Muhabbat va iztirob ramzi

0
56
marta ko‘rilgan.

Yoz oylarida “Tog‘lar qulaganda” romani tugaganidan so‘ng, Chingiz Aytmatov kitob haqida fikr bildirishim uchun Belgiyadan qo‘lyozmani yubordi.

Har bir yozuvchining g‘aladonida doimo boshlab qo‘yilgan, tugatilishiga oz qolgan, ma’lum bir sabablarga ko‘ra vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan asarlar bo‘ladi. Men o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida Aytmatov bilan ijodiy do‘stona munosabatda bo‘ldim. Ko‘pincha u mendan ish yoki maqolaga oid ba’zi materiallarni tushuntirishni yoki gazeta va jurnallarning eski sonlarini topishimni so‘rar, men uning talabini o‘z vaqtida bajarishga harakat qilardim. Masalan, Chingiz To‘raqulovich sarkarda Chingizxonning vafoti haqida biror nima qoralamoqchi bo‘lganida, men uning iltimosi bilan Fanlar akademiyasining kutubxonasida saqlanayotgan mo‘g‘ullar haqida yozilgan ko‘plab kitoblarni topib berganman. Bir safar u mendan qor barslari haqida yaxshigina ma’lumotga ega bo‘lgan ovchilarni topishimni so‘radi. Ko‘p o‘tmay u “Tog‘lar qulaganda” deb nomlangan o‘zining so‘nggi romanini yozdi.

Men Chingiz Aytmatovning ko‘plab asarlari yaratilishida o‘rin tutgan asl manbalarga guvoh bo‘ldim. Ta’kidlash joizki, “Qordagi Bibi Maryam”, “Bakhiana”, “Xudoning narxi”, “Kitina va Keaton yoki “Sevishganlar maktublari”, “Yig‘layotgan devorning o‘limi” kabi asarlar ustida ishlash jarayonida muallif 30-40 bet yozib bo‘lgach ham, o‘z ishidan qoniqmadi, bir necha marta ularni qayta yozdi. Albatta, yuqorida qayd etilgan qo‘lyozmalarni katta ishlar uchun eskizlar, deb atash mumkin. Ularning ba’zilari o‘zgarishlarga uchrab, “Jodi”, “Kassandra tamg‘asi” romanlariga kirdi. Qo‘lyozma shaklida qolib, o‘quvchiga yetib bormagan yana bir asari “Nay va Yer” hikoyasi bo‘ldi! Xudoga shukrki, yozilganiga qirq yildan o‘tgan qo‘lyozma topildi. Yillar davomida yozuvchi nega ushbu qo‘lyozma to‘g‘risida og‘iz ochmagani sirligicha qolmoqda. Balki qo‘lyozmani yaqindagina muallifning o‘g‘li Asqar Aytmatov uyidan topilgani bunda shaxsiy sabablar borligini tasdiqlar?

Bu hikoya, ehtimol, “Alvido, Gulsari”dan keyin, lekin aniq “Oq kema” qissasidan oldin yozilgan.

“Nay va Yer” hikoyasi Chingiz Aytmatovning asarlari adabiy va estetik rivojlanishning yangi darajasiga ko‘tarilgan davrda yozilgani haqida xulosa chiqarishimiz mumkin. Mavjud qo‘lyozmadan yozuvchi o‘z ishini to‘la-to‘kis qayta ko‘rib chiqqan-chiqmagani ma’lum emas. Aytmatov o‘z fikrlarini to‘liq ifodalashi, tasavvurlarini to‘liq ochib berishi va hikoya yo‘li orqali mantiqiy natijaga erishishi mumkin edi. Asarni notugal deb hisoblayman, chunki hozir bizda ishning yakuniy qismi yo‘q. Shunday qilib, yozuvchining vafotidan keyin tez orada topilgan qo‘lyozma haqida savollar tug‘ila boshladi …

