda yana surishtirdi:

– Qabristonda nimalar bo‘lyapti? Har xil gap-so‘zlar yuribdi…

Shu gapdan keyin Mujovulning mahkamadagilar hamma narsadan xabardor-u, atayin sinab ko‘rishayotganiga ishonchi komil bo‘ldi. Advokat aytganicha bor ekan, bular gapning po‘stkallasini aytish o‘rniga bir bechorani ahmoq qilib o‘tirishibdi. Bilganini sir tutib, qarshisidagi kishining o‘zini tutishini: dovdirashi, kalovlanishini kuzatishdan maroq tuyish faqat shu toifaga xos bo‘lsa kerak.

Mujovul endi amin edi: qilmish – qidirmish. Axir, qachongacha hammaning ko‘ziga binoyiday hayot kechirayotganday, jamiyat o‘rnatgan qoidalarga zid yashamayotganday ko‘rinib yurardi? To‘g‘ri, qotillik qilmagani aniq, aslini olganda, u odam bo‘lib birovga qo‘l ko‘targan zot emas. Xudodan emas, shunchaki odamlardan qo‘rqqani, ularga o‘zining ham hayotda borligini isbotlash uchun din yo‘lini tutganidan ko‘z yumolmaydi. Shunaqasi ham bo‘ladi-ku: ayrimlar Xudodan qo‘rqishi barobarida uning kalomini takrorlab turadiganlardan ham hayiqadi, buni havas yoki hurmat deyish ham sal qiyinroq, to‘g‘rirog‘i, yomon duo qilishlaridan yoki qarg‘ashlaridan cho‘chishsa kerak – tushunmagandan keyin turfa qarashlar paydo bo‘laveradi. Oqsuyaklik degan niqob esa mo‘l imkoniyatlarni tuhfa etadi, kimki o‘zini shu narsalar bilan ihotalab olgan yoki buni bot-bot ta’kidlashni xush ko‘radimi demak, u hayotda munosib o‘rin topmagan, istaganiga erish­magan. Hammasi keyin boshlanadi: uch-to‘rtta oyat chala-yarim yodlanadi, davralar to‘ridan joy olinadi, hayotda o‘rnini topganlar, istaganiga erishganlar bilan quda-anda tutiniladi… Bu katta ayb sanalmasligining boisi shundaki, bir odam jamiyatdan ajralib qolmaslik, lozim bo‘lsa, ozgina ustunlikka ega bo‘lish ko‘yida nimadir o‘ylab topsa va bu qonun mezonlari-yu axloqqa zid kelmasa, uni kechirish mumkin.

“Kulrang-qoramtir bulutlar tarqamagan o‘sha to‘polonli kun juda rasvo bo‘ldi, bunday bulutlar odatda yomg‘ir keltirmasligi bois juda yoqimsiz, buyam yetmaganday odamni behol qilib qo‘yadi. Ko‘kka o‘qtalgan musht kabi kallaklangan tutlar oralab quyosh ojiz bir tarzda botarkan, buni lanjlik bilan kuzatib turardim, – o‘ylardi Mujovul. – Yurakni ezadigan bunday kunda nimadir yuz berishi kerakday edi. Aslida o‘sha jinoyat haqida o‘zim kelib xabar berganim yaxshi ekan. Mana endi tavqingga “odam o‘ldirgan” degan la’natni ham ilishmoqchi… Bunday bo‘larini tush ko‘ribmanmi. Aslida u voqea ham tushday bir gap.

…Oxirgi vaqtda qabristonda o‘g‘irliklar ko‘pa­yib qoldi, kimning bunga qo‘li boryapti, hech aqlim yetmasdi – qaysi noinsof kelib-kelib o‘likmakondan narsa o‘g‘irlaydi? Serhasham marmartoshlar, qurbonlikka deb keltirilgan benuqson qo‘y-qo‘zi, ehson qilingan pullar boshda oz-oz, vaqt o‘tib tag-tugi bilan yo‘qolib qola boshladi. O‘g‘irlikning odamlar endi-endi meni “eshon buva”lay boshlagan paytiga to‘g‘ri kelganini qarang. Bu zamonda aybdor bo‘lishdan osoni yo‘q, shuning uchun narsalar yo‘qolayotgani haqida eshon buvani ogohlantirib qo‘ydim. To‘g‘risi, keyingi paytda eshonning ham munosabati o‘zgargan, chamasi, bunga tushum kamaygani sabab edi. “Bilmasam, sizning vazifangiz, qarang, oldini oling!..” dedi u g‘udurlab. Qo‘shni cho‘pondan dashtda yurgan bir itini ijaraga olib, ehson qutisining yaqiniga bog‘ladim. Ammo itning yer tirnab, tish kerishi ehson qiluvchilarning qadamini uzishini o‘yla­mabman. Eshonning esa noroziligi battar ortdi: “Es bormi, es, kuchukka balo bormi?!”

