Urushning eng so‘nggi qurboni

0
42
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Safarga chiqsam, ertasi kuni onam hol-ahvol so‘rab, albatta, telefon qiladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Biroq nima deyishni bilmay qoldim. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Go‘shakdan esa, “Voy, nima bo‘ldi senga, gapirsang-chi, bolam!” degan ovoz eshitilardi. “Zoya opa vafot etdi!” dedim ichimda. Onam “Gapingni eshitmayap­man, bolam” deya yana takrorladi. Bu sovuq xabarni qanday yetkazaman? Bo‘lib o‘tgan voqeani qay yo‘sinda so‘zlab beraman? Balki borganimda yotig‘i bilan tushuntirarman? Ha, uyga qaytgach, bir boshidan aytib beraman. Hozircha bo‘lmay tursin, onajonim.

– Sizga o‘zim telefon qilaman. Xavotir olmang!

– Zoya yaxshimi? Uzoq qolib ketmanglar.

– Xo‘p-xo‘p. Xayr endi.

– Zoyaga salom ayt.

Onamning ko‘nglini xotirjam qildim, lekin o‘zim tinchimni yo‘qotgan edim. Ertasi kuni xayrlashish uchun Zoya opaning qabriga bordim. Nima deb vidolashishni bilmay ikki qabr tepasida turib qoldim. Uzoq-uzoqdan esa paravozning hayqirig‘i, keyin vagonlarning bir-biriga urilib, poyezdning yo‘lga tushganini bildiruvchi ovoz eshitila boshladi…

 

 Urush boshlanib Ukrainadan ko‘chirib keltirilganlarning ko‘pchiligi bizning qishloqqa, hozirgina eslaganim marhuma Zoya opa esa yon qo‘shnimiz Olmosxon ayaning uyiga joylashtirilgan edi. O‘sha yili birinchi sinfga borgandim. Maktabdan kelsam, onam yangi qo‘shnilarni yo‘qlab endigina chiqib ketayotgan ekan. Ortidan ergashdim. Kechadan buyon “G‘oq-g‘oq”lab hovlini boshiga ko‘tarayotgan oppoq g‘ozni juda ko‘rgim kelayotgan edi.

Olmosxon aya ishkom tagidagi yog‘ochlari allaqachon qurib-qaqshab, qiyshayib bir ahvolga kelib qolgan so‘rida o‘ris kampir bilan nimalarnidir gaplashib o‘tirgan ekan. Onam eski kigiz ustiga to‘shalgan sholchaga nigohi tushib, mehmonlarning sharofatiga bo‘lsa kerak, deb o‘yladilar chog‘i, qoshlarini sal uchirib qo‘ydi. Darhaqiqat, To‘lqin amakim olib kelgan yo‘l-yo‘l sholcha to‘y-ma’raka yoki biror mehmon sabab yozilar, boshqa paytlarda o‘ng‘ib ketgan kigizning o‘zi bo‘lardi. Qo‘y junidan pishitilgan kigizning chetidagi shapaloqday kuygan joyi to‘shakning tagida bilinmas edi. O‘rtog‘im Iqbol o‘yindan yutib olgan qand qog‘ozlarini ana shu teshikka qo‘l tiqib berkitar, o‘tirganida ham aynan o‘sha joyni egallardi.

Olmosxon aya onamga peshvoz chiqdi. Eri, ikki o‘g‘li urushga ketib qaddi bukilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning boshiga tushgan musibat deb unchalar bilintirmas, ertayu kech og‘zidan: “Nemisning uyi kuysin!” degan so‘z tushmasdi. O‘ris ayollarni ko‘rmagan edim. Biroz hayiqib onamning ortiga berkinib tursam, kampir “Idi suda, sыnochik” deb yoniga chorladi. Gapiga tushunmadim, ammo qo‘l ishorasidan oldiga chaqirayotganini angladim. Onam bor, bora qol, dedi. Ammo men tortinib bormadim.

– Keliningiz ko‘rinmaydi, – dedi onam ruschani yaxshi bilmasalar-da, amallab tushuntirib.

– Boyaqish, xonaga qamalib olib yig‘lagani yig‘lagan, – deya kampirning o‘rniga javob qildi Olmosxon aya. – Birgalashib ovqatga chaqirsak ham chiqmayapti. Juda xijolat bo‘lib qoldim.

– Nega? – deb so‘radi onam shirmoy non hidi anqib turgan qo‘lidagi durrani qo‘shnimizga tutqazarkan.

– Uyimiz… yoqmadimikin?

– Nega unaqa deysiz?

– Kechadan beri tuz totmadi-da, aylanay, – dedi Olmosxon aya ko‘zlarini jovdiratib.

– Yer yutkur nemislar urush boshlab hammaning tinchini buzdi. Sho‘rlik ham eridan, ham uy-joyidan judo bo‘lganiga ezilib yig‘layotgandir, – deb qo‘shnimizni yupatgan bo‘ldi onam.

– Ezilib yig‘lasa mayliga edi, qon-qaqshab yig‘layapti…

– Hammadan ham unga qiyin bo‘lsa kerak-da. Ha, aytganday, issiqqina non yopgandim, chiqsa yaxshi bo‘lardi, yo o‘zim kirib chaqiraymi-a? – dedi onam so‘riga o‘tirishdan oldin.

– Mayli, urinib ko‘ring. Zora, sizga ko‘nsa.

Onam ichkariga kirishdan avval o‘ris kampirga yuzlanib, keliniga nima bo‘lganini, nega bunchalar kuyinib yig‘layotganing sababini so‘radi.

