Qalbdagi do’st bilan suhbat

0
63
marta ko‘rilgan.

“Yoshlik” jurnalini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri yosh iste’dodlarni kashf qilish, ularni jurnalxonlarga tanitish bo‘lgan. Jurnal va uning jamoasi aynan shu yo‘lda xizmat qilgan (hozir ham baholi qurdat harakat qilayotir). Bundan roppa-rosa 35 yil oldin tahririyat jamoasi xorazm­lik bir guruh yosh qalamkashlarning umid uyg‘otganlarini tanlab, ularning eng yaxshi asarlarini e’lon qilgan. O‘sha yoshlar orasida Yusufjon Latipov ismli nosir ham bor edi. Ushbu hikoya o‘zining tili, samimiyligi va bayon uslubi bilan o‘quvchida yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lsa ajab emas… Yosh nosir bir muddat tahririyatda ham mehnat qiladi.

Mana, oradan 35 yil o‘tib “Yoshlik”ning yosh muallifi yana jurnal tahririyati eshigini qoqdi; bu safargi yo‘qlov boshqacharoq – keksa, ammo sodiq muallif tahririyatning elektron manzili eshigini qoqib, ko‘ngil kechinmalari bitilgan badiasini jo‘natibdi. 1984-yil – “Yoshlik yo‘qlamasi” rukni ostida hikoyasi e’lon qilingan Yusufjon Latipovni yana yo‘qlab, uning “So‘qirlik sitamlari”ni e’tiboringizga havola qilyapmiz.

 

 

(Novella)

 

“El nechuk topqay menikim,

men o‘zimni topmasam.”

Alisher Navoiy

 

  1. Iltijo

– Mana, o‘tiribman, zulmatga boqqancha, devorga suyanib. Yotaman-turaman. Yana o‘sha zulmat. Ilojim qancha. Ko‘rganlar o‘ylaydi: “Nazar ko‘r quyoshda isinib o‘tiribdi” deb. Lekin o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Bir umr qiynalib yashadim. Yetimlik, yolg‘izlik, adashishlar… endi buyog‘i ham ranj-alam ekan-da.

– Qisingandan foyda yo‘q, Nazar.

– Shuncha o‘g‘il-qiz o‘stirdim. Qariganimda suyanchiq bo‘lishar, qo‘limdan ishimni olishar deb o‘ylagan edim.

– Qaysi o‘g‘il-qiz boqqan haz-huzur ko‘ribdiki, sen rohat ko‘rsang, sodda odamsan-da, Nazar.

– Niholni ekasan, mehringni berib, parvarish qilasan, ammo mevasi o‘zgalarga nasib etadi. Soyasidan o‘zgalar bahramand bo‘ladi.

– Kuyunaverma, hayot shunaqa. Ekkanni Tangri yorlaqasin deb, birov aytarmidi, aytmaydi. Qaytanga, ko‘rligingni yuzingga solib, ta’na toshlarini otishadi.

– Nima gunoh qilibmanki, Xudoyim meni bu ko‘ylarga soldi. Egilmagan boshimni egib, kimlarga zor qilib qo‘ydi, nega axir?!

– Qo‘y, yig‘lama, Nazar, o‘kinchdan foyda yo‘q. Ko‘z yoshingni art. Dushmanlarni suyuntirma.

– Atrofimda qashqirlar to‘dasi izg‘ib yurgandek tuyuladi. Qo‘rqaman!

– Qo‘rqma, o‘zingni Xudoga topshir.

– Hayotdan ham, o‘zimdan ham bezib ketdim. Tezroq omonatini ola qolsaydi.

– Shoshma, bunga hali ulgurasan.

– Borimni yo‘qotdim. Men uchun yashashning qizig‘i qolmadi.

– Eng qimmatlisini yo‘qotmagansan, hali tiriksan, Nazar, hayot guling so‘lmagan. Uni avayla, ehtiyot qil.

