Afandining yo‘rig‘i

0
67
marta ko‘rilgan.

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

 

 

Pishiqlik

Latifalarning bir turkumida Afandi o‘zini atayin g‘irt ahmoqqa soladi. Maqsadi – o‘z raqibi yo g‘animini chuv tushirish. Masalan, “G‘irvaydi” degan latifani o‘qing: “Afandi kechasi bir uxlab turib, oydinda tuynukdan qarab turgan o‘g‘rini ko‘rib qoldi.

– Xotin, xotin, – dedi, – bilasanmi, boya men qanday qilib uyga tushdim?

– Bilolmadim, – dedi xotini.

– Eshikni shuncha taqillatdim, uyg‘onmading. Shundan keyin tomga chiqib, “G‘irvaydi” degan duoni uch marta o‘qib, oyga dam solgan edim, tuynukdan tushib turgan oyning nuri ipak arqonga aylandiyu, shundan osilib tushdim. “Yo tuynukallazi yumalaban va tutiban va mustahiqul jazo, suf!” Afandi xotiniga o‘rgatish bahonasida bu duoni uch bor baland ovoz bilan o‘qigandan keyin: – Endi bas, qolganini ertaga o‘rgatib qo‘yaman, hozir uxlaylik, – dedi, lekin o‘choq oldiga borib, katta kosovni ikki qo‘llab ushlab turdi. Tomdagi o‘g‘ri Afandidan o‘rganib olgan duoni uch marta o‘qib, oyning nuriga osilgan edi, gurs etib uyga qulab tushdi. Afandi esa, Yo tuynukallazi, deb uni savalay ketdi.” Ko‘rinib turibdiki, Afandining gaplari aljirash emas, balki pishiq-puxta o‘ylangan rejaning bir qismi, ya’ni o‘zini atayin dovdir ko‘rsatib, g‘animi – o‘g‘rini qo‘lga tushirish. Hatto o‘z rejasini duosida aytib turibdi: “Tuynukdan yumalab tushadi va tutaman va mustahiq (munosib) jazo beraman, suf”. Afandining teskari maslahatiga kirgan o‘g‘ri rostdan ham yumalab tushadiyu tegishli jazosini oladi. Odatda hech bir kasbning boshini tutmagan, yalqov va tekinxo‘r odamlar o‘g‘rilikdek qabih ishga qo‘l uradi.

Nazarimda, bu latifada hayotdagi yana bir holat tanqid qilinmoqda. Turli dardlariga shifo istab o‘qigan mutaxassis-shifokorning oldiga emas, firibgar duoxonlaru folbinlarning oldiga boruvchi omi va ishonuvchan odamlarning kulgili holati ko‘rsatilgan. Bu latifa Afandining pishiqligi va sodda-mug‘ombirligini-yu o‘g‘ri va unga o‘xshagan omi odamning xom va anqovligini ko‘rsatadi.

Nafaqat Afandining o‘zi, balki uning otasi ham pishiq bo‘lgan. “No‘noq” degan latifani o‘qib bunga ishonch hosil qilamiz:              “Afandi doim onamning joyi jannatda bo‘lsin, deb yurar edi. Bir kuni undan so‘radilar: – Afandi, doim onamning joyi jannatda bo‘lsin, deb duo qilasiz, otamning joyi jannatda bo‘lsin, deganingizni eshitmaymiz. Buning sababi nima?” Afandi javob berdi: – Otamdan ko‘ng­lim to‘q, u kishi mug‘ombir va pishiq odam edilar. Otam go‘rga kirganda munkarnakirlarni aldab, jannatga allaqachon kirib ketgan bo‘lsalar kerak. Ammo onam gapga no‘noq, sodda xotin edi, munkarnakirning so‘roqlariga javob topolmasdan, qo‘lga tushib qoldimikan, deb qo‘rqaman. Shuning uchun doim: “Onamning joyi jannatda bo‘lsin”, deb yuraman”. Shu bir latifada olam-olam ma’lumot bor. “Yuvoshdan yo‘g‘on chiqadi” deganlaridek, Afandining onasi gapga no‘noq, sodda xotin bo‘lgani bilan, uning o‘g‘li Afandi gapga usta va uddaburon bo‘lib ulg‘aygan.

Odatda pishiq odamni hech kim aldab-laqillatolmaydi. Mana, “Mushuk qani?” degan latifa: “Afandi bir kuni bozordan uch qadoq go‘sht olib keldi-da, xotiniga: – Kechqurun yaxshilab chuchvara qil, – deb tayinladi. Xotini go‘shtni o‘zi qovurib yedi-yu, kechqurun Afandining oldiga yovg‘on ugra qo‘ydi. – Chuchvara qani? – deb so‘radi Afandi. – Go‘shtni mushugingiz yeb qo‘ydi, – deb javob berdi xotini. Afandi mushukni ushlab toroziga qo‘ygan edi, rosa uch qadoq keldi, xotinidan so‘radi: – Agar bu mushuk bo‘lsa, go‘sht qani, agar bu go‘sht bo‘lsa, mushuk qani?” Afandining ko‘ndalang savoliniyu bu savolning mantig‘ini qarang! Falsafada “bo‘lak butundan kattaroq bo‘lolmaydi” degan aksioma, ya’ni oddiy haqiqat bor. Afandi ana shu haqiqatni xotiniga, xotini orqali o‘quvchiga uqtirib turibdi. Falsafa va mantiq fanlarida ana shu aksiomani talabalarga tushuntirganda Afandining mana shu latifasi misol tariqasida aytilsa bormi, ham dars jonlanadi, ham talabalar bu aksiomani yaqqol tasavvur qiladilar, shunday emasmi? Nega barcha zamonlarda kambag‘al va bechoralar Afandiga talpingan, boy va amaldorlar undan qochgan? Sababi, Afandi noinsof va ochofat boy va amaldorlarning barcha kirdikorlarini fosh qilgan-da. Afandining xotiniga o‘xshab boy va amaldorlar kambag‘al va bechoralarning mulkini qing‘ir yo‘llar bilan o‘zlashtirishga harakat qilgan chog‘da Afandi ularga to‘g‘anoq bo‘lgan. Hozirgi kunda ham nafsi hakalak otgan, avom xalqqa quyuq va’dalar berib, amalda xalqqa shaftoli qoqiniyam ravo ko‘rmaydigan amaldorlar yo‘q emas. Shunday amaldorlarning qing‘irliklarini fosh qiladigan Afandilarga esa hamisha ehtiyoj katta.

Tasviriy san’atning “mozaika” degan bir janri borligini bilasiz, albatta. Son-sanoqsiz yassi toshchalar jamlanmasi, yaqindan qarasangiz, hech nimani anglatmaydi, ma’lum bir masofadan qarasangiz, ko‘z oldingizda ajib manzaralar namoyon bo‘ladi. Xuddi shunday, Afandining alohida olingan bir latifasi gohida oddiygina yassi toshchadek jo‘n ko‘rinishi mumkin. Biroq bu “toshlar qurami”ni yaxlit olib qarasangiz, ko‘z oldingizda ajib manzaralar namoyon bo‘ladi. Mana shu manzaralar iqlimida eng sevimli milliy qahramonimiz Xo‘ja Nasriddin afandining o‘zbek adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham beqiyos siymosi, yorqin qiyofasi bor bo‘yi bilan ro‘y-rost ko‘rinadi. Demoqchimizki, Xo‘ja Nasriddin afandi birlamchi hayotiy va haqqoniy qahramon, realistik nasrning o‘ziga xos sarchashmasidir. Bu qahramon bir qarasangiz – g‘oyat aqlli, bir qarasangiz – o‘taketgan ahmoq, bir qarasangiz – raqibini aldab chuv tushiradi, yana bir qarasangiz – o‘zi baayni yosh boladek aldanib qoladi. Bir qarasangiz – anoyi, dumbul, xom, yana bir qarasangiz – shu qadar pishiq-puxtaki, yerning tagida ilon qimirlasa biladi va burganing ko‘zini ko‘ra oladi! Uning kasb-kori ham bitta emas, mingta! Bir qarasangiz – dehqon, bir qarasangiz – hunarmand-kosib, yana bir qarasangiz – ziyoli, qozikalon, imom, muftiy, domla va hokazo. Eng aqlli odam, hattoki donishmandlikda benazir alloma ham gohida shunaqangi ahmoqona vaziyatlarga tushib qoladiki, undan o‘z aqliga munosib yo‘l topib chiqishga qiynaladi. Mana shunday eng mushkul holat va tang vaziyatlarda afandidek tadbirkorlik va ishbilarmonlikda benazir qahramon ham qay tarzda “qovun tushirib”, o‘zini o‘taketgan anoyi, ovsar, go‘l, tentak, ahmoq ko‘rsatganini doston, roman, qissa, hikoya, hattoki eng ulkan epopeyalarda ham uchratmasligingiz mumkin, biroq Afandi latifalarida ularni istaganingizcha topa olasiz.

