9 daqiqada öqiladi

457 marta körilgan

Sariqçaqa

Ketrin Mensfild

(Hikoya)

olalar judayam şöx, qaqajon, mitti mavjudotlardir. Dikkidek aqlli, ziyrak, mehribon, sodda, yoşiga nisbatan ançayin teran fikrlovçi bolakay dab-durustdan, singillari­ning taʼbiriga köra, özini qaysar eşakdek tutsa-yu, nahot uning şöxliklariga çora topiş şunçalar imkonsiz?

– Dikki bolajonim, kelaqol! Darhol oldimga kel-çi! Onang seni çaqirayotganini eşitma­yapsanmi? Dikki!

Ammo Dikki kelmadi. Ha, u onasining ovozini yaxşigina eşitdi. Jarangdor, qönği­roqdek kulgi uning javobi böldi. Şu yösin u qoçib ketdi. Örilmagan piçanlar ustidan kiçik örmonça tomon yugurib berkinarkan, olma şoxlari orasidan, ortda qolib, ğira-şira körinayotgan onasiga qarab qöyardi. Ayyorlik bilan qoçarkan, xuddi yovvoyi hindudek şoxdan şoxga sakrardi.

Aslida, hammasi dasturxon atrofida boşlangandi. Dikkining onasi va tuşni birga ötkaziş uçun çiqqan Spirz xonim birgalikda mehmonxonada xotirjam tikiş-biçiş bilan band edilar, şunda oqsoç qiz kelib bölgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdi. Bolalar zör iştaha bilan nonga sariyoğ surib yeyişni endigina boşlaşgan, oqsoç qiz esa şirçoy quyayotganda, Dikki tösatdan non likopça­sini olib, boşi uzra qöyib, kamiga nonpiçoqni ham boşida aylantirardi.

– Menga qaranglar, – qiçqirdi u.

Singillari sarosima bilan tikilişdi, oqsoç qiz kelib likopçani olib ulgurmasdan, idiş polga tuşib, çilparçin sinib, mayda bölaklarga bölinib ketdi. Buni kutmagan qizaloqlar bor ovoz bilan qiçqirişdi.

– Oyijon, kelib u nima qilganini bir köring!

– Dikki katta çiroyli idişni sindirdi!

– Oyi, kelib uning taʼzirini bering!

Onaning qanot çiqarib uçib kelişini tasavvur qilayotgandirsiz. Biroq u keç qolgandi. Dikki kursidan irğib turib, lang oçiq derazadan ayvonga sakrab tuşdi, ona esa qölidagi angişvonani barmoğida öynatgança toş qotib turardi. Nima qilsin ona şörlik? Bolasining orqasidan quvib yetolmasa. Dikkini tikanzor-u olmazorlar orasidan qidirsinmi? Bu befoyda edi. Bu holat ğazablanişdan ham köra köproq andişa­li edi. Ayniqsa, bolalari özining xulqi bilan barçaga örnak bölgan Spirz xonimning oldida, söng uni yolğiz qoldirib kelgani yodiga tuşdi.

– Juda soz, Dikki, – baqirdi u. – Seni jazolaşning biror yölini öylab topaman, albatta.

– Menga farqi yöq, – jarangladi mitti ovoz, va yana öşa qönğiroqdek kulgi eşitildi uzoqdan.

– Spirz xonim, sizni yolğiz qoldirib ketganimdan juda xijolatdaman – dedi ona.

– Hammasi joyida, Bendal xonim, – dedi Spirz xonim mulo­yim şirali ovozda, odatiga köra qoşlarini biroz çimirib. Latta-puttalarni yiğarkan istehzoli jilmaydi. – Baʼzan bu kabi holatlar bölib turadi. Heç qanday jiddiy hodisa röy bermadi – deb öylayman, – dedi u.

– Dikkining qiliği – dedi Bendal xonim, qölidagi yagona eng çiroyli ignaga tikilib. U bölgan hodisani Spirz xonimga sözlab berdi. – Eng açinarlisi şuki, men uni qanday qilib töğri yölga solişni bilmayapman. Dikkining bunaqa şöxligi tutganda heç narsa kor qilmaydi unga.

Spirz xonim uyqusiragan közlarini katta oçib, “Kaltaklaş hammi”, deb söradi.