– Men… men aytib berolmayman, – deb kampir ham ko‘zlariga yosh oldi. Uning quruqshagan, rangsiz lablari titraganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

– Kiring, kira qoling. Qaniydi, uni yupata olsangiz. Lekin tilka-pora bo‘lgan yuragiga malham bo‘la olmaysiz deb qo‘rqaman. Mabodo… alam ustida qattiqroq gapirib yuborsa, ko‘ng­lingizga olmang, xo‘pmi?

Onamga ergashdim.

Deraza yonidagi temir karavotda dim tushganicha ozg‘in ayol yotar, uning titrayotgan nozik yelkalardan bilinib turardi. Oyoq tomonida esa kechagi semiz g‘oz turardi. Borib ushlamoqchi bo‘ldim. Ammo onam qo‘limda tutib qoldilar. Meni eshik oldida jim turishimni tayinlab, o‘zlari achchiq ko‘z yoshi to‘kayotgan ayolning oldiga bordilar. G‘oz bezovtalanib ovoz chiqardi, go‘yo begona odam yaqinlashayotganini bildirib, egasini xavfdan ogoh qildi. Ayol qimirlab ham qo‘ymadi.

– Dochinka, – dedi onam bisotidagi bor ruscha so‘zlarni eslab, – Mы sosedi. Goryachiy xleb prinos. Stavay, dochenka.

Ayol qimirlab ham qo‘ymadi. Onam uning o‘ksik qalbini tinchlashtirish uchun oldida borishni ixtiyor qilar, ammo nari ketay demagan G‘ozdan biroz cho‘chib turardi.

– Kish! – dedi onam qo‘lini ko‘tarib.

Bir payt ayol yotgan yerida “Netrogayte, yemu!” deb baqirib berdi. Keyin “Vыydite, ot syuda. Nemeshayte, mne!” deb deraza tomonga o‘girilib oldi. Onam nima qilarini bilmay, kalovlanib qoldi. Ustiga to‘qilgan kattagina oq ro‘mol tashlangan ayolning nima deganiga to‘liq tushunmadim, ammo onam mening oldimda g‘alati ahvolga tushib, turgan joyidan ancha vaqtgacha qimirlamadilar.

– Ketdik! – dedim onamga rahmim kelib. To‘g‘risi, begona, buning ustiga juvonning qo‘pol muomalasidan achchig‘im chiqqan edi. Onam bechora qiynalib yopgan nonlaridan singib pishganini unga ilinsa-yu… Borib qo‘lidan tordim. Shundagina onam ortiga qaytdilar.

– Hech kimga quloq solmayapti, – dedi Olmosxon aya onamni xijolatdan qutqargan bo‘lib.

– Ismi nimaykan? – so‘radi onam.

– Zoya, – dedi bu gal kampir yonidan onamga joy ko‘rsatarkan. – Ona maya nevestka. Muj i sыn ushli na voyne. Ostalis dvoyom.

– Ayting-chi, o‘g‘lingiz urushda halok bo‘ldimi? – deb so‘radi onam kampirdan.

– Slava Bogu, poka jiv, – dedi kampir onam olib chiqqan nonga havas bilan tikilganicha.

– Balki ota-onasi bombaning tagida qolgandir?

– Net, oni toje jыvi.

– Unda, nega bunchalar kuyinib yig‘layapti? – qiziqib so‘rashini qo‘ymasdi onam.

Kampir birdan boshini changallab o‘kirib yig‘lab yubordi. Shu holatda u kelinidan qolishmay ko‘z yoshi to‘kardi. Lekin yig‘i sababi haqida og‘iz ochmadi.

– Menga ham aytib bermayapti, boyaqish, – dedi Olmosxon aya dasturxonga yangi uzilgan uzumlarni qo‘yarkan. Balki bir-ikki kundan keyin sal o‘zlariga kelishsa so‘rarmiz. Qani, dasturxonga yaqinroq o‘tiring.

Shunday qilib biz kelinchak Zoyaning nima uchun bunchalar jon kuydirib bag‘rini tig‘layotganini bilolmay uyga qaytdik. Onam bechora keyinchalik ham buning tagiga yetolmadi. Kampir kelinim o‘zi aytar deya, dardini oshkor qilmay bu yorug‘ olamni g‘amga botganicha tark etdi. To‘rt yildan keyin urush tamom bo‘ldi. Xursandchilik boshlandi. Biroq Zoyaning rang­par yuzida kulgi ko‘rinmadi. Aksincha, battar qayg‘uga cho‘mdi. Yurtiga qaytishga negadir shoshilmasdi. “Qaytib borolmayman u yerga” deganmish qo‘shnimizga. Onam kabi men ham hayron bo‘ldim. Negaki, endi ancha-munchaga aqlim yetadigan katta yigit bo‘lib qolgandim. Aslida ham shunday, urush bizlarni allaqachon ulg‘aytirib qo‘ygandi.

Maktabni tamomlab o‘qish niyatida Toshkentga yo‘l oldim. Biroq univerisitetga kirish nasib etmadi. Keyingi yili harbiy xizmatga chaqirildim. Ukrainaning Xarkov shahrida yigitlik burchimni o‘tay boshladim. Buni eshitib, qo‘shnimiz Zoya opa ham menga salom aytib yuboradigan bo‘ldi. U aynan shu shaharda tug‘ilgan ekan. Biroq sevgan yigiti qrimlik bo‘lgani uchun o‘sha yoqqa turmushga chiqqan ekan. Bir yildan ke­yin ta’tilga chiqishim kerak edi. Shunda onam bilan Zoya opani bu yerga taklif qilish fikri tug‘ilib qoldi. Ularni ikki-uch kun aylantirmoqchi, so‘ng birgalashib qaytmoqchi edim. Biroq Zoya opa onamga qishlog‘imga qaysi yuz bilan boraman, unga nima deyman? Yo‘q, aslo bora olmayman!” deb qattiq yig‘laganmish. Bu gaplardan ko‘nglim g‘ashlandi. Zoya opaning bag‘rini o‘rtayotgan hodisani bilgim keldi. Qiziq, u hamon na Olmosxon opaga, na qo‘ni-qo‘shnilarga bu haqda og‘iz ochmagan edi.

