Solin yo‘li

0
127
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Milliy adabiyotimizning chinakam jonkuyari,

kamtarin akam Uzoq Jo‘raqulovga bag‘ishlayman.

– Bo‘ldi, benzin tugadi, o‘chdik! – dedi Mardi aka mashinamiz siltanib-siltanib yo‘l chetiga to‘xtagach.

Saydamko‘l yo‘liga chiqqanimizdan beri asabiylashib kelardi u. Shuning uchunmi eshikni qars etib yopdi-yu, ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, sigareta tutatib, bosib-bosib torta boshladi. Kutilmagan xabardan esankirab birma-bir ulovdan tushdik. Abror bilan Zohid masalani hal qiladiganday o‘n qadam nariga bordi-da, o‘zaro suhbatga kirishib ketdi. Men esa bepoyon dasht sahnidagi hut manzaralariga mahliyo bo‘lib, tevarakni kuzata boshladim. Hali yer uyg‘onmagan, lekin muttasil yoqqan yomg‘ir ta’siridanmi atrofda yengil havo suzardi. Qori ketib, qora-qo‘ng‘ir tus olgan kengliklarda biror jonzotga ko‘zingiz tushmaydi. Ayni lahzalarda etakdagi angarlar odam qadami yetmagan ovloq manzillar kabi yastanib yotadi. Uzoqdagi tog‘lar oq choponiga burkanib, qishning so‘nggi kunlarini dilgir qiyofada kuzatayotgandek o‘shshayib turadi. Yo‘lning u tomonidagi ulkan xarsangga chiqib, enishdagi soyga ko‘z soldim. Yaqinda sel kelgan, shekilli, qiyalikda taram-taram mayda ariqchalar hosil bo‘lgan. Ariqlar soy tubidagi vahimali jarga yetgach yo‘qolib ketgan. Qibladan shamol turib, tamaki tutuni suzib keldi. Negadir sigaretaning xumori tutdi. Mardi aka tomon yurdim.

– Odamni safar sinaydi-da, shaharda vahimasi boshqacha edi bularning. Kissasidan bir so‘m chiqsa, qaltirab ketadi, tarrakday turishini qara!? – akaning jig‘ibiyroni chiqar, hasratlashgisiyam bor edi. – Chiqishda bakni to‘ldirib oluvdim. Tushlikkayam sen to‘lading, yeganigayam pul bergisi kelmaydi-ya!

 Aka to‘g‘ri aytayotgandi. Ulashning to‘yiga borish fikri ikkovidan chiqqan, safarniyam ular uyushtirgan edi. Ammo negadir yo‘ldagi sarf-xarajatlarga pul chiqarmasdi. Yo‘l-yo‘lakay tashab­busni ko‘tarishga ko‘tarib, so‘nggi paytda pul topa olmadimikan deb o‘ylab, ovqatlanishgayam, sigareta-suv degan narsalargayam o‘zim xarj qilayotuvdim. Bir payt Abrorning telefoni jiringlab sumkasini titkilayotganida beixtiyor ikki bog‘lam pulga ko‘zim tushdi-yu, ko‘nglim sovidi. Shundan buyon suhbatga aralashmay xayol surib kelayotuvdim.

Mardi akaga aytsammi deb o‘yladim. Ammo… Barisini bilarkan u.

– Ikkisiningam qo‘yni to‘la pul! – dedi asabiylashib. – Lekin bir tiyin chiqargisi kelmaydi, nomard-qurumsoqlar!

Aka ovozini tobora balandlatib gapirar, men esa ming andisha bilan Zohidlar tarafga qarab-qarab qo‘yardim. Ular suhbatimizni eshitmayapti, chog‘i, o‘zaro gurungini to‘xtatishmasdi.

– Nima qilamiz!? – dedim maslahat ohangida.

– Sizlarni bilmadim, men uxlayman! – Mardi aka arazlagannamo mashinasiga chiqib oldi.

Birpas yolg‘iz qolgach:

– Menda ozroq pul bor! – dedim Abrorning yoniga borib. – Bir-ikki so‘m qo‘shsang, ho‘-o‘v etakdagi qishloqqa tushib, benzin topib kelardim.

– Menda so‘m yo‘q-da, og‘ayni, o‘zing amallap turgin, shaharga borganda “ko‘k”ni maydalasam beraman, – Abror shaharcha talaffuzda yalingannamo so‘zladi. – Boya yo‘l uzo-o dep aytmapsan-da, shahardan maydalatip olardim.

– Abror to‘g‘ri aytdi, sa-al qiynalayapmiz-da, – Zohid uning gapini quvvatladi. – Bu yerlarni o‘zing yaxshi bilsan-ku, og‘ayni amallap tur!

 Vaziyat bu taxlit davom etadigan bo‘lsa, hutning qora sovug‘ida biyday dashtda qolib ketishimizni ko‘z oldimga keltirib, oldimizdagi qishloq – Obolim tarafga yura boshladim. Nima qilib bo‘lsayam bir-ikki litr benzin topib, Ulashlarning qishlog‘i – Duvlga yetib olsak, u yog‘iga ko‘chada qolmasligimizga ko‘zim yetardi.

Birinchi qishloq – Obolim, keyin Chaqa keladi. Undan so‘ng – Solin. Mardi akaning besh litrlik idishini olib, asfalt yoqalab yo‘lga tushdim. G‘o‘bdintog‘ girdidagi qo‘nalg‘alar yaqinday tuyulsa-da, oradagi masofa ancha. Mashinamiz turgan joydan uzoqlashib, yaydoq kengliklar qo‘yniga kirib borarkanman, olis bolaligimda qolib ketgan mana bu voqea ko‘z oldimda gavdalana boshladi.

II

O‘shanda qishning qichirlagan ayozli kuni edi. Choshgohda qo‘ylarni yantoqqa chiqarib, qo‘tonni tozalamoqchi bo‘lib turuvdim. Etakdan besh-olti otliq o‘rladi. Hovlimizda mayda ishlar bilan gumranib yurgan kattaotam – dadamning dadasi otliqlarga sersolib: “Kelayotgan polvon bovangmi deyman!?” deya molxona yoqqa o‘tib ketdi. Avval qo‘tonni yaxshilab supurdim. Qiyni g‘altakka solayotib edim, sirt tarafdan Qurbon chavandozning:

– Shukurboy, ho-ov Shukurboy! – degan guldiragan ovozi eshitildi.

– Assalomu alaykum! – dedim otliqlarning oldiga borib.

Odamning ko‘kragini bo‘ylaydigan devorimiz ortida telpagining qulog‘ini tushirib olgan Qurbon polvon, bosmaga o‘ranib turgan Boybo‘l aka, ularning ortida qishlog‘imizning havasmand chavandozlari – Olish aka, Sayfi aka, G‘o‘chchoq aka va Hamid chapaqay otlariga tob berib turardi.

