“Haq qoshiga bording yugurib…”

0
56
marta ko‘rilgan.

Baxtiniso haqidagi sovuq xabarni o‘qib, yuragim muzlab ketdi. Ko‘z oldimdan u bilan bog‘liq manzaralar, holatlar yorug‘lik tezligida o‘ta boshladi. Qulog‘im ostida uning qo‘ng‘iroq sasiday tiniq ovozi jaranglab, “Ishonmang, aka, bu yolg‘on” deyayotganday edi…

U o‘ta nekbin kayfiyat sohibasi edi: har qanday holatda ham boshqalarga faqat oydin tuyg‘ularini, yorug‘ e’tiqodini ko‘rsatardi. Davolanishga ketishdan oldin gaplashganimizda: “Aeroportdamiz. Hozir jo‘nab ketamiz. Qaytganimda, nasib qilsa, o‘zim yurib kelaman – kutib olasizlar…” — degan edi…

Yetib borganidan so‘ng ham bir necha bor xatlashdik – hammasi yaxshi bo‘ladigandek edi… Operatsiyadan keyingi so‘zlarini eshitib, xatimizga yozgan javobini o‘qib, xotirjam tortgandik… Ammo… Allohning irodasi ekan…

U so‘nggi paytlarda borlig‘i tobora yorishib borayotgani, ruhi qanot yozayotgani haqida ko‘p gapirardi. Tiynati ilohiy ishq, rumiyona maslak yog‘dusi bilan ziynatlangan edi. Haqqa muhabbati so‘zida, yozganlarida ayon edi…

Yangi yildagi ilk she’rim Baxtiniso xotirasiga bag‘ishlanadi deb hech o‘ylamagandim. Nachora, bandamiz – O‘zidan kelib, yana O‘ziga qaytguvchimiz… Baxtinisoning yaqinlariga, go‘zal qalbi va she’riyatining muxlislariga – barchamizga Yaratgandan sabr tilaymiz.

Joying jannatda bo‘lsin, jon singlim. Firdavs bog‘larida, o‘zing orzu qilganingdek, yelib-yugurib yurgin….

 

BAXTINISO YODI

Sen bor eding – YURARDIK shodon,
Sen bor eding – ChOPARDIK masrur.
Ko‘nglimizga zulmat cho‘kkan on
Yoritardi ko‘zingdagi nur.

Va…

Sen ketding shoshib, oshiqib,
Ketding tongni shomga yo‘g‘irib.
Ey, Xudoning ma’sum oshig‘i,
Haq qoshiga bording YUGURIB!

Senga yeta olmasmiz, beshak,
Ishqda senga teng kelmak mahol:
Yuray desak, yuguray desak,
Tosh qotganmiz – oyog‘imiz shol…

 

Nodir JONUZOQ

http://ijod.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.