16 daqiqada öqiladi

138 marta körilgan

Muborak qon

Abdurrahmon Xomisiy

(Hikoya)

Qohiradagi yonğindan keyin qirol Foruqning malaylari qarşilik körsatiş dastalariga kirgan vatanparvarlarni ayovsiz taʼqib qila boşladilar. Ularni tutib, turmalarga taşlaşardi. Maʼmurlar Suvayş kanali atrofida inglizlarga qarşi qurolli kuraşga qöşilgan odamlarni nazorat ostiga oldilar.

Siyosiy politsiyaning toza tinkasi quridi. Uylarda, muassasa­larda, jamoat joylarida siyosiy politsiya qarşilik harakati aʼzolarini axtarar, qamoqqa olar va sahrodagi konsentratsion lagerlarga taşlar edi. Mening döstim qirol josuslariga çap berib qoçişga muvaffaq böldi. U Qohiradan uzoq bir qişloqqa jönab ketdi va öşa yerda taʼqibdan yaşirinib yotdi.

Döstim töğrisida ançagaça heç darak eşitmadim. Faqat 1952-yil 23-iyuldagi harbiy özgarişdan keyin döstim Qohiraga qay­tib keldi, josuslarni qanday aldab ketganini, qamoqdan qanday qutulib qolganini öşanda sözlab berdi. Döstim yoş yigit. Yoşi yigirma beşda. Özi novça, ozğindan kelgan, qaddi nayzadek tik. Yuzi çöziqroq, peşonasi keng, iyakdor, şahlo közlaridan aql yoğiladi. Yuziga qarab, temir irodali va pişiq-puxta tabiatli yigit ekanini darhol payqaysiz. U odamlarni öziga jalb eta olar, ularni maftun qilib jonli suhbatga tortar edi. Döstim inglizlarga qarşi kuraşiş uçun Suvayş kanali hududiga eng oldin jönagan dovyuraklar qatorida bölgan va bosqinçilarga qarşi dastlabki jang­larda iştirok etgan. Uning köksida vatanparvarning jöşqin yuragi uradi. U doim qatʼiyat bilan harakat qiladi va özi kuraşayotgan işning haq eka­niga işonadi.

Dasta safarga jönashi oldidan u menga şunday qaradiki, nigohi qalbimning çuqur joylarigaça kirib yetgandek böldi va şunday dedi:

– Men va mening yuzlab safdoşlarim vatanimiz mustaqilligi yölida sira ikkilanmay jonimizni fido qilamiz. Jonimiz muqaddas maq­sad yölida – mamlakatni istibdod zulmidan qutqarib oliş yölida qurbon bölsa, mingdan-ming rozimiz… Otalarimiz, bobo va bobokalonlarimiz bosqinçilar bizning mamlakatda örnatgan tartiblarning qurboni böl­dilar. Bosqinçilarni tor-mor qiliş yölida jon fido etişimizga nima tösqinlik qila olardi? Otalarimiz, bobo va bobokalonlarimiz taʼqib­lar ostida ölib ketişdi, ğam-alamdan ezilib sekin-asta sönişdi. Biz – közi oçiqlarning mavjud tartiblarga qarşi kuraşda ölişimiz şarafli iş-ku. Biz ölimga dadil, jilmaygança, öz işimizning haqqoniy­ligiga işongan holda boramiz.

Döstimning gaplariga quloq solib ötirardim-u, nazarimda, quloqlarimga karnaylarning ovozi, noğoralarning gumburlaşi, qizğin jang şovqinlari eşitilib ketgandek tuyilardi. Misrlik yoşlar ğizillab ötib turgan öq şovqinlari ostida, jang-jadal alangasi orasidan borayotganini körgandek, yuzlaridan qatʼiyat aks etib turgan odamlarning olğa ketayotganini körgandek bölardim. Mana, ular na çiyillab ötib turgan öq tovuşlaridan, na özlariga qarşi qaratilgan zambarak va miltiqlardan qörqmasdan inglizlar ustiga otildilar. Mana, ular bosqinçilarning qöşinini örab olib, ularni Suvayş kanaliga uloqtirib taşladilar.