– Kattaotang qani? – dedi salomimga alik olgan Qurbon chavandoz.

– Oh-hov! – deb tovush berdi shu mahal bobom.

Ikkov quyuq so‘rashdi. Polvonlar ham qo‘l olib ko‘rishdi. Bobom “Bir piyola choyga!” deb uyga taklif qilgandi: “Dasturxon qochmas!” deya chavandozlar unamadi.

– Qilqondida katta yig‘in bo‘layapti, – gap boshladi Qurbon bobo kattaotamga qarab. – Bo‘tako‘zni egarlab bersang, bi-ir cherini yozib kelardim. Sog‘lig‘ing ko‘tarsa, o‘zingam yur, tomosha qip kelasan!

Darvoqe, bir oy burun isitmalab do‘xtirxonaga tushgan kattaotamga do‘xtirlar: “Sariq”qa o‘xshash dardingiz bor, o‘zingizni avaylang!” degach, otga minmay qo‘ygandi. Qurbon chavandoz shunga ishora qilayotgandi. Otimizni o‘zidan boshqaga ishonmaydigan bobom ancha vaqt injilib turgach, Qurbon chavandoz kutilmaganda:

– Ana, nevarangni mindirib jo‘nat, yem-suvini o‘zi beradi! – dedi.

Kutilmagan taklifdan sevinib ketdim. Shu topda Qurbon chavandoz ko‘zimga juda yaxshi ko‘rindi. “To‘g‘ri aytasiz, bova. Otga zo‘r qarayman!” demoqchi bo‘ldim-u, kattaotamdan iymanib, nafas yutib turdim. Birpas paysalga solgach, chavandozning qistovi bilan bobom rozi bo‘ldi. Faqat menga:

– Suvlashdan avval terini ushat! – deya qat’iy tayinladi.

– O‘zim ko‘z-quloq bo‘laman! – ta’kidladi Qurbon bobo.

– Harholda, yosh bola-da.

Bo‘tako‘zga egar urmasam, bobom niyatidan qaytib qoladiganday hovliga olib chiqdim. Jonivor anchadan buyon ayvonda turganidanmi o‘ktam-o‘ktam kishnab yakkamixni aylandi. Chavandozlarning oti birin-ketin tovush berdi. Uyimiz atrofini ayg‘irlarning ovozi tutib ketdi. Supurib terlik urayotganimda old oyoqlarini bukib yakkamixga suykalaverdi. Bildimki, yelkasi qichiyapti. Iz tushmagan qorli joyga yetaklab bordim. Chunonam dumaladiki, besh-olti marta u yoqdan-bu yoqqa ag‘darildi. Turayotib silkingandi, ustida birorta qor parchasi qolmadi. Shundan so‘ng terlikni, keyin chirgini, ustidan jahaldirikni, undan keyin egarni qo‘yib ayilni qisdim. Oxirida pushtanni salqiroq qilib qo‘ydim. Ust-boshimni almashtirib, kirza etigimni kiyib chiqqanimda, kattaotam tumshug‘iga yugan solib, o‘ramajabduqni urayotgan ekan. Egarning ustiga xurjun tashlab, jilovini kalta qayirib mindim. Tizginni bo‘shatganimda ilkis siltanib chopdi. Tortqini tarang qilib, egarqoshga aylantirib oldim. Tumshug‘i pastga qayrilib, bo‘yni gajak bo‘ldi. Tandirxonamiz yonida oyim bilan kattaenam ko‘rindi. Ot boshini g‘ovga burib, tovonim bilan nuqigan edim yugurishga tushdi. O‘zimni o‘nglab, qoshimdan pastga tushgan telpagimni ko‘tarayotib qaraganimda bobom omin aytayotgan, kattaenam va oyim duoga qo‘l ochib turgandi. Bo‘tako‘zni gijing­latib safga qo‘shilganimda kattaotam: “Ilohi, omin!” deb takbirini tugatdi. Chavandozlar birvarakayiga qo‘llarini yuziga siypadi. Qamchimni xurjunga solib, men ham omin qildim.

O‘sha kuni umrimda ilk bor uzoq safarga chiqdim.

To‘qqizinchi sinfda o‘qirdim, yoshim o‘n beshda edi. Bo‘tako‘z sakkizni to‘ldirgan, ayni kuchga engan paytlar edi. O‘mrovlari bo‘rtib, bo‘yni yo‘g‘onlashgan, quymichi kengayib, qomati kelishgandi. Shuning uchunmi yoki tabiatan shunaqamidi, har doim quloqlarini dikkaytirib to‘daning oldida yurardi. Birorta yilqini o‘tkazib yubormasdi. Yaqin atrof­dagi ko‘pkarilarga men minib borardim. Shu bois qadamidan xabardor edim. Bu safar ham jilovni salqi tashlab, erkin qo‘yib berdim. U esa qor kechib, tumshug‘ini silkib-silkib ketaverdi. Oyoqlarini dangal ko‘tarib bosayotgani uchun tizzalarimga qor uchqunlari sachrab borardi. Ortimda Qurbon bobo, undan keyin Boybo‘l aka kelayapti. Qolganlar ancha orqada. Turnaqator bo‘lib Tumshuq qishlog‘ining usti bilan Arpalining oshuviga yurdik. “Nevaram u yoqqa bur. Endi chapga hayda!” deb Qurbon bobo ortimda yo‘lni tushuntirib boryapti.

Arpalining oshuvi tik va baland edi. Shuning uchun yo‘lni qiya soldik. Hash-pash deguncha cho‘qqining ustiga chiqdik. Ana shunda ajib bir manzaraga guvoh bo‘ldim. Nazarimda bulutlar pastga tushib, soylarga qamalib olgan, faqatgina cho‘qqilarning tig‘i ko‘zga tashlanardi. Otlar pishqirib-pishqirib ena boshladi. Bo‘tako‘z bir-bir qadam bosar, quloqlarini dikkaytirib qiyalamadagi jingil, kovrak va shunga o‘xshash qor bosgan o‘simliklarga qarab-qarab qo‘yardi. Tobora pastlayverganimiz sayin tuman quyuqlasha boshladi. Soyga tushganimizda ikki qadam narini ko‘rib bo‘lmay qoldi. Tor va uzun sayhonlikda quyuq tuman suzar, ust-boshimiz nam tortayotgandi. Otlarning kipriklari oqarib, tuk bosgan tumshuqlariga qirov qo‘na boshladi. Soy ichida qor qalin ekan. Shu  bois yilqilar tizzasigacha kurtik kechib borardi. Bir mahal orqadan otning ilkis kishnagani va Hamid akaning: “Chuh, hayda jonivor, hayda!” degan tovushi eshitildi. Darrov jilovni tortib, ot boshini chapga burdim. Bo‘tako‘zning old oyoqlari toyib, urgunning mo‘l joyiga borib qoldi. Qurbon boboning: “Nima bo‘ldi, Homid? Nevaram o‘ngga bur, o‘ngga!” – degan xitobi eshitildi.

