21 daqiqada öqiladi

319 marta körilgan

Kitob bilan tongim otdi

Vafo Fayzulloh

Taniqli şoir va tarjimon Vafo FAYZULLOH bilan suhbat

 

– Ehtimol, Sizga bu savol juda eriş tuyular, ayting-çi, badiiy ijod Siz uçun nima?

– Bismillahir rohmanir rohiym!

Avvalo, ijod sözi, ijodkorlik sifati meni çini bilan hayratga soladi. Uni bandaga, bandaning amaliga nisbat beriş soçimni tikka qilib yuboradi. Vujudimni titratadi. Zero, çinakam ijod, yaratiş sifati faqatgina Allohgagina xosdir. U ijodkorlikda şunçalik çevar, mohir, topqir Zotki, yaratiqlari naqadar gözal, naqadar aql bovar qilmas, hayratlanarli; har birida tuganmas hikmat, azaliy va abadiy qonuniyat, biz bilmas darajada muvozanat va möjiza mujassam. Allohning ijodkorligini tafakkur qilganimiz, mukammal kaşfiga duç kelganimiz sari, bu komillik, alimlik, basirlik, qisqasi, xalq etiş iqtidori, şuni bir çimdim anglagan va şundan taʼsirlangan, zavqlangan, ilhomlangan insonga, aql va şuur, fikr va hisni özgaça inʼom etgan Yaratuvçisiga şukrona ölaroq ojizona taqlid qilişga, ulgu olişga, yuragini işga solişga; Qiyomatga qadar davom etadigan öz qavmi hayotini, Uning özi uçun çegarasiz va çegarali, çeksiz va ölçamli maxluq olamini tarannum qilişga beixtiyor undaydi. Şunday olamlar bulbuli monand til unsuri bilan yaratilganimiz haqqi Allohga çeksiz hamdlarimiz bölsin!

Uzr, Odil aka! Menimça, gapning indallosini boşqaça boşlaş mumkin emas. Tom maʼnodagi ijod, ijodkorlik Parvardigorga xosligiga iymon keltirmagan iqtidor egasining balki ijodi eʼtiborga tuşar, ammo şaxsi nokomil, ikki olamdagi hayoti Uning nazdida ğarib, ojiz va ayançli bölişi begumon. Zero, badiiy ijoddan ham murod – ana şu Xoliqning yaratiqlari qançalik mukammalligini baholi qudrat, imkon qadar zör berib, astoydil, ixlos bilan; his-şuur, aql-es, tafakkur va idrok, hayo va odob bilan; köriş, eşitiş, soliştiriş, muqoyasa qiliş va eng muhimlaridan ibrat va saboq, örnaklarini kişilikka tutqazişdir. Badiiy ijod – insonni örganiş. Biz bilan birga va bizdan taşqaridagi olamlarni örganiş hayratlari, şuning taʼsirçan tajribalaridir.

Badiiy ijod – izhor va istiğfor! Saboq va hayrat. Tabrik va muomala. Minnatdorlik va izlaniş. Yillar ötib, uning şakl­lari, munosabatlari özgarişi mumkin, lekin mohiyati, asli, javhari özgarmasdir.

Badiiy ijod hayot oralab, uning eng muhim nuqtalari, eng şafqatsiz, fojiiy haqiqati haqida şu qadar gözal, mardona, umidvor qilib iymoniy tafakkur yuritişdir. Olamning, odamning çin tabiati haqida samimiy, lekin betakror, juda gözal bir ifoda. Unda insonning qalbi uçun mayoq böladigan nimadir – nur, neʼmat, ilm, sevgi, mehr, haqiqat kabi qadrli mezonlar, mehvarlar, heç şubhasiz, bölişi kerak. Çin, mehrbaxş, samimiy, oqil sözdek uzoq yaşaydigan, insonni mutaassir etadigan boşqa heç narsa yöq men uçun. Söz şunçalik sobit, mardona, şafqatsiz böladiki, ölik qalbni tiriltirişga qodir. Badiiy ijod yozganning jismi yetib borolmas davronlarga yetişiga, uning moddiy kuç-qud­rati ojiz oliy jamiyatlarning ezgu işi, hayotiga aralaşişga, kişilarning şaxsini, eʼtiqodi­ni komillik sari özgartirişga masʼuldir.

Odam borki, baxtli-saodatmand bölişni istaydi. Biroq uning fitratidan çekinişga moyil hayoti haqiqatni anglamasa, özini qölga olmasa, oqibati xusron[1] ekan. Alloh taolo Qurʼoni karimda insonni ogohlantiradi: “Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat iymon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bölişni tavsiya etgan va bir-biriga sabrli bölişni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar” (“Asr” surasi, 1–2-oyatlar).

