Milliy ruh – millat hujjati

0
1158
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlarining madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishining oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuvning jilovi bizning qo‘limizda emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifoda etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izlanishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztiroblari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

 

Javlon Jovliyev

 

  1. O‘zbek millatning XXI asr birinchi cho­ragidagi qiyofasiga bir qarang, qanday manzarani ko‘rasiz? Axborot bosimi odamlarimizni qay darajada o‘zgartirib yubordi? Milliy g‘ururimiz qay darajada? Xalqimizning bugungi kundagi o‘y-xayollari, dard-u tashvishlari nimada? Yozuv­chi, avvalo, shu savollarga javob izlashi va uni adabiyotda aks etib berishi kerak. Qahramonlarni kashta so­lingan chimildiqqa solib milliy adabi­yot yaratdim deb da’vo qilish, bodomdo‘ppi kiyib, “Barselona” jamoasiga muxlislik qilishdek gap. Millat dardi va haqiqat aks etmagan har qanday asar milliy adabiyot bo‘la olmaydi.

Ba’zi “kattagina” yozuvchilar­ning asarlarini o‘qib hayron qolaman. So‘zlarni, jumlalarni shunday mohirlik bilan ishlatisha­diki, tahsin aytaman, xatolardan xoli, ohangi bor, atrofga sinchi kabi (ikir-chikirigacha tasvirlaydi) nigoh tashlagan. Ammo, afsuski, unda xalqning dar­didan asar ham yo‘q, oxirida ko‘ngil oralig‘idagi bir nima bo‘lib chiqadi. Jon olib-jon berib yozilmagani se­ziladi, zamirini ko‘tarsangiz shamol­da uchgan xas kabi har tarafga o‘ynaydi. Axir, bu (o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa-da) qanday qilib milliy adabiyot bo‘lishi mumkin. Ko‘ta­radigan g‘oyasi yo‘q, sovet zamonidan qolgan nishon, ya’ni otgani mahalliy raisning yotog‘idan nariga o‘tolmaydi. Axir, ularning qo‘lidan millatning tiniq manzarasini berish keladi-ku! Axir, uning yoshlikda juda yaxshi yozgan hikoyalarini o‘qiganman-ku! Nahot, shuncha aynigan bo‘lsa yoxud dard bilan jang qilishdan bezganmikin, yo boshqa sabablar bordir, bilmadim. Ammo bir narsa aniqki, ular adabiyotga emas, faqat o‘zlariga xiyonat qilayotganlardir.

Bugungi milliy adabiyot xalq ongiga o‘rnashgan milliy nigilizmni – o‘z millatidan uyalishdan xalos qilishi kerak. Faqat chin san’at bilan bunga erish mumkin. Tog‘ay Murod kabi bugungi odamlarimiz yuziga oyna tutishimiz, bu oynadagi dahshatli manzaralarni ko‘rishdan “uyalmas”ligimiz, kimgadir “tegib” ketishidan cho‘chib ketmasligimiz kerak.

Yapon adibi Kobo Abening “Qumdagi xotin” romanida, bir qarasangiz, yapon milliy obrazlari yo‘qdek, ramzlar Ovro‘pa adabi­yotiga taqlidan vujudga kelganga o‘xshaydi. Ammo aslo unday emas. Undagi ayol chinakam yapon xarakteriga ega, u na xitoy, na turk ayoliga o‘xshaydi, uning matonati, yaponcha madaniyati bizga shunday xulosa chiqarishimizga asos bo‘ladi. Asarning yakunida ko‘z oldingizda har azobga (qumlar yomg‘iriga) bardosh berib, jilmayib turishga kuch topadigan yapon ayoli namoyon bo‘ladi.

Milliy ruhni aks etish uchun yozuvchi tanla­gan qahramonning o‘zi ham tom ma’noda milliy bo‘lishi kerak-da. Nega biz hamon “O‘tkan kunlar”ni sevib o‘qiymiz? Chunki unda qon-qonimizga singgan chin o‘zligimiz, milliy obrazlarimiz, orzularimiz bor. Yusufbek Hoji, Otabek, Qutidor, Kumush, O‘zbegoyim kabi personajlar sovet ta’siridan xoli, tom ma’noda milliy qahramonlardir. O‘tgan 50–60 yil davomida yaratilgan asarlarning ko‘pida sovet ta’sirida ulg‘aygan odamlar obrazi olib chiqilgan. Qozonda bori cho‘michga chiqadi deganday, xalqning o‘zi ham katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Ammo hozir ham shunday asarlar yaratilayotganiga, hamon chaynalgan mavzularni ezg‘ilayotganiga nima deysiz? Mavzu va qahramonni his qilish yozuvchi uchun juda muhim masala. Aytishadi-ku, yozuvchi nimani yozishdan ko‘ra, nimani yozmaslikni yaxshi bilishi kerak. Qahramon tom ma’noda milliy bo‘lmasa, milliy asar ham yaratib bo‘lmaydi.

Yosh yozuvchilar bugungi yoshlar obrazini olib chiqishi kerak. Chunki ular tiniqroq ko‘ra biladi bugungi o‘zbek yoshlarining yutug‘i va fojiasini. Shu navbatda aytish kerakki, yosh ijodkorlar tengdoshlardan yaxshigina qarzdordir ham. Bu qarzni uzmaslik, ma’naviy bo‘shliqning kengayishiga xizmat qiladi. Bugungi yoshlar obrazi o‘zbek ada­biyotiga juda zarur deb o‘ylayman.