Itning o‘rnini o‘zim egalladim, qo‘lim boshqa ishda bo‘lsayam, ko‘zim, dilim qutida. Ammo kechga borib qutini ocharkanmiz, ichi qup-quruq chiqadi. Balki ustomonlar yo‘lini qilib o‘zini pul tashlayotganday ko‘rsatib ichkaridagi pulni sug‘urib ketayotgandir, na aybdorni bila olaman, na o‘ylab o‘yimga yetaman. Eshonning esa tajang­ligi avjiga mingan. Kamiga qutiga qo­rovullik qilgan kunim, marmartoshlarni o‘marib ketishadi, toshlarga qarab chiqsam, qo‘radagi qo‘y-qo‘zi gum bo‘ladi.

Bir muddat avval mozor atrofini devor bilan o‘rash boshlangan, kattakonlar bir ko‘rib ketganidan keyin qurilish negadir to‘xtagan – balki ularga nimadir yoqmagandir, xudo biladi – oz-moz shag‘al, g‘isht qolib ketgandi. Bitta-yarimta ko‘ta­rib ketib, javobgar bo‘lib qolmay deb (har holda bu davlatning mulki!) shu taqir-toshlarni ham qo‘rib chiqdim. Yaqin-o‘rtada shoqolning uvillashi, bunga javoban qishloq itlarining jo‘rovoz vovullashi demasa, kecha tinch-tashvishsiz edi.

Qum-shag‘aldan xabar olib, yo‘lni yaqinlatish ko‘yida mozorni qiyib chiqayotgandim. Do‘mpaygan qabrlar orasida bir narsa qorayib ko‘rinarkan, tanam bo‘ylab tomir yoyib bir titroq yugurdi. Kamiga qayerdadir, juda yaqinda it ulidi. Chigirtkaning chirillashi ham qo‘rqinchli tuyuladi, chumchuq pir etsa, yurak shir etadigan, nainki bu, tars yoriladigan holat. Nogahon xayolimga kecha bir kampirni yerga qo‘yishgani, qorayib ko‘ringan narsa yangi qabrning tuprog‘i ekanligi keldi. Tanamdagi qo‘rquv osmonga dovur yetib bordi chamasi bulutlarni yirtib, oy ko‘rinish berdi, shundanmi ko‘nglim biroz yorishganday bo‘ldi, titroq ham ozgina bosildi. Qoraygan narsa haqiqatan ham, yangi qabr ekaniga o‘zimni ishontirish ko‘yida shu tarafga qarab yurdim.

Oyoqlarim bir-biriga chalishib, go‘rga yaqinlasharkanman… uning do‘mpayib ko‘rinayotgan tuprog‘idan odam shaklidagi qora bir sharpa ajralib, mozor darvozasi tomon o‘qday uchib o‘tdi. Jon holatda qichqirib yubordim. Yuragi yorilib o‘lgan odamlar holatini his etarkanman, bir muddat hech narsani anglolmay, tilim aylanmay qoldi. Odam tushida ko‘p voqealarni ko‘radi-yu, aslida u bir lahzada ongda ko‘rinish bergan taassurotlar yig‘indisi bo‘ladi-ku, men ham shu holda edim. Endi o‘ylasam, o‘sha voqea juda qisqa muddatda bo‘lib o‘tgan, qo‘rquv sabab uzoqday tuyulgan ekan.

Boyagi sharpa o‘qday uchib ketarkan, nimagadir qoqilib tushdi va “he onangni…” deya yerga cho‘zilib qoldi. Birdaniga tanamdagi bor qo‘rquv qayergadir chekindi, chunki orada kulgi, kulgili holat paydo bo‘lgandi. Aslida nega qo‘rqqandim o‘zi? Dastavval, xayolimda go‘rdan murda chiqdi, degan fikr jonlangandi. Yo sharpani jin-alvasti deb o‘ylagandim. “Onangni…” deb so‘kinyaptimi, bularning hech biri emas.