Yaratganimiz baxtsizlikdan qutuliş yöllari qatorida körsatganlaridan biriga eʼtibor qarataylik. “…bir-birlariga haqiqatparvar bölişni tavsiya etgan… zotlargina bundan (ziyondan) mustasnodirlar”. Çinakam badiiy ijodning asosi, çin adibning sarmoyasi – haqiqat, haqiqatparvarlikdir. Zero, Alloh taolo boşqa sanʼat turlari qatorida, menimça, söz ahliga şunday fazl berganki, uni tavsiya qiliş qalamkaşning tasviriga, taʼsirli, gözal, ijoziy söziga boşqa heç bir iqtidor egasi, sanʼat turi yetolmasdir. Bu iqbol yöli şu qadar şaraf, şu qadar javobgarlikdir!

– Mustaqillik davri qahramonini qanday tasavvur etasiz? Uning qaysi fazilatlariga eʼtibor qaratgan bölar edingiz?

– Menimça, bu borada mulohaza yuritiş­dan oldin “qahramon” sözining özagi borasida öylab köriş lozim… Qahr! Qahrlandi… Inson nega qahr qiladi? Uning Yaratgani-çi? Uning voqeligiga adolatsizlik aralaşganida butun vujudi larzaga keladi! Aççiği çiqadi. Şundaymasmi? Özini körsatmoqçi böladi. Özi inongan haqiqatni yuzaga çiqarmoq yöliga yuzlanadi. Heç narsadan jahli çiqmaydigan, qahrlanmaydigan kimsa esa Inson-da hisoblanmaydi. Bir inson qalb amriga böysunib, şu rohda barça maʼnaviy va jismoniy imkoniyatlarini işga solib, ezgu bir amalni uddalaşini odamiylik, qahramonlik desa bölar. Heç qaçon qahramonlikning mohiyati özgarmaydi. Muhit, davr, zamon, şart-şaroit va tarbiyadan kelib çiqib, qahramonlikning şakli özgaça tajalliyda bölişi mumkin. Tarixdan bizga yetgan, nimadir qoldirgan, har sohaning yetuk, uddaburon, mahoratli va salohiyatli kişilari, şu qadar jurʼati, jasorati, dölvorligi, tavakkalçiligiça qahramon. Mening nazarimda, qahramon özidan köra oilasini, undan köra, mahalla-köyini, undan ham el-elatini yuksak körgan va barça qadrli qobiliyatini şular manfaati yölida safarbar eta olgan, fidoyiligi va jasorati, irodasi va aqli bilan muqaddas qadriyatlar bardavom yaşaşiga hissa qöşişga muvaffaq böla olgan zotdir. Afsuski, sobiq Ittifoq davrida asrlar oşa bizga ibrat bölgan qahramon bobolarimiz jasorati yaşirildi. Soxta qahramonlar yasaldi. Qahramon asli bilan yaşamadi, qahramonlikka yaramas qahramon rutbasi bilan yaşadi. Buni yaşaş ham deb bölmaydi…

Biz yangi davrga qadam qöyganimizga çorak asrdan oşdi. Biroq soxta qahramonlarga ergaşiş xastaligi hamon qaraşlarimizdan çiqib ketga­niça yöq. Bundan xalos böliş uçun har birimiz, avvalo, özimiz bilan kura­şişimiz, ruhiyatimiz va qalbimizda daraxt qurti kabi kirib olgan illatlarni sitib çiqarişimiz, ilmga intilib, fidoyi bölişimiz kerak. Bu jarayon sip-silliq keçmaydi. Izlangan, intilgan odam xato qilişi, qaltis yölga kirişi, horişi, juda murakkab jara­yonlar içida qolişi mumkin. Biroq har qanday kutilmagan, favqulodda vaziyatlarda ham iymoniga sobit, vijdonini söroqqa tuta oladigan, xato va kamçiliklari­dan, avvalo, özi xulosa çiqarib oladigan bölsa; umid va ezgu fikrda yaşasa, yurti va xalqining moddiy va maʼnaviy manfaatlarini özinikidan ustun qöya bilsa; şu yölda tinimsiz izlanib olğa bosa olsa, odam bilan emas, odamning illatlari va kamçiliklari bilan kuraşişdan tolmasa; har doim adolat tomonidagi mustaqil fikriga sobit şaxs qahramondir, ammo u özini qahramon emas, oddiy odam, odamiy deb biladi. Uning ilmga taşnaligi, doim öz ustida işlaşi, oqil, mard, avvalo, özini tarbiyalab borişi, vaqtni qadrlaşi, odamiylikni hamma narsadan ustun qöyişi, halol, pokiza, rostgöy bölişi, qadriyatlarimizni sevadigan, dunyodan ham xabardorligi men uçun qadrlidir. Bunday insonlar yangilanayotgan jamiyatimizning har burjida yöq emas. Men uni misol uçun qişloqda yerga munosabat asl holiga qaytayotgan dehqonlar orasida köraman. Faqat ularning ming jonli, ziddiyatli qismatini gözal badiiy tarzda qayta yaratadigan, ularni özidan köra köproq biladigan Qodiriylarga, Şoloxovlarga, Toğay Murodlarga öxşaş-öxşamas, betakror adiblar köz oçmaguniça bu savolni bir-birimizga berib yuraveramiz…

– Ijodiy faoliyatingizning katta qismi tarjimonlik bilan boğliq. Bunga “Jarayon” yorqin misoldir. Frans Kafkaning bu muhtaşam asarini çeksiz mehnat-u maşaqqatlar evaziga özbek tiliga ögirdingiz. Uning ilk varianti “Jahon adabi­yoti” jurnalining 2003-yil 8-, 9-, 10-sonlarida çop etilgan edi. Asarni kitob holida çop ettirişdan avval yana sayqallaştirib, muxlislaringizni hayratga qoldirdingiz.

