She’r ham, shoir ham millat uchun oyna

0
549
marta ko‘rilgan.
  1. XX asr o‘zbek sheriyatidagi mavzularning turfaligi, tashbehlarning ohorli ekannida ustoz shoirlarning chuqur bilim va saviyasi ko‘rinib turadi. Bu she’riyat tarixiy voqealarga, ulug‘ shaxslarga murojaat etdi, shuning barobarida, turfa kechinmalarni ifodaladi. Qisqasi, baland intellektual she’riyat bo‘y-bastini ko‘rsatdi, boyidi. Bugungi yoshlar she’riyatini bu jihat ila maqtab bo‘lmaydi. Ular bir nechta doimiy mavzu va ko‘proq, ko‘ngil izhori bilan cheklanib qolishayotganday. Yoki o‘quvchi bunday serqirra, serma’no she’rlarni o‘qimay qo‘ydimi? Umuman, zamondoshlarimiz qanday she’rlarni ko‘proq o‘qiyapti?
  2. Yaqinda bir qadrdonimiz aytib qoldi, bizning adabiyotda hali telefon haqida tuzuk-quruq asar yozilmagan ekan. O‘ylanib qoldim, chindan ham she’riyat har vaqt davr ruhi, kayfiyatini o‘zida jo etib kelgan. Ammo hozirgi she’riyatda ana shu ruh sezilmaydi, ellik yil oldin yasalgan qolip-tashbehlar hali ham “trend”da. Aytmoqchimizki, texnologik asrning unsurlari sezilmaydi. Bizningcha, metroga tushib manziliga yetib borguncha simlari shuvalashib qolgan quloqchinini epaqaga keltirolmay xunobi chiqib yotgan yo‘lovchi haqida ham go‘zal she’r yozish mumkin. Bu bir misol, ammo bunday vositalar hayotimizda ko‘p-ku. Kundaligimizdan muhim o‘rin olgan mobil telefon haqida she’r yozsa, kishi modernist bo‘lib qoladimi? Bu borada qanday fikrdasiz?
  3. Internet va ijtimoiy tarmoqlar turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanmagan, biror kun yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu omil ijodkorga, o‘z-o‘zidan adabiy jarayonga ham ta’sir etmay qo‘ymadi. Hozir “internet adabiyoti” degan tushuncha ham mavjudki, bundan asosan yoshlar “unumli” foydalanib, hali siyohi qurimagan asari uchun “like” yig‘ib olishmoqda. Xo‘sh, sizningcha, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jarayonga, xususan, ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
  4. Xalqimiz ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar degan maqol ko‘p ishlatadi. Albatta, bu maqol she’riyatga, shoirga-da, taalluqli. Bugungi she’riyatimizdagi ustoz-shogird an’analari, adabiy maktablar haqida fikringiz qanday?

 

  1. Savolni o‘qirkanman Afandi haqidagi bir latifa yodimga tushdi. Afandi uyda atrofiga bir uyum kitobni yig‘ib olib, hali u, hali bu kitobdan ko‘chirib, nimalarnidir yozib-chizib tursa, xonaga xotini kirib qoladi. Erini sira bunday holatda ko‘rmagan zavjasi hayron bo‘lib, nima qilayotganini so‘raydi. Afandi ishidan chalg‘imay, javob beradi: “Ko‘rma­yapsanmi, kitob yozyapman!” Sodda xotin uning javobidan qanoatlanmay, yana so‘raydi: “Afandim, kitobdan ko‘chirish qachondan beri kitob yozish bo‘lib qoldi?” Hozirjavob qahramonimiz bir mo‘yi ham qilt etmay, sopini savolning o‘zidan chiqaradi: “Ey o‘qimagan xotin, kitobdan kitob yaraladi-da, shuniyam bilmaysanmi!” Afandining yumor hissiga boy, o‘ta aqlli odam bo‘lganini hisobga olgan holda, gap adabiyotning oltin qoidasi haqida ketayotganini tushunish kerak. Ya’ni kitob ko‘chirish bilan emas, o‘qish va o‘rganish orqali yoziladi.