Nihoyat, o‘g‘ri qo‘lga tushgan edi. Oylar davomida tinchimni buzgan, eshon oldida meni o‘g‘riga chiqarayozgan, o‘likka mansub narsa­lardan, ehson qilingan pullardan hazar qilmaydigan jirkanch kimsa oyog‘im ostida osmonga qarab ixrab yotar, tusmolimcha, cho‘kib yer bilan deyarli baravar holga kelgan ko‘hna qabrtoshga to‘qanab, muvozanatini yo‘qotgandi.

G‘azabdan bo‘g‘riqib, yoqasidan changalla­gancha zilday gavdasini tortib turg‘izarkanman, buncha kuch o‘zimga qayerdan kelganiga hayron bir tarzda uning qo‘lida nimanidir mahkam ushlab olganini payqab mushtim bilan shu changalga urib holsizlantirdim. Panjalar oson ochildi, qo‘limga tekkan shilimshiq narsadan ijirg‘anib, poyimda latta qo‘g‘irchoqday shalvirab turgan kimsaning bo‘ynidan battar qisgancha uni oy yorug‘iga tutib ko‘rishga ham hafsala toparkanman, xayolimda yoysimon bu narsa kecha ko‘milgan kampirning og‘zidan o‘pirib olingan tilla tishlar ekani xususidagi fikr yashinday yarq etdi; seskanib tishni uloqtirgancha bu qadar qabihlikdan tap tortmagan, o‘marayotgan shuncha narsasiga qanoat qilmay endi o‘liklarni ham bezovta qila boshlagan nusxa bilan ko‘zma-ko‘z bo‘ldim va… boyagi omburday mustahkam qo‘lim jonsiz bir holda sirg‘alib tushdi, go‘yo ichi bo‘shatilgan qopday hilvirab qoldim. Qarshimda… o‘zim… turardim…”

Yana qayta qog‘oz titkilashga tushgan mahkama xizmatchisi zo‘r berib kerishdi-da, kreslosidan sirg‘alib sal naridagi divanga cho‘zildi.

– Qurilish nega to‘xtab qoldi? – so‘z qotdi u yotgan joyida. – Pulni yeb yuborishgan degan gaplar bor. Siz nima deysiz?

– U ishlarga aralashmadim hisob. Hovlida ozroq qum-shag‘al qolgan, shunga qarab qo‘yamiz.

– Ha, hech kim tegayotgani yo‘qmi? Anavi… telefonni uzatib yuborasizmi…

Xizmatchi o‘z istagi Mujovul tomonidan bajonidil ro‘yobga chiqarilishini kuzatib, yotgan joyida raqam terarkan, behafsala shiftga, xona devorlariga ko‘z yugurtirardi.

– Ey, menga qaranglar, Mujovulni kim cha­qirgan o‘zi? Birortang yomon tush ko‘rib, is-pis chiqarmoqchimiding?.. Qaranglar-da endi…

Xizmatchi trubkani xush kayfiyatda joyiga qo‘yarkan, dedi:

– Bilmaymiz deyishyapti. Nima bo‘lardi, quruvchining ishi bo‘yicha chaqirgan-da. Xo‘p, siz boravering-chi… Lekin befarq bo‘lmanglar o‘g‘ri-muttahamlarga…

Mujovul tanish yo‘lakdan chiqib borarkan, advokat chetroqda taxlangan eski-tuski taxta bo‘laklarini yerga yoyib yotib olganiga, doktor­ning esa bir chekkada qunishib o‘tirganiga ko‘zi tushdi. Doktorning savol ohangidagi qarashiga “Shunchaki, boshqa masalada chaqirishgan ekan…” – deya javob berdi.

