Tabiatni asrang

0
11
marta ko‘rilgan.

“Qish edi…” romanidan parcha

 

Said Oqmirza hayvonlarni, qushlarni kuzatishni yaxshi ko‘rardi, ularning odatlarini yaxshi bilardi. Tog‘ echkilari uni hayratga solardi va maftun qilardi. U tabiatda tog‘ echkilarining yo‘qolib ketishi oldini olish uchun kurashardi: o‘zining dushmani deb hisob­laydigan brakonyer-ovchilarni fosh etuvchi hajviyalar, maqolalar va xabarlar yozib, matbuotda chop ettirardi. Said majlislarda bu hayvonlarni qirib tashlayotganlarga qarshi nutq so‘zlardi, maktabda, darslarda doim o‘quvchilarni Ismoilday ashaddiy ovchidan o‘rnak olmaslikka chaqirardi. Odamlarga tog‘ echkilarini qirish yovuzlik va sharmandalik ekanini tushuntirardi. Ovulda ko‘pchilik uning tog‘ echkilarini yaxshi ko‘rishidan hayron qolardi, ayrimlari ustidan kulardi, ammo Said e’tiqodidan chekinmasdi. Oqmirza she’rlaridan birida: “Tog‘ echkisini otish – erkinlikka o‘q uzishdir”, – deb yozgandi. Maqolalarining birida tabiat go‘zalligi va tog‘ echkilarini himoya qilish haqida bunday yozgandi:

“Baland cho‘qqilarda burgutdan keyin yashaydigan jonzot tog‘ echkilari hisoblanadi. Ular chiroyli va aqlli hayvon, cho‘qqilarda yashashini qahramonlikka qiyoslash mumkin. Ularning yashash tarzi shunchalar ibratliki, odamda beixtiyor hayrat uyg‘otadi. Masalan, takalari toki tabiat chaqirig‘ini eshitmagunlaricha echkilardan alohida yashaydilar. Buning hammasi uloqchalari qishgi sovuq va yemish yo‘qligida dunyoga kelmasliklari uchun qilinadi. Hech kim ularni bu qoidalarga amal qilishlariga majbur qilmaydi, takalar o‘zlari to‘dadan ketadilar. Odamlar-chi, bolalarimiz-chi? Tarbiyada bitta gapni takrorlashdan charchamaymiz: bola yaxshilikdan ko‘ra yomonlikni tez o‘rganadi. Barcha jumboq shundaki, tog‘ echkilari hayo­ti go‘zal va ibratli. Ularning odatlaridan ajablanmay bo‘lmaydi. Qo‘shilish mavsumida takalar echki talashganda o‘zlarini qanday tutishadi? Ular ham dunyodagi barcha tirik jon singari mehr tuyg‘usini qozonish huquqiga ega bo‘lish uchun kurashadi. Ammo kurashish va o‘z qadrini himoya qilish turli usullarda amalga oshiriladi. Ajablanarlisi, tog‘ takalari bunday mushkul kurashni jar yoqasida olib boradilar. Bittasi naryog‘i jarlik bo‘lgan qoya yoqasida turadi, bosh­qasi undan teparog‘iga chiqadi. Teparoqda turgani pastga turganiga yugurib kelib tashlanadi. Agar uni qulata olmasa, ular joy almashadilar – endi teparoqda turgan taka boshini mag‘rur silkitib, hozirgina raqibi turgan xavfli joyga borib turadi. Ular shunday tarzda bittasi mag‘lub bo‘lgunicha kurashadilar. Adolatli va go‘zal! Bunday kurashishni ularga kim o‘rgatgan? Hech kim! Mana shuning uchun ham hayvonlarning xatti-harakatlari hayratga soladi.