Harbiy xizmatdan keyin universitetning tarix fakultetiga hujjat topshirdim. O‘qishni tamomlaganimdan keyin shu fakultetda ishga olib qolishdi. Ayni paytda aspiranturada ham tahsil ola boshladim. Harbiy xizmatda ukrain va qrim tatar tillarini yaxshi o‘rganib olgandim. Shu sabablimi, meni Tashqi ishlar vazirligiga ishga chaqirishdi. Bu yerdan dunyoning ko‘plab mamlakatlariga borib turardim. Bir safar delegatsiya bilan Ukrainaga boradigan bo‘ldik, Kumushkonga borib ota-onamning duosini olish uchun qishloqqa borardim. Zoya opa yurtiga ketayotganimni eshitib, ancha joygacha ko‘zida yosh bilan kuzatib qo‘ydi.

– Yuring, sizni ham olib ketaman, – dedim navbatdagi safar chog‘ida.

Zoya opa unamadi. Yig‘lamsirab ortiga qaytdi. Biroq keyingi gal shahar chetidagi qishlog‘i va bir zamonlar yashagan uyining manzilini berdi. “Uyimiz vayronaga aylantirgan bo‘lsa kerak. Keyin Rasima ismli chaqaloq haqida ham so‘rab ko‘r” deb tayinladilar. Lekin bu gapni aytgunicha qora terga botib, hushidan ayrilishiga bir bahya qoldi.

Hayron bo‘ldim. Qishlog‘imizga ko‘chib kelgandayoq uning ko‘kimtir ko‘zlarida yosh ko‘rgandim, mana hozir ham hamon bu qayg‘uli nigohlarda, titrab chiqayotgan gap-so‘zlarida qandaydir ayanchli va og‘ir judolikning mungli sadosi aks etib turardi. Qanday alamli hodisaki, uni hali hamon unutishning iloji bo‘lmasa? Nima u – esdan chiqarishning umuman imkoni yo‘q baxtsizlikmi? Nima u – kindik qoni to‘kilgan vatandan ayiruvchi azob? Qanday his-tuyg‘uki, urib turgan yurakni tark etmasa? Uyg‘oq qalbni hamon titratib, larzaga solsa?

Va’daga vafo qilib, vaqt ajratdim. Bu ko‘zda tutilmagan reja, deb delegatsiya rahbari mendan shubhalanib qoldi. Voqeadan uni ham xabardor qilishga to‘g‘ri keldi. Bir amallab roziligini oldim, biroq ortimdan odam qo‘yilganini sezdim. Ammo o‘zimni bilmaganga olib, Zoya opa yashagan shahar chetidagi qishloqqa bordim. Odamlarning ko‘pchiligi o‘z uylariga qaytgan, bo‘sh xonadonlarga esa boshpanasizlar ko‘chib kelishgan ekan. Uylar ancha tartibga keltirilgan bo‘lsa-da, urushning asorati hamon bilinib turardi. Zoya opa kelin bo‘lib tushgan uyni topishga unchalar qiynalmadim. Yarmi yangitdan qurilgan shekilli, uy ikkiga ajralib turardi. Birozdan keyin ovozimni eshitib, ellik yoshlar chamasidagi semiz xotin chiqib keldi.

Unga shu uyda yashagan ayolning iltimosini ayt­gach, bu yerga qachon ko‘chib kelganini so‘radim.

– Qirq oltinchi yilning bahorlarida, – deb xavotir ila javob qildi o‘zini Almira Raufovna deb tanishtirgan xotin. Keyin darhol uyning egasi qaytib kelmoqchimi, deb ko‘zlarimga tikildi. “Yo‘q” deganimdan keyingina uning nigohlaridan xavotir aridi.

Keyin Rasima ismli chaqaloq haqida so‘z ochdim.

Almira Raufovna ikki farzandi bilan yarmi vayronaga aylangan uyga noiloj kirib yashay boshlaydi. Kunlardan bir kuni oyog‘ini sudragan bir chol kirib keladi. Ko‘chib kelgan ayolning begonaligini ko‘rib indamay ortiga qaytadi, biroq Almira Raufovna cholning qandaydir aytmoqchi bo‘lgan gapi borligini sezib, shundoq qo‘yib yubormaydi. Yaxshilab mehmon qiladi, to‘ygunicha aroq quyib beradi. Mast bo‘la boshlagan qariya nihoyat ichidagini aytadi: odamlar qishloqni tark etishganida, u shu yerda yolg‘iz qolgan ekan. Keyin yemish izlab har kuni bittadan uyga kira boshladi. Navbatdagi uy aynan o‘sha Zoya yashagan xonadon edi. Ovqat tashvishida kirgan chol deraza oldidagi karavotda turgan yo‘rgakka nigohi tushadi. Asta borib qarasa, chaqaloq mayiti ekan. Shunday tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi. Biroq qabris­ton qo‘shni qishloqda. U yerga ko‘tarib olib bora olmaydi. Ke­yin bir amallab hov anavi tepalikka borib chuqur kovlaydi-da, murg‘akni ko‘madi. Holdan toygan qariya ertasi kuni bir parcha taxtaga “Rasiya – uch oylik chaqaloq” deb yozishga arang qodir bo‘ladi. Shundan so‘ng bir parcha qotgan non topib yeydi va uning kuchi bilan taxtani qabr tepasiga suqib keladi. Keyingi kunlari, ya’ni urush tugaguncha u xorlikda kun kechiradi. Bu uyda odam yashayotganini eshitib, kelgan ekan. U o‘sha kuni Almira Raufovnaning qo‘liga yo‘rgak ichidan topilgan “Tug‘ilganlik haqida guvohnoma”ni tutqazadi. Uy egalari qaytsa, berib qo‘­yishni so‘raydi. Lekin chaqaloqni tashlab ketgan onani buralab rosa so‘kadi. Qariya o‘shandan ke­yin uzoq yashamagan ekan.