“Doira toraydi, – xayollandi doktor. – Demak, qotillikda ayblanayotgan o‘zi. Bo‘lmasa nega advokat bu qadar xotirjam, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi? O‘zidan gumon qilishlariga esa asos yo‘q, shu vaqtgacha biror bemor uning ishtirokida o‘lim topmagan. Faqat…

“Hali hayotdan darak beruvchi yurak zarblarini titroq barmoqlaringda his qilarkansan, bu qo‘llarda hech qachon hech kim o‘lim topmaydi, deya vijdoning oldida ichgan qasaming yodingga kelar, ayni damda qoniga bo‘kkan shu yurak egasi bir vaqtlar hayotingni bag‘ishlagan, o‘zli­gingni unuttirgan malak qalbini zabt etganini o‘ylab, turmushingga tutashishi lozim rishtalar devor osha boshqa bo‘g‘otlarni ko‘zlagan kadi palaklari singari butkul o‘zga yerlarga tarvaqay­lab ketgani-yu, mana bu yarimjonning nimasi sendan ustun ekanligiga tushunolmasding, vaholanki, uning bir umr haydovchilikdan boshi chiqmadi, suyukligingga qanday “jannat” yaratib bergani ham Xudoga ayon, mana endi avtohalokatga uchrab uni yarim yo‘lda ojiz va mahzun holda tashlab ketyapti; yillar hukmini o‘tkaza boshlagan bo‘lsa-da, kimdir xonangga tashlab ketgani – suratda ko‘rganing – kelinlik libosida yashnab turgan suyukliging (uni shu libosda ko‘rishni qanchalar orzu qilarding!) bilan qo‘l ushlashib turgan nusxaning birinchi ko‘zga tashlanadigan o‘sha jingalak sochlari, jarrohlik yoritgichida yaltirab turgan qoramag‘iz yuzi hanuz o‘zgarmagan va bu qoramag‘iz jingalaksoch bilan hisob-kitob oni qachondir yuz berishini bilarding, orzu-umidlaringni chilparchin qilgan bo‘lishiga qaramay, aynan u hayot pillapoyala­ridan dadil ko‘tarilishingga sababchi ekanidan esa yuz o‘girolmaysan, u bois ko‘p xotiralar qalbingda uzilmagan gul orzusi kabi tiniq, pokiza saqlanadiki, bir vaqtlar tut soya solib turgan deraza yonida daraxtdagi marvaridlarga tikilib orzu qilishdan charchamasding, bugun iqrorsanki, hissiyotdan ko‘ra aql ustunlik qilardi senda – butun qishloqni tillarang iforga bo‘yab, sehrli ko‘rinishga keltirgan shafaq yolqinini sevgiling bilan mayin shabada kezgan baland tepalikda turib kuzatarkansan, shovullayotgan terakzor bo‘ylab oqayotgan shoshqin soy yoqalab velosipedda borayotib uning shamolda yayrayotgan gungurt sochlari yuz-u ko‘zingni silab o‘tarkan, piyozdog‘ hidi anqigan tuncho‘karda tizza qadar keladigan qor uzra yugurib, ilk bora bag‘ringga bosarkansan, baribir, yoring o‘zini baxtli sanashi uchun hayotda o‘rningni topib, kam-ko‘stsiz muhit yaratish zarurligini anglab turarding – tut salqinidagi xonadan chiqmay kitoblarga berilganing boisi shu edi, asli munosabatlar chigallashuviga ham kelajakni haddan ko‘p o‘ylaganing sababmidi: u seni bugun bilan yashamaslikda ayblardi, ko‘proq vaqtingni unga ajratishing, o‘ynab-kulishingni istardi, ertaga umr yo‘llari bog‘langanda ham shu – qog‘ozlardan uzila olmasligingdan hadiksirardi balki; nihoyat, o‘qishga kirib uzoq manzil sari otlanganingda esa uni ko‘rmay ketolmasding – ahd-u paymon qilish, u kutishga, sen unutmaslikka va’da berishing kerak edi, bilet tungi poyezdga bo‘lgani uchun kuzning g‘amgin nurlari sezila boshlagan, olam pushtirang tusda tovlanayotgan bir chog‘da tanish majnuntol tomon sekin qadam tashlab borarkansizlar, mutlaqo keraksiz narsalar, kechki poyezdda ketishing, yo‘l uzoqligi, ijarada emas, yotoqxonada turishing, o‘zing bilmagan o‘qish va yana bir balolar haqida poyintar-soyintar gaplar aytib valdirading, “Endi dekabrda ko‘rishamiz”, deganingda ham u jim edi, ehtimol, dekabrgacha qancha vaqt borligini chamalardi – uning oldida aybdorday sezarding o‘zingni, tashlab ketadi, deb qo‘rqardi u, biroq sen uni emas, u seni tashlab ketdi (balki yuz o‘girdi desak to‘g‘ri bo‘lar), umringda ilk marta uyingdan uzoq, musofirlikda o‘zga manzil-makon, hissiz qiyofalar aro ezilib, buning ustiga uzoq poytaxtda qachon o‘qib odam bo‘lishingni kutayotgan mushtoq ni­gohlar yo‘qligini anglab yasharkansan, ustingdan kulishganiga, hech kimga keraksiz buyumdek axlat qutisiga uloqtirib yuborishgani­ga chidolmasding: buning uchun bir kun afsus chekishlari, hali hammasiga javob berishlariga shubhang yo‘q edi, go‘yo barchasi ishq-muhabbat mavzusidagi kinolardagidek bo‘lardi: sen o‘qib, juda boyib ketasan, uzatgan joyga qo‘ling yetadi, mashina, uy, suluv xotin, bir paytlar kelajagingga shubha qilib, pisand etmagan ayol senday odamni kutmaganiga, hayot yo‘llari bog‘lanishini istamaganiga ming pushaymon bo‘ladi, qay tasodif bilan yuz ko‘rishib qolasizlar-u, taqdir ato etgan ne’matlar u bilan yashashdan ko‘ra ancha yaxshiroqligini ta’kidlagan kabi uning yonidan befarq o‘tib ketasan; ammo ko‘p marta xayolingdan o‘tgan bu yakundan biror qanoat tuymaysan: axir, u tog‘asining qo‘lida o‘sgan yetim qiz edi, ixtiyor o‘zida emasdi, xohlaganiga, istagan vaqtida turmushga chiqa olarmidi, eri shirakayf holda birovni turtib yuborgani, keyin yengil­tak ayollarga ilakishib, ro‘zg‘orni abgor qilganini eshitganingdan keyingina shu haqiqat bilan yuzma-yuz kelding va birinchi marta o‘zingdan uyalding, aynan seni deb yetimlikda o‘sgan qizning boshidan tashvish arimadi, sen esa o‘shanda yo o‘qishni, yo qizni tanlashing kerak edi, balki uzoq poytaxt, o‘qish kutib turar, ammo u kutolmasdi, yangasi-yu tog‘avachchalarining qosh-qovog‘iga qarab ortiq yasholmasdi, senda qat’iy qaror bo‘lmaganidan keyin nima qilsin edi, boshdagi qasos o‘ti vaqt o‘tib, rahmdillik bilan almasharkan, qachondir ko‘rishsang, tazarru etish istagi ham yo‘q emasdi, asli xato sendan o‘tgani, tavakkal qilishga qodir bo‘lmaganingni aytishga necha bor hozirlangan kunlarning birida og‘ir jarohat bilan voqea joyiga yaqin kasalxonaga keltirilgan bemorga nazar tashlarkansan, qoni hali qotib ulgurmagan o‘sha tanish yuz egasini ko‘rib, ixtiyorsiz bir tarzda yordamga shoshilding; jarrohlik tig‘i, kesishlar, apparatlar­ning chiyillashi, yuqoridan tushayotgan nur va barmoqlaring har zamonda tegib ketayotgan, soniya sayin hayot unsurlari tugab borayotgan yurak birdaniga avvalgi kechmishlaringni yodga soldi, bir vaqtlar ahmoq bo‘lib qolganing, seni tuflab tashlashgani fikr-u yodingni zabt etdi, qarog‘ingda asraganingni qora qoniga belanib yotgan mana bu kimsa toptab xor etgani g‘ayirligingni battar oshirdi, holbuki, hech qachon xato qilmaslik haqida xususiy onting bor, boz ustiga do‘xtirlar orasida birinchi raqamli eding va yuz berajak o‘lim shuhratingga soya solishi aniq edi, ammo senda hissiyotdan ko‘ra aql ustunlik qilishini tevaragingdagi yordamga shay xodimlaring bilishmasdi…”