– Bu bizning yerimiz, – deydi ozodlik jangçilari. – Mustamlakaçilar uni oyoqosti qilişlariga yöl qöymaymiz. Vatanimiz boyliklariga biz, ha, faqat biz xöjayinlik qilişimiz kerak. Imperialistlarning bizni talaşlariga, qonimizni sörişlariga yöl qöymaymiz.

Döstim qölini yelkamga qöydi-yu… bu manzaralar ğoyib böldi.

– Nima böldi senga? – hayron bölib söradi u. Aftidan, u mening xayolim uzoqlarda ekanini, özim bir holatda ötirganimni sezgan edi.

– Eh, döstim, şirin orzu-umidlar meni uzoqlarga olib ketdi…

* * *

Inglizlarga qarşi qurolli kuraş kun sayin kuçayib bordi. Misr xalqi mustamlakaçilarni tor-mor qiliş uçun har qança qurbon be­rişga ham tayyor edi.

Qirol Foruq bilan imperialistlar misrliklar­ning qatʼiyat va sabotidan qörqib qolgan edilar. Milliy ozodlik harakatini har qanaqasiga bostirişga tayyor bölgan qirol ingliz josuslari bilan til biriktirib, ğoyat pastkaşona iğvo uyuş­tirdi – ular Qohirada yonğin uyuştirdilar. Yonğindan keyin butun mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilindi.

Mening döstim esa, yuqorida aytib ötganimdek, taʼqibçilar qölidan qutulib ketişga muyassar böldi, u Qohiraga harbiy özgarişdan keyingina qaytib keldi. Qohiraga kelganidan bir hafta ötib u menga bir voqeani sözlab berdi:

– Men öşa onaxonning na yuzini, na ovo­zini, na bizga qilgan yaxşiligini, na ölimini sira unutolmayman, – deb boşladi u öz hikoyasini.

– Qaysi onaxonni aytyapsan? – deb söra­dim.

– Quloq solib tursang, bölgan voqea­ning hammasini aytib beraman… Sen, albatta, ingliz­larga qarşi olib borilgan qurolli kuraşning juda köp epizodlarini bilasan. Öz vatanining ozodligi uçun kuraşgan odamlar, ularning qahramonligi va mardligi töğrisidagi hikoyalar butun bir kitob böladi.

Bizning maqsadimiz bitta – bosqinçilarni mahv qiliş, ularni Misrdan haydab çiqariş edi. Kuraşimizning boşlanişini özing bila­san, inglizlarga qarşi dastlabki kuraşga otlangan dastalarni özing körgansan.

Bir kuni biz inglizlarning Ismoiliya yaqi­nidagi bir lagerga hujum qilişga ahdlaşdik. Biz ön kişi bölib, hammamiz ham öşa şahardan edik.

Tungi hujumning rejasini uzil-kesil işlab çiqişimizdan oldin lagerning qanday joylaşganini aniq biliş uçun öşa atrofni yaxşilab örganib olişimiz lozim edi. Oramizdan uç kişi kunduz kuni lagerga boriş va inglizlarda şubha tuğdirmay biz uçun kerakli hamma maʼlumotlarni yiğib kelişga xohiş bildirdi. Uçala ayğoqçimiz erta bilan Ismoiliyadan çiqib, vazifani bajariş uçun jönab ketdilar, biz esa mehmonxonada qoldik va xavotir içida ularning qaytib kelişini kuta boşladik.

Vaqt juda sekin ötardi. Miyamizda har xil şubhalar tuğilardi. Birdan ularni sezib qolişgan bölsa, uşlab olişsa, öldirişgan bölsa, unda nima böladi? Bizni ölim qörqitmasdi. Biz faqat oldimizga qöyilgan vazifani bajarolmay, halok bölişdangina qörqardik.

Keçqurun örtoqlarimiz qaytib kelişdi. Lagerga kirib vaziyatni aniqlaşibdi. Biz ularni savollarga kömib yubordik. Ular ham lagerga, biz taxmin qilganday, katta yöldan borib bölmaydi, degan xulosaga kelişibdi. Lager Ismoiliyadan ança uzoqda joylaşgan, bundan taşqari, lagerga, uning katta darvozalariga borib taqaladigan juda oçiq yöl olib borardi. Agar şu yöldan borsak, bizni darhol payqab qolişardi. Boşqa yöl topiş kerak edi.

