(Oçerk)
Minsk çekkasidagi eski uç qavatli uy. Bu kabi uylar uruşdan söng vaqtinça yaşaş uçun şoşa-pişa solingan edi. Uning atrofini dilni yayratuvçi qalin yasmin butalari örab olgan. Yetti yil davom etgan izlanişim mana şu uydan boşlandi. Ğaroyibotlarga töla azobli yillar. Özim uçun uruş olamini, biz oxirigaça mağzini çaqa olmagan dunyoni kaşf etdim. Dard, nafrat, nafs – bu tuyğularning hammasini tuydim. Latiflik va tahayyur. Ölim qotillikdan nimasi bilan farq qilişini anglaşga, insoniylik va ğayriinsoniylik örtasidagi çegarani ilğaşga harakat qilaman. Boşqa odamni öldira olişi, öldirişga majburligi haqidagi telba fikr inson xayoliga qanday keladi? Uruşda ölimdan taşqari yana köplab boşqa narsalar ham borligini kaşf etaman. Oddiy hayotimizdagi hamma narsalar uruşda ham bor. Uruş ham bir hayot. Son-sanoqsiz insoniy haqiqatlar, sirlarga duç kelaman. Ilgari öylab körmagan savollarimga javob qidira boşlayman. Masalan, nima uçun yovuzlikdan hayron bölmaymiz, uning mavjudligidan hayratlanmaymiz?
Yöl va yöllar… Mamlakat böylab önlab sayohatlar, yuzlab yozib olingan kassetalar, ming-ming metr magnitofon tasmasi. Beş yuzta uçraşuv, keyin esa sanamay qöydim, yuzlar xotiramda xira torta boşladi, faqat tovuşlar qoldi. Xotiramda jör ijro yangraydi. Ulkan xor, baʼzan sözlari hatto eşitilmaydi, faqat hasrat. Tan olaman: bu yölni oxirigaça bosa olişimga baʼzan işonmay qolardim, kuçim yetişidan şubhalanardim Qalbimni şubha va gumon, qörquv çulğab olgan daqiqalar köp bölgan, baʼzan yöldan töxtab, ortga çekingim kelardi, ammo endi özimni töxtata olmasdim. Men yovuzlik asiriga aylandim, nimanidir tuşuniş uçun tubsiz jarga möraladim. Endi, nazarimda, maʼlum bilimlarga ega böldim, biroq savollar köpayib, unga javoblar kamaydi. Ammo öşanda, yöl ibtidosida bu haqda bilmas edim.
Meni bu uyga şahar gazetasida eʼlon qilingan kiçik xabar yetaklab keldi. Xabarda yaqinda “Udarnik” Minsk yöl maşinalari zavodida katta hisobçi Mariya Ivanovna Morozovani tantanali ravişda nafaqaga kuzatib qöyganliklari haqida yozilgan edi. Öşa xabarda bu ayol uruşda snayper bölganligi, ön bitta medal bilan taqdirlanganligi va yetmiş beşta duşmanni öldirganligi haqida ham xabar berilgandi. Bu ayolning uruşdagi kasbini tinçlik davridagi işi, gazetadagi surat, mana şu oddiylikning barça belgilari bilan uyğunlaştiriş qiyin edi.
Örilgan soçini boşi uzra çambarak qilib örab olgan bu jikkakgina ayol yuzini qöllari bilan berkitib katta kresloga çökib ötirardi.
– Yöq-yöq, istamayman. Yana öşa yerga qaytgim kelmaydi. Hozirgaça uruş haqidagi filmlarni körolmayman. Öşanda hali gödak edim. Orzu qilib ulğayardim, ulğaya orzu qilardim. Şu orada uruş boşlandi. Senga hatto rahmim keladi. Nima deyotganligimni yaxşi bilaman. Rostdan ham şuni bilmoqçimisan? Qizimdan söraganday sörayapman.
Albatta, hayron böldi.
– Nega mendan sörayapsiz? Erimning oldiga borişingiz kerak, u eslaşni yoqtiradi. Komandir, generallarning ismi, çast sonlari – hammasi esida. Mening esa esimda yöq. Özim bilan sodir bölgan voqealarnigina eslayman, xolos. Öz uruşimni. Atrofda odam köp, biroq doim yolğizsan, çunki ölim oldida inson doim bir özi qoladi. Mudhiş yolğizlikni eslayman.
Magnitofonni öçirişni söradi:
– Gapirib berişim uçun közlaring kerak, u esa xalaqit beradi.
Bir neça daqiqadan söng esa u haqda unutib yubordi.
