Oy yog‘dusidagi qorli cho‘qqi

0
50
marta ko‘rilgan.

Do‘stim, o‘z fikriga ega, gapniyam achchiq-chuchugini joy-joyiga qo‘yadigan yozuv­chi ukalarimizdan birining, “Aka, siz Ilhom Hasanov bilan ko‘p bo‘lgansiz, hayotlari haqida jur­nalga bir narsa yozib bersangiz, yaxshi bo‘lardi, ustoz maqomida bo‘lgan…” degan taklifidan yer yo­rilmadi kirib ketsang. Ayniqsa, oxirgi jumlasi. Masho­yixlarimiz aytgan matal mazmuni xayolda aylanadi: “Senga bir harf o‘rgatgan kishining haqqini ming tillo bilan ham ado etolmassan”.

Kundan kunga uzoqlashib borayotgan tala­balik davrining boshida, 1983-yilning kech kuzida Samarqand­da Ilhom aka Hasanov bilan tanishganman. Viloyat gazetasi bo‘lmish “Zarafshon” tahririyati ostonasida. Kechagidek esimda. Ilhom akaning kursdoshi, o‘sha vaqtlar gazetaning mas’ul kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Hamza Shukurov bizlarni tanishtirgan. Men o‘n sakkizga o‘tgan talaba va gazetada musahhih yordamchisi bo‘lib ishlardim. Hikoyalarim, maqolalarim viloyat, respublika matbuoti yuzini ko‘ra boshlagandi.

Men Hamza akaning otasi uyida yashardim. Ertalab ishga birga kelib, yarim kechasi, gohida tongga yaqin ishdan qaytardik. Gazetchilik. U vaqtlar viloyat gazetasi bir haftada besh marotaba chiqardi. Kunlar­ning birida ertalab ishga kelib, mashinadan tushgan ham edikki uzun bo‘yli, qotmadan kelgan, kashmiri nimasi bilandir qishlog‘imiz odamlariga o‘xshab ketadigan Ilhom aka qo‘lida bir dasta qog‘oz bilan yaqin keldi. Ular salomlashdilar. Biz – ikki notanish ham salomlashgan bo‘ldik. Shundan keyin Hamza aka bizlarni tanishtirdilar.

– Ilhom Hasanov, yozuvchi, fakultetimizda o‘qituvchi…

Meni Hamza Shukurovga amakilari, ustoz Nuriddin Shukurov topshirgandilar. Ilhom aka Nuriddin Shukurovning ishongan shogirdi edi. Ilhom aka odamlar ko‘nglidan o‘tgan narsalarni sezishlarini, ba’zi narsalarni boshqalardan oldinroq ilg‘ashlarini, ko‘pchilikdan birinchi bo‘lib fikr bildirishlarini, bildirgandayam, eng to‘g‘ri fikrni bildirishlarini, biror ishga odamlardan avval harakat qilishlarini, amalga kirishishlarini, odamlar u kishi o‘ylagan narsalarni oradan ancha vaqt o‘tib shu fikrga kelishlarini keyinchalik anglaganman.

Oldinroq his etish… Iste’dod degani balki shudir. Fozillik ham shu bo‘lsa kerak, ehtimol. Olimlig-u odamiylik desayam bo‘lar, balki… Adolatsizlik oldidagi, adolatsizlikka uchragan va adolat muhokama etilayotgan yig‘ilishlardagi holatlarini, jon kuydirishlarini tasvirlash uchun, avvalo, odam o‘sha tabiatga sazovor bo‘lishi lozim. Ilhom aka mening ko‘z o‘ngimda har bir harakati bilan zulmatlarni bir qarashda chekinishga majbur qiladigan qilichday bo‘lib qolaveradi.

Ilk uchrashganimizda Ilhom aka qo‘lidagi qog‘ozlarni Hamza akaga tutqazib, “biz bugundan boshlab bunday ko‘rishamiz”, deb quloch­larini ochgan va biz boshqatdan ko‘rishganmiz. Ming yillik aka-ukalardek, do‘stlardek.

Birinchi aytgan gaplari: “Men sizni kunduzgida o‘qishingiz uchun qo‘limdan kelganini qilganman. Lekin, bildimki, qo‘limdan hech narsa kelmas ekan. O‘qishga kirolmay qolishingizni aybdorlaridan biri menman. Kirish imtihondagi inshoni o‘qiganman. Fakultetni bitirib chiqqanlarniyam ko‘pi, aniq aytaman, bunday yozolmaydi. Sizni oltin medal bilan maktabni bitirganingiz va o‘qishga kirishingiz haqida birov birovga iltimos qilmaganligi bir-ikkitani qattiq shoshirgan edi. Inshoni esa bemalol esse deb gazetaga bersa bo‘ladi…”.

