Hikoya
I
Polk temiryöl yoqasidagi qiyalikda jangga saf tortgan-u, röparadagi örmon yaqinida töplangan Prussiya askarlarining nişoniga aylangandi. Ikki qöşin orasidagi masofa bor-yöği sakson qadamça çiqardi. Zobitlar askarlarga qarata “Yot!” deb buyruq berişardi. Ammo heç bir askar böysunişni istamasdi. Şonli polk esa öz bayroği atrofida saf tortib, qatʼiyat ila turaverdi. Botayotgan quyoş ufqni qizğiş nurlarga çulğagan, buğdoy dalalari-yu keng yaylovlar uzra qalin tutun içida ayovsiz öqqa tutilayotgan bu saf göyo şu kenglikda dovul girdobiga tuşib qolgan, sarosimada qalqib turgan sol kabi çayqalar edi.
Qiyalik ustiga töp-zambaraklardan gumbur-gumbur öq yoğilar, miltiqlardan qasira-qusur öq uzilar, okop böylab tunuka idişlarning taraqa-turuqlari eşitilar, jang maydonining bir çetidan ikkinçi çetiga öqlar viz-viz uçar, göyoki torlari tortilgan dahşatli bir çolğu asbobi yangrayotgandek edi. Vaqti-vaqti bilan boşlar uzra hilpirab turgan bayroq öqlar ostida şamolda titrab, tutun orasida ğoyib bölardi. Öşa lahzada ketma-ket öqqa tutiş, yaradorlarning ingraşlari va alamli dod-faryodini bosib ötuvçi jiddiy va ğururli ovoz yangrar edi: “Bayroq oldiga, yigitlar! Bayroq oldiga!..” Şu zahotiyoq bir zobit olovrang tuman içra ğira-şira köringan arvohdek oldinga otilar, hurlik timsoli bölmiş bayroq esa yana jonlangandek jang maydoni uzra hilpirar edi.
U yigirma ikki bor yerga quladi!.. Har safar jon taslim qilayotgan askarning qölidan çiqişi bilan, darhol boşqa qöl uni mahkam tutib, yana tiklardi. Quyoş ufqqa botgan mahal polkning tirik qolgan bir töp askarlari sekin orqaga çekindi. Endi serjant Ornyu qölida uşlab turgan bayroq – jang maydonining olovida kuygan, öqlar tilka-pora qilgan bir parça laxtakka aylangandi. Serjant Ornyu şu kunning yigirma uçinçi yalovbardori edi.
II
Serjant Ornyu uç marta xizmat nişoni bilan taqdirlangan, jang-u jadallarda toblangan keksa askar edi. Imzo qöyişni zörğa uddalar, ammo yigirma yil xizmat qilib, nihoyat, kiçik zobit unvoniga erişgan edi. Yetimlikning aççiq iztiroblari-yu, kazarma hayotining maşaqqatlari uning örlik ajinlari bosgan peşonasida, bukçaygan yelkasida bilinib turar, har bir qadami ortida esa ötmişning şafqatsiz saboqlari yastanib yotar edi. Ustiga ustak, u biroz duduqlanardi, lekin yalovbardor böliş uçun notiqlik şart emas. Öşa jang keçasi polkovnik uning yelkasiga qoqib: “Bayroq seniki, askar! Köz qoraçiğidek asra!” – dedi. Şu zahotiyoq serjant Ornyuning yomğir va olovdan tözib ketgan harbiy mundiri yelkasiga taʼminotçi ayol zobitlik nişonini tikib qöydi.