Örtoqlarimizdan biri qoğozga lager xa­ritasini çizdi-da, unga qanday qilib yaqinlaşiş mumkinligini tuşuntirdi. Şundan keyin biz lagerga yaqin biror qişloqqa yetib oliş, öşa yerda qoronği tuşişini kutiş va qoronğilikdan foydalanib, öz rejamizni amalga oşirişga qaror qildik.

Ğira-şira tong otişi bilanoq hujum qi­liş uçun zarur bölgan barça narsalarni olib, yölga çiqdik.

Lager oldidan çoşgohda ötdik. Qu­yoş ayovsiz kuydirar, lekin uning nurlari bizning yuragimizni kuydirayotgan ötga qaraganda kuçsiz edi. Nihoyat, lager yonidagi qişloq­qa yetib bordik. Qişloqning çetida töxtab, atrofni közdan keçirdik. Bizdan sal nariroqda oddiy, kiçkinagina bir dehqon uyi körinib turardi. Uyga yaqin borib, men kaftimni kaftimga urib qöydim. Içkaridan qirqlarga kirgan, uzun, odmi köylak kiygan bir ayol çiqdi. U boşiga qora römol örab olgandi.

– Xuş kelibsizlar! – deb qarşi oldi u biz­ni.

– Bizga suv berolmaysizmi? – deb söra­dim.

– Hozir, öğlim.

Aslida, suv içgimiz yöq edi. Axir, qan­day qilib bölmasin, gap boşlaş lozim edi-da.

Ayol içkaridan közada suv kötarib çiqdi:

– Içinglar, bahuzur.

Biz suv içdik.

– Şu yerda birpas hordiq çiqarsak maylimi? – deb xijolatomuz söradim.

– Marhamat. Bemalol! – deb javob berdi ayol. Bizning köpçilik ekanimizni körib, biroz xijolat tortdi-yu, qöşib qöydi: – Lekin gilamim yöq, tagingizga solib bergani arzigulik narsa topolmayman.

– Biz şunday, yerdayam ötiraveramiz, – dedim.

Uy oldida töxtadik… Qarşimizda dalalar yastanib yotar, tepamizda baland va bepoyon firuza osmon gumbazi turar edi.

– Qorningiz ham rosa oçgandir deyman. Uyda ozroq pişloq, non, tuz bor. Hozir ovqatga unnayman.

– Nimayam derdik, ona, rahmat, yöq, demaymiz.

Birozdan keyin uyga bir yigitça kelib qoldi. U biz bilan salomlaşdi-da, içkariga kirib ketdi. Bu kim böldi ekan, deb öylab qoldik. Lekin köp ötmay uy bekasi içkaridan öşa yigitça bilan çiqib keldi-da:

– Bu – mening öğlim Abdulqodir, – deb taniştirdi.

Şeriklarimizdan biri unga qarab:

– Biz şahardan kelyapmiz. Sizlarnikida birpas dam olmoqçimiz, – deb qöydi.

– Boş ustiga, – dedi yigitça. – Ingliz lagerlarida işlagan işçilardanmasmisiz­lar?

– Ha, – deb javob berdi şeriklarimizdan biri, – biz vatanimizning dastlabki çaqiriği bilanoq işimizni taşladik. Men lagerdan ketib qolgan işçilarni taniyman, ulardan köpi bizning qişloqda turişardi… Yer yutsin ingliz­larni! Ular bir misrlik işçini quturgan itlar oldiga taşlaşganini, boşqasini esa peçkada kuydirişganini eşit­dik. Iloho, Xudovandi karim inglizlarni öz ğazabiga olsin, bizni ulardan xalos qilsin!

Men bu ayol bilan öğlini qanday qilib öz tarafimizga tortsak ekan, inglizlarning lageriga hujum qilişda qanday qilib ularning yordamiga tayansak ekan, deb öylardim.

Kimdir Abdulqodirdan qayerda işlaşini sörab qoldi.

– Bir zamindorning qölida batrakman, – dedi u.

– Uylanmoqçi bölib yuribdi, – deb qöşib qöydi onasi.

Yigitçaning közlarida şodlik porladi. Çehrasi tabassumdan yorişib ketdi, bundan maʼlum böldiki, qöşni qişloqlik dehqon qizi töğrisida öylaşning öziyoq unga köp lazzat bağişlar ekan.