XX asr o‘zbek she’riyati mavzular­ning turfaligi, tashbehlarning ohorliligi, bu she’riyat tarixiy voqealarga, ulug‘ shaxslarga murojaat etganligi, shuning barobarida, turfa kechinmalarni ifodalaganligi bilan juda baland mavqega ega. Negaki, bu davrda yashab ijod qilgan aksar ustoz shoirlar o‘z ustida tinmay ishlaganlar, yaratish va ijod ishi bir foiz iste’dod va to‘qson to‘qqiz foiz mehnat bilan amalga oshirilishini hamisha yodda tutishgan. Balki shu sababli ham ular yaratgan she’r va dostonlarning ko‘pi she’riyatimiz durdonalari­ga aylangan.

Ammo, bugungi yoshlar ijodini kuzata turib, she’riyat oddiygina ko‘ngil izhori vositasiga aylanib qolmayaptimi degan xavotir ko‘ngildan kechadi. Balki she’riyatning ko‘lami, mavzusi torayib qolgani uchun ham bugun ko‘pchilik she’r o‘qimas? Yaqinda bir tanish ijodkor bilan bugungi kitobxonlar­ning ko‘pda saviyasizligi, yaxshi asarni tanlab o‘qiy olmasligi, shuningdek, haqiqiy she’r bilan faqat qofiyali qatorlardangina iborat “shig‘ir”larning farqiga borolmasligi haqida gaplashganimizda, suhbatdoshimning “Ha, endi, shu opamga o‘sha pochcham bo‘laveradi-da”, deya shu saviyasiz ommaga shu ada­biyot bo‘laveradi ma’nosidagi gapidan so‘ng chuqur o‘yga toldim. Demak, qaysidir bir adibning “Har bir adabiyot o‘z davriga munosib” degan fikrlari haqiqat bo‘lib chiqadimi? Aslida-chi, she’riyat qanday bo‘lishi kerak?

She’riyat – qalb va iste’dod birlashgan o‘zanda yaratilgan irmoq. U pokiza buloq. Buloq suvi shunchaki chanqoqni qondirish vositasi bo‘lmaganidek, she’riyat ham shunchaki she’rxonning mutolaasi uchun yaratilmasligi – faqatgina hislar bayonidan iborat bo‘lmasligi lozim. U adabiyotda inson qalbi va tuyg‘ulariga ta’sir qilishning eng yaxshi yo‘li ekan, unga go‘zal ma’nolar jamlanmasi, o‘quvchiga eng yaxshi insoniy tuyg‘ular beruvchi, shu bilan birga, uning tafakkuri va dunyoqarashini bo­yituvchi vosita deb qaralsa, she’riyat o‘z vazifasini ado etgan bo‘ladi. Mana shunday qaralmagan va haqiqiy she’riy durdonalar yaratilmaganda edi, dunyoga mashhur adib, Nobel mukofoti sovrindori Herman Hesse “Bor bilimimni shoirlardan olganman” deb tan olmagan bo‘lardi. Bunday she’riyatni yaratish uchun esa bugungi ijodkorlardan ko‘proq mutolaa va o‘z ustlarida ishlash, o‘zbek mumtoz adabiyoti va jahon klassikasi bilan tanishish, shuningdek, she’riyatdagi bugungi adabiy jarayonlardan ham boxabar bo‘lishlari talab qilinadi. Qisqasi, o‘qish va o‘rganish, ruhiyatni hamisha boyitib borish zarur. Axir, biz o‘quvchiga o‘zimizda borinigina bera olamiz. Shu o‘rinda, Xorxe Luis Borxesning o‘z davri yozuvchilariga qarata aytgan gaplarini bugungi yosh shoirlarga aytgim keldi: “Servantes Servantes bo‘lish uchun hatto ko‘chadagi e’lonlarni ham bitta qoldirmay o‘qir edi. Siz bo‘lsa, ikki sahifa o‘qimay buyuk yozuvchi bo‘laman, deysiz-a, sen’or…”

 

  1. Yaxshi ijodkor, avvalo, yaxshi sayohatchi bo‘lishi kerak. Negaki, Erkin Vohidov haqli ravishda ta’kidlaganidek,“Adabiy ijod hamisha So‘z olamiga sayohatdir. Ijodkor So‘zni tirik jon deb biladi va So‘z bilan so‘zlashadi”. Uning olamiga yo‘l esa yaxshi asarlar orqali o‘tishi hech kimga sir emas.