– Hashamat, dabdaba, zeb-u ziynatlar, hamma-hammasi ikki ko‘z uchun ekan. Barini zulmat yutdi!

– Ko‘zlaring ochilayotganga o‘xshaydi, Nazar.

 

2.

– Joning sog‘ligida hammaga keraksan. Yiqildingmi, tamom. Biror kimsa ostonangga oyoq bosmas ekan. Dasturxonimdan osh yeganlar, sharob ichganlar qani?

 – Qo‘y, o‘zingni qiynama, Nazar. Barchasidan yuz o‘gir, umidingni uz.

– Aytishga oson, go‘yo to‘lqinlar qirg‘oqqa chiqarib tashlagan xas-cho‘pga o‘xshayman. Bir umr yelib-yugurib erishganim shumi?

– Atrofingga yaxshilab qara, shukur qil, Nazar!

– Qo‘limdagi mana shu hassamdan-da yaqinroq kimim bor? Hech kimim. Hammadan xafaman.

– Xafa bo‘lma, Nazar! Ha, yaqinlaring olislab, ko‘rinmay ketdilar. Oqim shiddatli. Balki, ezilib yurishgandir, senga tuzukroq qarashga imkon topa olmay.

– Nega Xudoyim meni itdek xor qilib qo‘ydi?! Qaysi gunohim uchun? It ham menchalik emas. Bo‘ynida zanjir bo‘lsa ham, akillab, dushmanlariga tashlanadi. Men esa ilojsizman. Hamisha boshim egik. Nonim ham, suvim ham minnat. To‘yib ketdim! Qornim uchun emas, qadrimga yig‘layman.

– Xafa bo‘lma. To‘g‘ri, boshing egik. Ammo bu so‘zlaring Yaratganga ters tushmayaptimi? O‘ylab gapir, tilingni mudom mahkam tut, Nazar. Unutma, martabang baland.

– Tong otayotir deb quvonmayman, kun botayotir deb achinmayman ham. Hayotim – zulmat. Dushmanim ham, do‘stim ham zulmat. Nima qilay, Xudoyim? O‘zing yo‘l ko‘rsat.

– Tangrining hukmiga rozi bo‘l, Nazar! Chorasizlik chorang bo‘lsin.

 

3.

– Besh yildirki, adoqsiz zulmat sahrosida tentirab kezaman. Uning poyoniga yetamanmi, yo‘qmi, bilmayman. Sabr-toqatim yana necha yilga yetarkin? Ichimda bir chiroq goh yonib, goh so‘nadi.

– Qayg‘urma, Nazar, o‘zingga sabr-bardosh tila, Parvardigorning karami keng.

– Kimsasiz biyobonda ohlar urib boraman. To‘rt tomonim qibla, iltijolar qilaman. Tavba-tazarru… Bari befoyda. Otasining qo‘liga suv quymaganlardan ne tama, Parvardigor. O‘zimga bir mehribon, sadoqatli yo‘ldosh istagandim. Topolmadim. Hassa hamrohim bo‘ldi. Kimdan najot tilasam, u mendan yuz burdi.

– Najot istasang, avval o‘zingni top, Nazar! Bu ko‘hna dunyo ostin-ustin, serg‘alva, makrga to‘la. O‘zingni topmog‘ing mushkul bo‘lsa-da, to‘xtamay qidir.

– Yodimda, muallim biz – bolalarga ko‘p tanbeh berguvchi edi. Har kim o‘z choponini o‘zi suvdan sudrab chiqsin derdi. Birovlarning minnatini ko‘tarishga qurbim yetmay qoldi, Xudojon! Hech bo‘lmaganda biror kun minnatsiz yashasam, hech kimga og‘irim tushmasa deyman. Ko‘zlarim yana ochilarmikin, Xudoyim?

– Dardni berganning O‘zi shifosini ham bergusidir, Nazar! Noumid bo‘lma.