“Nasib qilsa, eringman” latifasini qarang: “– Xotin, bir palov qilsang. To‘yib yeb, mazza qilardik-da, – dedi Afandi bir kuni xotiniga. Xotini xo‘p deb, darrov palov damlab, suzib, dasturxonga keltirib qo‘ydi. Afandi laganga qarab: “Bugun palovxonto‘rani to‘yguncha yeb, maza qilarkanmiz-da” deb qo‘lini ishqalab qo‘ydi. – Nasib qilsa, deng, – dedi xotini.

– Ie, seni qara-yu! Zarur keptimi unaqa de­yish?! Tayyor oshni nasib qilsa ham yeymiz, nasib qilmasa ham, – deb oshga endi qo‘l uzatuvdiki, eshik ketma-ketiga taqillab qoldi. Tashqaridan: “Och! Och tezroq!” degan ovoz keldi. Afandi chiqib eshikni ochsa, podshoning ikki sipohi turibdi. – Xo‘sh, xizmat? – Qani, yur bu yoqqa! – dedilar-da, Afandining, to‘xtanglar, qo‘limni artib chiqay, deganiga qaramasdan, ikki qo‘lini orqasiga qayirib, olib ketdilar. Borsa, podsho zerikib o‘tirgan ekan, shunga chaqirtiribdi. Podsho uni allamahalgacha gapga solib o‘tirdi, yarim kechada arang javob berdi. Afandi qutulganiga shukr qilib, yugurgancha uyiga keldi-da, eshikni taqillatdi. – Kim-m? – dedi xotini ichkaridan. – Ochaver, nasib qilsa, eringman, – deb javob berdi Afandi.” Bu latifada Afandi xudoga shak keltirgani uchun ta’zirini yeb, hayot zarbasidan pishgani qoyilmaqom qilib tasvirlangan. Yuqorida “Nasriddin” so‘zining tub lug‘aviy ma’nosi “dinning nasri” ekanini ta’kidlagan edik. Xudoga imon keltirish kerakligini uzundan-uzoq va’z o‘qigandan mana shunday qisqa va ta’sirchan misolda ko‘rsatilsa, samaraliroq bo‘ladi, albatta. Muqaddas Qur’oni karimning Kahf surasida Alloh taolo: “Zinhor bir narsani “Buni ertaga albatta qilguvchiman”, dema. Magar: “Alloh xohlasa”, degin. Qachonki unutsang, Robbingni esla va: “Shoyadki Robbim meni bundan yaxshiroqqa yaqin bo‘lishimga hidoyat qilsa”, degin” deb marhamat qilgan. Shuning uchun ham nasroniylar tanovuldan oldin xudoga murojaat qilib, shukronalik bildiradilar. Musulmonlar tanovulni “Bismillohir Rahmonir Rahiym”dan boshlab, duoi fotiha bilan tugallaydilar. Latifadagi Afandining palovga qo‘l uzatishi bilan podsho sipohlarining eshikni taqillatishi tasodifan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qoldimi yo bu yerda muayyan qonuniyat, Xudoning qudrati bo‘y ko‘rsatib turibdimi? Chunonchi, Qodir Alloh shu shakkok bandasini tavbasiga tayantirish uchun uning oyog‘ini yerga tekkizmay olib kelish fikrini podshoning diliga soldimi? “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi” deganlaridek, buni dahriy shunchaki tasodif, mo‘min belgi-alomat deb tushunadi, albatta. Zero, latifadagi kulgi qo‘zg‘ovchi cho‘qqi gap, ya’ni qissadan hissa, “Nasib qilsa eringman” degan gap. Afandi shu darajada tavbasiga tayanib, qo‘rqib-cho‘chib qoldiki, xuddi oldida turgan oshidan ajrab qolganidek, endi xotinidan ham ajrab qolmaslik uchun Yaratganga shukrona keltiryapti.

Yuqoridagi latifaga o‘xshash mana bu “Xudo xohlasa…” degan latifaga qarang: “Bir odam Afandidan so‘radi: – Har ish xudodan, xudo xohlasa bo‘ladi, degan bir ixlos bor. Shunga siz nima deysiz?

– Men ham xudo xohlagani bo‘ladi, deyman. Men xohlagan bo‘lsa, allaqachon machitni buzib, qishga o‘tin g‘amlab olar edim.” Bu latifani ham xalq emas, o‘taketgan no‘noq va uquvsiz bir kimsa g‘arazli niyatlarda yaratgani ko‘rinib turibdi. Nega endi xalqning sevimli qahramoni xalq uchun muqaddas joy – machitni buzishni xohlar ekan? Aksincha, bu joyni har qanday buzg‘unchilardan himoya qilishi kerak emasmi u? Bir tomondan xudo xohlagani bo‘lishini tan olyapti-yu, boshqa tomondan xudoning xohlaganiga qarshi chiqyapti, ya’ni munofiqlik qilyapti. Axir, aynan mana shu munofiqligi uchun shayton la’natlanmaganmi? Afandi har qancha quv va mug‘ombir bo‘lishi mumkin, lekin uni munofiq va shakkok deb tasvirlash kimga nima uchun kerak?! Munofiq va shakkoklar uchun, albatta. Shunga o‘xshash alomatlarga ziyraklik bilan e’tibor berib qarasangiz, mazkur latifa, aslida, Afandining latifasi emas, Raqibning g‘arazli maqsadlarda bichib-to‘qigan uydirmasi ekani anglashiladi. Bunday uydirmalar xudosiz sho‘ro tuzumida ma’lum bir maqsadlar va muayyan siyosat talabi bilan atayin urchitilgan ham. Masalan, sho‘ro tuzumi davrida Sohibqiron Amir Temur hazratlarining o‘taketgan qonxo‘rligini “isbotlovchi” ozmuncha safsatalar latifa sifatida bichib-to‘qilganmi! Xo‘ja Nasriddin afandidek avliyosifat zotni, hattoki Boborahim Mashrabdek avliyoi kiromni xudosiz – dahriy sifatida ko‘rsatishga urinishlar ham ozmuncha bo‘lganmi! Bunday uydirmalar vaqt-soati bilan o‘z-o‘zidan unutilib, xalq xotirasidan o‘chib, izsiz yo‘qolib ketaveradi, albatta. Xalqqa qolsa o‘zining eng sevimli qahramoniga xos topqirlik, to‘g‘rilik, pishiqlik, quvnoqlik, ishbilarmonlik, tadbirkorlik, ziyraklik, zukkolik va boshqa ko‘pdan-ko‘p fazilatlarni ayon ko‘rsatuvchi latifalarni saqlab qoladi.