Asar mavzusi, xususan, qirg‘iz tilida yangrashi qandaydir g‘ayritabiiy tuyuladi. “Nay” (ya’ni “Choor” , “Choor” i “zemlya”) va ”tuproq“ – bir-biri bilan hech qanday aloqasi yo‘q narsalar. …So‘ngra so‘fiy shoir Rumiy ijodiga yuzlanaman. Unda aytilishicha, nay sohilda qolib ketibdi, u yerda u nayzaga aylanishidan oldin ham o‘sgan bo‘ladi. Vaqt o‘tib o‘z holiga achinganidan nolish etadi! Jaloliddin Rumiy o‘z asarlarida oddiy hayotiy hodisalar orqali “boshlanishning boshlanishi – Xudo haqida gapira turib, o‘zining insoniy va ijodiy burchini Xudoning cheksiz rahm-shafqatiga va sevgisiga bo‘ysunish, kuch va qudratini ulug‘lash orqali erishadi. She’rning ma’nosi ostida shoirning ushbu nasihati yotadi: “Xudo bizni loydan yaratganidan so‘ng nay orqali ruh kiritadi. Shunday ekan, biz asl manbamizni izlab topishimiz kerak”. O‘ylashimcha, yoshligidan Sharq va G‘arb asarlarini o‘rganishni istagan Chingiz Aytmatov, albatta, Rumiy asarlari bilan ham yaxshi tanish bo‘lgan. Balki “Nay va Yer” asarida yozuvchi Nazira (Sharq adiblari adabiy klassikasida “she’riy javoblar”) an’analarini davom ettirgan holda, “asl manbalar” haqida fikr yuritgan Rumiy bilan, deylik, ijodiy bellashuvga chiqqandir. Asarning mohiyatiga kirib borarkanman, taxminlarim bir qadar to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qildim. Ibtido haqida fikr yuritish “Nay va Yer” asarining markazini tashkil etishining sababi ham shunda. Albatta, bu murojaat Rumiyning so‘fiylikka yo‘g‘rilgan asarlarida bo‘lgani kabi diniy yo‘nalishga ega emas, balki Aytmatovga xos jamiyatning to‘g‘ri, sog‘lom rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan milliylik, xalq urf-odatlari, e’tiqodi, tushunchalariga olib keluvchi ohangga ega.

“Alvido, Gulsari” asaridan farqli o‘laroq, “Nay va Yer” nomli asarda asosiy qahramon bo‘lgan Bayimbet o‘zining zulm qilingan ongiga tayanishi mumkin bo‘lgan hech narsani ko‘rmaydi. Suhbatlarning birida yozuvchining “Alvido, Gulsari” va “Oq kema” asarlarida badiiy vosita sifatida folklordan foydalangani –“konsepsiya” deb nom olgandi, bundan ma’lumki, mashhur donolikning kelib chiqishini hatto yozuvchi ham faol mafkuraviy tushuncha darajasiga ko‘taradi.

Folklor asarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy syujetga bog‘lanib emas, balki uning tarkibiy qismi sifatida kiritiladi. Ya’ni turli avlodlar (Baytim, uning qizi va kelini, nabirasi) o‘rtasidagi munosabatlarni, jamiyat va shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarga qiyoslab tasvirlashda badiiy parallellikni yuzaga keltirib foydalanadi.

Asar shunday boshlanadi: “Bu avtobus dunyodagi boshqa avtobuslardan farq qilmaydi. Lekin aynan shu avtobusda u shahar tashqarisiga chiqdi va qaytib keldi. Necha marotabalab shu avtobus orqali Qayindiga keldi, lekin biror marta bu shaharda qolmadi. Bu – unga odat. Keyingi qatnovgacha u nimalar qilishga ulgurmaydi deysiz, lekin… Shunaqa gaplar…” Shunday qilib, Chingiz Aytmatovning yangi va ayni paytda eski tanish qahramonini bilib olamiz. Eskiligi shundaki, Bayimbet – muallifning 70-yillarning boshlaridagi qahramonlariga yaqin. Yangiligi esa qahramon bilan birinchi marta tanishmog‘imizda.

