Kuchli odamlar hamisha oddiy bo‘ladi

0
27
marta ko‘rilgan.

Lev Tolstoy hikmatlaridan

 

***

Agar gapirmaganingga bir marta afsuslansang, sukut saqlamaganingdan yuz bor nadomat chekasan.

 

***

Barcha baxtli oilalar bir-biriga o‘xshash, lekin har bir baxtsiz oila ayricha baxtsiz.

 

***

G‘iybat odamlarga juda yoqadi. Birovni muhokama qilmaslik va bu bilan suhbatdoshingni ajoyib huzurdan mosuvo eta olish juda qiyin ish.

 

***

Axloqiy faoliyat insonning eng yuksak vazifasidir.

 

***

Ko‘p bilish emas, eng keragini bilish muhim.

 

***

Aytadigan gapi yo‘q odam hammadan ko‘p gapiradi.

 

***

Kutishni bilgan odam hamma narsaga erishadi.

 

***

Mayli, har kim o‘z eshigi oldini tozalasin. Agar har kim shunday qilsa, hamma ko‘chalar toza bo‘ladi.

 

***

Men sevadigan hamma narsamga ega emasman. Lekin o‘zimda bor barcha narsani sevaman.

 

***

Yaxshi bo‘lganimiz uchun bizni yaxshi ko‘rishadi, deb o‘ylaymiz. Aslida, ular yaxshi bo‘lganlari uchun bizni yaxshi ko‘rishlarini anglamaymiz.

 

***

Baxt – tabiat bilan bo‘lish, uni ko‘rish, u bilan muloqot qilishdir.

 

***

Muhabbat – sevadigan kishingning hayoti bilan yashashdir.

 

***

Nikoh singari o‘ta muhim, keskin, hamma narsani o‘zgartiradigan va ortga qaytish imkonsiz bo‘lgan ish yo‘q. Faqat o‘lim shunday, xolos.

 

***

Halol yashash uchun intilish, yanglishish, urilib-surilish, doim kurashish va nimalarnidir boy berish kerak. Loqaydlik – qalbning pastkashligidir.

 

***

Faqat o‘zingga ma’lum narsa haqida gapir. Aks holda jim tur.

 

 

***

Hamma insoniyatni o‘zgartirishni istaydi, lekin hech kim o‘zini isloh etish haqida o‘ylamaydi.

 

***

O‘rtacha va keraksiz narsalarni ko‘p bilgandan, kam bo‘lsa ham yaxshi va kerakli bilimga ega bo‘lgan afzal.

 

***

Agar o‘qituvchi faqat ishga muhabbatli bo‘lsa, u –yaxshi o‘qituvchi. Agar faqat o‘quvchini suysa, unga xuddi ota-onasiday mehrli bo‘lsa, hamma kitoblarni o‘qigan-u, lekin ishini va o‘quvchilarini yaxshi ko‘rmaydigan muallimdan afzaldir. Agar o‘qituvchi o‘zida ishiga va shogirdlariga muhabbatni jam qila olgan bo‘lsa, to‘kislik maqomiga erishibdi.

 

***

Odam hamisha baxtli bo‘lishi kerak; agar baxting tamom bo‘layotgan bo‘lsa, yaxshilab razm sol, qayerdadir xato qilding.

 

***

Odamlar ko‘pincha vijdonlari tozaligi bilan mag‘rurlanadi. Aslida, ularning xotirasi yaxshi ishlamaydi.

 

***

Odam ko‘nikmaydigan sharoit yo‘q. Ayniqsa, atrofdagi hamma shunday yashayotganini ko‘rsa, bu juda oson kechadi.

 

***

Odamlarni qanday gapirishga o‘rgatishadi. Asl ilm qachon va qanday sukut saqlashni bilishdir.

 

***

Odamlar muhabbat bilan tirik; o‘zingga muhabbat – o‘limning boshlanishi, Xudoga va odamlarga muhabbat esa hayotning boshlanishidir.

 

***

Xotirangiz emas, tafakkuringiz sa’y-harakati bilan egallangan bilim chinakam bilimdir.

 

***

Urush – g‘irrom va ahmoqona ish, chunki urushayotganlar vijdonlarining ovozini o‘chirishga harakat qiladilar.

 

***

Sevgisiz yashash oson. Lekin bunday hayotda mazmun yo‘q.

 

***

Ta’lim bilan tarbiyani ajratib bo‘lmaydi. Bilim bermay turib tarbiyalab bo‘lmaydi. Har qanday ta’lim tarbiyalashga ham xizmat qiladi.

 

***

Olim – kitoblardan ko‘p narsa o‘rgangan kishidir. O‘z davrining ilm va tajribalarini o‘zlashtirgan kishi o‘qimishli sanaladi. Hayotining mohiyatini anglagan kishi esa ziyolidir.

 

***

She’riyat inson qalbidagi olovdir. Bu olov yondiradi, harorat va nur beradi. Chinakam shoir ixtiyorsiz shaklda, iztiroblar bilan yonadi va boshqalarni ham yondiradi. Hamma gap shunda.

 

***

San’at yaxshini yomondan ajratishning bir usuli, ezgulikni tanishning bir vositasidir.

 

***

To‘g‘ri, oltin bor joyda tuproq ham ko‘p bo‘ladi; lekin bundan biror-bir aqlli gap aytish uchun istagancha valdirash mumkin degan xulosa chiqmaydi.

 

***

San’at yaxshini yomondan ajratishning bir usuli, ezgulikni tanishning bir vositasidir.

 

***

Har qanday yaramas o‘zidan tubanroq yaramasni topishi va undan yaxshiroqligi bilan g‘urulanishi, o‘zidan rozi bo‘lishi mumkin.

 

***

Eng hayratlanarli xatoliklardan biri – baxt hech narsa qilmay yashashda, deb o‘ylashdir.

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.