Bendal xonim, ignadan ipni ötkazarkan, lablarini tişladi.

– Biz heç qaçon bolalarni urmaganmiz, dedi u. – Qizlar juda tarbiyali, ularga buning keragi yöq. Dikki şunday bolaki… ham bitta-yu bitta öğlimiz…

 – O, azizim, – tikişni töxtatdi Spirz xonim. – Endi men ajablanmayman Dikkining bunaqa öyinqaroq­ligiga. Mendan xafa bölmang-u, bolalarni urmasdan katta qilaman, deb juda katta xatoga yöl qöyyapsiz. Kaltaklab tu­rişning örnini heç nima bosolmaydi. Özimning tajribamdan kelib çiqadigan bölsam, qöşnijon, men köpinça yengilroq jazolarni qöllardim, – dedi biroz şivirlab: – Bolalarning tiliga sovun surtiş, masalan, kir yuviş sovuni yoki har şanba kuni böyi stol kötarib turişga majburlardim. Lekin işona­vering menga, ularni otasiga jazolatişning örnini heç nima bosolmaydi.

Bendal xonimning kir yuviş sovuni haqidagi jazoni eşitib eti jimirlab ketdi. Spirz xonimning işonç bilan gapirganidan, bu usulni bir neça marotaba qöllagani sezilib turardi.

– Ularning otasi, – söradi Bendal xonim.– Unda siz özingiz urmagansiz bolalarni?

– Heç qaçon, – dedi biroz önğaysizlanib. – Bolalarni uriş onaning vazifasi deb öy­lamayman. Bu otaning böynida bölişi ke­rak. Çunki otalar köproq taʼsir qila olişadi-da.

– Ha, buni köz oldimga keltiryapman,– dedi Bendal xonim holsizlanib.

– Hozir mening öğillarim, – dedi tölqinlanib Spirz xonim qöşnisiga qarata, – xuddi Dikkidek tutişardi özlarini agarda jazolanişdan qörqişmaganda…

– Sizning öğillaringiz namunali xulq-atvorga ega bolalar,– piçirladi Bendal xonim.

Baʼzan şunday edi. Kattalarning oldida biram yuvoş, odobli bolalar edi. Köpinça, Spirz xonimning mehmonlari aytişiga qaraganda, uyda bola borligi heçam sezilmas ekan. Ha, köpinça şunday edi.

Zalda semiz, kayfi çoğ rohiblarning dengiz böyida baliq tutayotgan holati tasvirlangan katta rasmning tagida janob Spirzning otasiga tegişli qalin, qora rangli ot qamçi turardi. Odatda, yigitlar buning oldiga yaqin kelişmasdi, aksinça, itning kulbasi yoki omborxona, hattoki axlatxona yaqinida öynaşni afzal körişardi.

– Bu katta xato, – xörsindi Spirz xonim, yengil nafas olib, tikişini davom ettirarkan, – kiçikligida bolalarni erkalatiş. Bolani öz izmimizga solmaslik juda katta aybimiz. Buni unutmaslik lozim. Dikkining boyagi qiliği esa xuddi u buni ataylab qilgandek tuyulyapti menga. Bunday holatda bolani kaltaklaş kerak.

– Siz çindan şunday deb öylaysizmi? – söradi Bendal xonim, tabiatan u juda köngilçan edi va bu holat unga yanada taʼsir qilgandi.

– Albatta, bunga imonim komil. Faqat şu gapim doim quloğingizda bölsin, – davom etdi Spirz xonim. Otasi bolalarga qattiqqöllik qilsa, kelajakda ança könglingiz osoyiş böladi. Menga işonavering, dugonajon.

U quruq, dağal qöli bilan Bendal xonimning qölini siqib qöydi.

– Edvard kelişi bilanoq bu haqida gaplaşaman, – dedi Dikkining onasi qatʼiy.

Bolalar otasi kelmasidan oldin uyquga yotişdi, Dikkining otasi velosipedini sudrab kelarkan, beton tösiqqa qoqilib ketdi. Işxonasida juda oğir kun bölgandi. U terlab ketgan, çarçab, biroz holdan toygandi.

Bungaça Bendal xonim özining yangi rejasidan mamnun bölib ötirgandi va eriga eşikni oçdi.

– Edvard, azizim, va nihoyat keldingiz! – dedi u.

