Ana shunaqa

0
5
marta ko‘rilgan.

Navoiy yaratgan kuylar

Xondamir “Xulosat ul-axbor”da, Bobur “Boburnoma”da, Mutribiy “Nusxayi zeboyi Jahongir”da Alisher Navoiy musiqa ilmining bilimdoni bo‘lgani, tevaragidagilarni ham soz ilmini o‘rganishga chorlagani, musiqalar bastalagani haqida aytiladi. Biroq bu asarlarda Navoiy aynan qanday musiqalarni ijod etgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Buyuk shoirning kuylaridan ba’zilari hozirgacha yetib kelgan, degan taxmin bor. Jumladan, Abdurauf Fitrat “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” kitobida “Qari Navo” yoki “Qari Navoiy” kuyi haqida yozadi: “Bu kuyning juda eski bir kuy ekani har tomonda so‘ylanib turur. Eshitganimizga ko‘ra, Farg‘onada ham “Qari Navoiy” ismli eski bir kuy bor. Toshkent musiqachilari bu kuyni “Qari Navo” derlar. Biroq bu ism yanglishdir. Alar shul “Qari Navoiy” ismini buzib olg‘anlar. Buxoroning eski musiqashunoslarining orasida bu kuy Navoiy asari bo‘lg‘oni so‘ylanadir. Mana shu ma’lumotlardan so‘ng “Qari Navoiy” kuyining Alisher Navoiy asari bo‘lg‘ani ehtimoli kuchlanib qoladir”.
Bu kuy bilan aytiladigan “Shoda-shoda marvarid” qo‘shig‘i juda mashhur. O‘ynoqi, sho‘xchan bu kuy keyinchalik xalq qo‘shig‘i uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

Dunyoda qancha kitob bor?

Yetakchi qidiruv sayti “Google” dunyodagi barcha badiiy, publitsistik va ilmiy asarlarni hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, dunyoda 129 864 880 ta kitob bor.
Biroq bu internetga ma’lum kitoblar, xolos. Kutubxonalardagi va qo‘lyozma fondlaridagi juda ko‘p kitoblarni qidiruv mashinasining o‘tkir nigohlari “tuta olmagan”i aniq.

Farzandingiz yaxshi o‘qishini istasangiz…

Xalqimizda “Bola – boshidan” degan maqol bor. Yaxshi tarbiya ko‘rgan farzand keyinchalik ota-onaning yuzini yorug‘ qilishi isbot talab etmas haqiqat. Yel universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot bolalarining ta’lim-tarbiyasiga jiddiy qaraydigan kishilarni e’tiborsiz qoldirmasa kerak.
Izlanishlar uchinchi sinfgacha yomon o‘qigan bolalarning to‘rtdan uch qismi o‘rta maktabni bitirgunicha o‘qishni shu taxlit davom ettirishini ko‘rsatdi. Demak, ana shu vaqtda – bola uchinchi sinfga yetib olguncha uning o‘zlashtirishiga ko‘proq diqqat qaratish zarur.

Orif Tolib
tayyorladi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.