So‘z olamiga sayohat haqida gap ketar ekan, asrimizdagi texnologik qurilma va vositalar nomlarining adabiyotga kirib kelishi tabiiy hol va ularning asarlarda qo‘llanilishi bilan bu modernistik ruhdagi adabiyot yoki modern she’riyati bo‘lib qolmaydi. Bu shunchaki, insonning kiyimi o‘zgargani bilan kiyim ostidagi odam va uning qalbi o‘zgarmasligi kabidir. Bu texnologik unsurlar nomlaridan foydalanishdan maqsad esa, shu davr muhitini aks ettirish va fikrni bugungi o‘quvchi tezroq tushunadigan qilib yetkazishdir. Ammo bu borada bizda haliyam o‘tgan asrdagi qoliplardan chiqilma­yapti, degan fikrdan yiroqman. Ijodkorlar, xususan, bugungi tengdoshlarimiz she’rlarida asrimizning texnik qurilmalarini “qahramon”ga aylantirish ho­disasi ozmi-ko‘pmi bor. Masalan, Bobur Elmurodning “Fotoapparat va men”, she’rini olsak. Lirik qahramon fotoapparatga“Sen boqqan chog‘ nega odamlar Xushsuratdir, kulgidan to‘ygan. Men termilsam – sarg‘aygan o‘tlar Va daraxtlar gullamay qo‘ygan”. deya nido qiladi. Fotoapparat tufayli onasining dilbar, otasi­ning bardam qad kerib turgani, do‘stining ulug‘vor va bekam-u ko‘st ekanligini, baxtli bo‘lib ko‘rinish uchun unga ham ko‘z tashlashini so‘raydi. Garchi bu yerda fotoapparat majoziy obraz bo‘lsa-da, o‘quvchi asliyat va surat yillar mobaynida bir-biridan farqlanib borishini yaxshi biladi. She’rdagi samimiylik tufayli mo‘jizaga ishongisi keladi. Yoki o‘zimning ham “Telefon simi” she’rim borki, unda oddiy telefon aloqasining uzilganligi tufayli ikki insonning taqdiri o‘zgarib ketishi qalamga olingan.

  1. Internet, xususan, ijtimoiy tarmoq­larning foydalanuvchilar uchun ilmiy va amaliy ahamiyati katta. Hayotimda uning faqat ijobiy taraflarini ko‘rganim, faoliya­timda beminnat yordamchi bo‘lgani uchun ham bunga ijobiy qarayman. Televizorga chiqib olib, global tarmoqni yomonlaydiganlarning fikrlariga ajablanaman. Shoir Sadriddin Salim Buxoriyning shunday to‘rtligi bor:

 

Illat izlaganga illatdir dunyo,

G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.

Kim neni izlasa topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo!

