14 daqiqada öqiladi

564 marta körilgan

Uruş surati

Qöçqor Norqobil

(Kiçik hikoyalar)

Ikkinçi jahon uruşi tugaganiga yetmiş ikki yil böldi. Yetmiş ikki yil! Örtaça bir inson umriga teng fursat. Bu orada neça avlod almaşdi. Lekin maşʼum uruş asoratlari, fojealari yodimizdan çiqqani yöq. Buning birinçi sababi – Yaratganning inoyati bilan oramizda soğ-salomat yurgan uruş faxriylari xuddi tirik tarix solnomasidek biz körmagan uruş dahşatlaridan sözlaydi. Bizni huşyorlikka, bugungi tinç-xotirjam kunlarning qadriga yetişga undaydi. Yana bir sababi – odamning borliğini burovga solib oğriq uyğotadigan jihat bu – insoniyat hali-hanuz na birinçi, na ikkinçi jahon uruşining mudhiş oqibatlaridan xulosa çiqardi. Ötgan asrning ikkinçi yarmida yuz bergan Afğoniston, Vyetnam uruşlari, bugungi kunda dunyoning ötli nuqtalarida sodir bölayotgan qonli töqnaşuvlar haqida öylarkanmiz, botinimizdagi portlaşlardan köngil derazalarimiz çil-çil tökilganday böladi. Taniqli yozuvçi Qöçqor Norqobilning bir turkum kiçik hikoyalarida uruş va uning  asoratlari haqida katta xulosalar aks etganki, ularni sizga havola etgimiz keldi…  

    Ona

Döstim Möminga bağişlayman.