Otim o‘mrovigacha kurtikka kirib, oppoq qor sahnida tumshug‘i cho‘zilib turardi. Jilovni o‘nglab, ikki marta qamchi berdim. Jonivor kuch bilan siltanib, ortga burildi va odamning ko‘kragini bo‘ylaydigan urgundan chiqdi. Hamid akayam urgunda qolgan ekan. Otining tobi yo‘qmi yoki yemni kam yeganmi, ishqilib, picha ovora qildi. Dastlab Qurbon bobo birin-ketin boshqalar ham egardan tushib tizginlarini menga berishdi. Otni urgundan chiqarishga kirishishdi. Olish aka bilan G‘o‘chchoq aka pushtanni bo‘shatib, ikki yondan ko‘tardi. Sayfi aka jilovidan tortdi. Hamid aka quyrug‘idan oldi. Qurbon bobo: “Ha, ha deng!” deb og‘zaki quvvatlab turdi. Ikkinchi urinishda otni chiqarishdi.

– Buning noxuno bo‘lgan-ov! – dedi Qurbon bobo egarga joylashib o‘tirgach, Hamid akaga. – Burni bejo pirqillayapti. Qo‘noqqa tushganda eslat, ko‘rib qo‘yaman.

Yana yo‘lga tushdik. Mendan keyin Hamid aka yurdi. Qurbon bobo uzoqdan yo‘lni aytib borardi. Egri-bugri sayhonlikning quymichiga yurdik. Soy tugagach, bir tomoni qiya adirlikdan chiqdik.

– Endi o‘ngdan yur, nevaram! – tovush berdi Qurbon bobo.

Quyuq tuman tarqamagan edi. O‘ng bilan chapning unchalik ahamiyati yo‘qdek edi menga. Lekin jilovni o‘ngga olib, tovonimning keti bilan Bo‘tako‘zni nuqidim. Qiyalamada qor qalin emasdi. Otlar yengil qadam bosishda davom etdi. Kattaotam ko‘pincha: “Tuman tushsa, havo iliq bo‘ladi. Undan keyingi qora sovuq yomon”, degich edi. Tuman siyraklashayotganda shu gapni esladim. Tog‘ ichida ust-boshimiz namiqqan emasmi, qichirlagan ayozda a’zoi badanim qayig‘a boshladi. Egnimdagi bosmam oshlanmagan teriday qotib qoldi. Bir amallab, kuh-kuhlab qo‘limni isitaman. Qamchim muzday kasovga o‘xshaydi. Teri qoplangan sopi tarrakday qotgan. Menimcha, hammamizning ahvolimiz bir xil: chimillagan shom ayozi suyak-suyagimizdan o‘tib boryapti…

Sekin-sekin qosh qorayib, kech tushdi. Olis-olislarda dasht qishloqlarining milt-milt chiroqlari ko‘rinadi. Hamon yo‘ldamiz. Otlarning quloqlari shalpayib, charchoq bosib borayotir. Ammo ichki dadilligi tarqamagan, shekilli, bir maromdagi tezlikni tushirmaydi. Chavandozlarning gangir-gungiri pasayib, orani so‘zsizlik egallay boshladi. Qurbon bobo: “Oh-hov, haydang polvon, haydang!” deb sheriklarimizga tegishib qo‘yadi.

Oramizda bir muddat ko‘tarinkilik paydo bo‘ladi.

Yaydoq kenglikda borayotganimizda Bo‘tako‘z pirq-pirq qildi-yu, taqa-taq to‘xtadi. Ortimda kelayotgan Hamid aka bilan Boybo‘l akaning otlariyam pirqillashib oyoq ildi. Quloqlarini dikkaytirib, to‘lin oy yorug‘ida qarshimizdagi kenglikka tikilib qoldi. Hammamiz to‘xtadik.

– Ne bo‘ldi-yey? – dedi qatorimizga qo‘shilgan G‘o‘chchoq aka.

– Jondor! – dedi Qurbon bobo. – Ho‘-o‘v, etakdan o‘rlayapti. Ilig‘ishganmi deyman, uch-to‘rtta bor.

Qurbon bobo to‘g‘ri aytgan ekan. Biz tomon kelayotgan qashqirlar bir muddat sekinlashib, keyin chapga burilib, qishloq tomon yo‘l soldi. Chillaning oydin tunida, ellik qadamlar naridan sakrab-o‘ynashib o‘tdi. Qo‘rquv emas, qandaydir hayajon bor edi menda. Avvaliga ichki savqi tabiiy bilan jilovni tortib, barmoqlarim qayig‘ib tursa-da, egarqoshni mahkam siqdim. Oyoqlarimni uzangiga zinchlab bosdim. Bo‘tako‘z ham mendayin hayajonda edimi ilkis dadillandi. Boshini adl ko‘tarib, bo‘ynini gajak qildi. Bo‘rilar to‘dasi ortda qolgach, otlarimiz chunonam tez yurdiki, nazarimda qaytadan kuch engan edi ularga. Ayniqsa, G‘o‘chchoq akaning do‘nani Bo‘tako‘z bilan baravar qadam tashlardi.

– Yilqiyam hayiqar ekan-yey qashqirdan! – deydi aka hayrati oshib. – Ketishini qara buning.

Bo‘rilar nafaqat otlarimizni, chavandozlarniyam hurkitib qo‘ydi. Oradagi horg‘inlik ko‘tarilib, jondor haqida gurung boshlandi o‘rtamizda. Shu alpoz­­da ancha yurgach, angarning enishiga keldik. Otlar orqaga tisarilib, bir-bir qadam tashlab, qiyalikdan tushdi. Soy ichi chuqur ekan.

– Jormaning yuqorisiga hayda, nevaram! – Qurbon bobo hargalgidek yo‘lni tushuntirdi. – Menimcha, adashdig-ov, Solinning etagidagi jormaga o‘xshaydi bu!

Jar boshlanadigan qir ustiga chiqdik. Pastda chiroqli kulba ko‘rindi. Yaqin atrofda shundan bo‘lak qo‘nalg‘a ko‘zga tashlanmasdi. Chavandozlar uzoq yo‘l bosib charchaganidanmi yoki tuz totmaganidanmi Qurbon boboni shu yerda tunashga undadi.

– Hay, bir gap bo‘lar! – dedi polvonlar yalinavergach. – Qani boraylik-chi, qo‘shxonaga o‘xshaydi-yov?

Haqiqatdan, qo‘shxona ekan. Yaqinlashayotib cho‘pon itlari dovruq solib keldi.

– Mah, Olchor, Sirtlon, Ko‘gala, mah-mah! – deb itlarini chorladi kimdir.