Xullasi kalom, hikmat izlab, ijtimoiy tarmoqlarga kirgan oddiy foydalanuvchi, adabiyot tomondan qaralganda esa yozganlarini ko‘pincha biror narsaga arzimaydigan deb bilib, boshqalardan yashirib yuradigan ijodkor edim. Ammo ijtimoiy tarmoqqa kirgach, qoralamalarim ko‘pchilikka manzur bo‘lganini bildim, ustozlar e’tiboriga tushdim. Garchi, maq­tanish bo‘lib tuyulsa-da, yozgim keldi: “facebook” tarmog‘ida do‘stlashganim­ning birinchi kuniyoq ustoz Xurshid Davrondan she’rlarim haqida iliq fikr bildirilgan maktub olganman. Ertasi kuni (o‘sha kuni tug‘ilgan kunim edi) ustoz o‘zining “Xurshid Davron kutubxonasi” portalida ijodimdan namunalar va she’rlarim haqida qisqacha fikr-mulohazalarini e’lon qilgandi. To‘g‘risi, hayotimdagi hech bir tug‘ilgan kunim o‘sha kundagichalik esda qolarli bo‘lmagan. O‘rni kelganda, aytishim kerakki, Xurshid Davronni adabiyot maydoniga hurkibgina kirgan ko‘pchilik yoshlarning o‘ziga ishonch paydo bo‘lishida, yozganlari nimagadir arzishini ko‘rsatishda jonkuyar bo‘lgan sanoqli ustozlardan biri, deyish mumkin.

O‘sha kundan boshlab, rosti, yozganlarimga jiddiy qaray boshladim, o‘z ustimda ishlay boshladim. Yozganlarimni esa ustozlar nigohi bilan tahrir qila boshladim. Qisqasi, ijtimoiy tarmoqning faqat foydasini ko‘rib kelayotgan odamman.

  1. Internet tarmog‘ida bir surat ko‘rgandim. Unda qo‘llarini narvon shaklida bir-birlarining yelkalariga qo‘ygan bir necha odam va bu “narvon”dan ildam yuqorilab ketayotgan bolakay tasvirlangan. Bu rasmda ustozlarning shogirdlari kamoloti yo‘lida qanchalik jafokor bo‘la olishlari aniq va judayam tushunarli qilib ko‘rsatilgan. Shu-shu qayerda ustoz va murabbiylar haqida so‘z ketsa, o‘sha surat ko‘z oldimga keladi.

Har bir sohada bo‘lganidek, she’riyatda ham ustoz va shogird an’anasi katta ahamiyatga ega. Ustoz ko‘rgan yoki hech bo‘lmaganda qaysidir shoirni o‘zi­ning ma’naviy ustozi deb bilgan ijodkorning yozganlari boshqa tengdoshlaridan, ayniqsa, o‘z bilganicha qog‘oz qoralab yurganlardan keskin farqlanadi. Ijodi­ning ma’lum bir pallasigacha ustozining nafasi va ruhi, shubhasiz, uning yozganlarida sezilib turadi. Balki bu ruh yosh ijodkorning toki o‘z yo‘lini topib olgunicha unga hamrohlik qilar, uni yomon tanqidlar-u nazarlardan, o‘zi tanlagan yo‘ldagi past-baland chohlardan himoya qilar. Bilmadim, negadir menga shunday tuyuladi.

Bugungi she’riyatimizda Omon Matjon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Azim Suyun kabi katta avlod vakillarining, qolaversa, bir qancha keyingi davr shoirlarining adabiy maktablari shakllanib bo‘lganki, ko‘plab yoshlarda ularning she’rlaridagi o‘ziga xos ovozlarni, tashbeh va majozlarni sezib qolamiz. Qaysidir yosh shoir yoki havaskor ijodkordagi biror satr bizga Usmon Azim yoki Xurshid Davronni eslatib yuborsa, bilamizki, bu ijodkor o‘sha shoirdan ta’sirlangan, ijodidan zavqlangan. Bu holat, menimcha, ijobiy hodisa. Chunki yuqorida nomlari tilga olingan ustozlarning ham ilk ijodiy namunalarini o‘qirkanmiz, ularda Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidov qalamidan tomgandek o‘xshashlikni sezib qolamiz. Ammo ularda mana shu ustozlar an’analarini davom ettirish va keyinchalik o‘z ustida muntazam ishlash natijasida o‘zining yo‘nalishini, uslubini topib olish kuzatilgan. Endi ularning maktabida yetishib chiqqan shogirdlardan ham kamida ular darajasidagi adabiyot odamlari kamol topishiga ishonaman.

 

Go‘zal RO‘ZIYEVA

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.