Bu yerda masalaning boshqa bir jihati ham borligini eslatib o‘tish kerak. Afandining anoyiligi, laqmaligi, dovdirligi, ovsarligi, anqovligi, nodonligi, ahmoqligi… shular kabi behisob nuqsonlariyu illatlarini ayon ko‘rsatuvchi latifalarning hammasi ham g‘arazli maqsadlarda bichib-to‘qilgan emas. Ularning kamida qoq yarmini afandining, demakki, xalqning o‘zi yaratgan! Nima uchun? Odam bolasiga xos jamiki nuqsonu illatlarni qatradagi quyosh aksidek aniq-ravshan ko‘rsatib, tinglovchini ulardan xalos bo‘lishga undash uchun! Shunday latifalarga asoslanib, “Afandi rostdan ham anoyi, dovdir, ovsar, anqov, nodon, ahmoq…” deya yuzaki xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Aslida, Afandi bunday nuqsonu illatlardan xoli bo‘lgani va har qanday ayblovlardan zig‘ircha qo‘rqmagani uchun odam bolasining tabiatidagi jamiki mavjud nuqsonlaru illatlarni o‘ziga olmoqda! Afandi xalqning eng sevimli farzandi sifatida uning dardini o‘ziga olib, shu yo‘l bilan dardga davo qidirmoqda! Bu nafaqat o‘zbek, balki rus, ingliz, fransuz, italyan va boshqa barcha xalqlar uchun ham xos. Mana, masalan, rus folklorida bir xil ismli “Ivan shahzoda” bilan “Ivan tentakvoy” siymolari bor bo‘lib, avvalgisi o‘zida bilgamish­lik, botirlik, quvlik, epchillik, pishiqlik va boshqa fazilatlarni jamlagan bo‘lsa, keyingisi bilmaslik (balbes), anqovlik, laqmalik va bosh­qa illatlarni jamlagan. Rus xalqi tabiatan kulgiga moyillikda va kuldirish mahoratida Xo‘ja Nasriddin afandi latifalarini jamlangan ulkan bir to‘plamni (avval “Dvadsat tri Nasreddina”, so‘ng “Dvadsat chetыre Nasreddina” nomli) bir necha marotaba nashr ettirgan! Ya’ni, jahondagi hech bir xalq, hattoki Xo‘ja Nas­riddin afandi siymosini yaratgan xalqlar ham qilmagan-qilolmagan ish amalga oshirilgan!?

Rus tarjimonlari va olimlari jahonning yigirma to‘rt xalqiga mansub Afandi latifalari jamlangan “Yigirma to‘rt Nasriddin” to‘plamini qariyb bir asr mobaynida tayyorlab nashr etganini yuqorida alohida ta’kidlab o‘tdik. Rus yozuvchisi Leonid Solovyev qalamiga mansub “Ocharovanniy prins” (“Mahliyo shahzoda”) va “Vozmutitel spokoystviya” (“Bezovta qalb tug‘yonlari”) deb nomlangan olamga mashhur qo‘sh qissada Xo‘ja Nasriddin afandimizning insoniy qiyofasi g‘oyat jonli chizib ko‘rsatilgan. Ayniqsa, rus kinoustalari yaratgan “Afonya” komediyasi va uning afanditabiat bosh qahramoni Afanasiy!.. Men sizga aytsam, Afandining fe’l-atvori va insoniy tabiatini, birinchi galda uning naqadar quvnoqligini jahonga ko‘z-ko‘z qila oladigan “Afonya” badiiy filmidagi Afanasiydek jonli yaratilgan tabiatan xushchaqchaq qahramon jahon ummoniga mengzagulik jahon kino san’atida ham kamdan-kam topiladi. Aminmanki, siz ham bu badiiy filmni tomosha qilsangiz, “Afonya” va “Afanasiy” so‘zlarining “afandi” so‘zi bilan o‘zakdoshligi bejiz emas, degan xayolga borishingiz tayin.

 

Quvnoqlik

Bu olamda eng yuqumli narsa nima degan savolga “kayfiyat” deb javob berish mumkin. Yoningizdagi odam hadeb esnayversa, siz ham beixtiyor unga qo‘shilib esnaysiz. Xuddi siz yeb, u quruq qolgandek to‘mtayib, qovog‘idan qor yog‘ib turgan odamni ko‘rganingizda, beixtiyor yuragingiz siqiladi. Aksincha, samimiy tabassum qilib turgan odamni ko‘rganingizda esa, bu kulgi sizga ham “yuqadi”. O‘zi kulolmaydigan, kulganni ko‘rganida tumshayadigan ichi tor, tabiatan xomush odamlar yo‘q emas, albatta. Unaqalarni qitiqlab ham kuldirib bo‘lmaydi. Xo‘ja Nasriddin afandi, tabiiyki, har qanday qiziqchilardan ming karra kuchliroq qiziqchidir.

Odatda, odamni tabiatiga ko‘ra ikki toifaga – nekbin (optimist) yoki tushkun (pessimist)ga ajratishadi. Afandi, tabiiyki, nekbin odam. Bunga “Ot” latifasini o‘qib ishonch hosil qilamiz: “Afandi ko‘chada bitta taqa topib olib, juda xursand bo‘lib borayotgan edi, bir oshnasi so‘radi: – Ha, Afandi, muncha xursandsiz? Afandi qo‘lidagi taqani ko‘rsatib dedi: – Bitta taqa naqd, yana uchta taqayu usti but bo‘lsa, bitta ot degan gap. Chu!..” Boriga baraka tilab, topgan-tutganiga qanoat qilib, kelajakka umid bilan qarash shunchalik bo‘ladi-da! Qadimdan “otliq” iborasi boylik ramzi bo‘lib, “otliqqa ham yo‘q” iborasi “boylarga ham topilmaydi” ma’nosini anglatgan. “Qatorda nori bor” degan iboradagi “nor” karvondagi tuyani anglatadi. Qolaversa, “qatordagi nor” odamning o‘g‘il-qizini ham ang­latadi. Demak, odamning oti yoki tuyasi bo‘lsa, yuki yerda qolmay, oshig‘i olchi bo‘ladi. Shuning uchun odamlar eshik va darvozalariga taqa osganlarki, bu “boy, o‘ziga to‘q xonadon” demakdir. Latifada Afandining taqa topgandagi suyunishi uning oilali va boy bo‘lishga intilishini o‘ta samimiy ifodalaydi. Ammo shunday qanoatsiz va ochofat odamlar borki, ular nafaqat otning taqasi, balki qo‘sha-qo‘sha otlari bo‘la turib hayotidan noliydi, o‘zini go‘yo baxtsiz hisoblaydi.

Afandi har qanday og‘ir va ilojsiz o‘rinlarda ham ko‘nglini cho‘ktirmaydi, asabini buz­maydi, balki qiyin ahvoldan chiqish yo‘lini qidiradi, har yomonning bir yaxshisi bo‘ladi, deganlaridek, har bir yoqimsiz narsadan yoqimli jihatni izlaydi. “Suzma” latifasini o‘qib ko‘ring: “Afandi uyiga qorni ochib kelib, xotiniga: – Xotin, biroz suzma bilan non olib kel. Suzma ko‘p yaxshi narsa, ishtahani ochib, me’dani baquvvat qiladi, – dedi.

– Suzma kecha tamom bo‘lgan edi, – javob berdi xotini.

– Tamom bo‘lgani yaxshi bo‘libdi, – dedi Afandi.

– Suzma tishga va qoringa ziyon qiladi.

– Bu so‘zlaringizning qaysi biriga ishonay? – dedi xotini.

– Bo‘lsa – avvalgisiga, bo‘lmasa – keyingisiga, – deb javob berdi Afandi.” Yuzaki qaraganda, Afandi telba-teskariga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Chuqurroq o‘ylab qarasangiz, u haq. Suzma yo‘q ekan, deb kuyib-pishishdan, asabini egovlashdan yoki xotini bilan janjallashishdan nima foyda. Har qanday holatda ham kayfiyatni chog‘lab, boriga baraka deb, Yaratganga shukr qilish kerak. Zero, odamning sog‘lig‘i ham, oiladagi tinchlik-totuvlik, fayz-baraka ham shunga bog‘liq. Barcha kasalliklarning asabga bog‘liq ekani bejiz emas. Afandi nafaqat o‘zini tetik va quvnoq tutadi, balki boshqalarning ham ko‘ngillariga hamisha yo‘l topib, ularni xursand qiladi. “Afandi diplomat” latifasini o‘qib bunga amin bo‘lamiz: “Podsho tush ko‘rdi. Tushida bir odam kelib, uning hamma tishlarini bittalab sug‘urib oldi. Podsho cho‘chib uyg‘ondi. Ertalab vaziridan ko‘rgan tushining ta’birini so‘radi.

– Hamma bola-chaqalaringiz o‘lib ketib, o‘zingiz omon qolar ekansiz, – deb javob berdi vazir. Podsho vazirini o‘limga buyurdi. Shu mahal o‘rdaga Nasriddin afandi kirib keldi. Podsho Afandiga tushini aytib bergandan keyin, ta’birini so‘radi.