Puşta böylab ösgan toklarni tag-tomiri bilan qöporib, ğarq pişgan uzumlarni majaqlab kelayotgan tank ariqqa tuşib tumşuği bir pasayib kötarildi-da, taqqa töxtadi. Zanjiri otilib ketdi. “Zanjir uzilganini duşman sezmasligi kerak” – öyladi komandir. Çor tarafdan öq va snaryad uçayapti…
Operator-otuvçi tank başnyasiga örnatilgan pulemyotdan tevarakka öq otib turdi. Köz qörqdiga şunday qildi. Yov yaqin kelmaydi.
– Ot. Anovinga ot! – qiçqirdi mexanik.
Boğ adoğidan egnida oppoq yaxtak-işton, boşida afğoni qalpoq kiygan kimsa qölida granatomyot kötarib kulba tomon yugurib qoldi. U jon uhmida çopib, körimsiz kulba içiga kirib olişga ulgurdi.
Tank gumburladi; kulbaning bir tomoni tir-tözğib, borliq çang-tözon va tutun içida qoldi. Kulbaning yarmini snaryad olib ketdi.
– Yana otaymi?
– Yetadi. Ketadigan joyiga ketdi.
Taşqarida jang avjida.
Komandir, otuvçi, öqlovçi, mexanik – butun ekipaj içkaridan çiqmay ötiribdi. Ahyon-ahyonda otuvçi başnyadagi pulemyotni işlatib qöyadi.
Öq ovozlari tindi.
Kun oğdi.
Ular oç edi.
Taşqariga çiqiş uçun qurʼa taşladilar.
Taşqariga çiqiş özbek jangçi – öqlovçining çekiga tuşdi.
– Bor, kulbaga kir… Heç bölmasa gugurt topib kelarsan… Çekişning ham xumori tutyapti, – dedi komandir.
– Suv esingdan çiqmasin, – mexanik yutinib qöydi.
Jangçi lyukdan bazör böyladi, xuddi boşini öq yulib ketadiganday. Özini tokzorga otdi. Jöyak içiga dumalab tuşdi. Hansiragan köyi jiqqa ter bosgan barmoqlari bilan avtomat qöndoğini çunonam qisdiki, qöli oğriqdan zirqirab ketdi. Ariq içida birpas kulbani kuzatib yotdi. “Heç kim yöqdir? Haligi, çopib kirgan “dux”çi? Tank snaryadidan omon qolmagan… Ölgan. Ölib ketgan…”, degan xayol bilan kulba tomon emakladi. Hovliga yetgaç, örnidan turib, öq tezligida kulba içiga uçib kirdi. U eşigini tepib kirgan xona ayvon edi. Ayvon şiftidagi bolorga osilgan qalin simga ildirilgan çelak yoniga keldi. Çelakda suv yarim edi. Jangçi tik turgan köyi çelakni qiyşaytirgança yutoqib suv iça boşladi. Içi yonib ketgan ekan. Qörquvdan dağ-dağ titrardi. Biroq çelakdan ham boşini tortib ololmasdi.
Çanqoği bosildi. Zah hidi urgan tor ayvonda nima qilarini bilmay serrayib turdi. Şu mahal… şu mahal içkari xonada nimadir taraqlaganday böldi. Eşik şaraqlab oçildi, ostonada öziga – naqd köksiga qurol öqtalib turgan ayolni kördi. Butun aʼzoyi badani jimirlab, soç tolalari örnida boşiga minglab igna sançildi, oyoq-qöli böşaşib, içidan nimadir uzilib tuşganday ihrab yubordi. Lahzada ayolning dahşat qotib qolgan kulrang yuzi, zöriqqandan kosasi otilib ketay deb turgan nafrat va qahr töla çaqçaygan közlarini kördi. Qurol tutib turgan qöllarigina emas, butun tanasi qaltirab-qaqşagan ayol unga Azroyildan elçi bölib turardi. Jangçi qölini qurolga olib borişga ham ulgurmay taxta bölib turaverdi. Ayolning körsatkiç barmoği qölidagi avtomat tepkisiga tegib turganini, qilt etgan harakat tufayli badani ilma-teşik bölişini angladi. Közlar töqnaşdi. Sukut, titroqli sukut…
– Suv… Suv, – dedi askar ovozi titrab, – Ob… ob…
Ayol çelakka köz qirini soldi. Jangçining xayoliga kelgan gap şu böldi:
– Ona… Ona… otmang. Siz mening… onamga öxşaysiz, – dedi çök tuşib. Askarning tim qora közlaridan yuziga göyoki sönggi yoş tomçilari şovillab oqa boşladi.
Qurol tutgan ayol ojiz va notavon, qora köz, qora qoş öğlonning ezğindi ahvoliga birpas oğriqli alpozda termulib turdi. Söng boş irğab «örningdan tur» işorasini qildi. Askar örnidan turdi. Ayol qölidagi avtomat milini “çelakni ol” maʼnosida havolatdi. Askar simdan çelakni oldi. Ayol “endi jönab qol” degan kabi boş irğadi. Askar yarim çelak suvni kulbadan göyoki yarim asrlik vaqt oraliğida nafasi böğziga tiqilib olib çiqdi. Çelak kötarib tik turgan köyi hovlidan tokzor tomon qaltanglab-siltanglab qadam qöydi. U tik edi. Endi unga baribir edi. Endi emaklaşning hojati yöq edi. Endi emaklaş şarmandalik edi, emaklaş öqqa uçişdan ham dahşat edi.
Askar orqasiga qadalişi mumkin bölgan öqni his qilib, yelkasi qizib tank tomon yurib kelardi. “Ana otadi, mana otadi…” degan öy es-huşidan oğdirar darajada yuragiga oğriq solardi.
– Nega bunça qalt-qalt titraysan? Qörqib ketding? – söradi komandir.
– Kimdir bormikin? – kulbani nişonga oldi otuvçi.
– Yöq. Heç kim yöq. Kulbada heç kim yöq. Öliklarni kördim, – dedi askar.
Uning qarşisidagilar hoholaşdi.
– Hamma yoqni ölik bosib yotibdi-ku… Seni qara-yu, – komandir uning yelkasiga qoqib qöydi.
Ular çelakni boşlariga kötarib galma-gal suv içişdi.
Taʼmirrota yordamga keldi. “Oyoği çiqqan” tankni tuzatişdi.
Ular ortga qaytişdi. Puşta uzra çözilgan tok novdalarini yer bilan bitta qilib ötayotgan tank har gal jöyakka tuşganda siltanar va yana qarşisida neki bor ezib-ezğilab oldga intilardi.
Ekipaj beparvo. Faqat qoraköz, qoraqoş öğlon köz yoşlarini tiyolmasdi. Ikki yil öt-olov içida yurib ham diydasi toş qotib ulgurmagan jangçining nigohini iztirob, oğriq yoşlari kuydirardi.
U ayni damda öz onasini eslab yiğlardi. U ayni damda onasini soğinganini his qildi – u onasini soğinib yiğlardi, olislardagi onasi uni hozirgina ölim çangalidan olib qolganini, olis-olislardagi onasi öz joniga ora kirganini savqi tabiiy hissiyot bilan sezib turardi.
“Çindan ham onamga öxşarkan, – öylardi u. –
Ha, onamga öxşarkan…”