Devor orasidanmi, pol ostidanmi chiyilla­gan ovoz eshitilar, sichqon yo kalamushlarning dukurlab chopgani quloqqa chalinardi. Tuynukdan tunday qora qarg‘alarning bugungi safari qariganini anglatuvchi ko‘ngilga xijillik beradigan manzara ko‘zga tashlanar, go‘yo butun olam zulmat qa’riga singib borardi. Advokat hali u – hali bu tomoniga o‘ngarilgancha sotqinlikda ayblanib, mahkumlarni zindondan qutqarishga uringan bobosi haqida tush ko‘rar, benihoya bezovta edi. Birovning tushiga mo‘ralash naqadar xijolatli bo‘lmasin, bir vaqtlar masjid bo‘lgani odamlar xotirasidan o‘chib ketgan zindondan qochish rejasini tuzgan mahbuslar kechmishi shu qadar qiziq edi. Qatag‘on yillarida mahbuslar ko‘payib ketganidan har kameraga o‘n-o‘n beshlab odam qamab tashlangan, joy tanqislashgan chog‘lar ular to‘da-to‘da otib tashlanar, asli bunga u qadar ehtiyoj ham yo‘q, ko‘plab mahbuslar ochlikdan sillasi qurib, yo bo‘lmasa kasallikdan o‘lib ketardi. Hammasi bir vaqtlar tahoratxona bo‘lgan kamera devoridagi tirnalgan, o‘yilgan minglab bitiklar orasida arab imlosida qon bilan bitilgan “b”, “sh” va “r” harflaridan kimdir ma’no qidirib qolganidan boshlandi. Qachonlardir ohaklangani odam qo‘li yetmaydigan shiftga yaqin joylardan ko‘rinib turgan devordagi ismlar, xotiralar, orzu-umidlar, kundalik mayda-chuydalar bilan to‘la kechmishlar orasidagi bu yozuvni shu paytgacha birov “bashar” deb o‘qib mahkumlik insoniyat boshidagi ko‘rgilik qabilidagi xulosaga kelgan bo‘lsa, boshqa birov “Bashir” degan mahbus shunchaki ismini yozib qo‘ygan, xolos, derdi. Aslida uning qon bilan yozilganini aytmasa, diqqatni tortuvchi aytarli xususiyat ko‘zga tashlanmas, ko‘pchilik nohaq ayblangani va endi shu joylarda o‘lib ketajagini o‘ylab bu kabi mayda narsalar haqida bosh qoti­rishga o‘zida majol topolmasdi.

