So‘nggi surat

0
70
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

– Jonsiz… umuman olganda, chizganlaringni bari jonsiz…

Bu damda janub tomonida maktabning oqish binosi qad rostlagan katta qishloq allaqachon past-baland do‘ngliklar ortida qolib, qiz va yigitcha maysalari barvaqtroq sarg‘aygan Ko‘kliqir betidan o‘rin olgan o‘n chog‘li xonadondan iborat ushoqqina ovul sari o‘rlagan so‘qmoq boshiga endigina yetishgan va manzilgacha hali yana yarim chaqirimcha bor edi. Agar bugun darsda chizilgan uch atirgul suratini qizga hadya etish fikri lop etib yigitcha­ning miyasiga kelmaganida edi, odatdagidek, imi-jimida yo‘lda davom etishardi. Biroq bu safar bunday bo‘lmadi – yigitcha, oyog‘i so‘qmoq­qa yetmay, to‘satdan keskin ortiga o‘girildi-da, o‘ng kiftiga osilgan eski, moshrang sumkasidan suratni olib, andak tantiqlangancha, ma’sum qarashli qizga shartta uzatdi. Ammo qiz yi­gitchaning qo‘lidagi suratga shunchaki bir qarab qo‘yish bilan kifoyalanib, yuqoridagi gapni irod etdi. Qiz buni zardadan xoli, fe’liga xos, osayishta ohangda aytgan bo‘lsa-da, lekin gapi­da bir emas, ikki bora takror etilgan “jonsiz” degan ibora yigitchaning ko‘ksini misli o‘qdek teshib o‘tgan, buni sezgan qiz esa bir lahzalik o‘ng‘aysizlikdan so‘ng kechir, deya uni yonlab o‘tib, so‘qmoqqa qadam qo‘ygandi.

Yigitcha uning ortidan g‘azabnok tikilib qolarkan, birozdan keyin o‘tli nigohini boyasaroq salgina sevalab o‘tgan jaladan namlangan so‘qmoq yuziga, so‘ngra ovuldagi yagona “yashil nuqta”ga qadadi. Ovulning devorsiz keng hovlilarda tikkaygan biron daraxt yo‘q, faqat qiz yashaydurg‘on hovli sahnida, girdiga tosh terilgan supaning shimol tarafinda tig‘iz ekilgan bir necha tup atirgul uzoq-yaqindan “yashil nuqta” yanglig‘ ko‘zga tashlanib turardi. Yigitcha bu daf’a “yashil nuqta”ga adovat bilan tikildi. Boisi qizdan o‘mganteshar gap eshitmog‘iga aynan ushbu atirgullar sabab bo‘lgan, ya’ni boya “yashil nuqta”ni ilg‘ashi hamon sumkasidagi suratini birdan qizga hadya etkisi kelib qolgandi-da. Bunda u yo‘l qo‘ygan birgina xato – niyatini so‘zda ifoda etmay turiboq, shaxd-la qizga suratni uzatgani edi. Buni o‘zicha anglagan qiz esa tag‘in mendan fikr so‘rayapti, degan o‘yda suratga o‘z munosabatini bildirib, bir ondayoq uni “o‘lik”ka chiqarib qo‘ygandi.

U “yashil nuqta”dan ko‘z uzib, hanuz qo‘lida tutib turgan suratga qiyalab razm soldi. Nazarida, chetlari xiyol g‘ijim tortgan oppoq qog‘oz yuziga moybo‘yoqli qalamda mohir­lik bilan muhrlangan qirmizi gullar sirayam jonsizga o‘xshamas, rangli jurnal betida qanday tasvirlangan bo‘lsa, aynan shunday ko‘chirilgan edi. U suratni sumkasiga qayta joylab, kunbotishning olis g‘uborli sarhadiga g‘amgin nazar tashlagancha, bo‘yi yelkasidan kelmaydigan Tohir pakana qizlarnikiga o‘xshash ingichka, chinkillagan ovozda o‘zining yangi she’riy mashqlarini o‘qigan kezlarida, hayajondan qizning ko‘zlari o‘tdek yonib, yanoqlari cho‘g‘day pushtilanishini ko‘z oldiga keltirirkan, tag‘in alami jo‘shdi, baqiroq cho‘pon qo‘shnisi kabi bir maydon changitib so‘kinmoqchi bo‘ldi, ammo andisha qildi.