– Hamma narsa havasdan boşlanadi. Ötgan asrning 80-yillari örtalarida Frans Kafkaning uç hayratlanarli novellasining özbekçadagi ilk tarjimasini öqib, bu adibga mehrim tuşdi. Novellalardagi oddiy odamning çekkan jabri, unga nisbatan noinsoniy munosabat, zulm körinişlari, şu jarayondagi voqealarning favquloddaligi va insonning allaqanday besönaqay maxluq-jonivorga evrilişining aniq talqini ham aql, ham idrok, ham tuyğu, ham badiiyat yuzasidan meni dahşatga solgan, bu jabrdiydalarga nisbatan botiniy hamdardlikka undagan. Dastavval yozuvçining “Bir köppak ustida tajribalar” qissasini özimça tarjima qilmoqçi bölganman. Kuçim yetmagan. Oradan yana 3-4 yil ötib, uning “Otamga xat”i qölimga tuşib qolib, bu botiniy faryod ustida mixlanib qoldim. Öttiz sakkiz yoşli Frans bu nomani, badiiy bir asarni maqsad qilib bitmagan, balki otasi bilan örtasida bolaligidan buyon davom etib, idrokiga salbiy taʼsir qilgan ziddiyatni çuqur his qilganida portlagan. Öşanda buni tarjima qilmasam bölmasligini his qilganman. Qolaversa, bu Kafkaning çin hasbi-holi uning asarlari ruhiga kirişim uçun qölimga oçğiç-kalit tutqazgan. Oçiği, endi öylasam, “Otamga xat”ni tarjima qiliş, “Jarayon” romanini ögirişga nisbatan ham aslida xiyla qiyin ekan. Zero, Frans uni şunday bir kayfiyatda bitganki, u bu pallada meʼyordagi aqliy xotirjamlikda bölmagan, uni bir ğazab jununi öragan. Albatta, bu aqlini yöqotiş darajasidagi jahl telbaligi emas, balki idrokning alamdiyda basirati oçilib ketib, oddiy zaminiylikdan yuksak anglov koinotiga çiqiş zuhuroti edi. Şuning uçun ham bu pallada söz qurilişi, badiiy mantiq, adabiy jilo berişni öylamagan. Fikr oqimlari, mantiq zamzamalari, inkor va iqror mavjlari şunaqa qatorma-qator kelaveradiki, ularni dastavval faqat his qiliş mumkin, labi-lunjini yiğiştirib, odatdagi tartibga soliş esa amrimahol. Endi anglab yetganimga köra, bunday “ijodkor”lik nohalol ham böladi, samimi­yatiga soya soladi. Hozir tösatdan xayolimga bir muqoyasa keldi: Kafka “Otamga xat”ni yozayotganda, men esa uni tarjima qilayotganimda, qariyb tengdoş bölgan ekanmiz…

“Otamga xat” yoki “Jarayon” romani özbekça ilk tarjima nusxasi va hozirgisi keskin farq qilmasa-da, har bir maʼno, söz ustidagi işlov, ziynat, jilo va tahrirlar saboq uçun bir tadqiqotga arziydi. Zero, katta va siqiq, ayniqsa, uslubi favqulodda asar tarjimasi birdan raso bölib qolmaydi. Sözning luğaviy maʼnosini emas, asardagi tilsimlangan maʼnosini oçiş uçun, unda ham Özi ilhom qilsagina, bilmadim, qança zamonlar kerak bölar ekan.

Oçiği, men “Jarayon”ni tarjima qilganimda, juda ayovsiz mağlubiyatga uçraganman. Lekin asarga mehrim haqqi buni tan olişni istamadim va tarjimani sayqallaş uçun yillar oşa kuç töpladim. Şu mağlubiyat meni Moskvaga yölladi, Adabiyot institutida öqitdi. Işqilib, döstim Yozef K. meni yolğizlatmadi, mağlubiyat abadiy emasligiga işontira oldi.

– Tarjimaçilikda kimni ustoz maqomida körasiz?