Nayni ustalik bilan chalish Bayimbetga bobosi qonidan o‘tgan, u mohirona ijroga sho‘ng‘igan damlarda qo‘shni qishloqlardan ham tinglashga ishtiyoqmandlar kelardi. “Aydarish”, “Bekbekey” singari kuylar uning ongiga bolalik yillaridan singib, tarbiyasiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Masalan, “Aydarish” kuyini ijro etishni boshlaganida, tinglovchilar ko‘z oldiga Ala-Too tomondan yangi shabada esgani, daraxtlarning mayin-mayin tebranib turgani, keng dalada silliq shovqin-suronlar kezib yurgani kelardi. Tasavvurlarni musiqaning mayin ohangi qayrab turardi. Musiqa va tasvir orqali chiroyli san’at asari yaratish Chingiz Aytmatovning o‘ziga xos qobiliyatidir. U nimaki yozmasin, tan olish kerak, musiqa va san’at namunalari bo‘rtib turadi. Biror qahramonning ichki dunyosini tasvirlashda yozuvchi dastavval o‘quvchini biror gap-so‘z bilan chalg‘itib, keyin musiqa orqali ruh kiritadi. Bolaligidan boshlab Bayimbetning ruhini musiqa chulg‘aydi. Musiqa tuyg‘usi, unga bo‘lgan moyillik qahramonni ijod dunyosiga olib keladi, ilhomlantiradi, bundan tashqari, uni qozoq qo‘shiqchisi Sholpan bilan tanishtiradi. O, o‘sha paytlarda Bayimbet naqadar baxtli edi! Lekin uning hayoti nayni sevish bilan boshlanadi. Bayim­betning iste’dodidan mamnun bo‘lgan rahbarlar uni poytaxt filarmoniyasida ishlashga taklif qilishdi. Katta Chuy kanali konsertida ishtirok etishni rejalashtirgan qahramon Qozog‘iston san’atkorlarining delegatsiyasini kutib olishga tayyor edi. U qo‘lida bir dasta gul tutib, kimga hadya etishni bilmay turganida qarshisidan Sholpan chiqib: “Menga beraqol gulingni, inim. Men sevikli Zinam uchun uni hadya qilmoqchiman, sen o‘zingga boshqa olaqol. Undan keyin qo‘lingda ushlab turgan nayingdan ham biror kuy eshitsam degandim?” Mana bu bir ko‘rishdayoq sevish, muhab­batning ilk uchquni! Aytmatov muhabbatni kuylovchi adib, uning ezgu orzusi qalbning muqarrar sevgisidir. Agar samimiy tuyg‘u muhabbatga aylansa, hech kim uni to‘xtatolmaydi – qahramonning o‘zi ham, boshqasi ham. Aytmatovning qo‘lyozmasidagi sevgi mavzusi boshqa asarlaridan tamomila farq qiladi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki sevgi formulasi yagonadir, u – inson ichki dunyosining cho‘qqisi. Odamlar hissiyotining yuqoriga olib chiquvchi kuchi sevgida, boshqacha aytganda, kishining azoblanishi, yig‘lashi, kulishi, hislari bir xildir, lekin sevgisi emas. Shunday emasmi? Shunday qilib, Bayimbet bu yorqin tuyg‘u asiriga aylanadi, yigit tanishiga gul olib bormoqchi bo‘lgan Sholpanni rashk qiladi. Xo‘sh, ayting-chi, mana shu rashkning o‘zida sevgining ilk uchqunlari zohir emasmi? Qizning qiyofasi yana bir bor uning ko‘z oldida paydo bo‘ladi, uni uyqudan mahrum qiladi, Xudoga iltijo qilib, Sholpan ertangi ijrosini chiroyli yakunlashini so‘raydi. O‘zining “Gulgaaki” deb nomlangan folklor qo‘shig‘ini unga bag‘ishlab ijro etishni, hislarini unga bildirishni orzu qiladi. “Gulgaaki” qo‘shig‘iga asoslanib, yozuvchi antik davrda ham, hozir ham va kelajakda ham har doim bir xil ma’noga ega bo‘lgan, har doim bir xil bo‘ladi, sevgisini ko‘rsatadi: toza tuyg‘u har doim balandlikka xosdir. Afsonaga ko‘ra, bir darvesh Gulgaakini sevib qoladi, bu xuddi Ba­yimbet Sholpanni sevishiga o‘xshaydi. Lekin alohida ahamiyat qaratish kerakki, har ikki oshiq ham turli davrlarda yashagani bilan bir xil sevgining asirlaridir. Shu bilan birga, mahoratli so‘z ustasi – Chingiz Aytmatov qadimiy afsonani va o‘z qahramonlari taqdirini o‘zaro birlashtirib, yaxlit bir asar yaratadi. Kutilganidek, konsertdan oldin Ba­yimbet Sholpan bilan uchrashadi va unga hayajonni tark etishni va o‘zini erkin tutishni, ovozining tembrini saqlashni, odamlar oldida yaxshi ijroga kirishishi kerakligini aytadi. Ehtimol, taqdir ularni birlashtirmasa, bu his-tuyg‘ular ularning qalbida mavhum bo‘lib, keyinchalik sekin-asta o‘chib ketgan bo‘lar edi. Kim biladi deysiz? Agar biz sevishganlar sevgisi yanada mustahkam bo‘lishi uchun visol shart, deb hisoblaydigan bo‘lsak, unda Bayimbet va Sholpan uchrashuvi ham shu kabi ehtiyojlarga tayandi. Qizning tabiatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, u ham topgan baxtini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqardi, chunki u anchadan beri shu lahzalarni kutardi. Oh, o‘sha vaqtlarda ikki yosh qanchalar baxtli edi?! Qo‘lyozmada ikki qahramonning taqdiri haqida gapirilmaydi – muallif faqat bir gap bilan cheklangan: “Bu qahramonlarimizning so‘nggi uchrashuvi edi”. Ammo nega? Qo‘lyozmaning so‘nggi varaqlari hali topilmadi, shuning uchun bu haqda bir nima deyish qiyin. Balki Sholpan bilan biror falokat yuz bergandir? Agar siz voqealarning mantiqiy davomiyligiga rioya qilsangiz, shu xulosaga kelasiz. Nega Bayimbet avtobusga chiqib Kayindiga yo‘l oladi? Bu joy uni nima bilan o‘ziga tortib turadi? Mana uning so‘zlari: “Sen meni o‘zingga chorla, Ka­yindi, mening taqdirim haqida so‘ra…” demak, uning qalbida ulkan qayg‘u va hech qachon ro‘yobga chiqmaydigan orzu bor… Nega Bayimbet o‘z qizi Ayzada bilan til topisholmay, nevarasi Slavik bilan o‘zaro ziddiyatga tushib qoldi? Hammasi uning eski tushunchalar bilan yashashidami? Bugungi aqlli yoshlarning maqsadlari, intilishlari, orzularini tushunishga qodir emasmi? Nima uchun bugungi yoshlar nay kabi xalq cholg‘u asboblarini qabul qila olmaydi? Nima uchun har bir kishi shaxsiy rejalarini birinchi o‘ringa qo‘yadi va jamiyat muammosiga kelganda befarq bo‘ladi? Bu chuqur mohiyat, sotsializm mafkurasimi?! Bayimbet qancha ko‘p odamlar bilan uchrashmasin, qanday vaziyatlarda to‘qnashmasin, baribir o‘ziga munosib do‘st topa olmadi. Partiya xodimi Asakeev, Oleg Zavadskiy, Bayimbet bilan tanishishga vaqt topolmadi, ammo urushda ota-o‘g‘illardek munosabat shakllangan edi. Asosiy qahramon vaqt o‘tgan sayin o‘z hayotida yolg‘izlikning kuchayib borayotganini his qilib, o‘z qizi va nabirasi bilan yaqin aloqalarni tiklashga urinib ko‘radi, lekin ularga yuragini ocholmaydi. Bir safar Slavik bobosining Asakeev bilan Budda haykali oldida o‘tirgan rasmini yirtgandi. Bu surat Bayimbet hayotidagi eng muhim narsalar qatorida turardi. Uyda yirtilgan fotosuratni ko‘rgan chol dod solib yig‘ladi. Kuyovi Yevgeniy esa o‘zini hech nima bo‘lmagandek tutib, befarqlarcha: “Nega hadeb xafa bo‘laverasiz, urush bu – urush, unda qancha odam halok bo‘ladi, qanchasi omon qoladi, muhimi bu emas, muhimi – natija!” deydi. Keyin esa qo‘rqitmoqchi bo‘lib, quyidagilarni qo‘shib qo‘yadi: “Siz bizning g‘alabamizni istamaganlar tarafidamisiz? Agar shunday bo‘lsa, kerakli joyga xabar beraman!” Unga javoban Bayimbet bunday deydi: “Yo‘qol!”. Yevgeniyning salbiy qiyofasida manqurtlik alomatlari sezila boshlaydi. Xuddi shunday, salbiy obraz – Sobitxonga, Chingiz Aytmatov Edigeyga aytgan gapini qaytaradi: “Sen manqurtsan!”

