(Hikoya)
Qörboşining huzuridan çiqqan Örinboy atrofga alangladi: vaqt şomga yaqinlaşibdi. Yöl böyi oğir xayollar iskanjasida tölğangan yigit nihoyatda çarçagandi. Ha-a, bugungi jang yigitlarning öksik köngillarini biroz kötardi, qizillar ançagina talafot körib, çekinişdi. Biroq salgina esi butun odam bilardiki, bu battollar unça-munçaga jon berişmaydi. Qörboşi boya kalta soqolini tutamlagança tönğillagani yigitning şundoqqina köz oldida turibdi:
– Ota-bobolarimiz xoki yotgan yerimiz ğayridinlar etigi ostida toptaldi! Ne-ne sara yigitlar şahid böldi! Odamlar-çi, nega bu xalq jim?! Neçun ular mum tişlaganday, oğizlariga talqon solib olganday, çurq etişmaydi? Men kimga suyanişim kerak? Senlarga, beş-önta yoş, hovliqma bolalargami? Nusrat polvon nega uyidan çiqmaydi, neçun Metin qassob duç kelganda közini yerga tikadi? Olçinbek çavandoz qayoqqa gum böldi? Töy-haşamda birovga gap bermaydigan, murtini bolta çopmaydigan şovvozlar qani?!
Çorpaxil gavdali, baroq qoşlari ostidan ötkir közlari sinovçan boquvçi, ayni qirçillama qirq beş yoşda qöliga qurol olgan qörboşi alam bilan muştini qisdi:
– Senlar öylayapsanlarki, Şöroning dodini berdik, endi u dumini qisib qoçib qoladi, deb! Nomaʼqulning nonini yebsan hammang! Bu baloyi azim bir keldimi, endi ketişi qiyin. Kuçni, zörlikni tan oladi u faqat! Odamlar esa uning yolğon vaʼdalariga uçib, qöyday ortidan ergaşib ketişyapti. Bosqinçida qaçon lafz bölgan?! Ertaga u ön baravar, yuz baravar köproq kuç yiğib, töp-u töpxonasi bilan keladi! Yo butun xalq birlaşişi kerak, yo bu yerlardan köçişimiz lozim. Bular endi sönggi burda nonimizniyam tortib olmagunça, özimizni qul, ayollarimizni çöri qilmagunça, tinçişmaydi!
Qörboşining alam va nafrat töla nigohlarini köz oldiga keltirgan Örinboy qult etib yutindi. Ha, bekning gaplarida jon bor. Butun Turkiston xalqi oyoqqa tursa, topgani qurol, topmagani ketmon-u panşaxa bilan ğanimga taşlansa! Ammo odamlar…
Qişloqning qibla tarafidagi yalanglikdan qaşqirning uvlagani eşitildi. “Biz-ku şahid bölgan yigitlarning jasadlarini yiğib, dafn etdik, lekin Şöro askarlarining murdalari… Nahotki, toğdan qaşqirlar tuşib kelişgan bölsa? Hali kun botmasdan-a?!” degan öy bilan yigit otini qistadi. Onasi yolğiz qolganini öylab, yuragi ğaşlandi.
Nozigul kampir oğilxonadan çiqib kelayotgandi, öz xayollariga öralaşgan yigit onasining nigohlaridagi andak xavotir va sarosimani ilğamadi. Kampir öğlining yonidan zipillagança ötib, kulbaga kirdi. Uning ortidan yönalgan yigit bir lahzaga töxtadi, keksa tut ostidagi çovgumdan suv quyib, qöl-betini yuvdi. Belboğiga artingaç, uni yelkasiga taşlab, uyga kirdi.