– Tarjimaçilik maktabi bizda kamida beş yuz, olti yuz yillik tarixiy darsxonaga ega. Undagi ixlos va ijodiylik ham hozirgiga qaraganda birmunça farq qiladi. Alişer Navoiy ustozi Jomiy­ning çil hadisni şeʼrga solgan qirq törtligini “Arbaʼin” nomida turkiyga ögirar ekan, arabiy hadis matni, forsiy şeʼriy talqinni be­­rişga sodiq qolgani holida, şoirlik maqomida ijodiy yondoşgan va töldirgan. Unda ruhan yaqinlik, mumtoz ijodiy musobaqa börtib közga taşlanadi. Hazrat Navoiy uluğ şayx Abdurahmon Jomiyning avliyolar haqidagi “Nafohat ul-uns” risolasini ham tarjima qilarkan, risoladagi valiyullohlar hayotiga oid özi bilgan, kitobda yöq maʼlumotlarni ham qöşadi. Risolaga ellikdan ortiq turk avli­yolari haqida butunlay yangi manoqib kiritadi. Mana, asarning asl nusxadan ham köra özga tilda ortiqroq qilib yaratiş iqtidori va nuktadonligi! Yoki Zahiriddin Bobur Xoja Ubaydulloh Ahrorning “Volidiya” risolasini nazmda gözal tarjima qilgani asar­ning badiiyat nuqtayi nazaridan qimmatini yana ham oşirgan, uning ommalaşişiga, amal qilinişiga ham kömaklaşgan. Bu esa Mirzo Boburdan ikki karra zahmat, mahorat, isteʼdod talab qilgan.

Qurʼoni karimda Alloh taolo şunday marhamat qiladi: “Ey insonlar! Dar­haqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringizni (va özlaringizni) bilişlaringiz uçun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qöydik”. (“Hujurot” surasi, 13-oyat). Tarjima el-elatlar bilan tanişişning, bir-birlaridagi eng yaxşi tarbiya va taʼlimni yuqtirişning taʼsirçan yöli ekanini moziy­dagi ustoz tarjimonlarimiz yaxşi bilişgan va haddi aʼlosiga yetkazib buni ado etişgan.

Sovet davriga kelib, bizda ham rus tarjima maktabiga asoslanib, endi bir tildan ikkinçi tilga ögiriş yevropa yönalişidan ketdi. Taglama degan vosita paydo böldi. Siyosat nuqtayi nazaridan “oğa” millat namoyandalarining töyi-tantanalarida rus adabiyotining mumtoz asarlari tarjimasida hatto haşardagidek, köpçilik işga solindi. Harqalay bunda ham baribir adabiyotimiz, xalqimiz yutdi. Tarjimaçilik­ning yangi maktabi şakllandi. Misol uçun, Mirtemirning Puşkindan qilgan tarjimalari qaytarilmas ijod, ustozlik namunasidir. Qiziği, Aleksandr Puşkinni yevropadan köra, biz köproq bilamiz, yaxşiroq tarjima qilganmiz. Uning ijobiy, ijodiy taʼsirini 60-yillardan keyin köz oçgan şeʼriyatimizda kuzatiş ham mumkin.

 Menga mohir tarjimonlarimiz Nizom Komildagi xalqona löndalik, Ibrohim Ğafurovdagi asar ruhidan kelib çiqib söz ijodkorligi, Toğay Muroddagi asliyatdagidan ham asl ohang va iboralarning topilişi, samimiyat, Erkin Vohidovdagi şoir bilan şoirona bellaşib, şu darajada özbekça jaranglatuv, Sadriddin Salimdagi asliyatdan baland zukkolik, Şavkat Rahmondagi qadim va jaydari sözning özini oqlaganligi, Matnazar Abdulhakimdagi olim va şoirlikning jipslaşib, Bedil va Pahlavon Mahmud şeʼriyatini şu yuqori bosimda çiqarib bera olgani, Jamol Kamoldagi mumtoz şeʼriyatni öz şeʼr talabida va ruhiyona yaqinlikda boşqa bir tilda yangrata olganlik havasimni keltiradi.

– Hozirgi tarjima jarayonini qanday baholaysiz?

– Davr, şart-şaroit, talab nuqtayi nazaridan kelib çiqib tarjima asri boşlandi bizda. Naşriyotlarda ham muallifining nomi çiqqan badiiy tarjima asarlarini bosişga iştiyoq, mazaxöraklik boşlangani ham bundan bir darakdir. Ammo dunyo adabi­yotida yaratilgan sara asarlar bir ummon bölsa, bizda tarjima qi­­linganlari hamon dengizdan tom­çiga öxşaydi. Tomçi bilan labni höllaş mumkin, qalb taşnaligini qondirib bölmaydi. Eng sara asarlar tarjimasidan keyingina milliy adabiyotda buyuk asarlar köz oçişi: masalan, bu rus, yevropa, yapon, hind, arab adabiyotlari misolida neça martalab tajriba­dan ötgan. Bizning dunyo adabiyotining şoh asarlari qatoridagi mumtoz adabi­yotimiz bor. Biroq aksariyati ötmişda yaratilgan. Ularga yuzlaniş uçun beş yuz, tört yuz yillik adabiy sanʼat, til masofalarini-da bosib-yengib ötiş kerak böladi. Jahoniy azim miqyosini özimizning yurakka joylaş uçun esa yuksak bir darajada şarhlaş, mubolağa bilan aytganda, tafsir qiliş kerak. Yassaviy va Navoiylar, Maşrab va Ogahiylar hikmati va nafosatidan esa olam qariyb bebahra.