Qo‘shxona bir tom-bir oshxonalik shinam uy ekan. Old tomonida “P” harfi shaklida qo‘ton joylashgan. O‘rtasi kengish, sahni futbol maydonicha keladi.  Uch qator uzun-uzun oxur qo‘yilgan. Qor qalin kunlarda qo‘ylarga yem berilsa kerak. Qo‘tonning yonida yantoqmi, somonmi, ishqilib, qandaydir xashakning ulkan g‘arami bor.

– O‘tarchi – musofirmiz, bir oqshomga joy so‘rab turibmiz! – Qurbon bobo itlarini haydab, salom-alik qilib turgan o‘rta bo‘yli kishiga keksalarga xos mulozamat qildi. – Qilqondiga ko‘pkarilab chiquvdik, kech tushganda adashdik-da!

– E-e, sal teskari yuribsizlar! – mezbon ochiq ko‘ngil bilan ichkariga unday boshladi. – Bir kecha qo‘noq bo‘lasizlar, kulbamiz tor bo‘lsayam, ko‘nglimiz keng. Qani, otlarni ichkariga olingizlar!     

Chini bilan sovuq o‘tgan ekan, manzirati barchamizga yoqib tushdi. Qo‘tonning old tomonidagi ustunlarga otlarimizni bog‘ladik. Avval Qurbon boboning Katta Ko‘ki, keyin Boybo‘l akaning Samani joylashdi. Undan keyin G‘o‘chchoq aka, Hamid aka, Olish aka, Sayfi aka bog‘ladi. Devorga yaqin ustunga Bo‘tako‘zning arqonini qoziqbov qildim. Ayil-pushtanini salqi qo‘yib yuganini yechdim. O‘ramajabduqning oldini tushirib tugmalarini o‘tkazdim. O‘mgani terlab-ko‘piklanmasligi uchun orqaga qayirib-bog‘lab qo‘ygandim. Otlarimizni joy qilgunimizcha haligi kishi uzoqlamadi. Menimcha, itlarining tashlanib qolishidan xavotirlandi. Otar davlatmand kishiniki edi, shekilli, qo‘tonga sim tortilib chiroq o‘rnatilgandi. Yorug‘ida simyog‘ochdagi qatqaloq qirovni ko‘rsa bo‘lardi. Ayniqsa, shox-shabbalari tig‘iz erganak qordevorga o‘xshardi. Ayozning kuchliligidan qor beti muzlagandi. Qo‘shxona tarafdan:

– Obloqul, ho-ov Obloqul! – degan xitob eshitildi. – Tim-tirs ketding, shu atrofdamisan?!                       

– Mehmon keldi. Joy solavering, Tilov aka!!!

– Qanday mehmon?

– Tuyoqlining chavandozlari. Qilqondiga ketayotgan ekan, yo‘ldan adashibdi. 

– Ichkariga boshla, nega turibsan?!

– Hozir, otlarini saranjomlab olsin.

– Ko‘chimsoylik Tilovmi? – Qurbon bobo men hozirgina ismini bilgan Obloqul akadan so‘radi.   

– Ha-ha, o‘zimizning ko‘chimsoylik Tilov aka! – dedi u.

– E-e, Tilovning qo‘rasi demaysanmi!? – Qurbon bobo har doimgi o‘ktamligi bilan so‘zladi. Boyagi mulozamat o‘rnini kattalarning salobati egalladi.

– Tilov oshnangizmi? – taajjublandi yuganini yelkasiga tashlab olgan Boybo‘l aka.

– Ho-ov birda, O‘rtabuloqdan qaytayotib uyida mehmon bo‘luvdik, o‘sha akang-da!

– Og‘aning bu yerlarga qanday tobinligi bo‘lsa?! – suhbatga aralashdi Sayfi aka.

– Cho‘pon bo‘lgandan keyin tog‘ma-tog‘ yuraberadi-da, – Qurbon bobo Katta Ko‘kning o‘ramajabdug‘ini tartibga keltirayotib javob berdi. – Bi-ir diydorlashadigan bo‘pmiz-da, qora bermay qo‘ygandi.

Otlarni joylagach, turnaqator bo‘lib, qo‘shxonaga yo‘l oldik. Bo‘sag‘ada Tilov bobo kutib oldi. Oshnalar quyuq so‘rashdi. Biz ham qo‘l uzatdik. Yugan va xurjunimizni kirishdagi xonaga qo‘ydik. Bu yerda bitta o‘choq, yonida kichik supa, burchakda taxta quti bor ekan. Supa bilan taxta quti oralig‘ida ikkita suvidish va eski sandiq bor. Ustida har turli asbob-anjomlar – bolta, o‘roq, sopsiz kurak, bir juft uzangi, ko‘n qoplangan egar turardi. O‘choqning bu yonidagi tumba – kosa-tovoqlarniki. Devorqoziqlarda kebanak, po‘stin, rangi uniqqan telpak, uvadasi chiqqan ikkita chopon va kirza etik osig‘lik. Bolorlar orasidagi simga tuzliq, chovgum, pomidorqoqi, etto‘rva, moychiroq, fonus, ipga tizilgan qalampir va allaqanday xaltalar ilib qo‘yilgan.

Biz kirgan xona avvalgisidan kengish bo‘lib, o‘rtaga xontaxta qo‘yilgan, atrofida, nazarimda, shaharlik bo‘lsa kerak, po‘rim kiyingan ikki kishi o‘tirardi. Cho‘ponlardan biri choy damlayotgandi. Dasturxonga omin aytilgach, Tilov bobo:

– Endi-i, Qurbon aka, adashganlaringiz zap ish bo‘libdi! – deya ichki bir sevinch va mutoyiba bilan gap boshladi. – Biz tomonlarga shuytib kelmasangiz, boshqa payt qadam bosmay qo‘yuv­dingiz. Qani, Obloqul o‘zimizning qo‘radan bitta chibich ushla. Bu kishilar Tuyoqlining do‘kay chavandozlari. Durustroq qo‘noq qilmasak, gapning tagida qolamiz.     

Xonada yengil kulgi ko‘tarildi.

Qurdoshlar naridan beri tanishayotib, Obloqul akaga ergashib chiqdim. Ikkov bir echkini bo‘g‘izladik. Hash-pash deguncha etini bo‘lakladik. Chibich degani olti oylik, bolalamagan urg‘ochi echki bo‘larkan. Cho‘ponlar uning etidan cho‘pchima degan xushta’m yegulik tayyorlarkan. Aka qornini yorayotib ishtiyoq bilan gapirib berdi. Azbaroyi ochiqqanimdan qornim g‘uldirab ketdi. So‘ng o‘choqqa o‘tin qaladik. Qozon tobga kelgunicha charvini mayda-mayda qilib to‘g‘radik. Et nimtalanguncha ichkimoyni jiziq qildim. Qozon kilkillab moy bo‘ldi. Go‘shtni obdon tuzlab, qizib turgan yog‘da qovurdik. Cho‘pchimaning eti juda mayda to‘g‘ralarkan. Moyga tushishi bilan bujmayib, tuyur-tuyur bo‘lib qoldi. Obloqul aka bijillab turgan qozonni hafsala bilan qo‘zg‘ay boshladi. Tevarakni qovrilayotgan et hidi tutdi. Ayniqsa, saksovulning tutuni va cho‘pchimaning ta’mi dimog‘imni yorgudek edi.

