Milliy ruh – millat hujjati

0
98
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlarining madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishining oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuvning jilovi bizning qo‘limizda emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifoda etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izlanishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztiroblari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

Akmal Jumamurod

 

  1. Muayyan xalq ijodiyotining bo‘y-basti, o‘ziga xosligini belgilovchi bosh mezon milliy ruhdir. Boshqacha aytganda, u – millat pasporti. Bu “hujjat” asarning yashovchanli­gini ta’minlaydi. Xalq xarakter-xususiyatini ochib beradi.

Milliy ruh uch jihat – harakat, holat va nutq uyg‘un­ligiga bog‘liq. Asarda bular shunchaki bir-birini to‘ldiruv­chi vosita emas, birgalikda mazmun tashuvchi g‘oya hamdir. Shu ma’noda ijodkor oldiniga MILLIY RUH nima ekanini o‘zi uchun oydinlatib olgani ma’qul. “Asar mana bu mantiqqa qurilsa, milliy ruh yaraladi” deyishda muayyan nazariy asos yo‘q. Chunki har bir ijodkor o‘zi bilganicha yozadi, voqelikni o‘zicha talqin qiladi. Hammamizga yaxshi tanish lavha: Otabek Marg‘ilonda shu yerliklardan bir-ikki kishini mehmon qiladi. Hasanali choy keltirgani qo‘zg‘alganda mehmonlardan biri uning kimligini so‘raydi.

“Otabek Rahmatning savoliga javob bermay, eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib, so‘ngra javob berdi:

– Qulimiz”.

Hasanalini uzoqlatib javob berish – nafaqat obraz sifatida Otabekning adabi, balki yozuvchi sifatida Abdulla Qodiriyning zehni, mahorati ham. Ehtimol, bugun tengqurlar ijodida mana shu zehn kamnamo.

Milliy ruh ekan deb ko‘pda egniga chopon tashlab, beliga belbog‘ boylab, yaktakchan bo‘z yigit obrazini yaratishga urinamiz. Ayol bo‘lsa agar – boshiga ro‘mol o‘rab, atlas-u adras, zeb-ziynat bilan orolaymiz. Urg‘uni tashqi metaforik chizgilarga yuklaymiz. Jo‘ngina aytganda, milliy ruhni kiyim-kechaklar qatiga berkitamiz. Holbuki, zamon, makon va holatni ifodalovchi birgina HARAKAT, birgina SO‘Z (Hasanalini uzoqlatib aytilgan “Qulimiz” singari) yakka obraz timsolida tarbiya va muhit, asar ruhi, pirovardida millat xarakterining “kod”lari, aslida. Shu sababdan ham ijodkor o‘zi qalamga olayotgan makon odamlari, xarakterini (zamondosh bo‘lgani holda) ilg‘ashi shart. O‘g‘risi, qassobi, boyi, nochori ham bir xil ohangda so‘ylaydigan bo‘lsa, fahmlash mumkinki, ijodkor asarda yashamabdi.

 

  1. Jamiyat hamisha harakatda, bir nuqtada qotib qolgan emas. Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, ikkita jahon urushining o‘zi haqida tom-tomlab asarlar bitilgan. Undan keyin ham urush mavzusiga murojaat qilgan yozuvchi-adiblar ko‘p. Biroq holatni aynan o‘z ko‘zi bilan ko‘rib-guvohi bo‘lgan ijodkorchalik jonli tasvirlab berish deyarli imkonsiz. Demak, har bir davr haqida muayyan izoh, tasavvur beruvchi asarlarning vujudga kelishi bu – taqozo, izchil jarayon. O‘zgarishlar odamlar ongiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi, albatta. Ijod esa qalbda, ruhiyatda sodir bo‘layotgan ana shu “o‘zgarish”larni yuzaga olib chiqadi.

O‘z davrida Qodiriy domla aytgan: “Modomiki biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgo‘r”lari bilan tanishtirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz…”.

Shaxsan men adabiyotning ijtimoiy hodisa ekanini O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz Erkin A’zam ijodida kuzataman. “Jannat o‘zi qaydadir”, “Shajara”, “Piyoda”, “Suv yoqalab”, “Zabarjad”, “Qarzdor”, “Farishta”… Barchasida odamlar­ning dard-u dunyosi, orzu-armonlari, tashvishlari bo‘y ko‘rsatadi.

Misol uchun, “Jannat o‘zi qaydadir”da marks­chi olim, butun umr soxta g‘oyalarga ishonib, shuning orqasidan olimlikka erishgan Domla va uning fojiasi tasvirlanadi. Xotini Bibirobiya (Xonim) esa yangi davrda biznesmenga aylanib qolgan fan nomzodi.

Asarda o‘tish davri odamlarining ruhiyati gavdalantiriladi. Aslida, buni har bir kishi o‘zicha boshdan kechirayotgan “o‘tish davri” desak ham yanglish bo‘lmaydi. Negaki, pulga, mol-dunyoga o‘chlik vajhidan o‘zga yurtlarda yaxshi yashashni orzulab, o‘z yurtini tashlab ketayotgan insonlar fojiasi – ayni bugunning ham gapi.

Yoki adib bilan “Suv yoqalab” yuramiz. Asar qahramoni Bolta Mardon bir vaqtlar rais bo‘lgan. Ikkita o‘g‘lini qabatiga olib, hovlisiga suv kelti­rish niyatida ariq yoqalab yo‘lga chiqadi. Qizig‘i, odamlarga raisning suv yoqalashi erish tuyuladi, chunki davri o‘tgan-da! Asarda Zulfiya, Sharofat aya, Musallam opa singari ruhiy dunyosi yakkash ayollar bilan uchrashamiz. Bundagi obrazlarning barchasini rais Bolta Mardonning suv yoqalashi jarayonida birin-ketin tanib boramiz.