Tohir pakanaga zimdan o‘chakishib, shu yilning qishidan boshlab qo‘liga rangli qalam tutgan va duch kelgan kitob-u jurnallardagi o‘ziga ma’qul kelgan rasmlarni dars payti chizib o‘tirishni odat qilib olgan yigitcha, aksariyat sinfdoshlari nazdida, o‘ta zo‘r musavvir edi. U haftada ikki-uch bor hozirgina chizib tugatgan suratini hamisha katta tanaffus oldidan qavatida o‘tirgan jo‘rasi tomonga asta surib qo‘yadi, bunisi qalay chiqibdi, deb. Jo‘rasi esa har safargidek shovqunlab, u-u, bunisi yanayam zo‘r chiqibdi, deya suratni oldingi partada o‘tirganlarga uzatadi, – mana, buni ko‘rib qo‘yinglar! Turgan gap, chizganlari barchaga birdek yoqavermaydi – kimdir suratga qiziqish ila, kimdir o‘ta loqayd nazar tashlaydi. Ammo yigitcha bu holga zig‘ircha ahamiyat bermaydi, chizgan rasmi o‘rta qatordagi birinchi partada o‘tirgan qizga tezroq yetib bormog‘idan boshqasini o‘ylamaydi. Qiz ortdagi partadan uzatilgan suratni qo‘liga olgach esa, butun vujudi ko‘zu quloqqa aylanadi. Biroq, ming afsuski, qiz suratga birrov ko‘z tashlash bilan kifoyalanib, har damgidek, uni o‘ng biqinida o‘tirgan qizga uzatadi va uzatish asnoda, yigitcha tomonga yarim o‘girilib, durust, degan ma’noda asta bosh irg‘ab qo‘ya qoladi. Bu esa surat muallifiga yoqmaydi, qizning, qo‘y ko‘zlari yonib, bug‘doy rang yanoqlari pushtilanib, mayin jilmayishini va jilmaygan holida, o-o, ajoyib, g‘oyatda ajoyib, demog‘ini istaydi. Axir, Tohir pakanaga doimo shunaqa deydi-da. Oqibat, yigitcha butun sinfni aylanib chiqqan suratni sumkasiga joylashdan bo‘lak chora topmay, alamdan labini tishlaydi.

U bugungi suratini tarix darsida boshlab, matematika darsi oxirida yakunlagan edi. Bu ishi uchun, jazo tariqasida, boshi gajak, beli yo‘g‘on ikki baho bilan siylangan esa-da, ammo chizganiga qoyil qolgan muallim tanglay taqillatishdan o‘zini tiyolmagan, bir-ikki sinfdoshi chug‘urlashib maqtagan bo‘lgan, qiz esa, har doimgidek, durust, deya bosh irg‘ashdan nari o‘tmagan. Sinfdagi qilig‘i kamdek, mana, suratini “o‘lik”ka chiqarib, imi-jimida jilib qoldi.