Mariya Ivanovna Morozova (Ivanuşkina), yefreytor, snayper:
“Bu oddiygina hikoya böladi, oddiygina rus qizining hikoyasi, mendaylar u paytda köp edi. Qişloğimning nomi Dyakovskoy bölib, hozir u yerda Moskvaning Proletar rayoni joylaşgan. Uruş boşlandi, hali ön sakkizga ham tölmagan edim. Soçlarim uzun – tizzamga tuşardi. Uruş uzoqqa çöziladi, deb heç kim öylamagandi, erta-indin tugab qoladi derdik. Duşmanni haydab çiqarsak böldi. Kolxozga bordim, keyin hisobçilik kurslarini tugatdim, işga kirdim. Uruş esa davom etyapti… Dugonalarim. Tengdoşlarim: “Frontga borişimiz kerak”, deyişdi. Mana şu masala köndalang turardi. Hammamiz voyenkomatdagi kurslarga yozildik. Balki oramizda şunçaki yozilganlar ham bölgandir, bilmadim. Jangovar vintovkadan otiş, granata uloqtirişni örgatişdi. Boşida, tan olaman, vintovkani qölimga ololmasdim. Qörqardim, yoqimsiz edi. Kimnidir öldiraman deb sira tasavvur qilmasdim, şunçaki frontga borişni istardim. Guruhda qirqtaça qiz şuğullanardik. Qişloğimizdan törtta, narigi qişloqdan beşta qiz edik, xullas, hamma qişloqdan qizlar bor edi. Hammasi qizlar. Bilagida kuçi bor erkaklarning hammasi frontga ketib bölgan edi. Baʼzan xabarçi yarim keça kelib, narsalarni yiğib oliş uçun ikki soat muhlat berardi. Ularni olib ketişardi. Baʼzan dalaning özidan çaqirib olib ketişardi. (Jim böladi) Hozir eslolmayman ham, raqslarimiz bölganmi, yöqmi, bölgan bölsa ham qizlar qizlar bilan raqs tuşardi, yigitlar qolmagandi. Qişloqlarimiz jimib qoldi.
Tez orada komsomol va yoşlar MK çaqiriği eʼlon qilindi, hamma Vatan himoyasiga otlansin, çunki nemislar Moskva ostonasigaça kelgan. Gitler Moskvani bosib olişini xayolimizga keltirolmas edik. Bunga yöl qöymaymiz! Bitta men emas… Barça qizlar frontga boriş istagini bildirdilar. Otam allaqaçon frontda edi. Faqat biz frontga boramiz deb köksimizga uryapmiz deb öylardik. Voyenkomatga kelsak bizdaylar köp ekan. Oğzim oçilib qoldi. Yuragim hapriqib ketdi. Tanlov esa juda qattiq edi. Avvalambor, albatta, mustahkam soğlik bölişi kerak edi. Meni olişmaydi deb qörqardim, çunki bolaligimda tez-tez kasal bölardim, onam aytganidek, suyaklarim ham nimjon edi. Şuning uçun ham meni köp xafa qilişardi. Undan keyin, frontga ketayotgan qizdan bölak oilada farzand bölmasa, ularga ham rad javobi berilardi. Onani yolğiz taşlab ketiş mumkin emas edi. Voy, beçora onajonlarimiz! Közyoşdan yuzlari şişib ketardi. Bizni urişişardi, bizga yalinib-yolvorişardi. Mening yana ikkita singlim va ikkita ukam bor edi. Mendan ança kiçkina bölişsa ham, baribir hisobga ötardi. Yana bitta vaj kolxozdan hamma ketgan, dalada işlaydigan odam qolmagandi, raisimiz bizni yuborgisi kelmadi. Bir söz bilan aytganda, bizga yöq deyişdi. Komsomol raykomiga bordik, u yerda ham rad javobini oldik. Şundan söng rayonimizdan delegatsiya bölib komsomol obkomiga bordik. Yuragimizda olov, közlarimiz çaqnardi. Bizni yana uyga jönatişdi. Keyin qaror qildik. Moskvaga keldikmi, komsomol MQga, eng tepaga, birinçi sekretarga boriş kerak. Oxirigaça kuraşamiz. Kim doklad qiladi, kim oramizda jasur. Sekretar oldiga borganlarning birinçisi bölamiz deb öylagandik, borsak, sekretar oldiga kiriş u yoqda tursin, koridorga kirib bölmaydi. Butun mamlakatdan yoşlar töplangandi, okkupatsiyada bölganlar köp, yaqinlari ölimi uçun qasos olişga oşiqardi. Butun Soyuzdan kelişgandi. Ha-ha. Biz hatto biroz şoşib ham qoldik…
Oqşom tuşgaç, sekretar oldiga kirişga muyassar böldik. “Otişni bilmasanglar, qanday qilib frontga borasizlar”, deb söraşdi. Jör ovozda “Örgandik” deb javob berdik. “Qanday? Qayerda? Jarohatni boğlaşni bilasizlarmi?” Voyenkomat qoşidagi kurslarda rayon döxtiri jarohatlarni boğlaşni örgatgandi. Javobimizdan keyin öylanib qolişdi, bizga jiddiyroq qaray boşlaşdi. Yana bir yutuğimiz bor, biz yolğiz emasmiz, biz kabi otişni biladigan, birinçi tibbiy yordam körsata oladigan yana qirqta qiz bor. Bizga: “Uyga qaytib, kuting. Masalangiz ijobiy hal qilinadi”, – deyişdi. Naqadar baxtiyor edik! Heç yodimdan kötarilmaydi… Ha-ha…
Bir-ikki kundan keyinoq qölimizga çaqiruv qoğozini tutqazişdi.