– Ko‘r qani, sirti qotdimikan? – dedi bir tishlam et uzatib.

Ichkaridan Qurbon boboning guldirak ovozi eshitilardi. Qurdoshlar ko‘pkari va otlar xususida gap surayotgandi.

– Polvon aka, qishi bilan elma-el yurasizlar, – gap boshladi tovoqlarni ko‘tarib kirganimizda boyagi shaharliklardan biri. – Hay, bir-ikki juft kovushmi yoki bitta-yarim echkiga tashlaysizlar. Bundan kimga foyda – uloq ayirgan sizgami yoki otni boqqan odamgami? Ko‘pkarining qanday daromadi bor, o‘zi?

Qurbon bobo qoshlarini chimirib, bir muddat so‘zsiz turdi. Gapni uzoqdan boshladi:

– Otingizni ne devdingiz, uka?

– Fayruz! – savol egasi taajjublandi.

Menimcha, ularni Tilov bobo tanishtirgan. Qayta so‘rovdan shaharlikning zardasi qo‘zigandi. Qoshi kerilib, labining uchishi shundan darak berardi. Qurbon bobo parvo qilmadi. So‘zida davom etdi:

 – Payruzboy, daromad olaman desa, ko‘pkaridan boshqa tirikchilik ko‘p. Avval-oxir ota-bobolarimiz boyish uchun uloqchi ot saqlamagan. O‘zini bilgan chavandozam pul uchun uzangiga oyoq qo‘ymaydi. Har elning o‘z oti bo‘ladi. O‘sha otni minib, zot ayirgich polvoni bo‘ladi. Otsiz el, polvonsiz el – el bo‘ldimi! Bunday yurt davralarda eslanmaydi. Falon joydan mehmon tushdi, otini ushlab, qo‘nog‘ini bering­lar, demaydi. Oti borning – oti bor-da, inim! Bakovullar bir shirriq qo‘ziga tashlasangiz, og‘zini to‘ldirib: “Falon eldan falonchiboyning pistonchi laqabli oti bilan shu elning pismadonchi chavandozi kattakon qo‘chqorga tashladi!” deb aytadi. O‘sha payt ot egasiningam, polvonningam, qo‘yingki, o‘sha yurtdan kelganlarningam yuragi hapqiradi. “Oho-ov! Qo‘chqor bizda ketdi!” deb ko‘krak keradi ishqibozlar.

Orada Tilov bobo, oling-oling, qilib tovoqqa undadi. Davradoshlar gapni bo‘lgisi kelmadi-yov, qo‘l uzatmadi. Qurbon bobo ohista, lekin mixlab gapirayotgandi:

– Bu yil uch kam yetmishga chiqdim. Ellik yil elimizning ne-ne arg‘umoqlarini mindim. Avjim kelganida bir ko‘pkarida qo‘sh toy, qo‘sh tuyagayam tashladim. Esimdan chiqmaydi, o‘ttiz yoshlarimda laqaylarning ulog‘ida bir qo‘ra molning zotini ayiruvdim. Ichida ikki toy, ikki tuya, besh tana, bir tovus, qirqdan ziyod qo‘y-echki bor edi. Har ko‘pkari o‘likmolni ko‘tarib yurishga erinib qaytadan solimga qo‘yardim. Ishonmasangiz, uka, manov yigitlardan so‘rang, hozir bir tom-bir oshxonali uyda turaman. Agar polvon zoti boyib ketsa, serdavlati men bo‘lardim. Orttirgan molu dunyomiz yo‘q. Lekin bitta-yarimta polvon deb biladi. Shunisi ko‘ngilni ko‘taradi.

Atrofdagilar og‘ziga qarab qolganini bilib, ilkis esiga tushganday:

– Qani, Obloqulboyning cho‘pchimasi sovib qopti-ku! – deb hammani tovoqqa undadi. Bir-ikki qo‘l olgach, – Ay, lekin etli ovqatni qiyib qo‘yishda sizlardan o‘tari yo‘q! – deya cho‘ponlarga samimiy lutf qildi. – To‘shning qichirlab pishganini qarang!

Dasturxon yig‘ilgach, bir-ikki piyola choy ichildi. Cho‘pchimadan bo‘ldimi yoki qaynoq choy qizdirdimi, Qurbon boboning peshonasi va bo‘ynidan ter quyilaverdi. Ot qashishga chiqqanimizdayam qotmadi. Katta Ko‘kni to‘sgach, qo‘shxonaga qaytdi. Yilqilarni to‘sib, so‘ng sug‘ordik. Tumshug‘iga yemto‘rvasini ilib, yemini yeb bo‘lgunicha terini ushatdik. Tun yarmidan o‘tgan, ertalabki ayoz boshlanayotgandi. Tobga keltirgunimizcha ikki soat o‘tdi. Bu yerda yo‘ng‘ichqa yo‘q ekan. Obloqul aka g‘aramdan poxol sug‘urib berdi. Qo‘shxonaga kelsak, Qurbon bobo lohas bo‘lib, ko‘ylakchan o‘tirgan ekan. Tilov boboning «nasha»sidan bir kaft otib, ustidan achchiq ko‘kchoy ichdi. Pichadan keyin  chiroyi ochilib, ruhi tetiklashdi.

– Biron joyingizda shamollash bormi deyman! – gap qo‘shdi Tilov bobo. – Echkining eti sovuqlik-da, shunga lanj bo‘ldingiz, shekilli. Payqaganimda to‘qli bo‘g‘izlatardim.

– Bi-ilma-sam, yetmishni qoralagan kishining sog‘ joyi qoladimi?! – gap abdavini hazilga burdi Qurbon bobo. – Yosh o‘tavergandan keyin go‘dakday bo‘p qolarkan odam!

