Bahodirsiz kelar arg‘umoq…

0
76
marta ko‘rilgan.

Qashqadaryoga bot-bot borsam-da, negadir bu xonadonga yo‘l solish og‘ir tuyuladi. O‘g‘il yo‘qotgan ota-ona oldida mulzam o‘tirasan. Ko‘z-qoshingga, bo‘y-bastingga qaraydi, o‘xshatadi. Hayot bo‘lsa, yonimda yurmasmidi degich o‘y kechadi. Taxtaqoracha dovonidan o‘tib, so‘lim Kitob ostonasiga yaqinlashar ekanman, Ochamayli qishlog‘idan shunchaki o‘tib bo‘lmadi. Ichma-ich qorishib ketgan tosh ko‘chalar orqali ichkari yurdim. Yakshanba tongi emasmi, bahor yellari yer o‘tlarini shovurib-shovurib silkitadi. Aytgancha, Ochamayli – yuz urug‘ining bir bo‘lagi. Aytilishicha, ho‘kiz yoki qo‘tosga uriladigan yoki bolalar minishi uchun mo‘ljallangan egar “ochamay” deyilgan. Demak, bu urug‘ning tamg‘asi egar shaklida bo‘lgan. Ochamayli urug‘i och (ach) degan qadimgi qabila nomi bilan atalar ekan. Yana kimdir boshqacha talqin qiladi.

Qishloqda Otabek Muhammadiyev yashagan xonadonni bilmaganlar yo‘qday ko‘rindi. Garchi uning vafotiga 19 yilcha bo‘lsa-da, “qaysi Otabek, jangda halok bo‘lganmi?” degich odamni uchratmadim. Demak, u yildan yilga o‘sib, ulg‘ayib, yashab yuribdi.

Darvozani uzoq taqillatdim. Hovli katta, ovozni yutib yuboradi, shundan quloqqa eshitilmas. Yugurib chiqqan qizchadan so‘rayman:

– Momong uydami?

– Bozorga ketuvdilar.

– Unda bobongni chaqir?

– Bobom chiqolmaydilar, oyoqlari og‘riydi…

Qizcha bilan ichkari kirdim. Qarasam, to‘r xonadagi uy eshigidan hassaga tayangan kishi ko‘rindi. Hol so‘rashdik. Avaz aka – qahramon yigitning otasi.

“Vatanparvar” gazetasidan kelganimni bilgach, jim qotdi.

– O‘g‘limni yo‘qlabsizmi, xush ko‘rdik. Qani, ichkariga… Momongiz bozorga ketuvdi. Keb qolar…

– Oyog‘ingiz yaxshimi, ota?

– Birnavi. “Selsovet”da 33 yil buxgalter bo‘lib ishladim. Pensiyadaman. Baribir og‘ir oldim. Ikki marta infarkt, bir marta insultdan keyin hassaga tayanib qoldim.

Avaz ota o‘g‘lining albomini qo‘limga tutqazdi. O‘zi esa krovatda xayolchan o‘tirdi. Varaqladim. Otabekning yoshligi, o‘spirinligi… Suratlarda u turlicha gavdalanadi: yuk mashinalari oldida, stadionda, turnikka osilgancha. Atrofida tengqurlari. Aftidan, chayir bolakayning sport bilan shug‘ullangani seziladi. Yoshligidan yo‘l-yo‘l mayka kiyib yurishi esa harbiylikka havasi borligidan. Yana varaqlayman. Otabek suratlardan suratlarga ulg‘ayib boradi. Bir o‘rinda u O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan so‘zlashib turibdi. – Bir vaqtlar uchrashgan edi, – qistirib o‘tadi ota. Ba’zi suratlarni fotoapparatimga muhrlab boraman.

Albom so‘ngida bir quchoq gul tutgan kelin-kuyov surati. Ota noxos qaradi-yu, hech narsa demadi. Bir achchiq sukunat cho‘kdi. So‘rolmadim, indamadi…

Bilishimcha, o‘sha mash’um kunda u endigina 24 yoshga to‘lgan, uylanganiga esa atigi 8 oy bo‘lgandi.