Voyenkomatga keldik, bizni şu zahoti bir eşikka kiritib, ikkinçisidan çiqarişdi. soçimni çiroyli qilib örib olgandim, uni voyenkomatta taşlab keldim. Boşimni soldatlarnikiga öxşab qirtişlab taşlaşdi… Köylagimni ham olib qöyişdi. Onamga na köylagimni, na soçlarimni bera oldim. “Biron narsangni esdalikka qoldir”, – deb rosa yalingandi. Gimnastyorka, pilotkalarni kiydirib, qölimizga kiyim qoplar berib, yuk sostavga piçan ustiga ortişdi. Piçan hali nam, undan dalaning isi kelardi.
Yuklarimizni quvnoqlik bilan ortdik. Öynab-kulib, hazil-mutoyiba bilan. Köp kulganimiz esimda.
Qayerga boryapmiz? Bilmasdik. Kim bölişimiz ham muhim emas. Frontga borsak böldi edi. Hamma jangda. Biz ham boramiz. Şyolkovo stansiyasiga keldik, uning yaqinida snayperlar maktabi bor ekan. Bizni öşa yerga jönatişibdi. Snayperlikka. Xursand bölib ketdik. Axir, bu – haqiqiy. Otamiz.
Örgana boşladik. Garnizon xizmati, intizom nizomlarini yodlardik, joylarda maskirovka qiliş, kimyoviy himoyalanişni örganardik. Hamma qizlarimiz astoydil öqirdi. Snayperni yumuq köz bilan buzib uni qayta teriş, şamol tezligi va nişon harakatini aniqlaş, öra qaziş, yer bağirlab yurişni örgandik. Bularning hammasini aʼlo darajada bajarardik. Tezroq frontga olovga taşlansak edi. Ha-ha. Kurslarni tugatib, imtihonlarni “beş” bahoga topşirdim. Eng qiyini trevoga eʼlon qilinganida turib, beş daqiqa içida tayyor böliş edi. Kiyişga vaqtimiz ketmasin deb etikning bir-ikki ölçam kattasini olardik. Beş daqiqa içida kiyinib, saf tortişga ulguriş kerak edi. Paytava öramasdan etik kiyib, safga yugurib çiqqan holatlar ham bölgan. Bir qizimiz oyoğini muzlatib qöyay degan. Starşina körib, tanbeh berdi. Keyin paytava öraşni örgatdi. Tepamizda turib olib “Qizlar, qizlarjon, sizlardan qanday qilib frislar uçun xörak emas, soldatlarni tayyorlasam ekan?” deb tönğillardi. Qizlar, qizaloqlar. Hamma bizni yaxşi körardi, bizga rahmlari kelardi. Biz esa avaylaşganlari uçun xafa ham bölardik. Boşqa soldatlardan kam joyimiz bormi?
Mana, frontga ham yetib keldik. Orş ostonasiga oltmiş ikkinçi öq otiş diviziyasiga. Komandirimiz, polkovnik Borodkin, bizni körib, jahli çiqib ketdi: bir etak qizlarni jönatişibdi. Bu nima, xotin oşimi deganday. Kordebalet! Bu yerda uruş bölyapti, töy emas. Dahşatli uruş. Biroq keyin xonasiga taklif qilib, tuşlik bilan siyladi. Qarasak, adʼyutantidan “Çoy bilan içişga biron şirinlik bormi?” deb sörayapti. Albatta, darrov xafa böldik, bizni kim deb öylayapti özi? Biz jang qilgani keldik. U esa bizni soldat emas, qizlardek köryapti. Yoş jihatdan qizi tengi edik. “Azizlarim, sizlarni nima qilaman? Sizlarni qayerdan yiğib olişdi ekan?” U bizga şunday muomala qilgandi. şunday kutib olgandi. Biz esa özimizni jangçimiz, uruşdamiz deb öylabmiz! Ha-ha…
Ertasiga qanday otişimizni, joylarda qanday maskirovka qilişimizni köriş uçun maşğulotga çaqirdi. Otişni aʼlo darajada bajardik, hatto jangdan ikki kunlik kurslarga çaqirtirilgan erkak snayperlardan ham yaxşi otdik. Ular erkaklarning işini bajarayotganimizdan hayratlanişardi. Ular ayol snayperlarni hayotida ilk bor körayotgan bölsa kerak. Otişdan söng joylarda maskirovka qiliş tekşirildi… Polkovnik kelib, yalanglikni közdan keçira boşladi, keyin bitta dönglikka turib oldi, baribir, heç nima körinmayapti. Şunda tagidagi dönglikdan sado çiqdi: “Örtoq polkovnik, ortiq çidolmayman, oğir ekansiz”. Hamma qotib kuldi! Polkovnik şu darajada bildirmay maskirovka qiliş mumkinligiga işonmasdi. “Endi qizlar xususidagi gapimni qaytarib olaman”, dedi. Lekin baribir, biz bilan qiynalardi… Bizga uzoq könikişiga töğri keldi… Birinçi marta “ov” (snayperlar şunday deyişadi)ga çiqdik, şerigim Maşa Kozlova edi. Maskirovka qildik, yotibmiz: men kuzatyapman. Maşaning qölida vintovka. Maşa menga:
– Ot, ot! Qara, nemis… – deydi.