Ayni jabhada, bu işga Yozuvçilar uyuşmasi masʼul. Tom maʼnoda katta işlar qiliş mumkin. Eng avvalo, uç asosiy nuqtadagi kuçlar bir markazga yiğilib, maslahatlaşib, bölajak işlarni taşkillaştiriş kerak. Bular: 1) Yozuvçilar uyuşmasi, uning tarkibidagi kengaş (qardoş xalqlar madaniyat markazlarining uyuşma qoşida ayrimlarining seksiyalari ham işlaydi); 2) tarjimaçilikka daxldor öquv yurtlari ustoz va talabalar guruhi (viloyatlarda ham bor); 3) tarjimonlardir. Ana şu birlaşuv va hamkorlikda birinçi navbatda jahon adabiyoti­ning qadim va zamonaviy sara namunalaridan tilimizga bugungaça tarjima qilinmagan asarlarning röyxatini tuzib çiqiş, muhokamadan ötkazib ham oliş lozim. Özbek adabiyotidan jahon tillariga tarjima qilinadigan asarla­rimiz röyxatini tuziş unçalik qiyin iş emas, hamma gap uni amalga oşirişda. Bunda endi xorijiy tillarni biladigan, kerak bölsa, çet ellarda yaşaydigan tarjimonlar bilan rostakamiga hamkorlikni yölga qöyiş zaruratdir. Yoşlarimiz içida xorijiy tillarni çuqur örga­nişga uriniş bölayotgani yaxşi. Ammo mumtoz asarlarimiz qaysi bir tilga tarjima qilinmasin, öşa til ona suti bilan xotirasiga örnaşgan bir ijodkor bu oğir işga boş qöşmas ekan, tarjima sözlar uyumi, sözlarning luğatdagi maʼnosi izohidan boşqa heç nima bölmaydi. Bunga jalb etilgan tarjimonlarga şaroitlar hozirlanib, moddiy rağbatlantirilmas ekan, iş olğa siljimaydi.

Milliy adabiyotimizdagi durdona asarlarning xorij öquvçisiga yetişi, jaydari aytganda, özbekni dunyo odami, şaxs sifatida tanişi, tan olişi, u haqida öylaşi böladi. Gurjilar eng yaxşi asarlarini yevropa tillariga özlari tarjima qilgan ekanlar. Va albatta, bu öşa xalqlar­ning badiiy tarjimada, ijodda tanilgan kişilari bilan hamkorlikda amalga oşirilgan. Bizda ham xuddi şu yöldan boriş kerak. Deylik, futbolda milliy terma jamoamiz ğolib bölişi uçun dunyoning manaman degan murabbiyi yo öyinçisiga falon miqdorda pul tölab, jamoada şarafini himoya qiliş uçun olib kelinyapti-ku. Sport sanʼat bölganidek, sanʼatning eng yuksak turi adabiyot ham sport, maʼnaviyat bellaşuvi, ruhiyat kuraşi va özimça sportda çempion bölişdan köra, adabiyotda çempion böliş oğir va şu qadar yuksak natija beradi, degan xayoldaman. Sportda bir marta yoki ön marta çempion böliş mumkindir, şunda ham yengiliş xavfi hamişa böladi, adabiyotda gözal asarlarning yaratilişi mutlaq çempionlik va ezgulikning abadiy ğalabasidir. Şunday tortiqlardan biri hazrat Alişer Navoiy ijodi deya kökrakka muştlaymiz. Ötgan asrning 80-yillarida hazrat Navoiy­ning ön jildlik asarlari rus tilida, “Fan” naşriyotida naşr etilgan. Bu katta zahmat, uluğ iş bölgan. Biroq nega ommalaşmadi? Moskvada öqiyotganimda uşbu ön jildlikni Adabiyot instituti kutubxonasida körib quvonib, mutolaa kartoçkasiga nazar taşladim, keyingi ön yilda heç bir talaba uni qöliga olmagan ekan… Böş qoldim degunça, uşbu naşrni varaqlayman. Közi tuşgan saboqdoşlarga “Navoiy” deb uzataman. Ular bir-ikki şeʼrni öqigan bölişadi-yu, yuzi­­da heç bir özgariş sezilmasdan özimga qaytarişadi. Oçiq ranjiganimni körib, tarjimalar “örtamiyona-ku”, deyişadi. Söngra men özlari siğingudek öqiydigan, gapirganlarida tillari­dan bol tomib maqtaydigan adiblari bilan hazrat Navoiyni soliştirib, “mana Navoiyning darajasi va mana sen klassik deb bilganniki”, degança, öz yölimga ravona bölar edim. Ikki yil davomida Navoiy men bilan hamsaboq yurdi va bir kuni xonadoşim, kursdoşim, yoşi öğlim qatori smolinsklik Zolotuxinning qölida hazrat Navoiyning ötgan asr­ning 60-yillarida çop etilgan kitobini körib, sevinçdan bir zum lol bölib turdim-da, söng söradim: “Qayerdan olding?” “Nodir kitoblar sotiladigan dökondan”. Şunda men bir haqiqatning tagiga yetganday böldim. Adabiyotimizning buyuk vakillari ijodi qançalik uluğvor bölmasin, öşa yuksaklikda turgani bilan u bugungi millatdoşning tarğibdan iborat saviyasi va muhabbati qadar eʼzozlanar yoki aksinça eʼtibordan çetda bölar ekan…

– Savolimga ayni muddao böldi. Yoş tarjimonlarga, ijodkorlarga maslahatlaringiz.