Yigitcha ortiga qaray-qaray qirga o‘ralayotgan qizga bot ko‘z tashlarkan, g‘azab to‘riga qaytadan chirmaldi. “Qayta” deyilishining sababi shundaki, barcha chizganlariga shunchaki odob yuzasidan “durust” deya, Tohir pakana­ning mashqlaridan oshkora zavqlanadigan qizdan ichdan qattiq qahrlanadigan yigitcha­ning g‘azabi dars yakunlanida, maktabning ko‘kish temir darvozasi ortda qolib, past-ba­land yantoqzor do‘ngliklar va o‘rliklar oralab, ipdek chuvalanib ketgan dasht yo‘liga qadam qo‘yishi bilan, qumga singgan suvdek, zumda g‘oyib bo‘ladi-da. Bejizga emas, chunki dashtda maktab o‘quvchisi emas, balki qizning tinchligiga daxldor alp yigitdek his etadi o‘zini; ro‘y be­rishi mumkin bo‘lgan har qanday xavf-xatarni bartaraf etmoqqa qodir qo‘riqchidek, qomatini g‘oz tutgancha, hamisha qizdan to‘rt-besh odim oldinda yuradi.

Xo‘sh, bu xavf-xatar nima yoxud nimalardan iborat?

Bu xavf – yo‘lning kimsasiz o‘rlik va soyliklar oralab o‘tganligi edi.

Bu xavf – dashtda qo‘y boqib yuradigan sho‘x-shodon yigitchalar edi.

Bu xavf – dashtda daydib yuradigan itlar va yana allanimalar edi.

Bu “xavf”dan qizni himoyalab yurish lozimligini hech kimsa yigitchaga uqtirmagan. Buni qizning yaqinlari va shuningdek, allaqachon saksonni qoralab qo‘ygan bo‘lishiga qaramay, hanuz birovga gapini bermaydigan olovfe’lli momosining qarashlari hamda ovul ulug‘lari-yu, padarining ayrim purma’no o‘gitlaridan uqub, anglab, sekin-asta o‘zining yigitlik bur­chiga o‘girib olgan. Yigitcha botinidagi bu amalni – maktabda qizga shunchaki bir sinfdosh, dashtda esa qalban sodiq qo‘riqchi ekanini o‘zidan bo‘lak hech kimsa bilmaydi. Qizni o‘ziga yonlatmay, doimo oldinda yurishiga kelsak, buni momosining huv birdagi tanbehi tufayli qat’iy odat qilib olgan.

U paytda qiz-yigit endilikda ini va singillari tahsil olayotgan quyi ovuldagi to‘rt yillik maktabga qatnashardi. Bir daf’a qiz ikkisi yelkadosh bo‘lib, nima haqdadir qizg‘in bahslashgancha maktabdan qaytisharkan, supada jun titib o‘tirgan momosi, siyraktob qoshlarini norozi chimirgan ko‘yi yigitchani qavatiga imlab, degan: “Jigit odam qiz bola­ning biqinida emas, ikki qadam oldinda yurishi kerak. Emasam, jigitliging qochib, anovu Sodiq malladay kifti qisiq, sho‘rpeshonaga aylanib qolasan…” Bu gap-so‘zdan so‘ng yigitcha kattalar yurish-turishini zimdan kuzatgan: qarasaki, chindan-da aksariyat ovul erkaklari oldinda, ayollari keyinda yurarkan. Siddiq malladay kifti qisiq bo‘lishni istamagan yigitcha, shu-shu qizdan oldinda yuradi.

U qattiq alamda emasmi, qiz ortidan yurmoq­dan, namchil so‘qmoq yuzida qolgan izlariga oyoq bosmoqdan o‘zicha orlanib, o‘z navbatida, otashlanayotgan yuragi taftini bosmoq niya­tida ovuliga aylanma yo‘nalish – Bo‘rijar orqali bormoqqa qaror qildi. Bo‘rijar degani qirning janubi-g‘arbidagi dara sifat uzun va te­ran jarlik bo‘lib, uning o‘rta so‘l qirg‘og‘idagi tik va tor so‘qmoqdan ovul kunbotishidagi toshli sayhonlikka bemalol ko‘tarilish mumkin edi. Ovul ahlidan yolg‘iz yigitchagina vaqt-bevaqt jar oralab yurar, qiz biror vaj tufayli maktabga bormay qolgan kunlari esa, momosining ta’biri bilan aytganda, itday sumanglab, Bo‘rijar orqali ovulga qaytardi.

