Bo‘ri

0
86
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Farangiston tog‘larida hech qachon qish bunchalik sovuq bo‘lmagan va uzoq cho‘zilmagan edi. Bir necha haftadirki, havo ochiq, osmon tiniq, quruq sovuq zabtiga olgan. Kunduzlari ochiq, tiniq moviy  osmon ostida qor bosgan keng, poyonsiz nishab dalalar yaltirab, yastanib yotar, kechalari esa Oy yanada tiniqlashib, qirchillama qish sovug‘ida qor uzra  sarg‘ish yog‘du sochardi. Odamlar tepalik tugul hatto ko‘chalarga ham chiqmas, uy-uylariga biqinib olishgan edi. Tunda esa Oy nurida qishloq kulbalarining yoniq derazalari  go‘yo  is  bosgandek xira ko‘rinar va tezda o‘chib qolar edi.

Hattoki, tevarak-atrofda yashovchi jonivorlar uchun ham juda og‘ir davr boshlandi. Ularning kichikroqlari to‘p-to‘p bo‘lib muzlab qolishar, parrandalar   ham   qahraton qish sovug‘iga bardosh berolmay halok bo‘lib, qirg‘iy va bo‘rilarga yem bo‘lardi. Xullas, ayoz va ochlikdan barchaning sillasi qurigan edi. Bo‘ri to‘dasining bir qismi omon qolgan, bu kulfat esa ularni yanada jipslashtirgandi. Bo‘rilar kunduzlari yemish topish ilinjida yakka-yakka bo‘lib izg‘ishardi. Dam-badam oppoq  qor uzra ozib-to‘zib ketgan, sharpa yanglig‘ unsiz pusib borayotgan och, biroq  o‘ta hushyor bo‘ri ko‘rinardi. Qor bosgan dalada kaftdek soya unga ergashadi. Shamolda bir nimani sezgudek bo‘lsa, o‘tkir tumshug‘ini cho‘zib, tinka-madori qurib, qisqa uvlab qo‘yadi. Tunlari esa to‘da-to‘da bo‘lib ovga chiqishar, bo‘g‘iq uvillab qishloq atrofida izg‘ishardi. Mol va parrandalar og‘illarga bekitilgan, darchalarga ov miltiqlari suyab qo‘yilgan. Onda-sonda itmi, shunga o‘xshash mayda o‘ljani hisobga olmaganda ahvol tang, shundog‘am to‘da ichidan ikki bo‘ri otib o‘ldirilgan edi.

Izg‘irin sovuq hamon zabtiga olardi. Bo‘rilar iliqroq bo‘lishi uchun ko‘pincha yonma-yon yotar, huvillagan dalalarga majolsiz boqib, unsiz qulay payt poylashardi. Shunda ulardan biri, ochlik azobiga dosh berolmay uvillab yubordi. Unga boshqalari ham qo‘shildi, bir zumda chor-­atrofni bo‘rilarning dahshatli uvillashi tutib ketdi.

Nihoyat, to‘daning chog‘roqqina qismi yo‘lga otlanmoqchi bo‘ldi. Erta tongda uyalarini tark etib, bir joyga to‘plangan bo‘rilar, sovuq havoni bezovta iskay boshladilar. So‘ngra ildam va baravar qo‘zg‘alishdi. Orqada qolganlar oldindagilar ortidan ancha joygacha ergashib yo‘rtib bordilar, so‘ng ikkilanib to‘xtab, ular ortidan majolsiz termilib turishgach, sekingina in-inlariga qaytdilar.