Bu uning some hayotidagi yagona ğururi edi. Şundan söng keksa askarning qaddi ğoz tortdi. Bu şörlik mudom egik qaddini sudrab, közlarini yerdan uzmay yurişga odatlangandi. Endi esa ğurur bilan boş kötarib, bayroqning hilpiraşini kuzatar va uni hayot-mamot, xiyonat-u mağlubiyat ustida tik tutişga tirişar edi. Uruş qöpgan kunlari çarm ğilofga joylangan bayroq dastasini ikki qöllab mahkam çangallagança safda mardonavor turguvçi Ornyudek mağrur askarni topiş muşkul edi. Ornyu, göyo bir muqaddas omonatni kaftida tutib turgandek, jonsiz haykal misoli qimirlamas, sözsiz toş qotgan edi. Uning butun keçmişi, butun kuç-qudrati tillarang, ilma-teşik bölgan mana şu omonat laxtakni çangallagan muştlarida jo bölgan edi. Öqlar vizillab uçar, biroq keksa askar joyidan qilt etmas edi. Prussiyaliklarga qahr bilan tikilgan nigohlarida “Qani, kelib bayroqni mendan tortib ol-çi!” degan maʼnoni uqiş mumkin edi.
Unga hatto ölim ham yurak yutib yaqinlaşa olmadi. Borne va Gravelotdagi qirğinbarot janglaridan keyin bayroq, xuddi elakdek, tilka-pora bölgan, ammo uni hamon mahkam tutgan öşa qariya Ornyu edi.
III
Sentyabr şovqinsiz, biroq şafqatsiz keldi. Metz şahrini qamal qilişdi. Yomğir suyak-suyakka ötib, botqoq yer har bir qadamni zalvorli yukka aylantirdi; zang bosgan töplar sukut saqlar, jangçilar oziq-ovqat tanqisligidan tuşkinlikka tuşib, qurollariga suyangança oçlikdan jon berar edi. Orzulari öqqa tutilgan, sabrlari sinovga solingan bu laşkar jang maydonida duşmanga qarşi emas, öz qismati bilan olişar edi. Na zobitlarda, na askarlarda – heç kimda umid nişonasi qolmagandi. Birgina Ornyuning yuragi hali ham işonç bilan urardi. Keksa askar uçun hamma narsa öz qadrini yöqotgan, faqat şu uç rangli, yirtiq-yamoq bayroq qolgan edi. Ornyu bayroqni mahkam tutgança, hanuz heç narsa boy berilmagandek his qilardi özini.
Taqdir taqazosi bilan janglar töxtagaç, polkovnik bayroqni Metz çekkasidagi uyida saqlay boşladi. Şörlik Ornyu esa, xuddi bağridan suğurib olingan norasidasini soğingan ona kabi, bejo yurardi. Uning fikri xayoli bayroqda edi. Yuragi siqila boşlasa, yölga tuşib, şahar sari şoşilardi. Borib, bayroqning haligaça devor tagida sokin hilpirab turganini körsa, iç-içida yana-tağin bardamlik, sabr-toqat uyğongandek bölardi. Qaytib kelgaç, nam çodir içida yotib, xayolan yana jang maydoniga şönğirdi – harbiy yurişlar, şiddatli hujumlar va duşman okoplari uzra mağrur hilpirayotgan ğalaba timsoli…
Marşal Bazenning[1] buyruği şirin xayollarga piçoq urdi. Saharmardonda uyğongan Ornyu butun lagerning ğalayon içidaligini payqadi; askarlardan tuzilgan guruhlar qizğin bahslaşişar, ğazabdan hayqirib, göyo aybdorni oçiqçasiga körsatişayotgandek, qöllarini şahar tomonga bigiz qilişar edi. Biri: “Yöq qilaylik!” deb dod solsa, boşqasi: “Öqqa tutaylik!”, deb ğazab otiga mingan edi. Zobitlar esa, mum tişlagandek, lom-mim deyişmasdi. Ular göyo mağlubiyatdan ado bölgandek, öz askarlari oldida uyatdan yerga kirib ketgudek ahvolda bir çetda, boşlarini xam qilib, u yoqdan bu yoqqa borib-kelişardi. Ammo bu mağlubiyat emasdi – bu xiyonat edi. Yuz ellik ming nafar jangga şay, qölida qurol, yuragida ğalabaga işonç bilan turgan askarga marşalning farmoni öqib eşittirildi. Unda faqat bitta buyruq bor edi: jang qilmay taslim böliş!