Men unga:
– Men kuzatyapman. Sen ot! – dedim.
– Biz bu yerda tortişgunimizça, – deydi u, – nemis ketib qoladi.
Men esa unga özimnikini maʼqullayapman:
– Oldin öq otiş xaritasini çizib oliş, möljalni tuşiriş kerak: ombor qayerda, qayinlar qayerda.
– Sen maktabdagiday qoğozbozlik qilmoqçimisan? Men qoğozbozlik qilişga emas, otişga kelganman!
Qarasam, Maşaning jahli çiqyapti.
– Unda nega turibsan? Ot!
Yana uzoq vaqt sen-menga solib turdik. Bu payt nemis ofitseri soldatlarga körsatma berayotgandi. Arava keldi, soldatlar tizilib, qandaydir yukni qölma-qöl uzatişdi. Ofitser biroz turib, buyruq berdi, keyin közdan ğoyib böldi. Biz esa tortişib turibmiz. Qarasam, ikkinçi marta körindi, endi yana ötkazib yuborsak, boşqa imkon bölmaydi. Uçinçi marta bölganida, bu esa bir on, xolos, bir paydo böladi, bir yöqoladi, otişga qaror qildim. Qaror qildim-u, miyamda bir fikr yarq etdi, axir u odam-ku, mayli duşman bölsin, baribir odam-ku, qöllarim qaltiray boşladi. butun tanamni titroq bosdi. Qandaydir qörquv. Baʼzan hozir ham tuşlarimda mana şu tuyğuni tuyaman. Qoğoz nişonlardan söng tirik odamga öq uziş nihoyatda qiyin. Men uni optik nişonimda yaxşi körib turibman-ku. Göyo yonimda turganday. Içimda nimadir qarşilik körsatardi. Nimadir uşlab turardi, qölim bormasdi. Ammo özimni qölga oldim, tepkini bosdim. Qöllarini baland kötarib, yerga yiqildi. Öldimi, yöqmi, bilmadim. Biroq şundan söng butun vujudimni titroq bosdi, qörquv çulğab oldi: men odam öldirdimmi?! Bu fikrning özigayoq hali könikişim kerak. Ha, qisqasi taʼriflab berib bölmaydigan dahşat! Buni unutib bölmaydi.
Vzvodimizga qaytib kelib, men bilan sodir bölgan holatni aytib berganimizda, yiğiliş qilişdi. Komsorgimiz Klava Ivanova menga uqtira boşladi. “Ularga şafqat qiliş kerak emas, ulardan nafratlanişimiz kerak”. Faşistlar uning otasini öldirişgan edi. Baʼzan, qöşiq xirgoyi qilsak, iltimos qilardi. “Qizlar, kerak emas, mana şu ifloslar ustidan ğalaba qozonaylik, öşanda qança kuylasak arziydi”.