 

O‘zim bilan o‘zim

 

…Deraza ortidagi keng hovlida bir zamonlar Avaz ota­ning o‘g‘illari jon-jo‘ralari bilan yelib-yugurib yurishgan. Hozir ularning hammasi har yerda: birovi mashinada, birovi amalda, birovi piyoda. Ammo ular bu hovliga tez-tez kelib turishadi. Ammo Otabek o‘z uyiga-da kelmaydi. Uning arg‘umog‘i yolg‘iz qaytgan.

Ha, shoir Azim Suyun kuyla­gan qahramon kabi u.

Maysalar lol egdi boshini,

Qizg‘aldoqlar to‘kdi yoshini,

Ko‘k berkitdi shan quyoshini,

Bahodirsiz kelar arg‘umoq.

Xuddi o‘sha. Samoda qushlar unsiz qoldi, latif, sarin shabbodalar tindi, tog‘lar tundlashdi. She’rni to‘laligicha o‘qib ham navqiron yigit ko‘z oldimdan ketmadi.

 

Adash qismat

 

Ota o‘g‘limning ismini “O‘tkan kunlar” filmini ko‘rib, Otabekka havas qilib qo‘yganman, degan edi. Bekning o‘tkir zehni, madaniyati, tarbiyasi sabab ko‘plar unga havasmand bo‘lgani tabiiy. Karomati keng Xudo, ism ortidagi taqdirga serjant Otabek Muhammadiyevni ham sherik qilganiga nima deysiz?

Ismdoshlik bir yon, qismatdoshlik esa bir taraf bo‘ldi. Asardagi bekning hayot xotimasini bir eslang:

“…1277-yilning kuz kez­larida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi. “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qu­nishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim…”

Otabekning hayoti ham qaysidir ma’noda dushman bilan kurashlarda yakun topdi. U ham yovga qarshi kurashib, qurolini biz zum yerga qo‘ymadi.

Kitobdagi Otabek 24 yoshli yigit sifatida namoyon bo‘lsa, bizning Otabek ham 24 yoshda edi.

Avaz ota buni yaxshi biladi. Otabekdan Yodgor qolgan edi. O‘z o‘g‘lidan esa zurriyod qolmadi. – Armonim shu bo‘ldi, – deydi u.

 

Otabek yozgan xatlar

 

Otabek Muhammadiyevning harbiy­da yozgan maktublarini bir-bir o‘qib chiqdim. Xat tiliga ko‘ra, yigitcha “O‘tkan kunlar”ni suv qilib ichgan. Bekning noma bitmoq yo‘sini shundoq seziladi.

Birinchi sog‘inchnomani Otabek dadasi Avaz otaga yozadi:

“Ushbu xatim tez va qisqa kunlar ichida yetib borib, ma’lum bo‘lsinki, ul go‘zal Ochamayli qishlog‘ida o‘ynab-kulib, sog‘-salomat, charchamasdan ishlab yurgan dadajonimga!

Endi mendan so‘rasangiz, men yaxshi, sog‘-salomat xizmat qilib yuribman. Qiyinchiliklar yo‘q. Nima uchun qiyinchilik bo‘ladi? Hammaga so‘zini o‘tkazgan odam hech qachon qiynalmaydi. Kallani ishlatish kerak ekan, dadajon. Xuddi uyda yurganday yuraman. Lekin uy, uyda…

Sana: 25.01.1996-yil”.

Ikkinchi xat akasi Ozod Muhammadiyevga yozilgan bo‘lib, unda Otabekning ichki tiynati teranroq ochiladi:

“…onam faqat yangiliklardan yozmaysan deydilar. Yangiliklar unchalik yo‘q. Boshqalarday yolg‘ondan yozgim kelmaydi. To‘g‘risini aytaman, uyni juda sog‘indim”.