– Birinçi va oxirgi nasihat ham: muhabbat va fidoyi­lik. Tarjima – sanʼat, ijodkorlik. Xudo yuqtirgan isteʼdodga ilhom qanot böladi. Yoşlar aytmasam ham, özga tilni puxta egallaşlari kerakligini yaxşi bilişadi. Lekin undan ham köproq ona tilimiz, uning söz boyligi, fikr tarzini xöb va köp özlaştirişlari kerak. Yoşlar mutolaani xalq oğ­zaki ijodining ertag-u dos­tonlaridan boşlab, imkon qadar mumtoz adabiyotimizning eng durdona namunalarini öqigan, bilgan, sevgan bölsalar, bu tarjima jarayonida ham qöl keladi.

 Keyin har bir özga tildagi asar yangi olam, uning yaraliş-köz oçiş sabablari böladi; yozuvçining öziga xos uslubi, fikr oqimi, mahorat kaşfi muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Tarjimaga kirişişdan oldin şu tomonlaridan ham atrofliça xabardor böliş, özga til, madaniyat, qadriyatlardan qay darajada bilimdonlik ham quruq söz, matnning zohirini tarjima qilişdek adaşişning oldini oladi.

– Şaxsiy hayotingizda, ijodiy faoliyatingizda Sizni özgartirgan kitob?

– Buyuk kitoblar adaş yöldagi odamni dovdiratib qöyadi. Buyuk kitoblar kişiga juda zarurligida idrok va iroda beradi. Fikrlaş va kuraşiş iqtidorini uyğotib yuboradi. Talaba edim. Bir kuni çöntagimda bor-yöği ön tiyinim qoldi. Stipendiyani esa ertaga beramiz, de­­yişdi. Şunda men kutub­xonaga kirdim. Avval öqib töymaganim Jek Londonning “Marten Iden” romani esimga tuşib, söradim. Asarni qayta qölimga olib esa öşa kunni, qayerda ötirganimni butunlay unutibman. Kutubxonaçi opa keç bölganini aytgaçgina, kitobni sörab olib, yotoqxonaga ketdim. Kitob bilan tongim otdi. Birinçi marta öşanda özimni yengil his qilganman. Nafsoniy istagimdan ustun kelganman.

 Mening ham öquvçilik yillarim dahriylik tarğib qilingan bir davrda keçgan. Hatto yoşligim­ning bir qismi şu zulmatda, ğaflatda ötgan. XX asrning 90-yillari boşida ilk marta Qurʼoni karim, hadisi şarif tarjimalariga közim tuşib, xayolim qoçib qolgan, oğzim oçilgan, qaysi yölni tanlaşni bilmasdan dovdirab yurganman allaqança zamonlar…

Alhamdulillah, meni Qurʼoni azim uş-şaʼn töğri yölga soldi! Hadis taʼlimidan keyin haqiqiy mömin-musulmon kimlar ekanini tanidim. Har bir inson uçun, qalamkaş uçun ham iymon, töğri eʼtiqod hayot masalasi ekanligini angladim. Bu dunyoga nimaga kelganimni, qaydan kelib, qayga ketişimni tafakkur qila boşladim. Öylamang, bu anglovlarimni aytiş bilan komil musulmon böldim, degan daʼvoni qilayotganim yöq. Balki olam va odamga, uning Egasiga qaraşim özgardi. Şu mezondan turib özimning va özgalarning hayotiga ibrat va saboq közi bilan qaraşga urinaman. Va avvalo, özimning ojiz­ligim, kamçiliklarimning jindayginasi özimga körsatib qöyilgani uçun ham Öziga şukr qilaman.

– Sizningça, hozirgi axborot texnologiyalari asrida qanday qilib oilaviy kitobxonlikni şakllantiriş, yoşlarni kitob mutolaasiga jalb qiliş mumkin?