Men ortimga qaytarkanman, Zoya opaning bir umrlik g‘amga botganligi sirini anglaganday bo‘ldim: demak, u bolasini qoldirib ketgan! Lekin qanday qilib? Axir, qaysi ona o‘zining uch oylik go‘dagini tashlab ketadi? Nahot, tinchini o‘ylab, keyinroq bemalol turmushga chiqishni ko‘zlab shunday mudhish ishga qo‘l urgan bo‘lsa? Ishongim kelmasa-da, Zoya opadan nafratlanib ketdim. Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, doim ko‘z yosh to‘kish nimasi? Odamlarning rahmini keltirmoqchimi? Lekin shu payt Zoya opani nohaq haqorat qilayotgan bo‘lmayin tag‘in, deb o‘ylab qoldim. Negaki, beva ayol umuman turmushga chiqmadi. O‘ynab-kulgani ham yo‘q. Urushdan so‘ng darhol yurtiga jo‘nab qolmadi.

Butun bir xalqlar tarixini: o‘tmishini bugungi kunini, dinini va madaniyatini o‘rganib olim bo‘libman-u, yonimda yashagan oddiy bir ayolning xatti-harakatini tushunolmay aqlim lol. Boshida onamga qilgan qo‘pol muomalasidan bola ko‘nglim ranjib, keyinroq taqdiriga qiziqmadimmi? Balki shundaydir. Axir, uning o‘zi ham qandaydir sirli va odamovi edi-da. Na Olmosxon opa, na onam bilan ochilib-sochilib gaplashib o‘tirganiga ko‘zim tushmagan.

Ha, bu mungli va qayg‘uga botgan holda yashab yurishning sababini endi bilgandayman. U chaqaloqni tashlab ketgani uchun ham o‘zini kechira olmayapti. Qaytib yurtiga ham ketolmayapti? Nahot shunday bo‘lsa?..

Zoya opa meni ko‘rib, bag‘rimga otildi. Ancha paytgacha qo‘yib yubormadi, bu orada to‘yib-to‘­yib yig‘ladi. Biroq bu ko‘z yoshlar bemehr ayolning soxta yig‘isiday tuyuldi va undan o‘zimni nari olishga chog‘landim. Zoya opa buni sezib battar yig‘ladi. Keyin “Bu sen o‘ylaganday emas!” dedi ovozi titrab.

– Nima bo‘lmasa? – dedim qahrlanib.

Ko‘ngli yarimta musofir ayol bilan nega bu tarzda gaplashayotganim onam bechorani ham o‘ylantirib, ham tashvishga solib qo‘ydi. Zoya opa nihoyat ko‘z yoshlarini artdi.

– Nima xabar keltirding? – deb so‘radi nogoh g‘ijimlab olgan kostyumimning yoqalarini qo‘li bilan asta to‘g‘rilarkan.

– Avval siz aytasiz?

– Yo‘q, sen gapir.

Onam bizlarni ichkariga boshladi. Kuz endi boshlaganiga qaramay, havo biroz salqin edi. Shunday bo‘lsa-da, ishkom tagidagi so‘rini tanladik.

Men safar chog‘ida ko‘rgan va eshitganlarimni so‘zlab berdim. Gap oziqa ilinjida uylariga kirgan qariyaga kelganda, Zoya opaning ko‘z yoshlari shashqator bo‘ldi. Deraza oldida yotgan jonsiz chaqaloq haqida gapirayotganimda o‘zini tutib turolmadi. O‘zini onamning bag‘riga otib jon achchig‘ida yig‘ladi. Onam hamon gap nimada ekanligini tushunolmay turardi, ammo uning ajin bosgan qo‘llari endi baralla ho‘ngrab yig‘layotgandan ojizaning titroq bosgan yelkasini, to‘zg‘ib ketgan sochini silar, lekin nima deb yupatishni bilolmay jovdiragan nigohlari bilan og‘zimga tikilgan edi. Hikoya cholning qishloq chetidagi tepalikka go‘dakni ko‘mganiga kelganda, Zoya opa birdan boshini ko‘tarib:

– Rasiyaning qabrini ko‘rdingmi? – dedi.

– Ko‘rdim. Qabr tepasiga qizaloqning ismi ham yozib qo‘yilgan. Mana bu esa uning hujjati.

Zoya guvohnomaga qarab qotib qoldi. Anchadan so‘ng o‘ziga kelib, titragan qo‘llari bilan asta mendan oldi-da, yuzlariga bosdi. Shu turishda u bo‘lib o‘tgan haqiqiy voqeani eslab, jim bo‘lib qoldi.

 

* * *

… Qishloq oqsoqoli va bir qo‘lidan ayrilgan ellik yoshlardagi mayorning tong saharda uyma-uy yurib tarqatayotgan xabari shundoq ham sarosimada yashayotgan odamlarni battar dovdiratib qo‘ydi.