– Hamma bola-chaqalaringizdan ko‘ra uzoqroq umr ko‘rar ekansiz, – dedi Afandi. Podsho xursand bo‘lib, Afandiga to‘n kiygizdi.” Ikkala ta’bir ham bir ma’noga ega. Lekin ularning aytilish yo‘sinida osmon bilan yercha farq bor. Birinchisi, o‘lim haqida shumxabar aytib podshoni kuydirsa, ikkinchisi, hayot haqida xushxabar aytib podshoni quvontiryapti. Yuqorida nekbinlik (optimizm) va tushkunlik (pessimizm) haqida aytgandik. Yarim kosa sutni nekbin odam – yarmi to‘la, tushkun odam – yarmi bo‘sh ko‘rganidek, Afandi – nekbin, vazir – tushkun. Shuning uchun ham podsho saroyda Afandini o‘ziga yaqin tutgan. O‘z yurtiga ham, o‘zga yurtlarga ham Afandini elchi qilib yo‘llagan. Chunki Afandi o‘ynab gapirsa ham, o‘ylab gapiradi, topib gapiradi, ko‘ngillarni cho‘ktirib emas, ko‘tarib, quvontirib gapiradi.

Ba’zida “quvnoq” so‘ziga “qitmir” so‘zini qo‘shib “quvnoq qitmir” iborasi qo‘llaniladi. “Chanqagan cho‘ntak” latifasida Afandi aynan shunday tasvirlanadi: “Afandi bir kuni to‘yga bordi. Uning yonida o‘tirgan bir savdogar ochofatlik qilib yeganiga qanoatlanmay, dasturxondagi qand-qurslardan olib, cho‘ntaklarini to‘lg‘azdi. Afandi buni ko‘rib yonida turgan choynakni oldi-da, sekin uning cho‘ntaklariga quya boshladi. Savdogar payqab qolib, jahl aralash Afandidan so‘radi: – Nega cho‘ntagimga choy quyyapsiz? – Cho‘ntagingiz qand-qursni ko‘p yeb chanqab qolgandir, – dedi Afandi.” Qarang, Afandi haddidan oshgan, ochofat savdogarning xurmacha qilig‘ini ko‘rib: “Olsa olaversin, menga nima, bo‘lsayam birovniki-ku!” deya loqaydlik qilmayapti. Yoki “Hoy, uyat emasmi, qani joyiga qo‘ying-chi” deb ta’na ham qilmayapti, sababi, savdogar “Senga nima, boynikini boytevat qizg‘anibdi, deganlari shu-da” deya jerkib tashlashi mumkin-da. Shunday ekan, Afandi quvnoq qitmirlik yo‘lini tanlaydi, ya’ni savdogarga dasturxondagi shirinliklarni o‘marishiga ko‘maklashgan kishi bo‘ladi-yu, aslida, boplab uning ta’zirini beradi. Bu latifa orqali ochko‘z, badnafs, yebto‘ymas odamlar o‘zlarining tegishli jazolarini olishiga ishora qilingan, albatta. Shuning uchun ular haqda “Nafsi buzuq bayramda o‘ladi”, “Nafsim mening yomondir, yongan o‘tga solodir”, “O‘zi to‘ysa ham, ko‘zi to‘ymaydi”, “Besh barmog‘ini og‘ziga tiqadi”, “Harom luqma teshib chiqadi” kabi ko‘pdan-ko‘p hikmatli gaplar yaratilgan.

Afandi latifalari orasida g‘am-qayg‘u, yig‘i-sig‘i, oh-nola, dod-faryod va tarkidunyochilikni targ‘ib etuvchi bironta latifani kunduzi chiroq yoqib qidirsangiz ham topolmaysiz! Hattoki Afandimiz oshkora ayuhannos solib, dod-voy qilib turgan chog‘ida ham, aslida, yig‘lamayotgan, aksincha, ich-ichdan kulayotgan bo‘ladi. Bu hol, tabiiyki, sizni ham yig‘latmaydi, aksincha, kuldiradi. Masalan, mana, “Dod, qaysi biringni olaman!” deb nomlangan latifada tasvirlangan Afandining ruhiy holatiga diqqat qiling! “Xotini vafot qilganida Afandi hovlini aylanib yurib yig‘lar edi: – Dod, endi kimni xotin qilaman! Bu so‘zni juda ko‘p takrorlaganidan uyalib, qayinsinglisi keldi-da, qulog‘iga: – Pochcha, unday deb yig‘lamang, ayb bo‘ladi, agar yurtu eldan sizga xotin topilmasa, men tegarman, – dedi. Afandi yana dodlayverdi: – Dod, endi men kimni xotin qilib olaman! Bir beva qo‘shnisi bor edi, u Afandini sekin bir chekkaga chaqirib: – Afandi, ko‘p kuyinmang, agar munosib xotin topolmasangiz, men tegarman, – dedi. Afandi yana balandroq faryod ko‘tardi: – Voy-dod, qaysi biringni olaman!”.

Ushbu latifa sizni kuldiribgina qolmaydi, balki ayni chog‘da, odam bolasining fe’l-atvori xususida jiddiy o‘ylashga undaydi. “Odamning olasi ichida” deydilar. Latifada ana o‘sha “ichdagi ola” baayni ko‘rpaning avra-astari ag‘darib ko‘rsatilganidek, ro‘y-rost va har tomonlama ko‘rsatiladi. “Kampirning dardi g‘o‘zada”, “Azaga kelgan xotin o‘z dardini aytib yig‘laydi” singari istehzoli maqollar bejiz yaratilmagan. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring! Nega xotini o‘lganiga aza tutib, nola chekayotgan Afandini, deylik, mahallaning nuroniy oqsoqoli, kayvoni kampiri va yo qadrdon do‘st-birodari emas, aynan qayinsingil bilan beva qo‘shni ovutyapti? Nega ular “Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich” degan naqlga amal qilgan holda barchaga baralla eshittirib emas, imi-jimida biri Afandining qoshiga kelib, ikkinchisi uni bir chekkaga boshlab chiqib shivirlab gapiryapti? Nega Afandining ikki marta aytilgan “dod”i bu ikki shivirlashdan keyin ikki baravar kuchayib, “voy-dod”ga aylandi? Hamma gap – fojianing ildizi shundaki, qayinsingil ham, beva qo‘shni ham, aslida, Afandining o‘lgan xotini va yo o‘ziga zig‘ircha achinib, hamdardlik bildirayotgani yo‘q, faqat o‘zlarini o‘ylab, o‘z foydalarini ko‘zlab turibdi! Birovning kulfatidan o‘zining baxtini qidirib turibdi! Tabiiyki, bunday xudbin xotinni olish Afandi uchun xotini o‘lganidan ham og‘irroq ko‘rgilik, kulfat, fojia! “Dod”ning “voy­­dod”ga aylanishiga asosiy sabab mana shunda!

“Men yig‘lamay kim yig‘lasin” deb nomlangan latifada ham shunga yaqinroq manzarani ko‘ramiz: “Bir oy ichida Afandining ham xotini, ham eshagi o‘lib qoldi. Xotini o‘lganida Afandi bir-ikki kun yig‘ladi-yu yupandi. Eshagi o‘lganida esa u yig‘idan hech tiyilmadi. Buni payqagan qo‘shnisi so‘radi: – Afandi, xotiningiz o‘lganida ko‘p yig‘lamagan edingiz, eshagingizga nega bunchalik kuyasiz? Afandi javob berdi:

– Xotinim o‘lganda mahalla yig‘ilib “Qo‘ying, xafa bo‘lmang, uylantirib qo‘yamiz” degan edi. Eshak o‘lganida eshak olib beramiz degan gap hech kimning og‘zidan chiqmadi. Men yig‘lamay kim yig‘lasin!”.