– Tushlarimga kunduz kiradi. Sog‘inganla­rim, men bilgan va bilmagan odamlar, o‘tganlar. Marhumlar o‘sha-o‘sha, hech o‘zgarmaydilar.

– Xotira ko‘zgusida asl qiyofang aks etadi. Qanday bo‘lsang, shundayligingcha qolasan, Nazar.

– Yelkamdan tog‘ bosib turgandek go‘yo. Ichimni it timdalaydi. Yeldek o‘tib ketgan asrlar, ming yilliklar. O‘tmish va kelajak. Yuho zulmatining bu ikki jag‘i orasida ezilgan ushoq­dek jismim. Ko‘rgan tushlarim qisqagina umrim emasmikin? Sovuq sag‘anaga mang­layimni bosaman. Peshonamga yozilgani shu. Sag‘ana ustida kaltakesak yugurgilaydi. Jonsarak jonivor bir zum to‘xtab sharpamga quloq tutadi.

– Bandasining ko‘zlari sag‘anadan narini hech qachon ko‘rmagan, Nazar. Gumonlarga berilma, ko‘ngling to‘q bo‘lsin.

 

4.

– Xudoyim, oxiri meni bariga bo‘yin egdirding-ku, ha, ko‘ndir­ding.

– Ko‘nmay ilojing qancha, Nazar! Qachon bo‘lmasin, vaqti-soati kelgach, hamma bo‘yin egadi. Hamma!

– Odam bolasidan har neni yasab bo‘lar ekan. O‘zimni taniy olmay turibman. Meni ne ko‘ylarga solding, Xudoyim?

– Nazar, qulning amali itoat etmoqdir, xojasini tergamoq emas.

– Ilmdan bexabar nodonni kechir! Borligingga shubha qilgan ojiz-u notavonni kechir!

– Qisinma, Nazar. Parvardigoring kechirimli, rahmdil…

– Behuda kechgan umrimga achinaman. Hayot emas bu, bema’nigarchilik­ning o‘zginasi.

– Nolima, Nazar. O‘tgan umrdan kimning ko‘ngli to‘libdiki, seniki to‘lsa. Biri kam dunyo.

– U dedim, bu dedim. Bola-chaqam birovdan kam bo‘lmasin dedim. O‘zimni o‘tga-cho‘qqa urdim. Arslondek o‘kirdim. Tagi pastlarning oyoqlariga yiqilib, mushukday suykaldim. Mana, endi o‘tiribman, mevalari, yaproqlari duv-duv to‘kilib, ship-shiydam bo‘lib qolgan daraxtga o‘xshab. Hech kimga keragim yo‘q.

– Nazar, bola-chaqa bir bahona. Aslida, nafsing tinch qo‘ymagan. Ha, arslon kabi na’ra tortgan ham o‘sha – buzuq nafsing!

– Yo‘q, u temir qafasda edi. Men buni tushimda ko‘rganman. Tutqunlikda yuz yil yashagan. Ehtimol, bundan ham ko‘proqdir. Yuz yil jonivorni o‘laksa bilan bo­qishgan, sassiq o‘laksa bilan. O, mening arslonim! Qafasni tilka-pora qilar deb umid qilganman, ko‘p kutganman. Bari chippakka chiqqan.

– Nazar, baloyi nafsni qafasga qamab, Parvardi­goring yanglishmagan. Ming chandon urinsa ham, arslon qafasdan qutula olmas, o‘ziga ziyon-zahmat yetkazar, xolos.

– Yo‘q, u arslon men edim! Barcha urinishlarim bekor ketgan.

– Xayolkashsan, Nazar, tomirlaringda qon emas, o‘y oqayotgandek.

 

5.

– O, Xudoyim, qay manzilda tugarkin bu adoqsiz zulmat. Rutubatlar qachon poyon toparkin. Zimistonda yotaverib ayiqday semirib ketdim. Tambalman, tanbal! Xomsemizlik desam, bunga o‘xshamas. Tanim tobora shishib borayotir, tars yorilgudek!

