Atoqli yozuvçi, ustozim Sobir Önarning porloq xotirasiga bağişlayman.
Muazzin xuftonga azon aytgan payt.
Masjid yonidagi uyda şam bir qatim nur taratayotgan palla.
Uy içidagilar çuvillaşib, uruşib-talaşib – yoqama-yoqa bölib, baʼzida xandon otib kulib, baʼzan hovuri tingan pörtanadek tin olib, eşikni kimdir taqillatayotganini sezmadi.
Ular eşik ortidagi kişining kimligini, qandayligini, içida nedir dard-u hasrati, aytar gapi, ehtimol, uy içidagilarga asqotar kömagi borligini bilişmadi.
Ular uçun taşqaridagi odam tamomila mavhum, ehtimol, ötkinçi bir kişi.
II
Tördan kattalar joy olgan.
Undan keyin örta yoşlilar, poygakda yoş-yalanglar. Mehmonxona örtasidan yölak oçilib, ikki çetiga dasturxon yozilgan. Odmiroq bezatilgan dasturxonga omin aytilgan, şekilli, yiğilganlar uç-tört guruh bölib, baʼzan beş-oltiga ajralib gurungni davom ettiradi. Har davraning öz gurungi, hangomaning maza-maqsadi bor.
Yuqoridagilar, yaʼnikim Berdihoji boşçiligidagi davra rözaning ajr-savobi, haj amallari, nafl namozi-yu, fitr sadaqasining miqdorini muhokama qiladi.
Berdihoji va Muxtor maxsum Kaʼbatullohdagi muqaddas masjid, Hiro toği, şaytonga toş otiş va qurbonlik marosimidan söz oçganida atrofidagilarning oğzi lang oçiladi. Bu holat har ikki notiqqa sözamollik borasida huzur bağişlaydi çoği, har gal yangi tafsilotlar, turfa sarguzaştlar qöşib gapiradi.
Deylik, Muxtor maxsum biror ön yil ilgari, balkim, undan ham avval umraga borgan. Tomoşadan qaytgaç, safar taassurotlarini qiroat bilan past ovozda gapirib berişni odat qilgan.
Dastlab, odamlar uning past ovoziga könika olmadi.
– Menga qarang, Rajabboyning öğli! – dedi izdihomlarning birida balandroq gapirayotgan Boyyigitga. – Payğambarimizning muborak izi qolgan tuproqni bosib kelgan möysafidning gapini böliş gunohi azim böladi.
Şu-şu böldi-yu ahli qişloq Muxtor maxsum piçirlasa ham, jonquloği bilan tinglaşga odatlandi.
Şunday kunlar keldiki, hojilarning sözi ilohiy qudratga mengzala boşlandi. Masalan, bir marta hajga borgan Berdi qassob Hayit çöponnikida qora qöçqorni qurbonlik qilganini gapirib berdi. Qaysidir çupronda Hasan dallolga qarab: “Payğambarlarimizga buyurilgan kök qöçqorni toptirib böğizlaganman”, – dedi. Bugun gap avjiga kelganida “Arabda ham özimizning ketmonquyruqlardan bor ekan, dumbasi tars yorilay degan oq qöçqorga piçoq tortuvdim”, deb yiğilganlarni hayratda qoldirdi. Birov ortiqça savol bermadi.
Hojilardan keyin Yomonqul tegirmonçi boşçiligidagi öqituvçilar şivirlaşadi. Ular imkon qadar möysafidlarga xalaqit bermaslik payida. Muallimlar Yomonqulning tegirmonidan biror manfaat körmasa-da, maorifda işlaydigan öğlini yuzxotir qiladi. Domla degani tabiatan muloyimroq emasmi, tegirmonçining guppillaşi-yu, bolasini orqa bilib pisanda qilişiga köz yumib qöyadi. U ham muloyim qavmning feʼlini beş qölday biladiki, har gal “Bizning Boşterak bilan telefonlaşganimda yoki bizning katta aytdiki” deya tönğiçiga işora qilib gap boşlaydi.
Keyingi guruhga Norqul traktorçi jöraboşi. Bu davrada yetakçilar almaşib turadi. Ekin pallasida ketmonçi xalqi Norqulning oğziga qarab turişi tayin. Negaki, dalaga plug soladigan payt hamalning havosi va traktorçining feʼli ters kelsa iş önglanmaydi. Savodi pul sanaşdan nariga ötmaydigan traktorçi ham bunday kezda miyasiga kelganini huzurlanib aytadi.