Odam bolasining tabiati shundayki, u aksariyat hollarda yaxshilikni samimiy-beg‘araz, “Xudo yo‘liga” qilolmaydi, chunki o‘sha yaxshilikning zamirida shaxsiy manfaat, o‘z foydasini ko‘zlash, g‘arazli niyat yotgan bo‘ladi. Yuqoridagi latifada qayinsingil bilan beva qo‘shni afandiga go‘yoki hamdardlik bildirish orqali, avvalo, o‘z manfaatlarini ko‘zlaganlaridek, bu latifada mahalla ahlining Afandini uylantirib qo‘yishdek “xizmat-beminnat”ni taklifu tavsiya qilishdan ko‘zda tutilgan pirovard maqsadi o‘zlarining biron ishonchli kishisi, xesh-aqrabosini afandiga umr yo‘ldoshi, demakki, ulkan oilaga beka qilish, albatta. Lekin o‘lgan eshakning o‘rniga Afandiga eshak olib berishning kimga qanday foydasi bor? Erta bir kun shu eshakda Afandiga mingashib yurolmaydi-ku, to‘g‘rimi? Mingashgan taqdirda ham, ot bilan tuya bo‘lsa ekanki, obro‘siga obro‘ qo‘shilsa, ulov qurigandek eshakka mingashish… buning foydasidan zarari ko‘proq, albatta!.. Tushunyapsizmi, afandi “Men yig‘lamay kim yig‘lasin!” der ekan, aslida, yig‘layotgani yo‘q, odam bolasi tabiatidagi xudbinlik-manfaatparastlikdek illatlar ustidan qah-qah otib kulmoqda! “Nihoyati yana eshaklik bo‘lishida beg‘araz ko‘maklashishni xayoliga keltirmay turganlar nega uni uylantirib qo‘yishmoqchi, oftob qayoqdan chiqib qoldi?” deb o‘ylashga, shunchaki o‘ylash emas, bu holdan kuyish-kuyinishga, albatta, haqli-da Afandi!

Yuqorida “quvnoq qitmir” iborasini ayt­gandik. Buning ustiga “quvnoq” so‘zi “quv” so‘ziga ma’nodosh hamda o‘zakdoshdir. “Quv odam deganda, odatda ko‘z oldimizga ko‘zlari olazarak, nim tabassum qilgan quvnoq, epchil, tirishqoq, jo‘shqin, o‘ynoqi hamda ayyor, mug‘ombir, ichidan pishgan, shum odam keladi. Quvlik-shumlikni bilmaydigan odam esa, aksincha, bo‘shashgan, lanj, boqibeg‘am, qovog‘i soliq, anqov bo‘ladi. “Bola bo‘lsa sho‘x bo‘lsin, sho‘x bo‘lmasa, yo‘q bo‘lsin”, “O‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin, qo‘l-oyog‘i tez bo‘lsin” degan iboralar bolaning avval-bosh­dan harakatchan, tirishqoq, yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan bo‘lishiga ishora qiladi. Afandi latifalarining bir turkumi ana shunday quvlik-shumlik haqida bizga yorqin tasavvur bera oladi. “Afandining o‘g‘li” latifasini o‘qing.

Bir kuni podsho Afandining o‘g‘lini huzuriga chaqirdi. Bolaning qaddi-qomati, qosh-ko‘zi xuddi otasinikiga o‘xshar edi. Uning aqlini ham otasinikiga o‘xshash-o‘xshamasligini sinash uchun bolaga bir tilla bergan edi, u pulni sira olmadi.

– Nega tillani olmaysan?

– Onamdan qo‘rqaman, u begona odamdan pul olmagin degan.

– Yasha! – xursand bo‘ldi podsho.

– Men onang aytgan begona odam emas, hukmdoring bo‘laman, ola ber!

– Men podsho ekanligingizni bilaman, onam bunga baribir ishonmaydi-da.

– Nima uchun?

– Hayron bo‘ldi podsho. Agar podsho pul bersa, bir tilla emas, ko‘proq berar edi, deydi-da! – javob berdi bola.

Bolakayning bu gapidan keyin podshoning holatini tasavvur qilib ko‘ring. Hayratdan yoqasini ushlab qolgandir. Aldagani bola yaxshi, deb u Afandining o‘g‘lini chandib qo‘ymoqchi bo‘lgandir. Ehtimol, Afandining quvlik-shumligidan hamisha pand yeb kelgan podsho o‘zicha uning o‘g‘lini sinash bahonasida uni boplab mot qilib huzurlanmoqchi bo‘lgandir. Ehtimol, bir tilla berib bolani qo‘lga olmoqchi bo‘lgandir. Lekin, ko‘radiki, bola mushtdek boshi bilan kimsan mamlakat podshosini o‘ynatib turibdi. Hatto vazirlaru saroy mulozimlari podsho oldida dag‘-dag‘ titrab, “Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz”, deb yalinib-yalpizlansa, Afandining o‘g‘li o‘zini dadil tutib, podshoni istasa yozib chalpak, istasa bukib chuchvara qiladi. Bola Afandi shunday bo‘lgach, qariya Afandi undan oshiradi, albatta. “Bitta “Za”ga ming tanga” latifasini o‘qib o‘zingiz o‘ylang: “Afandi qarib qolgan chog‘ida mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazayotgan edi, podsho kelib qoldi: – Hoy, chol! – dedi podsho.

– Sen piri foniy bo‘p qolibsan. Bu ekayotgan daraxtlaringning mevasini yeyman deb o‘ylayapsanmi?

– O‘tganlarning ekib qoldirganlaridan biz foydalanyapmiz. Endi bizning ekkanlarimizdan kelgusidagilar foydalansinlar, deb ekyapman. Bu gap podshoga yoqib ketib: “Za”, deb yubordi. Uning za degani ofarin degani edi, podsho har gal za deganida ming tanga in’om berilishi shart edi. Podshoning yonidagi xazinachi darhol Afandiga ming tanga sanab berdi. Afandi qulluq qilib:

– Mana, ko‘rdingizmi, podshohim, mevalarim hoziroq hosil berdi, – dedi. Podsho yanayam xursand bo‘lib: “Za”, dedi. Xazinachi yana ming tanga sanab berdi. Afandining ta’bi ochilib ketdi: – Aslida mevali daraxtlar yilda bir marta hosil beradi. Lekin podshohimning poy-qadamlari sharofatidan ikki marta hosil berdi. Podshoga bu gap xush kelib, yana: “Za”, deb yubordi. Xazinachi Afandiga yana ming tangani sanab berdi-da, sekin podshoning qulog‘iga shivirladi: – E, podshohi olam, agar bu yerdan tezroq ketmasak, bu chol xazinangizni butkul quritadi”.

Qoyilmisiz? Bu ikkala latifadagi bir jihatga e’tibor bering. Unisida ham, bunisida ham Afandi aslida odob-axloq va ezgulikni targ‘ib qilyapti. Bola Afandining onasi o‘g‘liga begonalardan pul olmaslikni tayinlagani yoki qariya Afandining o‘tgan ajdodlar ekkanlaridan foydalangach, kelgusi avlod uchun mevali daraxt ekishi yuksak tarbiya va yaxshilikning eng go‘zal namunalaridir, shunday emasmi? Aslida har ikki latifada podsho pulni mana shunday yuksak qadriyatlar uchun to‘laydi. Modomiki, latifa xalq ijodi ekan, latifa boshqa xalq ijodi janrlari bilan uzviy bog‘liq ekan, shunday motivlarni ertaklarda ham uchratamiz. Masalan, ertak va rivoyatlarda ko‘chada hikmatli gap sotib o‘tirgan odam bo‘ladi-da, ertak qahramoni o‘sha hikmatli gapdan bitta yoki uchtasini sotib oladi, so‘ng o‘z murod-maqsadiga yetishish yo‘lida o‘sha hikmatli gap asqatadi. Bu latifalarda ham bilsa hazil, bilmasa chin qabilida Afandi mamlakat hukmdoriga hikmatli gap sotyapti. Podsho nima qiladi bu hikmatli gapni, deysizmi? Mamlakatni rivojlantirishda, ya’ni shu qadriyat­larni targ‘ib qilishda foydalanadi, tegishli qonun-qoidalar, islohotlar, chora-tadbirlarni qo‘llaydi-da. Ammo ertak va rivoyatlardan farqli ravishda latifada quv­noqlik, ya’ni Afandining quvligi ham bor. Ertakdagi odam hikmatli gapni quruqdan-quruq sotsa, yuqoridagi latifalarda Afandi podshoni maqtab turib, ya’ni ko‘ngliga yo‘l topib sotadi. Darhaqiqat, bola Afandi podshoni tanishi, lekin onasi podsho bir tilla emas, ko‘proq pul berishini aytgani orqali, aslida, onasi podshoni saxiy odam, odamlarga mehribon deb sanashiga ishora qilinyapti. Podshoga saxovatli ekanini aytishsa, erimaydimi? Umuman, podsholar o‘zlariga xushomad va laganbardorlik qilishlariga o‘rgangan, shunday emasmi? Qariya Afandi-chi, “podshohimning poy-qadamlari sharofatidan ikki marta hosil berdi” deyishi ham xuddi shunday, Afandining quvligi va quvnoqligi, qolaversa, xushomad orqali ham ko‘ngilga yo‘l topish mahoratidan yaqqol dalolatdir.