Ammo bu hammasi emas. Qoyalarning yashil yon-bag‘rida, ovloqroq joylarda maysa-giyohlarni yeb to‘ygan poda dam olishga yotadi, bitta taka tevarak-atrof ko‘rinib turadigan baland qoya ustiga chiqadi va dam olayotgan oilani qo‘riqlaydi. Taka qoya ustida mag‘rur turibdi, atrofida oq cho‘qqi va moviy osmon – qanday go‘zal manzara! U sergak soqchi, ovchi qaysi tomondan podaga yaqinlashsa ham, masofa uzoq bo‘lishiga qaramay, darrov sezadi. Xavfni sezgan soqchi taka hushtakday tovush chiqarib podani ogohlantiradi va sakrab tushib podani xavfsiz tomonga boshlab qochadi. Soqchilikda takalar galma-galdan turadi. Ularga hech kim buyruq bermaydi. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra, soqchini almashtiradi. Agar soqchi taka sergak turishiga qaramay, ovchi tepalikka yaqinlasha olsa, uning otgan birinchi o‘qidan shu soqchi taka o‘ladi. Ammo o‘q yonidan o‘tib ketadigan paytlar ham bo‘ladi, shunda soqchi taka podani ogohlantiradi, keyin qoyadan sakraydi – pastga shoxi bilan tushadi, bu uni jarohatlanishdan saqlaydi, tezda qochayotgan podaga qo‘shiladi, o‘zini va podani qutqarib qoladi. Bunda tasavvurimizga sig‘maydigan oqillik va go‘zallik mujassam. Bir-biriga oqibatli bunday mavjudotlarni sevmay bo‘ladimi?! Tog‘larimizdagi shunday ajoyib hayvonlarni beshafqat, ba’zan ermak uchun qirib tashlayotgan kimsalardan qanday qilib nafratlanmaslik mumkin? Agar ahvol shunday davom etaversa, tez orada tog‘ echkilari yo‘qoladi, tog‘lar esa bitta go‘zalligidan ayriladi. Avlodlarimiz esa kitoblarni o‘qib, tog‘larimizda tog‘ echkisi deb nomlangan go‘zal hayvonlar yashaganini bilib oladilar.

Balki o‘quvchilar so‘rashar: “Yuz yillar ilgari ajdodlarimiz tog‘ takalarini ovlashmaganmi?” Ovlaganlar. Ammo hozirdagidek emas. Yegulik narsasi qolmagan, bolalarini boqishga hech nima topolmagan taqdirdagina yovvoyi hayvonlarni ovlashga majbur bo‘lishgan. Hozir esa o‘zining ham, bolalarining ham qorni to‘q kimsalar tog‘ echkilarini o‘ldirishyapti. Ajdodlarimiz harbiy miltiq yoki qo‘l pulemyotidan tog‘ echkilariga o‘q uzishmagan. Hozir esa bekorchixo‘jalar ermak uchun, maqtanish uchun tog‘ echkilarini otib o‘ldirishyapti. Bu ablahlik! Bunday ablahlikni to‘xtatish uchun tabiatni, go‘zallikni sevadigan har bir kishi oyoqqa qalqishi kerak, axir, biz shu zaminda yashayapmiz. Biz ota makon deb ataydigan bir parcha yerimiz, bilsangiz, hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan ajoyib maskan. Oq cho‘qqilar ko‘rinib turadigan shu afsonaviy tog‘lar bag‘rida tug‘ilganimiz uchun hayotdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Har tong uyimizdan chiqqanimizda, birinchi bo‘lib oppoq mo‘jizani – Elbrusni, Kavkaz tog‘ tizmalarini ko‘ramiz. Ulardan ayrilish biz uchun katta fojia bo‘lardi, bu yo‘q bo‘lib ketishimiz bilan barobar. Shuning uchun biz har bir daraxtni asrashimiz, har bir gulga, har bir tosh, daryo, qush, chumoliga mehr bilan qarashimiz kerak. Hech qachon biz dunyoda go‘zal o‘lkalar kam deb aytmaymiz. Go‘zal joylar ko‘p. Balki bizning yerimizdan ham go‘zallari bordir. Ammo biz jonajon o‘lkamiz eng go‘zal maskanlar oldingi qatorida turadi, deyishga haqlimiz. Bu joy dunyoga mashhur Kavkazning bir bo‘lagi. Qadimdan ma’lumki, har bir odam uchun o‘zi tug‘ilgan vatan – boshqa yerlardan aziz. Har qanday sog‘lom odam bu insoniy tuyg‘uni tushunishi va uni hurmat qilishi kerak. Mana shuning uchun bizga ham qadrdon zaminimiz hayo­timizday aziz, muqaddas. Unda bizning ajdodlarimiz yashagan, endilikda bag‘rida yotishibdi, biz ham shu zaminda yashayapmiz, go‘zalliklaridan quvonyapmiz, nonini yemoqdamiz, suvini ichyapmiz, navbatimiz kelganida, biz ham otalarimiz kabi uning quchog‘idan joy olamiz.