Asta-sekin… Hammasi darrov bölgani yöq. Nafratlaniş va öldiriş ayollarning işi emas. Bu bizga xos emas. Özimizni işontirişimiz, dilimizni köndirişimiz kerak edi…
Bir neça kundan söng Mariya Ivanovna menga qönğiroq qilib, özining frontdagi dugonasi Klavdiya Grigorevna Kroxina xonadoniga taklif etadi. Men yana bir bor şu iqrorni eşitaman…
Klavdiya Grigorevna Kroxina, katta serjant, snayper: “Birinçi marta, albatta, qörqinçli… Juda qörqinçli…
Yotib oldik, men kuzatyapman. Qarasam, nemislardan biri okopdan boşini kötardi. Tepkini bosdim – u yiqildi. Bilasizmi, butun badanim qaqşadi, suyaklarim zirqirab ketdi. Yiğlab yubordim. Nişonlarda maşq qilganimda boşqaça edi, hozir esa odam öldirdim! Men öldirdim! Menga notaniş bölgan bir kimsani öldirdim. U haqda heç nimani bilmasam-da, uni öldirdim. Uşbu hissiyot keyin ötib ketdi. Bunga bir voqea sabab böldi. Biz hujumda edik, kiçik bir qişloq oralab borar edik. Ukrainada bölsa kerak. Yöl yoqasida barakmi, uymi, nimaligini tuşunib bölmasdi. Çunki hammasi yonib kulga aylangan. Qop-qora toşlar qolgandi, xolos. Faqat uy poydevori. Köp qizlarimiz borişni istamadi, biroq meni nimadir öşa yoqqa tortdi. Mana şu kul orasida odam suyaklari bilan birga olovdan qoraygan yulduzçalar bor edi. Bu yerda yaradorlarimiz yoki asirlarimizni yoqib yuborişgan. Şu voqeadan söng qança öldirsam ham, sira açinmadim. Mana şu qora yulduzlarni körişim bilan, yuragim nafratga töldi.
…Uruşdan soçlarim oqarib qaytib keldim. Yoşim yigirma birda, soçim esa oppoq. Oğir jarohatlangan edim, kontuziya, bir quloğim yaxşi eşitmasdi. Onam: “Kelişingga işonardim. Uzzukun sen uçun ibodat qildim”, degan sözlar bilan kutib oldi. Akam frontda halok böldi.
Onam yiğlardilar:
Qiz tuğasanmi, öğilmi, endi farqi yöq. Lekin u erkak. Vatanini himoya qiliş uning burçi. Biroq sen qiz bolasan-ku! Xudodan bir narsani sörardim, seni badbaşara qilib qöyganidan köra öldirgani yaxşi. Nuqul stansiyaga… poyezdlar oldiga borardik. Bir safar u yerda yuzi kuyib ketgan harbiy qizni körib qoldim… Sen deb öylab, seskanib ketdim! Keyin u uçun ham ibodat qildim.
Men Chelyabinsk oblastidanman. Uyimiz yaqinida qandaydir konçilik işlari olib borilardi. Portlaşni eşitişim bilan, nimagadir doim keçasi portlatişardi, bir zumda joyimdan irğib turib, darhol şinelimni qölimga olardim – qoçmoqçi bölardim. Qayergadir yugurişim kerak edi. Onam meni mahkam quçoqlab, köksiga bosardi. Tinmay piçirlardi: “Uyğon, uyğonsang-çi. Uruş tugadi. Uydasan, axir”. Onamning “men sening onangman. Onangman…” degan sözlari meni huşimga keltirardi. U ovoz çiqarmay, ohista şivirlardi. Baland ovozlar ham meni çöçitardi…
Xona issiq, biroq Mariya Ivanovna katta jun römolga burkanib oladi, u sovqotyapti. Davom etadi:
“Tezda soldatlarga aylandik. Bilasizmi, uzoq öylab ötirişga, hissiyotlarimizni tahlil qilişga vaqtimiz yöq edi…
Razvedkaçilarimiz nemis ofitserini asirga olişdi, u qöl ostidagi köplab askarlarning otib taşlangani va aksariyati boşidan öq yeganiga hayron bölgandi. Hammasi deyarli bitta joyga. Uning fikriça, oddiy öqçi nuqul boşni nişonga ololmaydi. Hayratlanarli darajada aniq. “Şunça askarlarimni nobud qilgan öşa merganni menga körsatinglar, – deb iltimos qildi u. Katta madad kuçi olgan edim. – Har kuni önga yaqin soldatim ölardi”. Polk komandiri unga şunday dedi: “Afsuski, körsata olmayman, u snayper qiz edi, biroq u halok böldi”. Bu Saşa Şlyaxova edi. U snayperlar kuraşida nobud böldi. Uni qizil şarfi halok qildi. U aynan şu şarfini juda yaxşi körardi. Qizil şarfni qorda payqaş oson, bu – demaskirovka. Nemis ofitseri snayper qiz bola ekanligini eşitib lol qoldi. Nima deb javob berişni bilmas edi. Uzoq vaqt jim turdi. Sönggi söroqda, uni Moskvaga yuborişdan oldin (kattasini tutgan ekanmiz) tan oldi: “Heç qaçon ayollar bilan jang qilmagandim. Hammangiz çiroyli ekansiz. Bizga esa Qizil armiya safida ayollar emas, germofroditlar jang qiladi deb uqtirişardi. Heç narsani tuşunmabdi. Ha… buni unutib bölarmidi…