Onasi bizga bölğusi kelinning çiroyini maqtab ketdi-da, uning fazilatlarini sanab bera boşladi. Öğli har zamonda onasining sözini bölib turdi:

– Böldi endi! Mendan boşqa heç kim uylanmaydi, deb öylab yurişmasin tağin.

– Bu mening yolğiz öğlim! Qizim ham bor edi, lekin ölib qoldi… Erim qişloqni taşlab çiqib ketganiga ança böldi, lekin uning hozir qayerdaligini – ölik yoki tirikligini heç kim bilmaydi.

– Demak, böş vaqt topganingda, qayliğingning qişloğiga borib turarkansan-da? – deb söradim yigitçadan.

– Bölmasam-çi, – deb javob berdi u, – kun ora borib turaman.

Onasi kulib yubordi-da:

– Har kuni deyaversang-çi! – deb uning sözini töğriladi.

– Yölda inglizlarni uçratmadingmi heç? – deb söradim men.

– Nega uçratmas ekanman, uçratganman. Ularning qip-qizil, tönğizbaşaralarini körganman… Ularning tanklari, maşinalari­niyam juda köp uçratganman. Ular göyo yerdan emas, ozodlikni sevuvçi odamlarning qalbi ustidan yurib borayotgandek tuyiladi menga.

– Töğri aytding, öğlim!

– Bir neça kun oldin inglizlar mening döstimni öldirdilar, – dedim ayolga.

– Döstingni öldirişdimi? – deb yubordi ayol, mening gapim göyo unga çaqmoq urgandek taʼsir etdi. – Qanday şarmandalik!

– Nima demoqçisiz bu bilan?

– Bunga qanday qilib çidab yuribsan, öğlim?

Işimiz öngidan kelganidan xursand bölib:

– Sizningça, nima qilişim kerak edi? – deb söradim.

Ayol boşini ğazab silkitib javob berdi:

– Öç olişing kerak, öğlim, öç. Nima uçun sen öşa itni, döstingning qotilini öldirmading?

Bu ayol bilan uning öğli bizga yordam berişlarini sezib turardim. Şunday bölsa-da:

– Qanday qilib öç olaman? – deb söra­dim.

Ayolning yuzi jiddiylaşdi. U menga tikilib qaradi-da, jahl bilan:

– Qanday qilib öç olişni mendan söragani uyalmaysanmi? – dedi.

Uning yuzida hozir aks etib turgan bunday qatʼiy ifodani hatto jangda iştirok etayotgan jangçilarda ham körmagandim. Uning nazari meni xuddi qamçi bilan urgandek, qizdirilgan temir bosilgandek kuydirib ötdi. Uning nazari göyo “Öç olişing kerak, öğlim, sira çarçamasdan, ayovsiz, qörquvni bilmay, aslo ikkilanmay öç olişing kerak! Heç qanday ğov oldida töxtab qolmaydigan, heç narsani tan olmayin qattiq öç oli­şing kerak”, deyayotgandek edi.

Men ham unga javoban şunday deb qiçqirgim keldi: “Sen öç olişga ça­qiryapsan! Inglizlar bitta misrlikni öldirganlaridan xabar topib öç olişni talab qilyapsan! Bizning öçimiz qanday bölişini özing bilasanmi, axir? Ingliz imperialistlari yuz minglab misrliklarni öldirdilar, millionlab misrliklarning kuç-quvvat va soğliqlarini yemirdilar, boşpanalaridan ayirdilar! Ular­ning xöjayinlik qilişlaridan bizning xalq oçlik, qaşşoqlik, kasalliklarga mahkum etildi! Mana şular uçun şafqatsiz öç olişimiz kerak, ona! Biz mana şunday öç oliş uçun kuç yiğişimiz, birlaşişimiz kerak. Bu faqat bizning öçimiz emas, balki bizning otalarimiz va bobolarimizning ham öçi, uç avlod öçi, uzoq yillar tortilgan qullik va qiynoqlar uçun olingan öç böladi! Biz, ön yigit, bu yerga vatanni ozod qiliş uçun, kuraşda örnak körsatiş uçun, xalqni muqaddas intiqomga çaqiriş uçun keldik. Bu sen uçun olinadigan öç, ona, barça deh­qon va işçilar, kattadan kiçikkaça butun xalq uçun olinadigan öç böladi!”