– Aslida oilaviy kitobxonlikka qadim Şarq xalqlari qatorida özbek xonadonida ham asos solingan desam, yolğon bölmaydi. Xotira hofizasida yuzlab xalq dostonlari saqlangan xalqimiz töy-bazmlardan taşqari bir xonadonda yiğilib, birov öqib, önov tinglab sel bölar davralar tarbiya va nafosat darslari bölgan. Ortiqça heç bir nasihat-daşnomlarsiz şu doston, ertak, badiiy asarlarning özi gözal his-tuyğu zavqlarini ulaşgan, yoşlarni eng olijanob qadriyatlar asosida tarbiyalagan. Buni öqimişli, savodxon, maʼnaviy komillikka intilgan oila sohibi va sohibasi hozir ham muntazam taşkil qilişi, masalan, haftada kamida ikki kun: maʼlum, hamma uyga yiği­ladigan vaqtda yölga qöysa, kifoya, özi izga tuşadi. Biz köpinça internet yoki televizordan yozğiramiz. Holbuki, taraqqiyot qulayliklari­dan har kim, maʼnaviyatiga köra, har xil foydalanadi. Masalan, men internetni-da bir kitob, nurda-yoğduda tutqazilgan kitob hisoblayman. Teledasturlarni ham tanlab körilsa, foydadan xoli emas. Ammo şunday xonadonlar borki, uyda televizor kuni böyi, tun yarmigaça öçmaydi. Sohibalar nima iş bilan band bölişmasin, bir közi teleekranda, butun vujudi, xayoli serialda böladi. Ammo oy-u yilda bitta kitobni olib varaqlaşga-da, hafsala qilişmaydi.

– Bevosita mehnat jara­yonida Abdulla Qodiriy, Çingiz Aytmatov, Ibrohim Ğafurov asarlariga muharrirlik qildingiz. Ularning har biri özgaça olam, öziga xos maktab yaratgan daholardir. Umuman, katta bir dargohda muharrirning örni, kitob tuğilişi jara­yonida Sizning kuzatişlaringiz, fikr-mulohazalaringiz men uçun qiziqarli.

– Bir kitobga muharrir bölişni bir paytlar tasavvur ham qilmaganman. Keyin özimning birinçi kitobimga hassos şoir Aʼzam Öktamning munosabatini körib, havasim kelib ketgan. Şoirligiga ehtiromimdan taşqari muharrirligiga ham hurmatim paydo böldi. Negaki, u kitob boşida yozgan bir oğiz sözi, şeʼrlarni qanday joylaştirgan bölsam, şunga rioya qilgani, hajm nuqtayi nazaridan ikkita şeʼr qisqaryapti deb kuyungani-yu, keyin bunga imkon topilganida sevingani hali ham köz ol­dimda turibdi. Bu munosabat könglimni osmon qadar kötargan edi. Va şunda muallifga, ayniqsa, birinçi kitobi çiqayotgan muallifga muharrirning e’tibori va masʼuliyati, agar muallifning yozganlari şunga arzisa, uni yuzaga çiqarişi, adabiyotga olib kirişini anglab yetdim. Şundan keyin muallif ham öz kuçiga işonib, ijodiga boşqaça, jiddiy qarar ekan.

Taqdir taqozosi bilan yozuv­çi Erkin Malikning tavsiyasi, rahmatli Tursunboy Adaşboyevning qöllab-quvvatlaşi tufayli “Şarq” naşriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Boş tahririyatiga işga keldim.

Rost, muharrirlik işim davomida ayrim favqulodda uluğ mualliflarning durdona kitoblarini tayyorlaş çekimga tuşgani Yaratganning meni xayrli sinovga solganidir. Axir, bu daholar bilan suhbatlaşişgina emas, favqulodda ijod va hayot siridan, mislsiz tajribalar ildizidan xabar topib qo­liş imkonidir. Bular men uçun muallifdan, avvalo, dars olişlar böldi. Bu kitoblarni tayyorlaş jarayonida özimni bir sakinat halovati va böronida his qilaman, kunduzni tunga ulab işlaşga töğri kelganda ham surur va rohat bağişlaydi. Bunda vaqt yöqotmasdan ulğaygandekman.

 Şunday kitoblardan mening uçun birinçisi: butun turkiy dunyo şeʼriyatining faxri, XX asr jahon şeʼriyatining betakror vakili, şaxsi ham şeʼriyati darajasida butun Rauf Parfi Özturkning saylanmasini naşrga tayyorlaş bölgan. Oçiği, aytib qolişim kerak! Bu dunyoda mening ham yaqinlarim, ustoz­larim, döstlarim oldida qarzday ötaşim kerak işlarim bor. Şunday zotlardan biri, ustoz Rauf Parfining mard va samimiy şaxsi, söz sanʼatining yuksak maqomidagi şeʼriyati men uçun hamişa örnak maʼyoği bölib keladi. Ammo tirikligida özi qança orzu qilgan, tayyorlab şogirdlari, maslakdoşlari, işonganlari qöliga topşirgan bölmasin, ijo­dining yaxlit va yombi majmuasini körolmasdan, bu dunyodan ötib ketdi.