– Bayroq-çi? – deb söradi Ornyu, yuzi dokadek oqarib…
Bayroq ham, qurol-yaroğ, harbiy jihozlar qatori duşman qöliga topşirilar ekan…
– Xudoning ğazabiga duçor bölgurlar! – deya titrab piçirladi şörlik askar. – Lekin mening bayroğimni olib böpti!.. Heç qaçon ololmaydi!
Ittifoqo, Ornyu ğazab va ğururdan lovullab, şahar tomon otildi.
IV
Şaharda ham hayajon va ğala-ğovur avjida edi. Gvardiyaçilar, şahar ahli va harbiy safarbarlikdagilar baqirib-çaqirib tölqinlanib yurişardi. Jiğibiyron vakillar birin-ketin marşal qarorgohiga oşiqardi. Ornyu esa na tevarak-atrofni körar, na şovqinni eşitar edi. Köça böylab odimlar ekan, xuddi öz xayollari bilan andarmondek, öziga özi gapirar edi.
– Mendan bayroğimni tortib olişmoqçimiş! Heh, örgildim xomxayollaringdan! Bu nima degan gap?! Bunaqa işga haqlari bormi özi? Prussiyaliklarga özining yaltur-yultur karetalarini, Meksikadan opkelgan çinni idişlarini beraversin! Lekin bayroq – mening şaʼnim, mening ğururim! Heç kim bayroqqa qöl tekkizolmaydi.
Uning har bir sözi hansiraş va duduqlaniş oqibatida uzuq-yuluq çiqardi. Ammo qariyaning miyasida bitta aniq fikr mixlanib qolgan edi – bayroqni qölga olib, polkning örtasida yoziş va ergaşmoqçi bölganlar bilan birga duşmanning ustidan yurib ötiş! Qonga botgan yöl bölsa ham, ortga çekiniş yöq!
Ornyu yetib kelganida, uni içkariga qöyişmadi. Polkovnikning jahli çiqqan, heç kimni körişni istamas edi… Ammo Ornyu bunday gaplarga quloq soladiganlardan emasdi.
Ornyu jon-jahdi bilan qasam içib, baqirar, navbatçini itarib yöl oçişga urinar edi: “Bayroğimni bering… Uni heç kimga bermayman!..”
Nihoyat, deraza oçildi:
– Senmisan, Ornyu?
– Ha, janob polkovnik, menman…
– Bayroq aslahaxonaga topşirilgan. Öşa yoqqa borsang, tilxat berişadi.
– Tilxat? Nima uçun?!
– Bu marşalning buyruği.
Ornyuning tomirlari börtib ketdi, nafas olişi oğirlaşdi. Közlari yonib, ilinjlanib tağin iltijo qildi:
– Ammo, polkovnik…
– Meni öz holimga qöy, jonga tegma! – deb dağdağa qildi polkovnik va deraza tabaqalarini şaraqlatib yopdi.
Ornyuning oyoğidan jon qoçgandek, mast odamdek gandiraklab ketdi.
– Tilxat… tilxat… – deya takrorladi u, anglab-anglamay.
Lekin bitta narsa aniq edi: bayroq aslahaxonada va qançalik qimmatga tuşmasin, uni qaytarib olişi şart!
V
Aslahaxona darvozalarilang oçiq edi – hovlida turnaqator tizilgan prussiyaliklarning furgonlari bemalol kirib-çiqişi uçun şunday qilingani aniq. Ornyu içkariga qadam qöyişi bilan badanida sovuq titroq turdi. Boşqa barça yalovbardorlar, ellik-oltmiş nafar zobitlar – ğamgin sukunat oğuşida serrayib qolişgan. Yomğirda qolgan aravalar qator tizilgan, boşyalang askarlar esa orqada saf tortgan edi. Ornyu göyo dafn marosimiga tuşib qolgandek böldi.