Biz juft-juft bölib yurardik, ertalabdan keçgaça bir özing ötira olmaysan, közlaring tinib, yoşlanib ketadi, qöllaringni his qilmaysan, butun badaning harakatsizlikdan uvuşib qoladi. Bahorda undan ham qiyin. Qor ustida yotasan, u esa erib boradi bökib qolasan. Suzib borasan, baʼzan yerga muzlab yopişib ham qolasan. Saharda çiqasan. Quyoş botgandan sönggina ortga qaytasan. Ön ikki soat, baʼzan undan ham köp qorda pisib yotardik, baʼzida daraxt uçiga, omborxona yoki vayron qilingan uylar tomiga çiqib olib, heç kim qayerdan kuzatayotganimizni sezmasligi uçun maskirovka qilardik. Yaqinroqqa joylaşişga harakat qilardik. Nemislar yotgan tranşeyalardan bizni yetti yuz-sakkiz yuz, hatto beş yuz metr masofa ajratib turardi. Erta tongda hatto gaplarini, kulganlarini ham eşitardik. Nimaga qörqmagan ekanmiz, bilmayman. Hozir buni tuşunolmayman…
Hujumda edik, şiddat bilan olğa borardik… Holdan toydik, taʼminotimiz ança orqada qolib ketdi: öq-dori tugadi, oziq-ovqatni yeb tugatdik, oşxonamizga snaryad tuşib, vayron böldi. Şerigimni öldirişdi, men esa yangisi bilan old çiziqdaman. Qarasam, neytral hududda toyçoq çopqillab yuribdi. Biram çiroyli, mayin yel yolini har tomonga tözğitardi. Heç narsa bölmaganday, uruş bölmayotganday bemalol yuribdi. Nemislarning ham uni körib çuvillaşib qolgani eşitilyapti. Bizning askarlarimiz ham bir-biriga:
– Qöldan çiqadi-yov, şörva qilsak yomon bölmasdi, – deb piçirlaşyapti.
– Bunday uzoqlikda avtomatda otib bölmaydi.
Bizni körib qolişdi.
– Snayperlar kelişyapti. Hozir uni boplaşadi… Qani, qizlar!
Men öylaşga ham ulgurmadim. Odatga köra nişonni olib, otdim. Toyçoqning oyoqlari bukilib, yonboşlab yiqildi. Ingiçka ovozda kişnaganday böldi. Balki menga şunday tuyulgandir.
Keyin miyamga urdi, nega uni öldirdim? Şunday çiroyli toyçoq edi. Men esa unga öq uzdim, uni şörvaga tiqdim. Orqamda kimningdir hiqillab yiğlayotganligi eşitildi. Qarasam, bu yangi qizimiz ekan.
– Senga nima böldi? – deb söradim.
– Toyçoqqa rahmim kelyapti, – közi töla yoş.
– Juda rahmdil ekansan-u! Uç kundan beri oçligimiz bilan işing yöq. Hali heç kimni kömmading, şuning uçun rahming kelyapti. Öq-dori töla qop bilan oç qoringa bir kunda öttiz kilometr yöl bosib kör. Oldin frislarni haydab çiqaraylik, keyin oh-voh qilamiz. Keyin kuyib-pişamiz, keyin… Tuşunyapsanmi… Keyin…
Askarlarimizga najot bilan qarayapman, ular hozirgina meni qizdirib, qöllab-quvvatlaşayotgan edi. Hozirgina. Bir neça daqiqa oldin. Heç kim menga qaramayapti. Hammasi öz işi bilan maşğul. Kimdir sigaret çekyapti, kimdir yer kavlayapti. Yana kimdir nimanidir ötkirlayapti. Men nima qilişim kerak! Ötirib olib yiğlasam ham işlari yöq. Göyo men qassobman, tap tortmay istagan jonzotni söyib ketaveradigan. Axir, bolalikdan hayvonlarni yaxşi körardim. Maktabga borgan vaqtlarimda sigirimiz kasal bölib qolgandi. Keyin uni söyib olişdi. Ikki kun yiğlaganman. Özimni töxtata olmasdim. Hozir-çi? Paq etib begunoh bir toyçoqni otib taşladim. Ikki yil deganda birinçi marta toyçoqni uçratişim.
Keçki ovqatni olib kelişdi. Oşpazlar “Barakalla, snayper! Bugun qozonimizda göşt qaynadi”, deb ovqatlarimizni qöyib ketişdi. Qizlarim esa ovqatga qöl urmay ötirişibdi. Darrov tuşundim, közimga yoş tölib, yertöladan çiqib ketdim. Qizlarim orqamdan yugurib çiqib, meni tinçlantirişga urinişdi. Tezda idişlarini qöllariga olib, ovqatlarini yeb tugatişdi. Ha, şunaqasi ham bölgan. Ha, unutolmaysan kişi…
Oqşom, albatta, özimizning gaplarimiz bölardi. Nima haqda gaplaşardik? Albatta, uyimiz haqida, hammamiz onalarimiz haqida sözlab berardik, kimningdir otasi yoki akasi frontga ketgan, şularni aytib berardi. Uruşdan söng kim bölişimiz haqida ham. Turmuşga çiqişimiz, erlarimiz bizni seva olarmikan, şuni öylardik. Komandirimiz ustimizdan kulardi:
“Eh, qizlar! Zörsizlar-u, lekin uruşdan keyin yigitlar sizlarni xotin qilişga qörqsa kerak. Nişonga olib örganib qolgansizlar, likopçani töğri peşonasiga otib, öldirib qöyasizlar”.