Yozuvchining “Piyoda” hikoyasini olaylik. Asar qahramoni Berdiboy o‘ziga yarasha o‘jar, qay­sar – dilidagi tilida bo‘lgan obraz. Uning botinidagi isyon, norozilik kayfiyati nutqidagi kinoya, pichinglarda ham yaqqol sezilib turadi. Gap shundaki, Berdiboy jamiyatdagi yangilanishlarni qabul qila olmaydi. Deylik, qizlarning ochiq-sochiq kiyinishi, velosiped minishi va hokazo. Xuddiki buning bariga elektr, televizor “aybdor”. Aslida, jamiyatda taraqqiyotning odamlar ongiga ta’sirini ko‘rib, bilib tursa-da, buni ich-ichdan tan olgisi kelmaydigan berdiboylar yon-verimizda doim topiladi. Biroq uning “isyon”dan asl muddaosi nima: “…aka-ukalar barimiz bir joyda, masalan deylik, momom­ning bog‘ida – dashtda yashasak, bir qo‘ra, bir qo‘rg‘on bo‘lib! Topgan-tutganimizni kechqurun bir qozonga solsak, birga yesak, birga tursak!”. Shu, xolos. Mana shu birgalikka soya solayotgan balo – texnika. Shular bo‘lmaganda “…mehr-oqibat ham, og‘a-inichilig-u ota-bolalik deganlari ham boshqacha bo‘lardi”.

Umuman, zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan ustoz ijodkorlar orasida Erkin A’zam asarlari hatto qahramonlarga ism tanlashdan tortib, syujet sur’atigacha xalqqa yaqin va kitobxonga chapani, jaydari kishilar obrazini bosh qahramon sifatida tanitishi bilan qadrli.

Yozuvchi deganidek: “Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb o‘ylaysiz o‘zingizcha. Lekin bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umr­ning oxirigacha aytib ado qilib bo‘lmas! Muhim gapni aytish uchun, avvalo, ko‘ngilda shunday gap bo‘lishi kerak”.

 

  1. Badiiy obraz o‘z xarakter mantig‘idan kelib chiqib harakatlanadi, shunga izn berish zarur. Chunki u muallifga tobe emas, aksincha, o‘z yashash tarzi, dunyosi, turish-turmushi bor. To‘g‘ri, avvalboshi personaj xarakteriga xos parametrlarni ijodkorning o‘zi belgilaydi. Biroq syujet ichida u o‘z holicha erkindir.

Shundan kelib chiqsak, qahramon qiyofa­sini yara­tishda ifodalarni o‘rni kelsa-kelmasa qo‘llayvermaslik tarafdoriman. Xususan, qiyofa yaratishda ozg‘in, semiz, uzun, kalta kabi tasvirlar bilan siyratni ochishga uringandan ko‘ra, o‘quvchi ongida obrazni emin­-erkin tasavvur qilishga imkon yaratish zarur. Toki kitobxon xayolida bitta obrazning minglab qiyofasi yaralsin. Bu esa o‘quv­chini tahlilga, mushohadaga chorlaydi. Misol uchun, Abdulla Qahhor­ning “O‘g‘ri” hikoyasida Qobil boboning amin huzuriga kelgan holati. “Og‘zini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin bag‘baqasini osiltirib kuldi”, “chinchalog‘ini ikkinchi bo‘g‘inigacha burniga tiqib kuldi” singari ifodalar. Yozuvchi ana shu bo‘rttirma belgilar hisobiga zamona amaldorlariga xos jihat – qo‘l ostidagi fuqaro­ning taqdiriga befarqlikni ko‘rsatadi. Fikrimcha, qahramon yaratishda shu yo‘ldan borgan afzal.

Bir gal adabiy davrada “Ikki soniya” degan hikoyam ustida bahs ketdi. Unda ko‘pdan beri oylik olmayotgan ayol kechinmalari, turmushi, ruhiyati aks etgan. “Qurbaqani bossang ham vaq deydi” yo‘sinida pishib yetilgan sabri, oxir-oqibat, kresloda g‘o‘ddayib o‘tirgan rahbariga ayolning yo‘l bo‘yi suv shimib g‘ilchillab qolgan etigini yechib otishi manzarasi bilan yakunlanardi. Biroq… bungacha kechgan voqeliklar (hikoyada ayolning ro‘zg‘or yumushlari bilan bo‘lib qo‘lini kuydirib olishi, bir paytlar otasi sovg‘a qilgan sharfning sizi­lishi va hokazo ifodalar bor edi) o‘quvchida ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otishi aytib o‘tildi. Ya’ni maishiy vajlar xodimning (va yana ayol­ning!) rahbarga etik otishiga sabab bo‘lolmasligi, ushbu jur’at uchun vaziyat hali xomligi, personajga ijtimoiy yuk yetishmayotgani kabilar yuzasidan keragicha pandlarni qabul qilib oldim.

Obraz “qahramon”likkacha yo‘lni munosib bosib o‘tishi zarur. Buning uchun esa ijodkor uning gardaniga u ko‘tara oladigan darajadagi ijtimoiy yuk ortmog‘i lozim, zinhor ortiq yoki kam emas. Ana shunda u o‘zi yashab turgan davrdan boshqa davrlarga olib o‘tilganda ham “zamonaviy”ligini yo‘qotmaydi, zamonasoz bo‘lmaydi.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.