Yigitcha ortidan yetib kelishidan umidlanib, oshiqmay borayotgan qizni taajjubga solgan ko‘yi, qir yoqalab kunbotishga, bir chaqirimcha naridagi Bo‘rijar og‘zi tomon yurdi. Yo‘l-yo‘lakay qizdan o‘pka-gina qilib, ichida uni yanib bordi. Biroq jar og‘zidan sal berida qomat kerib turgan Bukritoshni yonlab o‘tishi hamon qizdan xafaligini zumda unutdi va go‘yoki bu manzilga ilk bora qadam ranjida qilganidek, bir muddat tek turib qoldi. Bu uning azaliy odati – har safar jarning boshlanish qismidagi g‘aroyib manzaraga, ya’ni har ikki qirg‘oq betini quyiga qadar zinapoya yanglig‘ taramlab tushgantoshlar tizimiga hayratlanib boqqanidek, qirlar bag‘rini tilimlagancha, janubdagi archali dovon bag‘riga borib sanchilgan jarning chuqur o‘zaniga xavotir hisi bilan tikilib qolardi-da, so‘ng oshiqmay “toshzinalar” sari jilardi.

U olg‘a yurarkan, dastlab sezgani shu bo‘ldiki, dashtdan farqli o‘laroq, jar havosi xiyla salqin, yashil maysalar haliyam o‘z tarovatini yo‘qotmagan, qator “toshzinalar” bo‘ylab sochilgan shirachlarning o‘rta qismi oqish tusda gullagan holda, yuqori qismidagi och jigarrang tugunchaklari halicha noz uyquda edi. Ammo yigitchaning o‘simliklar umuman bilan ishi yo‘q, uni jar tubidagi quyuq butazor oralab ketgan ingichka so‘qmoq ko‘proq qiziqtiradi. U ana shu so‘qmoq bo‘ylab daydishni, ovloq makon shovurini tinglashni va onda-sonda yuragi qo‘rquvdan shuvillab-shuvillab qo‘yishini juda-juda xush ko‘radi. Buning uchun avvaliga o‘ng qanotdagi “toshzinalar”dan biriga cho‘kib, jar o‘zaniga ko‘z tashlagancha, oqshomgi gurunglarda kattalardan ko‘p va xo‘p eshitgan o‘sha rivoyatni xayolidan o‘tkazib, jarning afsonaviy egasi bo‘lmish haybatli kulrang bo‘rini tasavvurida jonlantirar va maboda, o‘sha yirtqich ko‘ziga chalingudek ersa, ne qilmog‘ini o‘ylaydi. Biroq qidirgan jondori jarda emas, olis o‘tmishda edi. Yigitcha buni yaxshi bilsa-da, lekin xayolatga chek qo‘yishni istamas, ayniqsa, har gal butalar oralaganida, o‘sha yirtqich qarshisidan lop etib chiqib qoladigandek, qo‘rquv va hayajondan entikib-entikib qo‘yardi. O‘rta so‘l qirg‘oqdagi tik so‘qmoqdan ovul kunbo­tishidagi sayhonlikka ko‘tarilganida esa, qu­yidagi jarlikka g‘olibona ko‘z tashlab qo‘yishni kanda qilmasdi. Sababi, g‘oliblik hisi unga hamisha moydek yoqar, yoqqani bois ham qo‘li bo‘sh qoldi deguncha, Bo‘rijarga intilardi. O‘tgan daf’a birinchi bor, ovrab-sovrab bo‘lsa-da, qizni ham ergashtirib kelgan. Biroq qizi tushmagur u kabi “toshzinalar”ga cho‘kmayoq iziga qaytmoqni ma’qul topgan. Bundan yi­gitchaning taajjubi chandon ortgan, nechun jardan bunchalik ha­yiqadi bu, axir, boboylar aytgan haybatli jondor bor-yo‘g‘i bir afsona-ku.