Gurung o‘zani boshqa tomonga ketdi. Men paydar-pay choy damlab turdim. Qarapchining Qizbel laqabli oti haqida hangoma boshlanganida Olish aka va uzangidoshlarimiz tashqariladi. Qizbel o‘mrovi keng, tuyog‘i yapaloq, bo‘yni yo‘g‘on, usti tekis, bo‘yi baland, buyuri puch ot bo‘lgan ekan. Qarapchilik Bo‘ta sinchi g‘unonligida qirq qo‘chqorga almashib olganida yaqinlari sovdoyiga chiqarib kulibdi. Sinchining parvoyiga kelmabdi. Sinchi baribir sinchi-da, jonivor olti yosharida maydonga chiqibdi-yu, egasi qazo qilgunicha katta zotlarga tashlabdi. O‘sha paytlar qarapchi urug‘i Baxmaltog‘ning orasida, ko‘pdan olisda yasharkan. Birov bilib, birov bilmaskan ularni. Bir kuni qarapchi eliboylardan biri Bulung‘urga ko‘p ushoqmol tushiribdi. Aksiga olib, olarmon bo‘lmaganmi, bittayam sota olmabdi. Bozordan chiqarishda chekchilarga elini tushuntira olmay rosa ovora bo‘libdi.

– Chek puliga hisoblab uch-to‘rtta qo‘y oling­lar! – desa ko‘nishmasmish.

– Hozir ushoqjonga o‘lat kelgan. Molingiz kelasi haftagacha yashaydi deb kim kafillik beradi?! – deb oyoq tiragan ekan.

Xullas, u debdi bo‘lmadi, bu debdi bo‘lmabdi. Oxiri “Hamqishlog‘im Bo‘ta sinchi shu atrofga ko‘pkariga kelgan. Birga chiquvdik. Shundan pul so‘rab ko‘ray”, desa, bozorchilar: “I-ye, baxmallik Bo‘ta aka – Qizbelning egasini aytayapsizmi!?” dermish.

Shunda haligi chekchilar “Eplasangiz, jonivordan zot olib berasiz. Eplamasangizam, xafagarchilik yo‘q”, deb chekpulidan kechib, yana bir kecha mehmon qilgan ekan.      

Qurbon bobo Qizbelning ta’rifini keltirayotganida Bo‘tako‘zga solishtirdim. O‘mrovining kengligi, tuyog‘i yapaloqligi, bo‘yni yo‘g‘onligi, usti tekisligi, bo‘yining balandligi bir xil edi. Faqat buyurida farq bor edi. Ich-ichimdan suyundim. Ayniqsa, otimning Qizbelday boshini adl ko‘tarib, yollari selkillab yurishidan juda quvondim. Gurungni tinglayotib mulgibman. Olish akaning turtkisidan uyg‘ondim. Tong yorishayotgan ekan. Ko‘plashib tashqariga chiqdik. Yuz-qo‘limizni yuvib, otlarning qorini supurdik. Qurbon bobo Hamid akaning otidan noxuno tushirdi. Noxuno degani uloqchi otlarda uchraydigan kasallik ekan. Uzoq vaqt boylovda turgan yilqining badani yumshab, burnidagi tog‘ay o‘sib ketarkan. Ot tuzuk nafas ololmay, bee’tibor qolsa nobud bo‘larkan. Jonivorning tumshug‘idan ancha vaqt qon keldi. Lekin chuqur-chuqur nafas yutib yengillashganday bo‘ldi. Egar urishdan avval darddan xalos bo‘lganini bildirib, hafsala bilan silkinib-qoqindi. Boboylar bomdodga taraddudlanganida Katta Ko‘kniyam shayladim. Cho‘ponlar o‘ylaganimizdan-da mehmondo‘st chiqdi. Bizlarga chibichning etidan sho‘rva, Qurbon boboga qo‘ynikidan qovurdoq qilibdi. Etning yumshoq joyini solgan ekan, maza qilib yedim. Yana Qurbon bobo: “Bugun maydonga tushasan!” deb ikki bo‘lak quyruq ham berdi. Ketish oldidan tashakkur aytib, yo‘lga otlandik. Qo‘shxonaning biqinida, boyagi shaharliklarniki bo‘lsa kerak, qandaydir yengil mashinani qor bosib turardi.

Ma’lum bo‘lishicha, tog‘dan tushayotganda bir soy naridan yurib, Qilqondining oshuvini aylanib o‘tgan ekanmiz. Yo‘lni qiya solib oshuvga yurdik. Tepaga chiqqanimizda soy boshiga qur tikilib, chavandozlar quvmaning takasini chopayotganini ko‘rdik.

– Eh-he, katta surdak bo‘ladi-yov! – Qurbon bobo qo‘lini soyabon qilib pastdagi manzarani kuzatdi. – Ikki yuzga yaqin yilqi bor bu yerda. Birdaniga nechta taka tashlasa?!

Enishning yuqorisiga o‘ramajabduq va xurjunlarimizni qo‘yib, otlarni tayyorladik. Kiyimlarimizni almashtirib, o‘kchali etiklarimizni kiydik. Qurbon boboni tanigan chavandozlar bir-bir kelib ko‘rishdi. Atrofimizga ellikka yaqin yilqi yig‘ildi. Ko‘tal, G‘ul, Obolim, Cho‘rosh, Mitanning polvonlari to‘plangandi. Maslahat bilan Bo‘tako‘zni Hamid akaga berib, uning oti bilan shu yerda qoladigan bo‘ldim.

– Ho-ov, taqimi zo‘r chavandozlar! – bakovul solim qo‘yganlarni nomma-nom aytib bo‘lgach xitob qildi. – Katta takaga – bir qo‘y-bir gilam, kichigiga – bir echki-bir palos tikdim. Chilvir solmaysan, bilakip o‘ramaysan, uzangibov qilmaysan, mehmon otning jilovini ushlamaysan! Dangal tashlaysan! Mabodo g‘irromingni bilsam, mendan solim ololmaysan! Aytib qo‘yay, harom qilib kelsang, polvon nomingni yerbitta qilaman! Oting qushdan o‘tsa, o‘zing halollab yutsang – shu solimlar seniki!

