Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir

0
13
marta ko‘rilgan.

Zomin seminari ishtirokchilariga savollar:

1. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida qachon qatnashgansiz? Seminar sizda qanday taassurot qoldirgan?
2. Seminar ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatgan? Sizga qattiq ta’sir qilgan voqea, suhbat, uchrashuvlar bo‘lganmi?
3. Zomin seminari kashf etgan yoshlardan kimlarning ijodini kuzatib borasiz? Sizningcha, yillar mobaynida ularning ijodida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
4. Bu yil Zomin seminarining qanday o‘tishini istar edingiz?

1. Zomin seminarida qatnashish baxtiga men 2005 yilning yozida musharraf bo‘ldim.
Mezbon yurt farzandi sifatida tadbir ochilishida menga so‘z berishdi. Bu mening katta minbardagi ilk so‘zim edi. Hayajonim kuchliligidan o‘shanda nimalar deganimni aniq eslay olmayman. Biroq keyingi kuni ustoz Abdulla Oripov meni yana sahnaga taklif qilib, ijod mas’uliyati, so‘zga munosabat va yoshlik qadri haqida o‘git berganlari hech esimdan chiqmaydi.

2. Seminar davomida ustoz­larning saboqlari, qiziqarli uchrashuvlar va maroqli suhbatlar bir umrga tatigulik ma’naviy ozuqa bo‘lib, toshga bitilgandek xotiraga muhrlanib qolgan.
Kechalari gulxan atrofida mushoiralar o‘tkazilardi, yoshlar o‘z hozirjavobliklarini, iste’dodlarini ko‘rsatishga harakat qilishardi. O‘rtada charsillab yonayotgan gulxan go‘yo yoshlarning yuraklaridan kuch olayotganday edi. Ana shunday mushoiralardan birida archa shoxlari orasidan g‘alati bir mavjudot mo‘ralab turganini ko‘rdik. Qarasak, u olmaxon ekan. Shu paytgacha men olmaxonni faqatgina mult­filmlarda ko‘rganim uchun uni bunchalik mitti bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. “She’r sehri tog‘dagi olmaxonlarni ham o‘ziga rom etdi”, deb kulishdik. Rosti ham shunday. Bo‘lmasa, har qanday jonzot odamzoddan panada, olisroq bo‘lishni istaydi. Buni qarang, she’r o‘qilyotganda shoxdan shoxga sakrab yuradigan olmaxon ham yaqin kelar ekan-da!
Zomin seminarida bir marta ishtirok etgan har qanday ijodkor yana qatnashgisi keladi. Shu sababli bo‘lsa kerak, bizdan bir yil avval qatnashgan Umid Ali o‘z hisobidan ulov yollab, bir guruh  samarqandlik yosh ijodkorlarni Zominga boshlab kelgandi. Bundoq o‘ylab qarasak, ularni bu yerga tortgan kuch nima?! Adabiyotga mehr, she’riyatga muhabbat, tengdosh­lariga xayrixohlik.
Seminar yakunida g‘oliblar bir-bir chaqirila boshladi. Hayajonlanganimdan bo‘lsa kerak, yuragimning dukillashi eshitiladi. Bir payt Abdulla Oripov ism-sharifimni o‘qib qoldi. Ustoz sovg‘a sifatida televizor topshirar ekan, “Faqat yaxshi voqealarni ko‘rsatsin”, deb lutf etdilar. Televizorni ota-onamga olib borib berdim. Ishonasizmi, o‘sha kunlari ikki hafta mobaynida tinimsiz goh u kanalda, goh bu kanalda faqat Zomin seminari haqida lavhalar, ko‘rsatuvlar efirga ketgan edi.  

3. Seminar juda ko‘p yoshlarni kashf etgan. Ularning aksariyati bugun o‘z ovoziga ega ijodkorlar bo‘lib yetishdi. Qator kitob­lari nashr etildi, Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Zomin seminari ishtirokchilari hisoblangan Shodmonqul Salom, Muhammad Siddiq, Adiba Umirova, Oydinniso, Faxriddin Hayit, Behzod Fazliddin, Dilrabo Mingboyeva kabi teng­qurlarimning ijodiga havasim keladi va iloji boricha ularning yozganlarini kuzatib borishga harakat qilaman.
Ularning ijodidagi o‘zgarish­larga kelsak, baholi qudrat adabiyotshunoslar, ustoz ijodkorlar e’tirof etib kelishmoqda. Men ularga qo‘shilib nima ham derdim. Sinchilarimiz topib, bilib aytishyapti-ku!
4. Bu yil Zomin seminari qayta tashkil etilganidan cheksiz quvondim.  Istardimki, seminar qaynoq ruhda, jo‘shqin kayfiyatda o‘tsin. Yoshlarning seminardan oladigan taassurotlari bir umrga yetadigan saboq bo‘lib qolsin. Buning uchun, avvalo,  o‘zlari she’r dardida yonmoqliklari kerak.

Muhiddin ABDUSAMAD

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.