Asrning dolg‘ali kunlari xotiri bilan

0
26
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloni yo‘qlab…

 

Ket, desang Qashqar ketoyin,

Yo‘lda yolg‘izlik yomon.

Yolg‘izlikdan kim o‘libdir,

Hammadan xo‘rlik yomon…

 

Mana, necha kundirki, ular mening ko‘z o‘ngimda, tegramda. So‘ngsiz sog‘inch, g‘ussa, alam, o‘kinch qa’riga cho‘kkan nigohlarga tikilmoq azob… Jallod zamonda ham boshini tik tutgan Qodiriy, chaqmoqdek chaqib o‘tgan Usmon Nosir, xalqning ertasi uchun yosh umrini fido qilgan Ubaydullo Xo‘jayev… Bu suratlarda xo‘rliklar-u haqoratlarning musibati ko‘chgan nigohlarning ohini ilg‘ash qiyin emas. Bunda yuraklarga toshdek botgan onalarning faryodi, tirik yetim qolgan bolalarning ko‘z yoshlari isi keladi. O‘sha qora kunlar dog‘i hali uncha-muncha qalblardan arimagan. Qalbi uyg‘oqlarga u zamon ko‘rgiliklarini eshitishning o‘zi dahshat. Ko‘rganni-ku qo‘yavering…

Ayni dam 100 yoshni qarshilayotgan, o‘tgan asrning dolg‘ali kunlarini xo‘b va ko‘p tatigan ustoz ijodkor Shukrullo Yusupovni yo‘qlovimiz, suhbatimiz shu boisdan ham bizga ulkan maktab bo‘ldi.

Chilonzor tumanining ko‘rkam mahallaridan biri. Xonadonga kirib borarkanman, ikki tomondagi imoratlarga ko‘zim tushadi. Biri odmi, o‘zbekona uslubda qurilgan, eshik­-romi ganjli, kitoblarga, tarixiy suratlarga boy. Yana biri zamonaviy, baland, viqorli. Go‘yo zaminning shu bir parcha yerida kecha bilan bugun birga yashayotgandek, biri-birini ting­layotgandek. Yodimga adibning “Kafansiz ko‘milganlar” asaridagi voqealar birma-bir tushadi: “1925-1926-yillarda otam yaxshi niyat bilan mening sunnat to‘yimga atab, havas bilan imorat soldirgan edi. O‘sha vaqtda hovlimizga kelgan Ubaydulloxonga (Ubaydulla Xo‘jayev) maqtanib:

– Ubaydulloxon, hali uyimiz chala, shiplarni bo‘yatib, devorlarini ganch qildiraman, o‘shanda kelasiz, – deganda Ubaydullo akam:

– Ganch qilib shipining fanerlarini bo‘yatish emas, iloji bo‘lsa, fanerlarini buzib, tunukaning o‘rniga loy tom qilib qo‘ying, zamonaning bu ketishi shu bo‘lsa, boloxonalik uy-joying bor ekan, boy ekansan, deb tortib olib qo‘yadi. O‘zingizni quloq qilmasa ham, odam kiritadi, hozirgi siyosat shunday…” hadiksiz, istagan uslubida uy solish ham yurtning tinchligidan-da degan o‘y o‘tadi mendan…