Odatda quvnoq hamda quv odamning yuragida o‘ti bo‘ladi. Shuning uchun imillagan, bo‘shashgan, so‘lg‘in odamlarga “joning bormi, muncha suvga tushgan nondek bo‘shashasan?” deb koyiymiz. Ayniqsa, odam katta jamoa oldiga chiqib gapirganda yoki biror ishni birinchi bor qilganda haya­jonlanadi hamda asabiylashadi. Shunday payt­larda odam o‘zini yo‘qotib qo‘yishi, dovdirab qolishi, hatto yig‘lab yuborishi ham mumkin. Lekin Afandi shunaqangi quvnoq ham quvki, katta jamoa bo‘ladimi, podshoh bo‘ladimi, kerak bo‘lsa, har qanday odamni dovdirata oladi.. “Eshak – siz” latifasi bunga isbot: “Bir o‘tirishdagi askiyada podsho Afandiga eshak degan laqab qo‘­yib chandiy boshladi: – Sizni tegirmonchiga sotsammikin yoki devona, attorga bersammikin? – Taqsir, meni ko‘ringanga berib yubora bersangiz, oxiri eshak – siz bo‘lib qolasiz-da, – deb javob berdi Afandi”. Bitta gapda, yuzaki qaraganda, “Eshagingizdan ajrab qolasiz”, aslida – tagzaminda “O‘zingiz eshak bo‘lib qolasiz” degan fikrni uqtirish, hamsuhbatining, xalqona ibora bilan aytganda, “og‘zidan chiqqanini yoqasiga yopishtirish”… top­qirlik ham, pishiqlik ham, quvlik-quvnoqlik ham, beixtiyor kuldiruvchi go‘zal so‘z o‘yini ham mana shu! Afandining Xo‘ja Nasriddin ekanini, “nasriddin” so‘zi “dinning nasri” ekanini ta’kidlagan edik. Sirasini aytganda, “nasr” arabcha so‘z bo‘lib, “sin” yoki “sod” harflari bilan yozilishiga qarab adabiy janr “nasr”ni yoki “yordam berish”ni (masalan, “nasoro”) anglatadi. Afandining nasri har ikki ma’noda ham o‘rinli. Shunday ekan, Afandi til qonun-qoidalarini (sintaksis va morfologiya) mukammal biladi. Shuning uchun bilsa – hazil, bilmasa – chin, deganlaridek, “Eshak – siz” latifasida Afandi go‘yo “eshak” so‘ziga “siz” bo‘lishsizlik qo‘shimchasini qo‘shib “eshaksiz” deyapti, aslida “eshak” so‘zi bilan uchinchi shaxs birlik olmoshi “siz” orasiga “tire” tinish belgisini qo‘yib, podshoni “siz eshak bo‘lasiz” deb masxaralab turibdi. Yozuvda bo‘lsa-ku, ma’nolarni farqlab olish mumkin edi, lekin og‘zaki nutqda buni farqlash, ya’ni afandini “tilidan ilintirish” qiyin-da. Xuddi shunday so‘z o‘yini mashhur ruscha iborada, ya’ni hukmda ham ko‘zga tashlanadi: “Rastrelyat, nelzya pomilovat” (“Otish, kechirish mumkin emas”) yoki “Rastrelyat nelzya, pomilovat” (“Otish mumkin emas, kechirish”). Birgina vergulning o‘rnini almashtirish orqali ma’no teskarisiga o‘zgarib ketyapti… “Siz ahmoq – odam emassiz” latifasida ham xuddi shunday so‘z o‘yini ishlatilgan: “Afandi bir kuni gaplashib o‘tirib, a’lamni, siz ahmoq odamsiz, deb qo‘ydi. A’lam uni podshoning oldiga sudradi. Podsho Afandiga bir qancha po‘pisa-siyosatlar qilgandan keyin: – Darrov uzr ayt, siz ahmoq odam emassiz, kechirasiz, degin, yo‘qsa, hozir jallodni chaqiraman! – dedi. Afandi a’lamga qarab dedi: – Siz ahmoq – odam emassiz? Kechirasiz!..” Bunday latifalarda janobi Afandining har qanday qiziqchidan qiziqchiroq kulgi ustasigina emas, avvalo chinakam so‘z san’atkori sifatidagi so‘z ustasi, so‘z o‘yinining ustasi ekani yaqqol ko‘rinib turadi.

Kurashda ko‘tarib urish degan usul bor. Bu usul faqat avval osmonga ko‘tarib, keyin yerga urishni anglatmaydi, balki bir qo‘lda ko‘tarib turib, ikkinchi qo‘lda urishni, go‘yoki ulug‘lagan bo‘lib, aslida, yer bilan bitta qilishni anglatadi. Bunday usulni uncha-muncha pahlavon qo‘llayolmaydi. Kurashning bunday usulini qo‘llovchi pahlavon xuddi Pahlavon Mahmuddek misli ko‘rilmagan kuch-qudrat sohibi bo‘lmog‘i kerak, albatta. Afandi podshoning chidab bo‘lmas darajadagi kalakasi, tahqir-masxarasiga javoban shu usulni mohirona qo‘llaydi. E’tibor bering, afandi go‘yo maqtanadi-maqtaydi, aslida esa, “Meni eshak o‘rnida ko‘rib turgan o‘zing eshaksan!” degan gapni, tag‘in, yuqoridagi latifada bo‘lgani kabi, pardalab emas, ochiq-oshkor uqtirib aytib turibdi! Bunday misli ko‘rilmagan haqgo‘ylik, shartakilik, betgachoparlikni ko‘rib-bilib turgan raqiblar qanday talqin qildilar-u, podsho nima qildi? Podsho “Aslida, ayb o‘zimdan o‘tdi-da! Men o‘zim tahqirlab boshlaganimdan keyin bechora afandi shunga yarasha javob qildi-da!” deya “masala”ga bag‘rikenglik va kechirimlilik nuqtai nazaridan kulib qaradimi yo “Sen nima deyapsan, hoy afandi?!” deya jahl otiga minib, uni jallodning qo‘liga topshirdimi? Latifada bunisi aytilmaydi – “masala”ning bu tomoni tinglovchi bilan o‘quvchining tasavvuriga havola etiladi. Har qalay, latifadan anglashilib turibdiki, afandi tabiatan o‘t bilan o‘ynashish va yo arslonning mo‘yloviga tegish (sichqonning o‘lgisi kelsa, mushuk bilan o‘ynashadi, deganlar) qadar qiziq-qiziqqon, ya’ni har qanday qiziqchidan ming karra qiziqroq qiziqchidir! Har qadamda boshini garovga qo‘yib, jonini jabborga topshirish uchun odatda odam bolasi qip-qizil afandi bo‘lmog‘i kerak! Afandining quvnoqligi har lahzada o‘ta qimmatga tushishi mumkin bo‘lgan, o‘zining shirin joni bilan o‘lpon to‘lashi ehtimoldan xoli bo‘lmagan quvnoqlik-da! Mana shunday yuzaki qaraganda, o‘ta quvnoq-xushchaqchaq, aslida, yurak-bag‘ri tah-batah qon bo‘lib, tashi kulib, ichi yig‘lab, tilda yengilgina hazil-mutoyiba qilib, dilda esa odam bolasining fe’l-atvorini o‘nglash va xalqning ahvolini yaxshilash g‘amidan boshqa g‘ami bo‘lmay turgan chinakam afandilargina odatda hukmdorlarga laganbardor emas, asl maslahatgo‘y bo‘la oladi! Agar hukmdor uning haq so‘ziga chiday olsa!