Uruşning surati

Yolğiz – yolğiz öğil. Ğulom bobo bilan Oysara xolaning yolğizi, ortida qoladigan yoruğ izi.
Harbiyga çaqiruv keldi.
Yolğizni afğon uruşiga olib ketişdi.
Xola köp yiğladi. Xolaning közi xira tortdi. Xola körmay qoldi. Xola: “Hali öğlim kelsa, közim oçilib ketadi”, deb qöyardi.
Soğinç dardi, tahlika azobi xolaning iç-içini ham kuydirib ketdi. Bir yil ötar-ötmay xola omonatini egasiga topşirdi.
Ğulom bobo bukçayib qoldi. Ikki közi eşikka qadaldi. Faqat eşikni kördi. Yolğizning yöliga tikildi ikki közi.
Paxsa devorga omonat ilingan pastak eşik tiq etsa, boboning yuragi şiğ etadi. Joni xalqumiga keladi. Nurab, tökilib ketaman deb turgan ozurda köhna kulbadan otilib çiqib, yalangoyoq yugurgilaydi.
Ovuldoşu qöni-qöşni dalda beradi: “Keladi bobo, keladi, Yolğizingiz keladi…”
Yolğiz kelmadi.
Temir tobuti keldi.
El-elomon bir qalqdi – uvvos urdi el-elomon: “Notanti taqdir, kelib-kelib şugina yolğiz çolning Yolğiziga çang solasanmi?..”
Bobo garangsib qoldi. Esi kirdi-çiqdi böldi.
Oradan bir hafta ötib boboning qoşiga qişloq maktabining direktori keldi.
– Maktabni öğlingiz Yolğiz Xolboyev nomi bilan ataymiz. Qabriga marmartoş örnatib, taʼziyanoma yozmoqçimiz.
Çol unga öqrayib qaradi. Içkari uyga kirib ketdi.
Eni-böyi yarim quloç keladigan marmar lavh olib çiqdi. Direktor marmar lavhga öralgan suratni – Yolğizning suratini hamda “Men otamdan oldin ölganman…” degan yozuvni kördi. Köz oldi qoronğilaşib, iç-içidan ökirik keldi. Özini zörğa tiyib ihradi.
– Uzr, bobojon, uzr.
– Uf-f… Keça… Keça rayon markaziga borib, özim tayyorlatib keldim. Şuni qöyaman, – dedi bobo.
Boboning joni toş ekan. Boboning boşi toşdan ekan. Bobo yaşadi. Uzoq yaşadi. Bu hayotga qasdma-qasd yaşadi. Ötgan yili yuz yoşga yaqinlaşib qazo qildi.
Xotira va qadrlaş bayramida qişloqda böldim. Qabristonning kunbotarida Yolğiz yotgan qabr boşiga keldim. Askar kiyimida jilmayib turgan öğlonning surati tagida: “Men otamdan oldin ölganman…” degan yozuvni öqidim. Özimni qölga oldim.
– Ana, yonidagi Ğulom otaning qabri, – dedi qöşnim.
Qabr boşidagi marmar lavhdagi: “Men bolamdan keyin ölganman…” degan yozuvga közim tuşdi. Endi özimni tutolmadim. Qabr poyida çökkalab ötirdim-da, kaftim bilan yuzlarimni tösdim. Içimdan köpirib toşgan oğriqli böronni töxtatolmay ökirib yiğlab yubordim…