Yo‘lda borayotganlar qiyom payti bir-birlaridan ajralishdi. Uchtasi sharq tarafga – Shveysariyaning Yura tog‘lari tomon, qolganlari esa janubga qarab ketdilar. Uchala bo‘ri kelishgan, kuchli, biroq nihoyatda ozib-to‘zib ketgan edi. Oqimtir qorinlari kamardek tarang tortilgan, qovurg‘alari ayanchli tarzda turtib chiqqan, halqumlari quruqshab, ko‘zlari ma’yus va tushkun boqardi. Uchovlon Yuraga yetib borishganning ikkinchi kuni bitta qo‘y, uchinchi kuni esa it bilan qulunni o‘lja olishdi, bundan darg‘azab bo‘lgan qishloq aholisi yirtqichlarni har tomondan ta’qib qila boshladi. Tevarak-atrofdagi qishloqlar va shaharchada vahimali gap-so‘zlar tarqaldi. Pochta tashuvchi chanalar qurollantirildi, miltiqsiz hech kim ko‘chaga chiqmaydigan bo‘ldi. Uchala yirtqich begona joyda avvaliga biroz hayiqqan bo‘lsa-da, shunday ajoyib o‘ljalardan so‘ng o‘zlarini qo‘yib yuborishdi; ular endi har qachongidan ham  taptortmas bo‘lib, qish­loq hovlilaridan biridagi molxonaga kuppa-kunduzi hujum qildi. Torgina og‘il bir zumda ari uyasidek to‘zib ketdi, sigirlar mo‘rar, yog‘och oxirlar qarsillab sinar, ot tuyoqlari dupurlardi. Biroq bu gal odamlar yetib kelishga ulgurdi. Bo‘rilarni kim o‘ldirsa, unga mukofot e’lon qilingan, bundan dehqonlar jasoratiga jasorat qo‘shildi. Ular shu zahoti ikki bo‘rini tinchitdilar, birining bo‘g‘ziga ov miltig‘idan otilgan o‘q tekkan bo‘lsa, boshqasini oybolta bilan chopib tashlashdi. Uchinchisi chap berib qochib qoldi, joni halqumiga kelib, qor ustiga qulamagunga qadar orqa-oldiga qaramay yuguraverdi. Bo‘rilar ichida u eng navqironi va eng kelishgani, baquvvat va chaqqoni edi. Yelkasi oybolta zarbidan jarohatlangani bois, og‘ir nafas olib, juda uzoq yotdi. Ko‘z o‘ngida qon bosgan qizil doirachalar gir-gir aylanar, og‘riq azobidan ahyon-ahyonda to‘lg‘anib qo‘yardi.

Shunga qaramasdan, ozgina tin olgach, yana o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shundagina u naqadar uzoq masofaga yugurib borganini sezdi. Atrofda na uylar, na odamlar ko‘rinardi. Shundoq oldida qalin qor bosgan ulkan tog‘ qad rostlab turardi. U Shasseral tog‘i edi. Tog‘ni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi. Tashnalik azobi ustun kelib, qorning muzlagan ustki qatlamidan bir parcha sindirib yedi.

Bir amallab tog‘ning narigi tomoniga o‘tgan ham ediki, qishloq ustidan chiqdi. Kech kirib borardi. Bo‘ri qalin o‘sgan archazor ichiga kirib, nafas rostladi. Qishloq molxonalarining iliq-imiq isi dimog‘iga urildi-yu, asta bog‘qo‘ralar osha sakrab o‘tdi. Ko‘chada hech zog‘ yo‘q. Bo‘ri so‘lakayi oqib, qo‘rqa-pisa o‘zini uylar orasiga urdi. Shu zahotiyoq o‘q ovozi yangradi. O‘zini tutib, endi yugurmoqchi bo‘lgan ham ediki, qarsillab ikkinchi o‘q uzildi. O‘q nishonga tekkandi. Oqish qornining quyi qismidan yirik qon tomchilari tirqiray boshladi. Bo‘ri bor kuchini to‘plab, hakkalay-hakkalay nihoyat, tog‘ bag‘rida joylashgan o‘rmonzorga yetib oldi. U yerda bir zum tevarak-atrofga diqqat bilan quloq solgan edi, ikkala tarafdan ham odamlarning ovozlari va qadam tovushlari eshitildi. Qo‘rqa-pisa toqqa razm soldi. Tog‘ nishab, serdaraxt, unga chiqib borish ancha mushkul edi. Biroq boshqa yo‘l ham yo‘q. Bo‘ri nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, qiya tog‘ bag‘riga qapishvolgan ko‘yi yuqoriga asta-sekin o‘rmalab chiqa bosh­ladi, pastda esa tobora yaqinlashib kelayotgan olomonning g‘ala-g‘ovur ovozlari eshitilar, dam-badam chiroqlarning “yalt-yult” yorug‘i ham ko‘rinib qolardi. Yaralangan bo‘ri nimqorong‘i archazor bo‘ylab dir-dir qaltirab borar, tanasidan jigarrang qon tizillab oqardi.