To‘da soyning quymichiga qo‘zg‘oldi. Tomoshatalablarning son-sanog‘i yo‘q edi. Ho‘v yuqoridagi qatovga bir to‘da xotin-qiz chiqib olgan. Undan berida kabobchi oshpazlar cho‘g‘ yelpish bilan ovora. Odamlarni oralab karson ko‘targan somsachilar yuribdi. Pistafurush, suvfurush, nosfurush degani har ikki qadamda topiladi. Uyur kelganda odamlar jipslashib, to‘da bo‘lib turadi. Yilqi odamni bosmaydi-da, noiloj to‘dani aylanib o‘tadi. Ichib olganlar hamqish­loq polvoniga nimanidir tushuntirmoqchi bo‘ladi, shekilli, to‘dadan ajrab uyur tarafga ko‘ndalang yuguradi. Oraqada kelayotgan otlardan biri gursillatib yiqitib ketadi. Shallabosi chiqib, joyiga keladi. Yoki gala uzoqlaganda sherigi suyab chiqadi. Birinchi takani bo‘z otli yosh chavandoz ayirdi. Ikkinchisini g‘ullik Katta Murod taqimlab keldi. Ikkisiyam somonga dangal tashladi. G‘ulda ikkita Murod chavandoz bo‘lib, keksasini Katta Murod, keyingisini Kichik Murod deyishardi. Solimlar kattaravergan sari ko‘pkari qiziy boshladi. Qo‘sh sarkaning ulog‘i chopilayotganida g‘ujumsoylik Joniqulni ko‘rdim. Taka mendan sal narida qaysidir otdan tushdi. Yon tomondan o‘qday uchib kelgan Joniqul asovini to‘xtatmasdan bir enkayib ilib ketdi. Ochig‘i, havas qildim. Taqimga zo‘r ishlabdi: keta-keta takani o‘ng tomoniga olib, chunonam taqimladiki, bir-ikkita chavandoz yopishib ololmadi. Shu ketishda qulochini ochib, somonga tashlab o‘tdi. Ishqibozlar hushtak chalib, qiyqirishib olqishladi. Sakkizinchi marra aytilganida Bo‘tako‘zga qamchi bosib Hamid aka chiqdi. Yuragim hapqirdi. Jonivor miltiqning o‘qiday zuvillab borayotganida taka tushib qoldi. Ichimni urdim. O‘n to‘rtinchi marra e’lon qilinganida Qurbon bobo biznikilarni boshlab chiqdi. Avzoyi buzuq edi. Terga pishgan ekan, Bo‘tako‘zning ayil-pushtanini bo‘shatib, to‘sdim. Teri qotgunicha aylantirdim.

– Bu kuningdan o‘l hammang! – do‘q urayotgandi kelganimda. – Kechagi nashaning kuchini ko‘rayapsilarmi? Taqiming shalvirab, bo‘g‘inlaring shirtbo‘g‘in bo‘ldimi? Shunday bo‘ladi, ko‘knar kaplab maydonga tushsang, bilagingdan mador ketadi, taqiming aytganni qilmaydi! Ikki qadamga bormay ulog‘ing tushadi! Men-ku dorilikka yedim, sening baringni nima jin urdi!

Bilishimcha, kecha shamollashga chiqqanida ko‘knoridan tatib ko‘rgan ular. Bugun Qurbon bobo sezib qo‘ygan. Telpagini yechib, tepaga chiqdi. Ancha vaqt arazlaganday tushmadi. Ko‘pkari oxirlayotgandi. Boybo‘l aka chaqirish uchun otiga minganida o‘zi tushib keldi. Ularga qaramay:

– Nevaram ayil-pushtanni mahkam qis! – buyruq berdi menga. – Ho-ov, sen! – Boybo‘l akaga amirona ohangda gapirdi. – Buning o‘ngida yur, enkayib yurma! Baribir bir ish chiqarolmaysan. Qora bo‘p turasan!

Uchovlon oldinma-ketin to‘da tomon yurdik. Yetib borganimizda qo‘sh toy bilan tuyaning ulog‘ini taqimlab chavandozlar o‘tib ketdi. Bakovul: “Katta takaga – bir toy, kichigiga – bir tana qo‘ydim!” deb guldiradi. Uyurning ortidan ot qo‘ydik. Katta takaning ulog‘i chopilayotgan ekan. Chavandozlar bir-birining ustiga ayamay ot solayotgandi. Xayal o‘tmasdan qurdan: “Qo‘chotdan Sherqul polvon tanaga tashladi!” degan xitob keldi. Surdak ikki baravar kuchaydi. Qurbon bobo Bo‘tako‘zning jilovidan tutib, Katta Ko‘kni uyurda aylantirayapti, takaning ustiga borishga harakat qilayapti. Surilib-surilib takaga yetdik.

– Enkay, nevaram, enkay! – baqirdi Qurbon bobo.

Otning o‘ng sag‘risidan engashib uloqqa uzandim. Orqa poychasidan ko‘tara boshladim. Yana baqirdi:

– Ketingni karsonga to‘g‘irlab, og‘irligingni orqaga ol!

Egarning karsoniga surilayotuvdim, kimdir bo‘ynimga tarsillatib qamchi tushirdi. Munkib ketdim, taka tushib qoldi.

– Hey, mardi maydon! Go‘dakniyam urasanmi, meni qamchilasang bo‘lmaydimi! – Qurbon bobo buvril otning jilovidan tortdi. – Kim aytadi seni davra ko‘rgan deb!    

Buvril chetga sibjirilib yaqinimizga yo‘lamay turdi. Yana engashdim. Bu safar taka o‘ng‘ay kelmadi. Men old oyog‘idan, saman orqasidan ko‘tarayotgandik, bir katta to‘riq o‘rtadan soldi. Taka shalp etib yerga tushdi. Uchinchi marotaba oldingi oyog‘idan ushlab ko‘tarayotib edim, sonidan otlar bosib turaverdi. Ancha vaqt qo‘ymadim. Boyagi to‘riq yana to‘daga kirgandi, uzangisi qars etib qoshimga tegdi. Shovullab qon ketdi. Qurbon bobo belbog‘i bilan bog‘ladi:

– Bo‘ldi, nevaram! Bugun bizga zot nasib qilmas­kan! – dedi.

Ketayotganimizda gala oldimizni qiyib chiqdi. Yana boyagi shijoatda oraladik. Bu safar: “O‘zingni ehtiyot qil, bolam!” deya yetak­lay boshladi. Polvonlarga: “Go‘dakning oldini bo‘shat! Kuching shunga yetadigan bo‘ldimi?!” derdi. Ikki marta takaga bordik, surdovning kuchliligidan engashgunimcha uzoqlab ketdik. Bilmadim, o‘sha payt Qurbon boboning jini qo‘zidimi yo astoydil jahli chiqdimi, mo‘ylovi bulkillab, qovoqlari uchib, jahd bilan ot haydayotgandi. Umrimda ilk bor shu holatda ko‘rishim edi, keyin ham bu qiyofada ko‘rmadim. “Engash, bolam! Yo, joltong pirlarim, deb engash!” deya xitob qilardi menga. Katta Ko‘kni ayovsiz qamchilagandi, to‘dani sherday surdi. Takaga qulay bordim, yonma-yon turib qoldik. Takani ikki siltab ko‘kragimgacha oluvdim, biqini shilq etib taqimimga tushdi. Qurbon bobo shalviragan bitta poychasini egarimning quvishidan o‘tkazib: “Haydang, polvon, haydang!” deb tizginimdan tutib, qamchi bosdi. Qashqirlar galasini yorib chiqqan qo‘sh arslonday otilib chiqdik. Ellik qadamlarga yetaklab borgach:

– Qani, o‘zingni ko‘rsat! – deya uch-to‘rt qadam orqada keldi.   