Siyosiy, madaniy, iqtisodiy globallashuv davridagi integratsiya, bu jarayonni cheklash, to‘xtatish, keskin tanqid qilish mumkin emasligini anglagan holda, har bir narsa: milliy xususiyatlar, inson e’tiqodi, uning niyatlari bilan bog‘liq degan fikr bilan yozuvchi Yevgeniyning salbiy qiyofasiga muqobil etib, “Oq kema” qissasidagi Orozqulning yana bir tasvirini yaratdi. “Oq kema” qissasidagi Bola o‘z bobosi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, “Nay va Yer” asaridagi boboga nabirasi Yevgeniy mutlaq sovuq munosabatda bo‘ladi. “Oq kemada” Bola bobosidan Shoxdor Ona bug‘u haqida ertak eshitdi, unga ishondi, xayoliy dunyolari ichra yashadi, xalqning urf-odatlari bilan tanishdi, bahorda ichki ruhi afsonaviy tushlar kabi jonlandi. Lekin bunda Slavik shaharda o‘sdi, bolalar bog‘chasiga bordi, hech qanday afsona eshitmadi, hatto qirg‘iz tilini yaxshi bilmadi, otasining haqorat to‘la so‘zlarini eshitib katta bo‘lgani sababli o‘z bobosini-da ranjitdi. Asarlari orqali yozuvchi bolalarni yaxshi tarbiyalashning ildizi qayerdaligini uqtirishga intiladi.