Turmuş örtoğimni uruşda uçratganman, bitta polkda xizmat qilganmiz. Ikki marta yaralangan, kontuziya olgan. Uruşda boşidan oxirigaça bölgan. Undan keyingi umri ham harbiylikda ötdi. Unga uruş nimaligini tuşuntirişning hojati yöq. Qayerdan, qay ahvolda qaytganimni biladi. Ovozimni kötarib gapira boşlasam, u yo bunga ahamiyat bermaydi, yo indamay qöya qoladi. Men ham uni keçiraman. Men ham buni örgandim. Ikkita farzandni katta qildik, institutlarni tugatişdi. Bitta qiz, bitta öğil.
Yana nima aytib bersam ekan. Meni uyimga jönatişdi, Moskvaga keldim. Moskvadan uyimizgaça yana ança yuriş kerak, bir neça kilometr piyoda. U yer hozir metro bölgan, u vaqtlarda esa eski olça boğlari va çuqur jarliklar bor edi. Bitta jar juda çuqur ekan, undan ötişim kerak. U yerga borgunimça, qoronğu tuşib qoldi. Nima qilişni bilmay, ançagaça karaxt bölib turdim. Orqaga qaytib, tong otişini kutsammikan yoki közimni şartta yumib olğa bossammikan? Hozir eslasam, kulgim keladi, ortimda front qoldi, nimalarni körmadim, sanoqsiz mayitlarni, xullas, köp narsalarni. Endi esa jardan ötişga qörqib turibman. Hozirgaça maxorka hidi bilan aralaşib ketgan ölik hidini unutolmayman. Biroq öşa qizçaligimça qoldim. Vagonda kelayotganimizda Germaniyadan uyga qaytayotgan edik. Kimningdir ryukzagidan siçqon çiqdi. Qizlarimiz örnilaridan tura qoçişdi, tepada yotganlar pastga ağanab tuşişdi. Qiy-çuv. Biz bilan kapitan borar edi. “Har biringizda medal bor, siçqondan qörqib ötirsangiz”, – deb hayron bölardi.
Baxtimga yuk maşinasi körindi. Qöl kötardim.
Maşina töxtadi.
– Dyakovskiygaça, – deb qiçqirdim.
– Men ham Dyakovskiyga, – eşikni yoş yigitça oçdi.
Kabinaga sakrab çiqdim, u çemodanimni orqaga taşlab ötirdi, yurdik. Egnimdagi forma, köksimdagi medallarimni körib söradi:
– Neçta nemisni öldirdingiz?
– Yetmiş beşta, – deb javob berdim.
Kulimsirab:
– Aldamang, bittasini ham körmagandirsiz? – dedi.
Şu tob uni tanib qoldim:
– Kolka Çijov? Senmisan? Senga qizil galstuk boylaganim esingdami?
Bir vaqtlar uruşgaça maktabda pionerlar yetakçisi bölib işlagandim.
– Maruska, sizmisiz?
– Menman…
– Rostdanmi? – maşinani töxtatdi.
– Uygaça oborib qöyarsan, nega yöl örtasida töxtading? – Közimga yoş töldi. Qarasam, uning ham közlari töla yoş. Qanday uçraşuv!
Uyimizga keldik, çemodanimni kötarib onamning oldiga yugurdi, çemodan bilan hovlida çarx urib aylanib yuribdi:
– Tezroq çiqing, xolajon! Qizingizni olib keldim!
Esdan çiqmaydi… Buni qanday unutaman?
