Yigirma yildan so‘ng…

0
39
marta ko‘rilgan.

Navbatchi politsiyachi katta shohko‘cha bo‘ylab yurardi. Soat chamasi tungi o‘nlar atrofida, ammo sovuq shamol ko‘chadagi  odamlarni bugun uylariga ertaroq haydagandi. U kelganda politsiyachi eshiklarni tekshirayotgandi.
Ko‘chada sukunat hukm surar, eshik va darvozalarning aksariyati yopilganiga ancha bo‘lgan biznes binolariniki edi. Bir bino oldiga kelganda politsiyachi to‘satdan sekinladi. Do‘kon eshigi oldida bir odam hali yoqishga ulgurmagan sigarasini og‘ziga solgancha tik turardi.
Politsiyachi yaqinlashgani zamon haligi odam shosha-pisha so‘z boshladi:
– Hammasi joyida, ofitser, – dedi u. – Men bir do‘stimni kutyap­man, xolos. U bilan yigirma yil oldin uchrashuv belgilagan edik. Balki sizga kulgili tuyular, ammo hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, sizga tushuntirib berishim mumkin. O‘sha paytlarda hozirgi “Katta Joye” do‘koni o‘rnida Breydi restorani bo‘lardi.
– Besh yil oldin buzib tashlangan, – dedi politsiyachi.
Narigi odam gugurt chaqib, sigarasini tutatdi. Uchqun uning oqarib ketgan, to‘rtburchaksimon jag‘li yuzini, o‘ng qoshidagi oq chandiq va o‘tkir nigohlarini bir zum yoritdi. Bo‘yinbog‘iga esa katta olmos donasi qadalgan edi.
– Yigirma yil avval oqshom pallasi, – davom etdi u, – Hozirgi “Katta Joye”, ya’ni Breydi restoranida eng yaqin do‘stim, dunyodagi eng yaxshi do‘st – Jimmi Uvels bilan birga kechlik qildik. U bilan Nyu Yorkda xuddi aka-ukalardek birga o‘sib-ulg‘aydik. Men o‘n sakkizda edim, Jimmi esa yigirmada. Men G‘arbga pul ishlab topgani jo‘nadim. Jimmi esa Nyu Yorkda qoldi. Uning fikricha, u yer butun Yer yuzidagi yashasa bo‘ladigan yagona joy edi. O‘sha oqshom biz qay sharoitda va qancha masofa olisda bo‘lishimizdan qat’i nazar, yigirma yildan so‘ng xuddi shu joyda uchrashishga kelishdik. O‘shanda biz shuncha vaqt o‘tib, o‘z mol-mulkimiz va hayot yo‘limizga ega bo‘lgan holda bo‘lamiz, deb ishonardik.
– Juda qiziq-ku, – dedi politsiyachi. – Ketganingizdan beri do‘stingizdan biror xat-xabar olmadingizmi?
– To‘g‘ri, ozgina muddat xat yozishib turdik, ammo bir-ikki yildan so‘ng izimizni yo‘qotib qo‘ydik. To‘g‘ri, G‘arb juda katta joy, ammo agar Jimmi hayot bo‘lsa, albatta keladi, chunki u dunyodagi chin do‘stim edi. U hech qachon unutmaydi. Men bu eshik oldiga ming mil masofadagi joydan keldim va bu do‘stim bilan ko‘rishishimga arziydi.
Odam soatining kichik olmos donachalari bilan bezalgan qopqog‘ini ochdi.
– Uch daqiqa kam o‘n, – dedi baland ovozda. O‘shanda restoran eshigida ajralganimizda soat roppa-rosa o‘n edi.
– G‘arbda ishingiz o‘ngidan kelgan chog‘i, shunday emasmi? – deb so‘radi politsiyachi.
– Ha, albatta! Jimmi ham hech bo‘lmaganda bularning yarmiga erishgan deb umid qilaman. U judayam mehnatkash edi. Men G‘arbda boyligimga ko‘z tikkan qancha vahshiy odamlar bilan kurashishimga to‘g‘ri keldi. Nyu Yorkda bo‘sh-bayov bo‘lib qolarkan kishi. G‘arb esa odamni tarbiyalaydi.
Politsiyachi bir-ikki qadam tashladi.
– Men yo‘limda davom eta qolay. Umid qilamanki, do‘stingiz bu yerga albatta keladi. Siz uni faqat soat o‘ngacha kutmoqchimisiz?.
– Yo‘q, – deb javob berdi u. – Hech bo‘lmaganda o‘n yarimlargacha kutaman uni. Agar Jimmi tirik bo‘lsa, albatta keladi. Xayrli tun, ofitser!
– Xayrli tun, janob, – dedi politsiyachi va eshiklarni tekshirishda davom edi.