Bir burçakda Bazen armiyasining barça bayroqlari loy-balçiqqa qorişib, soçilib yotardi. Bir paytlar şon-şaraf timsoli bölgan ipak parçalari, oltin jiyaklar va nafis öyma dastalar endi yerga uloqtirilgan, yomğir va loyda ğarib holda yotar edi. Bu manzarani körgan kişining yuragi ezilib ketardi. Harbiy idora zobiti bayroqlarni birma-bir yiğiştirib olardi. Har bir polk nomi yangraganda, yalovbardor oldinga çiqib, bir parça qoğoz – tilxatni olişga majbur edi. Bu şarmandali holatni esa, qopqonga tuşgan yirtqiçning jon taslim qilişini kutayotgandek, ikki duşman zobiti muz qotgança kuzatardi.
Ey, muqaddas va şonli bayroq, sizni mana şunday olib ketişmoqda – yirtiq-yamoqlaringiz hilpirab, qanoti singan burgut misol yerga sudralmoqdasiz. Sizlar şonli kunlarning sönggi xotirasidek jim ketmoqdasiz. Har biringiz bilan birga Fransiyaning bir bölagi yulib olinmoqda. Uzoq yurişlarda singib qolgan quyoş nurlari qatlaringiz orasida hali ham jimirlamoqda, har bir teşik, har bir yirtiq içidan esa jang-u jadallarda sönggi nafasini bergan qahramonlarning unsiz nidosi eşitilmoqda…
– Ornyu, navbating keldi. Seni çaqirişyapti. Bor, tilxatingni ol.
Demak, unga ham bir parça qoğoz tutqazişadi.
Bayroq uning röparasida edi. Ha, bu aynan özining bayroği, uruş olovlarida eng köp ilma-teşik bölgan, lekin şunga qaramay, hamon mahobatli, hamon gözal bayroq. Ornyu bayroqni körişi bilan yuragi uvişib, özini yana jang maydoniga turganday his qildi. Quloqlari ostida gumbur-gumbur, şovqin-suron jarangladi – çiyillab uçayotgan öqlar, gumbura-qasir ovozlar va polkovnikning hayqiriği: “Bayroq oldiga, yigitlar, bayroq oldiga!..” Keyin esa yigirma ikki safdoşi yerga qulayotganini, özi esa yigirma uçinçi bölib oldinga otilib, titrab borayotgan bayroqni tutib qolgani köz oldiga keldi. Öşanda jonini tikib, bayroqni sönggi tomçi qoni qolgunça himoya qilişga qasam içgan edi. Endi-çi…
Buni öylagan sari yuragidagi qoni boşiga urildi, ğazab va alamdan çakka tomirlari öqlovday-öqlovday börtib çiqdi. Ornyu telbalarça oldinga otildi, duşman zobitining qölidan bayroqni yulqib oldi. Bayroqni baland kötarişga urinib, böğiq, ammo ğazab bilan qiçqirdi: “Bay…” Lekin ovozi böğzida qoldi. Qöllarida mahkam çangallagan dastaning titray boşlaganini, asta-sekin sirğalib borayotganini his qildi. Bu taslim bölgan şahar uzra osmon ham ğamga botganday edi; bayroqlar endi hilpiramay qöygan, ğurur esa yerga kömilgan edi… Alqissa, qariya Ornyu yaşin urganday yerga qulab tuşdi…
Alfons DODE
(1840–1897)
Atoqli fransuz adibi. “Taraskonlik Tartarenning ğaroyib sarguzaştlari”, “Kiçik Fromon va katta Risler”, “Nabob”, “Umri boqiy”, “Roza va Ninetta”, “Oilaning tirgagi”, “Quvğindagi qirollar” kabi romanlar, “Duşanba hikoyalari”, “Tegirmonimdan kelgan maktublar” singari hikoyalar töplamlari muallifi.
Fransuz tilidan Şahzod NURIDDINOV tarjimasi
2025 / 4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