Qaytib kelganimdan keyin hammasini boşidan boşlaşga töğri keldi. Poşnada yurişga örgandim. Frontda uç yil etikda yurgandik. Qornimizni içimizga tortib, kamarda yurişga örganib qolgandik. Kiyimlarimiz qopdek osilib turganga öxşardi. önğaysizlanardik. Yubka köylaklarga dahşat bilan qarardim. Frontda doim şimda yurganmiz, keçqurun ularni yuvib, tozalab, tagimizga qöyib yotardik, dazmollangandek bölardi. Sal namligi qolardi. Sovuqda esa yupqa muz bilan qoplanardi. Yubkada qanday yuramiz? Oyoğing çalkaşib ketayotganga öxşaydi. Köylak, tuflida ketayotib, ofitserni körib qolsak, qölimiz beixtiyor çakkamizga ketib qoladi. Barça davlat idoralarida payokka örganib qolganmiz, non dökoniga kelib, kerakligiça non olib, pul beriş esdan çiqib, ketib qolasan. Sotuvçi esa seni tanib qolgan, nima gapligini darrov tuşunadi, biroq eslatişni öziga ep körmaydi, sen esa olding-ketding. Keyin esa yodingga tuşib uyalasan, ertasiga uzr sörab, boşqa narsa olib, hammasiga birdan tölab ketasan. Odatiy narsalarni qayta örganiş, odatiy hayot, oddiy hayotga qaytiş kerak böladi. Kimga dardingni aytasan! Qöşning… onang oldiga yugurasan…
Yana nimalar xayolimdan ötadi. Bilasizmi? Uruş qança davom etdi? Tört yil. Juda uzoq. Quşlarni ham, gullarni ham eslolmayman. Ehtimol, ular bölgandir, biroq ularni eslolmayman. Ha-ha. Ğalati, a? Axir uruş haqidagi kinolar rangli bölmaydi, töğrimi? Uruşda hammasi qora rangda. Faqat qonning rangi boşqaça, u qizil rangda.
Maşa Alximova degan qizimizni yaqindagina topdik. Sakkiz yil böldi. Artdivizion komandirimiz jarohat olgandi, u komandirni qutqariş uçun emaklab ketdi. Oldinda snaryad portladi. Naq burnining ostida. Komandir öldi, uning yoniga yetib borolmadi. Maşaning ikkala oyoği majaqlanib ketgandi. Oyoqlarini zörğa boğladik. Qiynalib ketdik. Unaqasiga ham, bunaqasiga ham örab kördik. Zambilga solib, medsnabga olib ketayotganimizda “Qizlar, otib taşlanglar. Bu ahvolda yaşagim kelmayapti”, – deb rosa yalindi. Iltijo qildi. Uni gospitalga jönatib yuborib, özimiz hujumga kirişdik. Keyin, esimizga tuşib, qidirişga tuşganimizda, Maşa izsiz yöqolgandi. Qayerda, nima qilayotganligini bilmasdik. Şunça yil qidirdik. Hamma yoqqa yozdik, heç kim ijobiy javob bermadi. Moskvadagi 73-maktab yoş izquvarlari katta yordam körsatdi. Öşa munçoqköz öğil-qizlar. Ular uni uruşdan söng öttiz yil ötgaç, uzoq Oltoydagi nogironlar uyidan topişdi. Juda uzoqda. U yetmagan nogironlar uyi, gospitallar qolmabdi, önlab operatsiyalarni boşidan ötkazibdi. U hatto onasiga ham tirikman deb xabar bermagan… Butun olamdan yaşirinib olibdi. Uni uçraşuvimizga olib keldik. Közyoşlariga çömildi. Keyin onasi bilan uçraşuv uyuştirdik. Tasavvur qiling, oradan öttiz yildan ortiq vaqt ötib, ular uçraşdilar. Onasi aqldan ozay dedi: “Yaxşiyam ğam-qayğudan yuragim oldinroq yorilib ölmadim. Naqadar baxtliman!” Maşa esa: “Endi uçraşişdan qörqmayman. Çunki endi qaridim”, – deb tinmay takrorlardi. Şunaqasi ham bölgan… Qisqasi… Uruş degani şunaqa bölgan…
Mijja qoqmay yertölada yotgan oqşomni hali-hanuz eslayman. Uyqu yöq. Qayerdadir artilleriya tirillaydi. Biznikilar otişyapti. Hayot esa şu qadar şirin. Sira ölging kelmaydi. Kerak bölsa, Vatanim uçun jonimni fido qilaman deb harbiy qasamyod qilganman, biroq ölgim kelmasdi. U yerdan tirik qaytsang ham, qalbingda oğriq qoladi. Endi esa qölimgami, oyoğimgami öq yeganim yaxşi edi, deb öylab qolaman. Undan köra tanam azob yegani yaxşi edi. Qalbim oğriganidan köra… Çeksiz azob. Frontga kelganimizda hali juda yoş edik. Qizaloqlar edik. Uruş davomida hatto ösib ham qolibman. Onam uyda ölçab kördilar… Ön santimetrga ösibman…”
Xayrlaşiş çoğida taftli qölini önğaysizgina çözib, bağriga bosadi: “Meni keçir…”
“Uruşning ayoldan yiroq qiyofasi” kitobidan olindi.
Svetlana ALEKSIYEVIÇ (1948)
Belarus adibasi, Nobel mukofoti sohibasi.
“Uruşning ayoldan yiroq qiyofasi”, “Sönggi guvohlar”, “Ölimga oşuftalar”, “Chernobil tavallosi” kabi asarlar muallifi.
“Yoşlik” / 2024 / 5
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