 

  1. Adabiyot tom ma’noda erkin bo‘lishi kerak. Sen bunday yoz yoki unday yozma deb taqiq qo‘yish ahmoqona ish bo‘lardi. Fikr, qarash va g‘oyalarga hech qanday to‘siq bo‘lmasagina, adabiyot, chinakam adabiyot vujudga keladi.

Qator tashkilotlar esimni tanigandan beri ishsizlik muammosi bilan kurashayotgani haqida gapiradi. Ammo bunday quruq gaplardan foyda yo‘q. Uzoq yillar og‘ziga asal solingan matbuot, maqtovlarga to‘lgan “adabiyotchi”larning ham bu ishlarda ulkan gunohi bor, deb o‘ylayman. Adabiyot doim millat yo‘lini belgilovchi yo‘lchi yulduz maqomida turmog‘i lozim.

Bundan uch yillar oldin “Mustabidning hasha­rotlari” degan bir hikoya yozganman. Mustaqil bo‘lganimizga 25 yil bo‘lsa-da, o‘zbek tilida gapirishni va yozishni bilmaydigan odamlar, rahbarlar haqida edi. Keyin, o‘ylab qarasam, hikoyaning qamrovini juda tor olingan ekanman. Hozirgi kunda ham bolasining o‘zbekcha bilmasligi, yoza olmasligi bilan ishi bo‘lmaydigan, aksincha boshqa tilda ravon gapirishidan faxrlanib yuradiganlar ozmi? Ularning ongini mustabidning hasharotlari kemirmagan-ku? Ammo ular ham o‘zini madaniyatli o‘zbek ota-onalari deb hisoblashadi. Ularni nima deb nomlash kerak? Axir, til qon va jon masalasi… Unga befarq qarab bo‘lmaydi. Shuning uchun yozuvchi tarixni o‘rganibgina qolmasdan, zamonaga ham tiniq nigoh tashlashi kerak, deb o‘ylayman.

Har qanday holatda ham xalq adabiyotga tayana olishi kerak, uni suyanchiq, adolatli ustun deb bilishi kerak, ishonishi kerak. Chinakam asarlar yozilsagina xalqning adabiyotga bo‘lgan bu ishonchi ortadi.

  1. Talabalik paytda kim qayerga yetaklasa, qiziqib ketavergan ekanmiz. 2012-yili o‘tkazilgan “Sahnada zamondosh obrazi” teatr festivaliga qatnashganmiz. O‘shanda qaysidir kursdoshim bu festival zamon qahramonini bizlarga topib berarkan, deb qoldi – Prezident topshirig‘i ekan. Keyin birin-ketin shifokor, prokuror, irrigator, hokim, ixtirochi kabi “zamon qahramon”lari sahnaga chiqib keldi, ular shunday “rol” o‘ynashdiki, festival oxirida zamon qahramoni degan so‘zdan ko‘nglim ayniydigan bo‘ldi. Negadir ular zamon qahramonini biror-bir kasbdan qidirishgandi. Axir, u oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak edi-da. Shundan beri zamon qahramoni haqida gap ketsa, o‘sha “rol” o‘ynovchilar xayolimga keladi.

Adabiyot juda qudratli kuchga ega. Shu­ning uchun undan doim foydalanishni istashadi. Zamon qahramonini qidirib yozib bo‘lmaydi. Avvalo, o‘sha qahramon o‘zi otilib chiqishi kerak, uni xalq ko‘rishi kerak, qahramonligini sezishi kerak. Masalan, yong‘in ketdi deylik (Xudo ko‘rsatmasin), uyda yosh bolalar bor, odamlar birorta qahramon kutib turmaydi-ku, kimdir jur’at topib dahshatli olov ichiga o‘zini otadi yoki hech kim joyidan siljimaydi. Hozir esa yong‘in ketgan-u, qahramon ko‘rinmayotganday tuyiladi.

Neft-gaz mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim sanaladi. U haqda qandaydir asar yozish mumkin emasmi, mumkin. Hamma har xil yozadi. Ma­salan, men pochcham haqida yozardim. U uzoq yillardan beri neft-gaz sohasida ishlaydi. Bilimi va ishchanligiga hamma havas bilan qaraydi. Ortidan shogird­lari ergashib yuradi, ammo o‘quv­chiga uning ichki dunyosi, o‘ylari, dardi, muhabbati kerak. Xo‘sh, uning dardi nimada? U shu ishidagi zararli moddalar tufayli qizining ko‘zi tug‘ma zaif tug‘ilganli­gini biladi, tunlari azob chekadi, ammo ishini ham sevadi, kechib ketolmaydi. Har tong otasiga ko‘zoynak taqmayman deb xar­xasha qilayotgan qizini, yig‘laguday bo‘lib bag‘riga bosgancha maktabga eltadi. Tun-u kun o‘zi neft, elektr ishlab chiqarsa-yu, uyga kelib gazsiz, o‘choq­da tezak yoqib ovqat qilayotgan xotinini ko‘radi. Keksa ota-onasining televizor ko‘rishiga, ko‘z nuri zaif bolalarining elektr yorug‘ida kitob o‘qishiga imkon bo‘lmaydi, ammo u nolimaydi, tinmay mehnat qiladi, chidaydi va yangi konlar kashf etadi. Qahramonlik ortida qahramon ko‘tara ola­digan katta azoblar ham borligini unutmaylik.

Yozuvchi nima haqida “so‘zlamasin”, adolat tarozisi yonida turishi kerak. Manfaat-u qo‘rqoq­likni ijodxonada ortiq ushlab turmaylik.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.