– Ha, darding og‘ir, Nazar! Ko‘ngil taxti-yu vujuding qal’asini manmanlik, kibr-u havo ishg‘ol etgan. O‘ziga sig‘magan, dunyoga sig‘mas.

– Mendan qandaydir yoqimsiz is kelayotganday, zax hidimikan, yo mog‘or? Tanimga qo‘l tekkizsam, uvalanib to‘kila boshlaydi. Jirkanchman, jirkanch! Yo qudratingdan, tuproqdan yaralganimga endi inondim!

– Asling gil ekan-ku, Nazar! Muncha manmanlik nechun?

– Xokisor bo‘l deysanmi? Tuproqday oyoqosti bo‘laymi? Yuz yil tepkilab, bosqilab yurganlari yetmasmi? Bas, yetar! Vujudimda vulqonlar qahri, ummonlar shiddati, bir-biriga zid unsurlar jangi.

– Mushkul ahvolga tushib qolibsan, Nazar, adashmog‘ing tayin. Yo‘llar ko‘p axir. Ustiga-ustak so‘qirsan, so‘qir!

– Yaxshi bo‘lay deyman-u, hech bo‘lolmayman. Qo‘limdan kelmaydi. Yaxshilikka intilgan sayin, turtib-turtkilab yomonlik tomonga o‘tkazib qo‘yishadi. Mendan nima istaydilar? Maqsadlari nima? Aqlim yetmaydi.

– Nahotki, shunga ham aqling yetmasa, har kim o‘z ko‘mochiga o‘zi kul tortadi, Nazar.

– Odilsan. Bilguvchisan. O‘zing ayt, bu dunyoga kelib, kim qadr topdi? Shohmi? Gadomi? Yoki dili pok avliyomi? Kim? Osdilar, chopdilar, yondirdilar! Bariga moziy guvoh. Tahqirlanmagan kim bor?!

– Nazar, O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq barobar yonadi. Xudodan qo‘rq, qahrini keltir­ma, panoh tila.

 

6.

– Goh-goh ko‘rligimni unutib qo‘yaman. Boshim toshga tekkach, aqlim kiradi. Xom sut emgan bandaman-da. Axir, deyman-u tugilgan mushtni yengimning ichiga yashirib, qo‘l qovushtirib turaveraman. Ezilgan, xo‘rlangan yurakka qil ham sig‘maydi. Nogoh bir istak suqilib-bostirib kiradi. Haqiqatni bilish istagi. Ha, tentakman, tentak! O‘zing shohid, Xudo­yim. Yetmish yil muk tushib, kitob titkilab, so‘qir holimda savolimga javob izlaganim-chi. Bu yumush keltirgan bir talay tashvish. Badnom bo‘lganman. Shayton yo‘ldan ozdirgan ekan. La’nati Iblis!

– Eh Nazar, soddaliging qursin, har kimga, har gapga ishonaverasan, ergashib keta­verasan.

– To‘g‘risini aytsam, o‘shanda oz-moz qo‘rqqanman. Kitobga egilgan har bir kallani merganlar pana-panadan nishonga olishgan ekan.

– Nazar, baribir mergan mergan-da. Ayyor va epchil. Bitta o‘q bilan ikkita quyonni bexato urgan.

– Ba’zan ko‘rlikning ham nafi tegarkan! Shukurki, omon qolganman. Biroq qo‘rquv, hali-hanuz tark etgani yo‘q. Uyqudagi ilonday besas ichimda yashirinib olgan, shekilli. Shundanmi, sal narsadan hadiksirayverish odatga aylangan.

– Ha, Nazar, hali so‘qirlikning foydasi ko‘p tegadi, ko‘rligingdan xursand ham bo‘lasan.

 

7.