Sovuq shamol esib, yomg‘ir yog‘ardi. Ahyon-ahyonda ko‘zga tashlanib qoladigan yo‘lovchilar esa sovuqdan paltolarining yoqasini ko‘tarib, qo‘llarini cho‘ntaklariga solgancha qayerlargadir jimgina shoshishardi. Do‘kon ostonasi oldida esa ming mil uzoqlikdan bolalikdagi do‘stini ko‘rgani kelgan odam sigarasini tutatgancha uni kutardi. U chamasi yigirma daqiqa kutgach, ko‘chaning narigi tomonida uzun plash kiyib, yoqasini ko‘tarib olgan bir novcha kishi paydo bo‘ldi va yo‘lni kesib o‘ta boshladi. U to‘g‘ri uning yoniga kelib to‘xtadi.
– Bob, bu senmisan? – so‘radi u biroz shubha aralash.
– Sen Jimmimisan? – baqirib yubordi eshik oldidagi odam.
– Albatta-da!
Ikkovi ham quvonchdan baqirib, bir-birlarining qo‘llarini mahkam siqqancha ko‘risha ketishdi.
– Bu – Bob, ha, xuddi o‘zi! Tirik bo‘lsang, seni shu yerda albatta topishimga ishonchim komil edi. Qanday yaxshi! Yigirma yil uzoq muddat-da. Bu yerdagi oldingi restoran ham buzilib ketibdi, Bob. Qani endi buzilmaganda edi, biz yana shu yerda birga kechlik qilardik. G‘arb qanday ekan, oqsoqol? – deb so‘radi Jimmi.
– Yaxshi. U men so‘ragan hamma narsani berdi. Sen esa rosa o‘zgarib ketibsan, Jimmi. Seni bunchalik novcha deb sira o‘ylamagandim.
– Ha, yigirma yoshdan keyin ancha o‘sdim.
– Nyu Yorkda ishlaring yaxshimi, Jimmi?
– Yomon emas. Shahar muassasalaridan birida ishlayman. Yuraqol, Bob, Seni o‘zim bilgan bir yerga olib boraman va o‘sha yerda mazza qilib oldingi vaqtlarni eslab suhbatlashamiz.
Ikkovlari bir-birlarining yelkalariga qo‘l tashlab yurib ketishdi. Bob o‘zining ishlari, ko‘rgan-kechirganlari haqida so‘zlay boshladi. Jimmi esa uni katta qiziqish bilan tinglardi. Ko‘chaning burchagidagi dorixonaning chiroqlari o‘tkir, hamma yoqni yoritib turardi. Shu yerga kelganda bir zum bir-birlarining yuzlariga boqishdi. Bob to‘satdan to‘xtadi-yu, qo‘lini darrov tortib oldi.
– Siz Jimmi Uvels emassiz, – dedi u. – Yigirma yil uzoq muddatdir, ammo kishining uzun burni yassiga aylanib qolishi uchun yetarli emas.
– Ammo yigirma yil yaxshi insonning yomon odamga aylanishiga yetarli muddat, – dedi novcha kishi. – Siz o‘n daqiqa mobaynida politsiya kuzatuvi ostida bo‘ldingiz, muloyim Bob. Biz Chikagodan telegramma oldik. Ular sizni suhbatga chorlashyapti. Tinchgina o‘sha yerga borasiz, shundaymi? Ha, bu oqilona ish. Stansiyaga borishdan oldin sizga berib qo‘yishim so‘ralgan xat bor. Bu politsiyachi Uvellsdan.
G‘arblik kishi kichik bir qog‘oz parchasiga yozilgan xatni oldi. Bamaylixotir o‘qiy boshladi, ammo tugatarkan, qo‘llari qaltirashga tushdi. Xat qisqa va lo‘nda edi:
“Bob, men kelishilgan paytda uchrashuv joyida edim. Sen sigarangni tutatgani gugurt chaqqaningda esa, Chikagoda qidiruv e’lon qilingan kishining yuzini ko‘rdim. Seni ushlab berishga o‘zimning qo‘lim bormadi, shuning uchun boshqa detektivni jo‘natdim.
Jimmi”.

O. Henri

 1862-1910
Asl nomi Uilyam Sidni Porter bo‘lgan amerikalik yozuvchi. O.Genri taxallusi bilan ijod qilgan.
“Qirollar va karam” romani sarguzasht-yumoristik novellalardan tashkil topgan.
O.Genri amerika hikoyachiligining o‘ziga xos tipini yaratdi. Yumorning kuchliligi, kinoya, qiyos, parodiya kabi usullarning ko‘p ishlatilganligi, eng muhimi, muallifning oddiy mehnatkash – “kichik inson”ga samimiy muhabbati, olijanoblik va sofdillikni madh etishi olamshumul shuhrat keltirdi.
Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Ingliz tilidan
Dilshoda MAHKAMOVA
tarjimasi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.