Boş tahririyatning çorşanba kungi 2012-yildagi yiğilişlaridan birida boş muharririmiz yaxşi mualliflar­ning yangi, öquv­çi orziqib kutayotgan kitoblarini tayyorlaşga taklif söragani­­da, beixtiyor Rauf Parfining nomini aytib yubordim. “Böldi! Tayyorlang!” dedi Ahror aka. Men avval şoir dafn etilgan “Minor” qabristoniga yöl olib, ustozning qabrini ziyorat qildim. Ruhoniyati­­ga atab Qurʼondan tilovat qildim. Boşlamoqçi bölgan işimdan şoirning ruhi şod bölişini tilab, Rauf Parfi qabri oldida Allohdan izn va madad söradim. Yillar oşa özimdagi töplamlari, şoir­ning rafiqasi Sulhidaxonim taqdim qilganlari, matbuotda çiqqanlarini topib, köçirib tayyorlagunimça oradan yana olti oy ötdi. Şoir tuğilgan kuzning gözal kunida yana “Minor”ga ziyoratga ötdim. Ustoz qabri oldida şogirdidan-da yaqin şoir Çorşamni uçratib qoldim. Kitob tayyor bölayozganini birinçi marta naşriyotdan taşqaridagi odamga xuş­xabarladim. Çorşam aka quvonib ketdi. Özida Rauf Parfidan esdalik bölib turgan, şoir ösmirligida tutgan bir neça daftarlar borligini, berib turişini aytdi.

 Çorşam akada qolgan daftarlardan ayrim şeʼrlar olinib, saylanma töldirildi. Men qayerdadir, kimdandir eşitgan edim, hozir aniq eslolmayman. Rauf Parfi 50 yoşga tölganida ijodidan ikki jildlik kitob qilmoqçi, öz şeʼrlaridan iboratini “Ona Turkiston” va ikkinçi – tarjimalaridan saralaganlarini “Turkiston ruhi” deb nomlamoqçi bölgan ekan. “Ona Turkiston” uning vafotiga yigirma kun tölganida bir şogirdi tomonidan komp­yuterda terilib, tarqatilgani esimda. Şunda özim baholi qudrat yillar asosida şeʼrlari­­ni joylaştirib tayyorlaganim – saylanmasiga – “Turkiston ruhi”ni qöyiş menga ilhom böldi. Nazarimda, bu nom uning tarjima asarlaridan ham, aynan öz tilida bitgan şeʼrlariga köproq mos tuşar, şoirning öziga ham berilgan asl bir nom, asl bir sifat edi…

– Bu alohida mavzu ekanligini yaxşi bilaman. Ijodkorning kundaliklariga munosabatingiz qanday?

– Bundan 40 yil oldin özingiz menga kundaliklar yozib borişni maslahat bergansiz. Şundan bir-ikki yil ötib, talabalik davrimdan boşlab kundalik qoralayman. Goh muntazam, goh uzilib davom etadi. Insonning özini anglaşi, ilk intilişi, özligini tahlil qilişi, tevaraknikidan qatʼi nazar eʼtibor-munosabati kundaliklarda qay darajadadir boşqaça va çin aks etadi. Insonning badiiy iqtidori, adabiy tajribalari ham kundaliklarida şakllanib boradi. Uning muntazamligi aql va hisning tor doirasidan kengroq bölişi tabiiy. Zero, unda ozmi-köpmi, heç bir qolipga siğmaydigan, oldindan közlangan rejalardan taşqari, keng hayot manzaralari, kutilmagan voqealar qayd etilib qolişi ham mumkin. Bularni özimda sinab körmagan bölsam-da, kelgusidagi badiiy-nasriy asarlar uçun xomaşyo bölişi ham ehtimoldan uzoq emas.

 Biroq kundalik har bir insonning şaxsiy işi, şuning uçun uning ruxsatisiz boşqa birovning tanişişi insofdan emas. Inson – sir. Gohida uning Alloh roziligi uçun qilgan, Allohning özigina bilsa bas, deb eʼtirof etgan hayotini, amalini, nima kerak birov bilişi, ovoza qilişi. Çunki kişi kundalik yozayotganda har xil ruhoniy holatda böladi. Jamiyatga, öquv­çi­ga taqdim etiladigan har qanday kundalik esa haqiqatdan iborat, hayot murakkabligi va gözalligini anglaşga yordam beradigan, badii­yati va tarbiyaviy ahamiyati bilan öquvçining-da könglini ilitadigan hayot saboği bölsa, ayni muddaodir.

Kundalik har bir odamning har kungi öz iymoni oldidagi sarhisobi ham. Işlarining tadriji, qismati va hayotining u yoki bu darajadagi bir közgusidir. Şu jihatdan u foydali, hatto mömin-musulmonlar uçun buyurilgan narsa. Şunga köra, özini tuzatadi, saboq çiqaradi, komil böladi. Öziga yetişgan neʼmatlar uçun kerilmasdan, uning Egasiga şukr qiladi.

2021/2

Suhbatdoş: Odil HOTAM

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (73)

Şeʼr ham, şoir ham millat uçun oyna

XX asr özbek şeʼriyatidagi mavzularning turfaligi, taşbehlarning ohorli ekannida ustoz şoirlarning çuqur bilim va saviyasi körinib turadi. Bu şeʼriyat tarixiy voqealarga, uluğ şaxslarga murojaat etdi, şuning barobarida…