– Xudoyim, nega meni ko‘zlarimdan ayir­ding? Yo‘limni yo‘qotib, battar xonavayron bo‘lishimni xohladingmi? Yo ming bir sav­doni boshimdan kechirib, adashib-uloqib, bo‘g‘zimgacha gunohga botib yurganim uchunmi? Fikrim ojiz. Bu yozig‘mi? Jazoyingmi? Yoinki sinovmi? Zulmatdagi kishi hech biri­ning farqiga bormas. Ilojsizlik oyoq-qo‘limni ki­shanlab qo‘ydi. Qiynalib ketyapman, Xudoyim! O‘zing xalos et! Ko‘zlarimni och!

– Uyat-e, Nazar, ishlaring o‘ngidan kelib turganda Xudoyingni bir bor eslamas eding, endi uning yoqasiga yopishib olding. Ko‘r tutganini, kar eshitganini qo‘ymas ekan-da.

– Tavba qildim, Xudoyim! Mana qo‘llarim o‘z yoqamni tutdi. Tavba qilyapman. Sabr-qanoatsiz bandangni kechir! Kechirgin-u, meni sal tushun, salgina. Axir dodimni senga aytmasam, kimga aytaman, xudoyim? Malham istab, ming bitta eshikka bosh urib borganman axir! Shifo istab, do‘xtir hayron, Tabib lol. “Qachondan bu­yon ko‘rmaysiz?” deb so‘raydi barcha. Bilganlari shu. Besh yildir, o‘n yildir, balki yuz yil bo‘lgandir, deyman. Men qayoqdan bilay. O‘tirgan bir ko‘r bo‘lsam deyman. Birov kelib, ko‘r bo‘libsan-ku, Nazar, deb aytmasa deyman. Xudoyim, shu bechora qulingga bir bor rahm qil! Zig‘ircha nuringni undan ayama. Nur-ziyo senda ko‘p-ku. Shundoq ham, olamga sig‘may, to‘kilib-sochilib, isrof bo‘lib yotibdi-ku.

– Nazar, dunyoda nima ko‘p, to‘kilib-sochilib yotgan narsa ko‘p. Biroq bu behisob degani emas, hammasi hisob-kitobli, barchasi sanoqli, barining o‘z sohibi bor. Sen Parvardigoringdan ginalar qilma, o‘zingdan o‘pkala. U necha martalab ko‘zlaringni moshdek ochib qo‘ydi-ku, bilmading, qadriga yetmading, Nazar, yolg‘onchining makriga uchding.

 

Yusuf LATIF

“Yoshlik” jurnalini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri yosh iste’dodlarni kashf qilish, ularni jurnalxonlarga tanitish bo‘lgan. Jurnal va uning jamoasi aynan shu yo‘lda xizmat qilgan (hozir ham baholi qurdat harakat qilayotir). Bundan roppa-rosa 35 yil oldin tahririyat jamoasi xorazm­lik bir guruh yosh qalamkashlarning umid uyg‘otganlarini tanlab, ularning eng yaxshi asarlarini e’lon qilgan. O‘sha yoshlar orasida Yusufjon Latipov ismli nosir ham bor edi. Ushbu hikoya o‘zining tili, samimiyligi va bayon uslubi bilan o‘quvchida yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lsa ajab emas… Yosh nosir bir muddat tahririyatda ham mehnat qiladi.

Mana, oradan 35 yil o‘tib “Yoshlik”ning yosh muallifi yana jurnal tahririyati eshigini qoqdi; bu safargi yo‘qlov boshqacharoq – keksa, ammo sodiq muallif tahririyatning elektron manzili eshigini qoqib, ko‘ngil kechinmalari bitilgan badiasini jo‘natibdi. 1984-yil – “Yoshlik yo‘qlamasi” rukni ostida hikoyasi e’lon qilingan Yusufjon Latipovni yana yo‘qlab, uning “So‘qirlik sitamlari”ni e’tiboringizga havola qilyapmiz.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.