Yurakda yomg‘irlar tinmas hech…

0
46
marta ko‘rilgan.

* * *

Bu dunyo kitob go‘yo, shamol varaqlar,

Olis yulduzlardan keltiradi xat –

Neki yorug‘ xalq qilingan, mangu charaqlar,

Neki asli zulmat – kul, tutun faqat.

 

Intilar tongotarga bashariy borlig‘,

Ko‘klarda tikilgandir kumushrang gulband –

Neki yorug‘ yaratilgan qolgaydir yorug‘,

Neki asli zulmat – xok, ko‘mir faqat.

 

Bu dunyo kitob go‘yo, shamol varaqlar,

Hech kim tushunmaydi hech on bu xatga,

Lek yorug‘ yaratilgan mangu charaqlar,

Neki asli zulmat, qaytgay zulmatga.

 

 

 

* * *

Ortda qoldi, yorijon, bari,

Baxtli damga yaqin juda ham.

Yo‘l olgandir oftob g‘arb sari,

Biz sharq sari tashlaymiz qadam.

Mayli bu tun yog‘dirsa ham qor,

Qorda izlar ko‘rinar yonib.

Muz ostida suv oqadi, yor,

Nasib etsa, icharmiz qonib.

 

 

 

* * *

Yana porlar kumush jilva tun,

Yana mening tinchim tunalgan –

Olis ishqning sokin yog‘dusi

She’r daftarim sari yo‘nalgan.

Ko‘z ochadi hislar iboli,

Dunyo demas dunyo oralab,

Faqat unut siymong xayoli

Qay oynalar ortida porlar…

 

 

 

* * *

Shaharda anqiydi tiyramoh…

Daryoda to‘ng‘igan oqar suv,

Osmonda bulutlar cho‘kkan choh,

Titrashar qatorda so‘zlar duv…

Achchiq haqiqatlar zamoni,

So‘ngra kelar izma-iz sevinch.

Barglar ufuradi armonni,

Yurakda yomg‘irlar tinmas hech.

 

 

 

* * *

…Qalb bir tog‘ so‘z uyumi ag‘darilgan jar,

Ketmas san’atda ham, xotirsizlikda…

Hech vaqo yo‘q – na-da nasr, na she’rlar,

Faqat tunlar bordir uyqusiz – sodir etgan

aqlsizliklar…

 

 

ISLOM

 

Mushaf uzra kalomlar yombi,

Karaxt ko‘cha, suzadi azon.

Shu’lalanar kumush oyning o‘rog‘i –

Qo‘ng‘iroqlarga zor emas imon…

Xayoli bir… xaloyiq daryo:

Intil ul Zot ulashar hikmat.

G‘am-sevinchda, g‘azabda dunyo,

Har bandaga tutadi ne’mat…

 

Shu lahzada dil topgan qo‘rg‘on,

G‘am-g‘ussaga bu yer beomon…

 

 

 

* * *

Osilganda oy xiyobon ko‘kida

Yelkam osha nafasini tuyaman,

Uyqu buzar, qahri qattiq, guppi, g‘ar,

Ishonmaydi mo‘jizaga bir manman.

Oynam qoqar shu lahzada gul bahor

Boshqa yonga boqqanimda ul deydi:

“Qaylardadir intiq kezadi dildor…”,

Qisqaradi tunlar bari ham endi…

 

 

 

 

 

 

 

* * *

Irina Goryunovaga

 

O‘z uyingda go‘yo qafasda: sen o‘zingga o‘zingsan mahbus,

Ishonch badar, iqbol darbadar, iroda ham ko‘zyoshga manxus.

Shart qandayin, shunday bajarmoq bu dunyoda bilganing faqat,

Oynani shart ochasan, paydo soniyada kechgan haqiqat –

G‘imir-g‘imir hamishagiday, avto shovqinida ezilgan yomg‘ir…

Hammasiga siltagancha qo‘l – boqar sening kulbangga kimdir.

Qo‘lda qora fonusi bilan yelkasida narvoncha uning,

Hech kimdan hech neni so‘ramay, kirib ketar qo‘yniga tunning.

 

Rus she’riyatining nisbatan kenja avlodiga mansub Sergey Vladimirovich Knyazev qiziqishlari keng, o‘zi tarjimai holida yozganidek adabiyotdan tashqari musiqani sevib, ayniqsa, o‘tgan asr 60–70-ingliz-amerika, 80-yillar sovet jaz-rok musiqasining muhibi va ijrosisi bo‘lganiga qaramay, uning she’riyat yo‘lidagi izlanishlari va yutuqlarida Pushkin, Yesenin va Rubsov an’analarini dadil davom ettirayotgani seziladi. Uning so‘z ohangini, she’r jarangini, ma’no zalvorini savqi tabiiy ila chuqur his qilishi bir o‘quvchi sifatida e’tiborimni tortdi.

 

Sergey KNYAZEV

1981-yili Moskvada tug‘ilgan. Rossiya Gumanitar universeti hujjatshunoslik fakultetini hamda A.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining oliy ada­biyoti kursini bitirgan. “Kumush kecha” (“Vecher seribritsya”) she’rlar kitobi muallifi.

Rus tilidan Vafo FAYZULLOH

tarjimasi.

 

 

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.