Sovuq bo‘shashdi. G‘arb tomonda osmon chang-to‘zonli, qor yog‘ishidan darak berardi. Holdan toygan, tinka-madori qurigan bo‘ri nihoyat tepalikka bir amallab chiqib bordi. U endi Mont Krosin degan joy yaqinida, o‘zi arang qochib ketgan qishloq uzra cho‘zilgan yarim nishab, qalin qor bilan qoplangan keng maydonda turardi. Ochlikni sezmas, biroq jarohati simillab og‘rib, benihoya azob berayotgandi. Osilib qolgan bo‘g‘zidan asta, bilinar-bilinmas nido keldi, yuragi og‘ir ura boshladi, muqarrar o‘lim sharpasi zildek yuk bo‘lib bosayotgandek tuyuldi. Shunda bexosdan shoxlari tarvaqaylab o‘sgan yolg‘iz archaga ko‘zi tushdi; archa tagiga borib, g‘ira-shira tun qa’riga ma’yus tikilib qoldi. Oradan yarim soat vaqt o‘tdi. Kutilmaganda qor ustida g‘alati va mayin, xira qizil dog‘ paydo bo‘ldi. Bo‘ri g‘ingshib, joyidan qo‘zg‘aldi, yorug‘lik tomon intildi. U janubi-sharq tarafdan katta va qip-qizil bo‘lib chiqqan, g‘ira-shira osmon uzra tobora ko‘tarilib borayotgan Oy nuri edi. Ancha vaqtdan buyon u bu qadar qizarib, to‘lishmagandi. Asta-sekin jon taslim qilayot­gan jonivor xira, tussiz Oy gardishiga ma’yus boqarkan, kuchsiz xirillagan ovozi tun qa’riga singdi.

Chiroq ko‘tarib olgan odamlar yetib kelishdi. Qalin palto kiygan dehqonlar, mo‘yna telpak va beso‘naqay issiq poyabzal kiyvolgan ovchilar, yosh-yalang yigitlar qorni bir-bir bosib kelishardi. Hamma shodon qiyqirardi. Joni uzilayozgan bo‘rini ko‘rib, unga yana ikki marta o‘q uzishdi, ikkisi ham tegmaydi. Shunda unga tayoq va so‘yillar bilan yopirilishdi. Bo‘ri esa buni ortiq sezmadi ham.

Odamlar tilka-pora bo‘lgan bo‘ri jasadini Sankt Immer tomon sudrab olib ketishdi.

Hammalari kulishar, bir-birlariga maqtanishar, aroq va qahva ichib, xursandchilik qilishar, ashula aytishar, so‘kinishardi. Qalin qor qoplagan o‘rmon go‘zalligini, baland yassi tog‘ yog‘dusini, ov miltiqlarining millari va billur qor zarrachalari hamda o‘ldirilgan bo‘rining so‘nik ko‘zlarini g‘ira-shira yoritib, Shasseral tog‘i uzra osilib turgan yorug‘ Oyni esa hech kim ko‘rmas edi.

 

Іermann  HESSE  

(1877-1962)

nemis adabiyotining ulug‘ namoyandalaridan biri, Nobel mukofoti sohibi. Uning ko‘plab roman, qissa, hikoyalari, she’rlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, Cho‘l bo‘risi, “Marjonlar o‘yini”, “G‘ildiraklar ostida”, “Demian” kabi asarlari dovrug‘ qozongan.

 

Nemis tilidan  Mirzaali AKBAROV

tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.