Ko‘chiruv ishlari haqida salbiy taassurot qoldirish uchun, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, majoziy, mavhum birlashma orqali Chingiz Aytmatov Buddaning tosh haykalini Manas eposi bilan bog‘laydi. Shu maqsadda u Katta Chuy kanali qurilishiga – orqaga qaytadi. Tashqaridan qaraganda, katta qurilish qanday ketayotgani va mamlakat bir maromda rivojlanayotganini ko‘rish mumkin. Aslida esa sotsializm qurila borgani sari odamlarning moddiy va moliyaviy boyligi yo‘qolib borayotgan edi. Mazkur voqealar orqali Bayimbet, Ayzada, Yevgeniy kabilarning ruhiy holatlari mohirona tasvirlangan. Shu bilan birga, yozuvchi Sovet hukumati qanday o‘rnatilgani, ajdodlar yurti xalqdan tortib olingani, xalqning ildizlarini qirqish maqsad etilgani, tarixiy xotirasini yo‘q qilish ko‘zlangani haqida ham aytib o‘tadi.

Buyuk Chuy kanalini qurishda tarixiy yodgorlik topilgan – Buddaning tosh haykali. Asakeevning taklifi bilan markazdan Nadejda Ivanovna va bir yigit keladi. Ular o‘sha joyning o‘zida haykalning qadimiyligini o‘rganishadi. Bayimbet mehmonlarga nay chalib beradi. Nayning xonishini tinglay turib Nadejda Ivanovna chuqur o‘yga toladi va ohang tingach, so‘raydi: “Bu kuyni ijro etayotganda nima haqida o‘ylaysiz?”

– “Men hech nima haqida o‘ylamayman, Budda o‘ylardi…” – dedi Bayimbet.

– Men ham shunday xayolga bordim, – deb qo‘shimcha qildi Nadejda. Budda nima haqida o‘ylardi? Budda haykali Chuy Kanali qurilayotgan joyga qanday kelib qoldi? Kim olib keldi uni? Bundan tashqari, muallifning ta’kidlashicha, Budda haqidagi fikr “Manas” eposida ifodalanadi va quyidagi satrlarni keltiradi! Ehtimol, bu matn muallifning rejasiga muvofiq ravishda yaratilgandir.

U g‘or kabi tubsizdir illo,

Nima o‘ylar – mavhum mutlaqo,

Ham erkak, ham ayol tanasi,

O‘ltirar, qo‘llari qovushib,

Qo‘rqmang hech, larzaga tushib.

Uni tashlab yuborish mumkin,

Arqon kabi yigirib sochin,

Mumkin uni ko‘mib tashlamoq,

Odamlardan ulug‘mas mutloq!

Qo‘rquv sabab qochmadi ular,

Kiyiklarni bo‘shatmoq uchun,

Ketdilar otlarni yechmoq-chun!

Biz bu yerda beta’sir, muz kabi, mag‘rur, Budda haykalini ko‘rishimiz mumkin, hech qanaqa xon, bek, nayza yoki qilichni emas. Albatta, bu fantaziya va aslida “Manas” eposida Budda haqida birorta so‘z yo‘q. Quyidagi satrlarda aytilganidek: “Odamlardan ulug‘mas mutloq”, bundan ajdodlarning ruhi jamiyatdan, davlatdan, tirik odamlarning manfaatlaridan ustun, degan hukumat qarori kelib chiqadimi? Yuqoridagilarning qarori amaliy jihatdan qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, mahalliy aholi uchun o‘z turarjoylari, ajdodlarining qabrlari suv ostida qolishi fojiali holdir. Menimcha, Aytmatov yoshlik davridanoq “Manas” bilan shug‘ullangan. Chunki, birinchi navbatda, uning fikrlari “Manas”ning keng ko‘lamli xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ikkinchidan, men o‘zim mazkur dostondan alohida qismlarni keltirganiga bir necha bor guvoh bo‘lganman. Chingiz Aytmatovning ichki dunyosi uchun “Manas” eposi doimo badiiy va estetik manba bo‘lib kelgan. Bayimbet bir necha marta qiyinchiliklarni boshidan kechirar ekan, birdan o‘ylanib qoldi, uzoq vaqt davomida chalmagan Nayni olib bozorga ketdi. Kutilganidek, Nayning navosi odamlarning qiziqishini o‘ziga tortdi, u bozorning bir chetida turib, yurakka yaqin kuylarni ijro etdi. Odamlar ajablanib, hatto ehtiyotkorlik bilan, unga befarqlarcha ko‘rinish berib o‘tadilar. Hatto ba’zilar unga rahm-shafqat ko‘zi bilan qarab, oldiga bir-ikki tanga ham tashlab ketishdi. Albatta, qissaning asosiy qahramoni bozorga pul yig‘ish uchun kelgani yo‘q. U bir vaqtlar Chuy kanali qurilayotgan damlardagidek qayta kuylashni, odamlar uni avvalgidek miriqib tinglashlarini istab keldi. Keksa Bayimbet o‘z kuylariga tayanadi, zamon odamlariga bu ajoyib merosni yetkazishni istaydi, lekin hech kim uni tinglamaydi. Bayimbetning kuylariga shovqin-suronga yo‘g‘rilgan g‘arb qo‘shiqlari zug‘um o‘tkazadi. Mazkur matnda Chingiz Aytmatov turli tipdagi musiqa asboblarini taqqoslaganda o‘zaro raqobatni his qildim. Yaxshi, biz “katta og‘alarimiz”ning hujjatini qabul qila olamiz, ammo nega asrlar davomida saqlanib qolgan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qirg‘iz xalqining cholg‘u asboblarini unutishimiz kerak? Uni ma’lum bir qatlam dushmani sifatida qoralash mumkinmi? Nega nay chalishni o‘rganish, undan huzur topish mumkin emas? Axir, uning nima aybi bor? Bayibetning qizi Ayzada – opera qo‘shiqchisi, san’at sohibasi, lekin u Nayga g‘azab bilan qaraydi, uning eri Yevgeniy Nayni “feodalizmning sarqiti” deb ataydi, o‘choq bo‘lsa, uni yoqish istagi borligini aytib tahdid qiladi, nabirasi ham shu kayfiyatda. Nahotki u shunday jamiyatni qurish uchun qon to‘kib, ter to‘kib mehnat qilgan bo‘lsa?!