Lekin özimni tiydim-da:

– Böpti… Bugun öldirilgan döstim uçun öç olmay turib uxlamayman! – dedim.

Şunda ayol hayajon bilan:

– Menda qurol bor! – deb qiçqirdi va içkari yugurdi.

U qölida miltiq kötargan holda darrov qay­tib çiqdi-da, qurolni menga uzatdi:

– Mana, ol!

– Menda esa öq bor, – dedi öğli.

Onasi unga mehr bilan qarab qöydi:

– Sendan bunday sözlarni ançadan beri kutardim. Yaxşi aytding şu gapingni!

Yigitça çöçib tuşdi. Aftidan, öğlini yuraksizlikda ayblayotgan onasiga özi­ning qörqoq emasligini körsatib qöymoqçi bölayotganini tuşundim.

– Rahmat, ona, – dedim ayolga. – Bizga ruxsat etsangiz, şu yerda tunasak.

– Bizning uy – sizning uyingiz! – deb javob berdi öğli.

Ona-bola uzr söradilar-da, bizni yolğiz qoldirib, içkari kirib ketdilar.

Biz hujum rejasini tuzdik. Oramizdan ikki kişi orqa tarafdan lagerning katta darvozasiga sezdirmay yetib olişlari va darvozaning ikki tarafiga örnatilgan projektorlarga töpponçalardan öq uzib, ularni işdan çiqaradigan böldilar. Projektorlar öçişi bilan qolganlar tösiqdan oşib ötib, öq-dori omborini portlatib yuboradigan böldik.

Biz projektorlarga uzilgan öq tovuşlari inglizlarning diqqat-eʼtiborini va kuçlarini öziga jalb qiladi, deb möljallardik. Safla­rimiz otişib orqaga çekinayotganlarida, biz sezdirmasdan omborlarga yetib bora olardik.

– Bu yerdan qaçon çiqamiz?

– Ilgari kelişib olganimizdek, keçqurun soat önda, – dedim.

Birdan örtoqlarimizdan biri, uyqudan çöçib uyğongandek, şartta töpponçasini çiqazdi-da, yölga otildi. Biz uning ketidan yugurdik. Yölda kiçkinagina bir ingliz ma­şinasi kelmoqda edi. Maşina örtoğimiz yoniga kelganda, u töppa-töğri haydovçiga qarab öq uzdi va til torttirmay öldirdi. Maşina töntarilib ketdi. Öq uzgan örtoğimiz töpponçasini yaşirişga ulgurmasdanoq voqea yuz bergan yerga bir töp dehqonlar yiğildi.

– Biz ham öq tovuşini eşitib, nima gap ekanidan xabardor böliş uçun şu yerga kelgan kişilardek bölib turaylik, – dedim.

Yöl ustida olomon töplandi. Biz qönoq bölgan uyning bekasi ham öğli bilan şu yerda edi. Dehqonlar maşinani dabdala qildilar, keyin esa:

– Jönab qolinglar, mustamlakaçilar! – deb qiçqirgança avtoulovni yoqib yubordilar. Keyin qişloqqa tarqab ketişdi.

Uy oldiga yetib kelganimizda, uy bekasi:

– Haydovçini biringiz öldirganingizni bilaman, lekin bu meni xavotirga solmaydi, – dedi.

Biz unga eʼtiroz bildirmoqçi böldik. U esa öz sözida turib oldi. Şundan keyin men:

– Axir bizni öç olişga özingiz daʼvat qildingiz-ku. Mana, xuddi siz aytgandek qildik! – dedim.

Ayol kulib qöydi-da:

– Xudoga şukur! Mana endi asl yigit böl­dinglar! – deb qöydi.

Lekin duşmanni öldirgan men emasligimni, döstim uçun öz qölim bilan öç olmagunimça mijja qoqmasligimni eʼtirof qilişga töğri keldi.

– Mard böl! – dedi ayol.

Birpasdan keyin yölda ingliz maşinalari karvoni körindi. Ular töğri qişloq tarafga qa­rab kelişardi.