– Nima böldi? – söradi Edvard velosipedini qöyarkan, şlyapasini yeçdi. Peşonasidagi qator ajinli çiziqlar uning ğazabini namoyon etardi. – Nima gap?

– Keling, mehmonxonaga kiring, – dedi Bendal xonim şoşib-pişib gapirarkan, – Dikkining mahmadonaligini söz bilan taʼriflab berolmayman sizga. Siz buni tasavvur ham qilolmaysiz. Kun böyi ofisdasiz. Bu yoşdagi bolaning özini tutişi haqida bilmaysiz. U judayam yovvoyi bölib ketyapti. Men uni umuman nazorat qilolmayapman. Uni tarbiyalaşga intildim, ammo urinişlarim behuda ketdi. Oxirgi çoramiz qoldi, – dedi çuqur xörsinib, – uni kaltaklaş kerak. Siz uni urişingiz kerak, Edvard.

Mehmonxonaning burçagida katta javon turardi, javonning eng yuqorisida çinnidan yasalgan tili böyalgan qönğir ayiq bor edi. U Dikkining otasiga xuddi masxara qilgandek, ajab böpti, mana şuning uçun uyga kelgan­ding, deyotgandek tuyulardi.

– Ammo nega biz uni urişni boşlaşimiz kerak? – söradi Edvard ayiqqa tikilgança. – Ilgari hatto uni çertmagan bölsak.

– Çunki, – javob berdi xotini, – körmayapsizmi uning xulqini, men uni nazorat qilolma­yapman. Bundan boşqa çoramiz yöq… – Ayol yana allanimalar dedi. Erining çarçagan boşi esa battar oğrirdi. – Enaga yollaşga qurbimiz yetmaydi hozir. Oqsoç qizning yumuşi yetarli. Dikkining qiliqlari esa çegarasiz. Siz kun böyi ofisdasiz, Edvard, buni qandayligini sizga tuşuntirib berolmayman.

Ayiq tilini çiqarib masxara qilib ustidan kulayotgandek, kamida öşa haqoratli ovoz yana eşitilgandek böldi. Edvard stulga çökdi.

– Mayli-yu, lekin nima bilan uraman? – söradi ojizlik bilan.

– Albatta, kamaringiz bilan – dedi xotini. Söng erining çang bölgan oyoq kiyimini artiş uçun çökkaladi.

– Edvard, azizim, – yalingannamo dedi u, – botinkangiz bilan mehmonxonagaça kirib kelibsiz. Rostanam…

– Böldi, yetar, bas. – Sal qoldi xotinini itarib yuborişiga. – Qani, ber-çi öşa kamarni menga. U tepa qavatga kötarildi. Ayni dam uning huşi özida emasdi. U Dikkini urişni xohlardi, u nimadandir alamini olişni istardi. Bu qanday hayot. Közlarini ğazab egallab olgandi, qöllari öziga böysunmay qöygandi.

U şoşilib Dikkining xonasi eşigini oçdi. Dikki tungi kiyimida xona örtasida bedor turgandi. Uning bu holati Edvardning ğazabini sal bosgandek böldi.

– Dikki, nima uçun xonangga çiqqanimni bilasan-a? – söradi Edvard.

Dikki javob bermadi.

– Men seni uriş uçun keldim.

Sukunat.

 – Pijamangni yeç.

Ana endi Dikki boşini kötardi. U qizarib ketdi. – Şartmikan? – piçirladi u.

– Qani, oldimga kel, tezroq bölaqol, – dedi Edvard. Söng kamari bilan Dikkiga uç marta kuçli zarba berdi.

– Endi onangga munosib farzand bölişni örganasan.

Dikki boşini mahkam uşlagança, haliyam joyida qotib turardi.

– Özingni tuzatvol, tez örningga yot, – buyurdi otasi.

U haliyam qözğalmasdi. Titroq ovoz bilan, – men hali tişimni yuvmadim, dadajon, – dedi.

– Bu nimasi?

Dikki otasiga qaradi. Uning lablari qaltirardi, biroq közlarida yoş körinmasdi. U köz yoşi qilmadi, yiğlamadi. Sekin yutinib, men tişimni yuvganim yöq, deyoldi, xolos.