Afandi afandi bo‘lganidan keyin hukmdor bilan munosabatda shunchaki yengil askiya, so‘z o‘yini, hatto kalakaga yarasha kalaka bilangina kifoyalanib qolmaydi, balki xuddi Yusuf Xos Hojib va yo “O‘tkan kunlar” romanidagi mushovir (maslahatchi) Yusufbek hojidek uning eng mushkul savollariga ham to‘g‘ri javob qaytarib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladi. Masalan, “Janjal nimadan chiqadi” degan latifada afandi podshoning savoliga mantiqan asosli, chinakamiga donishmandona javob qaytaradiki, afandining topqirligi, pishiqligi, quvnoqligi, qo‘rqmasligi, donishmandligi, tom ma’noda mushovir (maslahatchi)lik mahoratiga beixtiyor qoyil qolasiz: “Bir kuni podsho afandidan so‘rab qoldi: – Shu odamlarga ham hayronman-da. Doim bir-birlari bilan janjallashganlari janjallashgan. Janjal nimadan chiqarkin-a, Afandim?

– Odamlar bir-birlariga bexosdan ahmoq bo‘lma deb yuboradilar. Janjal shundan chiqadi.

– Bo‘lmagan gap! Shu arzimagan gapdan ham janjal chiqadimi?

– Chiqadi.

– Chiqmaydi!

 – Chiqadi.

– Chiqmaydi!

– Ahmoq bo‘lmang! – dedi Afandi jo‘rttaga.

– Jallod! – deb qichqirdi podsho azbaroyi jahli chiqib ketganidan.

– Ana, aytmadimmi, taqsir, bitta “ahmoq bo‘lmang”ga janjal tugul, o‘lim chiqdi-ku! Boring bo‘lmasa, ahmoq bo‘la qoling!”

Gapining haq-rostligi va teran tagma’noga egaligini bir lahza – bir jumlada jonli misol orqali ko‘rsatib berishga Afandidek Yusuf Xos Hojib bilan Yusufbek hoji darajasidagi chinakam davlat maslahatchisigina qodir! Bu o‘rinda nafaqat podsho, balki yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha odamlarga u yoki bu darajada xos bo‘lgan bir illat – qaysarlik, o‘jarlik, eng bama’ni pand-nasihat va yo‘l-yo‘riqning ham teskarisini qilish ishtiyoqi san’atkorona ochib ko‘rsatilgan. Zotan, odam bolasining tabiati shundayki, u ko‘p hollarda “Ahmoq bo‘lma” desangiz ahmoq bo‘ladi, “Bor, ana, ahmoq bo‘la qol!” desangiz, aksincha, birdaniga “aqli kirib”, aqlli bo‘lib qoladi! Yetti yashar bolakayning ham, yetmish yashar podshoning ham fe’l-atvori-da bu! Sirasini aytganda, “adabiyot” so‘zining o‘zagi “adab” ekan, u insonlarni adabga o‘rgatishga xizmat qiladi. Adab va tarbiyaning esa, asosan, ikki usuli bor: maqtov yoki koyish. Masalan, “bunday qilsang, yaxshi bo‘ladi (yoki aqllisan), bunday qilsang, yomon bo‘ladi (yoki ahmoqsan)” deyish mumkin-da. Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi deganlaridek, ba’zi odamlar yaxshi gapni, tushuntirishni to‘g‘ri qabul qiladi, ba’zilar esa, yaxshi gapni tushunmaydi, ularga faqat yomon gap ta’sir qiladi. Odam bolasining fe’l-atvoriga xos bunday nozik qirralarni yaxshi bilgan afandi hamma bilan, hatto hukmdor bilan ham fe’liga yarasha muomala-munosabatda bo‘ladi. Latifada, ayniqsa, har qanday janjal va hatto qatlu qirg‘inlarning tub sababi – ahmoqlik ekani san’atkorona ochib ko‘rsatiladiki, ayrim uquvsiz yozuvchi bu ishni shapaloqdekkina latifada emas, yirik nasriy asarda ham uddalashi qiyin!

Afandi yigirmadan ko‘proq xalqlarning birlamchi adabiy qahramoni ekanini ta’kid­lagan edik. U o‘zbeklarda Xo‘ja Nasriddin (laqabi Afandi), turklarda Xoja Nasriddin, qozoqlarda Xo‘ja Nosir, ozarbayjonlarda Mulla Nasriddindir. Bundan tashqari, qozoqlarda Aldar ko‘sa, qoraqalpoqlarda Umribek laqqi, uyg‘urlarda Saloy chaqqon, tojiklarda Mushfiqiy yepbi afanditabiat qahramonlar bor. Qolaversa, arablarning Afandisi Joha (ehtimol, xoja so‘zining teskarisiga o‘qilishidan hosil bo‘lgan), ruslarning Afandisi Ivan (ehtimol, Afandi so‘zining qisqargan shakli) deb ataladi. Xuddi dengizda nahang laqqa baliqlarni yutib yuborganidek, Afandi birlamchi qahramon sifatida boshqa ikkilamchi qahramonlarni yutib yubora oladi. Ya’ni Afandi boshqa qahramonlardan topqirroq, pishiqroq, quvnoqroq, ustomonroq. Mana, masalan, “Afandi va Aldarko‘sa” latifasini o‘qib ko‘ring: “Bir kuni Afandi bilan Aldarko‘sa harifona osh qilishdi. Aldarko‘sa Afandini aldamoqchi bo‘lib: – Osh dam yeguncha jinday mizg‘ib olmaymizmi? – dedi. Afandi ko‘ndi. Yotishdi. Afandini uxlatmoqchi bo‘lib Aldarko‘sa o‘zi uxlab qoldi. Afandi sekin turib oshni suzdi va pok-pokiza yeb, qozonga suv quyib qo‘ydi. Aldarko‘sa uyqudan ko‘zini ochishi bilanoq Afandini uyg‘oq ko‘rib, maqtana ketdi.

– Qizitaloq poshsho tushimda ham meni tinch qo‘ymay, saroyga sudrab bordi. Ziyofat ustiga ziyofat…

– Ha, – dedi Afandi, – o‘sha tushingizga men ham kirgan edim, qarasam: og‘iz-burningizdan ovqat tiqishayotibdi. Menga hech kim qaramadi. Qaytib keldimu oshni g‘aribchasiga suzib, g‘aribchasiga yedim. Qorningiz to‘q kelarsiz deb, sizga achchiq choy damlab qo‘ygan edim, olib kelaymi?” E’tibor bering, avvalo, Aldar ko‘sa Afandini aldamoqchi bo‘ldi. Lekin u shoxida yursa, Afandi bargida yuribdi. Qolaversa, Aldar ko‘sa o‘zini poshshoning hurmatiga sazovor qilib ko‘rsatib maqtanyapti, to‘g‘rirog‘i, aldayapti. Afandi uning qurolini, ya’ni aldovini olib o‘ziga qarshi ishlatyapti. Uning maqtoviga maqtov qo‘shib, ya’ni barcha hurmat-e’tibor unga bo‘lgani, bunga esa, hech kim boqmaganini aytib, o‘zini g‘arib ko‘rsat­yapti. O‘zini g‘arib ko‘rsatgan holda eng usta aldoqchini ham aldab chuv tushirish mahorati faqat Afandida bo‘ladi!

Ma’lumki, yahudiylar ko‘p ming yillik tarixga ega, musaviylik va isaviylik dinlari nozil bo‘lgan qadimgi xalq bo‘lib, ko‘pgina latifalarda ularning donoligi, quvligi, pishiqligi va boshqa fazilatlari tarannum etiladi. Modomiki, Afandi ko‘p xalqlarning umumiy va birlamchi qahramoni ekan, u har qanday xalqning har qanday jamoasida o‘zining aql kuchi va ruhiy quvvatini aniq-ravshan ko‘rsata oladi. “Nodon jamoa” latifasini o‘qib ko‘ring: “Afandi bir kuni yahudiylarning katta boylari orasiga borib bunday dedi: – Meni taniysiz, Mulla Nasriddin Afandi bo‘laman. Hozir musulmonchilikdan ko‘nglim sovib turibdi, agar siz qirq kungacha meni yaxshilab ziyofat qilsangiz, sizning diningizga kiraman! Yahudiy boylari bu taklifga rozi bo‘lishib, Afandini qirq kun ziyofat qildilar. Oxiri ulardan biri: – Endi va’dangizga vafo qilsangiz, xayrli ish kechikmasa, – dedi.

– Ey, nodon jamoa! – dedi Afandi.