Qizlari Xurshida opa shoirning yoniga boshlaydilar. Ustoz bizni nim tabassum, dilxushlik ila qarshilaydi, ko‘zlarida mehr balqiydi. Qo‘lida aso, issiq choy tutgan qo‘llari titramaydi. Aksincha, stol ustida turgan ko‘zoynakka, so‘ng biz olib borgan kitoblarga uzaladi. Bir qarashdayoq oila a’zolari nuroniyni yaxshi parva­rish qilayotganliklari seziladi: egnida toza paxtali ko‘ylak, boshidagi duxoba do‘ppi, issiq jun paypoq… Mening ko‘z oldimda esa yozuvchi­ning navqironlik vaqti jonlandi. Uning asaridagi shunday tasvirlar yodimga keldi: “Lagerga kelganimning birinchi kunlaridanoq insoniy qiyofadan, ota-onam umid bilan qo‘ygan ismimdan mahrum qilishib, mahbuslik tamg‘asi bosildi. Mahbuslik liboslarini berishdi. Oyoq kiyimi sifatida o‘likdanmi, tirikdanmi qolgan, teshiklaridan sim o‘tkazilgan. Eskirib, bujmayib ketgan botinka, yomg‘ir-qorda kiyish uchun ming yamoq paxtali shim, telogreyka, o‘zimga mutlaqo loyiq bo‘lmagan (bu vaqtda vaznim 50 kilogramm atrofida edi) hilpillagan, pochalari uzun jomakor, bosh kiyim sifatida lagerning mashinalari tikkan qalpoq, uning ustidan kiyish uchun boshlik, brezentdan qilingan qo‘lqoplardan iborat edi. Bu yerning qoidasi shu: sening ixtiyoringda hech narsa yo‘q, berganini kiyib, berganini yeysan. Qor-yomg‘ir joningdan o‘tsa, yamab-yasqab olish sening o‘zingga bog‘liq”.

– She’rlarim, doston-u romanlarim mening – tarjimai holim, – deydi ustoz. – Hujjatlarda yozilishicha, 1921-yil 2-sentyabrda Toshkent shahri­ning Shayxovandtohur dahasiga qarashli Olmazor mahallasining Eski O‘rda ko‘chasida tug‘ilganman. Otam ham, onam ham diniy va dunyoviy bilimlardan boxabar bo‘lishgan. Otam Yusufxo‘ja qori emchi bo‘lganlar. Yillar o‘tib, qamalishimda otam­ning ana shu “dindor”ligi ham sabab qilib ko‘rsatilgan. Onam Zaynabxon otinoyi bo‘lganlar. Qur’on o‘qigan va o‘rgatgan, Fuzuliy, Navoiy asarlarini yaxshi ko‘rgan. Boshqa otinoyilar “alif, be, te” deb yodlatib o‘rgatishsa, oyim yozishni ham o‘rgatardilar. “Bolalarimiz savodli bo‘lishlari kerak” derdilar doim. Bizning shajaramiz ilmli bo‘lgan. Eshitgandirsiz, xo­lamning o‘g‘li Ubaydulla Xo‘jayev millat sha’nini hayotidan aziz qo‘ygan inson bo‘lgan.

“Ubaydullaxonning gunohi bormidi?! Bunday savol faqat uning uyida yoki qarindosh-urug‘lari orasidagina bo‘lmay, qamalish xabarini eshitgan butun Toshkent shahridagi odamlar hatto uzoq-uzoqlardagi tanishlari orasida aylanib katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

– Shunday odam qamalibdimi?

– Otilarmishmi?

– Yo tavba! Qaysi Ubaydulla?

– Shayxontovurlik Asadulla maxsumning o‘g‘li.

– Advokat-da!

– Faqat advokat emas, uning qilgan ishlari uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmasdi.

– … Bu o‘sha o‘risning buyuk yozuvchisi Tolstoyga xat yozgan odam-da!

– Ha, o‘sha! Ubaydulla!

– Bu advokat bo‘lsa, yozuvchi bilan nimani talashgan?

– Millatni!

– Millatni?!

– Ha millatni! Millatning taqdirini talashishdan boshqa uni dardi bo‘lgan emas. Bo‘lmagan” (“Tirik ruhlar”. – Toshkent. Ada­biyot uchqunlari. 2018-yil).

– U zamonlarda Tolstoy asarlarini o‘qish emas, uni hatto ijodkorlar orasida ham bilganlar kam bo‘lgan davrda, “Yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik” haqidagi qarashlari uchun shunday buyuk adib bilan bahslashishga jur’at etish! Uning ustiga, o‘sha xatni yana, rus tilida, Tolstoyni qoyil qiladigan saviyada yozish!..