Bo‘tako‘z o‘qday uchar, xayolim, somonga to‘g‘ri tashlashim kerak, degan o‘yda edi: yuz qadam qoldi, ellik qadam qoldi, o‘n qadam qoldi… Taqimimni bo‘shatdim. Arg‘umog‘im sarlochin misol qur yonidan o‘tib ketdi. Biroq hech kim indamadi. Tovush bermadi. “Bo‘tako‘z” laqabli ot somonga keldi, demadi. Jilovni tortmadim, otimni to‘xtatmadim. O‘zi to‘xtadi, o‘zi somonga qayrildi. Ana shunda qur tarafdan:

– Tuyoqlidan Shukur chavandozning nevarasi kattaotasining “Bo‘tako‘z” laqabli oti bilan toyga tashladi! – degan ovoz keldi.

Badanim bijirladi, ko‘zimdan yosh sizdi. Ko‘kayim allaqanday hislarga chulg‘andi. Ko‘zim ochiq edi, lekin hech kimni, hech narsani ko‘rmayotgandim. Shunda kimdir: “Boyish polvon Tuyoqlining zo‘rabor chavandozi Qurbon qoraning kenja shogirdi bo‘ladi!” dedi.

Keyin o‘zimga keldim. Ko‘rganlarim tush emasdi. Qarshimda Katta Ko‘kning yolini siypab Qurbon bobo turardi.

– Barakalla! – dedi ohista.

Bu gapni boshqa odam eshitmadi.

O‘sha kun hayotimda ilk bor, birovning ko‘magi bilan bo‘lsa-da, katta solim – toyga tashladim.

 

III

Hutning na qishga, na bahorga o‘xshaydigan g‘o‘jala havosiga hayratlanib, Obolimga yaqinlasharkanman, o‘sha kunni batafsil xotirladim. Xayriyat, kichik voqealar ham esimdan chiqmabdi.

Qaytayotib Qurbon bobo Bo‘tako‘z bilan yo‘l boshladi. Katta Ko‘kka minib, solim – toyni yetak­ladim. Yo‘l-yo‘lakay “Shukurning nevarasi katta chavandoz bo‘ldi. Toyga tashladi!” deb bamisoli jar solib keldi. Uyatdan boshimni qayerga qo‘­­yishni bilmasdim. Tabriklaganlarga kulimsirab qo‘yardim. Nazarimda, yuzim cho‘g‘day qizarib, toy asli Qurbon bobonikiligini fosh etayotgandi. Rost-da, u kishi bo‘lmaganida, menday ishqibozga solim qayoqda edi. Katta surdakda takaning junini ushlash nasib etmasdi. Uyga yaqinlashayotib g‘ov oldida kattaotamni ko‘rdim. Bo‘tako‘z paydar-pay uch marta kishnagandi. Tovushini eshitib chiqqan.

– Jaloving qulluq bo‘lsin! – dedi Qurbon boboga.

– O‘zingga qulluq! – guldirab kulgu aralash so‘zladi. – Bunga men emas, anov nevarang tashladi. Qancha bo‘lsa, uni tabrikla. Ay, lekin urug‘ingga qurt tushmagan ekan! Izbosaring bor, Shukur!

Kattaotam avvaliga hazilga yo‘ydi. Polvonlar tasdiqlagach: “Barakalla, davkar ulim!” deb yelkamga qoqdi. Kechqurun chavondozlar keldi. Dadam qo‘y so‘ydi. Yarim tungacha izdihom bo‘ldi. Kattaotam Qurbon boboga chopon yopib, fotiha olib berdi. U kishi, kenja shogirdim, deb qamchisini tortiq qildi. Ikki kun o‘tib hovlisidan yig‘i eshitildi. Maktabdan qaytgach bildim: qazo qilibdi. Ichim idradi. O‘sha kechasi dasturxon ustida aytgan mana bu omini qulog‘im ostida jaranglaganday bo‘ldi: “O‘g‘li uyada qolsin, qizi qiyada qolsin. Or uchun etik kiygan umri ziyoda bo‘lsin!”. Qurbon bobo negadir tin olib, kattaotam tarafga burilgan edi, takbirni bobom davom ettirdi: “Ushlagani toy-tuyaning ulog‘i bo‘lsin, qasd qiganlar takaning qulog‘i bo‘lsin. Elni emrantirib, davrani guvrantirib, Qurbon bobosiday kattakon chavandoz bo‘lsin!”.

Eshitishimcha, boboning jigari titilib ketganmish. Xasta jigar bilan ham uch oy yashabdi. Bir yil burun do‘xtirlar otga minishni taqiqlagan ekan. “Ketsam, egarning ustida ketay!” deb ko‘pkari chopib yuraverganmish. Bilmadim, balki bu gaplar to‘qib chiqarilgandir. Balkim, bunday voqea bo‘lmagandir. Ammo afsonaga o‘xshash neki bo‘lsa, Qurbon boboning tabiatiga tamomila mos edi. Ko‘p o‘tmay “Qurbon chaqirib qo‘ymayapti!” deb kattaotam ham ketdi. O‘sha kezlar qishlog‘imiz huvillab qolganday edi. Odamlar “Tuyoqlining qo‘shustunidan ajradik!” deya eslab yurdi. 

Dadamning qistovi bilan shaharga – o‘qishga ketdim.

Puchmoqlardagi qor bo‘lib qorga o‘xshamaydigan, qirov bo‘lib qirovga o‘xshamaydigan allaqanday oqlikka boqib ko‘nglim boshqacha bo‘ldi. Beixtiyor qo‘ltelefonimda akamning raqamini terdim. Solin yo‘lida ulovimizning benzini tugaganini aytdim. Yurgizib beradigan bo‘ldi. Shashtim so‘nib ortga qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay o‘yladim: Mardi aka Toshloqsaroydan bo‘lsa, Abror bilan Zohid shahardan kelgan. Ular bu yerlarni qaydan bilsin. Kimsasiz biyday dashtni biladigan, bu joylarga eng yaqin odam men-ku, axir! Abrorning otasi yo‘q. Sumkasidagi pullarini ro‘zg‘orining biror teshigiga mo‘ljallagandir. Rosti, avvalgi qilig‘imdan uyaldim…

Yana Qurbon bobo bilan kattaotamni esladim. Eslaganim sari teran va ulug‘vor siyrati qarshisida juda zaif ekanligimni angladim. Qalbimning tub-tubidan bir hayqiriq otilib chiqdi:

– Unday odamlar qayoqda endi?!

– Nima deding, benzin topilmadimi? – taajjublandi Mardi aka.

Yetib kelganimni sezmabman.

– Hozir, op kelishadi.

Yo‘lning narigi tomoniga o‘tib, akamni kuta boshladim. Abror va Zohid biram xursand ediki, tovushlarini baland-baland qo‘yib so‘zlashardi.

Anvar SUYUN

1983 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. “G‘o‘bdintog‘ hikoyalari” nomli qissa va hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.