U Nayni berilib chalayotgan bir mahalda kimdir uning ko‘kragiga besh so‘m qistirdi, cinchiklab qarasa, bu chol o‘zi bilan Chuy kanali qurilishida qatnashgan sobiq tanishi bo‘lib chiqdi. Muallif unga hech qanday nom bermaydi, faqat hayrat bilan uni Ordendor deb ataydi. Ikkalasi ham eski hayotni sog‘inib, o‘tmishni eslab qoladi. Demak, ular bir-birlarini yaxshi tushunishadi, yangi avlod esa, ularning qarashlari va fikrlari bilan qiziqmasa kerak. Ordendor do‘sti Bayimbetdan oilasi haqida biror nima so‘rasa, u nima deb javob berishni bilmaydi. U eski do‘stini uyiga bir piyola choy ichish uchun ham taklif qila olmasligidan o‘kindi. U o‘z qizi va kuyovidan qo‘rqadi. Bir necha ruhiy zarbalarni boshdan kechirgan keksa odamning yagona tayanchi – nay… Shunday qilib do‘stini navbatdagi bekatgacha kuzatib qo‘yayotgan Bayimbet, unga “Kanikeyning Buxoroga parvozi” degan kuyni chalib berdi. Bu yerda yozuvchi ikkinchi marta o‘zining qo‘lyozmalarida “Manas” eposiga ishora qiladi. “Manas” eposi orqali muallif  qahramonlarining psixologiyasini ochib beradi, ular o‘rtasidagi epik o‘xshashliklarni keltiradi. Ehtimol, uning kuylarini tinglashga tashna do‘sti ordendor kabilar qishloqda serobdir? Manas o‘zining so‘nggi istagini ifoda etib, Kanikeyni Semeteyani qutqarish uchun bor choralarni ko‘rishga chaqiradi, Buxorodagi otasi tomon borish istagini bildiradi:

Men o‘lgach, parchalab tashlashar meni,

Men o‘lgach, ochilur darvozalar ham,

Men o‘lgach, to‘kilar do‘stlarim qoni,

Men o‘lgach, qirg‘izning yerida motam.

Oxirgi nafasni qo‘yma, Qanikey,

Olg‘a yur, yurtingni o‘yla, Qanikey,

So‘nggi nafasgacha shiddat, Qanikey,

Men o‘lgach, ketishga ruxsat, Qanikey!

Dunyoda mos emas odamlar g‘azabi,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

Aholi, odamning qasosdir matlabi,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

Manasning o‘g‘lini ko‘tarmoq uchun ham,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

Qirg‘iz tog‘lariga qaytarmoqchi bo‘lsam,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

Manasning urxosi bayroqni yelpitar,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

Ovozdan qirg‘izlar bir yerda to‘planar,

Ketarman, ketarman, Buxoro tomon!