Ammo murğak nigoh Edvardni tinç qöymadi, u xonadan bu xonaga, zaldan boqqa çiqarkan halovat topolmadi. Ey Xudoyim, u nima qilib qöydi? Nok daraxtining soyasi tuşib turgan devor oldiga bordi. Dikkini urdi, qölidagi kamar bilan kiçkintoy Dikkisini urdi, nima qilib qöydi? Yugurgança öğlining xonasiga çiqdi. Edvard alam bilan ökirdi, devorga suyanib qoldi, öğli yiğlamadi. Hatto közida tomçi yoş yöq edi. Qaniydi, öğli heç bölmasa yiğlaganda yoki xafa bölganda. Faqat uning “Dadajon”, degan titroq ovozini eşitdi. Heç sözsiz otasini keçirdi. Lekin Edvard özini keçirolmaydi – heç qaçon keçirolmaydi. Qörqoq! Ahmoq! Notavon! Söng ular birga öynaşayotganda tasodifan Dikki tizzasi bilan yiqilib, qöli çiqqanini esladi. Öşandayam u yiğlamagandi. Edvard hozir öşa mitti qahramonni urgan edi.

Edvard nimadir qilişi kerakligini tuşundi. U uyga qaytib kirdi, yana Dikkining xonasiga kötarildi. Mittivoy karavotida yotgandi. Xira tuşgan yoruğlikdan boşini yostiqqa qöyib yotgani, qora soçlari, jingalak kokili körinib turardi. Uning ovozi eşitilmasdi, hatto hoziram u yiğlamasdi. Edvard eşikni yopdi, öğli­ning qarşisiga keldi. U hozir Dikkining oldiga çökkalab, keçirişini sörab, yalinib-yolvo­rişni istardi. Ammo aniqki bu uning qölidan kelmasdi. Yuragi tipirçilardi.

– Uxlamadingmi, öğlim? – söradi muloyimlik bilan.

– Yöq, dadajon.

U öğlining karavotiga yaqin kelib ötirdi, Dikki unga uzun-uzun kipriklarini qoqib qarab turardi.

– Heç nima sodir bölmadi hozir, töğrimi, oğayni? – şivirlab söradi Edvard.

– Yöq, dadajon, – javob qildi Dikki.

Edvard ehtiyotkorlik bilan Dikkining barmoqçalarini siladi.

– Sen hozir bölgan voqea haqida heçam öylama, xöpmi, oğayni, – dedi şoşilib. – Mana, hammasi tugadi. Bu unutildi. Bu holat heçam takrorlanmaydi. Şundaymi?

– Xöp, dadajon.

– Endi esa yotib uxla, oğayni, – dedi Edvard, – va albatta, jilmayib qöy. – Bu tabassumdan u özini avf etilgandek tuyardi. – Hammasini unutamiz… Oğayni… kiçkintoyim…

Dikki örniga yotdi. Bu juda ayançli edi. Dikkining otasi deraza oldiga yaqin keldi. Boq­qa ança qoronğulik tuşib qolgandi. Oqsoç qiz yugurib çiqdi va butalar ustiga tuşgan oq kiyimlarni yiğib ola boşladi. Bepoyon osmonda bittagina yulduz yarqirardi, katta yelim daraxti esa nur soçib turgan bölsa-da, qora köringan barglari şamolda yengil silkinardi. Bularni kuzatib turarkan, şimining çöntagida pul borligini sezdi. Pulni olarkan, yangi olti tiyinni tanlab oldi, söng pulni Dikkiga uzatdi.

– Bu senga, oğayni. Özingga yoqqan narsani sotib ol, – dedi Edvard, Dikkining yostiği ustiga ohista pulni qöyarkan.

Ammo nailojki, şu olti tiyin – bölib ötgan şunça dilxiralikning örnini töldira olarmidi?

Ketrin MENSFILD

Ingliz adabiyotida öziga xos öringa ega bölgan maşhur hikoyanavis hamda şoir Ketrin Mensfild 1888-yili tuğilgan. Uning “Baxt va boşqa hikoyalar”, “Boğ ziyofati va boşqa hikoyalar” töplamlari çop etilgan. U 1923-yil 9-yanvarda 34 yoşida Fransiyada vafot etdi.

 Ingliz tilidan Xidirova MUXLISA tarjimasi.

 ÖZDJTU magistranti

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar (1)

  1. Botir

    Ajoyib🔥

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (164)