– Bir soat ichida vokzalga yetib borishlaring kerak! Poyezd roppa-rosa oltida jo‘naydi. Faqat eng zarur narsalarni olinglar. Eshityapsizlarmi, hujjatlaringiz va bir-ikki kunlik oziq-ovqat!

– Ko‘rpa-to‘shak-chi? – so‘raydi shu to‘polonda kimdir.

– Hech qanaqa ko‘rpa-to‘shak mumkin emas. Bo‘la qolinglar, vokzalda odam juda ko‘p. Oltidagi poyezdga ulgurmasalaring, qolib ketasizlar. Nemislar esa juda yaqin qolishdi! Tez, tezroq harakat qilinglar!

Baqirgan ovoz endi Zoyaning hovlisida eshitila boshladi.

– G‘ozim-chi? Uni olib ketsam bo‘ladimi? – dey­di Zoya qayerga borsa ortidan qolmaydigan g‘ozini ko‘rsatib. Axir, hademay qo‘lidagi chaqalog‘i yurib qolsa…

– Esing joyidami seni? Hali o‘zing bilan bolangga joy topiladimi-yo‘qmi?! Yo‘qot, uni! Nega angrayasan, anavu kampirning lash-lushini tugib, tezroq qo‘liga tutqazmaysanmi?

Ovozining boricha baqirgan mayor endi qo‘shni uyning derazani taqillata boshlashdi.

– Uy ichida nima qilyapsizlar. Tezroq vozkalga, vokzalga yetib boringlar!

Zoya tipirchilab qoldi. Qaynanasining ustiga qalin jemperini kiygizdi, boshiga issiq ro‘mol o‘ratib, uchlarini beliga aylantirib mahkam bog‘lab qo‘ydi. Shu chop-chopda oyog‘iga kigiz etigini kiygazishga ham ulgurdi.

– Siz ildam boravering! Men Rasiyani ki­yintirib, ortingizdan yetib olaman! Turing, turaqoling.

Kampir yo‘lga tushishdan oldin dorilari esdan chiqib qolmasligini tayinladi.

– Xo‘p, albatta, olaman. Odamlarning ortidan boring!

Zoya ichkariga otildi, ortidan g‘oz ham lapang­ladi. Eski servant tagini titkilab, sarg‘aygan gazetaga qayta-qayta o‘ralgan hujjatlarni oldi. Shoshib ichini ochdi: hammasi joyida. Endi chaqalog‘ini uyg‘otib, kiyintirsa ham bo‘ladi. U yoqdan bu yoqqa chopib, issiqroq kiyimlarini top­di, uyqusiragan go‘dakni bir sidra kiyintirgach, qolganlarini yelkasiga osib oladigan tugunga tashladi. G‘oz tipirchilayotgan egasining xatti-harakatidan falokat yaqinligini sezdimi, odatdagidan boshqacharoq ovoz chiqarib, Zoyaga soyadek ergashar, oyog‘i tagidan nari ketmasdi. Yotoqqa kirsa, orqasidan chopdi, dahlizga o‘tsa, yana ergashdi. Zoya zarur kiyim boshlarini olarkan, dam-badam g‘ozga nigoh tashlab qo‘yar, uni yolg‘iz o‘zini qoldirib ketayotganiga ichi achisha boshlagan edi. Kechagi ovqatni olmay unga qoldirsa-chi? Mana bu nonning yarmini ham tashlab ketadi. Keyin amallab bir kunini… Yo‘q, qanday ham o‘zini qoldirish mumkin? Axir, bosqinchi nemislar o‘ylab ham o‘tirmay uni so‘yib… Zoya shu yugur-yugurda bu ayanchli manzarani ko‘z oldiga keltirdi shekilli bir seskanib tushdi. Yo‘q, uni berahm fashistlarga qoldirmaydi. Vokzalga olib chiqadi, u yog‘i bir gap bo‘lar. Shu payt uning xayoliga g‘ozni ham yo‘rgaklab olish fikri kelib qoldi. Og‘zini ip bilan mahkam bog‘lasa, bo‘ldi, ovoz chiqarmay ketaveradi. Yo‘lda pitirlab yubormasligi uchun oyoqlarini ham bog‘lab qo‘yadi. Poyezdga chiqib olgach, kimning ham ishi bo‘lardi. Zoya topqirligidan xursand bo‘lib, eski adyolning o‘rtasidan ikkiga bo‘ldi. Bir xil qilib o‘rasa, egizak bolasi bor ekan, deb o‘ylashadi va tekshirib ham o‘tirmay pozdga chiqishiga navbatsiz yo‘l berishdi. Unga jon kirdi. Avval g‘ozni yo‘rgakladi. Jonivor ketishini sezdi chog‘i, qarshilik qilmay jim turdi. Hali o‘ziga kiyim qidirayotganda, oyna o‘rniga oq chitdan parda tutilgan shkafida qishda o‘raydigan issiq ro‘moliga ko‘zi tushgandi. Bir-biriga o‘xshash ikkitasini oldi-da, ishga kirishdi: g‘ozni qimirlamaydigan qilib bog‘lagach, navbat chaqalog‘iga keldi. Uni ham adyolga yaxshilab o‘radi, so‘ng belidan chimdib ro‘mol bog‘ladi. Poyezdda hujjat so‘rab qolsa, qidirib yurmaslik uchun bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini yo‘rgakka soldi. Ana endi yo‘lda och qolmasliklari uchun u-bu yegulik olsa bo‘ladi.

– Bo‘ldingmi, Zoya!

Tashqarida qishloq oqsoqolining vahimali ovozi eshitildi.

– Ketyapman! – dedi pitirlagan Zoya kattagina tugunni yelkasiga osarkan.

– Hamma ketib bo‘ldi-ku, nima qilib haliyam ivirsib yuribsan!