“Manas” eposining matnida bu chizgilar boshqa tarzda yangraydi Chingiz Aytmatov afsonalar matnidan nusxa ko‘chirmaydi, balki uning tub ma’nosini oladi va mustaqil ravishda qayta ko‘rib chiqadi. Yozuvchi o‘z ijodi hamohangligida Manasning mardligi, Kanikeying achchiq qismatini qayta ko‘rib chiqadi. Xuddi shunday taxminan o‘n betlik hajmdagi “maydon”ni nashriyot tilida “egallab”, “Manas”ning ma’nosini badiiy izohlab beradi. “Kanikeyning Buxoroga parvozi”, “Kanikeyning armoni”, uning bezovtaligi, qolaversa, Bayimbet chekayotgan iztiroblar, xalq tashvishi bilan yashaydigan, uning yoshidagi keksa avlodning alamlari mohirona tasvirlanadi. Qisqasini aytganda, qahramonlar tortgan ruhiy zarbalar, ma’lum bir ma’noda muallifning o‘ziga ham tegishli, xususan, “Kanikeyning Buxoroga parvozi” bobidagi iztiroblar, To‘raqul Aytmatov bilan 1937 yili Moskva vokzalida vidolashish voqealariga bir qadar yaqin. “Yig‘layotgan Olugan” ostidagi sirli xususiyatlar “Asirga tatigulik kun”ga ham ko‘chadi, faqat to‘ldirilgan tasavvurlar bilan. Ushbu ma’lumotlar orqali “Manas” dostoni Chingiz Aytmatovning ma’naviy tayanchi bo‘lib kelgan, deya olamiz. Shubhasiz, epik voqealari, asarning maqsadiga muvofiq, mafkuraviy va estetik yukni olib keladi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, Chingiz Aytmatov “Manas” dostoniga o‘xshash san’at asari yaratish ishtiyoqida edi. Uchinchidan, u “Manas” eposini yoshlar orasiga kengroq targ‘ib etishni istardi. Chingiz Aytmatovning “Manas” dostoniga aloqador ijodiy rejasi – 50-yillarning oxirlarida yanada kuchaytirildi va keyinchalik u “Qushlar qaytib kelguncha” asari orqali unga murojaat qiladi.

Oleg Zavadskiyning ismini eslash Yevgeniyning g‘azablanishiga olib keladi. Yevgeniy qirg‘iz xalqining an’analari va urf-odatlarini, shu jumladan, nayni yomon ko‘radi. Oleg esa asli Mos­k­vadan evakuatsiya qilinganiga qaramasdan, xalq dushmanining o‘g‘li bo‘lsa-da, Qirg‘iziston internatida ishlaydi, musiqa va chizmachilikdan dars beradi, uch yil davomida qirg‘iz tilini mukammal o‘rganadi va nay navosini o‘z ruhiga singdiradi.