Insho erkin mavzuda, – Vatan haqida, O‘zbekiston haqida edi…

O‘shanda Ilhom aka yigirma to‘rtning ustida edilar. Bir oyoq gazetada, ishxonada, bir oyoq fakultet, o‘qish joyida o‘tgan ajoyib davrning eng esda qolar damlari shamolining epkini, odamlarning nigohi, mehri hali-hanuz kishiga entikishlar hadya etadi.

Ilhom aka boshqacha odam edi. Yurish-turishiyam, gap-u so‘ziyam.

Universitetning o‘zbek va tojik filologiyasi fakulteti qoshida tashkil etilgan “Shalola” adabiy to‘garagi­ning o‘zi bir universitet edi. Biz bu yerda adabiyotga oid eshit­magan gaplarimizni eshitar, o‘qimagan narsalarimiz bilan tanishar edik. Adabiyot, dunyo adabiyoti, turkiy adabiyot degani nima ekanligini shu mashg‘ulotlarida tushunganday bo‘lganmiz. “Devoni lug‘otit turk”ni shu davrada birinchi marta ushlab ko‘rganmiz. Universitetda har bir o‘qituvchi o‘zining sohasi, fani bo‘yicha dars o‘tib, savol-javob qilsa, bu yerda unday emasdi. Biz “Shalola”da bir-birimizning yozganlarimiz bilan tanishish, tahlil qilish, fikr bildirish bilan birga adabiyot nima ekanligini anglay boshlaganmiz. Ilhom aka ta’biri bilan aytganda, “adabiyotda qalbdan ko‘ra bo‘g‘iz ko‘proq ishtirok etishi” adabiy, ijodiy emas, boshqa jarayon ekanligini anglaganmiz. Aristotelning “Aflotun – mening qimmatli do‘stim, lekin haqiqat undan qimmatliroqdir” degan so‘zlarini daftarlarimizga o‘shanda ko‘chirganmiz. Ko‘cha-ko‘yda, ishxona-yu o‘qishxonalarda eshitmagan tu­shunchalarmiz: “yalpi baxtsizlik sharoiti”, “O‘quvchini yolg‘onlar ko‘magida ezgulikka yo‘llab bo‘lmaydi”, “Haqiqatni bitta-ikkita odamning orzu-istaklariga moslab turlanmaslik, tuslamaslik kerak”, “Schastlivoy detstvo” degan yozuvli shapkani kiygan bilan bolalik baxtli bo‘lib qolmaydi” degan tushunchalarni Ilhom akaning og‘zidan eshitganimizda ne bir xayollarga borganimiz hali esdan chiqmagan.

Shuningdek, to‘garak a’zolariga adabiy asarning alifbolari – syujet qurilishidan tortib, portret tasvirlarigacha, badiiy vositalaridan tortib monogol-u diologlarni o‘rnida berishgacha, fikr oqimi, matnosti oqimi, fikr to‘lqinining uzluksizligi, so‘zning issiq-sovug‘i, tafti, nafasi, rangi, hidi bo‘lishiniyam ko‘rga hassadek qilib o‘rgatishga jahd qilgan Ilhom Hasanov edi. Ilhom akaning bir ko‘zi hamisha soatda bo‘lardi. Soatga tez-tez qarardi. Har bir daqiqalari hisobda ekanligini bilardik. Universitet yoshlar ittifiqoning yetakchisi edi.

Ilhomi Hasanov o‘zbek tilini o‘ta yaxshi bilardi, o‘zbek tilini hurmat qilardi deyish, albatta, juda erish tuyuladi. Ilhom aka tilimiz uchun bor-yo‘g‘ini berishga tayyorlardan biri edi. Men guvohman. Ota tilimizga davlat tili maqomi berilgandan keyingi chehralaridagi ulug‘vorlik masrurligi bilan bir qatorda yelkaga, zimmaga juda katta yuk tushganligini, bu yukni ko‘ta­rish hammagayam emasligini his etish mas’uliyatini ko‘rganman.