Gullagan qurol

Askar uruşdan qaytdi.
Dunyo sokin edi, dunyo huzurli. Ota uy bağri belançak böldi, askar unutilgan orom oğuşida edi.
Askar zerikdi…
Uy devorida osiğliq miltiqni olib Bobotoğ sari yöl oldi – ovga!
Tiksöqmoq tanobini tortdi – balandga çiqdi. Öljani poylab pusib yotdi.
Ğor oğzida bolasini emizib turgan ona kiyikni kördi.
Askar yotgan joyida qimir etmay, çuqur nafas olib, möljaldan adaşmaslik uçun toş qotdi. U ona kiyikning qoq manglayini nişonga oldi. Öng qölining körsatkiç barmoğini miltiq tepkisiga olib bordi.
Bir… ikki… uç… U tepkiga qöl tekkizdi, butun vujudi nigohga aylanib nişonda turgan ona kiyikka qadaldi.
Bola kiyikning esa oğzidan sut köpirib toşar, bu dunyoi dundan bexabar öynoqlab-öynoqlab onasi yeliniga yopişardi.
Bir… ikki… uç… Tepkiga tegib turgan barmoqlar qimir etmadi, jiqqa ter böldi.
Askar közlarini yumdi. Lahza zimistonligi uzoq çözilganday böldi. Közini oçdi. Röparasida heç narsa yöq, elas-elas közga çalinayotgan, toşqumloqdan kötarilgan yupqagina qum çangini, tiksöqmoqdan pastga qarab yelday uçayotgan ona kiyik va kiyikçani kördi.
Askar yengil tortdi – yelkasidan nafas oldi. Söng jilmaydi, söng qah-qah urdi, kulgisi toğni tutdi.
Keyin hozirgina jonivorlar şamolni ortda qoldirib uçib ötgan toğsöqmoqdan pastga qarab tuşa boşladi.
Askar ovdan qaytmoqda… Uruş komida uning möljaliga tuşgan heç bir nişon qulamasdan qolmagandi. Bugun esa uning quroli ilk bor öz nişonini qulatmadi.
Askar qaytayotib toğ gullaridan birini uzib, miltiq niliga tiqib qöydi.
Askarning yelkasidagi qurol xuddi gul otib, gullab yuborganga öxşardi.
Askar qişloqqa qup-quruq, yelkasida gullagan qurol va köksida tirilgan yurak bilan qaytib kelmoqda.
Askar bugun tinçlik va tiriklik mohiyatini çuqurroq tuşunganday böldi…
Atrofga ğolibona boqib, jilmayib qöydi.

Eng kuçli bola

Avji bahor edi.
Yer ustiga gul çeçaklar otilib çiqqan edi.
Ayol xörsindi.
Bola entikdi.
– Oyijon, gullar köp-a, qarang?! Nega yiğlayapsiz, oyijon?
– Bu gullarni dadang bizga yer ostidan yuborayotganga öxşaydi, bolam…
– Oyijon, katta bölsam, men ham sizga yer ostidan gul jönataman…
Ayol qalqib tuşdi.
– Yöq… Yöq!!! Bolam, Sen mening yer ustidagi ustunimsan.
Ayol çökkalab, öğlining boşini mahkam quçdi-da, yiğlab yubordi.
– Oyijon, ustun nima?!
– Men uçun ustun Sensan, bolam. Boşimdagi osmonni suyab turibsan. Sen bölmasang osmon qulab tuşadi, meni bosib qoladi, bolam…
– Men şunçalar kuçlimanmi, oyijon?!
– Ha, bolajonim, Sen zörsan.
– Dadamdan ham zörmanmi?
– Ha. Şuning uçun ham dadang işonib meni Senga qoldirib ketgan…

Uruş

Qizaloq olti yoşda.
Diydasi toş edi.
Derazadan taşqari qaradi.
Köçada uruş.
Pardani tortdi.
Oğir-oğir yurib stol yoniga keldi. Tik turgan alpozda oppoq qoğozga aji-buji qilib yozdi: “Ketdim. Uruş tugasa, menga xabar beringlar. Qaytib kelaman…”
Qizni onasi olis-olislarga olib ketdi.
Vaqt ötdi. Vaqt uçdi. Öşa olis-olislarda bir qabr paydo böldi. Qabrtoşda aji-buji harflar bilan şunday yozilgandi: “Ketdim. Uruş tugasa, xabar beringlar. Qaytib kelaman…”