 

Voqea

 

…Bozordan qaytgan Toshbibi aya suhbatimizni bo‘lmay eshitdi. Xo‘jayinining gaplariga boshini silkib-silkib turdi. Oxiri bir hazin ovozda so‘z qotdi:

– O‘g‘lim 45 kun muttasil jang qildi. Hatto telefondan urush tugab qolganini, erta yo indin uyga qaytishini ham takror-takror aytgandi. Kelar chog‘ini bir mahalla bo‘lib kutib o‘tirgandik…

Onaning boshqa gapirishga jur’ati yetmadi. Qolganini qahramonning akasi Ozod Muhamma­diyev harbiycha vazminlik bilan tushuntirib berdi. Baribir tafsilotlar kishiga og‘ir botadi.

Bilishimcha, Otabek chiqqan harbiy vertolyot jarlikka qulagan. Vertolyotning dum qismida marhumning Maqsud ismli chiroqchilik safdoshi ham bo‘lgan. Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yigitcha xayriyatki omon qolgan.

Ozod Muhammadiyev ukasining vafotidan so‘ng aynan u xizmat qilgan harbiy qismda shartnoma bo‘­yicha xizmat qilib, nafaqaga chiqdi. Ukasi kapitan Jonibek Muhamma­diyev ayni paytda Qurolli Kuchlarimiz safida sharafli burchini o‘tab, yurt himoyasi yo‘lida xizmat qilmoqda. U Otabekdan yetti yil keyin tug‘ilgan ekan.

Buni qarangki, Ozod akaning o‘g‘li Zuhriddinjon rahmatli amakisiga havas qilib Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘qiyapti.

 

Ota xotiralari

 

O‘g‘il yo‘qotib, yarim jon bo‘lib qolgan Avaz otaning harbiylikdan-da ko‘ngli qolgandir, deb o‘yladim. Balki farzandlariga jahl ustida: – Tamom, hech biring “voyenniy” bo‘lmaysan. Odam o‘ldirmaydigan kasblar tiqilib yotibdi, – degandir ehtimol. Ammo ikki o‘g‘ilning harbiyligi, otaning nevarasini “Temurbeklar maktabi”da o‘qitayotganini eshitib, taxminlarim tarqab ketdi.

– Har kuni urush bo‘lmaydi-ku, o‘g‘lim. Vatanni shular qo‘riqlab yotibdi-ku. Mana, meni olaylik. Hassaga tayanib qolgan yarim jon odamning qo‘lidan nima kelardi…

Shu kez ota o‘g‘li bilan bo‘lgan qisqa suhbatini esladi: – Dada, armiyada qolaman, – degandi o‘g‘il. – Udda qilsang qol, – degandi ota. Shu-shu,Otabek harbiy bo‘ldi.

Bolamning falon xarakteri bor edi deb maqtamayman, odam edi. Kimdir yiqilsa, qo‘ltig‘iga kirib eltadigan, ochiq yuzli, jo‘ralariga sodiq edi. Oshnolari haliyam yo‘qlab turadi. 14-yanvar – bayramda ham kelib, xabar olib ketishdi. Har zamon “chast”dan ham kelishadi.

O‘limning turi ko‘p. U tengilarning ayrimlari ro‘zg‘origa yarama­yapti-ku. Xudoning ishi. Kerak payti sevintirib berdi – xursand bo‘ldik, yig‘latib oldi – chidaymiz.

 

Loqaydlikdagi jarohatlar

 

– Maktab, mahalla yo‘qlab turadimi?

– Mahalla tez-tez yo‘qlaydi, sog‘ligim uncha ko‘tarmaydi. Momongiz maktablardagi uchrashuvlarga borib turadi.

– Qahramon o‘g‘il xotirasini abadiylashtirish uchun nimalar qilindi?