Xudo mehribon bo‘lib davlat idoralarida ona tilida ish yuritish boshlanishi bilan jurnalistlarga e’tibor kuchaygan edi. Respublika matbuotida “Sharqqa sharqonalik yarashadi” turkum maqolalarim bosilib, ular mulohaza uchun Samarqand viloyat ijroqo‘miga yuborilgan ekan. O‘sha vaqtlar yozma matbuotda chop etilgan maqolalar mutasaddi tashkilotlarga mulohaza uchun yuborilardi. O‘sha maqolalarda Samarqand viloyati, shahrida joy nomlarining g‘aribona shamoyili ko‘rsatilgan, sharqona nomlar yarashishiga umid bildirilgandi. Qonun qabul qilingandan bir oy o‘tar-o‘tmay viloyati ijroiya qo‘mitasida “Davlat tili haqidagi qonunini amalga oshirish komissiyasi” hamda “Joy nomlarini o‘rganish, toponimik komissiya” faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan, viloyat ijroqo‘mining raisi Toshbo‘ri Qilichev yuqorida qayd etilgan maqolalar bilan tanishib, muallifni chaqirishni ustoz jurnalist Abdurayim Ubaydullayevga topshirganlar. Ustoz viloyat ijroiya qo‘mitasida mas’ul lavozimda ishlardilar. Biz birgalikda ijroqo‘m raisi oldiga kirdik va oradan o‘n daqiqa o‘tmay, maqolalarda ko‘rsatilgan barcha takliflarni amalga oshirishni ikkovimizga yukladilar. Menga yuqorida qayd etilgan har ikki komissiya ishini tashkil etish va tarkibini shakllantirish haqida ijroqo‘m qarori loyihasini kiritish tayinlandi. Men komissiyalarning mas’ul kotib bo‘ldim. Bu mutlaqo yangi va judayam mas’uliyatli vazifa edi.

1990-yilning 27-oktyabrida Davlat tili qabul qilinganligining 1 yilligini munosib o‘tkazish komissiya ish rejasiga kiritilgandi. O‘sha vaqtlar Registon maydonining yonida, Ulug‘bek madrasasining orqasida so‘lim va go‘zal “Shoirlar bog‘i” bo‘lardi. Biror ming kishi sig‘adigan amfiteatri bilan. Ijodiy uchrashuvlar maskani edi u joy. Ona tilga davlat tili maqomi qaytishining 1 yilligi bayrami Otamakonning ana shumaskanida nishonlangan. Mazkur bayram ssenariysini yozganlardan biri Ilhom Hasanov edi. Qo‘lyozmalar menda. Bayramdagi turli chiqishlar, sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarini tayyorlash bilan bog‘liq barcha-barcha tashvishni Ilhom Hasanov o‘z zimmasiga olgan edi.

Ona tili bayramining ikki yilligi shodiyonalarini ko‘rish nasib etmadi.

Ilhom Hasan bizga, yoshlarga Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Lutfiy, Ogahiy, Alisher Navoiiy, Bobur va boshqa ko‘plab ajdodlarimizni yaqindani, ta­nishtirganlari, xayollariga esh, dardlari bilan hamdard bo‘lishlari, ularni yuqtirgani bilan ham qadrlidirlar.

Nuriddin Shukurov boshchiligida, tarixchi olim Amriddin Berdimurodov va Ilhom Hasanov tashkilotchiligida Sohibqiron tug‘ilgan kun sahar mardonda otalar qabr­larini ziyorat qilishni o‘rganganlarimizni qayd etmaslik haqiqatga tik qaray olmaslikdan boshqa narsa emas.

Ilhom Hasanning yozuvchi, dramaturg, adabiyotchi olim va mohir tarjimon ekanligi haqida bu mavzuda gapirishga haqqi borlar gapirsa yarashadi.

Ilhom aka bilan oxirgi uchrashuvimiz Samarqanddan Toshkentga bir ish bilan yo‘lga chiqqanimda bo‘lgan. U kishi ham Toshkentga kelayotgan ekanlar. O‘sha davrning qizil rangli “Ikarus”ida birinchi qatorda gaplashib kelganmiz. Qiziq. O‘sha gurung ham boshdan oyoq adabiyot, adabiy jarayon haqida, ijodiy ishlarimiz haqida bo‘lgan. Qanday kitoblar o‘qi­yotgani, ijodlari haqida bildirish bilan birga mening nimalar bilan band ekanligimini so‘raganlar. Men Orol mavzusida materiallar yig‘ayotganim, “Mukofatga suv” degan bir narsa yozayotganimni, asar tuzilishi, muammaosi, yechimi, qahramonlari orqali tabiat va inson dardini o‘zimizcha uyg‘unlashtirgan holda Orol dard-u hasratini aytib bergandim. Ilhom aka “mendayam Orol dardiga bag‘ishlangan bir narsa tug‘ilmoqda, lekin Orol haqida yozish uchun u yerga borib, bir-ikki kun bo‘lsayam yashab, ko‘z bilan ko‘rib, havosini olib yozsak yaxshi bo‘lardi” degandilar. Keyin, oradan ancha yillar o‘tib, Orol dengiz o‘rnidagi tuz sahrolarida yurib, yashab, ishlab, nonini yeb, nafaqat Orol haqida yozish, balki o‘rganishdan oldin ko‘rishni, eshitishni, ilg‘ashni o‘rganish kerakligi anglaganman.