Ha, tevarakda yovuzlik, qabohat avj olgan sari odamlar orasida qo‘rquv, yolg‘on, sotqinlik urchidi. Shunday bir pallada Tolstoyning “Nesoprotivleniye zlu” nomli yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob berish borasidagi e’tiqodiga bahs sifatida Ubaydullaxonning 1909-yilda yozgan xati yozuvchining hamiyatiga tegib ketadi va Lev Nikolayevich o‘sha kuniyoq unga javob yozadi: “Ubaydulla Asadullayevich! Mening qarashim g‘oya emas, niyat, ezgu istak”, deb tushuntiradi. Nima desam ekan, davr bunday kishilarni xushlamas, fikrlash esa zamon uchun xavfli edi. Ubaydullaxonning umri chorizm davrida ham, 1919-yildan 1937-yillargacha ham goh ozodlikda, goh qamoqda o‘tgan. Keyin 1938-yilda yana qamoqqa tushgach, shu yerda vafot qilgan. Eh-he, aytaversam… Bunday kunlarning vahmi yodimga tushaveradi.

Adabiyotga qiziqishimda o‘sha pallada gurkirab maydonga chiqqan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar­ning ta’siri bo‘lgan, albatta. 1936-37 yillarda Pedagogika bilim yurtida talaba edim. Usmon Nosir o‘sha yillarning eng sevikli shoiri edi. “Yurak”, “Mehrim” kabi kitoblari o‘quvchilarning qo‘lidan, ta’rif-tavsifi tillardan tushmasdi. Keyin u birdan xalq dushmani bo‘lib qamaldi, degan gap tarqaldi. Komsomollar yig‘ilishida uni la’natlab, kimning qo‘lida kitoblari bo‘lsa yoqib tashlashni buyurishdi, deya eslaydi adib.

Ustozni tinglar ekanman, otashqalb shoirning ayni qamoq jazosi belgilangandagi, soch-soqoli o‘sgan bir ahvolda, ko‘zlari qariga cho‘kkan adoqsiz mung zuhurlangan suratiga boqaman.

“Senga tor keldi bu ko‘krak,

Sevinching toshdi qirg‘oqdan.

Tilim charchar, ajab gohi

Seni tarjima qilmoqdan…

Itoat et, agar sendan

Vatan rozi emas bo‘lsa.

Yoril, chaqmoqqa aylan sen,

Yoril, mayli tamom o‘lsam!, – degan satrlarni qachon, qay kayfiyatda yozgan ekan? Ona Vatani, xalqi uchun chaqmoqqa aylanishga hozir bo‘lgan insonni qanday qilib xoin, dushman deyish mumkin axir…

Olis xotiralarga band bo‘lgan ustoz yana tilga kiradi:

– Qamoqqa tushganimda o‘ttizga ham kirmagan edim. Ikki bolam bor, xotinim yana homilador edi. Bu yo‘lda men bilan yonma-yon turib, qiyinchiligimga bardosh bergan ayolni eslamay o‘tsam bo‘lmas. Munavvarxon juda sabrli, aqlli ayol edi. 1951-yil­ning yanvar oyida uyni maxsus xodimlar tintuv qilib, meni olib ketishgach sud 25 yillik qamoq jazosiga hukm chiqardi. Ammo 5 yil deganda aybsiz aybdor bo‘lib, “jazoni o‘tab” qaytdim. Shu kunlarda ko‘rmagan xo‘rliklarim qolmadi. Yurtdan olisda, inson zotiga, sha’niga zid qilmishlar, tuhmat va haqoratlar, aldov va zo‘ravonliklarni ko‘rib, xayolimda mening nohaq qamalganimni xalqim, yaqinlarim bilarmikin, menga ishonisharmikin, ayolim shuncha yil kutarmikin degan azobli o‘ylar, adoqsiz savollar iskanjasida yashadim. Qamoqdagi xo‘rliklar bir tomon, shum xayollar bir tomon bo‘lib yurganimda Munavvarxondan xat oldim: “Shukrullo aka, noumid bo‘lmang, yigirma besh yil o‘tadi-ketadi. Chiqqaningizda bor-yo‘g‘i ellik to‘rtda bo‘lasiz. Bolalarimiz endi atak-chechak qilayotibdi. Qamoqdan chiqqaningizda ularning uylanadigan, turmushga chiqadigan vaqti bo‘ladi. Kelishingiz bilan to‘ylar qilamiz”, – deb yozibdi. Bu ayolning jasoratini ko‘ring. Bu qadar hayotsevarlik, matonatli, bardoshli bo‘lish hazilakam gapmi, qizim.

