Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir

0
8
marta ko‘rilgan.

Zomin seminari ishtirokchilariga savollar:

1. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida qachon qatnashgansiz? Seminar sizda qanday taassurot qoldirgan?

2. Seminar ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatgan? Sizga qattiq ta’sir qilgan voqea, suhbat, uchrashuvlar bo‘lganmi?

3. Zomin seminari kashf etgan yoshlardan kimlarning ijodini kuzatib borasiz? Sizningcha, yillar mobaynida ularning ijodida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

4. Bu yil Zomin seminarining qanday o‘tishini istar edingiz?

 

Ozoda BEKMURODOVA

1. Talabalik  davrimizda, bir oyog‘imiz universitetda bo‘lsa, bir oyog‘imiz adabiy, she’riy kechalarda bo‘lardi. Qayerdaki mushoira, she’rxonlik bo‘lsa, o‘sha joyda hoziru nozir bo‘lishni baxt deb bilardik. Hozir ham eslasam, hayajonu sog‘inchdan entikib ketaman… 1997 yili Zominda bo‘lib o‘tadigan yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etish xushxabarini eshitganimda bir haftacha ko‘zlarimga uyqu kelmagan.

Adabiyotimiz darg‘alari bo‘lgan ustoz shoir-yozuvchilar, turli viloyatlardan kelgan  tengdosh ijodkorlar bilan baland tog‘lar bag‘rida, tabiatning dilbar quchog‘ida, ozod qaynab yotgan musaffo buloqlarning jonbaxsh navolari og‘ushida bir necha kun  she’rxonlik bo‘lganini eslasam, hanuz yuragim orziqib ketadi. O‘shanda zarif bir ko‘ngil holatini, she’riyatga oshnolikning, so‘zga mubtalolikning chinakam zavqini yorqin his etganman.            

2. Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Sharifa Salimova, Sharofat Botirova hamda Umida Abduazimova kabi ustoz shoirlar bilan boshimizga naqadar yaqin osmon, qo‘l uzatsak yetgudek yulduzlar, baland tog‘larning ruhimizga tutash viqori ostida kechgan suhbatlarimiz, ulkan va so‘nmas umid soyasi ostida o‘zgacha muhabbat bilan o‘qigan she’riy mashqlarimiz toti hech qachon yodimdan chiqmaydi. O‘shanda hayotimda yorug‘ burilish bo‘lgan: meni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilishgan.

3. Haqiqatan ham, o‘sha paytda o‘nlab iste’dodli yoshlar ijodi e’tirof etilgan. Seminar ishtirokchilarining she’rlari, hikoyalari “O‘riklisoy ilhomlari” deya e’tirof etilib, gazeta va jurnallarda chop qilingan.

4. Adabiyotning bayramlari ko‘p bo‘lgani yanada yaxshi. Zominda yosh ijodkorlarning seminari o‘tkazilishi ayyom ustiga yana bir qutlug‘ kun – bayramdir. Ayniqsa, adabiyot ostonasida turgan iste’dodli uka-singillarim uchun seminar ulkan saboq bo‘lishiga ishonaman. Istardimki, ularni baholash jarayonida kitobxonlik darajasiga ham e’tibor qilinsa. Negaki, ma’naviy did, ijodiy saviya kitob mutolaasi bilan yuksaladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.