– Inglizlar… – dedi ularning kimligini sezgan ayol. – Yuz bergan hodisadan xabar topişgan körinadi, anavi yaramas itning öligini olib ketgani kelişyapti…

Yaşirinib oliş zarur edi, çunki bizdan gumondor bölişlari mumkin. Göyo bizning fikrimizni öqigandek:

– Yaşirinişingiz kerak, – dedi ayol.

– Qayerga? – deb söradim.

– Mozorga, – darhol javob berdi u. – Mozor şu yaqinda, qişloqdan uzoqmas. Hov ana, çapga qaranglar… Öşa yer mozor, köryapsiz­larmi?

– Bölmasa, yuringlar tezroq!

– Men sizlarni kuzatib qöyaman, – deb taklif qildi Abdulqodir. – Ona, siz uyda qoling…

– Yöq, – dedi qatʼiy qilib ayol, – men ham boraman.

Sumkalarimizni kötarib, mozor tomon jönadik.

Şafaq qip-qizil bölib yonardi. Havo çangga töla, lekin tunning etni junjiktiradigan nasimi esa boşlagandi. Nihoyat, mozorga yetib bordik. Tor söqmoq görlar orasidan, bu ölik şaharning atrofini öragan, ziç ösgan akas va majnuntollar orasidan ilonizi bölib ötib borardi. Atrofga çökkan sukunatni boyquşlarning tovuşlarigina buzardi. Bizning yölboşlovçimiz töxtadi-da:

– Manavi qabr böş. Kattagina, keng… Tuşinglar, – dedi. – Men esa qişloqqa qaytaman, u yerda nimalar bölayotganini bilib kelib, sizlarga aytaman…

Biz birin-ketin çuqur labiga keldik va sakrab tuşdik. Ayol öğli bilan ketdi, biz esa, yer va qoronğilik asirlari, qabr içida qoldik. Kutib ötirgan vaqtdagi har bir daqiqamiz soatlarga çözilib ötardi. Yuraklarimiz nafrat bilan yonardi.

Bu yerda imperializmning azoblariga doş berolmay qançadan-qança misrliklar jon bergan! Qança mazlumlar inglizlarga qarşi kuraşda qon tökkanlar! Töğrisini aytganda, ötmişning ovozi bu qabrlar içidan intiqomga çaqirardi.

Birdan öq tovuşlari eşitildi. Biz inglizlar yetib kelganini va qişloqni örab olganini tu­şundik. Vaqt yana ham sekinroq öta boşladi. Qişloqda nimalar bölayotganini, jazo beruv­çilar qişloq aholisini ne köyga solayotganini juda ham bilgimiz kelardi.

Oramizdan bir kişi taklif qilib qoldi:

– Kelinglar, şu gördan çiqib, öşa itlarning qarşisiga boraylik.

– Senga nima böldi, lager omborlarini portlatişni paysalga solmoqçimisan? – deb söradi boşqa şerigimiz.

Oraga yana jimlik çökdi. Biz özimizga bir savolni qayta-qayta berardik: “Inglizlar qişloq aholisini nima qilişdi ekan? Dehqonlar ularga qarşilik körsata oldilarmikan yoki öz taqdirlariga ojizlik bilan böysundilarmikan? Nimalar böldiykin u yerda?”

Qani endi bizga bu töğrisida esib turgan şamol xabar berib ötsa…

Tösatdan qadam tovuşlarini eşitdik. U biz tarafga qarab kelmoqda edi. Atrof zim-ziyo, lekin biz kimning kelayotganini bildik: bu öşa onaxon, mard dehqon ayol! Lekin nima uçun qadam bosişlari ilgarigidek şaxdam emas?

U “tap” etib yerga ötirdi, deyarli yiqildi. Oramizdan bir kişi:

– Ha, ona, qanday yangiliklar olib keldingiz? – deb söradi.

Ayol indamadi. Boşi köksi ustiga ojizlik bilan solinib qolgandi. Bir neça daqiqadan keyin u qiyinçilik bilan, göyo sözlarni majburan aytayotgandek:

– Meni öldirdilar… öldirdilar… boringlar… öç olinglar! – dedi.

Unga yaqinlaşdik. Men uning boşini tizzamga qöydim-da:

– Nima gap özi? – deb söradim.

– Boringlar… Boringlar… – deb yana xirilladi u.