Men nohaq qamalib, qancha uqubatlarni ko‘rgan bo‘lsam, ayolimga ham “xalq dushmanining xotini”, Yozuvchilar soyu­zidagilarning “Yo‘qol, biz hech qanday Shukrilloni tanimaymiz” degan haqoratlarga sabr qilish, uch bolani ochlik, qahatchilikdan omon-eson chiqarish, farzandlarimni men bilan uchrashtirish uchun kelganda tergovchilarning dashnomlariga chidash oson bo‘lmagan…

Qamoqdan ham qaytdim. Bir o‘g‘il va ikkita qizni voyaga yetkazdik. O‘g‘lim Abdug‘afur kimyogar, qizlarim Xurshida shifokor, Umida elektron mashinalar injeneri bo‘ldi. Hammalari o‘z sohasida fan nomzodlari hozir.

Necha yillarki, xalqimiz savodsiz, o‘tmishsiz, ajdodlaridan olisda yashadi. Krasnoyarosk peresilniy punktida qamoqdagi so‘nggi kunlarimda Stalin o‘limidan so‘ng bizga biroz yengilliklar yaratildi. U ham bo‘lsa – uydagilardan xat olish, uchrashish, muzli qarorgohimizga yilda bir marta suzib keladigan kemalarda keltiri­ladigan gazeta va kitoblarni o‘qish imkoniyati. Ana shunisi juda quvonchli edi. Yuragingda so‘nggi umidlar ham parchala­nayotgan bir paytda ozod bo‘lish ilinji qalbingni bir tomonini yoritsa, yillab qo‘lingga tegmagan kitob­larni varaqlasang, o‘qisang… Kitoblar seni qayerda bo‘lsang ham yashashga undarkan. Dunyo o‘tkinchi, adabiyot abadiy ekanligiga ishontirarkan. Bu kuchni men shunday og‘ir paytlarda angladim.

“Lagerlarda o‘zlarini ilg‘or madaniyatli hisoblab kelgan ayrim ovro‘paliklar biz O‘rta osiyoliklarni “orqasi qoralar” deb chaqirib, madaniyat, san’atdan bexabar, ilm-ma’rifatdan uzoq xalqlar deb bilishardi. Hatto millatini aniq ayta olmayman-ku, Boltiqbo‘yidanmi, polyakmi, rusmi bilmadim Panteleyev degan injenerga men o‘zbekman deganimda, qozoq, tojikdan farq qilolmay, o‘zbeklar yonida doim pichoq taqib yuradigan, savodsiz, vahshiy degan tushunchada ekanini aytgan edi.

Kunlardan bir kun shu odamning qo‘lida kitob ko‘tarib yurganini ko‘rib, qanday kitob, deb so‘rasam, kutilmaganda Oybekning ruschaga tarjima qilingan “Navoiy” romani bo‘lib chiqdi. Bu tasodifdan qalbimda quvonch va g‘urur paydo bo‘lib, taassurotini bilmoqchi bo‘lgan edim, u:

– Bu roman menga juda yoqdi. Qadimiy madaniy xalqlar haqida. Alisher Navoiy degan buyuk yozuvchi haqida. Chindan ham juda ibratli, buyuk shoir bo‘lgan ekan, – dedi.