Kampir şapaloqday tuynuk pardasini çetga surdi, ufqqa oğib borayotgan quyoşning sönggi nurlari xonaga indi. U çoğroq dasturxon yozdi, sopol piyolaga çoy quyib, öğli oldiga qöydi. Arpa nondan bir tişlam yegan yigit ilkis boşini kötardi: taşqaridan ğalati tovuşlar kelayotgandi. U sakrab örnidan turdi, eşik oldiga suyab qöyilgan miltiqni olib, hovliga çiqdi. Tovuş, ingroq ovozi oğilxona tarafdan kelayotgandi. Örinboy, öttiz yoşli qoruvli yigit emasmi, ikki hatlaşda oğilxona eşigiga yetib keldi. Erganak – xodalardan yasalgan qölbola eşik oldida sap-sariq bir yigit yotar, dam-badam ingrar edi. Uning biqinidan oqqan qon harbiyça libosini höl qilgan, yerda ham halqob bölib töplangan edi. Köz oldidagi ajabtovur manzaradan lol bölib qolgan Örinboy bir lahza kalovlandi, söng birdan ongiga yetib kelgan aççiq haqiqat uning vujudini titratib yubordi: bu Şöro askari edi! Boyagi jangda yaralangan yoşgina yigit! Öris bola! Ğayridin! Onasi nega uni oğilxonaga yaşirdi ekan? Boya uning kalovlangani, bir lahza sarosima oğuşida qolganiga sabab şu ekan-da!
Jism-u jonini ğazab va nafrat öti yondirayotgan yigit nariroqdagi kundaga sançib qöyilgan ötkir boltani bir siltaşda suğurib oldi. Lablarini mahkam qisib, “Yo Alloh!” deb piçirlagança boltani boşi uzra kötardi. Ammo Allohning irodasi boşqaça ekan: yerda çalajon yotgan ğanim va bolta kötargan yigit örtasida, xuddi kökdan tuşgandek, ona paydo böldi.
– Ena! – dedi tişlarini qisib öğil. – Nima qildingiz? Bu yoğiy, ğayridin qayerdan keldi!? Çetga qoçing! Çetlaning, deyman!
– Tuşir boltani… – dedi kampir öğlining közlariga qattiq tikilgança, xotirjam tovuşda.
Örinboy bir zumga böşaşdi: axir, ona gapiryapti unga, volidasi amr qilyapti! Uni otasiz katta qilgan, tönğiçi olamdan ötgaç, köp ötmay erini ham tuproqqa topşirgan, akasining örnini bossin deb, qornida qolgan bolasini Örinboy deb atab, uni yer-kökka işonmay, tişida tişlab katta qilgan onaizori! Ammo bu ğanim askari… Kim bilsin, qança muslimni öldirgan bu qonxör?! Onasi nega uni himoya qilyapti?
– Enajon… – iltijoli piçirladi öğil.
– Unga bir qara, hali gödak-ku, nari borsa, ön yettiga kirgandir… – kampir pastki labini tişlab, boş çayqadi. – Boya gandiraklab, yiqilib-turib, sudralib keldi qibla tarafdan. Hamma yoği qon… Yarador, şekilli. Biqinidan qon oqyapti, bir amallab boğladim. Söng… oğilxonaga, somon uyumiga yotqizib qöydim…
– Yoğiy askari bu! Bosqinçi! Yerimizni bosib olgani kelgan! Öldiriş kerak uni! Agar qörboşi bilib qolsa… – yigit yana boltani kötardi. – Ena, çetga qoçing, deyman!
– Örismi, özbekmi, odam bolasi-ku bu, öğlim! Musulmonmi, ğayridinmi, inson-ku, axir. Gödak dedim-ku, yigirmagayam kirmagan hali! Qöy, öğlim, qölingni begunohning qoniga bulğama.
– Nima? Begunoh?! Şu begunohmi? Axir, bu… Qoçing!
– Hoy bola! – kampirning ovozi bu safar sovuq va qatʼiy jarangladi. – Agar şuni öldirsang, bergan oq sutimga rozi emasman! U dunyo-yu bu dunyo! Ikki quloğing bilan eşitib ol!