– Mana, hozir!

Zoya ikki yo‘rgakni bir amallab qo‘llariga oldida ko‘chaga otildi. Sal narida turadigan qo‘shnisi besh yoshli o‘g‘ilchasini sudragancha chopqilab o‘tib ketdi. Na salom, na alik bor. Yuz-ko‘zlaridan vahimaga tushgani, birgina ilinjda – tezroq poyezdga chiqib olish uchun odimlayotgani bilinib turibdi. Zoya endi qo‘shnining ortidan yo‘lga tushmoqchi edi, nogoh halloslab kelayotgan mayorni ko‘rib, nafasi ichiga tushib ketdi: “Tamom sezib qoldi!” Ha, mayor Zoyaning bir qo‘lidagi yo‘rgakda g‘oz borligini fahmlagan edi.

– Bilganingdan qolmabsan-da! – baqirdi ancha yaqin kelib qolgan mayor.

– Axir…

– Xomtama bo‘lma, baribir poyezdga chiqarmayman! Menga faqat odamlarni evakuatsiya qilish topshirilgan! Tushunarlimi, senga! To‘xta, qani yaqinroq kel-chi, qaysi biri bolang, o‘zi?

Mayor shunday deb, avval yo‘rgaklarni ushlab ko‘rdi, keyin ichiga nazar tashladi. Tumshug‘i bog‘langan g‘ozga ko‘zi tushib, Zoyaning chap qo‘lidan shartta yulqib oldi-da, yog‘och panjaradan oshirib hovliga uloqtirdi.

Zoyaning jon-poni chiqib ketdi, ammo g‘azabkor mayorga qarshi hech gap aytolmadi. Qasdlashib poyezdga chiqarmasa, nima bo‘ladi? Chaqalog‘i bilan nemislarga asir tushsa… Xudo ko‘rsatmasin!

– Mayli, olmayman. Faqat iplarini yechib qo‘yay! Bu holda…

– Faqat tez bo‘l. Ortimdan yetib olmasang, o‘zingdan ko‘r! – deb ko‘zlari jovdiragan Zoyaning gapini bo‘ldi oqsoq mayor.

Zoya qarshisida turgan harbiyning jirraki odam ekanligiga ahamiyat bermay shitob bilan ortiga qaytdi. Dahlizga kiriboq yelkasidagi tugunni polga tashladi. Qo‘lidagi yo‘rgakni esa o‘rtadagi dumaloq stolga qo‘ydi. Hovliga chopdi, yo‘rgakni ochmoqchi edi xayoliga g‘ozni yechib yuborsam, baribir ortimdan qolmaydi-ku, degan fikr kelib, niyatidan qaytdi. Nima qilsa ekan? Ha, aytganday, shu holicha tugunning ichiga yashirsa-chi? Amallab poyezdga yetib olar? Shunday ham qildi, ammo tugun haddan ziyod katta bo‘lib ketdi. Anovu jahldor mayor bu safar payqab qolsa, g‘ozni ayab o‘tirmasa kerak. Bir tepib mayib qiladi yoki shartta otib tashlashi mumkin. Zoya biror qarorga kelolmay torgina xonada aylana boshladi. Demak, iloj yo‘q ekan-da? O‘rganib qolgan g‘ozi bilan shu yerda xayrlashadimi-a?

Derazadan ko‘cha tarafga qaradi. Mayor ko‘rinmadi. Sal nari ketsa orqasidan chiqarman, balki mening ham qaysarligimni ko‘rib rahmi kelar, deb o‘yladi va ochiqib yig‘lay boshlagan go‘dagini ko‘tarib, yotoqxonaga kirdi. Temir karavotga o‘tirib bolaning og‘ziga ko‘kragini tutdi. Mayli, to‘yib emib olsin, bir yugursam yetib olaman. Oltida degani bilan o‘z vaqtida jo‘narmidi? Zoya xayolida kech qolmaydiganday bemalol emiza boshladi. Hali yosh, jadal-jadal qadam tashlasa, mayorga bir zumda yetib oladi. Balki undan o‘ti ham ketar. Qizaloq to‘ydi. Zoya bolani karavotga yotqizib, g‘ozning oldiga bordi. Uni qo‘lga olganicha bir zum o‘y surib qoldi.

– Zoya!

Zoya eshik oldida qo‘li musht qilib tugilgan mayorni ko‘rib tarashaday qotib qoldi.

– Tuguningni ol-da, ko‘zimdan yo‘qol!

Zoya beixtiyor tugunni yelkasiga osdi.

– Ketging kelmayaptimi? Nima, nemislarga taslim bo‘lmoqchimisan? Balki ularning ayg‘oqchisidirsan? Gapir! Agar shunday bo‘lsa, seni o‘zi otib tashlayman!

Mayor shunday deb yoniga osilgan to‘pponchani qo‘liga oldi.

– Gapir, yaramas!

Zoya dag‘-dag‘ titragancha hovliga otildi. Mayor uyda odam bormikan, degan xayolda xonalarga bosh suqdi. U yotoqxonaga qadam bosganda ochiq derazadan shabada kirib, darpardani uchirdiyu bir zumga yo‘rg‘akdagi chaqaloqning ustiga yopilib, mayorning o‘tkir va shubhali nigohidan to‘sdi. Odam zoti ko‘rinmadi. Mayor ortiga qaytdi…

Tinka-madori qurigan Zoya amallab vagonga chiqib oldi, so‘ng yo‘rdakdagi bolasini shundoq bag‘riga olganicha orqasiga suyandi. G‘ala-g‘ovur, bolalarning yig‘i-sig‘isi qulog‘iga kirmadi. Poyezddan qolib ketmaslik uchun o‘ziyam rosa chopdi-da. Ortiga qarasa, ko‘zlariga qon to‘lgan mayor xuddi otib tashlaydiganday tuyulaverdi: to‘xtamay yugurdi. Xayriyat, ulgurdi! Ana endi birpas mizg‘ib olsayam bo‘ladi. Chaqalog‘ining qorni to‘q, uyam lo‘killab charchagandir? Mayli, uxlasin.