Kechagina o‘zbeklarning kimligini bilmagan, qoloq xalq deb o‘ylagani uchun undan:

– Mening millatim kim? Navoiyning millati-chi? – deb so‘radim. U:

– Navoiy?.. Navoiy samarqandlik o‘zbek, – degan javobni qildi.

Men unga, kechagina meni “qoravoy, badaviy” degan eding, o‘sha Navoiyning avlodi o‘zbek men bo‘laman, deganimda, u:

– Meni kechir, O‘rta Osiyo xalqlarini bilmas ekanman, noto‘g‘ri tasavvur qilgan ekanman. O‘zbek xalqi, haqiqatan ham, juda qadimiy madaniyatli buyuk xalq ekan, deb tan olib, uzrini aytdi.”. (“Kafansiz ko‘milganlar”. – Toshkenti “Mashhur-press”2017-y.”

Asrning dolg‘ali kunlari muhrlangan bu asarning har bir bobi ana shunday tasvirlarga to‘la. Sodda, ishonuvchan, bag‘rikeng elimizning ayovsizlarcha xo‘rlanishi, xo‘roz urishtirib yoki nobop yelpig‘ich haqida gapirgani uchun ham surgun qilingan, millatning ozodlikka, hurlikka yetaklagani uchun ham qoralanib, ne-ne zakiy, zabardast ajdodlari­miz sovuq o‘lkalarda kafansiz ko‘milib, nom-nishonsiz ketganligini bilish azob.

Xonadonda qator suratla­riga ko‘zim tushadi. Bu yerda adib rus va qardosh xalqlar­ning zabardast ijodkorlari bilan birga tushilgan rasmlar batartib joylashtirilgan. Suratlar ijodkorning butun hayotini kinolentadek ko‘z o‘ngingizda tasvirlaydi go‘yo. 2016-yili Turkiyaning “Qardosh qalamlar” nomli nufuzli jurnali hamda “Turkiy jumhuriyatlarning adabiy jurnallari kongressi” hamkorligida “Yil insoni” tanlovida ustozimiz Shukrullo Yusupovning tan olingani ham bejiz emas. Zero, ovoz berish yo‘li bilan aniqlanib, sara nomzodlar orasida e’tirof etilishi yozuvchining yuksak asarlar egasi ekanligini yana bir karra dalillaydi.

Suhbatimiz anchaga cho‘zildi. Ustoz bizga Usmon Nosirning she’rlarini, Rasul Hamzatov so‘zlarini yoddan aytib berdilar. Onalari, ustozlari haqidagi qadrli xotiralarini o‘rtoqlashdilar. Eng qizig‘i, o‘zlari haqida “Men hamon o‘quvchiman” degan iqrorni aytdilar. Asrga teng umr sohibi, qan­chadan-qancha qalin kitoblarning, sahna asarlarining muallifi bo‘lgan insonning jasoratiga, sadoqati-yu ezgu a’moliga qoyil qoldik. Bu barchamizga ibrat bo‘lgulik xitob edi, aslida.

– Men bu uyni kelajakda Shukrullo nomidagi uy muzeyi qilaman. Otamning tuyg‘ulari ko‘chgan asarlar yosh avlodga saboq berishi kerak, menimcha, – dedi bizni kuzatar chog‘i Abdug‘afur aka. Biz ham shu niyatga qo‘shildik. Toki, haq gapni hamma vaqt ayta olgan, vijdonli, xalqi oldida yuzi yorug‘, betakror asarlari bilan qancha qalblarga kirib borgan yozuvchining hali bizga aytar gaplari ko‘p, nasihatlari mo‘l…

Nargiza ASADOVA

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.