Bu gal ham toshzinalardan birining labi cho‘kishga cho‘kdi-yu, biroq o‘sha afsonaviy bo‘rini tasavvurida jonlantirmoq uchun jar­ning sirli va vahimali o‘zaniga ko‘z tashlashga ulgura olmadi – o‘ng biqinida mayin yeldan tebranib turgan bo‘ychan shirachlardan biri sira kutilmaganda e’tiborini tortib, boya qiz tilidan ko‘chgan “jonsiz” degan sovuq iborani qayta esi­ga tushirdi. Bundan tag‘in alami qo‘zidi, o‘zicha qizga achchiq qilib, o‘tirgan joyida o‘simlikka chang soldi: “Nima, manovular jonlimi?!” Haytovur, novcha o‘simlikning kuni bitmagan ekan, bu qilig‘i o‘ziga erish tuyulib, yigitcha undan qo‘lini tortdi. Bunga javoban o‘simlik, ha-a, men jonliman, deganday zardali bir tarzda tebranib qo‘ydi. Yigitcha esa, xuddi uzr so‘raganday, uning oqish nozik gulchalarini barmoqlari uchi bilan asta siypalagan bo‘ldi.

Shu kezgacha u biron-bir o‘simlik turiga jiddiy e’tibor bermagan edi. Bu safar changa­lidan tasodifan omon qolgan o‘simlikka boshdan-oyoq razm solarkan, uning qoyatoshlar oralig‘idagi bir kaftgina tuproqda bo‘ylanib turganini ko‘rib, dastlab ajabsindi, so‘ng yalang yerda himoyasiz qolgan palaponlarga duch kelganday, yuragida shafqat hisi uyg‘ondi. Biroq xiyoldan keyin yengil epkindan qayta tebranmoqqa tushgan o‘simlik uning achinishiga aslo zor emasligini, boz ustiga, bu ovloq makonda u emas, balki o‘zi yetti yot begonaligini his etib, beixtiyor ich-ichdan bir qalqib tushdi. U botinida yuz bergan bu to‘lqin ta’sirida, novcha o‘simlikning chamandek ochilgan oqish gullari hamda o‘z ochilish muddatini intiq kutayotgan och jigarrang tusdagi tugunchaklariga o‘zgacha nigoh bilan takror boqarkan, u ko‘ziga sirli va go‘zal ko‘rinib ketdi. U ushbu tuyg‘u ta’sirida tevarakka ko‘z soldi va shunda uning nigohi asr­lar davomida dashtning betizgin shamoli etagiga ilashib kelib qolgan chang-chung zarrala­ridan qoyatoshlar yag‘rinidagi mayda-chuyda kavaklar hamda uzun-qisqa yoriq-yoruqlarda hosil bo‘lgan katta-kichik tuproq qatlamlarida ungan turli giyohlar, turfa mitti chechaklarni ilg‘adi. Shu kezgacha jajji kapalakdek mitti chechaklarni nazariga ilmasdi. Bu gal esa ularga qiziqsinib razm soldi.

Ana, ulardan ikki-uch tupini allaqachon toptashga ham ulguribdi.

Bu orada yigitchaning diqqatini tuproqli kavakchalardan birida o‘zgachayashnab turgan qizg‘ish, sarg‘ish, pushti va binafsha tusdagi mitti gulchalar tupi o‘ziga jalb etdi. Turfa rangdagi bu jajji chechaklarni bir yerda g‘uj bo‘lib turishi yigitchaga juda qiziq tuyuldi va unda ularni oppoq qog‘ozga muhrlash istagi tug‘ildi. U ushbu istak yo‘rig‘iga bo‘ysinib, sumkasiga qo‘l yuborarkan, toza qog‘ozga ilashib chiqqan uch atirgul suratiga bexosdan ko‘zi tushgach, taajjubdan dong qotdi. Vo-o, ajab, qog‘ozdagi atirgullar tasviri chindan ham o‘ta jonsiz, o‘ta ruhsiz edi. Biroq bu bilan u qizni kechirib qo‘ya qolmadi, qaytamga uning haq bo‘lib chiqqanidan alami qo‘zib, g‘ururi bosh ko‘tardi, toki Tohir pakana kabi qizni hayratu hayajonga solmaguncha, tinib-tinchimasligini idrok etib, birinchi bor chechaklarning asliga qarab chizishga kirishdi. Bu ish davomida ilgari hech tuymagan bir holatni – qog‘ozga ko‘chayotgan mitti chechaklar go‘zalligida quyoshning iliq tafti va ona zamin quvvatini his etarkan, borliqdan tiriklik bo‘yi taralayotganini his etdi. Va pirovardida, u g‘aroyib tuyg‘ular og‘ushiga sho‘ng‘ib, ma’lum vaqt bu dunyoni unutdi.