Ustun

Soçimni oldirib keldim. Tap-taqir boşimga razm solib otam xörsindi.
– Ketayapman, degin.
– Ketayapman, ota.
– Qayergaligi maʼlum böldimi?
– Maʼlum. Afğonga deyişayapti. Yana… kim bilsin?
– Sovuq xabarning yolğoni bölmaydi. Demak, uruşga ketyapsan…
Otam boşini sarak-sarak qildi. Oğir uh tortdi – öpka-jigari uzilib ketganday ihradi.: “Hoy bola-ya, hoy bola…”. Içidan bir ihroq otildi. Ustunga suyanib, menga toş qotib termulib turdi.
– Otamni uruş öldirganini bilasan-a, – dedi nihoyat. – Uç yoşimda yetim qoldim. Otam meni yetim qildi. Lekin, lekin Sen meni yetim qilma, bolam,.. – Otam öpkasi tölib ökirib yiğlab yubordi.
Oyoq-qölim böşaşib, sillam qurib supaga ötirib qoldim.
Nazarimda, şu ustun bölmaganda otam qulab tuşardi. Nazarimda, şu ustun otamning boşidagi osmonni ham suyab turardi.
Uruşga ketdim. Öt-olov, öq içida sargardon kezlarimda quloqlarim ostida bir yalinç jaranglab turdi: “…Sen meni yetim qilma, bolam!..” Gospitalda tiğ ostida yotganimda öşa iltijo jarangladi: “Sen meni yetim qilma, bolam…”
Dahşatli janglar oldidan Parvardigorga yalindim: “Ey, xudo, özing asra, men ölmayin, otam yetim qolmasin…”
Men qaytdim. Men bir uruşni kördim. Otam ikki uruşni – men va otasi tufayli ikki uruşni kördi. Töğri, uruşning katta-kiçigi bölmaydi. Faqat bir narsa taskin beradi: “Mening uruşim” otamni yetim qilmadi.
Xudoga şukr, otajonim hayot! Umri uzoq bölsin, sakson yoşga qarab yurayapti. Hovlimiz örtasida öşa ustun hali ham turibdi. Yaqinda men ustun atrofiga törtburçak qilib odam beli barobarida marmar devor tortdim. Men bu işni endi heç kim ustunga suyanmasin degan öy bilan qildim. Çunki ustunni ağdarib taşlaşga jurʼatim yetmadi. Çunki u oğir kunda otamni suyagan edi, men otamga ustun bölolmagan kez ustun otamga bir öğilday suyanç bölgan edi.

Zamon

Qosim bobo qazo qildi. Qişloğimizdagi uruşning oxirgi guvohi ham ketdi: janozaga butun qişloq ahli jam tortdi.
Turdi maxsum mayitni yuvdi.
Maxsum taşqariga çiqdi. Tol tagiga çökdi. Ezildi. “Sönggi jangçi bova ham ketdi. Berlinning köksiga bayroq urgan tödada menam bor edim, deb köksiga muştlardi, rahmatli” – esladi maxsum.
Maxsum içkarida nimasinidir qoldirib kelganday bezovtalandi. Qöyniga qöl soldi. Turibdi. Nosqovoği turibdi.
Marhumni mozorotga olib borişdi. Mulla janoza öqiyapti.
Tuyqus… Tuyqus tobutda qöltelefon jiringlay ketdi.
Mulla bir seskandi, odamlar ikki qalqdi. Hamma toş qotdi.
Bu sovuq jarangni hatto murdalar ham eşitdi.
Maxsum çayon çaqqanday bir sapçidi.
Şunda Xolmurod bova örnidan dast turib qiçqirib yubordi:
– Xaloyiq, Qosim akam samalutga çiqayotganda, öpkasi şunday jaranglardi. Bu askulka, birodarlar! Askulka!
Bu gapni heç kim muşohada qilib ötirmadi. Muşohadaning mavridi emasdi. Murdani kömişdi.

