Shoir va taniqli tarjimon Sulaymon Rahmon vafot etdi

0
58
marta ko‘rilgan.

O‘zining dardchil va xalqchil she’rlari bilan o‘zbek adabiyotini boyitgan shoir, taniqli tarjimon va publitsist Sulaymon Rahmon olamdan o‘tdi.
Sulaymon Rahmon 1946 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgach, turli nashrlarda, xususan, “Guliston” va “Yoshlik” jurnallarida faoliyat olib borgan. Uning «Ildiz nima deydi?» (1973), «Xayol» (1975), «Hilol» (1977), «Billur qo‘ng‘iroqlar» (1979), «Uchinchi qiz» (1984), «Oydin diyor» (1985), «Yaynag‘an o‘lke» (1986, qoraqalpoq tilida), «Daraxtlarni uyg‘otadi shabboda» (1987) nomli kitoblari chop etilgan. Bir qator she’rlari rus, ispan, bolgar, turk, turkman, tojik, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. O‘tgan asrning mashhur shoirlari Qaysin Quliyev va David Qug‘ultinovlar nazariga tushgan.
Sulaymon Rahmon tarjimasida she’riyat muxlislari A.Pushkin, H.Hayne, A.Blok, Yu.Marsinkyavichyus, A.Voznesenskiy, Q.Quliyev, O‘.Sulaymonov, G.Emin, A.Sofronov, N.Gribachev, Yu.Voronov, T.Qobulov kabi shoirlari ijodidan bahramand bo‘ldilar. Shuningdek, u J.Bayronning «Don Juan» she’riy romanini, P.Nerudaning «Mushtarak qo‘shiq» she’riy epopeyasini va J.Rumiyning «Ma’naviy masnaviy» asarining birinchi daftarini ona tilimizga mahorat bilan o‘girdi.
Nasr ishqibozlari yapon adibi K.Abening «Yashik odam», rus yozuvchisi V.Shukshinning «Xo‘roz uch qichqirguncha», turkman O‘.Eminovning «Shiddat», bolalar yozuvchisi E.Uspenskiyning «Fyodor amaki kuchuk va mushuk», «Kafolat odamchalari» kabi roman va qissalarini ham rahmatli Sulaymon Rahmon tarjimasida o‘qidilar.
“Yoshlik” jurnali tahririyati u kishining oila a’zolariga, do‘stlari va barcha yaqinlariga hamdardlik bildiradi. Shoirning oxirati obod bo‘lsin!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.