– Chiqish yo‘li bu, – dedi o‘sib ketgan soch-soqol orasida qat’iy nigohlari bo‘rtib turgan mahbus. Kelgan vaqti – ikki oydan buyon lom-mim demagan odamning kutilmagan gapi e’tiborni tortmay qolmadi. Chamasi, u uzoq o‘ylangandi: balki yozuv sirini, ehtimol qanday qilib bo‘lmasin bu yerdan qochishni. Har holda u aytgan taxmin devorning shu qismiga uch-to‘rt kishini jamladi. – Mana qarang, “B”ning tepaga qaragan yarim oy qismi – biz o‘tirgan joy, ostidagi nuqta quyidagi xonaga ishora, “s” – unga yondash, eniga qaragan uch, yo‘q, ikki yarim kamera, ustidagi uch nuqta yuqoriga qarab yana 3 xona bosib o‘tiladi, degani… Qizig‘-a? Oxiridagi “r”ning “dumi” – pastga qaragan keskin qayrilish, ya’ni chiqish yo‘li. Ilgari bu yerda tahoratxona bo‘lganini hisobga olib suvning chiqish yo‘li bilan borsak, ishimiz ancha yengillashadi. Shaharda eskidan yer osti yo‘li bo‘lganini eshitgan bo‘lsangiz kerak, aytib bo‘lmaydi, balki uning qay bir tarmog‘i shu yerdan o‘tgandir.

Aslida hech kimning zindonda o‘lib ketgisi yo‘q edi, qolaversa, bu tusmol hazilga ham o‘xshamaydi, hammaning tepasida bir xatar turganda, boshning birikishi oson bo‘lgani kabi lahm kavlab qutulib ketishga hech kim e’tiroz bildirmadi. Qo‘shni kameralarda jismoniy og‘riqlardan dilni o‘rtaydigan ingrashlar birin-ketin tina boshlagani­da esa ishga kirishishdi. Dastlabki uch kechada odam sig‘adigan kenglikda bo‘y baravar kavlashdi (ilgari bu yerdan muttasil suv tushib turgani sabab ish ancha oson kechdi, boz mahbuslar ham ko‘p edi), keyingi kunlar o‘sha arabcha harflarga amal qilib quyidagi xona tarafga yo‘l ochildi. O‘n uchinchi kuni tong oqara boshlagan chog‘ “s”ga o‘tildi va shu yerda hammaning hafsalasi pir bo‘ldi – kosa-yu qoshiqlar, temir bo‘laklari bilan yer kavlayotgan mahbuslar qarshisida ancha pishiq tosh poydevor paydo bo‘lgandi.