Bir burda non

Umrining sönggi kuni qazosi köziga qir bölib köringan dam keksa general öğlini yoniga çaqirdi.
– Ota, Sen hali köp yaşaysan. Bu nima deganing. Tobing qoçdi, xolos.
– Gapimga quloq sol, öğlim…
– Yöq, gapirma! Xohlasang butun Voronejni ostin-ustun qilaman, Rossiyani oyoqqa turğizaman, anqoning uruği qöşilgan dori-darmon bölsayam topib kelaman, xohlasang, hoziroq çet elga olib uçaman, öşa yoqda davolataman. Faqat ölim haqida gapirma, jon ota…
Öğlon yiğlab tiz çökdi. Otasining töşakda tobora holsizlanib borayotgan titroq qöllarini öpdi.
– Nima desam qilasan-a? – çol lablari tamşanib iltijoli boqdi.
– Ha, ota! Ayt. Faqat… faqat…
– Zoğora non yegim kelayapti. Özbek tandirida qip-qizarib, qotib pişgan zoğora non…
Öğil hayratlanib qaradi.
– Qirq ikkinçi yili xandaqda yotganimizda leytenant Sharapov yon çöntagidan olib beruvdi. Juda lazzatli, çeti biroz kuygan, lekin juda şirin, qotgan, qip-qizarib pişgan bir burda non. Zoğora non.
Öğilning botinida bir ökrik tölğondi. Ota davom etdi:
– Farğona degan joy bor. Toğ tagidagi qişloq. Tong çoği quyoş qişloqqa juda yaqinlaşib kelarkan. Toğdan şarqirab tuşgan Oqsoy suvi qişloqni ikkiga bölib oqadi. Odamlar hovli eşiklariga qulf solişmaydi. Har bir xonadonda tandir bor. Har bir uyda ertalab tandir yonadi. Har bir tandirdan oftobi non çiqadi – oftob çiqadi. Ana timqora soçini zanjir qilib örgan navnihol, gözal özbek qizi tandirga ötni taşlayapti. Hovlilardagi işkomlarda savatday-savatday bölib uzumlar osilib yotibdi. Boğlarda mevalar ğarq… Ey-ey,  Sharapov, senmisan, oğayni!? Körişmaganimizga ham ança böldi. U-huv, özgarmabsan-a. Yurting çindan ham ertakdagiday gözal ekan, birodar. Ey, bu zoğora non-ku. Rahmat oğayni, unutmabsan-a… Şu nonni soğinganimni qayerdan bilding, Sharapov.
Bemor generalning xayoli uloqdi. Hamşira tomiriga ukol urdi. Ukol taʼsir qilmadi. Çol yana almoyi-jalmoyi gapirib alahsiy boşladi.
– Sharapov, doim bir gapni köp gapirasan: “Bir burda nonga odamning qorni töyadi…”  deysan. Haq aytasan. Mana bir burda nonga qornim töydi-ku. Lekin… Odamzot nega şuni tuşunib yetmaydi? Nega odamzot bir burda nonga qorni töysa ham oçközlik  bilan bir-birini ğajiydi. Uruş qiladi, Sharapov?! Agar buni hamma tuşunganda edi, yer yuzi tinç bölardi, yer yuzida uruş bölmas edi… Sen bilgan oddiy gapni bugun butun dunyo tuşunişini istayman, Sharapov.
Çol jimib qoldi. Xonaga oğir sukunat çökdi. Söng bir tölğonib, hansiradi,  sönib borayotgan nigohini tepasidagi öğliga tikdi.
Oligarx titrab-qaqşab turardi. Generalning söniq çehrasida tuyqus mayin tabassum yoyildi. Yengil nafas olib:
– Bir burda non… Bir burda non hammamizga yetadi, – dedi horğin va titroqli ovozda.
Bu uning sönggi gapi edi.

Etikçalar

Bu uruşda etikçalar egasiz qoldi.
Ayol etikçalarni xona burçagiga olib borib qöydi.
– Qani, ögirilib tur, – deya etikçalar tumşuğini devorga taqadi.
Egasiz etikçalar devor burçida çorak soat turdi.
Ayolning rahmi keldi:
– Boşqa töpolon qilmagin-a, xöpmi?! U etikçalarni köksiga bosdi. Söng stulçaga olib kelib qöydi:
– Qani, endi ovqatingni yeb ol!..
Ayol etikçalarga uzoq tikilib turdi. Nimadir yodiga tuşganday böldi. Söng… söng… çinqirib yiğlab yubordi.
Etikçalar sohibasi bor-yöği olti yoşdagina edi.

Qöçqor NORQOBIL

1968-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Daryo ortidagi yiği”, “Ön sakkizga kirmagan men bor”, “Kulib tur, azizim”, “Quyoşni kim uyğotadi?” singari kitoblari naşr etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…