Bu yil tom böyi xirmon umid qilib turgan Qobil kirakaş ham traktorçining kunora unga işi tuşsa-da, labini tişlab ötiribdi.
Bu yerda könçi, çayqovçi, dallol, terakçi, sandiqçi, şifokor, çavandoz, qöyingki, hamma soha odamlari jam bölgan yana bir davra bor. Ularni yilqi, aniqroği, ot işqibozçiligi birlaştirib turadi.
Bu töda eşitmaydi, faqat gapirişga örganişgan. Qaysidir nomdor ot, katta köpkari yoki taniqli çavandoz haqida gap ketsa, çunonam çuğurlaşadiki, hojilar ham, öqituvçilar ham, dehqonlar ham dakki berişadi.
Berdihoji ilk bor zamzam suvi höplayotganini, ehtimol, bir ming beş yuz ön törtinçi marta gapirayotganida, Yomonqul tegirmon maorifçi öğli tayinlagan yangilikka oğiz juftlayotganida, Norqul traktorçi haydovga narx çiqarayotganida yana şunday böldi.
Uzoq Qilqondidagi Toşkesar va Qayçiquloq laqabli arğumoqlarni soliştiriş avval tortişuvga, sal ötib dahanaki urişga aylanib ketdi. Qodir könçi Qayçiquloqni bezot mol degani uçun Şarif döxtirning yoqasidan oldi.
Hayhaylaşib ikkisini ajratişdi.
– Ot begona elniki bölsa, senlarga nima?! – dedi Muxtor maxsum.
– Birovning bitini tortişgunça, özingning ketingni öyla! – aççiqlandi tegirmonçi.
– Tentakniyam turi köp-da: ot özganiki, olişgan birovlar! – minğirladi traktorçi.
Etakdagi yoşlar aylana bölib telefonda allaqanday şahvoniy kinonimi yoki şiryalanğoç raqqosalar öyininimi berilib tomoşa qiladi. Ular hojilarga ham, öqituvçilarga ham yoki jiqqamuşt bölayotgan otçilarga ham eʼtibor berişmaydi.
Ekrandan boş kötara olişmaydi.
III
Eşik ohista taqilladi.
Eşik ortidagi kişi umidini uzganday, içkaridan tovuş bermasa qaytib ketadiganday bir maromda taqillatdi. Kimdir içkariga çorlaydiganday ilhaq bölib çertdi. Davraning ğala-ğovurini, hamqişloqlarining tortişuvini, uzangidoşlarining hazil-huzulini baralla eşitsa-da, izn söragandek kutdi.
Ruxsatsiz, çorlovsiz, çaqiruvsiz içkarilaşni ep körmadi. Samimiy çaqiriqqa intizor bölib turdi.
IV
– Eşik taqilladimi? – dedi zahar qistab taşqarilagan uy egasi öğliga.
– Hamza bova keluvdi. Çiqmaganingizdan keyin qaytib ketdi. – Javob berdi öğli.
– Nega kelgan ekan?
– Amerikadan xat kelibdi. Momom bilan otlanayotgan ekan, xayrlaşay deb yöqlabdi.
– Hamza jöram grin karta yutibdi. Xayrlaşgani kelib, uç soat eşik qoqib qaytib ketibdi, – uy egasi içkariga kirarkan afsus bilan sözladi.
– Attang, bilmabmiz-da! – qöşildi Berdihoji. – Quyuq xayrlaşib, dollardan qaraşib tur, jiyan, deb hurmat bilan jönatardik.
– Obbo, payqaganimda tön yopib kuzatardim! – Yomonqul tegirmonçi gapni ilib ketdi. – Toğa suyab tursa, kenjaning töyini ötkazib olardim.
Davrada kimki bölsa, muallimning ketişini yaxşilikka yöyib, nedir manfaat, qandaydir yordam ilinjida xayolga toldi.
Izdihom suv quygandek tinçidi.
V
Bu paytda Hamza muallim qoyadagi birçiziq söqmoqda yuqorilab ketardi. Pastlab tuşgan bulutlar orasida nuqtaga aylanib borardi.
Anvar SUYUN
1983-yili tuğilgan. Özbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Ğöbdintoğ hikoyalari”, “Eşmonbek” nomli qissa va hikoyalar töplami naşr etilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