– Yo‘ldan adashdik, – dedi qora teriga botgan bir mahbus. – Mo‘ljal teskari olingan, shekilli.

– To‘g‘ri ketyapmiz, – dedi ishboshi umidsiz­likka berilmay. – Shuncha joy ochildi, yomon ishlamadik. Balki shu toshdan o‘tsak, nariyog‘i oson ketar.

Ko‘pchilik holdan toygandi, boshida ishlab dam olganlar kavlangan tuproqni chiqarib xona bo‘ylab yoydi-da, eski-tuskilar bilan ustini yopib, uyquga ketishdi. Uyg‘onishganda (bu orada o‘lib-netib qolmadimikan degan xayolda soqchi xabar olib ketganidan bexabar edilar) qo‘lida to‘rvasini qo‘ltiqlagancha eshik yonidagi burchakka tiqilib olgan ko‘kko‘z mahbus turar, ko‘zining pirpirashidan bu yerdagilarga o‘zida hech qanday gunoh yo‘qligini anglatishga urinayotgani sezilardi.

– Qo‘rqmang, bemalol joylashib olavering, – dedi so‘nggi kunlarda kamerada o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan ishboshi. – Bu yerda jinoyatchi yo‘q, hammasi o‘zingizga o‘xshagan odamlar. Muttaham zoti borki, tashqarida, rohat-farog‘atda yuribdi.

Ko‘kko‘z ko‘p kuttirmadi, to‘rga yaqin joyga o‘rnashdi. Tun cho‘kib go‘yo uxlagani yotisharkan, aksar hamxonalarda savol paydo bo‘ldi: ko‘kko‘zni ishga qo‘shish kerakmi-yo‘qmi?! Bir muddat o‘ylangan ishboshi: “Boqibeg‘am ko‘rinadi, kavlayveramiz” degandan keyin galma-gal lahmga kirib, tosh yo‘nishga tushishdi. Birov bir enlik, yana kimdir aytgulik natijasiz chiqarkan, tuynuk ochish naqadar qiyin bo‘lmasin, bir oylardan keyin poydevorning ikki qarich keladigan joyi o‘yilib qoldi. Avval hafta-o‘n kunda kameradan murda chiqardi, qutulish istagi ishonch berdimi, harqalay tuynuk ochishga kirishilganidan beri hech kim o‘lish haqida o‘ylab ko‘rmadi. Bu orada ko‘kko‘z ham ancha moslashib, kamiga hamxonalarining qochishga urinayotganlaridan voqif bo‘lib oldi. Endi lahm qazuvchilar orasida u ham bor edi, astoydil ishlasa-da, bundan biror naf chiqishiga shubha bilan qarardi, tasodif bilan qutulmasak, yer kavlab qochib ketishimiz dargumon, derdi u. Bir safar qazishga tushganida (ulkan poydevor yengib o‘tilgandi), namlikdanmi, ustiga bir zambil tuproq to‘kilib tushdi, jonholatda baqirganini eshitgan ishboshi uni darhol qutqarib oldi ko‘kko‘z qaytib yer ostiga tushmadi.

“R”ning “dumi”ga kelishgan kunlarning birida qo‘qqisdan ko‘kko‘z yo‘qolib qoldi, bir necha soat o‘tib qaytib kelgach, hech narsa bo‘lmaganday tutdi o‘zini – odatda mahbusni kameradan yo otib tashlash, yo boshqa joyga surgun qilish maqsadida olib chiqishardi, unga baloyam urmagani boshqalarda shubha uyg‘otdiki, ozod­likka chiqish ilinji tobora yo‘qolib borayotgan asabiy mahkum ko‘kko‘zning naq bo‘g‘ziga chang soldi, “Sotqinlik qilishimni istashyapti… Bir-ikki hamkasblarni surishtirdi, ularni ham qamamoq­chi” degandan keyingina qo‘yib yubordi. Qo‘yib yubordi-yu baribir ishonmayotganini bildirish ko‘yida qanshariga o‘xshatib musht tushirdi. Shu damda tergab o‘tirishga hojat qolmadi: nihoyat qochish yo‘li ochilgandi. Odatdagidek, tuynukdan ishboshining gavdasi ko‘rinarkan, u hamon jiddiy alfozda turardi, biroq chiqib olgach, bir chetda musht yeyishdan qo‘rqib titrab turgan ko‘kko‘zni ko‘tarib oldi va “Yetdik! Qutuldik!” deya sal qolmasa baqirib yuborayozdi. Shu vaqtgacha o‘lik sukunat kezgan xonadagilar ot ustida mag‘rur borayotgan muzaffar sarkarda misol his qilardilar o‘zlarini.