Ilhom Hasanov tarjimasidagi Dimitriy Nikolayevich Logofetning “Buxoro tog‘lari va tekisliklarida” asarini o‘qishning o‘ziyoq adibning, tarjimonning kimligini ko‘z o‘ngingizda bor bo‘yi bilan ko‘rsatadi. Tarjimaga asar tanlash didining ne chog‘li muhim ekanini peshonaning ustiga chiroqday osib qo‘yadi. Yurtimizning qadim tabiati tarovati betakrorligidan, nafasidan, urf-odatlarimiz tozaligidan, tilimiz kuch-qudratidan tuyinib suyuning, kuyining. Tarjimonlik san’atining ajoyib namunasidan bahramand bo‘lishingizni ilindim. Ko‘p gap hamisha yuk.

“Musulmon olami noqonuniy tug‘ilishni hatto bilmaydi va tan olmaydi, tabiat qonunlari asosida tug‘ilgan hamma vaqt qonuniy tug‘ilgan hisoblanadi va shuning uchun ota-bobolarining nomini olishadi. Biz yevropaliklar ham osiyoliklarning bu tajribasini o‘rganib, o‘zlashtirishimiz kerak va bu o‘rinda shuni eslash joizki, Sharq o‘z bolasini o‘ldirishni aslo bilmaydi. Yevropacha asoslardagi fohishabozlik musulmon davlatlarida yaqinda paydo bo‘lgan, u ham bo‘lsa, Sharqda yevropaliklarning musulmon davlatlarini bosib olishi­ning oqibatdir.

Nahotki bularning bari biz o‘ylagandan boshqacha bo‘lsa?

Ha, o‘zingiz tasaffur qiling, musulmon o‘ziga xotinni sotib oladi, bu xuddi bizda ayol erni sotib olgani va unga sep kelganiga o‘xshaydi. Demak, bizda ayol haq to‘laydi, musulmonlarda esa – er…

Qarshimizda Denov vodiy­si o‘zining quyuq o‘simliklar olami, oppoq baquvvat tanli asriy chinorlari bilan namoyon bo‘ldi… Yakka va guruh-guruh bo‘lib o‘sgan baland chinorlar boshida turnalar in qurgan.

Oy o‘zining kumush nurlari bilan tevarak atrofni yoritgan. Toliqqan otlar qo‘nim topishlarini sezib, qadamlarini tez­latadilar. Qorli cho‘qqilar oy yorug‘ida yaltirab tovlanadi. Faqat zulmat ichida qolgan ufqning bir chekkasigina ma’yus qorayib turardi. Sezilar-sezilmas miltirayotgan yulduzlar oy yorug‘ini yanada kuchaytirayotgandek tuyulardi. Tun musaffo, ham salqin edi. Soy va ariqlardagi suvning shildirashi tun qushlarining chug‘urlashlariga qo‘shilib ketayotgandi. Tuya karvonlari qo‘ng‘irog‘ining hazin jiringlashi bu yaxlit ohangni yanada ta’sirliroq qilayotgandi.

Go‘yo ulkan bir ibodatxonada chiroqlarning miltilla­gan shu’lalari ostida vazmin va tantanavor marosim o‘tkazilayotgandek tuyulardi.

Xuddi bizning ibodatxonada ekanligimizni ta’kidlagandek, tun sukunatida uzoq-yaqinga azonning sehrli ohangi taraladi:

“La ilaha illalloh – Allohdan boshqa iloh yo‘qdir!!!”

Minoraga chiqib olgan odam buni ko‘tarinki so‘zlar bilan uqtirib, hammani namozga, ana shu go‘zal olamni yaratgan va uni boshqarayotgan Tangriga toat-ibodat qilishga chaqirardi.

Elchixonaning yopiq ayvonidagi olovning yengil shu’lasi keng hovlini g‘ira-shira yoritdi. Ayvonga chirmashgan uzumning ko‘k barglari biz tunaydigan joyga alohida bir go‘zallik baxsh etadi”.

Mashoyixlar bekorga xotiraning uyg‘onganligi go‘zaldir, demagan ko‘rinadi, chog‘i.

 

 

Bahodir QOBUL

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.