Örinboy avvaliga quloqlariga işonmadi: nahotki, şu gaplarni tuqqan onasi aytayotgan bölsa? Söng qalbini sovuq bir qatʼiyat egalladi, boyagina qörboşi aytgan gaplar quloqlarida tağin aks sado berganday böldi. U kampirni şaxd bilan çetga surdi, boltani taşlab, oyoği ostida yotgan qöşoğiz miltiqni qöliga oldi. Norğul yigitning siltovidan çökkalab qolgan kampir öris askariga orqa ögirib, öğlining közlariga qattiq tikildi. Mijjalariga qalqib çiqqan yoş ajin bosgan yuzlaridan pastga siza boşladi.
– Onangni siltading-a… Onangni-ya… Oldin meni öldir, Örinboy! Ot meni, öğlim! Şu norasidaning ölimini körmay! Ot!
Öğil bir lahza qotib turdi, söng onasining şaxdidan qaytmasligini anglab, yana fiğoni falakka çiqdi:
– Ena-a… Öv Xudojon, bu qanday bedodlik! E, boring-ey, bilganingizni qiling! Lekin… Lekin sal oyoqqa turgaç, buni qörboşiga topşiraman, bilib qöying!
Kampirga jon kirdi, u etagiga öralaşib, amallab örnidan turdi-da, öğliga mehr töla közlarini tikdi.
– Iloyo baraka top, bolam! Jonim tasadduq senga! Mayli, öğlim, şugina ölmay qolsa böldi. Şuniyam menga öxşagan bir ona tuqqandir, axir, it tuğmagandir, jon bolam!
– Ammo uyga kiritmaysiz buni! Ostonamni ğayridin bosib kirmaydi! – dedi yigit yuz terilari pir-pir uçib.
– Mayli, bolam, oğilxonada yotaversin, somon ustida. Xudoga şukur, havolar yaxşi hali. Özim qarab turaman, uç-tört kunda… Qani, boş tomonidan kötar, öğlim, men oyoğidan…
Ona-bola inqillaşib askarni tağin oğilxonaga olib kirib yotqizişdi. Öris bola közlarini oçmay, “Ma-ma… Mamoçka…” deb ingradi.
– Men sening tilingga tuşunmasam, bolam… – Nozigul kampir nariroqdagi eski kigizni askar bolaning ustiga yoparkan, alam bilan piçirladi.
– “Ona” deyapti… – tönğilladi Örinboy ortiga burilarkan. – Onasini çaqiryapti.
– Ay-y, onang beçora kim qayerlarda, yöllaringga qarab ötirgandir, bolam… Onalarning peşonasi qursin, öğlim, şör peşonalari qurib ketsin… Yotaver endi, öğlim, Xudoyimning Özi şifo bersin…
Erta saharda Örinboy onasining faryodidan uyğonib ketdi. Kampirning örni böş edi, ovoz hovli tarafdan kelayotgandi. Yigit şamolday uçib, bir lahzada oğilxona eşigiga yetib keldi. Tong oqarib qolgan, tarğil sigir burçakda kavş qaytarib yotar, beda qirqadigan jodining kundasi ustida kampir yoğiy askariga deb keltirgan yarim kosa qatiq turar, kampirning özi esa moviy közlarini şiftga tikkança qotib qolgan öris bolaning boşida duv-duv yoş tökib, zor qaqşayotgan edi:
– Voy bolam-a! Ön gulidan bir guli ochilmay ketgan bolaginam-a…
Örinboy orqasini paxsa devorga tiragança tek qotdi. Tonggi oqlik xuddi ğanim laşkariday borliqqa pisibgina bostirib kelar, olis-olislardan miltiqlarning gumburlagani, otlarning kişnaşi eşitilayotgan edi…
Abdunabi HAMRO
1961-yili Buxoro viloyati Olot tumanida tuğilgan. Toşkent davlat sanʼat va madaniyat institutini tugatgan. “Xiyonat”, “Oq alvasti”, “Otam aytgan qöşiqlar”, “Yirtqiç”, “Unutilgan qöşiq”, “Olis manzillar sari”, “Bolalikka sayohat”, “Qişda oçilgan gul”, “Vaqt daryosi” kabi şeʼriy va nasriy kitoblari naşr etilgan.
2024/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