Bizning bebaho xazinamiz va bebaho muhabbatimiz bo‘lgan shu zaminimizni haqorat qilish­lariga qanday chidash mumkin?! O‘zing tug‘ilgan, onang beshigingni tebratib alla aytgan, birinchi qadam tashlagan va oyog‘ing tuproqni sezgan, tong­ni, quyoshni, osmonni, yulduzlarni, tog‘larni, cho‘qqilarni, daryolar oqimini, oppoq qorlarni ko‘rgan, qushlar sayrashini, irmoqlar jildirashini eshitgan zaminga hamisha mehrli bo‘lish kerak.

Umid qilamanki, o‘quvchilar ona zaminimizning bebaho va betakror go‘zalligi bo‘lgan baland tog‘larda yashovchi jonzotlarni shafqatsiz ravishda qirib tashlayotgan brakonyer-ovchilarga qarshi necha yillardan buyon kurash olib borayotganimni to‘g‘ri tushunishadi. Odamning bitta vatani bo‘ladi, unga boshqa aziz joy yo‘q. Hatto qushlarning ham sevadigan inlari bo‘ladi. Har bahorda qaldirg‘ochlar Chalga qaytadilar, bu yerda ularning mehr bilan tirishib qurgan inlari bor. Ular uzoq mamlakatlardan, juda olis masofani uchib o‘tadilar. Qumli sahrolar, bepoyon dengiz, o‘rmonlar ustidan uchib o‘tib, oddiy temirchi yoki toshtaroshning eshigi tepasiga yoxud maktabga qurgan inlariga qaytadilar. Agar uyingizda qaldirg‘och in qurgan bo‘lsa, buni hamma yaxshilikka yo‘yishadi. Men Azimning ovulidagi eski uyiga borish baxtiga muyassar bo‘lganimda, eshigi ustida qaldirg‘ochlarning ikkita inini ko‘rdim. Men shoirning qaldirg‘ochlar haqida mehr bilan gapirganini va ularga hayratlanib tikilganini bir umr unutmayman. Har birimiz yaxshilikni nafaqat odamlardan, balki qushlardan, hayvonlardan, daraxtlardan, qoyalardan, daryolardan – barcha mavjudotdan o‘rganishimiz kerak. Hammamiz chumolilarning tirishib mehnat qilayotganini ko‘rganmiz. Ularni hech kim ishga haydamaydi va majbur qilmaydi. Bunday tirishqoqlik va mehnatsevarlik ularga singib ketgan.

Donish tabiatning go‘zalligi benazir. Lekin bizning Chalda ham shunday kaltafahmlar yashaydiki, ular bu go‘zallik bormi-yo‘qmi sezmaydi, ertaga saqlanib qoladimi-qolmaydimi bariga tupuradi. Ajdodlarimiz bizga ibratli hikmat qoldirishgan: “Tentak o‘zining uyini ham yoqib yuborishi mumkin”. Bizning tabiatga munosabatimiz shunday emasmi? Otalarimiz bizga qoldirgan bebaho go‘zal merosni yo‘q qilish – jinoyat! “Bizdan keyin tog‘lar ham, daryolar ham qolmasin!” deb aytgan kimsalarga la’natlar bo‘lsin. Bunday kimsalar xalqimizning g‘ururi bo‘lgan Azim bilan birga shu zaminda yashayaptilar, bitta havodan nafas olyaptilar, birga qor va maysalarga qarayaptilar. Qanday sharmandalik!

Bobolarimiz qoldirgan bu zaminga qancha avlodlarning peshona teri va qoni to‘kilgan, lekin ular o‘z burchini vijdonan bajarganlar. Ovullarda biz qadimiy jangovar minoralarni ko‘ramiz. Tog‘lar, qoyalar, toshlar – qancha qahramonliklar guvohi, botirlarning ko‘plari biz yashayotgan shu zaminni himoya qilaman, deb beayov janglarda halok bo‘lishdi, biz ularga nasib etmagan nonni yeyapmiz, ular icholmagan suvni ichyapmiz. Shu zamin, uning go‘zalligi, barcha mavjudot – bu bizning umumiy quvonchimiz, umumiy boyligimiz, umumiy baxtimiz, takrorlayman, bizning umumiy boqiyligimiz. Mana, nima uchun biz shu zaminni, undagi barcha mavjudotni sevishimiz va asrashimiz kerak. Odamlar faqat shunday yashamoqlari kerak. Mana, nima uchun men tog‘ echkilariga qirg‘in keltirayotgan ovchilarni o‘zimga dushman deb bilaman, mana, nima uchun men yagona va jonajon zaminimizning go‘zalligini shafqatsiz yo‘q qilayotgan kimsalardan nafratlanaman”.