Men qölim bilan uning yelkasidan siypab kördim-u, birdan qölimning allaqanday iliq va yopişqoq bir narsaga tekkanini sezdim. Titrab ketdim… Ayol boşqa biron oğiz ham söz aytolmasdi… Uning joni uzilgan edi… U ölgandi… Hammamiz bir ahvolda qimirlolmay ötirardik. Birozdan keyin oramizdan bir kişi:

– Nimani kutib ötiribmiz? Ayolning murdasini olib, ketaylik bu yerdan! Qanday qilib öldirişdi ekan? Nima uçun?

Biz qabrdan çiqib, maqtulaning murdasini kötargança, qişloqqa qarab yurdik. Uning issiq qoni yerga tomçilab borardi. Tungi jimjitlikda qurbaqalarning yoqimsiz qurillaşi eşi­tilardi. Qarşimizdan şu qişloqlik bir dehqon kelaverdi. Bizni körib qörquv aralaş:

– Nimani kötarib kelyapsizlar? – deb söradi.

– Vataniga jon fido qilgan qahramon ayolni! – deb javob berdik.

Marhumani tanib qoldi-da:

– Inglizlar uning öğlini öldirdilar, keyin esa uning öziga öq uzdilar… Qahramon ayol, çinakam qahramon ayol!.. – dedi.

Qişloqda nima bölganini bizga sözlab berişdi. Haydovçi­ning öldirilganidan xabar topib, inglizlar qişloqni örab olibdilar-da, askar kiritibdilar, askarlar esa, agar dehqonlar qotilni tutib bermasalar, uylarni vayron qi­lamiz, qişloqni yer yuzidan yöq qilib yuboramiz, deb döq-pöpisa qilişibdi. Tahdid taʼsir körsatmaganini körganlaridan keyin, ular öt oçib, ön nafar dehqonni öldiribdilar. Şunda qişloqliklardan biri:

– Hammamiz ölib ketgandan köra haqiqiy qotilni tutib berganimiz yaxşiroq, – debdi va bizning tanişimiz bölgan ayolga qarab: – Tan ol! Qotil qani? – deb qiçqiribdi.

Ingliz askarlari uni öğli bilan birga örab olibdilar. Yigitçaning yuzi qörquvdan tirişib-burişib ketib onasiga:

– Aytib bera qoling! – deb şivirlabdi.

Ayolning yuziga qon uribdi. Yaqinida turgan dehqonlarga qarab, öğlini körsatib:

– Közimdan yöqotinglar buni! – debdi.

Inglizlar haydovçini öldirgan uning öğli ekan deb öylabdilar. Zobitlardan biri unga qarab öq uzibdi, öq yegan yigitça yiqilibdi. Allakim jon aççiğida:

– Ablahlar, aybsiz odamni öldirdinglar! – deb qiçqiribdi.

Qotilning hali jazosi berilmaganini tuşungan zobit ayol oldiga kelibdi:

– Xöş, qotil qayerda? Gapir! – debdi.

Dehqon ayol yarador bölgan arslondek oldinga otilib:

– Öğlim, mening öğlim! Boşqa heç narsani aytmayman, – deb qiçqiribdi.

Yana bir marta öq uzilibdi… Ayolni bundan oldin öldirilgan va yarador qilingan bir neça odam yotgan joyga yotqizib qöyibdilar.

Inglizlar qişloqdan ketganlaridan keyin dehqon ayol bir amallab örnidan turibdi-da, qora qoniga belanib, yölida uçragan har bir narsaga tarmaşib, heç kimga sezdirmasdan bizning oldimizga kelibdi…

Döstimning qoş-qovoği soliq edi. U birpas jim turib, keyin qöşib qöydi:

– Bu muborak qon! Uni yuvib bölmaydi. Biz mard dehqon ayolni, uning intiqomga çaqirganini heç qaçon unutmaymiz.

Abdurrahmon al-XOMISIY

(1920–1987)

 

Misrlik maşhur adib, tanqidçi, jamoat arbobi.

“Teranliklar”, “Biz ölmaymiz”, “Olovli şamollar” nomli maşhur kitoblar muallifi.

 

Sulton MUHAMMADJONOV tarjimasi

 

2024/4

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (164)