Muallif Yevgeniy kabi ma’naviy ojiz kishilarni tasvirlay turib, yaqinda tuzilgan ko‘pmillatli oilaning milliy qadriyatlardan uzilgan tarzda uzoqqa bormasligini aytadi. Oleg va Ba­yimbetni nay birlashtirdi. Maktab-internatda bo‘lib o‘tgan konsert davomida, direktor uni o‘ylashdan to‘xtatib, Stalin portretini tomosha qilish taklif etganida noqulay vaziyat yuzaga keldi. Olegni vaziyatdan chiqarish uchun Bayimbet “Kelinman” nomli kuyni boshlab yubordi. Qo‘lyozmada Oleg urushga tortilgani va o‘sha yerda vafot etgani aytiladi. Chingiz Aytmatov dastxati bilan qolgan qismida yozuvchi Moskva yaqinida amalga oshirilgan qirg‘iz va qozoqlardan iborat Panfilov bo‘limi ekspluatatsiyasini tasvirlab berishga urinadi. Uning maqsadi, qirg‘iz millatining “Barbarossa” operatsiyasiga aloqador fashistik Germaniya rejalari qulashi uchun katta hissa qo‘shganligini ko‘rsatish edi. Unda Shopokov, Ananev va qolgan 28 nafar panfilovlik dushmanni Moskvaga yo‘latmaslik uchun o‘z jonlarini berishadi. Ular Asakeev va Oleg timsolida qayta jonlantiriladi. Badiiy parallelizm uslubi yordamida qissaning voqealari, ularning mazmuniga mos keladigan folklor asarlari bilan birga olib boriladi. Bular – “Manas”da keltirilgan, “Kelinman” nomli kuy hikoyasi, “Burgut bilan xayrlashuv”, “Kanikeyning Buxoroga parvozi”, “Kayinkeyning armoni”, “Chingizxon onasining ko‘z yoshi”. Garchi bular asosiy voqeaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmasa-da, umumiy mazmunga oiddir. Ruhiy holatning aniq chizgilari ana shular orqali yorqinlashadi. Chingiz Aytmatov ijodining yana bir xususiyati shundaki, u asarlari va folklor o‘rtasida uyg‘unlikni shakllantirib, o‘zi yashayotgan davr odamlari bilan ham jiddiy muloqotga chiqadi. Afsonalardagi qahramonlar hamda bugungi kun o‘rtasidagi vaqt sezilmas darajada yaqinlashib ketadi. Undagi hamma narsa bugun uchun ham muhimdir. Sovet davrida o‘zi bilan bir ijodiy muhitda yashagan yozuvchilardan farqlanib turish, ijtimoiy realizm talablaridan chetga chiqish u vaqtlarda qiyin edi. Aytmatov to‘g‘ridan-to‘rg‘i hukumatga ayta olmaydigan gaplarini folklor orqali berardi. Uning asarlaridan ayb topmoqchi bo‘lgan “arxeologlar”, asar ichiga kirgach, ko‘pgina voqeliklarga to‘qnash kelishdi va natijada ayb qo‘ygulik hech nima topa olishmadi. Birgina “Oq kema” asari ham bir necha bor senzura ta’qibiga uchradi, ammo nashr vaqtida ba’zi qahramonlarning nomi o‘zgardi, xolos. Misol uchun, “Asrga tatigulik kun” romanining asosi “Charxfalak” bo‘lgan. Senzura bunga yo‘l bermadi, chunki bu nom ostida chuqur oqim yotardi. Aytmatov “Alvido, Gulsari”da qo‘llagan usuli bundan keyin ham asqatishini tushungan, qolaversa, bu usul o‘quvchini folklor bilan yaqinlashtiradi. Yozuvchi faqat qirg‘iz folklorini emas, balki boshqa turkiy xalqlar – o‘zbeklar, qozoqlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, shuningdek, nivxlar va umuman olganda jahon folklori bilan ham ishlaydi. “Nay va Yer” qissasida muallif beshta afsonadan foydalanadi. Natija kutilganidek chiqishi uchun inson o‘z jonini ayamasligi kerak. San’at uchun qayg‘urayotgan naychi o‘zini tutib turolmaydi, bozorga borib nay chaladi, bu xuddi burgut tarbiyalovchi ovchilarga yaqin hissiyot. Albatta, ular xayrlashishga majbur. Agar “Nay va Yer” qissasi o‘z vaqtida chop etilsa edi, biz uni Chingiz Aytmatovning yangi asari sifatida qabul qilgan bo‘lar edik. Menga bu qissa “Alvido, Gulsari” asariga kirmagan hikoyalar kiritilishi kerak bo‘lgan asar bo‘lib tuyulganini qaytarishni lozim ko‘raman. Bu ikki asarning tuzilishi, uslubi, g‘oyaviy mazmuni bir-biriga ziddir. Aytish mumkinki, agar “Nay va Yer” qissasi “Oq kema”dan avval chop etilganda, o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olingan bo‘lar edi. Shunday qilib, o‘z vaqtida e’lon qilinmagan mazkur qissada Chingiz Aytmatovning boshqa ko‘pgina asarlariga kiritilgan qahramonlar mavjud. Bayimbetning qizi, kuyovi va nabirasi o‘rtasidagi munosabatlar ma’lum bir ma’noda “Oq kema”dagi keksa Mo‘min va Orozqulni esga soladi, ayrim joylari esa mazmunan “Alvido, Gulsari”ga ko‘chgan. Yig‘layotgan Ogulan tuyaga minib o‘g‘lini qidirishi tasviri “Asrga tatigulik kun”dagi Nayman onani eslatadi. “Nay va Yer” qissasini mukammal asar demasak ham, uni yozilajak qissalar poydevori sifatida hurmat qilishimiz kerak.

Sevimli yozuvchimizning ruhi shod bo‘lsin, u qoldirib ketgan qo‘lyozma topilgani uchun ham Xudoga shukr aytamiz. Lekin bir narsa aniq, adib o‘z ustida tinmay ishlagan, o‘z-o‘ziga yuqori talablar qo‘ygan, hatto biroz bo‘shroq asarining bahridan o‘tishga-da jur’ati yetgan. Qissada bugungi kun uchun ham taalluqli muammo va masalalar ko‘rilgan. Qo‘lyozma o‘quvchilar qo‘liga yetib borganda, yuragida saqlagan adiblari haqida quyidagicha fikr yuritadilar: “Odam bolasi qanday qilib Hazrati insonga aylanarkin?!” Agar Chingiz Aytmatovning “Nay va Yer” qissasini uning boshqa asarlari qatoriga qo‘ysak, adolatli ish bo‘lardi. O‘quvchilar anchadan beri Chingiz Aytmatovni sog‘inib qolgandilar, xo‘sh, qayta diydorlashuv vaqti yetib kelmadimikin?

Abdullajan

Akmataliyev,

Qirg‘iziston Respub­likasi Milliy fanlar akademiyasi vitse-prezidenti. Filologiya fanlari doktori, professor, Qirg‘iziston Respublikasi fan arbobi. 

 

Shahriyor tarjimasi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.