Chalga uning shu maqolasi chop etilgan gazeta yetib kelganida, Said o‘ziga yana bir bor tabiatga ayovsiz munosabatda bo‘layotganlarga qarshi kurashni davom ettiraman deb so‘z berdi. Bu uning uchun muhim hayot-mamot masalasi edi. Umuman olganda, Oqmirza uchun tabiat va odamlarga tegishli bo‘lgan nomuhim masalaning o‘zi yo‘q edi. Maktabda uni yaxshi ko‘rishardi. U mehribon odam edi, bekordan-bekorga odamlarni xafa qilolmasdi, bolalarni-ku umuman, qattiqqo‘l va talabchan bo‘lsa ham o‘quvchilarni hech qachon biron sababsiz aybsitmasdi. Said butun umr katta va kichik masalalarda adolat tomonida bo‘lardi, bu e’tiqodini hech narsa o‘zgartira olmasdi. O‘zining haqligiga ishonchi komil bo‘lsa, tabiatan samimiy va rahmdil bo‘lsa ham hech kimga yon bermasdi.

Maqolasi gazetada chop etilgan kun Oqmirza darslari tugagach, uyiga yo‘l oldi. Ustoz oyoqlari tagiga xazon barglar to‘kilardi, daraxtlarning uchlari botayotgan quyosh nurlarida zarrin tovlanardi.

– Assalomu alaykum, Said Umarovich! – unga salom berdi sobiq o‘quvchisi va qarindoshi Ismoil.

– Va alaykum assalom, – javob berdi istamaygina Said. – Aslida sen bilan salomlashmasa ham bo‘ladi…

– Nimaga?

– Xuddi o‘zing bilmaysan!

– Men rahmatli onangiz rahmatli bobomning opasi ekanini bilaman.

– Buni men sen tug‘ilmasingdan ilgari bilardim.

– Nimaga jahlingiz chiqyapti? Nimaga?

– Senga necha marta tog‘ echkilarini ov qilishni bas qil deb aytganman? Bu shafqatsizlik ekanini tushuntirganman. Gapim to‘g‘rimi?

– Albatta, aytgangiz…

– Bu yaramaslikni qachon to‘xtatasan?

– Men anchadan beri toqqa bormayapman, – xotirjam javob berdi Ismoil va jiddiy bo‘lishga harakat qildi, ammo uning jiddiy suhbatga toqati yetmasdi. U yaxshi kayfiyatda edi, chunki bir necha kun tog‘da kezib to‘rtta tog‘ echkisini ovlagandi. Uyiga yarim kechasi qaytib keldi. Onasi unga tanbeh berganida, hazilga burib qo‘ya qoldi. Challik dehqonlar iborasi bilan aytganda, bu tanbehlar Ismoil uchun tog‘ takasining qulog‘idan shamol o‘tganday gap. U Saidga hech uyalmasdan yolg‘on gapirdi. Holbuki, Said buni bilardi.

– Sening yolg‘oning o‘xshamadi, – dedi Said ta’na bilan. – Menga hammasi ayon. Kecha sizlarnikiga kirgandim, onang Aja to‘rt kundan beri yo‘qligingni aytgandi.

– Mening ovdan boshqa ishlarim yo‘qmi?

– Bekorchi gaplarni gapirma. Kecha to‘rtta tog‘ echkisini o‘ldirib qaytgansan. Sendan omadsiz, ammo xuddi senga o‘xshagan kaltafahm ovchilar ularni olib kelishingga yordam berishgan.

– Ustoz, bularni siz qayerdan bildingiz?

– Chal Moskva emas.

– To‘g‘ri, Said Umarovich, – taslim bo‘ldi Ismoil, – menday tentak qarindoshingizdan jahlingiz chiqmasin.