Ammo bu dunyo hech qachon hech kimga o‘zini unuttirib qo‘ymaydi.

– Davron!

Kutilmagan bu ovozdan sapchib tushgan yigitcha ilkis ortiga o‘girilib, xijolatomuz kulimsirab turgan qizni ko‘rdi. Azbaroyi dovdiraganidan og‘ziga kelgani shu birgina so‘z bo‘ldi.

– Mohigul!!!

– Mendan arazdamisan deya, xavotirda kel­dim… – dedi qiz uni qattiq cho‘chitib yuborganidan yanada xijolat tortib.

Yigitcha arazdaligini eslab, tumtaygancha, o‘zicha qayta ishga tutingan bo‘ldi. Ammo qo‘lidagi qalam uchi qog‘ozga yetib-yetmay, so‘l kiftida qizning hayajonga to‘la ovozi eshitildi.

– Voy-y, buncha go‘zal!

U bu gapga inonmay, yoniga o‘girildi. Yo‘q, qiz aldamagan – hayajondan ko‘zlari cho‘g‘la­nib, yanoqlari pushtilanib turardi. Buni ko‘rgan yigitchaning elkasidan xarsangtosh ag‘darilib, yengil, juda yengil nafas oldi. Qiz bitay deb qolgan suratga qo‘l cho‘zganida, monelik qilmay, tashdan xayolchan, ichdan mamnun holda jar tomon yuz burdi va shunda so‘l sohili yog‘dula­nib, o‘ng sohili ko‘lankalanib turgan jar tubidagi yashil butalar ranggi quyuq tortib, qoramtir tus olganini, quyoshning zarin nuriga yo‘g‘rilgan archali dovon etagidagi yashil rang esa “erib”, ajabtovur yog‘du hosil qilganini ilg‘adi. Yigitcha ilgari biron marta duch kelmagan, duch kelgan taqdirda ham e’tibor bermagan yoxud idrok etishga ojizlik qilgan bu ranglar jilosiga mahliyo bo‘lib turarkan, birdan ulkan bir haqiqatni – ona tabiatning buyuk musavvirligini yurakdan tuydi. Ana shunda qizning qo‘lidagi surat ko‘ziga shu qadar ko‘rimsiz ko‘rinib ketdiki, natijada o‘zini uquvsiz sanab, yerga qarashdan o‘zga chora topmadi. O‘z navbatida, hanuz suratga tikilib turgan qiz uchun hamma narsaga hozir-u nozirligini, chizgan suratlari esa uning ko‘nglini ovlash yo‘ldagi shunchaki urinish ekanini favqulodda fahmlab, uyatdan lavlagiday qizarib ketdi. Keng borliq esa yigitchani o‘zga bir ulug‘ ishlarga undar, biroq bu qanday ish – buni bilmas, bilmog‘i uchun, nazdida, hali jindek vaqt borday edi.

U tizginsiz hayajonli o‘ylar og‘ushida qir yoqalab iziga qaytar ekan, har doimgidek, oldinda borar, qiz esa uning so‘nggi suratini avaylab tutgancha sal ortda kelardi.

Normurod Norqobilov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.