– Qirq yildan beri musulmonlarning ziyofatini yeb, haligacha tuzuk-quruq musulmon bo‘lganim yo‘g‘-u, qirq kunlik ziyofatingizga musoyi bo‘laymi?” E’tibor bering, Afandi yahudiylarning katta boylariga murojaat qilyapti. Boylar Afandining taklifiga rozi bo‘lishdimi, demak, ularning din haqidagi tasavvurlari cheklangan! Boylikni har nega qodir deb bilgan bu boylarni nodon jamoa desa degudek-da! Lazzatli taom, moddiy boylik, o‘tkinchi dunyo matohiga qiziqib dinini belgilaydigan odamga ishonch yo‘q, bunday odamda chin imon ham yo‘q. Latifada Afandi har ikki toifadagi odamlar ustidan kulmoqda. Afsuski, bugungi kunda e’tiqodni boylik bilan o‘lchaydigan odamlar boylik uchun har narsaga, hatto jonini garovga topshirishga tayyor odamlar, turli din missionerlarining yolg‘on va’dalariga va moddiy sadaqalariga ergashib ketaveradigan odamlar yo‘q emas, hatto ular ko‘pchilikni tashkil etadi. G‘alvirni suvdan ko‘tarib, yaxshilab surishtirib qaralsa, ko‘pchilik chin e’tiqodda sobit emas, balki munofiq, fosiq, kazzob, firibgar, tamagir, tilyog‘lama, g‘arazo‘y va hokazo ekani ko‘rinadi-qoladi. Ammo buni aniqlash va mutlaq hukm chiqarishga faqat Yaratgan qodir. Yuqoridagi latifa esa shunday insonlarga oyna tutib, bizni kuldirishga, to‘g‘rirog‘i, achchiq zaharxanda bilan kulishga, so‘ng hazil tagi zil deganlaridek, zil tagma’noni jiddiy o‘ylashga undaydi. Shu holga alohida e’tibor beringki, har ikki latifada Afandi Aldar ko‘sa bilan yahudiy boylariga tahqir nazari bilan kamsitib qarayotgani yo‘q, balki ularning fe’liga yarasha muomala qilyapti: yolg‘onga asoslangan soxta aldovga haqiqiy aldovni, moddiy boylikka esa, ma’naviy boylikni qarshi qo‘ymoqda va ulardan ikkinchisining birinchisidan afzalroqligini ko‘rsatmoqda.

Xullas, afandi latifalarini topqirlik, to‘g‘rilik, pishiqlik, quvnoqlik, oqko‘ngillik va shular kabi ko‘pgina fazilatlardan bizga o‘git beruvchi o‘ziga xos yo‘l-yo‘riq, eng qisqa das­turilamal, eng ixcham qo‘llanma, deyishimiz mumkin. Ular faqat kuldirish (xursand qilish, dimog‘ chog‘lash, bahr ochish) uchungina yaratilmagan. Bosh maqsad o‘ylashga undash, latifaga singdirilgan chuqur tagma’nolarni yo‘rib-ochib ko‘rsatish, to‘g‘ri tushunish va tushuntirish malakasini egallashdir. Tagma’noni yaxshiroq tushunganimiz sayin zavqimizga zavq, aqlimizga aql qo‘shilib, el yaratgan o‘lmas qahramonimiz va uning ichakuzdi latifalariga qiziqishimiz tobora oshadi. Bizning ushbu badiani yozishdan maqsadimiz esa, yo‘riqni yo‘rishgina emas, shu orqali odam bolasining fe’l-atvorini anglab yetish, undagi illatlarni yo‘qotib, fazilatlarni shakl­lantirish yo‘llarini izlashdir. Buyuk tilshunosimiz Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” mumtoz asarida “yo‘riq” so‘zining “fe’l, fe’lu xo‘y, muomala” ma’nolari izohlangan (“Devonu lug‘otit-turk”, “Mumtoz so‘z” nashriyoti, 2016, 3-jild, 12-bet). O‘zbek tilining izohli lug‘atida esa, “yo‘riq” so‘zining “ish-harakat tarzi, usuli, chora, tadbir, yo‘l” ma’nolari tilga olingan (M., 1981, 1-jild, 354-bet). Har ikki izohli lug‘atda bu qadim turkiy so‘zning o‘ta purma’no-purhikmat ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Lekin, o‘ylashimcha, “yo‘riq” so‘zining ma’nolari shugina emas! Bu so‘zni to‘laroq yo‘rish uchun “yo‘r” o‘zagidan yasalgan “yo‘rma”, “yo‘rg‘a”, “yo‘rgak” so‘zlarining ma’nolarini yodga olish kerak. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “yo‘riq” so‘zidan keyin “yo‘rma” so‘zi “kashtachilikda qo‘llaniladigan chok turlaridan biri” deb izohlangan. “Yo‘rg‘a” esa, “mayda qadam tashlab tez yuradigan (ot, eshak haqida)” va “Beshikning bir tekisda oson tebranishi uchun uning orqa va old oyoqlari ostiga ko‘ndalang o‘rnatilgan yoysimon yog‘och moslama” deb ko‘rsatilgan. Bir maromda qimirlash nuqtai nazaridan u yo‘rg‘a bilan bu yo‘rg‘a bir-biriga juda o‘xshab ketadi, lekin mazkur so‘z ot bilan eshakka nisbatan sifat, beshikning bo‘lagiga nisbatan esa, ot vazifasida kelib, birinchisida “qanday?”, ikkinchisda “nima?” so‘rog‘iga javob bo‘lib turibdi. AQSHdagi yirik shaharlardan biri Nyu-Yorkning nomida kelgan “York” so‘zining kelt tilidan lotin tiliga, undan ingliz tiliga o‘tgani haqida manbalarda aytilgan. Bu so‘zning kelib chiqishi bo‘yicha turli farazlar mavjud. Shulardan biri – bu so‘z turkiy “yo‘riq” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, bu so‘zda yuqorida keltirilgan ma’nolarning barchasi (fe’l, fe’lu xo‘y, muomala, ish-harakat tarzi, usuli, chora, tadbir, yo‘l, ko‘rsatma,…) o‘z ifodasini topgan, ayni chog‘da, bu so‘z “boshqaruv (administratsiya)” ma’nosida ham qo‘llanadi!.. Bas, shunday ekan, Afandining yo‘rig‘i nima? Afandining yuqorida sanalgan va sanalmagan barcha ma’nolardagi yo‘rig‘i bu, albatta, uning latifasidir! Latifada afandining fe’l-atvori ham, yo‘l-yo‘rig‘i ham, muomala madaniyati ham, topgan chorasi, tadbiri, yechimi, ko‘rsatmasi, boshqaruvi…, qo‘­ying-chi, butun borlig‘i o‘z aksini topgan! Binobarin, dast avval latifaga berilgan ikkita ta’rif (“Eng hozirjavob janr” va “Eng topqir janr”)ga nisbatan yana-da qisqaroq, atigi ikkita so‘zdan iborat ta’rifni badia so‘ngida keltirishimiz mumkin: “Afandining yo‘rig‘i”.

Eng sevimli milliy qahramonimiz Xo‘ja Nasriddin afandining yo‘rig‘i bo‘lgan latifa shu kecha-kunduzda ham bu jahon ayvoni bo‘ylab eng uchqur tulpordek dam yo‘rg‘alab-yo‘rtib, dam qushdek qanot bog‘lab uchib-qo‘nib, butun bashariyat­ning ko‘nglini xush, kayfiyatini chog‘ qilib, kulib-kuldirib yuribdi! Bu olamda Afandichalik jahongashta sayyoh yo‘q! Eshak minib bo‘lsa-da, ne bir uchqur tulporlaru arg‘umoqlar jilovidan tutgan mohir chavandozlarni ham jahoniy poygada ortda qoldirib, badiiy nasrning eng muxtasar, eng purhikmat, eng go‘zal janrini amalda yaratgan eng zo‘r adib va jahon adabiyotining eng o‘lmas qahramoni – Xo‘ja Nasriddin afandi baayni Xo‘jai Xizrdek to qiyomatga qadar o‘lmasligi va jahongashtaligi, bu jahon ayvonining barcha qit’alariyu yurtlarida o‘zligini ko‘p va xo‘p ko‘rsatib, oshini oshab, yoshini yashayverishi tayin!

Yo‘ling hamisha oq bo‘lsin, ey ulug‘ bobomiz, aziz otamiz, qadrdon og‘a-inimiz, jonajon qo‘shnimiz…

5 noyabr 2018 yil

 

OTAULI

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.