Zoya poyezd qattiq tebranganda cho‘chib uyg‘onib ketdi. U yonida munkayib o‘tirgancha “Iloya, uyi­ng kuysin, sen Gitlerni!” deya pichirlab qarg‘anayot­gan xotindan qancha yurganini so‘radi.

– Ikki soatdan oshdi.

Zoya qizalog‘iga quloq tutdi. U jim edi. Uyqusini buzgisi kelmadi. Orom olsin, go‘dakkina! Poyezdning shovqini, bezovta odamlarning g‘am-g‘ussaga botgan nigohlari, qarilarning oh-vohiyu, turli yoshdagi bolalarning to‘polon va injiqliklari uning jajji yuragiga vahm solmasin. Qancha ko‘p uxlasa, shuncha yaxshi.

Biroq oradan taxminan bir soatlarcha vaqt o‘tsa hamki, go‘dak jim. To‘g‘ri, vagonning gohida asta tebranishi bolalarni go‘yo allalaganday ham edi. Lekin nahot shuncha paytdan beri qorni ochqamagan bo‘lsa? Qani…

Zoya baqaday qotib qoldi. Ko‘zlari qinidan chiqib ketguday kattalashdi. Keyin birdan boshini changalladi. U gapirmoqchi, yo‘q, yo‘q, baqirmoqchi bo‘lar, ammo nafasi ichiga tushib ketgani bois, bo‘g‘zidan havo chiqmas edi. U yo‘rgakning bir chetini ochganidayoq yuragi to‘xtab qolganday bo‘ldi. Atrofdagi odamlarning deyarli barchasi o‘zi bilan o‘zi ovora. Kimdir qotgan bir burda nonni kaftlari orasida yashirganicha mayda chaynaydi. Ovoz chiqarib yonidagilarning e’tiborini tortishni istamaydi. Kimdir chanqoqdan tomog‘i qaqragan begona bolaga temir krujkada bir ho‘plam suv tutqazadi. Birov yo‘qotgan singlisini qidiradi, birov qunishib olganicha ko‘zlarini ochishni istamaydi.

Ayni shu mahalda vagonning ichini o‘ta vahimali chinqiriq ovozi tutdiyu katta-kichikni birday larzaga solib, o‘takalarini yordi. Karaxt holatidan o‘ziga qaytgan Zoyaning ichiga to‘plagan havo go‘yo dahshatli vulqonning portlashini eslatdi. Yurakning tub-tubidan otilib chiqqan nido vagon ichidagi har qanday shovqin-surondan ustun kelgandi:

– A-a-a-aaa!

Zoya chuqur nafas oldi-da, ovozining boricha yana baqirdi:

– Aa-aaa-aaaa!

Odamlar hech narsaga tushunmadi. Faqat Zoya­ga yaqin o‘tirgan xotingina uning bolasidan ayrilib qolibdi shekilli deb taxmin qildi va qo‘rqibgina yo‘rgakning bir chetini ko‘tardi.

Tumshug‘i bog‘lagan g‘oz!

– Poyedning to‘xtating!!! Poyezdni to‘xtating­lar, deyapman sizlarga!

– Poyezdni to‘xtatish mumkin emas, – dedi sal narida o‘tirgan qariya. – Vaziyat og‘ir qizim. Tahlika ostida qolgan hududdan chiqib olmaguncha…

– Unda men tushib qolaman! Ha, vagondan sak­rashim kerak! – Zoya shunday deb otilib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Odamlarni turtib-surtib vagon eshigi tomon intildi.

– Nima gap, nima bo‘ldi?

– Uyda qizim qolib ketibdi! Qizalog‘imni qoldirib kelibman! Eshityapsizlarmi, uch oylik go‘dagimni tashlab kelibman!

Ayrimlarning yuzida achinish, ba’zilarda esa nafrat ifodasi zohir bo‘ldi.

– Voy, nega qolib ketadi?

– Ona degan ham shunaqa hardamxayol bo‘ladimi? Qanday qilib chaqaloqni tashlab ketish mumkin?

– Ko‘zing qayoqda edi?

Atrofdan shunga o‘xshash haqli savollar yog‘ila boshladi.

– Atay qilmadim, axir. Shoshganda qizim o‘rniga g‘ozni ko‘tarib kelibman.

– G‘ozni?!

– Yo‘g‘-ye?

– Ana xolos!

– Eshikni ochinglar! Yordam bermay nega qarab turibsizlar? Men qishloqqa qaytishim kerak! Uyda Rasiyam yolg‘iz qolgan. Uning oldiga borishim shart! Agar bormasam u o‘lib qoladi! E, Xudo menga madad ber. Uning oldiga borishimga ko‘mak ber o‘zing. Men borguncha qizchamning jonini omon saqla!

– Kamida to‘rt soatcha yurdik, – dedi haligi qariya Zoyaning qo‘lidan tutib. – Bu ikki yuz-ikki yuz ellik kilometr degani, qizim. Birinchidan, poyezddan sakrashing xavfli. Joningni xatarga qo‘yishing mumkin. Oyog‘ing­ni sindirib olsang nima bo‘ladi? Sud­ralib qachon yetib borasan? Biror joying lat yemagan taqdirda ham uyingga ikki kunsiz yetib borolmaysan.