Boshda kelishilganidek, birin-ketin hamma o‘zini tartibga ketirishga tushib ketdi: birov soqol qirtishlagan, kimdir yirtiq kamzulini yamashga tushgan, yana biri hayajondan nima qilishni bilmay har tomonga borib keladi. Har holda tashqariga chiqqanda kishining turqi birovni shubhalantirmasligi kerak, qolganiga Xudo – podsho… Kelishilganidek, dastavval ishboshi chiqishi kerak edi – ayni damda uning qat’iyati qayergadir g‘oyib bo‘lgan, necha oylab davom etgan mahkumlikdan so‘ng erk bilan ro‘para kelib hayajonini bosa olmas edi.

Birdaniga eshik taqillab qoldi.

Hammaning rang-quti o‘chgan, qutuldik, deb o‘ylashganida juda yomon narsaga tutilgandek edi. Qiyin vaziyatlarda o‘zini qo‘lga olishni biladigan ishboshi eshik tirqishidan tashqariga qararkan, ko‘rgan manzarasidan lol edi: yo‘lakni to‘ldirib go‘yo soqchilar qo‘shini turar, go‘yo ular qochishga hech qanaqasiga imkon qoldirmasdi. Ishboshi ortiga o‘girilib, o‘ljasiga otilgan qoplonday ko‘kko‘zga tashlandi, qolganlar nima bo‘lgani­ga hayron turar, ichkaridagi shovqin soqchilarni ham harakatga keltirgan, taqillashlar kuchaygan, ko‘paygan edi. Bir necha soniyada eshikni buzib kirishdi, yana birozdan keyin qochoq-mahkumlar qo‘li bog‘liq holda kaltaklar zarbidan sulayib yerda yotar, ko‘kko‘zni oldinroq olib chiqib ketishgandi…

Advokat oilasi tarixiga bobosining shonli o‘tmishi, zindondan qochish yo‘lini topgani haqidagi voqelik bitilgan, bu katta sarmoya evaziga nashr qilingan kitobda ham ifoda etilgandi. Advokat farzandlik burchi sifatida qatag‘on qurboni bo‘lgan bobosi haqida maqolalar yozar, intervyularida aytgan, tuzum jabrini chekkanlar safida doim u oldingi o‘rinda. Biroq advokatning ko‘zi ko‘k ekaniga hech kim e’tibor bermaydi va ko‘kko‘z mahbusni faqat ugina tushlarida ko‘rishidan zoti mardumning xabari yo‘q.

…Kun qaytardagi uyqu bexosiyat bo‘ladi, de­yishadi, garchi osmonda anchadan beri quyosh ko‘rinmagan bo‘lsa-da, advokatning uyqusi shu vaqtga to‘g‘ri kelgani bois lohas bir holda uyg‘ondi. Dastlab qayerda ekanini tushunmaganday turdi, sal narida o‘ylanib turgan do‘xtirni ko‘rib, “odam o‘ldirilgan” degan ayblov bilan o‘zlarini ushlab turishgani xayoliga keldi, Mujovul ko‘rinmayotganiga ajablandi. Shu payt qo‘ng‘irrang eshik ochildi va qo‘lida qog‘oz tutgancha bu safar xodim qovog‘i ochiq holda ko‘rindi-da, xushhol ohangda dedi:

– Kechirasizlar. Anglashilmovchilik bo‘libdi. Bemalol uyga qaytishlaring mumkin.

Garchi bu xushxabar bong yanglig‘ jarang sochishi kerak bo‘lsa-da, doktor mahzun bir alfozda joyida qotib turar, advokat esa xuddi o‘zining xizmati bilan bu dargohdan qutulishgandek “Aytmadimmi sizga”, degancha shaxdam qadamlar bilan tutqichdan ushladi-da, tashqariga chiqdi.

 

Bekzod O‘KTAM

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.