Suhbatimizga Toshbibi aya qo‘shildi:

– Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bayramdan bir kun avval uyimizga kelib, barchamizni tabrikladi. Keyin tegishli xodimlarga alohida topshiriq berdi. Unga ko‘ra maktab va ko‘cha o‘g‘limning nomi bilan ataladi, unga atab byust o‘rnatiladi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarimiz ham asfalt bo‘ladi. Hozircha ko‘chamizga Otabekning nomi berildi. Hokimiyat vakillarining aytishicha, shu kunlarda o‘g‘lim o‘qigan maktab uning nomi bilan atalib, qahramon byusti ham o‘rnatilar ekan. Harakatlar allaqachon boshlangan deyishyapti. Shu ishlar tezroq amalga oshsa deyman. Chunki Vatan uchun jon bergan o‘g‘il jasorati qanchadan-qancha bolani botir qilib ulg‘aytiradi. Akamday dovyurak bo‘laman deb harbiyga ketganlar, o‘qiyotganlar bor.

 

O‘z-o‘zim bilan

 

Toshbibi ayaning kuyunganicha bor. Bir safar u Mudofaa vazirligi tomonidan halok bo‘lgan jangchilarning oila a’zolari uchun Xitoy davlatiga sayohat uyushtirilganini aytib berdi. O‘shanda aya o‘g‘lini yo‘qotgan onalar bilan suhbatda bo‘lgani, aksariyat halok bo‘lganlar xotirasi uchun uy-muzeylar tashkil qilingani, maktablar, ko‘chalar nomlangani, hatto stipendiyalar ham tashkil qilinganini bilgan ekan.

O‘zim ham uch-to‘rt viloyatga, qahramon o‘g‘illar xonadoniga borib, bu ishlar allaqachon amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldim. Masalan, farg‘onalik Bobur G‘aniyevni olaylik. U yashagan xonadonda uy-muzey tashkil etilib, yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan. Ko‘chaga Boburjon G‘aniyev nomi berilgan. Hatto uning nomi bilan ataluvchi stipendiya, o‘zi ta’lim olgan oliy o‘quv yurtida ramziy yotoqxona ham bor. U ham serjant Otabek Muhammadiyev bilan bir safda, tog‘-u toshlar orasida edi. Demak, bunday xayrli ishlarni kechiktirib bo‘lmaydi.

Avaz ota va Toshbibi ayani uzoq tingladim. Ularning armonlari menga-da og‘ir botdi. Shu uydan qahramon yigit hammadan balandda, yelkadan yelkaga o‘tib chiqib ketayotgani ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Uy sohiblari bilan xayr-xo‘shlashdim. Darvozadan chiqar ekanman, alamli satrlar tilimda aylandi:

Qonxo‘r g‘anim, qonxo‘r qotil kim?..

Havo bo‘g‘iq, badqovoq va dim,

Chopib chiqqan el, xaloyiq jim,

Bahodirsiz kelar arg‘umoq.

 

Tarjima qilinmagan hol

 

Serjant Otabek Muhammadiyev 1976-yil 8-yanvarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Ochamayli qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1993-yili 11-umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tugatgan.

1993-1995-yillar tumandagi ip yigiruv fabrikasida ishchi bo‘lib faoliyat yuritgan. Otabek maktabni bitirgach, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga hujjatlarini topshiradi. Biroq kerakli ballarni to‘play olmaydi. Bundan ruhi cho‘kmay, yigitlik burchini o‘tashga chog‘lanadi. U 1995-yilning may oyida Kitob tumani mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shu-shu faoliyatini milliy armiyamiz safida shartnoma bo‘yicha davom ettiradi. Otabek Muhammadiyev 1999-yilning noyabr oyida Toshkent viloyati Ohangaron tumani­ning Yangiobod shahrida bir guruh terrorchilar bilan bo‘lgan janglarda faol qatnashdi.

2000-yil 16-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining chegara hududlaridagi jangarilar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda qahramonlarcha halok bo‘ldi.

 

Bobur ELMURODOV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.