– Mayliga, poyezddan tushib qolsam bo‘lgani!

Zoya endi “dod” solganicha vagon eshigini siltab ochishga tirisha boshladi. Qariya esa jabr­diyda onani to‘xtati qoldi. Ayollar cholning gapida jon bor deyishib, Zoyani taqdirga tan berishga undar, ichkariga olishga harakat qilishardi. Ammo qani endi yuragi lovullab yonayotgan ayolni to‘xtatishga kuchlar yetsa, hovuridan tushira olishsa.

Birdan Zoyaning ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Holdan toydimi yoki hushidan ayrila boshladimi, o‘zini polga tashlaydi…

 

* * *

Zoya opaning hikoyasidan yuragim dahshatga tushdi. Urushning azob-uqubati uning nozik vujudida o‘chmas jarohat qoldirgan edi. Nima sabab ko‘zlaridan doimo yosh quyilishining sababini endi angladim. Bechora o‘sha kunni aslo unutmagan. Unutolmasa ham kerak.

– Sendan birgina iltimosim bor, – dedi Zoya opa ko‘zlarimga iltijo bilan boqib.

– Bajonidil.

– Endi qishloqqa qaytmasam bo‘lmaydi. Meni kuzatib borsang, degandim.

– Butunlay… ketmoqchimisiz?

– Hozircha bir nima deya olmayman.

– Qishloq odamlari sizni kechirisharmikin? Axir, ular…

– Ular nima deb o‘ylasalar o‘ylayverishsin. Men qizimdan nom-nishon qolmagan bo‘lsa kerak deb yurardim. Xudoga shukrlar bo‘lsinki, qabri bor ekan. Endi qabrini ziyorat qilishim, unga bosh qo‘yib, kechirim so‘rashim kerak. Undan yolvorib so‘rayman, men gunohkor onasini kechirishini. Agar shu ishni qilolmay o‘tib ketsam… yana o‘zimni kechira olmayman. Iltimos, keyingi borishingda meni ham olib ket.

Zoya opaga va’da berdim. U birinchi marta mening peshonamdan o‘pib qo‘ydi.

Ayni bahor paytida yana xizmat safariga otlandim. Zoya opani qaytib kelsa kerak degan o‘yda turist sifatida rasmiylashtirib, chipta oldim.

…Qishloqqa yaqinlasharkanmiz, qadamlar sekinlashdi. Barmoqlari titray boshlagan, oyog‘idan tobora mador ketib borayotgan Zoya opaning qo‘lidan tutdim. Ancha keksayib qolgan Zoya opa qarshilik qilmadi. Yoshga to‘la ko‘zlari bilan minnatdorlik bildirdi.

– Tepalikka yaqin qolgan sari yuragim ezilib ketyapti. Kelishga kelyapmanu, ammo uning qabriga qay ko‘z bilan qarayman. Shu yog‘ini o‘ylamabman.

– Bardam bo‘ling. Axir, atay qilmabsiz-ku. Rasiya sizni allaqachon kechirgan bo‘lsa kerak.

– Zora shunday bo‘lsa…

Zoya opa asta ko‘zga tashlana boshlagan tepalikdan ko‘z uzmas, tomog‘iga tiqilib kelayotgan o‘kirikni arang bosar, oyoqlari og‘irlashib zo‘rg‘a qadam bossa-da, hech nimaga parvo qilmas edi. Nihoyat, tepalik va uning chetidagi kichkina qabr yoniga yetib keldik. Zoya opa bir bo‘lak eski taxtaga o‘yib yozilgan yozuvni ko‘rganda, o‘zini tutib tura olmadi: ho‘ngrab yig‘lagancha maysalar ko‘kara boshlagan jajji qabrga o‘zini otdi. U endi hamma narsani unutgan edi, faqat zorlanib yig‘lardi, xolos.

Urush tufayli kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ygan, bu judolikdan bir umr azob tortgan, hayoti zaharga aylangan va yurak yutib marhuma qizalog‘ining qoshiga kelgan, tinmay: “Meni kechir, kechira qol” deb qalbini tirnayotgan onaizorning mahzun holatiga chiday olmay nari ketdim.

Nazarimda oradan bir muncha vaqt o‘tdi. Borib Zoya opani qabr ustidan olgim keldi. Axir, qachondan beri namiqqan yerga ko‘ksini berib yotibdi. Yana kasal bo‘lib qolsa…

– Zoya opa, turing endi. Go‘dakning ruhini ko‘pam qiynamang.

Biroq Zoya opa gapimga javob qilmadi. Eshitmagandir deb yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. Birdan xayolimga… Negaki, urush sababli biror kun ham ro‘shnolik ko‘rmagan, yuragi adoi tamom bo‘lgan mushtipar onaning vujudi endi titramayotgan edi-da. Qo‘lidagi tomirga asta barmog‘imni qo‘ydim. Xayolimga kelgan sovuq fikr tasdig‘ini topgan edi: judolikdan qon qaqshab “tirik jasadga aylagan” Zoya opa turqi sovuq harbiyning dag‘-dag‘asidan titragan paytida ochlik girdobida qoldirib ketgan uch oylik jigarporasining qabrini quchoqlagancha bu foniy dunyoni tark etgan edi.

Shu kuni kechga tomon tepalikda yana bir qabr paydo bo‘ldi.

 

Akbar Mirzo

 

1961 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Qalb isyoni”, “Ayozi cho‘zilgan bahor”, “Najot kemasi” kabi hikoya va qissalari to‘plamlari, “Oqtepalik o‘g‘ri” va “Ajal bilan yuzma-yuz”, “Sui­qasd” va “So‘nggi nido” kabi bir qator romanlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.