– Qanday jahlim chiqmasin? Sen rahmatli otang yurgan zamin go‘zalligini o‘ldiryapsan!

– Jahlingiz chiqmasin, Said amaki.

– Yo‘q, jahlim chiqadi. Qishda sen shunday joylarga chiqasanki, u yerda seni qor ko‘chkisi ko‘mib tashlashi mumkin. Atrofdagi qoyalarda qor, muz, toshlar osilib turadi. U tog‘larga chiqqan paytimda sen hali dunyoga kelmagan eding. Menga har bir qoya, daradagi har bir qayrilish, har bir daraxt, har bir tosh tanish, garchi men tog‘ echkilarini o‘ldirmagan bo‘lsam ham.

– Men ovni tashlamoqchi bo‘ldim, ammo uddasidan chiqa olmayapman. Bunday qilolmayapman, meni tushuning!

– Shunday qilishing kerak! Irodali bo‘lishing kerak. Sen erkaksan. Yaxshi odamning o‘g‘lisan.

– Meni o‘ldirsangiz ham ovsiz yashay olmayman!

– Nimaga? Bolalaringni boqishga narsang yo‘qmi?

– Nima desam ekan, ov qilishni ko‘nglim tusab turadi. Ov qilish va ot choptirishni yaxshi ko‘raman!

– Istaganingcha ot choptir. Bu tog‘liklarga, ajdodlarimizga xos ish.

– Ot choptirish bilan ko‘nglim tinchimaydi, men yana ov qilishim ham kerak, – dedi taslim bo‘lg‘isi kelmagan Ismoil va hazilni yig‘ishtirib jiddiy qiyofaga kirdi.

Bir muddat ikkovlari jim ketishdi. Said bu gaplarni qachondir Jonxotga ham aytganini esladi. Ov qilish Ismoilning qon-qoniga singib bo‘libdi. Oqmirza buni tushundi, ammo tog‘ echkilarini himoya qilish uning ham qon-qoniga singib ketgan. Endi bu masalada Ismoil emas, tirilib kelib Lev Tolstoy bahslashsa ham bo‘sh kelmaydi.

– Nimaga shunday? Axir, sen erkaksan, – dedi jimlikni buzib. – Nahotki shunday yovuz ishdan to‘xtatishga o‘zingni majbur qila olmasang.

– Yo‘q, qila olmayman. Endi mug‘ombirlik qilib, sizga ham, onamga ham, xotinimga ham ovni tashlayman deb yolg‘ondakam va’da bermayman. Ovni tashlashni o‘yladim. Urinib ko‘rdim. Uddasidan chiqmadim.

– Qiziq! – Said qarshisida ovchilik jini tekkan odam turganini tushunib tursa ham ajablangancha yelkasini qisdi.

– Nimasi qiziq? – yana e’tiroz bildirdi Ismoil. – Men tog‘larda yurishni va ov qilishni haddan tashqari yaxshi ko‘raman.

– Tog‘larda yurishni men ham sendan kam yaxshi ko‘rmayman, ammo hayvonlarni otishga qo‘lim bormaydi, to‘g‘rirog‘i, ko‘nglim yo‘l qo‘ymaydi. Holbuki, otishni bilaman. Bundan sen ham xabardorsan.

– Men esa tog‘ echkilarini otishni yaxshi ko‘raman! Siz buni tushunmaysiz. Tog‘larda hayvonning iziga tushish, uning xatti-harakatlarini o‘rganish, orqasidan quvish, ayyorligini hiyla bilan yengish naqadar qiziqarli ekanini bilmaysiz-da. Mana yashil tog‘ yonbag‘rida poda hech nimadan xabarsiz o‘tlab yuribdi. Men yashirinib, qornimda ovoz chiqarmasdan o‘q yetadigan masofagacha sudralib boraman va o‘q uzaman – ba-bax. Tog‘ takasi qulaganini ko‘raman. Mamnun bo‘lib o‘rnimdan turaman. Pusib emaklab borganimdan, nishonni bexato urganimdan xursand bo‘lib ketaman. Nima desangiz ham, Said Umarovich, ovning gashti o‘zgacha-da.

– Bas qil. Ov qilish yovuzlik, shafqatsizlikdan boshqa narsa emas.

– Xa-xa-xa! – kulib yubordi Ismoil va odatiy holiga qaytdi, o‘zini jinnilikka solib, g‘alati tuyuladigan o‘qituvchisini ochiqchasiga masxara qildi.

– O‘z tog‘ida tinchgina o‘tlab yurgan beozor, go‘zal mavjudotni o‘ldirishingni sen qanday qilib uyalmasdan zavq bilan gapiryapsan. Tog‘ takasining qoyada, oppoq cho‘qqilarga tikilib turishi, uning mag‘rurligi, go‘zalligi, atrofidagi hayrat to‘la olamga o‘z vataniga, o‘z mulkiga qaragandek qarashi – mo‘jiza! Sen esa buyuk xayollar og‘ushidagi donishmandga pusib, emaklab yaqinlashasan, shunday mag‘rur jonzotga qarata o‘q uzasan. Bu yovuzlikni boshqalarga qahramonlik ko‘rsatgandek uyalmasdan hikoya qilasan. Bilsang, bu uyat va sharmandalik!

– Ustoz, – yana o‘zini jinnilikka solib gapirdi Ismoil, – siz nega tog‘ takasi go‘shtidan olib borgan nasibangizni olishga rozi bo‘lmayapsiz? Agar istasangiz, hoziroq eltib beraman.

– Seni necha marta nasiba go‘shting bilan ko‘chaga haydab chiqarganman. Yana borsang, yana haydayman.

– G‘alati odamsiz! Oyim ham shunday deydilar… Tog‘ takasining go‘shti qo‘y go‘shtidan mazali-ku. Hammangiz g‘alatisizlar!

– Sen hozirgi suhbatimiz haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishing kerak. Yana takrorlayman, tog‘da yurish xavfli, ayniqsa, qishda.

– Qo‘rqmang, Said Umarovich, hech nima bo‘lmaydi.

– Aytganing kelsin. Lekin Jonxotni esla…

Ular uylariga tarqalishdi. Har biri o‘z fik­rida qoldi. Uyiga yaqinlashayotganda Saidning xayolidan o‘tdi: Ismoilni qonxo‘r va yovuz odam deb bo‘lmaydi. U uyida, ovulda, odamlar orasida quvnoq, mehribon, kuyinchak. Nega buncha tog‘ echkilarini otishni yaxshi ko‘radi, ularni o‘ldirishdan xursand bo‘ladi? Demak, u tog‘ echkilari ham boshqa hayvonlar kabi odamlar ularni o‘ldirishi va go‘shtini yeyishi uchun yaratilgan deb hisoblaydi. Tog‘ echkisi nima? Ular jonajon yurtimiz go‘zalligining bir qismi, tog‘ echkilarini asrashimiz kerak, yo‘qsa, butunlay yo‘qolib ketishi mumkin. Bu haqda Ismoil o‘ylab ham ko‘rmasdi, ehtimol, aqli ham yetmas. Said qarindoshiga ta’sir eta olmasligini, uning ovga bo‘lgan ishtiyoqini hech narsa bilan otib o‘ldirib bo‘lmasligini tushundi. Bemulohaza qarindoshi boshiga ov paytida biron falokat tushmasligini tiladi, challiklar bunday fojialarning jabrini tortishgan, ayniqsa, qish va erta bahorda qor uyumi qilt etgan shamoldan ko‘chkiga aylanishi mumkin. Bari bir Oqmirza umrining oxirigacha zamin go‘zalligiga zarar keltiradigan, uni qadrlamaydigan kimsalarga qarshi qattiq kurashishga ahd qildi.

 

Qaysin QULIYEV,

Bolqor adibi

1917 yili Kabardin – Bolqoris­ton Respublikasining Chegem vodiysida tug‘ilgan. Uning “Gul va xanjar”(1968), “Ko‘zlaringni sevaman”(1977), “Meni ardoqlagan ayollarga”(2004), “Hayrat”(2013) va “Mening mukofotim”(2017) kitoblari ona tilimizda chop etilgan. U og‘ir xastalikdan keyin 1985 yil 4 iyun kuni vafot etdi. Vafotidan so‘ng 1987 yili uch jildli tanlangan asarlari va “Qish edi…” romani bosmadan chiqdi.

 

Asror MO‘MIN
tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.